Ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirishda ilmiy-texnik axborotning oʻrni
Download 379.08 Kb.
|
Ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirishda ilmiy-texnik axborotning oʻrni
- Bu sahifa navigatsiya:
- Harakatlar strategiyasida
- Oʻzbekiston Respublikasining
- Standartlashtirish , metrologiya
- Aleksandr Soy, Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi
Ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirishda ilmiy-texnik axborotning oʻrni 11:44 08.01.2022 | 902 Oʻtgan uch yil mobaynida Oʻzbekiston ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirishda sezilarli darajada ilgarilab ketdi. Bu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari mamlakat rahbariyatining eng yuqori darajadagi strategik qarashlari va siyosiy qoʻllab-quvvatlashi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish, ilmiy va innovatsion yutuqlarni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-sentyabrdagi PF-5544-sonli Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirish boʻyicha ulkan maqsad eʼlon qilindi [1-3]. Ushbu maqsadni amalga oshirishning asosi fan sohasini zamonaviy iqtisodiy sharoitlarga moslashtirish hisoblanadi, bu esa oʻz navbatida kuchli meʼyoriy-huquqiy baza bilan tartibga solinadigan uni rivojlantirishning tuzilmaviy, tashkiliy, kadrlar, infratuzilma va moliyaviy taʼminotidagi tub oʻzgarishlarga olib kelishi kerak. Ushbu ishni amalga oshirish yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasining 29.10.2019-y. OʻRQ-576-son "Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida"gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining 24.07.2020-y. OʻRQ-630-son "Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida"gi Qonuni qabul qilindi. Shuningdek, oʻtgan yildan boshlab ushbu sohaning oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish asoslarini belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Yuqorida qayd etilgan hujjatlarda respublika, tarmoq, mintaqaviy ilmiy-texnik axborot resurslari hamda mahalliy va xorijiy ilmiy-texnik axborot manbalarini yigʻish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan tashkilotlarni oʻz ichiga oluvchi mamlakatimizda ilmiy-texnik axborotning davlat tizimi (ITADT)ni yaratish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, ITADTni toʻliq amalga oshirilishi uchun bugungi kunda mavjud muammolarni diqqat bilan oʻrganish lozim. Ushbu maqolada tizimli yondashuvlar va oʻzgarishlarni talab qiluvchi ulardan asosiylarini koʻrib chiqamiz. Ayni paytda mamlakatda zamonaviy ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish yutuqlari va tendensiyalarini har tomonlama tahlil qilish va oʻrganish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmayapti, davlat dasturlarini ishlab chiqishda lozim tarzdagi majmuaviy tahlil va strategik prognozlashtirish mavjud emas, natijada ushbu dasturlar koʻpincha muammolarning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan va uzoq muddatli rivojlanish masalalarini hal qilmaydi. Buning asosiy sabablaridan biri bugungi kunda mamlakatda 2017-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilgan ITI va ITTKI boʻyicha hujjatli fondlar va hisobot hujjatlari maʼlumot bazalarining yoʻqligi hisoblanadi. Ushbu fakt mamlakatda toʻplangan ilmiy salohiyatni sifatli tahlil qilish va baholash, shuningdek, uning yanada rivojlanishini monitoring qilishga sezilarli tarzda toʻsqinlik qiladi. Bundan tashqari, hisobot hujjatlarining hujjatli arxivlarida, shuningdek, ular boʻyicha elektron maʼlumotlar bazalarida tartib yoʻqligi sababli ilmiy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini monitoring qilish ishlarini tashkil etishda muammolar yuzaga kelmoqda, ularning samaradorligini baholashni toʻlaqonli tarzda oʻtkazishning imkoni boʻlayotgani yoʻq. Shu munosabat bilan shoshilinch tartibda mamlakat mustaqilligidan boshlab to 2017-yilgacha boʻlgan davr uchun hujjatli fondlarni tiklash hamda ITI va ITTKI hisobotlari boʻyicha elektron maʼlumot bazalarini yaratish ustida ishni oʻtkazish juda zarur. Shuningdek, davlat byudjeti hisobidan bajarilgan va bajarilayotgan ilmiy-texnik dasturlar hamda ular boʻyicha hisob-roʻyxatga olish hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar bazalarini shakllantirishni boshlash lozim. Loyiha rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ITI va ITTKI hisobotlari koʻpchilik hollarda uning tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi ham kiruvchi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha Davlatlararo kengash tomonidan qabul qilingan GOST 7.32-2001ga muvofiq kelmasligi (2001-yil 22-maydagi 19-son Texnik kotibiyatning hisoboti) yana bir juda muhim muammo hisoblanadi. Yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish uchun GOST 7.32-2001ga muvofiqlikka dastlabki neormativ nazoratni oʻtkazish bilan va hisobot hujjatlarini sifatli tayyorlash va oʻz vaqtida topshirish uchun uning toʻliq javobgarligi haqida loyiha rahbarini oldindan yozma xabar berish bilan ITI hisobotlarini qabul qilish va roʻyxatga olish boʻyicha sifatli ishni tashkil etish kerak. Davlat rahbarining raqamli iqtisodiyotni joriy etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalari asosida ushbu ishni raqamli formatga oʻtkazish – masofaviy rejimda ITI va ITTKI hisobotlarining elektron versiyalarini onlayn qabul qilishni taʼminlovchi maxsus elektron platformani ishlab chiqish va ishga tushirish zarur. Jahon amaliyoti shuni koʻrsatadiki, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-texnik axborotning asosiy operatorlari ixtisoslashgan tashkilotlar - axborot-tahlil markazlari hisoblanadi. Ushbu maqsadda 2019-yilning 11-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibida Ilmiy-texnik axborot markazi ishga tushirildi. Oʻz faoliyatining birinchi yilida Markaz tomonidan 2017-yildan 2019-yilgacha boʻlgan davr uchun davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan ITI va ITTKI boʻyicha hisobot hujjatlari elektron versiyalarining maʼlumotlar bazasi yaratildi (1 500 dan ortiq loyihalar boʻyicha 4 500 dan ortiq hisobot miqdorida). Toʻplangan hisobotlar boʻyicha mahsuldorlikning tahlili amalga oshirildi, tijoratlashtirish salohiyatiga ega boʻlgan ilmiy-texnik faoliyat natijalari aniqlandi. Markaz, shuningdek, amalga oshirilayotgan ilmiy va innovatsion loyihalarni monitoring qilish boʻyicha Vazirlikning ishida faol ishtirok etadi: bajarilgan ishlarning kalendar rejalarga muvofiqligi, hisobot hujjatlarida taqdim etilgan maqolalarni ularning loyiha mavzulariga muvofiqligi va ilmiy va texnik axborotning WebofScience, Scopus va boshqa xalqaro maʼlumotlar bazalarida mavjudligi borasida tahlilni oʻtkazadi. Shunday qilib, mamlakatda ilmiy axborot resurslarini shakllantirish boʻyicha ishlar boshlandi. Biroq, yaqin kelajakda toʻlaqonli, samarali faoliyat yurituvchi davlat tizimini qurish uchun nafaqat ITI va ITTKI boʻyicha hisobot hujjatlari, balki patent bazasi, ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyalar va referatlarning fondini ham oʻz ichiga oluvchi ilmiy-texnik maʼlumotlarning yagona Milliy maʼlumotlar bazasini shakllantirish kerak. Shuningdek, ilmiy-innovatsion faoliyatni baholash uchun ilmiy statistikani yigʻish va qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirish, masalan, “Oslo qoʻllanmasi” (texnologik innovatsiyalar haqida maʼlumotlarni yigʻish va talqin qilish boʻyicha uslubiy tavsiyalar), “Fraskati qoʻllanmasi” (tadqiqot va eksperimental ishlanmalarni baholash amaliyoti standartlari) va “Kanbara qoʻllanmasi” (fan va innovatsiyalar sohasida inson resurslarini oʻlchash) kabi ilm-fani rivojlangan mamlakatlarda tan olinganlariga moslashtirish boʻyicha majmuaviy ishlarni oʻtkazish lozim. Xalqaro moliya institutlari ham ilm-fan sohasining rivojlanish salohiyatini baholash tadqiqotlarini oʻtkazish uchun YUNESKOning xizmatlaridan foydalanadi. Korrelyatsiyaviy-regressiv tahlil, salohiyatni baholash, istiqbolli sohalarni rejalashtirish va prognozlashtirish, kuchli va zaif tomonlari, xavf-xatar va imkoniyatlarni aniqlash: mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, ilmiy tashkilotlar mahsuldorligini monitoring, tahlil qilish va baholashga taʼsir oʻtkazuvchi ilmiy va innovatsion loyihalar va dasturlarni amalga oshirish uchun ekspert-tahliliy qoʻllab-quvvatlovini taʼminlash ilm-fan va innovatsiya sohasining holati va rivojlanish tendensiyalarining tahlili doimiy ravishda, yuqori sifat bilan oʻtkazilishi lozim. Koʻrinib turibdiki, yuqorida aytilganlarning yoʻqligida, fan va innovatsiya sohasida vakolatli davlat organlarini boshqarish uchun boshqaruv qarorlarini qabul qilish oʻta qiyin boʻladi. Xususan, gap fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi, iqtisodiyotning real sektorida ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish mexanizmlarini samarali amalga oshirish, oʻrta va uzoq muddatli davlat rivojlanish dasturlarini toʻliq strategik prognozlashtirishni yuritish va ishlab chiqish masalalari haqida bormoqda. Ilmiy-texnik axborotni sifatli yigʻish va tahlil qilishni amalga oshirish nafaqat mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha tezkor va strategik boshqaruvchilik qarorlarini qabul qilish jarayonlarini zarur ishonchli va toʻliq maʼlumotlarni taqdim etishni taʼminlash, balki milliy innovatsiya tizimi subyektlariga sifatli axborot-tahliliy xizmatlar koʻrsatish va Oʻzbekistonning jahon ilmiy hamjamiyati bilan muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi, mamlakatimiz ilm-fanining rivojlangan mamlakatlar bilan kollaboratsiyasi uchun ham oʻta muhimdir. Aleksandr Soy, Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi Download 379.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling