Chet el psixologiyasida shaxs nazariyalari
Download 39.19 Kb.
|
chet el psikhologiyasida shakhs naza
Chet el psixologiyasida shaxs nazariyalari Jahon psixologiyasi fanida shaxsning kamoloti, uning rivojlanishi toʼgʼrisida xilma-xil nazariyalar yaratilgan boʼlib, tadqiqotchilar inson shaxsini oʼrganishda turlicha pozitsiyada turadilar va muammo mohiyatini yoritishda oʼziga xos yondashishga egadirlar. Mazkur nazariyalar qatoriga biogenetik, sotsiogenetik, psixogenetik, kognitivistik, psixoanalistik, bixevioristik kabilarni kiritish mumkin. Quyida sanab oʼtilgan nazariyalar va ularning ayrim namoyandalari tomonidan shaxsni rivojlantirishning prinsiplari toʼgʼrisidagi qarashlariga toʼxtalib oʼtamiz. Biogenetik nazariyaning negizida insonning biologik yetilishi bosh omil sifatida qabul qilingan boʼlib, qolgan jarayonlarning taraqqiyoti ixtiyoriy xususiyat kasb etib, ular bilan oʼzaro shunchaki aloqa tan olinadi, xolos. Mazkur nazariyaga binoan, taraqqiyotning bosh maqsadi - biologik determinantlariga (aniqlovchilariga) qaratiladi va ularning mohiyatidan sotsial-psixologik xususiyatlar keltirilib chiqariladi. Taraqqiyot jarayonining oʼzi, dastavval biologik yetilishning universal bosqichi sifatida sharhlanadi va talqin qilinadi. Biogenetik qonunni F.Myuller va E.Gekkellar kashf qilishgan. Biogenetik qonuniyat organning taraqqiyoti nazariyasini tashviqot qilganda hamda antidarvinchilarga qarshi kurashda muayyan darajada tarixiy ro’l oʼynagan. Biroq organning individual va tarixiy taraqqiyoti munosabatlarini tushuntirishda qoʼpol xatolarga yoʼl qoʼygan. Jumladan, biogenetik qonunga koʼra, shaxs psixologiyasining individual taraqqiyoti (ontogenez) butun insoniyat tarixiy taraqqiyotining (filogenez) asosiy bosqichlarini qisqacha takrorlaydi, degan gʼoya yotadi. Nemis psixologi V.Shternning fikricha, chaqaloq (yangi tugʼilgan bola) hali u odam emas, balki faqat sut emizuvchi hayvondir, u olti oylikdan oshgach, psixik taraqqiyoti jihatidan faqat maymunlar darajasiga tenglashadi, ikki yoshida esa oddiy odam holiga keladi, besh yoshlarda ibtidoiy poda holatidagi odamlar darajasiga yetadi, maktab davridan boshlab ibtidoiy davrni boshidan kechiradi, kichik maktab yoshida oʼrta asr kishilar ongiga va nihoyat yetuklik davridagina (16-18 yoshlarda) u hozirgi zamon kishilarining madaniy darajasiga erishadi. Biogenetik nazariyaning yirik namoyandalaridan biri boʼlmish amerikalik psixolog S.Xoll psixologik taraqqiyotning bosh qonuni deb “rekapitulyatsiya qonuni” ni (filogenezni qisqacha takrorlashni) hisoblaydi. Uning fikricha, ontogenezdagi individual taraqqiyot filogenezning muhim bosqichlarini takrorlaydi. Olimning talqiniga binoan, goʼdaklik hayvonlarga xos taraqqiyot pallasini qaytarishdan boshqa narsa emas. Bolalik davri esa qadimgi odamlarning asosiy mashgʼuloti boʼlgan ovchilik va baliqchilik davriga aynan mos keladi. 8-12 yosh oraligʼida oʼsish davri oʼsmiroldi yoshidan iborat boʼlib, yovvoyilikning oxiri va sivilizatsiyaning boshlanishidagi kamolot choʼqqisiga hamohangdir. Oʼspirinlik esa jinsiy yetilishdan (12-13) boshlanib to yetuklik davri kirib kelgunga qadar (22-25 yoshgacha) davom etib, u romantizmga ekvivalentdir. S.Xollning talqiniga qaraganda, bu davrlar “boʼron va tazyiqlar”, ichki va tashqi nizolar (konflikt) dan iborat boʼlib, ularning kechishi davomida odamda “individuallik tuygʼu” si vujudga keladi. Shaxsni rivojlanishining ushbu nazariyasi oʼz davrida bir talay tanqidiy mulohazalar manbai vazifasini oʼtadi, chunki inson zotidagi rivojlanish bosqichlari filogenezni aynan takrorlamaydi va takrorlashi ham mumkin emas. Biogenetik konsepsiyaning boshqa bir turi nemis “konstitutsion psixologiyasi” (insonning tana tuzilishiga asoslagan nazariya) namoyandalari tomonidan ishlab chiqilgan. E.Krechmer shaxs (psixologiyasi) tipologiyasi negiziga bir qancha biologik omillarni (masalan, tana tuzilishining tipi va boshqalarni) kiritib, insonning jismoniy tipi bilan oʼsishining xususiyati oʼrtasida uzviy bogʼliqlik mavjud, deb taxmin qiladi. E.Krechmer odamlarni ikkita katta guruhga ajratadi va uning bir boshqa sikloid toifasiga xos (tez qoʼzgʼaluvchi, his-tuygʼusi oʼta barqaror), ikkinchi uchida esa shizoid toifasiga (odamovi, munosabatga qiyin kirishuvchi, his-tuygʼusi cheklangan) xos odamlar turishini aytadi. Bu tahminini u shaxs rivojlanishi davriga koʼchirishga harakat qiladi, natijada oʼsmirlarda sikloid xususiyatlari, (oʼta qoʼzgʼaluvchanlik, tajovuzkorlik, effektiv tabiatlilik, ilk oʼspirinlarda esa shizoidlik xususiyatlari boʼladi, deya xulosa chiqaradi. Lekin insonda biologik shartlangan sifatlar hamisha yetakchi va hal qiluvchi ro’l oʼynay olmaydi, chunki shaxsning individual-tipologik xususiyatlari bir-biriga aynan mos tushmaydi. Biogenetik nazariyaning namoyandalari amerikalik psixologlar А.Gezell va S.Xoll taraqqiyotning biologik modeliga chamalab ish koʼradilar, bu jarayonda muvozanat, integratsiya va yangilanish sikllari oʼzaro oʼrin almashinib turadi, degan xulosaga keladilar. Psixologiya tarixida biologizmning eng yaqqol koʼrinishi Zigmund Freydning shaxs talqinida oʼz ifodasini topgan. Uning taʼlimotiga binoan, shaxsning barcha xatti-harakatlari (xulqi) ongsiz biologik mayllar yoki instinktlar bilan shartlangan, ayniqsa birinchi navbatda, u jinsiy mayliga (libidoga) bogʼliqdir. Bunga oʼxshash biologizatorlik omillari inson xulqini belgilovchi birdan bir mezon yoki betakror turtki ro’lini bajara olmaydi. Biogenetik nazariyaning qarama-qarshi koʼrinishi - bu aksil qutbga joylashgan sotsiogenetik nazariya hisoblanadi. Sotsiogenetik yondashishga binoan, shaxsda roʼy beradigan oʼzgarishlar jamiyatning tuzilishi, ijtimoiylashish (sotsializatsiya) usullari, uni qurshab turgan odamlar bilan oʼzaro munosabati vositalaridan kelib chiqqan holda tushuntiriladi. Ijtimoiylashuv nazariyasiga koʼra, inson biologik tur sifatida tugʼilib, hayotning ijtimoiy shart-sharoitlarining bevosita taʼsiri ostida shaxsga aylanadi. G’arbiy Yevropaning eng muhim nufuzli nazariyalaridan biri - bu Rollar nazariyasidir. Ushbu nazariyaning mohiyatiga binoan jamiyat oʼzining har bir aʼzosiga status (haq-huquq) deb nomlangan xatti-harakat (xulq) ning barqaror usullari majmuasini taklif qiladi. Inson ijtimoiy muhitda bajarishi shart boʼlgan maxsus ro’llari shaxsning xulq-atvor xususiyatida, oʼzgalar bilan munosabat, muloqot oʼrnatishida sezilarli iz qoldiradi. АQShda keng tarqalgan nazariyalardan yana bittasi - bu individual tajriba va bilimlarni egallash (mustaqil oʼzlashtirish) nazariyasidir. Mazkur nazariyaga binoan shaxsning hayoti va uning voqelikka nisbatan munosabati koʼpincha koʼnikmalarni egallash va bilimlarni oʼzlashtirishning samarasi qoʼzgʼatuvchini uzliksiz ravishda mustahkamlanib borishning mahsulidir. (E.Torndayk, B.Skinner va hokazo). K.Levin tomonidan tavsiya qilingan “fazoviy zarurat maydoni” nazariyasi psixologiya fani uchun (oʼz davrida) muhim ahamiyat kasb etadi. K.Levinning nazariyasiga koʼra individning xulqi (xatti-harakati) psixologik kuch vazifasini oʼtovchi ishtiyoq (intilish), maqsad (niyat) lar bilan boshqarilib turiladi va ular fazoviy zarurat maydonining koʼlami va tayanch nuqtasiga yoʼnaltirilgan boʼladi. Yuqorida tahlil qilingan (sharhlangan) har bir nazariya shaxsning ijtimoiy xulqi (hatti-harakati) ni oʼzgalar uchun yopiq yoki mahdud muhit xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tushuntiradi, bu oʼrinda odam xohlaydimi yoki yoʼqmi bundan qatʼi nazar mazkur sharoitga moslashmogʼi (koʼnikmogʼi) zarur, degan aqidaga amal qilinadi. Bizningcha, barcha nazariyalarda inson hayotining ijtimoiy-tarixiy vaziyatlari va obyektiv shart-sharoitlari mutlaqo eʼtiborga olinmaganga oʼxshaydi. Psixologiyada psixogenetik yondashish ham mavjud boʼlib, u biogenetik, sotsiogenetik omillarning qimmatini kamsitmaydi, balki psixik jarayonlar taraqqiyotining birinchi darajali ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Ushbu yondashishning uchta mustaqil yoʼnalishga ajratib tahlil qilish mumkin, chunki ularning har biri oʼz mohiyati, mahsuli va jarayon sifatida kechishi bilan oʼzaro tafovutlanadi. Psixikaning irratsional (aqliy bilish jarayonlaridan tashqari) tarkibiy qismlari boʼlmish emotsiya, mayl va shu kabilar yordamida shaxs xulqini tahlil qiluvchi nazariya psixodinamika deyiladi. Mazkur nazariyaning yirik namoyondalaridan biri - bu amerikalik psixolog E.Eriksondir. U shaxs rivojini 8 ta davrga ajratadi va ularning har qaysisi oʼziga xos betakror xususiyatga egadir. Birinchi davr - goʼdaklik. Ushbu davrda goʼdakda ongsizlikka asoslangan tashqi dunyoga nisbatan “ishonch” tuygʼusi vujudga keladi. Buning bosh sababchisi ota--onaning mehr-muhabbati, gʼamxoʼrligi va jonkuyarligining nishonasidir. Аgarda goʼdakda ishonch negizi paydo boʼlmasa, balki borliqqa nisbatan ishonchsizlik hissi tugʼilsa, u taqdirda voyaga yetgan odamlarda mahdudlik, umidsizlik shaklida aks etuvchi xavf vujudga kelishi, ehtimol. Ikkinchi davrda, yaʼni ilk bolalikda jonzodda yarim mustaqqillik va shaxsiy qadr-qimmat tuygʼusi shakllanadi yoki aksincha, ularning qarama-qarshisi boʼlmish uyat va shubha hissi hosil boʼladi. Bolada mustaqillikning oʼsishi, oʼz tanasini boshqarishga keng imkoniyat yaratib, boʼlgʼusida shaxs xususiyatlariga aylanuvchi tartib va intizom, masʼuliyat, javobgarlik, hurmat tuygʼularini tarkib toptirishga puxta zamin hozirlaydi. Uchinchi davr - oʼyin yoshi deb atalib 5 yoshdan 7 yoshgacha boʼlgan bolalarni oʼziga qamrab oladi. Mazkur davrda tashabbus tuygʼusi, qaysidir ishni amalga oshirish va bajarish maylini tarkib toptiradi. Mabodo unda xohish-istakni roʼyobga chiqarishning yoʼli toʼsib qoʼyilsa, ushbu holatda bola oʼzini aybdor deb hisoblaydi. Mazkur yosh davrida davra, yaʼni guruhiy oʼyin, tengqurlari bilan muloqotga kirishish jarayonlari muhim ahamiyat kasb etadi, natijada bolaning turli rollar sinab koʼrishiga, xayoloti oʼsishiga imkon yaratiladi. Xuddi shu davrda bolada adolat tuygʼusi, uni tushunish mayli tugʼila boshlaydi. Toʼrtinchi davr - maktab yoshi deb nomlanib, undagi asosiy oʼzgarishlar koʼzlagan maqsadga erishish qobiliyati, uddaburonlik va mahsuldorlikka intilish tuygʼusi bilan ajralib turadi. Uning eng muhim qadriyati - omilkorlik va mahsuldorlikdan iboratdir. Ushbu yosh davrining salbiy jihatlari (illatlari) ham koʼzga tashlanadi va ularning qatoriga ijobiy xislatlari yetarli darajada boʼlmaganligi, ongi hayotning barcha qirralarini qamrab ololmasligi, muammolarni yechishda aql-zakovatning yetishmasligi, bilimlarni oʼzlashtirishda qoloqligi (sustligi) va hokazo. Xuddi shu davrda shaxsda mehnatga nisbatan individual munosabati shakllana boshlaydi. Beshinchi davr - oʼspirinlik - oʼzining betakror xislati, individualligi va boshqa odamlar bilan keskin tafovutlanishi bilan tavsiflanadi. Shuningdek, oʼsmirlik shaxs sifatida noaniqlik, muayyan rolning uddalamaslik, qatʼiyatsizlik singari nuqsonlarga (illatlarga) egadir. Mazkur davrning eng muhim xususiyati “rolni kechiktirish”ning oʼzgarishi hisoblanib, birmuncha taraqqiyot bosqichiga koʼtarilishining daqiqasidir. Unda ijtimoiy hayotda bajarayotgan rollarining koʼlami kengayadi, lekin ularning barchasini jiddiy egallash imkoniyati mavjud boʼlmaydi, vaholanki bu kezda oʼspirin rollarda oʼzini sinab koʼrish bilan cheklanadi, xolos. Erikson oʼspirinlarda oʼz-oʼzini anglashning psixologik mexanizmlarini batafsil tahlil qiladi, unda vaqtni yangicha his qilish, psixoseksual qiziqish, patogen (kasallik qoʼzgʼatuvchi) jarayonlar va ularning turli koʼrinishlari namoyon boʼlishini sharhlaydi. Oltinchi davr - yoshlik boshqa odamga (jinsga) nisbatan psixologik intim yaqinlashuv qobiliyati (uquvi) va ehtiyoji vujudga kelishi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, yoshlik tanholik va odamovilik kabi bexosiyat xususiyatlari bilan tafovutlanadi. Yetinchi davr - yetuklik davri deb atalib, hayot va faoliyatning barcha sohalarida (mehnatga, ijodiyotga, gʼamxoʼrlikda, pusht qoldirishda, tajriba uzatishda va boshqalarda) mahsuldorlik tuygʼusi unga uzluksiz ravishda hamroh boʼladi va ezgu niyatlarning amalga oshishida turtki vazifasini bajaradi. Shuningdek, mazkur davrda ayrim jihatlarda turgʼunlik tuygʼusi nuqson (illat) sifatida hukm surishi ehtimoldan holi emas. Sakkizinchi davr, yaʼni qarilik inson tariqasida oʼz burchini uddalay olganligi, turmushning keng qamrovligi, undan qanoatlanganligi (qoniqqanligi) tuygʼulari bilan tavsiflanadi. Salbiy xususiyat sifatida ushbu yoshda hayotdan, faoliyatdan noumidlilik, ulardan koʼngil sovish his-tuygʼularini taʼkidlab oʼtish oʼrinlidir. Donolik, soflik, gunohlardan forigʼ boʼlishlik bu yoshdagi odamlarning eng muhim jihati, saxovati hisoblanadi, binobarin, har bir alohida olingan holatga nisbatan shaxsiyat va umumiyat nuqtai nazardan qarash ularning oliy himmati sanaladi. E.Shpranger “Oʼspirinlik davri psixologiyasi” degan asarida qizlarning 13 yoshdan 19 yoshgacha, yigitlarning esa 14 yoshdan 22 yoshgacha kiritishni tavsiya qiladi. Ushbu yosh davrida yuz beradigan asosiy oʼzgarishlar E.Shpranger boʼyicha: a) shaxsiy “Men” ni kashf qilish, b) refleksiyaning oʼsishi, v) oʼzining individualligini anglash (tushunish) va shaxsiy xususiyatlarini eʼtirof qilish, g) hayotiy ezgu rejalarining paydo boʼlishi, d) oʼz shaxsiy turmushini anglagan holda qurish ustanovkasi va hokazo. Uning fikricha, 14-17 yoshlarda vujudga keladigan inqirozning mohiyati ularga kattalarning bolalarcha munosabatidan qutulish tuygʼusini tugʼilishidan iboratdir. 17-21 yoshlarning yana bir xususiyati - oʼzining tengqurlari va jamoatchilik qurshovidan “uzilish inqirozi” va tanholik tuygʼusining paydo boʼlishidir. Bu holatni tarixiy shartlanganlik shart-sharoitlar va omillar vujudga keltiradi. E.Shpranger, K.Byuler, А.Maslou va boshqalar personologik nazariyaning yirik namoyandalari boʼlib hisoblanadilar. Kognitivistik yoʼnalishning asoschilari qatoriga J.Piaje, Dj. Kelli va boshqalarni kiritish mumkin. J.Piaje intellekt nazariyasi ikkita muhim jihatga ajratilgan boʼlib, u intellekt funksiyalari va intellektning davrlari taʼlimotini oʼz ichiga qamrab oladi. Intellektning asosiy funktsiyalari qatoriga uyushqoqlik (tartiblilik) va adaptatsiya (moslashish,koʼnikish) dan iborat boʼlib, intellektning funktsional invariantligi deb yuritiladi. Muallif shaxsda intellekt rivojlanishining quyidagi bosqichlarga ajratadi: 1) sensomotor intellekti (tugʼilishdan to 2 yoshgacha), 2) operatsiyalardan ilgarigi tafakkur davri (2 yoshdan to 7 yoshgacha), 3) konkret operatsiyalar davri (7-8 yoshdan 11-12 yoshgacha), 4) formal (rasmiy) operatsiyalar davri. J.Piajening gʼoyalarini davom ettirgan psixologlarning bir guruhini kognitiv-genetik nazariyaga biriktirish mumkin. Bu yoʼnalishning namoyandalari qatoriga L.Kolberg, D.Bromley, Dj.Birrer, А.Vallon, G.Grimm va boshqalar kiradi. Frantsuz psixologi А.Vallon nuqtai nazaricha, shaxsning rivojlanishi quyidagi bosqichlarga ajratiladi: 1) homilaning ona qornidagi davri, 2) impulsiv harakat davri - tugʼilgandan to 6 oylikgacha, 3) emotsional (his-tuygʼu) davri - 6 oylikdan to 1 yoshgacha, 4) sensomotor (idrok bilan harakatning uygʼunlashuvi) davri - 1 yoshdan to 3 yoshgacha, 5) personalizm (shaxsga aylanish) davri - 3 yoshdan to 5 yoshgacha, 6) farqlash davri - 6 yoshdan to 11 yoshgacha, 7) jinsiy yetilish va oʼspirinlik davri - 12 yoshdan to 18 yoshgacha. Yana bir frantsiyalik yirik psixolog Zazzo oʼz vatanidagi taʼlim va tarbiya tizimining tamoyillaridan kelib chiqqan holda, mazkur muammoga boshqacharoq yondashib va uni oʼziga xos talqin qilib, insonning ulgʼayib borishini quyidagi bosqichlarga ajratishni tavsiya qiladi: 1. Birinchi bosqich - bolaning tugʼilganidan 3 yoshigacha. 2. Ikkinchi bosqich - 3 yoshidan 6 yoshigacha. 3. Uchinchi bosqich - 6 yoshidan 9 yoshigacha. 4. Toʼrtinchi bosqich - 9 yoshidan 12 yoshigacha. 5. Beshinchi bosqich - 12 yoshidan to 15 yoshigacha. 6. Oltinchi bosqich - 15 yoshidan 18 yoshigacha. Sxemadan koʼrinib turibdiki, R.Zazzo shaxs rivojlanishining bosqichlariga individuallik sifatida tarkib topish, takomillashish nazariyasidan kelib chiqib yondashgani shaxs shakllanishi pallasining yuqori nuqtasi, yaʼni ijtimoiylashuvi bilan cheklanishga olib kelgan. Shuning uchun uning taʼlimoti insonning ontogenezda takomillashuvi, oʼzgarishi, rivojlanishi xususiyatlari va qonuniyatlari toʼgʼrisida mulohaza yuritish imkonini bermaydi. G.Grimm shaxs rivojlanishi quyidagi bosqichlardan iborat ekanligini tavsiya qiladi: 1) chaqaloqlik - tugʼilganidan to 10 kungacha, 2) goʼdaklik - 10 kunlikdan to 1 yoshigacha, 3) ilk bolalik - 1 yoshdan to 2 yoshigacha, 4) birinchi bolalik davri - 3 yoshdan to 7 yoshigacha, 5) ikkinchi bolalik davri - 8 yoshdan to 12 yoshigacha, 6) oʼsmirlik davri 13 yoshdan to 16 yoshigacha oʼgʼil bolalar, 12 yoshdan 15 yoshigacha qizlar, 7) oʼspirinlik davri - 17 yoshdan to 21 yoshgacha yigitlar, 16 yoshdan 20 yoshgacha qizlar (bokiralar), 8) yetuklik davri: birinchi bosqich - 22 yoshdan 35 yoshgacha erkaklar, 21 yoshdan 35 yoshgacha ayollar, ikkinchi bosqich - 36 yoshdan 60 yoshgacha erkaklar, 36 yoshdan 55 yoshgacha ayollar, 9) keksayish (yoshi qaytgan davr) - 61 yoshdan to 75 yoshgacha erkaklar, 55 yoshdan to 75 yoshgacha ayollar, 10) qarilik davri - 76 yoshdan to 90 yoshigacha (jinsiy tafovut yoʼq), 11) uzoq umr koʼruvchilar 91 yoshdan boshlab to cheksizlikkacha. Dj.Birron shaxs rivojlanishini quyidagicha tasavvur etadi: 1) goʼdaklik - tugʼilgandan to 2 yoshgacha, 2) maktaboldi davr - 2 yoshdan to 5 yoshgacha, 3) bolalik davri - 5 yoshdan to 12 yoshgacha, 4) oʼspirinlik davri - 12 yoshdan to 17 yoshgacha, 5) ilk yetuklik davri - 17 yoshdan to 20 yoshgacha, 6) yetuklik davri - 20 yoshdan to 50 yoshgacha, 7) yetuklik davrining oxiri - 50 yoshdan to 75 yoshgacha, 8) qarilik davri 76 yoshdan boshlab. D.Bromleyning tasnifi boshqalarnikiga mutlaqo oʼxshamaydi, chunki unda shaxsning rivojlanishi muayyan davrlarga va bosqichlarga ajratilgan: birinchi davr - ona qornidagi muddatni oʼz ichiga qamrab oladi (zigota-embrion-homila-tugʼilish), ikkinchi davr (bolalik): a) goʼdaklik - tugʼilgandan to 18 oylikgacha, b) maktabgacha bosqichdan oldingi - 19 oylikdan to 5 yoshgacha, v) maktab bolalik - 5 yoshdan 11-13 yoshgacha, uchinchi davr (oʼspirinlik) - 1) ilk oʼspirinlik - 11 yoshdan to 15 yoshgacha, 2) oʼspirinlik - 15 yoshdan to 21 yoshgacha, toʼrtinchi davr (etuklik) - 1) ilk yetuklik davri - 21 yoshdan to 25 yoshgacha, 2) oʼrta yetuklik davri - 25 yoshdan to 40 yoshgacha, 3) yetuklikning soʼnggi bosqichi - 40 yoshdan to 55 yoshgacha, beshinchi davr (qarilik) - 1) istefo bosqichi - 55 yoshdan to 65 yoshgacha, 2) qarilik bosqichi - 65 yoshdan to 75 yoshgacha, 3) eng keksalik davri - 76 yoshdan to cheksizlikgacha. Shunday qilib, biz chet el psixologiyasida shaxs rivojlanishining yoʼnalishlari va nazariyalarini qisqacha sharhlab oʼtdik. qilingan tahlillardan koʼrinib turibdiki, Yevropa mamlakatlari va АqSh psixologlari orasida bu sohada bitta umumiy nazariya hali ishlab chiqilmagan. Buning bosh sababi shaxsning tuzilishi, uni shakllanish qonuniyatlari, uning kamolotida obʼektiv va subʼektiv taʼsirlarning roli, mikro va makromuhitning taʼsiri, rivojlanishning tayanch manbalari boʼyicha umumiylikning yoʼqligi, aniq metodologiyaga va ilmiy platformaga asoslanmaganlikdir Download 39.19 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling