19-modda. Ijtimoiy himoya qilish choralarining qo‘llanilish tartibi
Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organ himoya qilinuvchi
shaxsning halok bo‘lganligi (vafot etganligi) haqidagi arizani (xabarni) olganidan hamda
halokat (o‘lim) shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan sodir bo‘lganligini
aniqlaganidan so‘ng, halok bo‘lgan (vafot etgan) shaxsning oila a’zolariga va uning qaramog‘ida
bo‘lgan shaxslarga nisbatan ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llash haqida yoki ularni
qo‘llashni rad etish to‘g‘risida uch sutka ichida qaror (ajrim) qabul qilishi shart.
Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organ himoya qilinuvchi
shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan tan jarohati yoki uning sog‘lig‘iga
boshqacha ziyon yetkazilganligi, mulkiy zarar yetkazilganligi haqidagi arizani (xabarni) olgach,
ushbu arizani (xabarni) tekshirib ko‘rishi hamda ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llash
haqida yoki ularni qo‘llashni rad etish to‘g‘risida uch sutka ichida qaror (ajrim) qabul qilishi
shart.
Ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) ijtimoiy himoya
qilish choralarini ta’minlovchi organga ijro etish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan mazkur
qaror (ajrim) chiqarilgan shaxsga yuboriladi.
Ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llash yoki ularni qo‘llashni rad etish to‘g‘risidagi
qaror (ajrim) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi
mumkin. Shikoyat berilgan kundan e’tiboran bir oy ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
Ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organ ijtimoiy himoya qilish choralarini
qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni (ajrimni) olganidan so‘ng o‘n sutka ichida ijro etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |