3. 1-mavzu. Mustaqil O’zbekistonda arxiv ishi Reja: Idoraviy arxivlar Davlat arxivlari


Download 40.11 Kb.
Sana08.11.2020
Hajmi40.11 Kb.
#142631
Bog'liq
3-mavzu


3.1-MAVZU. Mustaqil O’zbekistonda arxiv ishi

Reja:

1. Idoraviy arxivlar

2. Davlat arxivlari

3. Fuqarolarning shaxsiy arxivlari

O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng xalqimizning haqiqiy tarixiga bo’lgan qiziqishi beqiyos darajada o’sdi, ma’naviy qadriyatlarni qayta tiklash hayotiy zaruratga aylandi. Bu esa xalq tarixiy xotirasining ajralmas qismi bo’lmish arxivlar faoliyatini tubdan yaxshilash vazifasini kun tartibiga qo’ymoqda.

Respublikamizda o’tgan davrlarda shakllangan va o’z samaradorligini amalda isbotlagan arxiv tizimi asosan saqlanib qoldi. Bu urushdan keyin shakllanib, asosan davlat arxivlari, idoraviy arxivlar va shaxsiy arxivlarni o’z ichiga olgan tizimdir. Mustaqillik yillarida faqatgina sobiq partiya (KPSS) arxivlari qayta tuzildi. Toshkentdagi sobiq O’zkompartiya Markaziy Komiteti arxivi va viloyatlar partiya komitetlari arxivlari negizida Prezident Devoni arxivi va uning viloyatlardagi bo’limlari tashkil etildi.

Mustaqillik yillarida respublika arxivlari faoliyatida chuqur sifat o’zgarishlari ro’y berdi. Eng avvalo 1999 15 aprelda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan “Arxivlar to’g’risida”gi Qonunni eslab o’tish joizdir. Bu qonun arxivlar faoliyatining huquqiy negizidir. Mazkur qonunda Dalvat arxiv fondi, hujjatlariga bo’lgan mulkdorlik, hujjatlarni saqlash tartibi, davlat arxivlarini moliyalash, arxivlarni yangi hujjatlar bilan to’ldirish, hujjatlardan foydalanish kabi masalalar o’z yechimini topgan. Qonunda O’zbekiston Respublikasining hozirgi zamon arxiv tizimi o’z aksini topdi.




Muammoli savol: O’zbekiston arxiv tizimi qanday tarkibiy qismlardan iborat?



Idoraviy arxivlar
O’zbekistonning hozirgi zamon arxiv tizimi idoraviy arxivlar, davlat arxivlari va shaxsiy arxivlardan iborat. O’zbeiston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qoshida hujjatlarni vaqtincha saqlash, ulardan xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa maqsadlarda foydalanish maqsadida idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Qonunda belgilanganidek, zarurat tug’ilganda idoraviy arxiv o’rniga birlashgan idoraviy yoki idoralararo arxivlar ham tuzilishi mumkin. Idoraviy arxivlarda hujjatlar vaqtincha saqlanadi. Belgilangan muddatdan so’ng idoraviy arxivlarning hujjatlari davlat arxiviga topshiriladi. Hujjatlarni idoraviy arxivlarda saqlash, ulardan foydalanish va o’z vaqtida davlat arxivlariga topshirish uchun mazkur idora yoki muassasa rahbarlari javobgardirlar. Idoraviy arxivlarning faoliyati, hujjatlarni idoraviy arxivlardan davlat arxivlariga o’tkazish tartibi “Arxivlar to’g’risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh Arxiv boshqarmasi tasdiqlagan nizomlar asosida amalga oshiriladi.

Idoraviy arxivlarda hujjatlar nizomlarda belgilangan muddat davomida saqlanadi. Bu muddatning qancha davom etishi u yoki bu muassasaning ish faoliyati xususiyatlari bilan bog’liqdir. Shahar, tuman va qishloqlar muassasalarning idoraviy arxivlarda hujjatlar 5 yil davomida saqlanadi. Viloyat muassasalari va tashkilotlari hujjatlari ularning arxivlarida 10 yil davomida saqlanishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi oliy davlat va hokimiyat boshqaruv organlarining hujjatlari idoraviy arxivlarda 15 yil davomida saqlanadi. Tashqi ishlar vazirligi hujjatlari 30 yil davomida, fuqarolik holatlarini qayd etish (ZAGS) hujjatlari esa 75 yil davomida idoraviy arxivlarda saqlanishi nazarda tutilgan. Mavjud nizomlarga binoan shaxsiy tarkibga doir hujjatlar idoraviy arxivlarda 40 yil davomida saqlanishi kerak.

Idoraviy arxivlar davlat arxivlarini yangi hujjatlar bilan to’ldirib boruvchi asosiy manbadir.


Davlat arxivlar
O’zbekiston Respublikasining hozirgi zamon davlat arxiv tizimi respublikaning siyosiy-ma’muriy tuzilishi negizida tashkil etilgan. Respublika davlat arxiv tizimiga quyidagi arxivlar kiradi:

1. Qoraqalpog’iston Respublikasi markaziy davlat arxivi, viloyat davlat arxivlari va ularning filiallari, Toshkent shahar davlat arxivi;

2. Respublika Markaziy davlat arxivlari

Hozirgi kunda Qoraqalpog’iston Respublikasi markaiy davlat arxivi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Farg’ona, Xorazm viloyatlari davlat arxivlari hamda Toshkent shahar davlat arxivi faoliyat ko’rsatmoqda. Joylarda ularning 55 filiali mavjud. Viloyat arxivlarida asosan Oktyabr to’ntarishidan keyingi davrda joylardagi siyosiy ahvol, mintaqalar hamda viloyatlarning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga oid hujjatlar saqlanmoqda. Masalan, Farg’ona viloyat davlat arxivi fondlari Farg’ona viloyati va Farg’ona shahri tarixini, qisman bir vaqtlar Farg’ona viloyat tarkibiga kirgan Andijon va Namangan viloyatlari tarixini ham aks ettiradi. Farg’ona viloyat ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetining fondi (121-f.) vodiyda Sho’rolar hokimiyatining o’rnatilishi, ocharqilik va ishsizlikka qarshi kurash, istiqlolchilik harakati, ayollarni ozodlikka chiqarish kabi masalalarni yoritadi. Arxiv fondlaridagi hujjatlari viloyatda sanoat korxonalarining bunyod etilishi, sug’orish shoxobchalari, jumladan, Katta Farg’ona kanalining qurilishi, maorif va madaniyatning rivojlanishi haqida batafsil ma’lumotlar beradi. Farg’ona viloyat davlat arxivida fotosuratlar fondi ham mavjud bo’lib, bu rasmlarda ishga tushirilgan korxonalar, sug’orish inshootlari, bunyod etilgan qasaba (posyolka) larning umumiy ko’rinishi aks ettirilgan. Deputatlar, faxriylar, ishlab chiqarish ilg’orlarining ham suratlari saqlanadi. Marg’ilon va Qo’qon shaharlarida Farg’ona viloyat davlat arxivining filiallari faoliyat ko’rsatmoqda.

Respublika markaziy davlat arxivlari tizimiga quyidagi arxivlar kiradi:

1. O’zbekiston Respublikasi markaziy davlat arixivi (O’zR MDA);

2. O’zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va medisina hujjatlari markaziy davlat arxivi;

3. O’zbekiston Respublikasi kinofotofonohujjatlar markaziy davlat arxivi.

Shuningdek respublika arxiv tizimida Prezident Devoni arxivi va uning viloyatlardagi filallari ham muhim o’rin tutadi.

Tarixiy hujjatlarni saqlashda O’zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivi (O’zR MDA) yetakchi rolp o’ynaydi. Mazkur arxivda Turkiston va O’zbekiston tarixiga oid nodir hujjatlar jamlangan. Bu yerdagi hujjatlar asosan O’rta Osiyoning Rossiya tomonidan istilo qilishidan to hozirgi kungacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.

Turkiston viloyat harbiy gubernatori va qo’shin qo’mondoni fondi (336-f.) va Viloyat markazi aholisini boshqaruvchisi fondida (450-f.) 1865-1868 yillarga mansub hujjatlar jamlangan bo’lib, ularda Turkiston viloyatining chegaralari, ma’muriy tuzilishi va aholisi xususida ma’lumotlar keltiriladi.

Turkiston general-gubernatori mahkamasi fondi (1-f.), Turkiston general-gubernatori xuzuridagi diplomatik amaldor fondi (2-f.), Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligi fondida (3-f.), Rossiyaning G’arbiy Xitoy, Afg’oniston, Eron, Xiva va Buxoro bilan diplomatik aloqalariga doir materiallar to’plangan. Hujjatlar Turkiston o’lkasi va alohida mintaqalarning ma’muriy tuzilishi haqida, shaharlar boshqaruvi va shahar nizomining joriy etilishi to’g’risida, madrasa va masjidlarning miqdori va ahvoli haqida ma’lumot beradi.

Turkiston general-gubernatori mahakamasi fondida, Turkiston rayon muxofaza bo’limi fondida (461-f.), viloyatlar boshqaruvi, uyezd boshliqlari, sud orgnalari fondlarida O’rta Osiyo xalqlarining milliy-ozodlik harakati o’z aksini topgan. 1885 yilda Farg’onada, 1910 yilda Buxoroda, 1916 yilda butun Turkiston o’lkasida ro’y bergan qo’zg’olon va g’alayonlar to’g’risida ma’lumotlar bor. Sanoatning rivojlanishi, temir yo’llarning qurilishi, qishloq xo’jaligining ahvoli haqidagi ma’lumotlar savdo-sanoat shirkatlari, dehqonchilik va davlat mulki boshqarmasi fondlarida uchraydi. Turkistonning madaniy hayoti, o’quv va madaniy-oqartuv muassasalari, ilmiy jamiyatlar fondlarida o’z aksini topgan.

Xiva xoni mahkamasi fondi (1874-1917 yy; 125-f) va Buxoro amiri Qushbegiisi fondida (XIX asrning oxiri-1920 y; 126-f) xonliklarning siyosiy-iqtisodiy ahvoli, milliy munosabatlar, O’rta Osiyo xalqlarining turmushi va madaniyati to’g’risidagi ma’lumotlar mavjud.

Fevralp inqilobidan to Oktyabrg’ to’ntarishigacha bo’lgan davr Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti hamda Ishchi soldat deputatlari O’lka Soveti fondlarida yoritiladi.

Turkiston ASSR MIK, XKS va xalq komissarliklari fondlarida o’lkada sovet hokimiyatining o’rnatilishi, istiqlolchilik harakati va fuqarolar urushi, milliy davlat chegaralanishi va O’zbekiston SSR ning tashkil topishi bilan bog’liq voqyealar o’z aksini topgan.

O’zR MDA da Buxoro va Xorazm xalq respublikalari markaziy va mahalliy muassasalarining hujjatlari (1920-1924 yy) saqlanmoqda. Ular bu respublikalardagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy qurilish xususida ma’lumotlar beradi.

Arxivda O’zbekiston SSR sovetlari syezdlari hujjatlari, O’zSSR MIK va XKS hujjatlari, boshqa sovet idora va muassasalarining hujjatlari ham saqlanmoqda. Bu hujjatlar va undan keyingi davrga mansub hujjatli materiallar O’zbekistonning butun sovet davridagi hayoti haqida batafsil ma’lumotlar beradi.

O’zR MDAda shaxsiy fondlar ham keng o’rin olgan. Bu yerda P. A. Kobozev, D. I. Manjara, H. M. Abdullayev, J. I. Abdullaxonov, A. V. Almatinskaya, L. A. Abdullayev va boshqa qator partiya va davlat arboblari, fan va madaniyat arboblarining shaxsiy fondlari mavjud.

Markaziy Davlat Arxivida talay arxiv kolleksiyalari ham mavjud bo’lib, ular orasida XIII-XVI asrlarga mansub vaqf hujjatlari kolleksiyasi diqqatga sazovordir.

Respublika ahamiyatiga molik arxivlardan yana biri – bu O’zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va medisina hujjatlari markaziy davlat arxivi bo’lib, u 1962 yilda tashkil etilgan. Arxivda ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish, kostruktorlik muassasalarining hujjatlari saqlanmoqda. Arxiv fondlarida O’zbekistonda turli davrlarda bunyod etilgan sanoat korxonalari, sug’orish inshootlari, ma’muriy va grajdan binolarining loyihalari mavjud. Kostruktorlik hujjatlari esa turli davrlarda yaratilgan paxta terish, to’qimachilik mashinalari va uskunalari loyihalari va boshqa grafik materiallardan iboratdir. Mazkur arxivda tibbiyot ilmiy-tekshirish institutlarida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari ham saqlanmoqda.

O’zbekiston Respublikasi kinofotofonohujjatlar markaziy davlat arxivi 1943 yilda tashkil etilgan. 1959 yilda u O’zbekiston Markaziy Tarix arxivining bir bo’limiga aylantirildi. 1974 yildan e’tiboran yana mustaqil arxiv sifatida faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Arxivda saqlanayotgan 1917 yildan oldingi davrga taalluqli fotosuratlarda Turkiston o’lkasidagi milliy-ozodlik va inqilobiy harakatlardan lavhalar (1898, 1905. 1907 yy), chor Rossiyasi vakillari tomonidan o’lkaning boshqarilishi, ularning mahalliy aholiga bo’lgan munosabati, sud organlarining faoliyati, Xiva xonligi va Buxoro amirligining xalqaro aloqalari, musulmonlarning turmushi va diniy marosimlar o’z aksini topgan.

Sovet davri foto- va kinohujjatlarida O’zbekistonning 74 yil davomida bosib o’tgan yo’li aks ettirilgan. Fonohujjatlar esa davlat va jamoat arboblari, fan, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg’orlarining yozib olingan nutq va intervpyularidan, eski bolpsheviklar, fuqarolar urushi va ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining esdaliklaridan iboratdir. Arxivda mualliflar ijrosida badiiy asarlar yozib olingan magnit lentalari hamda taniqli san’atkorlar va jamoalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo’shiqlar audiokassetalari saqlanmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivi va uning barcha viloyatlardagi bo’limlarida sobiq O’zkompartiya va O’zbekiston komsomoli hujjatlari bilan bir qatorda hozirgi kunda faoliyat ko’rsatayotgan muassasa va tashkilotlar, jumladan Prezident Devoni, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, O’z XDP va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining hujjatlari saqlanmoqda.




Fuqarolarning shaxsiy arxivlari
Har bir shaxsning hayoti va faoliyati davomida uning ixtiyorida ma’lum hujjatlar to’planadi. Bu hujjat va materiallar o’sha fuqaroning shaxsiy arxivini tashkil etadi. Unday arxivlar garchi fuqarolarning shaxsiy mulki bo’lsa-da, ularda davlat ahamiyatiga molik hujjatlar ham saqlanishi ehtimoldan holi emas. Shuning uchun ham bunday hujjatlar ekspertiza qilingandan so’ng O’zbekiston Milliy arxivi fondiga kiritiladi va bu hujjatlarning egalarining saqlanishini ta’minlashlari zarur. Shaxsiy arxivlardagi bunday hujjatlarni egasining roziligi bilan mulk huquqi saqlangan xolda davlat arxivlari, muzey va kutubxonalarda shartnoma asosida doimiy yoki depozitar (vaqtincha) asrovga olinishi mumkin.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, hozirgi kunda O’zbekistonda davlat, idoraviy va shaxsiy arxivla mavjud bo’lib, bu arxivlarda respublikamizning o’tmishi va hozirgi kunini o’zida aks ettirgan bebaho hujjatli manbalar saqlanmoqda. Ularni nes-nobud qilmasdan kelajak avlodlarga yetkazish arxiv xodimlari va barcha fuqarolarning muqaddas burchidir.


Tayanch iboralar

O’zbekiston arxiv tizimi – respublikamizda faoliyat ko’rsatayotgan davlat arxivlari, idoraviy arxivlar va fuqarolarning shaxsiy arxivlari birlashtirgan arxiv shoxobchasi

Idoraviy arxivlar – davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qoshida tashkil etilgan, hujjatlarni vaqtincha saqlash va ulardan xizmat, ishlab-chiqarish va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tuzilgan maxsus arxivlar

Birlashgan idoraviy arxivlar – faoliyat doirasi jihatidan o’zaro yaqin bo’lgan bir necha muassasa va tashkilotlarning yagona joriy arxivlari

Idoralararo arxivlar – qator muassasa va tashkilotlarning hujjatlari vaqtincha saqlanadigan joriy arxivlar

O’zbekiston Respublikasi-ning Arxivlar to’g’risidagi Qonuni – Oliy Majlis tomonidan 1999 yil 15 aprelda qabul qilingan va respublika arzivlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi yuridik hujjat

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (BAB) – respublika hududidagi barcha davlat va idoraviy arxivlar faoliyatiga rahbarlik qiluvchi boshqaruv organi

Arxiv hujjatlarini doimiy saqlash – hujjatlarni arxivda, muzeyda, kutubxonada cheklanmagan muddatlarda saqlash

Arxiv hujjatlarini vaqtincha saqlash – hujjatlarni arxivda qonun yoki nizomlarda belgilangan muddat davomida saqlash

Davlat arxivlari - O’zbekiston Respublikasida faoliyat ko’rsatayotgan va davlat tomonidan moliyalashtiriladigan markaziy va viloyat arxivlari va ularning filallari, Qoraqalpog’iston Respublikasi markaziy davlat arxivi va Toshkent shahar arxivlari

Fuqarolarning shaxsiy arxivlari – O’zbekiston fuqarolari tasarrufidagi hujjatlar majmui

Shaxsiy fondlar – davlat arxivlarida saqlanyogan ilgari taniqli davlat arboblari, fan va madaniyat namoyandalariga tegishli bo’lgan arxiv fondlari

O’zbekiston Respublikasi



Markaziy davlat arxivi (O’zR MDA) –O’zbekiston tarixiga doir matnli hujjatli saqlanayotgan asosiy arxiv

O’zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va medisina hujjatlari markaziy davlat arxivi – loyihalashtirish, konstruktorlik muassasalari hamda medisina ilmiy-tadqiqot institutlarida yaratilgan loyihalar, chizmalar, grafik materiallar hamda ilmiy-tadqiqotlar natijalari saqlanadigan arxiv

O’zbekiston Respublikasi kinofotofonohujjatlar markaziy davlat arxivi – O’zbekiston tarixiga doir ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar va fotografiya plyonkalari saqlanadigan arxiv

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivi va uning viloyatlardagi bo’limlari – sobiq O’zkompartiya va O’zbekiston komsomoli hujjatlari, Prezident Devoni, hokimliklar, O’Z XDP va “Kamolot” ijtimoiy-harakati hujjatlari saqlanadigan arxiv va uning bo’limlari
Nazorat savollari

1. O’zbekiston Respublikasi hozirgi zamon arxiv tizimiga qanday arxivlar kiradi?

2. Mustaqillik davrida yangi tashkil etilgan arxivni aniqlang.

3. “Arxivlar to’g’risida”gi Qonunning mazmuni haqida so’zlab bering.

4. Idoraviy arxivlarning asosiy funksiyalari nimalardan iborat?

5. Birlashgan idoraviy arxivlar va idoralararo arxivlar haqida nimalarni bilasiz?

6. “Hujjatlarni doimiy saqlash” va “Hujjatlarni vaqtincha saqlash” iboralarini izohlab bering.

7. Bosh arxiv boshqarmasi qanday organ hisoblanadi?

8. Idoraviy arxivlarda hujjatlarni qisqa yoki uzoq muddat davomida saqlanishi nima bilan belgilanadi?

9. O’zbekiston davlat arxivlari haqida so’zlab bering.

10. Nima sababdan davlat arxivlari markaziy va mahalliy arxivlarga bo’linadi?

11. Qoraqalpog’iston Respublikasi markaziy davlat arxivi qanday maqomga ega?

12. O’zR Markaziy davlat arxivi haqida so’zlab bering.

13. O’zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va medisina hujjatlari markaziy davlat arxivida qanday hujjatlar saqlanadi?

14. O’zbekiston Respublikasi kinofotofonohujjatlar markaziy davlat arxivining o’ziga xos xususiyatlarini nimalardan iborat?

15. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivi va uning viloyatlardagi filiallari haqida nimalarni bilasiz?

16. Fuqarolarning shaxsiy arxivlari haqida so’zlang. Sizning xonadoningizda yoki shaxsan o’zingizda arxivingiz bormi? shaxsiy arxivingizda qanday hujjatlari saqlaysiz?

3.2-MAVZU. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivlari va ularning faoliyati

Reja:

1. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi tarixi

va uning asosiy jamg’armalari.

2. O’zbekistonda kino, surat va ovozli hujjatlar Markaziy

Davlat arxivining tashkil topishi va asosiy jamg’armalari.

3. O`zbekistonda Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari

Markaziy Davlat arxivi va asosiy jamg’armalari.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi tarixi va uning asosiy jamg’armalari. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi (O’zR MDA) respublika ahamiyatidagi tashkilot hisoblanadi va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O’zarxiv" agentligiga bo’ysunadi. Arxiv O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.

O’zR MDA o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O’zarxiv" agentligi yo’riqnomalari, qoidalari va ko’rsatmalariga amal kiladi.

O’zR MDA o’z faoliyatini arxiv direktsiyasi ishining va arxiv rivojlantirish rejalari asosida amalga oshiradi.

Arxivning asosiy vazifalari:

- arxiv yo’nalishi bo’yicha hujjatlar bilan jamlash;

- arxivning hisobga olish tizimi va ilmiy-ma’lumot apparatini

rivojlantirish va takomillashtirish;

- arxivda saqlanayotgan O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv

jamg’armasi hujjatlari saqlovini taьminlash;

- arxivning axborot bazasini kengaytirish;

- hujjatlardan har tomonlama foydalanish va ularni nashr

qilishni tashkil etish;

- arxivshunoslik, xujjatshunoslik, arxeografiya sohalarida

ilmiy-tadqiqot ishlar olib borish;

- o’z yo’nalish bo’yicha xujjatlar bilan ishlashda ilmiy-uslubiy va

amaliy yordam ko’rsatish.

Arxiv 1958 yili O’zSSR Markaziy davlat tarix arxivi hamda O’zSSR oktyabr inqilobi va sotsialistik qurilish Markaziy Davlat Arxivining (1931 yilda tashkil topgan) qo’shilishi natijasida tashkil topdi. 1991 yildan esa O’zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi deb nomlanadi. Arxivda milliy bo’linishga qadar Turkmaniston, Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekistonning bir qism kirgan Turkiston tarixiga oid hamda O’zbekiston tarixini aks ettiruvchi hujjatlar saqlanadi. Harbiy gubernator va Turkiston viloyati qo’shinlar qo’mondoni hamda markaziy viloyat mahalliy aholisini boshqaruvchisining Turkiston general-gubernatorligi shakllanishidan avvalgi davrga taalluqli bo’lgan davrga qarashli (1865-1868 yillar) jamg’armalarida ma’muriy tuzilma va aholini boshqarish, Turkiston viloyati haqida ma’lumotlar bor.

Turkiston general-gubernatori devonxonasi, Turkiston general gubernatoriga qarashli diplomatik amaldori, Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligi jamg’armalarida Roosiyaning G’arbiy Xitoy, Afg’oniston, Buxoro, Xiva, Eron bilan bo’lgan diplomatik va iqtisodiy aloqalari haqidagi materiallari to’plangan. Turkiston general-gubernatorining O’rta Osiyo hokimiyatlari bilan tuzilgan shartnomalari, O’rta Osiyoning Rossiyaga biriktirilishi tarixi to’g’risida, Rus qo’shinlari G’o’lja tumanini egallashi (1871 yil) va uni Xitoyga (1881 yil) qaytarilishi, Pomir tumanini Rossiyaga biriktirilishi (1895 yil), Turkistonga ko’shni bo’lgan davlatlarning siyosiy va iqtisodiy hayotiga oid hujjatlar mavjud. Xujjatlar Turkiston O’lkasining ma’muriy tuzilishi, uning alohida mintaqalarini ta’iflaydi, shaxarlar tuzilishi va shahar nizomini kiritilishi, madrasa va masjidlarning holata va soni haqida guvohlik beradi.

Turkiston general-gubernatori devonxonasi, Turkiston tuman qo’riqlash bo’limi, viloyat boshqaruvi, uezd boshliqlari, mahkama organlari hujjatlari va boshqa jamg’armalarda O’rta Osiyo xalqlarining milliy-ozodlik kurashlari aks ettirilgan. Hujjatlarda Farg’onadagi kuzgalon (1885 yil), Buxorodagi g’alayon (1910 yil), Turkiston o’lkasidagi qo’zg’olonlar to’g’risidagi ma’lumotlar bor. Turkiston o’lkasi moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishi, iqtisodiy-xo’jalik muassasalari, tashkilotlari va korxonalari, Turkiston general-gubernatori devonxonasi jamg’armalari hujjatlarida aks ettirilgan. Tog’-kon qazib olish, paxta qayta ishlash sanoati, sanoat korxonalarini, temir yo’llarini barpo etish, rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar, paxtani qayta ishlash, harid qilish va sotish, savdo-sanoat va Turkiston o’lkasi davlat mulki va dehqonchilik boshqarmasi hujjatlarida mavjud.

Hujjatlar dehqonchilik, yerdan foydalanish masalalari, vaqf masalalarini hal etish, paxta va boshqa texnik o’simliklarni yetishtirish,bog’dorchilikni, pillachilik, uzumchilik, tamakichilikni rivojlantirishmasalalarini yoritadi, ekin va turli boshoqli ekinlar hosildorligi, xalqarova Rossiya ko’rgazmalarida namoyish etish haqida m’lumotlarga ega. Sug’orish inshootlarini barpo etish va ularni o’zgartirish, yaьni yerlarga suv chiqarish, o’rmonzorlar yaratish va qum to’sish ishlari haqida, zakot, mirabon va boshqa soliqlar haqida ma’lumotlar Turkiston general-gubernatori devonxonasi, dehqonchilik va davlat mulki boshqaruvi jamg’armalari hujjatlarida aks topgan.

Turkistonning madaniy hayoti o’quv va madaniy-yoritish ilmiy ekpeditsiya va tadqiqotchilar haqidagi hisobotlar va yozishmalar, Rossiya jo’g’rofiya jamiyatining Turkiston bo’limi, muzeylar arxeolog, izlanish va tarixiy yodgorliklarni saklash ishlari haqida, shuningdek ilmiy jamiyatlar kengashlarida so’zlangan maьruzalarning qo’lyozmalari, olimlari xatlari saqlangan.

Viloyat boshqaruvi jamg’armalarida vabo, o’lat, chechak kasalligi epidemiyalariga qarshi kurash xaqidagi ma’lumotlar mavjud. Xiva xonligining devonxonasi (1874-1917yil) va Buxoro amirining Qushbegi Arxivi jamg’armalari Buxoro va Xiva xonliklarining siyosiy va iktisodiy xolatini, maxalliy aholining tarkibi va mulkchiligini, beklar va musulmon dini peshvolarni, O’rta Osiyo xalqining madaniyati, urf va odatlarini taьriflaydi, 1917 yil fevraldan oktyabrgacha bo’lgan davrdagi Vaktli siyosatani ta’riflovchi hujjatlar Turkiston kumitasi Vaktli xukumat, ishchi va soldat deputatlarining O’lka soveti jamgarmalarida

mujassamlashgan. Markaziy ijroiya kumitasi (MIK), Xalq Komissarlari soveti (XKS) va Turkiston ASSR xalq komissariyatlari jamg’armalaridagi hujjatlarida Sovet hukumatining o’rnatilishi va uning xo’jalik va madaniy qurilishdagi faoliyatdan aks ettiruvchi voqealar yoritib berilgan.

Shuningdek, Turkiston Respublikasi deb e’lon qilinishi, ishlab chiqarish korxonalarini, maxalliy boylarning yerlarini milliylashtirish, ishlab chiqarishga ishchilar nazoratini joriy etish, frontlardagi ahvol haqida tezkor ma’lumotlar, milliy ozodlik harakatlariga qarshi qilingan operatsiyalar xakidagi hujjatlar ham bor. 1924 yilda O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish ishlarini o’tkazishga tayyorgarlik O’zbekiston va Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR, Qirg’iziston avtonom viloyatini tashkil topish va sovet O’zbekiston tarixining keyingi davriga oid voqealar haqidagi xujjatlar Turkiston Markaziy ijroiya kumitasi (TurMIK), UZSSR Markaziy ijroiya qo’mitasi va xalq komissarlari Soveti (MIQ va XKS O’zSSR) jamg’armalarida mavjud. SHuningdek, O’zbekiston Markaziy ijroiya qo’mitasining birinchi raisi Y. Oxunboboevning faoliyati hakidagi xujjatlar ham bor. Arxivda Buxoro va Xorazm Xalq Respublikalarining markaziy va mahalliy tashkilotlarining hujjatlari saqlanadi (1920-1924 yillar). O’rta Osiyo, shu jumladan O’zbekiston xalq xo’jaligining rivojlanishi masalalari haqidagi xujjatlar xalq xo’jaligi markaziy kengashi, iqtisodiy kengashi, Davlat rejasi, Turkiston ASSR xalq xo’jaligi idoralari, O’zSSR Davlat rejasi, O’rta Osiyo iqtisod kengashi va O’rta Osiyo davlat rejasi jamg’armalarida mujassamlangan. Og’ir mashinasozlik, kon qazish, paxta tozalash, yengil, oziq-ovqat va boshqa sanoat tarmoqlarining shakllanishi va rivojlanishi, ikkinchi jahon urushi, urushdan keyingi davr haqidagi ma’lumotlar sanoat va korxonalar jamg’armalarida mavjud.

Qishloq xo’jaligini jamoalashtirish 1925-1926 yillardagi yer-suv islohotini o’tkazilishi, Qo’shchi birlashmasini tashkil topishi, qishloq xo’jaligini qayta tuzilishi, paxtachilik, ipakchilik, o’rmon xo’jaligi, suv xo’jaligi, chorvachilik, suv inshootlarining rivojlanishi hakidagi ma’lumotlar yer masalalari bo’yicha xalq qo’mitasi va uning boshqarma va bo’limlari jamg’armalari hujjatlarida aksini topgan. Qo’riq yerni o’zlashtirish va sug’orish bosh rejasi ham saqlangan. Hujjatlarda yig’im-terim va paxta tayyorlash mavsumi, agronomlik tarmoqlarini tashkil qilish, qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurash, tuproqni o’rganish tadqiqotlari, melioratsiya va gidrotexnika ishlari, jamoa xo’jaligi faoliyatini tashkil qilish, MTSlar haqida ma’lumotlar bor.

O’rta Osiyo respublikalari hududida davlat va kooperativ savdoni boshqarish haqida, qo’shni davlatlar bilan savdo-sotiq ishlari, qishloq xo’jalik mahsulotlari va boshqa tovarlar bilan xalqni taьminlash, O’rta Osiyo respublikalarining O’rta Osiyo va butun ittifoq yarmarkalarida ishtirok etishi, hunarmandchilik va isteьmolchilik kooperatsiyalari haqidagi

hujjatlar, savdo muassasalari, kooperativ tashkilotlar, aktsionerlik jamiyatlari, to’g’risida ma’lumotlar bojxona jamg’armalarida mavjud. Madaniy qurilish, ilm-fanni shakllanishi va rivojlanishi, xalq ta’limini tashkil qilish, ilmiy muassasalar tarmog’i, bolalar turmushini yaxshilash masalalari, sog’liqni saqlash haqidagi ma’lumotlar Madaniyat Vazirligi, maorif, sog’likni saqlash va ularning muassasalari jamg’armalarida yoritilgan.

Nashriyot va nashriyot ishlari, adabiyot va san’atning rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar Madaniyat vazirligi, nashriyot tahririyatlari, ijodiy uyushmalar jamg’armalarida mavjud. O’rta Osiyoda huquq me’yorlarini o’rnatish, musulmon xalq sudlarini tuzish haqidagi ma’lumotlar sud prokuratura organlari jamg’armalari hujjatlarida aks ettirilgan. Kasaba uyushmalari va jamoa tashkilotlarining faoliyatlari, mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlarni sog’lomlashtirish va boshqa masalalar bo’yicha ma’lumotlar Turkiston byuro VTSSPS, O’zbekiston kasaba uyushmasi, markaziy, respublika va mahalliy kasaba uyushmasi qo’mitalari, Markaziy ixtiyoriy jamiyatlar qo’mitalari jamg’armalarida yoritilgan.

Arxivda shaxsiy kelib chiqish jamg’armalari ham mavjud. Ular orasida: P.A.Kobozev (Turkiston Markaziy ijroiya qo’mitasining raisi) va D.I. Manjura (TurMIQ rais o’rinbosari); fan arboblaridan: qishloq xo’jalik fanlar doktori, professor A.I. Belov, O’zSSR fanlar akademiyasi prezidenti H.M. Abdullaev; adabiyot va san’at namoyondalaridan - yozuzchilar D.M.Abdullaxanov, S.Abduqahhorov, A.V. Almatinskaya, O’zSSR xalq rassomi L.A.Abdullaev, arxeolog Ya.G.Gulyamov, akademik-etnograf K.SH.SHoniyozov, akademik-sharqshunos S.A. Azimjonova, tarixchi A.Karimov, rassom

J.Xasanova, texnika fanlari doktori, samolyotsoz XT.Sarimsoqov, yozuvchi-tarjimon GAJahongirov, selektsioner olim S.N. Alimuhamedov va boshqalarning shaxsiy jamg’armalari bor.

O`quv xonalari ishi. Barcha foydalanuvchilar arxiv hujjatlaridan foydalanishda teng xuquqlarga ega. O’quv xonalariga qatnaganligi, arxiv hujjatlaridan foydalanganligi uchun haq olinmadi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarining rejalariga muvofiq ilmiy ish olib borayotgan yoki xizmat topshirig’ini bajarayotgan foydalanuvchilar o’zlarini yuborgan tashkilotlarning xatlarini taqdim etadilar.

SHaxsiy tashabbusi bilan tadqiqot olib borayotgan foydalanuvchilar o’quv xonalariga shaxsiy arizalari asosida qo’yiladi. Xatlarda yoki shaxsiy arizalarda foydalanuvchilarning familiya, ismi, otasining ismi, lavozimi, ma’lumoti, ilmiy darajasi, unvoni, tadqiqot mavzusi xronologik doirasi, maqsadi ko’rsatiladi.

O’quv xonada ishlash uchun ruxsat arxivlar rahbariyati tomonidan foydalanuvchilarga zarur bo’lgan muddatga, odatda rassmiylashtirish kunidan boshlab 1 yilga beriladi. Zarurat tug’ilgan taqdirda muddatini uzaytirish masalasi arxiv rahbariyati bilan kelishib olinadi. 16 yoshga yetmagan shaxslar hujjatlar bilan ishlashga qo’yilmaydi. O’quv xonalariga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish foydalanuvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan taqdirda amalga oshiriladi.

O’z RMDA tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar va fuqarolarni qabul qilish. O’z RMDA xujjatlarni nashr qilish va ulardan foydalanish bilan shug’ullanuvchi barcha tashkilotlar bilan aloqa o’rnatadi, bu tashkilotlarga respublika davlat arxivi hujjatlaridan ilmiy, amaliy, ijtimoiy-madaniy va boshqa maqsadlarda foydalanish bo’yicha ma’lumotlar yetkazib beradi. Bundan tashqari O’zR MDA tashkilotlar va jismoniy shaxslarning davlat arxivi hujjatlari bo’yicha tematik so’rovlariga javob beradi; davlat arxivida mavjud hujjatlarni tematik guruhlarga ajratadi; tashkilot va muassasalarning tashabbuslariga ko’ra arxiv hujjatlari bo’yicha ko’rgazmalar, ekskursiyalar o’tkazadi. O’zR MDA o’rta ta’lim muassasalariga ham xizmatlar ko’rsatadi, ya’ni arxiv hujjatlaridan foydalangan holda maktablarda darslar uyushtiradi. O’zR MDA shartnoma asosida arxiv yo’nalishlari bo’yicha pullik xizmatlarini taklif qiladi. Fuqarolarni qabul qilish ishini xujjatlardan foydalanish va nashr etish bo’limi tashkil qiladi, u ijtimoiy-xuquqiy so’rovlarni bajaradi va fuqarolarni qabul qiladi. SHuning uchun foydalanuvchi tomonidan so’rov varaqasi to’ldiriladi, unda ko’rsatiladi: familiyasi, ismi, otasining ismi, tugilgan sanasi, ish joyi (tashkilotning to’g’ri nomi), u yoki bu tashkilotda ishlagan vaqti, murojaat qiluvchining manzili va uning telefoni. Fuqaralarning so’rovlarini bajarish muddati-1 oy. O’zbekistonda kino, surat va ovozli hujjatlar Markaziy Davlat arxivining tashkil topishi va asosiy jamg’armalari. 1943 yilda tashkil topgan. 1959 yilda O’zbekiston SSR Markaziy davlat arxivining kino, surat, ovozli xujjatlar bo’limi etib qayta tashkil etilgan. 1974 yildan O’zbekiston SSR kino,surat, ovozli hujjatlar Markaziy davlat arxivi, 1991 yil sentyabrdan O’zbekiston Respublikasi kino, surat va ovozli hujjatlar Markaziy Davlat Arxivi deb nomlangan.

O’zbekiston Respublikasi kino, surat va ovozli hujjatlar Markaziy Davlat Arxivi - Urta Osiyodagi eng yirik va O’zbekistondagi yagona, maxsus xujjatlar saqlovi uchun ixtisoslashgan arxivdir. O’zR KSOH MDA O’zbekiston Respublikasida o’z soxasiga tegishli bo’lgan maxsus hujjatlar bilan ishlashda ilmiy-uslubiy markaz hisoblanadi. Arxivda O’zbekiston va Turkiston o’lkasining XIX asrning 60-yillaridan to hozirgi vaqtgacha bo’lgan davrlarga oid tarixni o’zida aks ettirgan noyob hujjatlar yigilgan.

Mustamlaka davr suratli hujjatlarida Turkiston o’lkasidagi milliy-ozodlik va inkilobiy harakat (1898, 1905-1907 yillar) ko’rinishlarini, chor Rossiyasi ma’murlari tomonidan o’lkaning boshqaruvi, ularning mahalliy hokimiyat bilan munosabatlari, sud organlari, faoliyati, Qo’qon xoni va Buxoro amirining xalqaro munosabatlari va aloqalari, musulmonlar dini va turmush tarzi tasvirlangan.

Suratli xujjatlarda sanoatning rivojlanishi (temir yo’l ko’priklarining qurilishi, sug’orish kanallari, teri va yog’ zavodlarining ishlab chiqarish faoliyati, to’qimachilik, ipakchilik fabrikalari, gilam to’qish xunarmandchiligi, qishloq xo’jalik inventari, ko’mir sanoati va boshqalar) qishloq xo’jalik (sodda mehnat qurollari, yerni omoch bilan xaydash, qo’l bilan paxta terish va boshqalar), transport va aloqalar (vokzal binolarining ko’rinishlari; Toshkent temir yo’li, Toshkentda Turkiston pochta-telegraf xizmatchilarining X o’lka sez’di 1917 yil); savdo-sotiq (gazlama sotuv do’konchalari, do’ppilar, sopol idishlar, Samarqanddagi Registon maydonidagi sotuv rastalari; Andijon, Buxorodagi bozorlarning umumiy ko’rinishlari va boshqalar) tasvirlangan. Sur’atlar o’zida o’lkadagi sog’liqni saqlash, maorif va fanni rivojlanishi; Turkiston ilmiy-tekshirish komissiyasining ishlari, Samarqanddagi Ulug’bek observatoriyasi qazilmalari, musulmon maktablaridagi darslar, maktabdagi urf-odatlar, kasallarni yeskicha davolash usul ("o’qib dam solish")lari, ko’cha muzikachilarining chikishlari va boshqalarni aks ettirgan.

SHo’rolar davri kino, surat va ovozli hujjatlarida hozirgi O’zbekiston Respublikasi hududida sho’ro hukumatining o’rnatilishi, Buxoro xalq Sovet Respublikasi, Xorazm xalq Sovet Respublikasi, Turkiston ASSR, O’zbekiston SSR dagi davlat xukumati, ushbu respublikalar jamoat tashkilotlarining faoliyati, xalq xo’jaligi, fan-texnika, sog’liqni saklash, xalq ta’limi, madaniyat va san’at, sport, xizmatchilarning dam olishi, shuningdek bu respublikalar vakillari va chet davlat siyosiy jamoat arboblarining yuqori partiya organlari faoliyatida ishtirok etishi, fan va madaniyat arboblarining O’zbekistonga tashriflari va o’z vakillarining boshqa respublikalarga safar-larini o’zida aks ettirgan.

Badiiy ovozli hujjatlar O’zbekiston, Sovet va chet el kompozitorlari asarlari, xalq musiqalari, she’riy, nasriy va drammatik asarlar, taniqli qo’shiqchilarning chiqishlari, xalq ijrochilari, respublika musiqa kollektivlari, jumladan Tamaraxonim, F. Baratova, M. Turg’unboeva, N. Axmedova, T. Qodirov, M. Uzoqov, Yu. Rajabiy va boshqa ovozli yozuvlardan iborat.

SHuningdek, O’zbekistonda xotin-qizlar ozodligi uchun harakati (Hujum): xotin-qizlarni paranjini butunlay yo’q qilishga qaratilgan miting va yig’ilishlari, Respublika ayollarining sьezd va slyotlari, savodsizlikka barham berishga qaratilgan kino, suratlar ham mavjud. Arxivning kino va surat xujjatlari 2-jahon urushi davridagi respublika hayotini, ko’p millatli O’zbekiston xalqining frontdagi qaxramonligi, front orqasida o’zbek xalqining yetim bolalarni asrab olish, mamlakatga zavod va fabrikalarni evakuatsiya qilinishi, mehnatkashlarning mitinglari, frontga ko’ngillilarni kuzatish va boshqalarni ko’rish mumkin.

Arxivda urushdan keyingi davrlarda respublika xalq xo’jaligi tarmoqlari energetika, yoqilg’i sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, stanoksozlik, asbobsozlik sanoati va boshqalar, transport va aloqaning rivojlanishi; O’zbekistonda qishloq xo’jaligining rivojlanishi (qishloq xo’jaligi ilg’orlari va ishchilarining s’ezd va Quriltoylari), Qo’riq va bo’z erlarni o’zlashtirish, qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish va kolliktivlashtirish,paxtachilik va chorvachilkni rivojlantirish)uzida tasvirlangan kino,surat xujjatlar mavjud. Ushbu kino, surat hujjatlar madaniyat qurilishi, fan, sog’liqni saqlash,

san’at, fizkulьtura va sport rivojlanishi haqida ham tushuncha beradi.

O’zbekiston Respublikasi mustaqillik davri kino, surat va ovozli hujjatlari O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining e’lon qilinishi, demokratik jamiyat qurilishi, davlat boshqaruvining Yangi tizimini vujudga kelishi, markaziy organlari faoliyatining maqsad va vazifalarining o’zgarishi, bank tizimining qayta tashkil etilishi, jahon tomonidan O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining tan olinishi, chet el mamlakatlari bilan diplomatik aloqalarning o’rnatilishi, ko’p partiyaviylikning va jamoat harakatining vujudga kelishi, bozor iqtisodiyoti, tadbirkorlikning rivojlanishi, yangi maьnaviy dunyoqarashning vujudga kelishini o’zida aks ettirgan.

Arxivning kino hujjatlari M. Qayumov, D,Salimov, SH. Zoxidov, I. Gibalevich kabi va ko’pgina boshqa hujjatli kino ustalari ishlari bilan tanishtiradi. O’zR KSOH MDAda irrigator P.M. Kildyushovning, Toshkent tramvay-trolleybus boshqarmasi faxriy ishchisi M. Yusupov-ning, Toshkent Davlat Universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakulь-teti professori I.A. Raykovaningg respublikamizning sport faxriy-lari L. Ivanova va F.R. Semerninlarning, “Tashkentskie malьchishki" kitob muallifi, jurnalist L. Berejnixning, respublikamizning markaziy ro’znoma va oynomalari suratkash muxbirlari M.Z. Penson, I.N. Panov, A.P, SHteynberg, U. Nurumbaev, Ye. Ryapasov, M.Ya. Rozankrans va boshqalarning suratli hujjatlar kollektsiyalari (to’plamlari) saqlanadi.

Arxiv xizmatlari. O’zR KSOH MDAda quyidagi xizmatlar amalga oshiriladi:

- arxivda saqlanayotgan kino, surat va ovozli hujjatlar haqida

ma’lumot berish;

- tadqiqotchilar o’rganishi va ishi uchun kino, surat va ovozli

hujjatlarni taqdim etish;

- kino hujjatlarni video tasmaga ko’chirib berish;

- surat va ovozli hujjatlar nusxalarini tayyorlash;

- suratli ko’rgazma va stendlarni tashkil etish;

- mavzuli so’rovlarni ijro etish;

- suratli alьbomlar tayyorlash;

- arxiv bo’yicha umumiy va mavzuli ekskursiyalarni tashkil etish.

Ko’rsatilgan xizmatlar yuridik va jismoniy shaxslarning yozma so’rovnomalari asosida amalga oshiriladi. Arxivning kino, surat va ovozli xujjatlari faqat arxiv rahbari ruxsati orqali taqdim etiladi. Ruxsat beriladigan muddat ish mavzusi bo’yicha belgilanadi. Tadqiqotchilarni kino, surat va ovozli hujjatlar bilan ishlashi arxivning kino zali, katalog va ovozli hujjatlar eshitish xonalarida amalga oshiriladi.

O’zbekistonda Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Markaziy Davlat Arxivi va asosiy jamg’armalari. O’zbekiston Ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Markaziy Davlat arxivi 1962 yil O’z SSR Ministrlar Sovetining Qaroriga binoan tashkil etilgan.

2004 yilda arxiv S. Raximov tumani, Nozimaxonim ko’chasi, 86-uyda joylashgan yangi binoga ko’chib o’tdi. Arxivda quyidagi sohadagi korxona, tashkilot va muassasalardan xujjatlar qabul qilinadi va saqlanadi:

1. Sanoat.

2.Qishloq xo’jaligi.

3.Suv xo’jaligi.

4.Urmon xo’jaligi.

5.Transport.

6.Kurilish.

7.Turar- joy kommunal xujaligi.

8.Maishiy xizmat kursatish.



9.Soglikni saklash muassasalari.

Arxivda ilmiy texnikaviy hujjatlar, konstruktorlik loyihalar va bir qancha tarixiy ahamiyatga ega xujjatlar saqlanadi. Masalan, qishloq xo’jaligi sohasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi viloyatlari, tumanlarida qishloq xo’jaligini rivojlantirish to’grisidagi loyihalar va smetalar mavjud. Suv xo’jaligi sohasida Respublika bo’yicha xo’jaliklarni, xalqni ichimlik suvi bilan ta’minlash va yerlarni sug’orish ishlari haqidagi, o’rmon xo’jaligi soxasi bo’yicha cho’l yerlarni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish ishlari xaqida, transport sohasi bo’yicha ko’priklar qurish, yo’llarni taьmirlash to’grisidagi, qurilish sohasida esa shaxardagi turar-joylar, binolar qurish, rekonstruktsiya qilish haqidagi, paxta tozalash, paxtani qayta ishlash va yana bir qancha mashinalarning loyihalari haqidagi, sog’liqni saqlash sohasi bo’yicha ilmiy-tekshirish institutlarida olib borilayotgan ilmiy ishlar, tibbiyot sohasi tarixini rivojlantirishga oid doimiy saqlanadigan boshqaruv hujjatlari mavjud. Bundan tashqari respublikada ilm-fan sohasini rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shgan professor va olimlarning shaxsiy jamg’armalari tashkil qilingan bo’lib, ularning shaxsiy xujjatlari, suratlari, ilmiy ishlari qabul qilinadi va saqlanadi. Masalan, me’mor A.B. Boboxonov, kardiolog M.X.Xamidova, ximik T.M.Mirkomilov, stomatolog T.X. Safarov, onkologlar S. Navro’zov, Y.T. Tadjibaeva, M.A. Gafur-Oxukov, ginekolog-professor N.M. Maxmudova, A.A. CHoroxova, xizmat ko’rsatgan agronom M.M. Mirzaev, irrigator N.A. Aliev, yirik suv xo’jaligi qurilishlarining rahbari Ye.I. Ozerskiy, S.S. Kanash, bakgeriolog va patologoanatom S.P. CHoroxov, epidemiolog N.I. Xodukinlarning shaxsiy jamg’armalari saqlanadi.
Download 40.11 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling