4-mаvzu: Rivojlanish nasarijasi. Reja


Download 25.26 Kb.
Sana20.10.2023
Hajmi25.26 Kb.
#1711000
Bog'liq
F4 mavzu


4-MАVZU: Rivojlanish nasarijasi.
Reja:
1. Dialektika va uning muqobillari.
2. Falsafaning asosiy qonunlari. Falsafada uslub muammosi.
3. Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi (klassifikatsiyasi).
4. Falsafiy kategoriyalar.

Borliqni falsafiy tushunish faqat uning turlari va ularning oʼziga xos xossalarini bilib olishdan iborat boʼlmay, balki borliqni tashkil etgan narsa va hodisalarning oʼzaro aloqalari va bogʼlanishlarini, oʼzgarish va rivojlanishlarini bilishni ham taqozo qiladi.


Busiz, olamning bir butun, yaxlit manzarasini tasavvur etib, shuningdek uning haqidagi nazariy xulosaga kelib ham boʼlmaydi. Busiz borliqning holatini, tabiatini, manbai, sababi va harakatga keltiradigan kuchi hamda yoʼnalishini tushunishga imkon ham yaratilmaydi. Bu, oʼz navbatida, aloqadorlik va taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimotning falsafiy muammolarini ham oʼrganishni taqozo qiladi.
Harakat, taraqqiyot, umumiy bogʼlanish va aloqadorlik toʼgʼrisidagi falsafiy taʼlimotlar ham falsafa fani bilan birga paydo boʼlgan. Bu muammolar tahlili falsafada «dialektika» tushunchasi orqali ifodalangan. Bu tushuncha falsafa tarixida turli davrlarda turli maʼnolarni ifodalab kelgan. Dialektika dastlabki davrlarda oʼzaro bahs, munozara olib boruvchi mutafakkirlarning muhokamalaridagi qarama-qarshi, zid fikrlarning toʼqnashuvi va shular asosida haqiqatni aniqlash maʼnosini ifodalagan. Аntik davr mutafakkirlarining maʼlumotiga koʼra, munozarada ishtirok etuvchilar, oʼz muhokamalarida bir-birlariga muqobil savollarni berib, bu savollarga har tomonlama yondoshib, ulardagi bir tomonlamaliklarni bartaraf qilishga uringanlar. Bunda, ular, oʼz muhokamala¬rida har xil nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda, ilmiy, nazariy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy va shu kabi voqea-hodisalar toʼgʼrisida oʼz qarashlarini ishlab chiqqanlar. Ular shundan kelib chiqib, dialektika deganda oʼzaro bahslashuv sanʼatini, munozara asosida haqiqatga erishish usulini tushunganlar. Masalan, an¬tik davr mutafakkiri Suqrot dialektikani bahslarda yoʼl qoʼyiladigan qarama-qarshi fikrlar oʼrtasidagi ziddiyatlarni ochish orqali haqiqatga erishish sanʼati, deb tushungan.
Dialektikani bahs sanʼati sifatida tushunish hatto oʼrta asrlarda ham davom etgan. Buni oʼrta asrlar mutafakkiri Pьer Аbelyarning «Ha va yoʼq» nomli asari yaqqol tasdiqlaydi.
Dialektikaga munozara sanʼati sifatida qarash oʼr¬ta asrlarda yashagan Oʼrta Osiyo mutafakkirlariga ham xos boʼlib, hatto bu narsa Uygʼonish davrlarida ham davom etgan. Bu davr mutafakkirlarida ham dialektika savol-javob sanʼati sifatida oʼzgacha fikrlarni rad qilish usuli boʼlib xizmat qiladi. Bunga misol qilib G.Galileyning «Dunyoning ikki sistemasi toʼgʼrisidagi bahs» asarini koʼrsatish mumkin. Umuman, dialektika tushunchasining paydo boʼlishi, u oʼzining dastlabki davrlardagi tor maʼnoni ifodalashiga qaramasdan, oʼsha davrlardan to bizning kunlarimizgacha qoʼllanib kelingan sermazmun falsafiy suhbat usulining paydo boʼlishida muhim rol oʼynadi va insoniyat madaniyatining rivojlanishiga katta hissa boʼlib qoʼshildi.
Аsr¬lar davomida toʼplanib borgan dialektik munozara madaniyati murakkab muammolarni muhokama qilish, ulardagi turli qarama-qarshi nuqtai nazarlarni ochish, aniqlash va tushunish mahoratining qaror topishi inkor qilib boʼlmas ahamiyat kasb etdi. Bora-bora dialek¬tika qarama-qarshi nuqtai nazarlar, ular oʼrtasidagi ziddiyatlarni ochish usuli sifatida qaraladigan boʼldi.
Shunday qilib, sekin-asta inson ijodiy tafakkuri oʼz tabiati bilan dialektik ekanligi haqidagi tasavvur paydo boʼldi. Lekin maʼlum vaqt oʼtishi bilan dialek¬tika faqat kishilarning oʼzaro munozaralarigagina xos emasligi maʼlum boʼla bordi. Oqibatda, dialektika faqat inson fikrlash jarayonigagina xos boʼlmasdan, bal¬ki u tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarga ham xos, deb qarala boshlandi. Аyniqsa, bu qarash borliq shakllari va turlari oʼrtasidagi bogʼlanish va aloqadorliklarning, ular doim oʼzgarib, rivojlanib, bir holatdan ikkinchi holatga oʼtib turishlarining aniqlanishi bilan yanada rivojlandi. Natijada, «dialekti¬ka» tushunchasi insonni, uni qurshab turgan dunyoni bilish, uni tushunish va izohlashning umumiy usuli maʼnosini ifodalay boshlaydi.
Vaqt oʼtishi bilan «dialektika» tushunchasi hamma narsalar: xoh katta, xoh kichik boʼlishiga qaramasdan, oʼzgarib, oʼzining oldingi xususiyatlarini oʼzgartirib, ilgari ega boʼlmagan yangi xususiyatlar hosil qilib borishlarini ham ifodalay boshlaydi. Shu asosda asta-sekin dunyoni dialektik tushunish, borliq va bilishga dialektik qarash qaror topa boshlaydi. Lekin dunyodagi barcha oʼzgarish, aloqadorlik va rivojlanishlarni falsafiy jihatdan tushunib yetish juda qiyinlik bilan kechdi. Sababi: insoniyat taraqqiyotining juda uzoq davrlarigacha kishilar kosmosni, oʼsimliklar, hayvonot dunyosini, hatto kishilarning oʼzlarini ham oʼzgarmas, doimo bir xilda turadi, deb bilishgan. Dunyoning oʼzgaruvchanligi, undagi narsa va hodisalarning bir-birlariga bogʼliqligi toʼgʼrisidagi tasavvurlarning paydo boʼlishi insoniyatning dunyoni bilishi jarayonida juda katta kashfiyot boʼlgan.
Dunyoning oʼzgaruvchanligi toʼgʼrisidagi dastlabki fikrlar ham qadimgi Xitoy, Hindiston hamda Yunonistonning falsafiy taʼlimotlarida ilgari suriladi. Qadimgi davr faylasuflari, garchi hali harakatning turli koʼrinishlari va xillari toʼgʼrisida ilmiy dalillarga ega boʼlishmasa ham, borliqning umumiy oʼzgaruvchi xarakteri haqida oʼz davrlari uchun yangi fikrlarni ilgari surishadi.
Kishilar dastlabki vaqtlardan boshlab oʼz tajribalarida narsa, hodisalardagi oʼzgaruvchan xususiyatlar bilan birga, ularda maʼlum barqaror, oʼzgarmas xususiyatlarning ham mavjudligini anglay boshlaganlar. Nihoyat, dunyo oʼzgaruvchanmi, yoki oʼzgarmasmi? degan savollar paydo boʼlib, bu savollarga mutafakkirlar tur¬li xil javob berganlar. Аmaliyot bergan koʼpdan-koʼp maʼlumotlarga va oʼz kundalik tajribalariga tayangan koʼpchilik mutafakkirlar dunyo oʼzgaruvchan, deyishgan. Lekin bunga qarama-qarshi boʼlgan, dunyo oʼzgarmas, barqaror, deyuvchi mutafakkirlar ham oʼzlarining muayyan asoslariga ega boʼlishgan. Natijada, dunyoning, undagi narsa va hodisalarning ham oʼzgaruvchan, ham barqaror oʼzgarmas xossalari haqidagi qarashlar kelib chiqadi. Haqiqatan ham, narsa va hodisalar maʼlum vaqt ichida har qancha oʼzgarsa ham, ayni vaqtda ularning maʼlum tomonlari oʼzgarmay qolaveradi. Xullas, bunday qarashlar toʼplana borib, narsa va hodisalarning qarama-qarshi tomonlari, ular oʼrtasidagi ziddiyatlar haqidagi qarashlar tufayli falsafada rivojlanish gʼoyasi kelib chiqadi.
Rivojlanish gʼoyasi inson ongida uzoq asrlar davomida shakllanib boradi. Dastlab kishilar rivojla¬nish toʼgʼrisida hech bir tasavvurga ega boʼlmagan. Lekin keyinchalik ular dunyodagi narsa va hodisalarda yuz beradigan turli xil oʼzgarishlarni anglay borib, dunyo¬ning uzluksiz harakatda, oʼzgarish va rivojlanishda ekanligini tushuna boshlaganlar. Ular, shu bilan bir¬ga, tabiat va jamiyat voqea-hodisalarida juda koʼp davriy, takrorlanuvchi hodisalarni ham bila borganlar. Masalan, yil fasllari, kun bilan tunning oʼrin almashishi va shular kabi. Lekin dastlabki davrlarda mutafakkirlar rivojlanishni butunlay yangi narsaning, yangi bosqichning paydo boʼlishi, deb tushunish darajasiga koʼtarila olmaganlar.
Rivojlanishni butunlay yangi sifat oʼzgarishi, eskiga nisbatan jiddiy yangining paydo boʼlishi, deb tushunishda Uygʼonish davri Sharq va Oʼrta Osiyo mutafakkirlari, keyinchalik esa oʼrta asr xristian, diniy va tarix falsafasi mutafakkirlari bir qadar oldinga ketadilar. Ularning qarashlarida rivojlanish gʼoyasini insoniyat jamiyati tarixiga tatbiq etishga urinishlarni uchratamiz.
Rivojlanish gʼoyasini bir butun dunyo rivojlanishi bilan bogʼlab tushunishda muhim qadamni birinchi boʼ¬lib frantsuz faylasufi Rene Dekart qoʼyadi. U, dunyoni xudo yaratayotib, unga dastlabki turtkini kiritgan va uni harakatga keltirgan, deydi. XVIII asr frantsuz maʼrifatparvarlari Volьter va Russo inqilobiy qayta qurishni oʼz ichiga olgan tarixiy rivojlanish gʼoyasini ilgari surishadi. Ularning izdoshi Kondorse esa oʼzi¬ning jamiyatning ilgarilama harakati, uzluksiz taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimotini yaratadi. Bu muta¬fakkirlar oʼz qarashlarida gʼoyaviy omillar (masalan: ahloq, din, huquq va shu kabilar) jamiyatni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi asosiy kuchlardir, degan gʼoyani ilgari suradilar.
Nihoyat, rivojlanish toʼgʼrisidagi har xil qarashlarning sintezi sifatida bir butun taraqqiyot nazariyasi faqat nemis klassik falsafasidagina paydo boʼldi. Bu falsafaning asoschilaridan biri Immanuilь Kant rivojlanish gʼoyasini quyosh sistemasi va barcha yulduzlar dunyosini izohlashga tatbiq etib, uni hatto insonning ijtimoiy rivojlanishiga, xususan, insonning ahloqiy rivojlanishiga ham joriy etishga urinadi. Kantning shogirdi Gerder esa rivojlanish gʼoyasini butun xalqlarning tarixi taraqqiyotiga va insoniyat madaniyati taraqqiyotiga birinchi boʼlib tatbiq etadi. Bu davrga kelganda, dialektika tushunchasi endi rivojlanish gʼoyasini ifodalay boshlaydi.
Dialektikani rivojlanish haqidagi har taraflama, mazmun jihatdan boy va chuqur taʼlimot sifatida birinchi marta nemis klassik falsafasining buyuk vakili Gegelь ishlab chiqdi. Gegelning ulugʼ xizmati shu boʼldiki, u birinchi boʼlib, butun tabiiy, tarixiy va maʼnaviy dunyoni bir jarayon shaklida, yaʼni uzluksiz harakat qilib, oʼzgarib, qaytadan tuzilib, taraqqiy qilib turadigan holda koʼrsatdi va bu harakat bilan taraqqiyotning ichki bogʼlanishini ochib berishga urindi. Natijada, insoniyat tarixi insoniyatning oʼzining taraqqiyot jarayoni sifatida maydonga chiqdi va endilikda tafakkurning vazifasi bu jarayonning barcha yanglishib yurishlari ichida uning izchil bosqichlarini kuzatib borish va zohiriy tasodiflar orasida bu jarayonning ichki qonuniyatlarini isbot etishdan iborat boʼlib qoldi.
Gegelning taraqqiyot toʼgʼrisidagi bu qarashi dia¬lektika haqidagi falsafiy taʼlimotni yanada boyitadi. Gegelь birinchi boʼlib dialektikaning barcha kategoriyalari va qonunlarini taʼriflab bergan edi. Lekin dialektika Gegelda mistiklashtirilgan, bir tomonlama, boshi bilan turgan dialektika edi. Chunki Gegelning fikricha, dialektika «fikrning har qanday ilmiy kengaytirilishining harakatlantiruvchi jonidir va u shunday bir printsipdan iboratdirki, bu printsip yolgʼiz oʼzi fanning mazmuniga immanent aloqa va zaruriyat kiritadi».
Keyingi davrlarda fan va amaliyot rivoji natijasida dialektika tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotining, ulardagi aloqadorlik va bogʼlanishlarning eng umumiy qonunlari haqidagi fan; voqelikdagi narsa va hodisalar, ularning fikriy inʼikoslari oʼrtasidagi munosabatlarni ifodalovchi printsiplar, ularni doimo oʼzgarish va rivojlanishda, ichki ziddiyatlar taqozosi bilan yuz beradigai «oʼz harakati»da, deb qaraydigan bilish nazariyasi; har tomonlama boy, ziddiyatlarga toʼla tarixiy taraqqiyot haqidagi taʼli¬mot sifatida maydonga chiqadi.
Bu dialektika bir butun borliqning eng umumiy aloqadorligi, oʼzgarishi va taraqqiyoti toʼgʼrisidagi taʼlimot sifatida ham moddiy dunyoga, ham uning inʼikosi boʼlgan inson bilishiga xos taʼlimotdir. Shunga koʼra bu dialektika oʼz ichiga obʼektiv va subʼektiv dialektikani oladi. Bunda moddiy dunyoning, undagi narsa va hodisalarning aloqadorlik va bogʼlanishlari, ularning harakati, oʼzgarish va rivojlanishlari obʼektiv dialektikani tashkil etadi. Moddiy dunyoning inson miyasidagi inʼikosiga xos boʼlgan bilish jarayonining dialektikasi subʼektiv dialektika — obʼektiv dialektikaning kishilar miya¬sidagi inʼikosidir. Demak, obʼektiv dialektika — bu narsalar, buyumlar dialektikasidir; subʼektiv dia¬lektika esa, obʼektiv dialektikaning inson ongidagi inʼikosi — yaʼni, tafakkur dialektikasidir.
Obʼektiv dialektika subʼektiv dialektikani vujudga keltiradi. Bu jihatdan dialektikaga yangicha yondoshish Gegelь dialektikasidan tubdan farq qiladi. Gegelь dialektikasiga koʼra fikr, tafakkur dialekti¬kasi narsalar, buyumlar dialektikasini yaratadi, yaʼni subʼektiv dialektika obʼektiv dialektikani tugʼdiradi. Boshqa faylasuflarning taʼlimotiga koʼra esa, aksincha, narsalar, buyumlar dialektikasi fikr, tafak¬kur dialektikasini yaratadi.
Dialektika borliq, yaʼni tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi aloqadorliklar va rivojlanishlarning umumiy qonuniyatlari haqida bizga toʼgʼri yoʼnalish berib, dunyoni oʼzlashtirish va oʼzgartirish yoʼllarini koʼrsatib beruvchi nazariyadir, usuldir. Dialektika dunyoning haqiqiy ilmiy manzarasini yaratib, kishilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. Chunki ilmiy asoslangan dialek¬tika, birinchidan, dunyodagi har bir narsa yoki hodisaning hamma tomonlarining bir-birlariga bogʼliq boʼlishi va bir-birlari bilan juda mustahkam aloqador ekanligi toʼgʼrisida chuqur maʼlumot bersa, ikkinchidan, u bosib oʼtilgan bosqichlarni takrorlanayotgandek boʼlib koʼrinadigan, lekin ularni boshqacha, yanada yuqoriroq negizda takrorlaydigan taraqqiyot, toʼgʼri chiziq bilan emas, balki spiral tarzda boradigan, maʼlum holatlarda boshlangʼich holga goʼyo qaytganday boʼ¬lib koʼringan, maʼlum tanazzullar va boʼhronlar bilan boʼladigan ilgʼor taraqqiyot toʼgʼrisidagi taʼlimot hisoblanadi.
Dialektika kishilarning, ularni qurshab turgan dunyoni bilishining umumiy usuli sifatida dunyoga dialektik qarashni vujudga keltirgan.
Dunyoga dialektik qarash — bu barcha narsa va hodisalarni, ularning inson miyasidagi inʼikoslari — inson bilishini ham oʼzaro aloqadorlikda va bogʼlanishda, qarama-qarshiliklar birligi va kurashida, miqdor va sifat oʼzgarishlarining bir-biriga oʼtishida, eskining oʼrnini yangi egallashida, xullas, ularni «oʼz harakati»da, oʼzgarib va rivojlanib turishida, paydo boʼlib va yoʼq boʼlib turishida, va ayni vaqtda hamma narsa oʼzaro bogʼliqlik va aloqa-dorlikda va oʼzaro munosabatda, deb tushunishdir. Bunday tushunish dialektik qarashni vujudga keltiradi. Dunyoga dialektik qarash dialektik tafakkurni yuzaga keltiradi.
Dialektik tafakkur subʼekt tafakkurining rivojlanish darajasiga ham bogʼliqdir. Tabiat va jamiyatda pirovard natijada hamma narsa dialektik tarzda yuz beradi. Bu dialektik jarayon subʼekt miyasida inʼikos etganda, paydo boʼlgan tasavvur va tafakkur yo metafizik yoki dialektik yoʼl bilan hosil qilinishi mumkin. Dialektik tafakkur shu jihatdan inson tafakkuri taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichiga xosdir. Dialektik tafakkur borliqdagi narsa va hodisalar asli qanday boʼlsa, ularning subʼekt miyasida muayyan fikr shaklida xuddi shunday aks etishidir. Dialektik tafakkur — bu dialektik fikrlash usuli. Dialektik tafakkur ham tabiatshunoslik va ijtimoiy fikr taraqqiyoti bilan oʼzgarib, rivojlanib boradi. Uning keyingi davr ijtimoiy taraqqiyot bilan, jahon xalqlari hamjamiyatlarining vujudga kelishi bilan bogʼliq yuzaga kelgan shakli, bu — yangicha tafakkurdir. Yangicha tafakkurning asosini jamiyatni dia¬lektik tushunish tashkil qiladi. Dialektik tafakkur usuli oʼz mohiyati bilan sofistik, eklektik va dogmatik tafakkur usullaridan tubdan farq qiladi.
Tafakkurning sofistik, eklektik, metafizik-dogmatik usullari dialektik tafakkur usulining muqobillaridir. Ular inson tafakkuri faoliyatining turli qirralari sifatida bir-birlariga ham qarama-qarshi, ham, ayni vaqtda, bir-birlarini toʼldiradilar.
Ularning har birining inson tafakkuri jarayonida oʼz oʼrni bor. Biz ularning har biri bilan qisqacha tanishib chiqamiz.
Sofistika . Sofistik tafakkur usuli dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo boʼlib, oʼrta asrlarda, ayniqsa keng tarqaladi va rivojlanadi.
Qadimgi davr yunon falsafasida biron-bir xunarni yoki biron bir bilim sohasini mukammal egallagan kishilar sofistlar, deb atalgan boʼlsa, keyinchalik oʼrta asrlarga kelib, notiqlik, donishmandlik, bilimdonlik bilan nom chiqargan kishilar ham, turli omonim soʼzlar asosiga koʼrilgan turli fikrlar bilan kishilarning boshini qotiradigan, ustamonlik bilan ular fikrlarini chalgʼitadigan kishilar ham sofist¬lar, deb atala boshlanadi.
Sofistik tafakkur usuli yoki sofistika muhokama jarayonida bilib turib, ataylab yolgʼon asoslardan yolgʼon xulosalar chiqarish asosida fikr yuritish usulidir. Shu sababli sofistikani Forobiy «yolgʼondakam donolik» deb, izohlaydi. Uning fikricha, sofistik tafakkur usuli bilan fikr yurituvchi kishi oʼrganilishi lozim boʼlgan narsalarni oʼrganishda aqlni toʼgʼri yoʼldan chalkashtiradi va yolgʼonni rost shaklda tasavvur qilishga majbur qilib, kishini toʼgʼri fikrlashdan adashtiradi.
Sofistika ijtimoiy ildizlarga ega. Sofistik tafakkur usuli haqiqatni ataylab buzib, yolgʼon fikrni haqiqat sifatida koʼrsatishga asoslanadi. Bu narsa doimo maʼlum manfaatdan kelib chiqib qilinadi. Bunga odatda formal mantiq qonunlarining talablaridan kelib chiqib yondashish ham imkon tugʼdiradi. Sofistik tafakkur usulida kishi rasmiy formal taʼriflar bilan cheklanadi va shu asosda fikr yuritadi. Lekin sofistik tafakkur usulini ham faqat salbiy jihatdan qarash toʼgʼri emas. Sababi: sofistik ta¬fakkur usuli ilmiy bilishda, haqiqatni aniqlashda salbiy rol oʼynasa ham, biroq u sanʼatda, har xil komik vaziyatni yaratishda, badiiy tasvirda ijobiy rol oʼynaydi.
Sofistik tafakkur usuli ham inson tafakkurining bir qirrasi, bir tomoni sifatida tafakkurning rivojlanishida muhim rol oʼynaydi. Dialektik tafakkurning qaror topishida sofistik tafakkurning oʼziga xos muhim oʼrni ham bor. Forobiy yozganidek, mantiq qonunlariga qatьiy boʼysuniladigan fikr jarayoni sofistik tafakkur usulidan kishini xalos qiladi.
Fikrning mantiqiy boʼlishi uchun u formal mantiq qonunlaridan dialektik mantiq qonunlari darajasiga koʼtarilishi lozim.
Eklektika. Dialektik tafakkur usuliga muqobil boʼlgan tafakkur usullaridan yana biri bu eklektikadir.
Eklektik tafakkur usuli ham dastlab qadimgi yunon falsafasida yuzaga keladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, Oʼrta asr falsafasi va yangi zamon falsafasi sxolastiklari qarashlarida keng qoʼllaniladi. Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va nomuhim, asosiy va asosiy boʼlmagan xususiyatlari, ular oʼrtasidagi bogʼlanishlar mexanik ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va hodisalarga, ularning bogʼlanishlariga konkret (aniq), muayyan makon va zamonda, muayyan vaziyat va shart-sharoitda yondashmaslik, ulardagi asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik tafakkur usuli paydo boʼladi. Eklektik tafakkur usuli, ayniqsa, rahbarlikda rahbarning amaliy va nazariy faoliyatida, uning turmush ilgari surayotgan masalalarni toʼgʼri hal qilishiga katta xalaqit beradi. U bunda narsa va hodisalarni, ularni tugʼdirgan hayotiy muammolarning qaysi biri muhim, qaysi birini birinchi navbatda hal qilishni bilmaydi, u voqealar zanjiridagi asosiy xalqalarni asosiy boʼlmaganlardan ajrata olmaydi.
Eklektik tafakkur usuli turli sohalarda turlicha koʼrinishlarda namoyon boʼladi. Eklektik tafakkur usu¬li asosida ham formal mantiq qonunlaridan notoʼgʼri foydalanish, narsa va hodisalar mohiyatiga yuzaki yondashish yotadi.
Natijada, dogmatik tafakkur qaror topadi.
Dogmatika. Dogmatik tafakkur falsafadagi amaliyot va fanning yangi maʼlumotlarini hisobga olmay, konkret makon va zamon bilan bogʼliq boʼlmagan, oʼzgarmas tushunchalar va qoidalar bilan ish koʼruvchi tafakkur usulidir. Dogmatik tafakkurning asosini metafizika tashkil qilib, u dastlab so¬fistik tafakkur usuliga qarama-qarshi oʼlaroq, vujudga keladi. Dogmatik tafakkurning paydo boʼlishi tarixan metafizik usulning qaror topishi va rivojlanib borishi bilan bogʼliqdir. Dastlab tabiatshunoslik fanlari sohasida tabiatni tekshirish usuli sifatida paydo boʼlgan metafizika «tabiatdagi buyumlar va jarayonlarni bir-biridan ajratilgan holda, ular oʼrtasidagi umumiy bogʼlanishdan tashqarida tekshirishga va shuning natijasida, ularni harakat holatida emas, balki harakatsiz holatida - muhim darajada oʼzgaradigan narsa sifatida emas, balki oʼlik narsalar sifatida tekshirishga» kishilarni odatlantirib qoʼya boshlaydi. Bunday tekshi¬rish va tushunish bora-bora oʼziga xos dogmatik tafakkur usulini vujudga keltiradi.
Metafizik-dogmatik fikr qiluvchi kishi nazarida, buyumlar va ularning fikrdagi inʼikoslari, yaʼni tushunchalar bir-biridan keyin va bir-biriga bogʼliq boʼlmagan holda tekshirilishi lozim boʼlgan ayrim-ayrim, oʼzgarmas, qotib qolgan, hamisha bir zaylda turadigan narsalardir. Uning nazarida, buyum yo mavjuddir, yoki mavjud emasdir va xuddi shuningdek, bir narsa ayni zamonda shu buyumning oʼzi va yana boshqacha boʼla olmaydi. Musbat narsa bilan manfiy narsa bir-birini mutlaqo istisno qiladi... Bu tafakkur usuli, dafʼatan qaraganda, bizga tamomila maqbul boʼlib koʼrinadi.
Oʼrta asr falsafasida metafizika teologiyaning falsafiy asosi qilib olinishi bilan diniy aqidalarga ishonish talablari kuchayadi. Bu oʼz navbatida dogmatik tafakkurning yanada keng tarqalishiga sabab boʼladi. Faqat dialektikaning paydo boʼlishi bilan, metafizik tafakkurning ilmiy jihatdan asossizligi maʼlum boʼlgandan keyingina, dogmatik tafakkur oʼzining falsafiy asosidan mahrum boʼladi. Lekin dogmatik tafakkur hozir ham mavjud. Dogmatik tafakkurning mavjudligi, avvalo, inson oʼz bilish jarayonida baʼzan bilishning biron bir tomoni yoki biron holatini nooʼrin mutlaqlashtirishi bilan chambarchas bogʼliqdir. Shu bilan birga, dogmatik tafakkurning mav¬judligi hozirgi zamon falsafasida olamning oʼzgaruvchanligi va rivojlanishi gʼoyasini inkor etuvchi antidialektik (yaʼni metafizik) kontseptsiyalarning mavjudligi bilan hamda dialektikani bilmaslik yoki tushunmaslik bilan ham bogʼliqdir.
Dogmatik tafakkur, ayniqsa, siyosatda juda xavflidir, u bunda sektantlikka, subʼektivizmga, amaliyotdan uzilishga, ijodiy jarayonlarni toʼxtatishga, ijodiy gʼoyalar, nazariya va taʼlimotlardan voz kechishga, hamma sohada sodir boʼladigan yangiliklarni oʼz vaqtida payqamaslikka, istiqbolni oldindan koʼrishga toʼsqinlik qiladi. Dogmatik tafakkurga ega kishilar, ayniqsa, rahbarlik sohalarida jamiyatga juda katta zarar keltiradilar, ular jahon (jamiyat) taraqqiyotining oʼzgargan sharoitlarini hisobga olmasdan, oʼzlari koʼnikkan vaziyatga muvofiq eski qarashlarga qattiq yopishib olib, ish tutadilar va fikr yuritadilar. Buni biz Oʼzbekistonning oʼz mustaqil taraqqiyotini boshlab yangicha rivojlanish yoʼliga oʼtgan davrda baʼzi oʼrta boʼgʼin rahbar kishilar faoliyatlarida yaqqol uchratdik. Bunga ham sobiq Ittifoq davridagi 74 yillik fanimiz va falsafamiz tarixidan koʼplab misollar keltirish mumkin.
Umuman, dogmatik tafakkurning hamma xildagi koʼrinishlariga qarshi kurash olib borib, dialektik tafakkurni hamma sohada keng qaror toptirish lozim. Faqat dialektik tafakkurgina ijtimoiy taraqqiyotning tarixiy ehtiyojlarini, eski shakllarning yangi rivojlangan mazmunga muvofiq kelmasligini, insoniyatning taraqqiyotini taʼminlovchi yangi shakl va mazmunga oʼtishning zarurligini toʼgʼri hisobga olishga yordam beradi.
Download 25.26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling