„zbekiston respublikasi oliy va o„rta maxsus ta‟lim vazirligi termiz davlat universiteti tarix fakulteti fuqarolik jamiyati kafedrasi
Ijtimoiy taraqqiyot va tarixiy jarayonlarning milliy g‟oyalar shakllanishi hamda
Download 1.85 Mb. Pdf ko'rish
|
„zbekiston respublikasi oliy va o„rta maxsus ta lim vazirligi te
1. Ijtimoiy taraqqiyot va tarixiy jarayonlarning milliy g‟oyalar shakllanishi hamda amal qilishiga ta‟siri. Insoniyat ijtimoiy taraqqiyoti uzoq davom etgan tarixiy jarayon bo'lib, unda kishilarning erishgan moddiy va madaniy merosi o'z aksini topgan. Tarixiy taraqqiyot jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy, g'oyaviy-mafkuraviy rivojlanishi bilan uzviy bog'liq holda yuz beradi. Har bir davlat va jamiyat qurilishi bir-biridan shakl va mazmun jihatdan farq qilib, bu ularning rivojlanish xususiyatlaridagi o'ziga xoslikni belgilaydi. Ayni paytda, dunyodagi barcha davlatlar va jamiyatlarning paydo bo'lishi va rivojlanishida umumiylik ham mavjud bo'ladi. Bunday umumiylik real ijtimoiy asoslarga ega bo'lib, u insoniyatning umumiy manfaat va maqsadlarini ifoda qiluvchi g'oyalarda yaqqol ko'rinadi. Xususan, ijtimoiy - tarixiy taraqqiyotdagi umumiylik, mutanosiblik tamoyillari insoniyatni birlashtirish, uyushtirish, jipslashtirish, yagona ezgu maqsadga safarbar etish jarayonida namoyon bo'ladi. Shunday qilib, har bir davlat va jamiyat rivojlanishida umumiylik, mutanosiblik bilan birga o'ziga xoslik ham bor. Bunday o'ziga xoslikning yuzaga kelishiga o'sha davrdagi siyosiy tuzum, iqtisodiy hayot, madaniy turmush, g'oyaviy-mafkuraviy muhit ta'sir ko'rsatadi. «Sodda qilib aytganda, - degan edi Birinchi Prezident I.Karimov, - muayyan davlat va jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichi hayotning o'zi o'rtaga qo'yayotgan shart va talablarning hisobga olinishini taqozo etadi. Aytish mumkinki, taraqqiyotning har bir bosqichi - bu yangi muammolar va ularni bartaraf etish yo'lidagi yangi vazifalar demakdir. Bu - hayot qonuniyati, biz uni inkor etolmaymiz va inkor etishga haqqimiz ham yo'q». Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, har qanday jamiyatning u yoki bu davrdagi ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti vorislik tamoyiliga ega bo'lsada, biroq u konkretlik xususiyatiga egadir. Konkretlik xususiyati o'z navbatida taraqqiyotning har bir ijtimoiy-siyosiy bosqichining mazmun, mohiyatini belgilab beradi. Boshqacha aytganda, tarixiy taraqqiyotning mavjudlik belgisi uning g'oyaviy-mafkuraviy mazmunida namoyon bo'ladi. Shu nuqtai nazardan, tarixiy taraqqiyot bilan g'oya va mafkuralarning uyg'unligi insoniyat rivojlanishining muhim shartidir. Ayni paytda, har qanday g'oya va mafkura xalq, millatning tub manfaatlari asosidagina real kuchga aylanishi mumkin. Darhaqiqat, milliy manfaatni o'zida ifoda etgan g'oyagina yashovchan bo'ladi va uning moddiy kuchga aylanish imkoniyatini yaratadi. Masalan, hozirgi sharoitda milliy mafkuramizning asosiy g'oyalari shakllanib bo'lgan. Ular xalqimiz tarixiy taraqqiyoti davomida sinovlardan o'tgan. Ayniqsa, ularning ichida Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi kabi asosiy g'oyalar hozir milliy mafkuramizning tayanch g'oyalari hisoblanadi. Ushbu g'oyalar mazmun-mohiyat jihatdan bir-birini to'ldiradigan hamda mantiqan egiz g'oyalar sifatida baholanishi mumkin. Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, g'oya va mafkuralar hukmron siyosiy kuchning vaqtinchalik va xato maqsadlarini bajarishga qaratilganda ularning ijtimoiy nufuzi yo'qoladi. Masalan, sovet mustabid tuzumi davrida xalqimiz o'tmishi faqat urushlardan iborat tarix sifatida talqin etildi. Milliy ozodlik harakatlari, erk, Vatan ravnaqi uchun olib borilgan har qanday kurash sinfiy kurash sifatida bayon etildi. Mustaqillik sharoitida boy o'tmishimiz va milliy madaniyatimiz xolisona, ilmiy asosda o'rganila boshladi, ularga to'g'ri yondoshuv va munosabatlar yuzaga keldi Chunonchi, Eron axmoniylariga qarshi Shiroqning, Makedoniyalik Aleksandrga qarshi Spetamenning, arab fotihlariga qarshi Abu Muslim va Muqannalarning, mo'g'ul istilosiga qarshi Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro, Mahmud Torobiy va boshqalarning, ayniqsa adolatparvar, ma'rifatparvar xukmdor Amir Temurning sa'i-harakatlari, shuningdek, Po'latxon, Dukchi Eshon qo'zg'olonlari - bularning bari hech qanday «sinfiy kurash»ga aloqasi yo'q edi. Bunday harakatlarni yuzaga keltirgan, unga kuch bag'ishlagan asosiy omil milliy g'oya bo'lib, uning mohiyatini yurt ozodligi, tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi tashkil etardi. Ma'lumki, g'oyalar milliy, umuminsoniy, mintaqaviy, irqiy, diniy va boshqa turli shakllarda namoyon bo'ladi. Shuningdek, ularning afsona va rivoyatlar vositasida ifoda etilgan mifologik, ilohiy qadriyatlar majmuasi bo'lgan diniy, olamga ilmiy yondashuv asosida vujudga kelgan dunyoviy ko'rinishlari ham bor. G'oyalar tizimida mifologik asosning o'rni kattadir, zero, ibtidoiy hayot davrida mifologiyaga asoslangan diniy-ilohiy qarashlar asosida, totemizm, animizm, fetishizm kabi g'oyaviy tizimlar - mafkura shakllari bo'lgan. Taraqqiyotning keyingi bosqichlarida milliy asosdagi hinduizm, iudaizm, konfusiylik singari diniy mafkuralar shakllangan. Yaponlar esa o'zlarining milliy dini - sintoizmni yaratganlar. G'oyalar tizimi, ta'kidlash lozimki, o'zgarmas emas. Uning tarkibi dunyodagi hamda u yoki bu mintaqa, davlatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-mafkuraviy holatlarga bog'liq holda o'zgarish va yangilanish tamoyiliga amal qiladi. Ayni paytda, g'oyalar tizimidagi ayrim sifatlar muammoning hal etilishi darajasiga muvofiq ba'zan ko'tarilib, keskinlashishi ba'zi hollarda esa, uning hal etilgan muammo sifatida pasayishi yoki tamomila yo'q bo'lishini kuzatish mumkin. Masalan, irqiy manfaatlarni o'zida aks ettirgan g'oyalar insoniyat tarixida doimo dolzarb bo'lib kelgan. Irqiy kamsitishlar, ularga ijtimoiy-siyosiy imkoniyatlarning berilmasligi, jumladan, qora tanlilarni qul qilib sotish yoki sotib olish bilan bog'liq muammolar doimo bo'lgan. Irqiy cheklashlar bilan bog'liq muammolar XX asrning 60-yillarida o'ta keskinlashdi. Ammo, dunyodagi erkparvar jamoatchilikning talabi, ayniqsa G'arb mamlakatlari hukumatlarining rasmiy siyosati, demokratik tartiblarning har tomonlama joriy etilishi oqibatida irqiy tafovutlar yo'qola bordi. Qora tanlilarning huquqlari tiklana boshlab, ularning kamsitish o'rniga o'zaro hamkorlik, hamjihatlik g'oyasi shakllandi. Bularning bari hozirgi kunga kelib muayyan irqiy manfaatlarni o'zida ifoda etuvchi g'oyalarning ahamiyatini pasaytira boshladi. Aynan shunday fikrlarni mintaqaviy manfaatlarni o'zida aks ettiruvchi g'oyalar to'g'risida ham aytish mumkin. Jumladan, jahon hamjamiyatiga umumiy tahdid solib turgan ayrim konkret holatlarda mintaqaviy manfaatlarni ifoda etuvchi g'oyalarning ta'siri ma'lum darajada pasayishi mumkin. Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida barcha mintaqaviy ahamiyatga molik g'oyalar fashizmni tor-mor etishga qaratilgan g'oyaga bo'ysundirildi. Umuminsoniyatga daxldor g'oyalar ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida ustuvor ahamiyat kasb etaveradi. Bu hol, jumladan, XX asrning oxiri, XXI asr boshlarida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gap shundaki, diniy fundamentalizm, ekstremizm hamda undan kelib chiqadigan xalqaro terrorizm bu davrda ancha avj oldi. Ushbu salbiy holatlar, shubhasiz, jahon hamjamiyatining birlashishiga, yagona maqsad yo'lida imkoniyatlarni jipslashtirishga sabab bo'ldi. Natijada mintaqaviy manfaatlarni himoya etuvchi g'oyalar ijtimoiy rivojlanishning mazkur davrida o'z ustuvorligini ma'lum darajada pasaytirib, umuminsoniy qadriyatlarni himoya etuvchi hamda hududiy cheklanishlarni istisno qiluvchi g'oyalarning dolzarbligi ortdi. G'oyalar tizimida diniy manfaatlarni o'zida aks ettiruvchi g'oyalar alohida ahamiyatga ega. Bunday g'oyalar ham inson ongi, ruhiyati bilan bevosita bog'liq. Diniy manfaatlarni o'zida ifoda etgan g'oyalar «Tavrot», «Zabur», «Injil», «Qur'on» kabi ilohiy kitoblarda zikr etilgan. Umuman, xalqlar, millatlar va davlatlar mavjud ekan, ularning borligini anglatib turuvchi g'oyalarning amal qilishi tabiiydir. Insoniyatning taraqqiyoti, uning kelajagi mavjud mintaqaviy, irqiy va diniy manfaatlarni o'zida aks ettiruchi g'oyalarning mutanosibligini ta'minlashga bog'liq. Bunday mutanosiblikning buzilishi esa dunyoda ko'plab muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo'lmoqda. Milliy g'oyalar va mafkuraviy qarashlar har bir davlatning mavjudlik belgisi hisoblanadi. Ayni paytda, ushbu qadriyatlar o'sha davlat va xalqning ijtimoiy mo'ljali hamdir. Yana shu narsaga e'tibor berish lozimki, davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumlari o'zgargan paytlarda g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar ham o'zgaradi. Umuman, g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar, ular tomonidan himoya qilinadigan qadriyatlar har bir davlat va xalqning ijtimoiy taraqqiyotida katta ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda, bir ijtimoiy-siyosiy tuzum davridagi g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar boshqa tuzum sharoitida tamomila yangicha mohiyat kasb etsada, ammo, ularning ayrim jihatlari vorislik ahamiyatiga ega bo'ladi. Davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumidan qat'iy nazar bu holning mohiyati o'zgarmasdan qolishi mumkin. Masalan, mustaqillikning dastlabki yillarida milliy mafkurani shakllantirish to'g'risida ko'plab fikrlar bildirildi. Biroq, bu - O'zbekistonda milliy mafkura ilgari mavjud emasdi, degan ma'noni anglatmaydi. Chunki o'zbek xalqining uzoq tarixiy - madaniy rivojlanishi davrida milliy mafkuraning muayyan jihatlari shakllangan edi. Masalan, «Avesto», turkiy bitiklarda, IX-XII asrlardagi Sharq U'yg'onish davrida, shuningdek, Amir Temur va temuriylar hamda jadidlar davridagi ma'naviy-mafkuraviy jarayonlarda milliy mafkuraning ustuvor ko'rinishlari namoyon bo'lgan edi. Ammo, sovet mustabid tuzumi davrida bu mafkura siyosiy aqidalar iskanjasiga olindi va rasmiy hokimiyat tomonidan rad etildi, uning go'yo reaksion ekanligini «isbotlash»ga harakat qilindi. Mustabid tuzum davrida milliy mafkura siyosiy tazyiqlar ostida bo'lsada yashab qoldi, u yo'qolmadi. Boshqacha aytganda, bu davrda ikki mafkuraviy muhit yuzaga keldi. Birinchisi, rasmiy mafkura bo'lib, u kommunistik dunyoqarashni aks ettirar, ikkinchisi esa, rasmiy hokimiyatning cheklashlariga qaramasdan mavjud edi va norasmiy ravishda o'zbek xalqining milliy qarashlarni tashkil etardi. Mustaqillik yillarida sovet mustabid tuzumi davrida toptalgan va yo'qotishga mahkum etilgan milliy mafkura tiklana bordi. U mustaqillik, milliy tiklanish g'oyalari asosida yangi sifatlar bilan boyitildi. Chunki, har bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga uning mohiyatidan kelib chiqadigan g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar mos bo'ladi. Shu bilan birga g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar vorislik tamoyiliga ega bo'lganligi uchun ham ular yangi mazmun va sifatlar bilan takrorlanishi mumkin. O'zbekistonda hozir shakllanib, rivojlanayotgan milliy g'oya asosida yurtimizda ming yillar davomida paydo bo'lgan sivilizasiya (lotincha - fuqaroviy, ijtimoiy) muhim ahamiyat kasb etadi. «Hozir O'zbekiston deb ataluvchi hudud, ya'ni bizning Vatanimiz, - deydi Birinchi Prezidentimiz I.Karimov, - nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizasiyasi beshiklaridan biri bo'lganini butun jahon tan olmoqda». Haqiqatan ham sivilizasiyalar tarixi, bu insoniyat va uning g'oyalari tarixidir. Ma'lumki, sivilizasiya ayrim hududiy, bir-biri bilan bog'lanmagan sivilizasiya maskanlari yoki o'choqlari sifatida shakllana boshlab (masalan, Qadimgi Misr sivilizasiyasi, Qadimgi Bobil sivilizasiyasi, Qadimgi Hind sivilizasiyasi, O'rta Yer dengizi sivilizasiyasi va sh.k.), bozor iqtisodiyoti munosabatlari va iqtisodi hukmronligi davrida (XVI - XX asrlar) umumjahon sivilizasiyasiga aylanadi. Ta'kidlash kerakki, sivilizasiyaning tarixi urushlar va diniy jaholatparastlikka qarshi, dunyoviy jamiyat uchun kurash tarixidir. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib ilg'or fan-texnika va texnologiya asosida ish ko'rib, o'zlarida demokratik, insonparvar jamiyat va huquqiy davlat qurgan mamlakatlargina haqiqiy sivilizasiya yo'liga chiqmoqdalar. Sivilizasiya insoniyat taraqqiyotining maxsulidir. U insoniyat jamiyatining nihoyatda nozik holati bo'lib, vaqt jihatidan besh million yillik insoniyat tarixining bor-yo'g'i 0,1 foizini tashkil qiladi, ya'ni insoniyat o'zining bosib o'tgan yo'lining 99, 9 foizi davomida yovvoyilik va vahshiylik darajasida hayot kechirgan. Umuman, sivilizasiyalar tarixida g'oya va mafkuralarning o'rni beqiyos. Boshqacha aytganda, sivilizasiyalarning paydo bo'lishi va shakllanish jarayonining o'zi ham g'oya va mafkuralarning mavjudligi asosida yuz bergan. Sivilizasiyalar o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Bu jarayon progressiv holatning reaksion, ijobiyning salbiy, yaxshining yomon, bunyodkorlikning vayronkorlik bilan o'zaro kurashlari asosida yuzaga kelgan. Buning natijasida yangi g'oyalar va mafkuralar yuzaga kelgan va o'ziga yo'l ochgan. Xalqparvarlik, tinchlik, ozodlik, hurfikrlik, do'stlik, bag'rikenglik, taraqqiyot kabi g'oyalar aqidaparastlik, diniy fanatizm, terrorizm, bosqinchilik, fashizm, bolьshevizm, jaholatparastlik, shovinizm kabi vayronkor g'oyalarga qarshi kurashlar jarayonida umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar darajasiga ko'tarildi. Shovinizm, terrorchilik, irqchilik, millatchilik, siyosiy terrorizm, rasizm kabi g'oyalar sivilizasiyaning ashaddiy dushmanlaridir. Milliy g'oya ushbu g'oyalarni tamomila inkor etadi. Milliy taraqqiyot konsepsiyasida xalqimizning g'oyaviy-mafkuraviy merosini ijodiy rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. G'oyaviy-mafkuraviy meros har bir xalq hayotida tarixan shakllangan fenomenal hodisa hisoblanadi. Bunday meros o'zgarmas va qotib qolgan narsa emas. U doimo ijodiy rivojlanib boradigan, yangi sifat va mazmun bilan boyiydigan hodisadir. O'zbekistondagi uzoq davrlar mobaynida shakllangan ijtimoiy-siyosiy, madaniy merosga e'tibor beriladigan bo'lsa unda inson va jamiyatni ezgulik va yaxshilikka undovchi g'oyalar hamisha ustuvor ahamiyat kasb etganligini ko'rishimiz mumkin. Ammo, milliy madaniy merosimizdagi barcha qadriyatlar ham o'zgarmas, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Masalan, milliy merosimizda insonni faqat sabr-qanoatga undovchi, undagi yaratish, bunyod etishga rag'batlantiruvchi g'oyalarning yuzaga kelishiga mone'lik qiluvchi qadriyatlarimiz ham borligini unutmaslik kerak. Bu g'oyalar hozirgi sharoitda zamonga, dunyoda sodir bo'layotgan o'zgarishlarga mos ravishda yangi sifatlar bilan boyib borishiga erishish muhimdir. Qolaversa, masalaning yana boshqacha jihati ham bor. U ham bo'lsa, milliy g'oyaviy- mafkuraviy merosni ideallashtirishga bo'lgan urinishlardir. Albatta, bunday meros bilan biz faxrlanamiz. Ammo, ayni paytda, uni mutlaqlashtirish ham yaxshi natijalarga olib kelavermaydi. «Ota-bobolarimiz shuhratining soyasiga mahliyo bo'lib yuradigan davrlar endi o'tdi. Bugun jahon bizdan o'z so'zimizni aytishimizni, o'z tafakkurimizni namoyon etishimizni talab qilmoqda. Boshqa xalqlar, boshqa millatlar bizga yotsirab - bepisand qaramasligi, balki bizni e'tirof etishi, bizni ehtirom etishi kerak. Biz ana shu yuksak munosabat va hurmatga loyiq bo'lishimiz darkor». Milliy g'oyaning tub mazmun-mohiyatini aniqlashda g'oya va mafkuralar shakllanib, rivojlanishining tarixiy davr va bosqichlarini tahlil qilish muhimdir. Gap shundaki, sovet mustabid tizimi davrida g'oya va mafkuralar rivojlanish tarixini davrlashtirish tarixni davrlashtirish bilan bir xil amalga oshirildi. Bunda formasion yondoshuvga amal qilindi. Ma'lumki, formatsion yondoshuv asosida insoniyat tarixi: ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm formasiyalaridan iborat, degan aqidaga amal qilindi. Bu yondoshuvning xato jihatlari esa quyidagilardan iborat edi: 1. Har bir davrni o'rganish sinfiylik, partiyaviylik tamoyillari asosida olib borildi. 2. Sivilizasion yondoshuv mutlaqo inkor etildi. 3. Tarixni davrlashtirishda hukmron siyosiy-mafkuraviy kuch manfaatlari himoya qilindi. Mazkur holatga binoan sovet mafkurasi formatsion yondoshuv asosidagina o'zining yashovchanligini ta'minlashi mumkin edi. Demak, umuman tarixni, shu jumladan g'oya va mafkuralar tarixini davlatlashtirishda umumiylik mavjud. Hozirgi kunda tarixni sinfiylik, partiyaviylik kabi tamoyillar asosida o'rganish va davrlashtirish inkor etilgani kabi, ularni sivilizasion yondashuv asosida o'rganish ham aniq bo'lib qoldi. Sivilizasion hodisalarni kopleks- tizimli yondashuv asosida o'rganish bizga g'oya va mafkuralarning rivojlanish tarixini davrlashtirishda to'g'ri yo'l tanlashga imkon bermoqda. Agar masalaga shu asosda yondashadigan bo'lsak, unda O'zbekistonda g'oya va mafkuralar rivojlanishini quyidagi sivilizasion yondashuv asosida o'rganish mumkin: 1. Ibtidoiy jamiyat; 2. O'rta asrlar davri; 3. Xonliklar davri 4. Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davri; 5. Sovet mustabid tizimi davri; 6. Milliy mustaqillik davri. Ta'kidlash lozimki, har bir davrning o'ziga xos ijtimoiy taraqqiyotining o'sha bosqichini o'zida mujassam etgan g'oyalari mavjud bo'lgan. Masalan, ibtidoiy jamiyatda inson yovvoyilikdan madaniylashishga o'ta boshladi, tabiat sirlarini o'rganib o'zining inson ekanligini his etish bilan bog'liq g'oyalar yuzaga kela boshladi. O'rta asrlar davrida esa ibtidoiy jamiyat paytida shakllana boshlagan milliy davlatchilik yanada takomillasha bordi, xalqning shakllanish jarayoni ro'y bera boshladi, madaniyat va san'atda o'ziga xoslik yuzaga keldi hamda bu ma'naviy hayotdagi milliylik sifatida paydo bo'ldi. Umuman milliy istiqlol g'oyalarining yuzaga kelishida bu davr o'ziga xos ahamiyatga ega. Zero, o'rta asrlarda O'zbekistonda buyuk Sharq Uyg'onish madaniyati, Sharq Renessiansi yuz berdi. Ayni paytda, bu davrda yurtimizga islom dini kirib kelishi natijasida musulmon madaniyati shakllana boshladi. Tabiiy, ilmiy fanlar bilan birga diniy ta'limot rivoj topdi. Ushbu davrning asosiy g'oyasi esa barkamol insonni tarbiyalash va adolatli jamiyat qurishdan iborat bo'ldi. Xorazmiy, Farg'oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Alisher Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug'bek kabilarning ilmiy merosida, Moturidiy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband va boshqalarning diniy ta'limotlarida ko'tarilgan asosiy g'oyalar mushtarak bo'lib, ularda milliy g'oyaning muhim jihatlari o'z ifodasini topgan. Shuningdek, mustamlakachilik va sovet mustabid tizimi davridagi norasmiy g'oya va mafkuralarning mazmunini asosan mustaqillik g'oyasi, O'zbekistonni tom ma'noda istiqlolga erishishga yo'naltiruvchi g'oyalar tashkil etganligini ham qayd etish lozim. Umuman, g'oya va mafkuralar rivojlanishining tarixiy bosqichlarini yoritishda sivilizasion yondashish milliy g'oyaning mazmun-mohiyatini to'g'ri anglab etishga imkon beradi. Ayni paytda milliy g'oyani chuqur o'rganib, uni jamiyatning har bir fuqarosida ijtimoiy amaliyot darajasiga ko'tarishda ijtimoiy ong va uning shakllari mlhim ahamiyat kasb etishini e'tiborga olish lozim. Boshqacha aytganda, ijtimoiy ong shakllari, ma'lum darajada, g'oyaviy- mafkuraviy funksiyalarni bajaradi. Ma'lumki, ong o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra g'oyaviy-mafkuraviy tavsifga ega. Ijtimoiy ong jamiyatning ishlab chiqarish munosabatlarini o'zida aks ettiruvchi, xalqning umumiy hayot darajasini ifodalovchi his-tuyg'u, g'oya va qarashlari majmuidir. Ijtimoiy ong madaniyatdagi siyosiy, huquqiy, axloqiy, falsafiy, diniy, estetik qarashlar, kechinmalar tarzida ko'rinadi. Ta'kidlash lozimki, ijtimoiy ongning har bir shakli o'ziga xos tarzda g'oyaviy-mafkuraviy vazifani bajaradi va milliy istiqlol g'oyasining shakllanishida o'ziga xos rol o'ynaydi. Uning turli shakllarida umuminsoniy ahamiyatga ega bo'lgan, ayni paytda milliy o'zlikni o'zida aks ettirgan chuqur mazmun, teran g'oya va insoniy qadriyatlar mujassam bo'ladi. Har bir shaklda u yoki bu millatning uzoq yillar mobaynida to'plagan milliy madaniy, ilmiy, ma'rifiy va g'oyaviy- mafkuraviy merosi vorislik tamoyili asosida avloddan-avlodga o'tib boradi. Insoniyat tarixiy taraqqiyoti tajribalari shuni ko'rsatmoqdaki, milliy g'oya jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy va huquqiy munosabatlar tizimiga mutanosib shakllangandagina real kuchga aylanishi mumkin. Ijtimoiy hayot, iqtisodiy turmush, siyosat, ma'naviyat va ma'rifat, huquqiy munosabatlar, hech shubhasiz, g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarga ta'sir ko'rsatadi. Shu bilan birga, g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning o'zi ham ana shu munosabatlar tizimiga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Milliy mafkura konsepsiyasida ham bu masalaga alohida e'tibor berilgan. Jumladan, ma'naviy qadriyatlarimizni ilm-fan va taraqqiyot yutuqlari bilan boyitib borishi, o'zligimizni anglash, milliy g'oya va mafkura tamoyillarini xalqimizning qalbi va ongiga sindirish, muqaddas dinimiz va tariximizni soxtalashtirish, ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo'l qo'ymaslik - bu boradagi asosiy vazifalarimiz ekanligi ta'kidlanadi. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotda har bir davlatning u yoki bu davrdagi siyosati va uning mafkura bilan o'zaro munosabatlari hamisha dolzarb masala bo'lib kelgan. Ma'lumki, davlat siyosati shu mamlakatda mavjud bo'lgan rasmiy mafkuraning manfaatlarini himoya qiladi. Umuman, ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bosqichida «mafkuraviy siyosat» atamasi ham keng ishlatilmoqda. Shu nuqtai nazardan hozirgi paytda siyosat mafkuralashishi mumkin bo'lgani kabi, mafkura ham siyosiylashuvi mumkin. Bu narsa bugun paydo bo'lgani yo'q. Uning mavjudligi uzoq va yaqin tarixda ko'p kuzatiladi. Ya'ni, siyosatning to'g'riligini isbotlash va «asoslash» uchun shunga mos mafkura ishlab chiqiladi. Masalan, qadimgi Rimda mustamlakachilik siyosatini asoslash uchun soxta vatanparvarlik mafkurasi ishlab chiqilgan. Muqaddas joylarni o'zining «haqiqiy egalari»ga qaytarishdan iborat bo'lgan soxta mafkura esa O'rta asr Evropa davlatlarining «Salb yurishi» siyosatiga asos bo'ldi. Turkistonni bosib olish, uning moddiy boyliklariga ega bo'lishdan iborat Rossiyaning XIX asr o'rtalaridagi siyosati, uning «Qoloq xalqlarni madaniylashtirish»dan iborat mafkuraviy siyosatining yuzaga keltirdi. Sovet hukumati o'zining talonchilikdan iborat siyosatini amalga oshirish uchun kommunistik mafkurani takomillashtirgan bo'lsa, fashistlar Germaniyasi o'zining mustamlakachilik siyosatini yuritish maqsadida «Oliy irq» mafkurasini olg'a surdilar. Umuman, siyosat va mafkura inson manfaatlariga mos kelmas ekan, bunda ijtimoiy to'ntarishlar, ommaviy qirg'inlar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, ushbu sabablar tufayli XX asrda ikkita jahon urushi, 450 ga yaqin lokal urushlar yuzaga keldi. Buning natijasida dunyoda 185 milliondan ortiq kishi halok bo'ldi. Masalaning yana boshqa bir jihati ham mavjud. Gap shundaki, u yoki bu mamlakatda hokimiyatning rasmiy siyosatiga u tanlagan rasmiy mafkura mos kelishi tayin. Ammo, shu bilan birga, ayrim holatlarda o'sha mamlakatdagi rasmiy siyosatga muqobil tarzda, rasmiy kuch tomonidan cheklangan, boshqa mafkura ham faoliyat ko'rsatishi mumkin. Masalan, mustamlakachilik davrida milliy manfaatlarni himoya etuvchi, milliy istiqlol uchun kurash yo'lini tanlagan jadidchilik mafkurasi yuzaga keldi. Biroq, bu mafkura o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra, milliy mafkura bo'lganligi uchun ham ta'qiqlandi. Birgina 1937-1939 yillarda O'zbekistonda 6920 nafar davlat arbobi, ziyoli - ijodkorlar, 80-yillardagi «Qayta qurish» yillarida esa «paxta ishi» va «o'zbeklar» ishi oqibatida 4,5 ming milliy kadrlar qatag'on qilindi. Bu o'rinda ta'kidlash lozimki, jamiyatdagi inson manfaatlariga mutanosib ravishda mavjud bo'lgan siyosat va mafkura masalasi mazkur jamiyatda barqarorlikni yuzaga keltiradi. G'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning axloq, din, san'at bilan o'zaro munosabatlari masalasi ham muhimdir. Milliy g'oya va mafkura o'zbek xalqining milliy axloqi, milliy san'ati va madaniyatini turli «izm»lardan, vayronkor g'oyalardan asraydigan kuch-qudrat hisoblanadi. Shuning uchun ham O'zbekiston hukumati, mamlakat Prezidenti milliy mafkuramizning qonuniy-huquqiy asoslarini yaratishga alohida e'tibor bermoqda. Shu ma'noda qayd etish kerakki, milliy mafkura milliy taraqqiyot manfaatlarini himoya qiluvchi ijtimoiy hodisadir. O'zbekiston Konstitusiyasining 4, 5, 8, 13, 14, 17, 18, 20, 29, 31, 41, 42, 46, 49, 64, 66, 126 kabi moddalarida jamiyat va shaxs, ularning o'zaro munosabatlari masalasiga alohida e'tibor berilgan. Asosiy Qonunning 12-moddasida esa mafkura va davlat o'rtasidagi munosabatga oydinlik kiritilgan. Hech qaysi mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o'ranatilishi mumkin emasligi qoidasi masalaga yangicha yondashuvdir. Ma'lumki, dunyoda turli g'oyalar va mafkuralar mavjud bo'lib, ularning har biri u yoki bu millat, davlat yoki ijtimoiy guruhning manfaat va maqsadlarini ifoda etadi. Har qanday g'oya ham albatta bunyodkor bo'lavermaydi. G'oyalar vayronkor ham bo'lishi mumkin. Masalan, Yevropa davlatlarining «Salb yurishi», Italiya, Germaniya, Yaponiyaning ikkinchi jahon urushi davridagi g'oyalari hech qachon milliy g'oya bo'la olmaydi, zero milliy g'oya aniq bir millatning bunyodkorlik, yaratuvchilik, uyushtiruvchilikdan iborat bo'lgan g'oyalar majmuidir. Dunyodagi barcha xalqlarning milliy g'oyalari, o'z navbatida, umuminsoniy mazmunga ega bo'ladi. Darhaqiqat, hech bir umuminsoniy g'oya yoki qadriyat alohida olingan bir millat tomonidan yaratilmaydi. Umuminsoniy g'oyalar - bashariyat intellektual salohiyatining ijodiy mevasi, insoniyat taraqqiyoti, evolyusion o'zgarishlarning mahsuli hisoblanadi. Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida demokratiya, gumanizm, tinchlik, barqarorlik, mustaqillik, ozodlik, qonun ustuvorligi va inson erkinliklari kabi g'oya va qadriyatlar umuminsoniy ahamiyatga ega. Ayni paytda, yaxshilik, adolat, millatlarning teng huquqliligi, vijdon erkinligi, tabiatni asrash va shu kabilar umuminsoniy g'oyalarga misol bo'la oladi. Jamiyat rivojida ular xilma-xil tarzda, turli-tuman shakllarda namoyon bo'lib, inson hayotining ma'naviy mezoni bo'lib xizmat qiladi. Umuminsoniy g'oyalarning har bir xalq mafkurasida ustuvor bo'lishi shu xalqning jahon hamjamiyatiga teng huquqli a'zo sifatida barcha bilan tinchlik va hamkorlik aloqalarini o'rnatishi, erkin va farovon hayot barpo etishining muhim shartidir. Qayd etish lozimki, mamlakatimizdagi milliy mafkura umuminsoniy g'oyalarga suyanadi, undan oziq oladi. XIX asrning ikkinchi yarmidan jahondagi g'oyaviy- mafkuraviy jarayonlarda demokratik tamoyillarning shakllanib, rivojlanishi yuz bera boshladi. Demokratlashtirish, erkinlashtirish, iqtisodiyotning ochiqligi, havfsizlik muammolariga munosabatlarning bir-biriga yaqinlashuvi bugun jahondagi ko'pchilik davlatlarning ichki va tashqi siyosatlarini belgilab bermoqda. 200 yil muqaddam jahonning hamma davlatlari avtoritar davlatlar edi. XIX asrning oxirida jahonda 13 tagina demokratik davlat bor edi. XX asrning birinchi yarmida ularning soni ikki marta ortdi, 1992 yilga kelganda esa jahondagi 183 davlatning 91 tasi demokratik davlat bo'ldi, yana 35 tasi esa avtoritarizmdan demokratiyaga o'tish davrida turardi. Shu asosda umumsayyora ko'lamida axloqiy-ma'naviy masalalar va qiziqishning kuchayishi ravshanroq ayon bo'lmoqda. Umumbashariy g'oya hisoblangan demokratiya g'oyasi mustaqillikka erishganidan so'ng O'zbekistonda ham huquqiy zaminga qo'yildi. Bu narsa mamlakatimizning asosiy Qonuni - O'zbekiston Konstitusiyasida ham o'z aksini topdi. Masalan, uning «Muqaddima» qismida konstitusiyaning asosida insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish vazifasi qo'yilganligi aytilgan bo'lsa, birinchi moddada «O'zbekiston - suveren demokratik respublika» deb e'lon qilinadi. Hozirgi sharoitda demokratiya insoniyat oldida turgan hamda erishishi lozim bo'lgan eng katta umuminsoniy g'oyaga aylandi. Milliy g'oya g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarni demokratiyalashtirishni qat'iy talab qilmoqda. Demokratiyalashtirish eng avvalo jamiyat fuqarosida eski tuzum sarqitlarini bartaraf etish hamda uning yangicha fikrlash va tafakkur qilishi uchun shart-sharoit yaratishdir. Zero, «modomiki biz huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurayotgan ekanmiz, ma'naviyat sohasidagi yigirma birinchi asrga mo'ljallangan harakat dasturimiz ham ana shundan kelib chiqmog'i darkor. Ya'ni erkin fuqaro - ongli yashaydigan, mustaqil fikrga ega bo'lgan shaxs ma'naviyatini kamol toptirish bizning bosh milliy g'oyamiz bo'lishi zarur». G'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarni demokratiyalashtirishda mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlarining o'rni va ahamiyati katta. Ular mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy- ma'rifiy hayotida demokratlashtirish va hayotni erkinlashtirish borasida ancha jiddiy ishlarni amalga oshirmoqdalar. Biroq, hali ularda o'z faoliyatini takomillashtirish uchun tajriba etishmayotganligi ko'rinib qolmoqda. Mamlakatimizda ro'y berayotgan g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarni insonparvarlashtirish masalasi ham o'ta muhim ahamiyatga molikdir. Umuman, gumanizm g'oyalari, jamiyatni insonparvarlashtirish muammosi insoniyatning eng dastlabki paytlaridanoq katta muammo sifatida kun tartibida turibdi. Insonparvarlik kishiga g'amxo'rlikni anglatadi. U odamning qadri, uning erki, qobiliyatlari har tomonlama namoyon bo'lishi uchun kurashishda, insonning baxt- saodati, teng huquqliligi, adolatli hayotni ta'minlashga intilishda o'z aksini topadi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, O'zbekistonning o'tmish tarixi - gumanizm g'oyalarining shakllanishi tarixi hamdir. Buyuk ajdodlarimizning ijodi va faoliyatida inson qadr-qimmati, uni hurmatlash, ularga erkin faoliyat ko'rsatish uchun shart-sharoit yaratish g'oyasi yotadi. Bu narsa jadidchilik va ma'rifatparvarlik harakatida ham o'z aksini topgan. Masalan, Abdulla Avloniy insonni ulug'laydigan, bezaydigan yaxshi xulqlardan hisoblangan odamgarchilik, insonparvarlik tufayli olamga madaniyat, ma'rifat, adolat urug'lari yoyiladi, deydi. «Odamgarchilikka, insoniylikka putur yetsa, - deydi Abdulla Avloniy, - musulmonlarning diliga ittifoq o'rniga nifoq, adolat o'rniga zulm, muhabbat o'rniga adovat, g'ayrat o'rniga atolat (murtadlik), muruvvat o'rniga g'azab, sahovat o'rniga buxl (baxillik), tavoze' o'rniga kibr, sadoqat o'rniga iftiro (bo'hton, tuhmat), shafqat o'rniga hasad, hurmat o'rniga husumat, qanoat o'rniga tama', sabr o'rniga g'urur, iqtisod o'rniga isrof, avf o'rniga dahshat, sa'y o'rniga safohat (nodonlik), g'ayrat o'rniga xurufot aralashadi». Ta'kidlash lozimki, insonparvarlik keng ijtimoiy fikrni qamrab oladi va ijtimoiy-gumanitar, umumta'lim sohalarida «gumanizm» nomi bilan ataladi. Gumanizmning o'ziga xos g'oyaviy- mafkuraviy mezonlari mavjud. Bular - inson erki, uning qadr-qimmati, fuqaroning jamiyat oldidagi o'z burchi va mas'uliyatini his etishi hamda unga amal qilishi kabilardir. Milliy g'oya vatanparvarlikka, xalqning tarixiy xotirasiga, o'zligini anglashiga asoslanadi. Bizning milliy g'oyamiz millatning, davlatning, yurtning qadr-qiymatini yuksaltiradi, iqtisodiy, sosial, siyosiy va ma'naviy salohiyatini yuzaga chiqaradi, oriyat va g'ururini asraydi, istiqbolini belgilaydi, kelgusi taraqqiyot uchun yo'l-yo'riqlar ko'rsatadi. Milliy g'oya o'zbek millatining o'ziga xosligi nimada ekanligini asoslab beruvchi ilmiy-nazariy va falsafiy qarashlar tizimidir. Download 1.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling