Donlarni quritish. Bu donlarga gidrotermik ishlov berishning asosiy jarayonlaridan biri hisoblanadi. Bunda donlarni keyingi qayta ishlov berishga tayyorlash uchun, donlar standartlarda belgilangan optimal namlikkacha quritiladi.
Quritish jarayoni faqat don namligini pasaytirmasdan, mag’iz va qobiqlarning strukturali-mexanik xususiyatlarini qayta hosil bo’lishini tezlashtiradi. Don yuzasidagi yirik kapilyar strukturaga ega bo’lgan qobiqlarni quritish natijasida, ulardagi namlik nisbatan yengil chiqariladi. Don mag’izi namlikni juda mahkam o’zida saqlaydi, sekinroq quriydi, shuning uchun quritish jarayonida, har xil namlikdagi qobiq va mag’iz hosil bo’ladi. Mag’izga nisbatan qobiqlarning namligi juda past bo’ladi (3...8%). Quruq qobiqlar juda mo’rt bo’ladi, qobiq ajratishda, ular yengil bo’linadi va mag’izdan ajraladi. Bunda yetarli yuqori namlikka ega bo’lgan mag’izlar elastik holatda qoladi va donga mexanik ta’sir etilganda kam parchalanadi.
Quritish jarayonini shunchalik tez o’tkazish kerakki, mag’izdan namlik quruq qobiqqa o’tishga ulgurmasin. Gidrotermik ishlov berishda donlarni quritish faqat qobiqning mo’rtligini oshirib qolmasdan, balki mag’izda yoriqlar paydo bo’lishiga va uning mexanik mustahkamligining kamayishiga ham olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |