Ajiniyoz nomidagi nukus davlat pedagogika instituti


Download 71.14 Kb.
Sana01.05.2020
Hajmi71.14 Kb.
#102678
Bog'liq
Mahliyo.doc


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

TURKIY TILLAR FAKULTETI

O‘ZBEK ADABIYOTI KAFEDRASI

O‘zbek tili va adabiyoti bakalavr ta’lim yo‘nalishi

4- „B“ guruh talabasi ISKANDAROVA MAHLIYO’’ning

Navoiyshunoslik“ fanidan „ SHE’RIY ASARLARDA NAVOIY TIMSOLINING YARATILISH TADQIQI“ mavzusida tayyorlagan



MUSTAQIL ISHI

Qabul qildi: H.Allambergenov

Nukus – 2019-2020- o‘quv yili

REJA:

Kirish

Asosiy qism

1. Alisher Navoiyning bugungi shoirlar ijodidagi timsoli

2. G’ofur G’ulom va Mirtemir she’rlarida Navoiy obrazi

3. Alisher Navoiyning she’riy va nasriy asarlardagi solishtirma timsollari

4. Xulosa



  1. Abdulla Oripov


ALISHER

Jahonki mukaddas neni ko’ribdi,—


Bariga onasan, ey qodir hayot.
Besh yuz yil naridan boqib turibdi,
Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.

Shu buyuk o’g’lingni ardoklab dildan,—


Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.
Uning nomi bilan birga bitilgan
Dunyo daftarida o’zbek degan nom.

Boykaro irg’ishlab istak otida


Jahonga boqqanda misli bola sher,—
Hirot darvozasin bir kanotida
She’riy lashkarini tizgan Alisher.

Dunyoda biror nom holdirmoh uchun


Yurt buzish shart emas, degan gap-ku, rost.
Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,
Alisher qalamni ko’rsatgan, xolos.

Tun bilan tong erur tashbehda udum,


Misoli zahru may, hajru shakar lab.
Kimnidir quyoshday eslasa mardum,
Kimnidir zulmatday yurarlar qarg’ab.

Nido tingla, bu kun, yurting tarafdan,


Ey, yiroq Hirotda maskan topgan er!
Ogoh bo’l, Alisher, sen ushbu gapdan:
Har ikki nabirang — biri Alisher.

Baytingga bir bora hovushgan har lab,


Takrorlab ketgusi mahshargacha to.
Qaratib turibsan bu yon, ne ajab,
Milliard martabali jahonni hatto.

Birovlar nazdida johil Osiyo


Fakat zavol ko’rib, ko’rmagan kamol.
Muso iltijosi yetdi-yu go’yo,
Hah Tur tog’i uzra ko’rgazdi jamol—

Jahon mehrobida paydo Alisher…


Shodmon qasida ayt sen ham, ey huyosh!
Besh yuz yil.unga ham nima gap axir,
Mingga hadam ho’ydi yigirma besh yosh.

1968


Shavkat Rahmon
SHOIRLAR XIYOBONIDA

Har mahin laylida


jonlanar haykal,
jon kirar Navoiy hazratlariga.
Tongacha dunyoni aylanib qaytar,
bezib haykallarning hasratlaridan.

Ayniqsa,
bahorni xo’b ko’rar hazrat,


jannatday shaharning harir shablari,
bulduruq shu’lalar yoshartgan ravza
ancha ravshan qilar nozik ta’blarin.

Istaklar
shabiston qavatlarida


ishqu noz mayidan bo’lganda luchchak,
xo’bro’ylar zulumot valatlariga
bargak lablaridan berganda muchchi,

hazrat dunyo kezar,


ko’hsoru yovar
mazgildan o’tarkan bamisli sharpa,
go’yoki tagida chaqmoq — takovar,
bir kech Hirot jonib,
bir kecha — Mashhad.

Doim tonglab qaytar,


chiqar taxtga
tinglar haykallarning hasratlarini.
Yuragi ezilar bo’lgancha karaxt —
oyog’i yo’q edi pastdagilarning…

Ammo osmon yiroq,


zamin qattiq-da,
tag’in andomiga qaytar tolg’inlik.
Tag’in xayol surar turgancha tikka,
hazratni qiynaydi hamon yolg’izlik.

Xurshid Davron
ALISHER NAVOIY

Qo’lga qalam olgan olis kun,


she’r yozishni boshlagan ondan,
qabringizga bosh egmoq uchun
borgim kelar O’zbekistondan.

Samarqanddan chiqsam men yo’lga,


ko’kda quyosh hali qizarmay,
suhbatimiz qizisin deya
olay bobom chordog’idan may.

Chiqsam shahar bag’ridan so’nggi


xazonlarni birma-bir bosib,
va kuzatsin kun nuri so’nib,
Go’ri Mirning moviy gumbazi.

Kechib o’tsam Amudaryoni


hilol bilan birga barobar,
kechib o’tsam beshta dunyoni
va Hirotga kirsam tongotar…

Uyog’ini etmam tasavvur,


yig’i qisar ko’ksimni birdan.
Yashayapman qabringiz bir qur
ko’rib o’lmoq niyati bilan

va siyohi qurib bitmagan


she’rlarimga turib yuzma-yuz,
har kun tunda yo’lga chiqaman,
har kun tongda qaytaman ma’yus.

1980


ALISHЕR NAVOIY

Sonetlar turkumidan

Dil suvi, ko‘zimni so‘qir qilsang ham,
Dilimni ko‘r qilma, dunyoni ko‘ray.
Sahrodan o‘turman, tashna qildi g‘am,
Olisdan bo‘lsayam daryoni ko‘ray.

Qachon jahongirning mujdasi o‘ldi,
Qachon mushuklarga aylandi sherlar?
Qachon alamlaru dardlarga to‘ldi
Men hali qog‘ozga bitmagan she’rlar?

Shafqat tiladimu, tig‘ tutdi qo‘lim!
Janggohga chiqdim man – ishq fuqarosi,
Ketsin, dedim, yurtdan jaholat – o‘lim.

Tilim, ko‘zim oqi, ko‘zim qarosi,
Sen belim madori – irg‘ay hassamsan,
Avlodlarga meros o‘tli qissamsan.

1985

BЕSh ASR – BЕSh LAHZA

“XAMSA”ning 500 yilligiga

Besh asr – besh lahza mangulik uchun,


Daho so‘zi vaqtga qilmas e’tibor.
O‘limdan olar u hayotning o‘chin,
Balo-yu qazolar unga qilmas kor.

Gar o‘zbek umrimni qanday yashadim,


Deb kechgan yo‘liga nazar tashlasa,
Quyoshlar makoni Asqartog‘dayin
Ufqni to‘sgancha yuksalar “Xamsa”.

“Xamsa” – bu, Navoiy panjasi erur,


Xalqini zulmatdan to‘sib turguvchi,
“Xamsa” – bu, Navoiy ko‘zidagi nur,
Cho‘g‘lari dillarga tushib turguvchi.

U – Navoiy ko‘ksi, xalqini xundor,


Qora qismatlardan to‘sguvchi qalqon,
“Xamsa” so‘zlarida telba olov bor,
O‘qisang, ko‘ksingda jo‘shadi vulqon.

Besh asr, o‘n asr – mezon emas Vaqt,


Mezon tiriklikdir,
Mezon – shu hayot.
Bu qadim so‘zlardan qo‘rqqan yog‘iylar
Toki tirik ekan, “Xamsa” barhayot.

Hamon ko‘zlarimni tiksam qog‘ozga,


Zanjirni uzar-da ozod bo‘lar sher.
Mening hasratimga hayrat qo‘shadi.
Navoiy qalbidan qalqib chiqqan she’r.

Hamon hayajonga to‘la tunlari


Achchiq iztirobga berolmasdan dosh.
O‘t kabi kuydirib o‘tar yuzimni
Navoiy ko‘zidan qalqib chiqqan yosh.

“Xamsa” – bu, bamisli biz tushgan kema,


Olisdan-olisga bormoqda suzib,
U – qo‘shin, Navoiy, kelajak deya
Bormoqda so‘zlardan besh cherik tuzib.

Bugun Navoiyning mehrga to‘la


Kafti bo‘lib silar boshimizni u,
Shu sabab oldinga yurmoqqa dalda
Berar u – ko‘zlarni chulg‘asa qayg‘u.

Shu sabab so‘zfurush, yurtfurushlarga


Qarshi odil jangga hayot chorlasa,
Tap tortmay chiqqan choq janggohlarga biz,
Ortda qo‘shindayin yuksalar “Xamsa”.

Qarshimda ko‘raman yodgorlarni man,


Ko‘raman makrli yosumanlarni,
Toki sen borsan-ki, “Xamsa”, yengaman,
Yengaman jang chog‘i shum dushmanlarni.

Jangda chekinmoq yot!


Jangga kirgin, she’r!
Bu jangda g‘olib bo‘l, yo bo‘lgin qurbon
Axir, tingla, ortdan eshitilmoqda
Navoiy nafasi – tolg‘in, parishon.

Sen ortga qayrilib qarama, toki


Seni qiynamasin bobomning ko‘zi.
Sen oldga intilgin, oldinda yangrar
Mangulik timsoli – Shoirning so‘zi!

1985

Matnazar Abdulhakim
DA’VAT
Xurshid Davronga

Ne kerak zaminni titratmas surur,


Ko’kni qaltiratmas ohni netamiz.
Ko’p ham davronnishin bo’lavermay, yur,
Hazrat Navoiyga ketamiz.

O’tmishni unutib qo’ysak, tushov shu


Kelajakka yelgan xayol – G’irotga.
Hech mahobat qilmay, ko’tarmay shov-shuv,
Bir borib kelamiz qadim Hirotga.

Teran bir anduhga qilamiz safar,


Jo’naymiz, do’stginam, yuksak bir baxtga.
“O’n million, yuz million va milliard nafar»
Hammamiz sig’amiz she’riyat — taxtga.

Hali jabru sitam ko’hnaygani yo’q.


Bir qiz bor, azobi o’limdan yomon.
Ketdik, “Chor devon”da har bir kiprik – o’q,
Ketdik, “Chor devon”da har bir qosh — kamon.

Asta qilich serpab qiyo qarashlar,


Yurakka soladi hech bitmas yaro.
Lekin zid kelsa ham dunyoqarashlar,
Bizni dorga tortmas Husayn Boyqaro.

Hikmatga yo’g’rilgan unda har bisot,


Qaroqqa joylaymiz bari-barini.
Bir borib kelamiz.
Tushimda ul zot
Qattiq sog’inibdi nabiralarini…

Shukur Qurbon
NAVOIYNI ANGLASH

Tarix, degani bu — jang-jadal emas,


So’zdir u , so’zlarda aks etgan ma’no.
Balki turkiyni ham birov til demas,
Navoiy nazmidan tuymasa navo.

Uyg’oq shuur bilan xayolga tolsak,


Navoiy va iymon — egiz tushuncha.
Shoirga biz qancha yaqin borolsak,
Xudoga yaqinlab borurmiz shuncha.

El g’amin o’ylagan bari bir o’lmas,


Uni kutar doim taqdir alomat.
Bu teran nolalar hech qachon so’lmas,
Ko’ngilni avaylab-asrar salomat.

«Ey, Navoiy», deya chorlar o’zini


Muhabbat yo’liga, mehr yo’liga.
«Ey, Navoiy» — jahon ochar ko’zini,
Tilla tushgan kabi gadoy qo’liga.

«Ey, Navoiy» — quyosh tushar samodan,


Ketar poy-piyoda ufqlar oralab.
Yurak entikadi toza havodan,
Metin dardlarini tilka-poralab.

Avlod-avlodlarga hamisha yor u,


Turli xalqlar aro raso qaddimiz.
«So’zimni eshit», — deb bizlarga zor u,
«Biz ham zor», — deyishga bormi haddimiz?

Aziz Said
Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik

Samum suyak simmillatar,


Nafas tog‘ni qimmillatar,
Nigoh qadam immillatar,

Biz yo‘lchimi, ul yo‘lchimi bilmay qoldik,


Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.

Qafas qo‘lda kumushmidi, tillomidi,


Fo‘ta belda qamishmidi, hullomidi,
Malak dilda oqqushmidi, Ollomidi,

Biz yo‘ldami, ul yo‘ldami bilmay qoldik,


Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik…

«Roviy to‘xta, g‘ayb manzar: oynaga qara,


Sochlarida tun uxlagan sarvlarga qara,
Uchsang qanot ulashguvchi maylarga qara,
Ibodat shul – dutor, tanbur, naylarga qara,
Raqqos ruhga ishqni kiydir, kuylarga qara!..»

Bul qanday oyatdir, qaysi kitobdan,


Vujud kosasiga suflayotgan kim.
Iymonkush pichog‘ing buncha muloyim,
Rishtamga o‘zimni puflayotgan kim.

Boshdin tovongacha jilg‘a jildirar,


Firoq chechaklari oqar, kuldirar.
Kim qanot chayadir, kim pichoq chayar,
Bul ikki ta’m axir bizni o‘ldirar.

Biz manzilmi, ul manzilmi bilmay qoldik,


Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.

Suyak ekib hosil kutar bir obid,


Qopqon tutib mehmon kutar bir obid,
Kosa liq-liq, olov kutar bir obid,

Biz mehmonmi, ul mehmonmi bilmay qoldik,


Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.

Qozon to‘la quyoshni qovuradi bir kampir,


Oyni sog‘ib nurlarin yog‘diradi bir kampir,
Yo‘lni o‘rib elakda sovuradi bir kampir,

Biz mezbonmi, ul mezbonmi bilmay qoldik,


Karvon tortib Navoiyga kelib qoldik.

Ne’matullo Ibrohim
NAVOIYDAN KEYIN…

Kimlarni topdi axtarib ko’zlar Navoiydan keyin?


Buncha g’aribu muztarib So’zlar Navoiydan keyin.

Qayda nafosat maktabi, nedur go’zallar matlabi?


Bormi zamonda Gul kabi qizlar Navoiydan keyin?

Hazrat Qamar* erdi, yana kavkab** edi minglar anga,


So’ndi samoda necha yulduzlar Navoiydan keyin…

Irfonga kim mushtoq erur? She’r mulkida kim toq erur?


Ayting, nechog’lik oq erur yuzlar Navoiydan keyin?

Ko’rmam fasohat shohda ham, topmam adolat johda ham,


Ketmish o’chib bu rohda*** ham izlar Navoiydan keyin…

Umri kuzakka yetmadi… Ka’ba tavofin etmadi…


Sarg’aydi-yu, lek ketmadi kuzlar Navoiydan keyin.

Nafs ko’yiga ot soldig-ey, botil xayolga toldig-ey,


Qaysi maqomda qoldig-ey, bizlar Navoiydan keyin!?
———————————————————
*Qamar—Oy.
**Kavkab—yulduz.
***Roh—yo’l.

Asqar Mahkam
ALISHER NAVOIYNING SO’NGGI KUNLARI

Ramaq yovuq keldi endi, Mavlono,*


halqobalar bog’lar ko’zlarimda dor.
Vujudimda qoldi bir sizga sano,
she’ru vahdat aro beishq, beqaror.

magar bedordirman to ro’zi mahshar,


turbat ila diydor topar ko’zlarim.
manzil-maobingiz istab darbadar
nafas semurg’ida uchdi ruhlarim.

Nima ko’rdim ayyom hoqonlaridan?


Anushirvon kimdir?Kimdir sultoni?
Bexazon bog’larning xazonlarida
mening o’lmas jonim — tayr lisoni**

Mustamand kunlarim alhol yiroqdir,


men nishonni kovok aylagan ul tiyr.
Ruxu ruhim yilu oylarda dog’dir,
ko’ngil haramida bir mahram yo’qdir.

Iblismaqom odam sujudlarida,


tomug’ qopqasidan o’tmas yodlari.
Bexudlik kunlarim hududlarida
suru surush eltar fano bodlari.

Umr o’tdi. Qani hosilu ma’ni?


Va afsurda loshim kimga sig’indi?
Ey, Ishq, nangu nomus ko’chasi qani?
Junun nayrangida suyaklar sindi!

Mehrobiga orqa burgan a’yonlar,


sizga nima deyin men na’tlarimda?
Kulli ustodlarning ko’zlari yonar
qabih siyratlarning suvratlarida.

Qilu qol lafzida shaku beshaklar,


shoh xudodan kechsa, olomon — bedin.
Hirot bozorida bordir eshaklar,
odamfurushlarga men nima deyin?!

Navoiy men esam, menda hayronman!


ichimda ichakdek uzildi zorlar,
Iydlarga itlarga bo’lgan qurbonman —
tuzlug’im tubida o’rlaydi morlar.

Hey, suyak-suyagim chaynagan o’lim,


sen nechun evrilding jonim boshida?
Na odam, na olam neligin bildim
tah-batah osmonning yetti chohida.

Vidolar suykalar labimga taxir,


qonimdek quyilar bo’ldi yoshlarim.
Ne haqsan? Ne xalqsan? Nimasan, gapir,
ey, mening tuqqanim, ko’kaldoshlarim!

Tepamda Allohga mushtoq lomakon,


men — zinda zindoniy tunlar bag’rida.
Sen mening dardimni bilursan qachon,
ra’dlar zaxmi bor suyaklarimda.

Aytdim-ku, nihoyat yig’laydirsan, xalq!


sen menga tamasxo’r birla kulding, lek.
O, ruhlar ruhiga keltirmagil shak,
tirnog’in chirkini surgan muflisdek.

Sen — xalqsan! Joizdir senga ibodat.


Gar xudo bo’lsang-da, gar bo’lsang shayton.
Na shukr qildim men, va na shikoyat,
o’ldirgulik bir jon, o’lgulik bir jon.

Ramaq yovuq keldi, ma’zur Mavlono!


Halqobalar bog’lar ko’zlarimda dor.
Sujudimda bordir bir sizga sano.
Dag’i sizdan o’zga olamda kim bor!

Zebo Mirzo
OYBEK. “NAVOIY”NI O’QIB

Lipillagan sham yorug’ida


Dil qoniga botirib barmoq,
O’ltirardi Hazrat Navoiy
Tangri bilan sirlashib uzoq.

Manqaldonda miltillardi cho’g’…


…Darichadan to’kilgan oydek,
Asta chertib hujra eshigin
Kirib keldi Mavlono Oybek.

Takalluf va izzat-ehtirom


Yog’ilarkan har ikki yoqdan,
Yangi g’azal uzatar Hazrat,
Qurimagan hali siyohdan…

Yechiladi Oybek tillari


Xudo sir deb solgan tugundan.
So’ylab ketar “Qush tili”da u,
Tug’ilganday go’yo bugundan…

…YO tush ko’rdim, yoki sinoat,


Aqlu hushim chorbog’ ichinda.
Mulozimman, men bir mulozim,
Jim tingladim titroq ichinda.

Goh anglab, goh anglamay, lekin


Ko’rmoq uchun shu lahzani bot,
Sening sirli tunlaring bo’lib
Qolgim kelar, o, go’zal Hirot!

Mash’al Xushvaqt
HAZRAT NAVOIYGA

Og’zimda til emas, asrabman chayon,


Dil deb saqlaganim mushtdek tosh ekan.
Hali ham bilmabman ne ekan iymon,
Al’amon*, hazratim, al’amon!

Bandadan ko’ribman bor musibatni,


Ko’ngil mazraiga* ekibman yolg’on.
Bolamdek boqibman kek-xusumatni,
Al’amon, hazratim, al’amon!

Maysa so’liy boshlar, tushsa ko’z qirim,


So’zlarimdan nechun po’st tashlar ilon.
Nechun ko’zlarimdan oqqan yosh shirin,
Al’amon, hazratim, al’amon?!.

Nechun tavba bilan o’tsada kunim,


Ochilmas mag’firat eshigi hamon.
Bir siniq kalitday aylanar tilim,
Al’amon, hazratim, al’amon!

Yolg’ondan so’zimni xalos etayin,


Haromdan bo’g’zimni xalos etayin.
O’zimdan o’zimni xalos etayin,
Al’amon, hazratim, al’amon!
al’amon – ko’mak, yordam madad so’rash
mazra’ – shudgor, ekin ekiladigan yer

Nodir Jonuzoq
NAVOIY

Sirlarini ochar asta Navoiy,


Goh hazin, goh masrur sasda Navoiy.

Ishq do’konin bunyod qilmish muhtasham,


Har g’azali — gulgun rasta, Navoiy.

Oshiqadi unga bemor oshiqlar,


Ulashadi shifo xasta Navoiy.

Ulus dardin shimar dilga damo-dam,


Sevinch sochar dasta-dasta Navoiy.

Chechaklarga chang solganda g’addorlar,


Hayot shavqin ko’rar xasda Navoiy.

Muxoliflar bigiz sanchsa giz-gizlab,


Qalam yo’nmas alam-qasdda Navoiy.

Ko’k toqiga ot qo’ysa-da xayoli,


Pok nazari mudom pastda Navoiy.

Shaydo dillar davrasida soqiy ul,


Ishq mayidan mangu mast-da Navoiy.

Do’stlar, shoir bo’lolmasak, ayb etmang:


Bir millatga o’zi bas-da Navoiy!

Umid Ali
ALISHER NAVOIY

U havoga qorishdi—mutloq


Va tuproqday singidi yerga.
Hayot otliq jonu jahoni
Olam-olam ortildi she’rda.
Ruhi qanday pokiza—ma’sum,
Bahor kabi dilafgor, mayin.
O’z-o’zingdan poklanasan Sen
Uning uchun yig’lagan sayin.
Bilki,
Mazmun—ko’ngling to’lgan payt—
Shuuringda jonlansa hayot.
Osmonda—ruh, Yerda—vujuding…
Havoda-chi…suzsa dil — bayot.

Go‘zal Ro‘ziyeva
QUSH LISONI

Ko‘z o‘ngimda jonlanadi moziy damo-dam,


Qop-qora tun…Oq qog‘ozga to‘kiladi she’r.
Butun olam azal shunday yaralgandek jim,
Tinch uyquda… Yolg‘iz bedor— Hazrat Alisher.

Hazrat, ruhim aro bir qush kezar jonsarak,


Birda tinch, bir kengliklarga parvozni xohlar.
Halovatsiz, cho‘qqilardan boqar dunyoga
Garchi, unga yaqinroqdir maysa, giyohlar.

Sizning aytgan Haq vodiysi bormidi chindan,


Sabru-ranjning so‘nggi unga eltishi rostmi?
Inson bugun haqiqatga chindan mushtoq dam,
Bu manzilga yetmoq yolg‘iz qushlarga xosmi?!

Holbuki, vaqt o‘tsa hamki o‘shadir bashar,


Haqiqatning tarozisi egridir hamon.
Boshlarning eng tillalarin jallodga tutib,
Hamon keyin motam tutar shirakayf zamon…

“ Inson qalbi-Ka’ba…” degan aqidangizga,


Necha asr burun qalin chiziq tortilgan.
Bugun o‘shal Ka’balarning ko‘pi vayrondir,
Qolganiga tegirmonning toshi ortilgan!

Or va nomus, haq-nohaqlik, teng va tengsizlik …


Yana ko‘pin qadri yo‘qdir hatto bir miri.
Bu darz ketgan tushunchalar kemtiklarini,
Million Farhod tuzatolmas bugun, taqsirim…

Xullas, menga tuyuladi dunyo bir qafas,


Ichimda bir qush bor, garchi odam tal’atim.
Haqiqatning vodiysini qidirib chiqqan
O‘sha gala qushning biri – menman, Hazratim..!

Uzoq uchdim, qanotlarim toldi, horidi


Ortda qoldi ortimizdan tumanli bir iz.
Faqat endi yo‘l ko‘rsating, yaqinmi manzil?
Anglolmayin qoldim, qaysi vodiydamiz biz…

2. G’afurG’ulom


ALISHER

Yuksak tog’ oralab o’kirgan sherning


Na’rasiga tengdir aksi sadosi,
Besh yuz yil yangradi tog’day Vatanda
Buyuk Alisherning asriy nidosi.

Ona sutidan ham aziz narsa yo’q,


Bag’ir: forsiy — siyna, arabchada — sadr.
Ko’krak suti bilan boqqan o’g’lini
Ona yurt xalqlari qilmoqdadir qadr.

Birinchi tamshangan sutning hurmatin


Butun hayot bo’yi oqlay ololgan,
Tevarak olamda ko’rkin ko’rsatib,
Vatan va xalqini yo’qlay ololgan;

Tirik odamlarga nasiba bo’lgan


Hayotiy farog’at, jahoniy alam;
Birisi ozgina erkalab o’tib,
Birisi bir umr ta’qib qilsa ham;

To’fon, quyunlarda yakkayu yolg’iz,


Monolit, granit haykalday mag’rur,
Termurbek davlatin so’nggi chog’ida
Sakrashu barhayot, bo’ysunmas shuur —

Daraxshon yulduzlar sari o’kirgan,


Bo’ynida zanjiru, qalbi ozod sher.
Insoniy muhabbat mehri-la vafo,
Erku baxt timsoli ulug’ Alisher

Hirot tongotarin tasavvur qilib,


Yigitlik umringning kamolin ko’rdim:
Qarigan chog’laring qaro shomida
Xuroson o’lkasin zavolin ko’rdim.

Zavolni bilmagan porloq ijoding


Ma’rifat mulkida bitmas xazina!
Insoniy kamolot katta yo’lida
Bir poya yuksakroq oltindan zina.

O’tmishdan besh yuz yil tarixchi uchun


Sinchiklab qarasa — kuni kechadek.
Yashovchan kishiga endigi ming yil
Ertaga qo’liga kirgan o’ljadek.

Besh yuz yil hurmating saqlagan o’zbek


Kecha tug’ilding, deb qiladi faraz,
Yetuk kishilarni yana ming yillar
Xalq farzand ataydi, jondan — beg’araz.

O’zbek deb atalgan ozod ulusning


Otaxon shoiri, qadrli ustod.
Oshiqlar g’azaling kuyga solganda,
Ma’shuqlar dilining xonasi obod.

Biror shohbaytingni yoddosh tutmagan


Kattadir, kichikdir, bizda kishi yo’q.
Oltin baldoqdagi nifrit ko’z kabi
Asaring biz uchun bo’ldi qorachiq.

Ulug’vor xalqimiz tarixda mashhur,


Guvohlik berolur bunga Gerodot.
O’zbekni, tojikni qabila atab,
Biror lord qilolmas o’tmishni unut.

Sharqimiz chumoli uya emasdir,


Birin birovidan tanib bo’lmasa,
Sho’rlik boyvachchalar, toleingiz sho’r,
Afsuski, tarixdan tonib bo’lmasa!..

Ne-ne tarixlarni boshdan o’tkazib,


Talay jafolarni tortgan eski Sharq —
Ne-ne daholarni tarbiyat qilib,
Oftobday jahonni nurga qildi g’arq.

Alisher Mushtariy yulduzi kabi


O’zbek osmonida bolqigan chog’i,
Yana bir muhtaram o’g’il ko’rganday,
Kattaroq ochildi olam quchog’i.

Elektr barchaning uyin yoritur


Va tuz totimida milliy farq yo’q.
Ma’rifat insonning sherik xislati,
Vatani fazodir bo’shalarkan o’q.

Tirik Farhodlarni tanimak bo’lib,


Oliy yurtimizga qilsangiz safar,
Bu yerda har bitta taroshlangan tosh
Yuksak umidlardan beradi xabar.

Yuksak tog’ oralab o’kirgan sherning


Na’rasiga tengdir aksi sadosi,
Besh yuz yil yangradi tog’day Vatanda
Ulug’ Alisherning asriy nidosi.

1948 yil, 13 may

Mirtemir
NAVOIY

Uzun tunlar bedor va tanho,


O’tiraman tikib ko’zimni.
U keladi yarqiroq siymo,
Unutaman bir dam o’zimni.

— Siz o’shami, keling, marhabo!


— Men o’shaman, lol bo’lma, bo’tam.
— Ko’z tutganman, muhtaram bobo,
Ko’z tutganman azizim-otam.

— Men o’lganman, unutdingmi yo?


— O’lmagansiz, o’lmaysiz hali!
Siymosida barq urdi ziyo:
— Balli, sahar suhbat mahali…

Ko’z oldimda nuroniy siymo,


U zabardast qalamkash inson.
Daftarimga qiladi imo,
G’azalimni o’qidim hayron.

— Balli, — dedi, — andak havas bor.


Hikmat degan g’azalga husn,
Chidam darkor, vazminlik darkor,
Kuylagani erlar tuyg’usin.

Umring yorug’, Vataning ujmox,


Mendan so’ra, men yonib o’tdim.
Anglamadi zamona, evoh,
Besh asrkim, shu kunni kutdim.

Beshigim u qadimiy qal’a,


Balki og’am u Bahrom sardor,
Balki onam nozanin Laylo,
Balki singlim Shirin nolakor.

Balki yurtim u zangin dara,


Balki do’stim Farhod pahlavon.
Ammo, asring baland yuz karra,
Har poyada bir ulug’ doston.

Shoir ketdi… Ko’z uzmay qoldim,


Ketdi buyuk u alamdiyda.
Cho’chib turdim, bir nazar soldim,
«Xamsa» turar boshim tagida.

Ko’k g’uborsiz, yuksakda quyosh,


Laylo yanglig’ vafodor va yosh.
Doston ila uxlab qolibman,
Tushlarda ham shoir suhbatdosh.

G’ofur G’ulom o’zining “Alisher” she’rida Alisher Navoiyni o’tmishda qanchalik qiyin vaziyatlarda ham xalq bilan hamnafas bo’lib xalqni har qanday qiyin vaziyatlardan olib chiqqanligini ulug’lar ekan shu bilan bir qatorda uning buyuk istedod egasi ekanligiga alohida urg’u berib o’tadi. Mirtemirning she’rida esa Alisher Navoiy boshqach noziklik bilan ta’riflanadi. Ya’ni Mirtemir o’z she’rida Navoiy bobomizni tushida ko’rganini va Navoiy uning asarlariga fikr bildirganini aytadi. Bundan tashqari ‘Xamsa” qahramonlarini o’zining og’a-inilari, Hatto Ota-onasidek tasavvur qilishini aytadi. She’rning oxirgi ikki bandida shoir “Xamsa” kitobini o’qib uxlab qolganini aytadi.



3.

Alisher Navoiy siymosini har bir davr o`ziga xos talqin etganidek, har bir
avlod ham o`zicha kashf etadi. Zero, bu ulug` zotni bejiz cheksiz ummonga
tenglamaydilar. Uning umr yo`li ham sir-sinoatlarga boy, adabiy merosiga oid duru
injularning esa chek-chegarasi yo`q. Shoirning o`zi lutf etganidek: ,,El netib
topqay menikim, men o`zimni topmasam’’. Taniqli adib Omon Muxtorning
,,Navoiy va rassom Abulxayr’’ deb nomlangan roman-dilogiyasi shunday
izlanishlarning yangicha adabiy mahsulidir. Dilogiya ,,Ishq ahli’’ va ,,Buyuk
farrosh’’ deb atalgan ikki kitobdan tashkil topgan. Yozuvchi ushbu romanlarida
Navoiy obrazini o`ziga xos ijod yo`sinida talqin etishga uringan.
Ma’lumki, tarixiy – xronikal hamda hujjatli asosda Alisher Navoiy obrazini
yaratishga urinishlar ilgari ham bo’lgan. Ular orasida ulug’ shoir va
mutafakkirning surati va siyrati haqida xalqimizga muayyan tasavvur bera olgan
Oybek, Lidiya Bat, Mirkarim Osim singari ijodkorlarning tarixiy roman hamda
qissalari adabiyotimi tarixida sezilarli iz qoldirgan.
Yozuvchi Omon Muxtor romanlarining ulardan farqli jihatlari nimada? Aslida u
ham bizga tanish bo`lgan tarixiy hujjatlarga, shoir zamondoshlarining xotiralariga,
ulug` so`z san’atkorining adabiy merosiga tayangan holda qalam tebratadi. Biroq
yozuvchi ularda bayon qilgan fakt va raqamlarni shunchaki sharhlash bilan
cheklanmaydi. Ularga boshqacha nigoh bilan qaraydi. Shu ma’noda bu fakt, eng
avvalo, roman uchun tanlangan mavzu va obrazga munosabatda namoyon bo`ladi.
Nazarimizda, adib Omon Muxtor o`z salaflaridan farqli, ,,Ishq ahli’’ va ,,Buyuk
farrosh’’ romanlarini Navoiy haqida emas, shoir va mutafakkir Navoiyni anglash
haqida yozgandek tuyiladi. Muallifning bu qutlug` niyatini hikoyachi rassom
Abulxayrning:,,Navoiy to`g`risida yuzlab kitoblar yozilgan. Ammo ko`nglim
to`lmadi. Bularning aksarida u tirik odamdan ko`ra ko`proq devordagi suratga
o`xshaydi’’,degan so`zlaridan ham anglash mumkin.
Omon Muxtor ijodiy niyatini ro`yobga chiqarish uchun o`ziga xos yangicha
bayon usuli va tasvir vositalarini kashf etadi. Bu birinchi galda hikoyachi qahramon obrazini tanlashda ko`rinadi. Rassom Abulxayr muallif Omon
Muxtorning ham, qahramon Alisher Navoiyning ham tengdoshi 60 yoshda. Bu
“tengqurlik” Navoiy bilan muallif va hikoyachi qahramonning bir-birini
tushunish, ruhiy holatini his qilishga yordam beradi. Navoiyning ham shoir, ham
mutaffakir faylasuf, ham tadbirkor va aqlli davlat arbobi, ham oshiq, ham inson
sifatida anglash istagi roman dilogiyani mantiqiy jihatdan birlashtirib turadi.
Xuddi shu o`rinda Omon Muxtorning ijodiy tamoyili, g`oyaviy maqsadi,
axloqiy-falsafiy niyati oydinlashadi. Adib an’anaga aylangan usulga ko`ra,
o`quvchini Navoiy atalmish ulug`vor cho’qqi sari chorlamaydi, aksincha, bu
muazzam siymoni bizga yaqinlashtirishga intiladi. Buning uchun yozuvchi, avvalo
g`oyat sinalgan va qulay usullardan birini qo`llaydi.Xalq Navoiyni qanday tassavur
qiladi, uning sirli tomonlari oddiy odamlar tomonidan qay yo`sinda talqin etilgan?
Navoiyning haroratli ishqiy g`azallarining ilhomchisi kim bo`lgan? Xalqona
talqinlarining naqadar hayotiy yoki haqiqatdan yiroqligini his qilmoq uchun
Alisher bilan tenqur sifatida o`z hayotimizga nazar solishimiz, kechinma va
tuyg`ularimizni chuqur tahlil etib ko`rishimiz kerek, demoqchi bo`ldi.Shu tariqa
romanda hikoyachi-muallif-rassom Abulxayr va uning suyuklisi (keyinroq
rafiqasi) Shahriyalar maydonga chiqadilar. Bu g`oyaviy niyatni o`quvchiga
yetkazish uchun Omon Muxtor ,,Ishq ahli’’ romanida yangicha bayon usuliga
murojaat qiladi. Roman ,,Orzu’’, ,,Hayrat’’, ,,Armon’’ deb nomlangan uch bo`lim
va ,,Xotima’’ dan iborat. Bo`limlarga rassom Abulxayrning Navoiyni o`rganish,
anglash jarayonida ,,betartib yozib borgan’’ 5 ta daftari kiritilgan. Rassom
Abulxayr haqida dastlabki ma’lumotni biz Odil ismli yigitning sevgilisi Barnoga
yozgan xatidan bilib olamiz.Romanda voqealar bayoniga u ham qo`shilib,
Muxtorov O. Navoiy va rassom Abulxayr.
aralashib turadi. To`g`risi, o`quvchi Abulxayr bilan Odil va Barno vositasida
uchrashadi: Mendan rassom Abulxayr haqida bilganlarimni yozib yuborishimni so’ragan ekansiz. Mening bilganim qisqacha bunday.
Abulhayr bir paytlar eski shahar ko’chalari, kungurali devorlar, halqali
eshiklani chizib yurgan. O’shanda (yoshlik yillari) ba’zan tabiat manzaralariga
ham murojaat qilgan. Keyinchalik insonga yuz Burgan. Har xil kishilar rasmini
(portretini) ishlashga qiziqqan. Bular orasida bir necha o’z qiyofasi tasviri
(avtoportret) ham uchraydi. Dunyomi, o’z ustidanmi kulib turgan tasvir unga
ancha shuhrat keltirgan. Uzoq mamlakatlarda ko’rgazmalardan joy olgan.
Darvoqe, yana bir muhim gap. U ko’p yillar Navoiy tasvirini yaratishni orzu qilgan. Shu jarayonda Navoiydan o’rganib kuzatganlari, o’ylarini turli daftarlarda betartib yozib borogan. Qo’lim ostida shu daftarlardan ikkitasi bor. Bularni ham sizga jo’natyapman. Yo’qotmang! Qaytib olishim shart!
,,Buyuk farrosh’’ romanida esa yozuvchi bu vositachilardan voz kechadi. Endi
hikoyachi-rassom Abulxayr o`quvchi bilan yuzma-yuz hamsuhbat bo`ladi. Bu usul
Navoiyni kitobxonga yanada yaqinlashtiradi.Ulug` shoirning ishq-muhabbat
haqidagi o`y-fikirlari, qarashlari Abulxayrning suyukli umr yo`ldoshi Shahriyaga
bo`lgan muhabbatli munosabati bilan parallelravishda bayon qilina boshlaydi.
Natijada kitobxon hikoyachi timsolida Navoiyni anglash har bir inson (shaxs)ning
ma’naviy-axloqiy turmushiga ijobiy ta’sir etishini tushunib oladi. Zero, yozuvchi
g`oyaviy-badiiy niyatining asosida ham ana shu istak yotganini sezish
mumkin.Rassom Abulxayr Navoiyning tashqi qiyofasini mukammal tasvirlash
Muxtor O. Ishq ahli. uchun siyratiga xos chiziqlarni topa bilishi kerak.Bu esa bedor tunlar, behalovat o`ylar, tinimsiz izlanishlar demakdir. Buning uchun san’atkorga ilhom va ijodiy jur’at ham zarur. Ana shu ilhom va ijodiy turtkini Abulxayr suyukli hamdami Shahriyadan oldi. Shu ma’noda Shahriya romanda tasvirlangan Navoiy Gulisi singari hayoliy va maftunkor sanam ham emas. U rassom umr yo`ldoshi, real inson. Shuning uchun uning turtki, daldalari ham g`oyat hayotiy va tabiiy:
,,- Nima qilib o`tiribsiz?
- O`ylayapan.
- Siz biron narsa chizish o`rniga nuqul o`ylaydigan bo`lib qoldingiz!’’
Romanning yana bir o`ziga xos xususiyati shundaki, Navoiyni anglash
chuqurlashgani sari o`z qahramoni bilan hikoyachi-muallifning ruhiyati, ma’naviy
olami birlashib yakranglik kasb eta boradi. Xatto yosh o`tgan sari yuzlanadigan
xastaliklarni ham ikkalasi barobar boshdan kechiradi. ,,Favoid’’ davri – elga naf
tegishi lozim bo`lgan palla haqidagi muallif va qahramon munosabatlarida ham
o`xshashlik, uyg`unlik kuchaya boradi. Avvalo, ,, elni shod, mamlakatni obod ’’
ko`rish istagi, keyinroq olam va odam masalasidagi mushohadalar, ruhiy
poklanishni ilohiy darajaga ko`tarish, abadiyat sirlarini kashf etishga intilish –
bularning barchasi qahramon haqidagi tafsilotlar hamda muallifning ichki
kechinmalari fonida badiiy ta’sirchanlik, falsafiy teranlik kasb eta boradi.
Adib tarixiy siymo – Navoiyni zo`rlab zamonaviylashtirmaydi, unga yo`q
sifatlarini yopishtirmaydi.Bir so`z bilan aytganda, uni ideallashtirish fikridan
hamisha yiroqda turadi. Chunki, muallifning o`zi qayd etganidek, “turli dolg`ali
davrlarda bu ulug` zot nomi yerga ham urilgan, ko`kga ham ko`tarilgan. Bugun
shoir va mutafakkirni qanday bo`lsa shundayligicha qabul qilishimiz, asarlarni
kitob javonlari va toqchalardan qalbimiz hamda shuurimizga ko`chrish pallasi
yetdi. Uning ojiz tomonlari ham biz uchun aziz – hamdard va hamfikirligimiz
ortadi, ustun jihatlari ham qadrli-ibrat maktabi bo`lib xizmat qiladi”.
Romanlardagi boshqa qahramonlar ham Navoiy siymosining yaxlitligini va
takomiliga xizmat qiladi va shoirni yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.
Xususan, Husayn Boyqaro obrazi o`zining hayotiy va haqqoniyligi bilan diqqatga
sazovordir. Uning ulug` inson, qudratli shoh, xassos shoir, Navoiyning sirdosh
do`sti ekanligi haqida ko`p gaprilgan. Ojiz va notavon jihatlari haqida ham yetarli
tushunchaga egamiz. Ammo uning xarakteridagi eng muhim jihat ,,yarq’’ etib
ochilgan emas - u mustaqil fikrdan yiroq kishi. Yonida Navoiy tursa, u zukko
shoir, adolatli hukumdor, mo’tabar siymo. Xadicha begimga suyansa, kaltabin ota,
noshud va notavon er, xatto qotil kimsa. Majididdin, Nizomulmulk sihgari
makkoralar davrasida esa qo`g`ichoq hukumdor. Shuning uchun ham, hikoyachimuallifning quyidagi keskin xulosasini ma`qullamay iloj yo`q:,,Alisher – Husayin davrida yashagan shoir emas, Husayn – Alisher davrida yashagan shohdir!’’
Xullas, ,,Navoiy va rassom Abulxayr’’ roman-dilogiyasining fazilatlari
to`g`risida yana ko`p gaprish mumkin. Avvalo, bu asar yaxlit olganda badiiy-ilmiy
yo`nalishda yaratilgan ma’rifiy romandir. Undan talaba ham, adabiyot ilmi bilan
shug`ullanuvchi mutaxassis ham, oddiy kitobxon ham naf olishi, Navoiyni
tushunishi, ayni chog`da o`sha murakkab tarixiy jarayondagi siyosiy- ijtimoiy,
ma’naviy-axloqiy ziddiyatlarni chuqur anglab yetish tabiiydir.
Hazrat Navoiyning hayoti va ijodiy yo`li to`g`risida o`ziga xos ma’lumotlar
berish, asarlaridan tarjimai holiga oid fakt va detallarni izlab topish hamda ular
ustida ham badiiy, ham ilmiy mulohaza yuritish romanning asosiy g`oyaviy-estetik
mohiyatini tashkil etadi. Roman o`zining syujet va kompazitsion qurilishi,
konflikti, qahramonlar xarakterining ishlanishi jihatidan adib qalamiga mansub
boshqa asarlaridan jiddiy farq qiladi. Unda keskin to`qnashuvlar, Omon Muxtor
ijodiy uslubiga xos burama va shartli epizodlar yoki syujet chiziqlari uchramaydi.
Portret qariyb yo`q, dialogning odatdagi shakli berilmagan, personajlar nutqi
Solijonov Y.Navoiyni anglash baxti. Gap shundaki, uch bo`lim, 5 daftar hikoyasidan tashkil topgan mazkur roman hikoyachi Abulxayrning o`quvchi bilan suhbat asosiga qurilgan. Roman mohiyatini musavvir Abulxayrning Navoiy portretini chizish uchun tayorgarlik ko`rish jarayonida ,,Navoiydan kuzatganlari, o`ylarini turli daftarlarda betartib yozib borgan’’ mulohazalari tashkil etadi. Lekin bayon betartib emas, unda ulug` Navoiyning 4-5 yasharligidan to vafotiga qadar bo`lgan hayotiy yo`li qalamga olingan. Bu o`ta ziddiyatli, notekis hayot yo`li daftarlarda ma’lum davrlarga bo`lingan. Shunga muvofiq ravishda romanni bir-biriga bog`langan 5 ta dialogdan tashkil topgan deyish mumkin. Bu dialoglardagi ishtirokchining biri va asosiy mussavir Abulxayrning o`zidir.
Abulxayrning kasbi san’atkor bo`lganligidan mutaxassisligi jihatidan ham,
dunyoqarashi va yoshi bilan ham yozuvchi Omon Muxtorga tengdoshdir. Ko`p
o`rinlarda o`quvchi Navoiy asarlarining tahlil qilinishida rassomdan ham ko`ra
ko`proq shoir va yozuvchi Omon Muxtorni tasavvur qilib turadi. O`zini Navoiy
potretini chizishga ruhan tayorlayotgan musavvir Abulxayr suhbatdoshiga shunday
deydi: ,,Navoiy to`g`risida yuzlab kitoblar yozilgan. Ammo ko`nglim to`lmaydi,
bularning aksarida u tirik odamdan ko`ra ko`proq devordagi suratga o`xshaydi.’’
Aslida esa ,,U - bir osmon. U - bir ummon. Qamrash qiyin!’’ bo`lib, ,, Hali hech
kim Bu Osmon qa’riga ko`tarilmagan!. Hali hech kim Bu Ummon tubini
ko`rmagan!’’ Hikoyachi suhbatdoshimiz shoir she’rlarini saralab, ularning ruhiga
kirib, va hayoliy ma’no kirar ekan, o`z mulohazalarini shoshilmay,o`ylab, fikr
tarozisida tortib, chuqur mulohaza yuritib, shoir g`azallarining ma`nosi va
ohangdagi farqlarini aniqlaydi. Ayrim o`rinlarda xuddi ilmiy xodim singari
miyasiga dam berganday, ,, xo`p’’ deya bir lahza sukut saqlab oladi-da, fikrlashni
davom ettiradi. Bu romanning dialog shaklida yaratilganligini yana bir bora
isbotlaydi. Birinchi dialogdagi bayon ko`proq savol-javob tarzida olib boriladi.
Hikoyachining o`zi savol berib, unga o`zi javob izlaydi.Masalan, Navoiy chizgan
,,Zanjirband sher’’ rasmiga qarab suhbatdoshimiz bizdan ,,sher ham qachondir
zanjirga solinganmi?’’, ,,Bu sher Alisherning o`zimi?’’ deya savol tashlaydi-da,
ishonch bilan ,,Bunga shubha yo`q’’ deydi va fikrini shoir ismidagi ,,sher’’
qo`shimchasi bilan isbotlashga urindi. Dialog so`nggida esa ,,Bu qanday zanjir?
Nima uchun u zanjirda? Uni zanjirga solgan kim?’’ deb so`raydi. Ammo bu
savollarni javobsiz qoldiradi. O`zi javob izlab, she’r tahliliga kirishadi,
mushohadaga berildi. Shu jarayonda uning oldida yangi-yangi tugunlar paydo
bo`lganligini ta’kidlaydi. Hikoyachining savoliga tegishli javobni o`quvchi
to`rtinchi dialogdan oladi. Ikkinchi dialogida Alisher Navoiy bilan Husayn Bayqaro munosabatlari to`g`risida gap ketadi, ko`p yillar mobaynida chigallashtirilgan bu masalaga ba’zi aniqliklar kiritiladi. Zero ,,Alisher hayotini Husaynsiz tasavvur qilishning umuman imkoni yo`q!’’ Navoiy va Bayqaro o`rtasidagi munosabatlarni oydinlashtiruvchi ko`plab rivoyatlar keltiriladi, ularning rost va yolg`onligini isbotlashga urinadi. Vaqti vaqti bilan hikoyachi lirik chekinish qilib, o`zining oilaviy tashvishlari haqida ham qo`shimcha axborot berib boradi. Bu bayonning oshiradi, dialogga jon kiritadi, hikoyachi suhbatdoshni o`quvchiga yaqinlashtiradi. Uchinchi dialog ,, Hayrat’’ bo`limi xuddi shunday-er-xotinning mini-dialogi bilan boshlanadi. Bu mini-dialog romanda biron bir muammoni ko`tarmaydi, shunchaki Navoiy to`g`risidagi yirik dialogga turtki vazifasini bajaradi xolos. Endi gap Alisherning yoshligi, uning bolalikdan shakllangan inson bo`lib yetishuvi haqida boradi. Dialogda Alisherning yoshligi bilan chambarchas bog`liq bo`lgan ,,O`sha davrdagi uch holat’’ qalamga olinadi. Bu uch holatning har biri Alisherning ulg`ayishida muhim bosqich hisoblangan va butun hayotida chuqur iz qoldirgan muhim voqealardir. Birinchi holat to`rt-besh yashar Alisherning ,,Mantiqut-tayr’’ maftuni bo`lishi, ikkinchi holat Shohruh Mirzo vafotidan keyin boshlangan besaranjomlik sababli Iroqqa ko`chayotgan Alisherning Taft shahrida buyuk tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashuvi, uchinchi holat esa sakkizto`qqiz yashar Alisherning Iroqdan Hirotga qaytishida ot ustida uxlab qolib, bepayon cho`lda adashuvi, chaqanganda ro`parasida katta idishda kimdir hozirgina keltirib qo`ygandek ,…muzdek. Tiniq.Toza.Totli.’’ Suv – mo`’jizaning paydo bo`lishidir. Hikoyachining guvohlik berishicha bu haqida na otasiga, na birodarlariga umrining oxirigacha ham aytmaydi! Va bu mo’jiza xotirani xuddi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan bo`lgan totli uchrashuv kabi doimo hayrat bilan eslab yuradi.
To’rtinchi dialog eng shiddatli, eng keskin xarakterga egadir. Unda hikoyachi
suhbatdosh endi avvalgi dialoglardagi singari o`quvchisiga murojaat qilmaydi.
Balki Navoiy ijodini tadqiq qilgan olim bilan jiddiy munozaraga kirishadi. Bu
dialogdagi u go`yo o`quvchini butunlay esdan chiqaradi, butun diqqati qarshisidagi
olimga qaratadi va uni II shaxs shaklida- ,,Sen’’ deb ataydi. Garchi olimni ,,Sen’’
deb atashi bizga biroz erish tuyilsa ham uning timsolida butun bir kommunistik
mafkura nazarda tutilganini inobatga olsak, hikoyachi Abdulxayrning bu
bepisandligini kechirish mumkin.
Biz hikoyachi ,,men’’ ni shartli ravshda avtor deb tasavvur etishiga haqlimiz.
Chunki uning hikoya qilish va yozish uslubigina emas, balki fikrlash tarzi ham
baayni Omon Muxtor uslubini eslatadi. Yozuvchining ,,Ffu’’, ,,Ayollar mamlakati
va saltanati’’, ,,Tepalikdagi xaroba’’ romanlarida avtor bayonini qavs ichida
berilgan izohlar bilan to`ldirish uslubi unumli qo`llanilgan edi. Xuddi shunday
holat ,,Ishq ahli’’ romanining hikoyachisi Abulxayr kundaligida ham ko`p
uchraydi. Bunday izohlar avtor fikrining davomini anglatadi:,,maktabda kitoblar
arabiy va forsiy edi (Turkiydan har kim o`zicha ta’lim olar, turkiy go`yoki ,,uy
tili’’ edi)’’; Izohlaydi: ,,Bolalar (o`quvchilar) o`zlariga tegishli saboqni olib baqrib
o`qishar edi; unga aniqlik kiritadi; U (mushtdek bola) nasrdan ba’zan o`qir,
nazmga ko`proq qiziqar edi’’ va hokazo.Bora-bora bu qavs ichidagi gaplar
izohlash vazifasidan chiqib, hikoyachining o`quvchi-suhbatdoshiga bevosita
murojaati shaklini oladi. Ushbu to’rtinchi dialogda muallif Navoiyning ,,barcha
asarlari Yor haqida!’’ ekanligini ta’kidlab, misollar bilan ,,isbotlab’’ beradi.
So`ngra o`zi fikrlarini umumlashtirib, ,,Demak’’, ,,Yor ko`yida’’ uning yozganlari,
asosan: ,,Ollohga, Shohga, Chiroyli odamga, Guliga bag`shlangan’’ deb
yakunlaydi. Qarasa, suhbatdoshi (endi olim emas, o`quvchi)ning yuzidagi savol
alomati paydo bo`libdi. Hikoyachi-avtor uning aytilmagan savolini eshitadi va
ovoz chiqarib takrorlaydi: ,,Shu xolosmi (deyapsizmi degandek-Y.S.)?! Ozgina
sabr (qiling –Y.S.)!gap hali tugagani yo`q’’ deydida, mulohazalarni davom ettiradi.
Bu dialog so`ngida birinchi dialogda o`rtaga tashlangan ,,Zanjiband sher’’
rasmining mohiyati haqidagi tugun yechiladi. Yuqorida aytganimizdek, birinchi
dialog oxirida hikoyachi ,,Bu qanday zanjir?! Nima uchun u zanjirda? Uni zanjirga
solgan kim?!’’ degan savollar qo`ygan, ammo ularni javobsiz qoldirgan edi.
Javobni o`quvchi hikoyachi-musavvirdan ana shu to`rtinchi dialogda eshitadi:
,,Alisherdan hech kim xalq bilan birga, dunyodan iztirob chekib o`tishini (xalq
uchun o`zining hatto shaxsiy hayoti, o`z baxtidan voz kechishi) talab qilgani yo`q!
Uning o`zi shu ,,qattig`’’yo`lni tanlagan. U o`zini ,,jilovlagan’’ xolos!
Darvoqe…,,zanjirband sher’’. Mana, endi bu rasmning ma’nosini angladim’’.Bitta tugun yechiladi, o`quvchi qalbiga yorug`lik tushadi.Uqoniqish hosil qildi. Oxirgi-beshinchi dialog qolgan barcha tugunlarning yechimini beradi. Bu dialogda sirtdan qaraganda butun gap go`yo Husayn Boyqaro to`g`risida borgandek tuyiladi.Aslida esa temuriyzodalar orasida eng uzoq muddat mamlakatni boshqargan Boyqaro o`z faoliyatida kimgatayanadi? Kimning ko`magi bilan boshqaradi? Yaxshi bilamizki, unga faqat qarindosh-urug`larigina emas (Yodgorbek Mirzo singari), balki o`z farzandlari ham (Badiuzzamon kabi) to`xtovsiz toj-taxt uchun kurash olib borgandilar. Dialogdan ma’lum bo`lishicha, Husayn Boyqaroning yagona tayanchi, ishongan tog`i Alisher Navoiy edi! Shoir vafotidan keyin Boyqaro saltanatida ham
parokandalik boshlanadi.
Omon Muxtor tafakkuri va ruhiyatidagi Navoiyga oshuftalik keyingi bir qator
romanlarida ham ko’zga tashlanadi. Jumladan, “Odamlar kulishlari kerak” nomli
roman qahramonlarini yozuvchi barcha teng bo’luvchi maskan hammomda
tasvirlaydi, “Xotin podshoh” romanida esa yaratilish jamiki narsalarda yaratuvchi
tajalin zikr etishi, adolatga sadoqat va ichki intizom tuyg’usi olamni go’zal,
insonni sarafzor etishi, bandaning iymoni sof, o’zi savob amallarga kamarbasta
bo’lsa, so’z va ish birligini ta’minlay olsa, bundan ulug’roq baxt yo’qdir, - degan
xulosalarga keladi. Nazarimizda bunday fikr-qarashlarning barchasida navoiyona donishmandlikdan
o`zlashtirilgan hayot falsafasi yorqin namoyon bo`ladi.
Taniqli adib Omon Muxtorning «Navoiy va rassom Abulxayr»kitobi inson umrining mazmuni, insonning, insoniylikning mohiyati haqida. Adib bu muammolarni buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi misolida yoritishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Navoiy bahona tarix va zamon, kecha va bugun, odam va olam, otalar va bolalar, shaxs, jamiyat va oila, vijdon, or va nomus, do‘stlik va ahillik, hushyorlik va loqaydlik haqidagi tushuncha va tuyg‘ular ifodasi o‘rtaga tushgan.

Roman avvalidayoq asar qahramoni bilan muallif pozitsiyasining uyg‘unlashib ketganini, ularning nutqi bir butunlikni tashkil etayotganini his etish qiyinmas. Darhaqiqat, «Ishq ahli» an’anaviy romanchilik andozalarida yozilgan asar emas. Navoiy dahosini badiiy tadqiq etish osongina amalga oshadigan yumushlar sirasiga kirmaydi. Bugun ulug‘ shoirning qiyofasini yaratish, uni badiiy jihatdan inkishof etish uchun esa, yozuvchilikning o‘zi kamlik qiladi. Bu ishda haqiqiy jamiyatshunos, tarixchi, faylasuf, elshunos, ruhshunoslarning salohiyati ham taqozo etiladi. Qolaversa, bu mavzu birinchi marta qalamga olinayotgani yo‘q. Navoiy siymosini yaratishga urinishlar o‘z tarixiga ega ekanligi ham yaxshi ma’lum. Turli janr va yo‘nalishlardagi she’riy asarlar, Oybek, Izzat Sulton, Uyg‘un singari atoqli adiblarning keng e’tirof etilgan asarlari kitobxonlarimiz qalbidan munosib o‘rin olgan. Demak, mavzuni yoritish, istakdan tashqari, jur’at va qat’iyatni ham talab qiladi. «Ishq ahli»da Navoiy timsoli keng qamrovda ko‘rsatishga harakat qilingan. Bunda alloma shaxsiyati tasviriga asosiy urg‘u berilgan. Inson shaxsi olamdagi xilma-xil hodislar silsilasi bilan bog‘lab tasvirlangan. Bu bog‘lanishlarsiz insonni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Omon Muxtor nigohimizni hazrat Navoiy shaxsiyatining rang-barang qirralariga tortadi. Zero, «bizning avlodimiz Navoiyni yaxshi bilmaydi». Kitobda buning sabablari ham teran badiiy tadqiq etilgan.

Navoiy dahosi samoviy mezonlar bilan baholanishi lozim, zaminiy andozalar bunga kamlik qiladi. Yozuvchining bizga berayotgan birinchi xulosasi bu. Ammo u bu xulosaga shunchalik kelib qo‘ya qolmagan. Aniqrog‘i, xulosaga kitobxonning o‘zi ham mustaqil holda yetib kelishi uchun muallif ko‘p ter to‘kkan, shunga sharoit va imkoniyat yaratgan. Zotan, uning ulug‘ shoir ijodiyoti tahlili va talqinlari o‘zi ulkan mehnat.

Omon Muxtor tasvirlagan Navoiy samimiy va dono, mutafakkir va oshiq, tinib-tinchimaydigan ijod sohibi va zukko davlat arbobi, behudud hayrat va bitmas-tugunmas zavq egasi, nodonlik va jaholatning dushmani, qat’iyatli va keskin, ayni paytda bosiq, mulohazakor shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Eng muhimi, o‘quvchiga boshqa xulosalar qatorida quyidagi umumlashmalar ham havola etiladi: «Navoiy shunday bir zotki, uni bir umr o‘rganmay iloj yo‘q...».

Asarning tili haqida alohida to‘xtash joiz. Tarixiy mavzulardagi asarlarning ko‘pida eskirgan so‘zlarmiz, tarixiy so‘zlarimizning qalashtirib tashlanishiga ko‘p duch kelganmiz. Omon Muxtor bu borada ham me’yor mantig‘iga mustahkam tayangan. U zaruriy holatlardagina murojaat etish bilan kifoyalanadi. Ifodalarning aniqligi, ixchamligi, mantiqiy o‘tkirliga esa asarga favqulodda ta’sirchanlik bag‘ishlaydi: «Alisher Husayn davrida yashagan shoir emas, Husayn – Alisher davrida yashagan shohdir!», «Umuman, ular bir-biriga sira o‘xshamagan Ikki Inson edi...».

Kitobdagi ikkinchi roman «Buyuk farrosh» deb nomlangan. Bu asar ham Navoiy haqida. Navoiy haqida har kuni, har davrada gapirish kerak. «Bizda beshikdagi bola ham Navoiy nomini biladi». Bu «Ishq ahli»dagi mantiqni inkor etadigan gap emas. Bu — hayotiy haqiqatning namoyon bo‘lish shakllaridan yana biri, xolos.

«Buyuk farrosh»da Navoiy shaxsiyatidagi eng nozik nuqtalar favqulodda o‘tkir zehn va savqitabiiy bilan topilganligiga iqror bo‘lish kerak. «O‘z boshi uchun emas, boshqalar uchun ham! – dunyodagi barcha aybu gunohlar uchun ham har qanday diyonatli inson javob berishi kerak». «Buyuk farrosh»da ikkita yonma-yon hodisa tasviri davom etadi. Bu, bir tomondan, bevosita yozuvchining shaxsiy hayoti va, ikkinchi tomonda, buyuk Navoiy tasviri. Shaxsiy hayot tasvirining o‘ziyoq kitobxonni loqayd va e’tiborsiz munosabatda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Zero, inson qalbiga «tegib ketadigan», uni junbishga keltiradigan lavhalar oz emas (Shahriyaning betobligi, uning kasalxonadagi holati bilan bog‘liq tasvirlar). Moddiy va ma’naviy hayot uyg‘unligi haqidagi jumlalar aslida ijodkor shaxsiga, mullif nuqtai nazari orqali esa butun insoniyatga tegishli xulosalar sifatida jaranglaydi. Asardagi lirik qahramon tilidan aytilgan: «Men umrimda ko‘p og‘riqli shovqinlarni eshitdim. Men umrimda ko‘p noxush manzaralarni ko‘rdim. Lekin meni Alisher G‘AFLATDAN UYG‘OTDI» singari e’tiroflar kitobxonni loqayd qoldirmaydi, balki uni faol munosabatga, hayotga nisbatan, buyuk Navoiyga nisbatan katta mehr va muhabbat bilan qarashga undaydi, unda Navoiy asarlarini o‘qish uchun buyuk ishtiyoq va rag‘batning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Navoiy uchun «olamda oshiqlik — ish, ishq — esh» bo‘lganligini tasvirlashga romanda salmoqli sahifalar ajratilgan. Tasvirga tortilgan hodisalarning teran nigoh bilan kuzatilganini, har bir kichik detal ustida ham kuchli mantiq tarozisi hamda uning ro‘parasida nozik badiiyat ko‘zgusi turganligini his etish qiyin emas. Voqealarning barchasi Navoiyning Abdulla Ansoriy maqbarasida «jorubkash» maqomiga intilishi va shu jarayondagi hodisalar tasviri bilan aloqador. Navoiyning hajga borish istagi, uning uzlatni ixtiyor etishi singari oddiy hayotiy voqealar zamirida o‘sha davr tarixiy hodisalari qayta mushohada qilinadi. Ularga badiiy-estetik baho beriladi.

Navoiyning mamlakat va yurt ravnaqi, uning farovonligi, tinchligi, osoyishtaligi uchun olib borgan kurashlari hayotiy lavhalarda ko‘rsatib berilgan. Ilm-hunar egalariga ko‘rsatgan mehri, shafqati, homiyligi yaxshi yoritilgan. Quyida keltirilayotgan jumlalarda Navoiy shaxsiyatining butun qamrovi o‘z ziddiyat va silsilasi bilan ko‘rsatishga bo‘ysundirilgan: «Alisher aniq maqsad, fidokor mehnat, jur’at-jasorat egasi. Kuchli, shiddatli, hatto isyonkor ruh uning har bir satrida barq urib turibdi. U o‘zini ham, boshqalarni ham ayamaydigan murosasiz HAQIQATPARVAR. Shu bilan birga o‘ta shafqatli, chumoliga ozor yetsa, joni og‘riydigan inson». Kitob mutolaasidan kelib chiqadigan muhim xulosalardan biri shuki, Navoiy bilan yaqinlashgan kishi, Navoiy asarlarini mutolaa qilgan qalb yomonlik va razolatdan uzoq bo‘ladi, aksincha, ezgulik va go‘zallikka oshno bo‘ladi. Uning zamondoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siri, tarbiyaviy imkoniyatlari nihoyatda katta. Shulardan biri sifatida uning yurtdoshlarimizga buyuk bobokalonimiz, so‘z mulkining shahanshohi bo‘lgan hazrat Navoiy hayoti va ijodidan o‘ziga xos saboq berishini ko‘rsatish mumkin. Asardagi ko‘plab qahramonlarning badiiy talqini zamondoshlarimizni ezgu va xayrli ishlarga, olam va odam haqida tegishli xulosalar chiqarishga undaydi.

XULOSA:
Men Alisher Navoiyning she’riy asarlardagi timsollarini o’rganar ekanman shuni angladimki nasriy asarlarga qaraganda she’riy asarlarda Navoiy obrazi juda jozibali talqin qilinar ekan. She’riy asarlardan tashqari nasriy asarlarda Navoiyning timsolini yaratilishi bilan qiziqdim shu sababli O.Muxtor va O.Matjanlarning Alisher Navoiyga bag’ishlangan asarlaridagi Navoiy timsollari bilan ham tanishib chiqdim.

Nasriy va She’riy asarlardagi Navoiy timsollari bir-biridan unchalik farq qilmas ekan Nasriy asarlarda Ko’roq Tarixiy faqtlarga asoslangan holda Navoiyni timsolini yaratishgan She’riy asarlarda esa bu timsol badiiylikka burkangan holda insonning qalbining nozik torlarini cherta oladigan qilib yuksaklikka ko’targan holda Navoiyning timsollari yaratiladi. Har bir shoir Alisher Navoiy haqida she’r yozar ekan Navoiyning boshqa shoirlarda tokrorlanmagan qandaydir nozik jihatlarini ta’riflashga harakat qilishar ekan.



Foydalanilgan adabiyotlar:


  1. Alisher Navoiyga bag’ishlovlar “Mushoira”

  2. Ziyo.uz

Download 71.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling