Ўзбекистон республикаси ички ишлар вазирлиги андижон вилояти ички ишлар бошқармаси


Download 0.65 Mb.
bet13/14
Sana28.01.2023
Hajmi0.65 Mb.
#1136296
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Қўлланма

2023 yilning 1-mavzusi


INSONGA E’TIBOR VA SIFATLI TA’LIM – YANGI O‘ZBЕKISTONDA USTUVOR YO‘NALISH
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yakuniga yetayotgan yilni sarhisob etdilar. Shuning barobarida kelgusi yilda mamlakatimizni taraqqiy ettirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdilar.


Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerakligini, «Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat» degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga singdirishimiz kerakligini alohida ta’kidladilar.


Avvalambor, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildilar. Bu borada Prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, hukumatning ish uslubi tubdan takomillashtirilishi, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirilishi ko‘zda tutilgan. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30–35 foizga qisqartirilib, iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi. «Imom Moturidiy bobomizning: «El-u yurt bilan hamdard bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay», degan hayotiy hikmati har bir vazir, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlanishi lozim», – deya ta’kidladilar Yurtboshimiz.


Ikkinchi yo‘nalish, Yangi O‘zbekistonni «ijtimoiy davlat» tamoyili asosida qurish maqsadini o‘z ichiga oladi. Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash kelgusi yilda eng asosiy vazifalardan biriga aylanadi. Jumladan, boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilarning maktabdan o‘zbek tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishiga, ularda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakl¬lantirishga alohida e’tibor qaratiladi.


Maktab ta’limi xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinadi. 2023-yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.


Hozirda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 70 foizni tashkil etmoqda. Kelgusi besh yilda ushbu qamrovni 80 foizga yetkazish, buning uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni barpo etish rejalashtirilmoqda.


Prezidentimiz so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetgani, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganini qayd etdilar. Bu ko‘rsatkichlarni yanada ko‘paytirish ko‘zda tutilayotganini, lekin ta’lim sifatini oshirishga har bir oliygoh o‘zi harakat qilishi lozimligini ta’kidladilar.


Salomatlik – tuman boylik. Yangi yilda bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jarayoni boshlanib, keyinroq bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi. Kelgusi ikki yil davomida oilaviy poliklinikalar va shifokor punkt¬lariga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib beriladi, ekspress laboratoriyalar to‘liq yangilanadi. Ushbu yo‘nalishdan xalqimizning sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan yana bir qator tashkiliy chora-tadbirlar o‘rin olgan.


Mahalla institutining tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘oni sifatidagi nufuzini oshirish borasida ham muhim yangiliklar amalga oshiriladi. Jumladan, «Mahalla budjeti» tizimi joriy etiladi. Natijada har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘ladi, boshqa ijtimoiy muammolarini mustaqil ravishda hal eta oladi.
🔤Uchinchi yo‘na¬lish, inson huquq va erkinliklarini ishonch¬li himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekanligi belgilandi. Ushbu yo‘nalishning ayrim jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish prokurordan sudga o‘tkaziladi. Tergovning faoliyati shaxsni ayblashga emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlashga yo‘naltiriladi. Yurtboshimiz bu boradagi yana qator dol¬zarb vazifalarni belgilab berar ekanlar: «Hech kimning unu¬tishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat», – dedilar.


To‘rtinchi yo‘nalishga ko‘ra tabiatni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelgusi yilda har bir mahalla aholisining amaliy harakatiga aylanadi. Jumladan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi.


Beshinchi yo‘nalish, ya’ni erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlarga subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar esa toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.


Bu yil qish mavsumida elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar aholiga birmuncha qiyinchiliklar keltirib chiqardi. Ana shu muammolarni hal etish choralari ko‘rilyapti. Kelgusi yilda 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyiha yakuniga yetkaziladi. Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur qabul qilinadi.


Iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish yo‘nalishidagi rejalar ham ulkan. Shuning hisobiga umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi.


«Kelgusi yili katta xususiylashtirishni boshlaymiz, mingga yaqin korxona savdoga chiqariladi. Bugun ko‘nglimdagi bir niyatimni sizlarga ochiq aytmoqchiman. Mening katta niyatim – yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin. Odamlarimiz o‘z omonatlarini investitsiya qilib, yuqori daromadlarga ega bo‘lsin. Shu¬ning uchun topshiriq berdim: kelgusi yilda eng yirik 10 ta kompaniya va tijorat banklarimizning aksiyalari o‘z aholimiz uchun ochiq va shaffof savdoga chiqariladi», – dedilar davlatimiz rahbariyati mamnuniyat bilan.


Prezidentimiz milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish, millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirish borasida to‘xtalib: «Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz», – dedilar.


Xullas, kelgusi yilda respublikamizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishib chiqar ekanmiz, insonga e’tibor va sifatli ta’lim eng ustuvor yo‘nalish ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Prezidentimiz: «Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir», – deya ta’kidlaganlari bejiz emas.



Download 0.65 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling