Esse ijtimoiy pedagogikaning asosiy kategoriyalari
Download 12.38 Kb.
|
IJTIMOIY PEDAGOGIKANING ASOSIY KATEGORIYALARI
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ijtimoiylashuv
- Ijtimoiy ish
- Ijtimoiy muammolar
ESSE IJTIMOIY PEDAGOGIKANING ASOSIY KATEGORIYALARI Ijtimoiy pedagogika o‘z tushunchalari va kategoriyalar majmuiga ega. Ijtimoiy pedagogikaning asosiy tushunchalariga quyidagilar kiradi: ijtimoiy muhit, ijtimoiy tarbiya, ijtimoiy ta’lim, ijtimoiylashuv, ijtimoiy moslashuv, qayta tarbiyalash, korreksiya va h.k. Ijtimoiy pedagogika atamalarining mohiyatiga batafsilroq to‘xtalamiz. Eng avvalo, ijtimoiy muhit nima, degan savolga javob topish lozim. Muhit turli fanlarning vakillari - sotsiologlar, psixologlar, pedagoglar tomonidan o‘rganiladi. Ijtimoiy pedagogikada sotsium, ijtimoiy muhit insonning kamol topish jarayoni yuz beruvchi real borliq sifatida qaraladi. Pedagoglar muhit ta’siri haqida gapirganda, eng avvalo ijtimoiy muhit va oila muhitini nazarda tutadilar. “Ijtimoiy muhit” tushunchasi ijtimoiy tuzum, hayotning moddiy sharoitlari, ishlab chiqarish va ijtimoiy munosabatlar tizimi kabi mezonlarni qamrab oladi. Ijtimoiy muhit jamiyat va dunyo bilan mavjud aloqalar haqidagi tasavvurni shakllantiradi. Shaxsning ijtimoiylashuvida muhit ulkan rol o‘ynaydi. U jamiyat, uning an’analari va ko’lami haqidagi tasavvurni shakllantiradi. Aynan shu yerda inson hayotni biladi, ijtimoiy muloqot tajribasini o‘zlashtiradi. Tarbiya pedagogikaning asosiy kategoriyasi sifatida olimlar tomonidan faol o‘rganiladi, chunki tarbiya ijtimoiy hayotning abadiy va umumiy kategoriyasi hisoblanadi. Pedagogika tarbiyaga axloqiy fazilatlarning shakllanish izchil jarayoni sifatida qaraydi. Ijtimoiy tarbiya - barcha ijtimoiy ta’sirlarni e’tiborga olgan holda shaxsning ijtimoiy kamol topishi uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan jarayon. Ijtimoiy tarbiya tizim sifatida insonni shakllantiruvchi barcha omillarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy tarbiya - serqirra tushuncha. U oila va jamiyatda yuzaga kelgan axloqiy munosabatlarni o‘zlashtirish va qabul qilishda insonga yordam berishni, unga o‘z hayot yo‘lini tanlash va yangi sharoitga moslashishni o‘rgatishni anglatadi. Ijtimoiy tarbiya jarayoni oilada, maktabda, ijtimoiy ta’limning barcha bo‘g‘inlarida, mehnat jabhasida yuz beradi. Hozirgi zamon ijtimoiy tarbiyasining insonparvarligi o‘zaro munosabatlarni tazyiq o‘tkazish asosida emas, balki o‘zaro til topish asosida yo‘lga qo‘yish bilan belgilanadi. Ijtimoiy pedagogika zamirida shaxsni tarbiyalash yotadi, shu tufayli ham ijtimoiy tarbiyaning vazifasi odamlar bilan ijobiy munosabatlarga kirishishga qodir bo‘lgan mustaqil, ijodkor shaxsni shakllantirishdan iborat. Ijtimoiylashuv – madaniy qadriyatlar va ijtimoiy me’yorlarni o‘zlashtirish, shaxsning o‘zini o‘zi kamol toptirish va o‘z imkoniyatlarini jamiyatda ro‘yobga chiqarish jarayoni. Ijtimoiylashuv insonning jamiyatga moslashish jarayoni sifatida qaraladi. Jamiyat o‘zining har bir a’zosini o‘ziga xos bo‘lgan madaniyatga muvofiq shakllantiradi. Pedagogika ijtimoiylashuvga konkret jamiyat sharoitida moslashuv (ijtimoiy moslashuv) va mustaqillashuv (individuallikning shakllanishi) jarayonlarining birligi sifatida qaraydi. Ijtimoiylashuvning ko‘p sonli konsepsiyalari mavjud bo‘lib, ularni shartli ravishda ikki guruhga birlashtirish mumkin: sub’yekt-ob’yekt va sub’yekt-sub’yekt yondashuvlari. Sub’yekt-ob’yekt yondashuvi ijtimoiylashuv jarayonida insonning passiv rolini nazarda tutadi. Sub’yekt-sub’yekt yondashuvida inson faol pozitsiyani egallaydi va jamiyatga moslashibgina qolmasdan, o‘z yashash sharoitlari va o‘z-o‘ziga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ijtimoiylashuv va ijtimoiy tarbiya inson hayotining turli bosqichlarida o‘z xususiyatlariga ega bo‘ladi. Ijtimoiy ish – ijtimoiy holatini yaxshilash uchun insonga, guruhga yordam ko‘rsatish borasidagi kasbiy faoliyat. Ijtimoiy-pedagogik muhofaza – ayrim shaxsning jismoniy, ruhiy va axloqiy-psixologik xavfsizligini ta’minlovchi omillar va vositalar tizimi, uning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, u erkin kamol topishi uchun moddiy va ma’naviy sharoitlar yaratish. Ijtimoiy muammolar – inson maqsad va natija o‘rtasidagi o‘zi uchun muhim bo‘lgan nomuvofiqlik sifatida tushunuvchi ijtimoiy ziddiyat. Maqsadga erishish uchun mablag‘lar yo‘qligi yoki taqchilligi tufayli yuzaga keluvchi bu nomuvofiqlik ijtimoiy ehtiyojlar qondirilmasligiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy pedagogikaning amaliy vazifalari alohida ahamiyat kasb etadi. Ularga quyidagilarni kiritish mumkin: 1. Inson ongida ezgulik va adolat, o‘z yaqinlariga muhabbat, ijodkorlik, o‘zaro til topish haqidagi tasavvurlarni shakllantirish. 2. O’z atrofidagilar bilan muloqot qilishni, hayot maqsadi va mazmunini belgilashni o‘rgatish. 3. Atrof borliqni, insonning jismoniy va ma’naviy xususiyatlarini, jamiyatdagi huquqlar va burchlarni bilishga intilishni rivojlantirish. 4. O‘z qadr-qimmatini anglash, mustaqillik, o‘ziga ishonch hissini rivojlantirish. Umumiy pedagogika fanining bir qismi sanalgan ijtimoiy pedagogika uning vositalari, asosiy tamoyillari va metodlaridan tadqiqotlar tashkil etish va o‘tkazish maqsadida foydalanadi. Shu bilan bir vaqtda, amaliy faoliyat va ijtimoiy-pedagogik tadqiqotlarning o‘z metodlarini belgilash ham ijtimoiy pedagogikaning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Download 12.38 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling