Fikrning mazmuni, shakli va mantiqiy qonunlari haqida tushuncha


Download 18.08 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi18.08 Kb.
#1526768

Fikrning mazmuni, shakli va mantiqiy qonunlari haqida tushuncha


Har bir fikr o‘z mazmuni va mantiqiy shakliga ega. Fikrning mazmuni deganda, eng avvalo, unda aks etgan narsalar, ularning xususiyatlari va munosabatlari tushuniladi. Fikrning mazmuni dunyodagi narsa, hodisa va jarayonlar singari ko‘p qirralidir. Shu o‘rinda, fikrning mazmunini bilish uchun, uning har bir tilda turlicha ifodalanishini misol tariqasida keltirib o‘tamiz.
Masalan, «jinoyat» so‘zining rus tilida «prestupleniye» deb atalishi, uning ijtimoiy xavfli harakat sifatidagi asl mazmunini o‘zgartirmaydi. Ko‘rib turganimizdek, o‘zbek va rus tillarida muayyan bir mazmundagi fikr tilga bog‘liq bo‘lgan turlicha ramziy belgilarda ifodalangan bo‘lsa ham mazmunini o‘zgartirgani yo‘q. Shu bilan birga, tillarda bir xil simvolik belgilarda ifodalanib, aslida esa turlicha mazmun kasb etgan terminlardan ham talay misollar keltirishimiz mumkin.
Endi fikrning aniq mazmunidan mavhumlashtirilib, uning mantiqiy tuzilishini ifodalovchi tafakkur shakllariga to‘xtalamiz. Chunki mazmuni jihatidan o‘zaro farq qiluvchi fikrlar, ularni muayyan birliklarda ifodalovchi tushuncha, hukm va xulosa kabi tafakkur shakllarida namoyon bo‘ladi.
Chunonchi, ayrim narsalar yoki ularning majmui haqidagi fikrlarimiz turlicha mazmun kasb etsa-da, ularning mantiqiy ifodasi barchasi uchun bir xil bo‘lgan tushuncha shaklida namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan,
«o‘g‘rilik» va «aksioma» deganimizda, har xil mazmunga ega bo‘lgan tushunchalarni anglaymiz. Birinchi holatda o‘zganing mulkini yashirincha talon-taroj qilish, ikkinchi holatda esa isbotsiz qabul qilinadigan bilim tushuniladi. Lekin bu ikki hodisani aks ettiruvchi turli mazmundagi fikrlar har ikkisi uchun umumiy bo‘lgan bir xil mantiqiy shaklda, ya’ni
tushunchada ifodalanadi. Boshqacha aytganda, muayyan narsalar guruhiga tegishli bo‘lgan umumiy, muhim va takrorlanuvchi belgilar majmuini ongimizda yaxlit holda aks ettirish mantiqda «tushuncha» deb ataladi.
Ushbu tahlilda biz, ikki mazmunni («o‘g‘rilik» va «aksioma»ni) ulardagi umumiy va muhim belgilarning takrorlanishiga qarab
«tushuncha» deb ataluvchi tafakkur shakliga birlashtirdik. Mantiqiy shaklda fikrlar o‘z aniq mazmunidan ajralgan holda muayyan ramziy belgilar bilan ifodalanadi. Jumladan, tushunchada biz fikrda ifodalangan muayyan bir narsani «X» bilan, unga xos belgilarni «a», «b», «s» bilan belgilab, fikrning aniq mazmuniga bog‘liq bo‘lmagan mantiqiy shaklni ifodalaymiz.
Demak, yuqorida keltirgan misollarda turli xil narsa va hodisalarning tafakkurda bir xil shaklda, ya’ni o‘zaro aloqador muhim belgilarning muayyan tizimini ifodalovchi tushuncha shaklida namoyon bo‘lishini ko‘ramiz.
Mantiq fikrning aniq mazmuni mavhumlashtirib, uning shaklini turli ramziy belgilarda ifodalaydi. Endigi mulohazalarimizni «hukm» deb ataluvchi mantiqiy shakl haqidagi fikrlar bilan davom ettirishga harakat qilamiz. Masalan, mazmuni jihatidan ikki xil bo‘lgan quyidagi fikrlarni tahlil qilib ko‘raylik: «Jinoyat ijtimoiy xavfli harakatdir» va
«Kriminalistika – huquqshunoslik fani». Mantiq bu o‘rinda mazkur fikrlarda ifodalangan mazmunning turli xilligini emas, balki har ikkalasi uchun ham umumiy bo‘lgan (ikki tushunchali fikrni mantiqiy bog‘lovchi orqali birlashtiruvchi va «hukm» deb ataluvchi) shaklini o‘rganadi. Mazkur misolda tafakkurning shakli sifatida hukm o‘rganilmoqda. Bu yerda «jinoyat» va «kriminalistika» muhokama qilinayotgan fikrning predmeti haqidagi tushuncha sifatida subyektni anglatuvchi «S» harfi bilan, «xavfli harakat» va «huquqshunoslik fani» esa predmetning belgisi haqidagi tushunchalar sifatida predikatni bildiruvchi «P» harfi bilan, mantiqiy bog‘lovchi esa «dir» qo‘shimchasi bilan ifodalanadi. Mazkur hukmning umumiy sxemasi «S – P dir» ramziy belgisi orqali ifodalanadi. Shunday qilib, hukm o‘zida tushunchalar aloqasining usulini tasdiq yoki inkor shaklida ifodalaydi.
Endigi tahlilimizni mavjud tushunchalardan hukmlar tuzganimizdek, bir yoki bir necha fikrlardan yangi fikr keltirib chiqaruvchi xulosaga qaratsak. Bu yerda ham turli xil mazmundagi fikrlar uchun umumiy bo‘lgan usulni ifodalovchi mantiqiy shakl borligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Masalan, «Jinoyat ijtimoiy xavfli harakatdir» va «O‘g‘rilik
jinoyatdir» degan hukmdan «O‘g‘rilik ijtimoiy xavfli harakatdir» degan yangi hukmni keltirib chiqarish mumkin.
Bu yerda asoslar «jinoyat» degan tushuncha orqali bog‘lanadi. Aynan shunday mantiqiy usul bilan boshqa mazmundagi fikrlardan ham yangi fikr keltirib chiqarish mumkin. Masalan, «Har bir jinoyat o‘z ijtimoiy xavflilik darajasiga ega» va «Qotillik jinoyatdir» degan hukmlardan
«qotillik o‘z ijtimoiy xavflilik darajasiga ega» degan yangi hukmni keltirib chiqarishimiz mumkin. Har ikkala misolda ham hukmlar va ulardan keltirib chiqarilgan yangi fikrlar mazmun jihatidan bir-biridan farq qiladi. Lekin ularni umumlashtirib turuvchi jihati shuki, har ikkala misolda ham mavjud hukmlardan yangi hukmlarni keltirib chiqarishda xulosa chiqarishning «deduktiv» deb nomlanuvchi usulidan foydalanilgan.
Demak, fikrlar faqat aniq mazmungagina ega bo‘lmasdan, balki unga bog‘liq bo‘lmagan jihatlarga, ya’ni fikr elementlarini bog‘lovchi tushuncha, hukm va xulosa kabi umumiy usullarda ifodalanuvchi mantiqiy shakllarga ham ega bo‘ladi .
Shunday qilib, mantiqiy shakl yoki tafakkur shakli fikr elementlarining bog‘lanish usuli yoki ularning tuzilishidir.
Yuqorida fikrning aniq mazmuni va undan ajratilgan mantiqiy shakllar haqida so‘z yuritdik, lekin tafakkurning real jarayonida fikrning mazmuni va shakli bir butunlikda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, fikrning chinligi mazmuniga tegishli bo‘lsa, to‘g‘riligi uning mantiqiy tuzilishi va shakliga bog‘liqdir. Aytilgan fikr voqelikka mos kelsa – chin, aksi bo‘lsa – yolg‘on bo‘ladi. Fikrlarning chinligi muhokama davomida to‘g‘ri natijalarga erishishning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. To‘g‘ri muhokama yuritishning boshqa bir sharti sifatida fikrlarning mantiqan to‘g‘ri tuzilganligini ham ko‘rsatish mumkin. Chunki chin fikrlardan ham mantiqan noto‘g‘ri xulosalar keltirib chiqarish mumkin. Masalan, «Ba’zi huquqshunoslar prokurordirlar» va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati F. Komilov huquqshunosdir», degan chin fikrlardan «Demak, F. Komilov prokurordir», degan yolg‘on xulosa kelib chiqishi mumkin. Chunki mazkur misolda xulosani keltirib chiqargan asoslar o‘rtasida zaruriy aloqa yo‘q. Asoslarda keltirilgan fikrlar chin bo‘lishiga qaramasdan, xulosa chiqarishda tafakkur qonunlariga rioya qilinmaganligi sababli, mantiqiy xatolik vujudga keladi. Demak, to‘g‘ri muhokama yuritish uchun nafaqat fikrlarning chinligi, balki mantiqan to‘g‘ri tuzilganligi ham katta ahamiyatga ega ekan. Aynan shu vazifani, ya’ni fikrlarning mazmunan chinligi va mantiqan to‘g‘riligiga amal qilishni tafakkurning «ayniyat», «nozidlik», «uchinchisi istisno» va
«yetarlicha asos» qonunlari bajaradi. Mazkur mantiqiy qonunlarni keyingi mavzularda batafsil ko‘rib chiqamiz. Hozir esa tafakkur qonunlari fikrlar o‘rtasidagi ichki, zaruriy va muhim aloqadorliklarni ifodalovchi muayyan qoida va prinsiplar majmui bo‘lib, ularga amal qilish to‘g‘ri fikrlashning muhim sharti ekanligini tushunish bilan kifoyalanamiz, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shunday qilib, tafakkurning shakl va qonunlarida fikrlarning aniq mazmuni va ularda mavhumlashtirilgan tushuncha, hukm va xulosa kabi (fikr elementlari sifatida) mantiqiy shakllarning borligi hamda to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun albatta tafakkurning muayyan qonun va qoidalariga amal qilish lozimligi haqida bilimga ega bo‘ldik.
Download 18.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling