Odamzotning olam manzarasi haqidagi tafakkur va tasavvurlari taraqqiyoti


Download 35.52 Kb.
Sana01.06.2020
Hajmi35.52 Kb.
#112693
Bog'liq
2 5373142106070059396



Odamzotning olam manzarasi haqidagi tafakkur va tasavvurlari taraqqiyoti


Ong va fikrlash qobiliyatiga ega bolgan har qanday odam albatta bir kun kelib oziga-ozi bu dunyo qanday tuzilgani, Yer, Quyosh va koinot nimalardan iborat ekani haqida savol beradi. Bunday savollar eng uzoq ajdodlarimizdan boshlab bizning davrimizda ham deyarli hammaning fikrini bir necha bor egallagan. Bashariyat taraqqiyoti asnosida odamlar borliq tuzilishi haqidagi tasavvur va bilimlarini boyitib bordi. Natijada uzoq ajdodlarimiz dunyoni shunchaki okean ortasida joylashgan yassi Yer korinishida tasavvur qilgan bolsa, sivilizatsiyaning hozirgi bosqichida endi biz multivers nazariyasiga ham yetib keldik. Daryo kolumnisti Muzaffar Qosimov ushbu maqolasida turli zamonlarda odamlar olam tuzilishini qanday tasavvur qilgani va olam tuzilishi haqidagi bilimlar qay tarzda rivojlanib borganiga toxtaladi.

1. Shumerlar tasavvurida: hammasi okeandan paydo bolgan

Shumer xalqi qadimgi Mesopotamiya hududida miloddan avvalgi 4-ming yillikda gullab-yashnagan sivilizatsiya asoschilaridir. Yozuvni aynan ular kashf etgan deb qaraladi. Astronomiya, taqvim, idoraviy boshqaruv tizimi singari narsalarni ham shumerlar birinchi bo‘lib qo‘llagan. Umuman olganda, shumerlarni insoniyat sivilizatsiyasining asoschilari deyish mumkin; ular egallagan bilimlarni bobilliklar orqali yunonlar o‘zlashtirgan va rivojlantirgan.

Shumer xalqining borliq tuzilishi haqidagi kosmologik tasavvurlari ularning madaniyatiga oid asori-atiqalarda, xususan, sopolga o‘yib ishlangan bitiklarda ko‘rsatib o‘tilgan. Amerikalik shumershunos olim Samuel Kramer XX asr o‘rtalarida shumerlarning olam tuzilishi haqidagi tasavvurlariga oid maqola yozgan. Unga ishonadigan bo‘lsak, shumerlar borliqni quyidagicha tasavvur qilgan:


  • avvaliga faqat ummon bo‘lgan; u qayerdan paydo bo‘lgani haqida savollar berilmaydi; shumerlar tasavvurida ushbu ummon doimo, abadiy mavjud bo‘lgan;

  • o‘sha ummondan tog‘ va osmon paydo bo‘lgan;

  • ma’bud An va ma’buda Ki nikohidan havo ma’budi Enlil tug‘ilgan;

  • Enlil osmonni tepaga ko‘tarib, yerdan ajratib qo‘ygan;

  • keyin esa Enlil onasi yordamida odam, hayvonlar va o‘simliklarni yaratgan.

Natijada, shumerlar tasavvurida, olam bugungi manzara kasb etgan. Ularning fikricha, Yer yassi bo‘lib, uning ustini osmon gumbazi qoplab turadi. Yerning ostida esa hech nima yo‘q bo‘shliq joy bo‘lib, o‘lganlar shu joyga tushadi. Undan ham pastda, yana faqat birlamchi ummon – Nammu bor.

2. Qadimgi xitoylar tasavvuri: dunyo tirik tugilgan

Qadimgilarning aksar tushunchalarida olam yoki betartib xaosdan, yoki okeandan paydo bo‘lgan deyilsa-da, lekin, masalan, xitoylarda olam tirik tug‘ilgan degan tasavvurlar ham bo‘lgan. Odatda bunday tug‘ilishda biror ma’budning ma’buda bilan nikohidan yoki ma’bud qiyofasidagi biror jonivordan ibtido boshlangan deb fantaziya qilingan.

Xitoylar tasavvurida eng avval yarmi In, yarmi Yan deb nomlangan tuxum paydo bo‘lgan. Undan Pan-Gu ismli birinchi odam yorib chiqqan emish. Chiqiboq u bolta bilan (boltani qayerdan oldiykin?) In va Yanni alohida qilib chopib tashlaydi. In Yerga, Yan esa osmonga aylanadi.

Pan-Gu butun umri davomida Yerni va osmonni surib, bir-biridan uzoqlashtirishga harakat qiladi. U vafot etgach, uning nafasi shamolga, bir ko‘zi Quyoshga, ikkinchi ko‘zi esa Oyga aylanadi. Qonidan daryolar hosil bo‘ladi, soqolidan esa Somon yo‘li va yulduzlar paydo bo‘ladi va hokazo. Xullas, afsonaga ko‘ra, uning har bir tana a’zosidan nimadir paydo bo‘ladi.

Xitoylar olam manzarasini aynan shunday tasavvur qilgani haqida miloddan avvalgi II asrga oid qo‘lyozmalarda qaydlar keltirilgan. Shunga o‘xshash tasavvur bobilliklarda ham bo‘lgan. Ular Marduq ismli ma’bud Tiamat ismli ma’budani yengib, uning tana a’zolaridan Yerni va osmonni yaratgan deb ishongan.

Hindlar: Yerni toshbaqa va fillar kotarib turadi

Ha, biz ko‘pchiligimiz o‘rta maktab tabiatshunoslik darsligida ko‘rgan o‘sha rasm – yassi Yerni toshbaqa (yoki kit) ustidagi uchta fil ko‘tarib turadigan ko‘rinishdagi tasavvurni hind xalqi shakllantirgan. Hind eposiga ko‘ra, ma’bud Vishnu toshbaqa qiyofasiga kirib, Yerni o‘z ustiga ortib ko‘tarib turadi va keyinchalik unga to‘rtta fil yordamga keladi. Umuman olganda, bu eposning bir talqini xolos. Boshqa talqinlarga ko‘ra, toshbaqa ustida Yerni kit, qo‘tos va hatto ayiq ko‘tarib turadigan tasavvurlar ham bo‘lgan.

Lekin negadir bu cho‘pchaklarni ba’zi manbalarda yunon mifologiyasiga ham aloqador deb beriladi. Adolat yuzasidan aytish kerakki, hindlar Yerni toshbaqa ko‘tarib turishini aytib yurgan paytda Yunonistonda Aristotel va izdoshlari Yer shar shaklida ekanini fahmlab bo‘lgan va hatto uning radiusini aniqlashga oid hisob-kitoblarni bajarayotgan edi.

Yunonlar: Yer shar shaklida

Yuqorida aytganimizdek, Yer shar shaklida bo‘lsa kerak degan fikr yunon ilm-fanida shakllana boshlagan. Aytishlaricha, bunday taxmin ilk bor Pifagor tomonidan aytilgan emish. Pifagorning o‘ziga tegishli biror yozma asar saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, bunday fikr aynan undan qolgani haqidagi qaydlar Platon asarlarida uchraydi. Platondan uni Aristotel meros qilib olgan.

Yer sharsimon ekanini ilmiy isbotlashga uringan Aristotel Oy tutilishlari vaqtida unga Yerning soyasi shar shaklida tushayotganiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, janubroqda ko‘rinadigan ayrim yulduzlar shimoliy hududlarda ko‘rinmasligi ham bilvosita dalil sifatida keltirilgan.

Oradan bir asrga yaqin vaqt o‘tgach, yana bir yunon olimi Eratosfen Yer meridiani aylanasi uzunligini o‘lchash ishlarini bajargan. Shu tariqa, milod boshidagi yunon ilm-fani Yer shar shaklida ekaniga uzil-kesil amin bo‘lgan.



Yana yunonlar: Yer olamning markazi

Ha, yunonlar Yer shar shaklida ekanini aniqlab oldi. Ularning o‘zlarida ham, boshqa xalqlarda ham bu fakt juda qiyin qabul qilingan bo‘lsa-da, Yer shar shaklida tasavvur qilinishi ko‘plab tabiat hodisalarining mohiyatini anglashda qo‘l keldi. Shunga qaramay, qaysar olimlar, jumladan, Demokrit Yerni yassi deb hisoblashda davom etgan. Yoki yana bir olim – Anaksimandr Yer silindr shaklida deb ta’kidlashdan charchamagan. Lekin ularning barchasini bir yakdillik birlashtirib turar edi: ularning hammasi Yerni olam markazi deb hisoblagan. Quyosh va boshqa yulduzlar Yer atrofida aylanadi deb hisoblashgan. Bu fikr Aristotel tomonidan e’tirof etilgach, ilm-fanda bu tushuncha keyingi 14 asr muddat uchun mustahkam o‘rnashib qoldi.

Aytish joizki, yunonlar ichida ham Yer Quyosh atrofida aylanishi haqida fikrga kelgan olimlar ham bo‘lgan. Masalan, samoslik Aristarx Yer ham o‘z o‘qi atrofida, ham Quyosh atrofida aylanadi, yulduzlar esa aql bovar qilmas darajada uzoqda joylashgan degan gipotezani ilgari surgan. Shunga qaramay, Aristotelning obro‘si hammasidan ustun keldi va hamma Yer olamning markazi degan gapga ishonib qoldi. Ayniqsa nasroniy cherkoviga bu gap ma’qul kelardi, ayniqsa Rim papalari bu fikrni mahkam ushlab olishgandi. Unga qarshi chiqqanlar esa dahriy deya qattiq ta’qibga olinardi.

Ptolemey: geotsentrizm!

Aristotel asos solgan ta’limot – Yer olamning markazi ekani haqidagi fikrlarni milodiy II asrda Ptolemey yanada rivojlantirdi. U 13 ta kitobdan iborat “Almagest” nomli fundamental asar yozgan. Unda Ptolomey qadimgi Bobil va Yunoniston astronomiyasi egallagan bilimlarni umumlashtirib, qo‘shimchasiga matematik izohlar bilan to‘ldirib, borliq tuzilishi haqidagi qarashlarini bayon etgan.

XIV asrgacha ilm-fanda hukm surgan geotsentrizm nazariyasini, ya’ni Quyosh, yulduzlar va boshqa sayyoralar Yer atrofida aylanishi haqidagi nazariyani aynan “Almagest” hammaga uqtirib kelgan. Bunday yanglish qarashlarni barbod qilish uchun esa mislsiz jasorat talab qilingan: bir necha olimning hayoti o‘tda kuydirilgan. Yodingizga solib o‘tay: Galiley Yer Quyosh atrofida aylanadi degani uchun, Vatikan inkvizitsiya sudi tomonidan qiynoqqa solingan, Jordano Brunoni esa gulxanda yoqib yuborishgan.

Kopernik: geliotsentrizm

Aslida Ptolemey va Aristotelga qarshi bosh ko‘targan eng jasur “jangchi” Kopernik edi. Galiley va Jordano Bruno aynan Kopernikning fikrlarini ma’qullagani uchun ta’qibga uchragan. Kopernik 1543-yilda “Osmon qobiqlarining aylanishi haqida” nomli kitobini chop etdi. Unda Yer va boshqa sayyoralar Quyosh atrofida aylanishini, yulduzlar esa mislsiz masofalar bilan uzoqlikda joylashgan obyektlar ekanini matematik asoslari bilan isbotlab berdi.

Kopernik bu kitob ustida 40 yil mehnat qilgan va shunda ham kitobini faqat o‘ziga eng yaqin odamlarga tarqatgan xolos. U bu ishi uchun cherkov ta’qibiga uchrashini juda yaxshi anglagan va shu sababli ham kitob chiqarilishini imkon qadar kechiktirib, faqat 70 yoshga yetganda, ya’ni yo‘qotadigan narsasi qolmagan, “bir oyog‘i go‘rda” bo‘lgan paytida oshkor qilgan.

Kepler osmon qonunchisi

Ptolemey g‘oyalariga yakuniy zarba bergan olim esa nemis astronomi Iogann Kepler bo‘ladi. Uni astronomlar “osmon qonunchisi” deb ham atagan. Sayyoralarning harakat qonunlarini o‘ta katta matematik aniqlikda ochib bergan bu olim Yer va boshqa sayyoralar Quyosh atrofida ellips shaklidagi orbita bo‘ylab harakatlanishini ko‘rsatib bergan edi. Kepler tufayli biz Yer Quyosh tizimidagi sayyoralardan biri ekani va u hech qanaqasiga olam markazi emasligini eng radikal rohiblarga ham tan oldirdik. Biroq Kepler ham o‘z zamonasining farzandi edi. Shunga muvofiq u koinot Quyosh sistemasi bilan chegaralangan deb o‘ylagan va umuman borliqning qayeridadir aniq chegarasi bor deb hisoblagan.



Uilyam Gershel: galaktika

Borliq Quyosh sistemasidangina iborat emasligi, aksincha, Quyosh sistemasi aslida ulkan Somon yo‘li galaktikasining ovloq bir cheti xolos ekanini birinchi bo‘lib XVII asrda yashab o‘tgan ingliz astronomi Uilyam Gershel mulohaza qilgan. Ungacha, 1610-yilda Galileo Galiley o‘z teleskopi bilan osmonni kuzatib, oddiy ko‘z bilan ko‘rinmaydigan yana yuzlab yulduzlar mavjudligini aniqlagan edi.

Gershel osmondagi yulduzlarni sanab, ularning joylashuvini jadvalga tushirib borar ekan, ular muayyan bir aylana shaklida g‘uj bo‘lishini tushunib yetdi. Ushbu aylana markaziga yaqinlashgan sari yulduzlar soni ortib borar edi. Quyosh yulduzlardan biri ekani va demakki u hech qanaqasiga olam markazi bo‘lmasligini bu paytda ko‘plab astronomlar fikr qila boshladi. Shunday qilib, odamzotning olam tuzilishi haqidagi tasavvurlari Somon yo‘li galaktikasigacha kengaydi.

Sharl Messye: anavi xira narsalar nima?

Gersheldan keyin ancha paytgacha olimlar koinot va borliq shu birgina Somon yo‘lidan iborat deb o‘ylagan. Chunki eng kuchli teleskoplar ham Somon yo‘lidan naridagi narsalarni ko‘rsata olmas edi. Shu sababli Somon yo‘li koinotdagi yagona galaktika deb qaralgan (va galaktika deganda faqat Somon yo‘li tushunilgan).

1730–1817-yillarda yashab o‘tgan farang astronomi Sharl Messye esa o‘zi bilmagan holda bu tushunchaga katta shubha tug‘diruvchi bir ish qilib qo‘ydi. U aslida osmondan biror yangi kometa kashf qilish va shu orqali ilmiy shuhrat qozonish ilinjida edi. Shu sababli u tunlari mijja qoqmay osmonni kuzatar, kometaga o‘xshash biror obyektni ko‘rib qolsa, uni katta sinchkovlik bilan tekshirar edi. Biroq har safar u kuzatgan obyektning kometa emasligi ma’lum bo‘lardi.

Shu tariqa u hafsalasi xunob bo‘lavergach, kometa emasligi aniq bo‘lgan obyektlarni alohida jadvalga qayd qilib bordi. Ular teleskopda juda xira ko‘rinadigan, aftidan na yulduz, na sayyora va na kometa bo‘lmagan, tushunarsiz obyektlar edi. Ular xiraligidan astronomlar shunchaki “tumanlik” deb qo‘yishardi.

Vaqt o‘tishi bilan Messye jadvalidagi bunday obyektlar soni ortib bordi. U hayotligi paytida bunday tumanliklardan 45 tasini o‘z ichiga olgan Messye katalogi tuzilgan edi. Yana aytamizki, bu shunchaki kometa emasligi aniq bo‘lgan va Messyening fikricha, ularga e’tibor qaratish behuda bo‘lgan obyektlar ro‘yxati edi.

Biroq “bu tumanliklar o‘zi nimadan iborat?” degan savol astronomiyada markaziy o‘rin egallay boshlagandi. XIX asrda yashab o‘tgan Jon Gershel (Uilyam Gershelning o‘g‘li) bunday tumanliklardan 5 mingga yaqinini kashf qildi. Teleskoplar kuchliroq bo‘lib, takomillashib borishi bilan tumanliklarning shakli ham tiniqroq namoyon bo‘la boshlagan.

1845-yilda irlandiyalik astronom lord Ross bu tumanliklar shakliga ko‘ra spiralsimon va elliptik ko‘rinishda ekanini ko‘rsatib berdi. 1920-yillarda esa Somon yo‘lidan tashqarida joylashgan bu kabi tumanliklardan 120 000 tasi qayd qilingan edi. Bularning barchasi avvalgidek hamon Messye katalogiga kiritib borilardi va “ular o‘zi nima?” degan savol ochiq qolayotir edi.

Xabbl: koinotda galaktikalar bisyor!

Koinot shugina Somon yo‘li galaktikasi bilan cheklanmasligi, aksincha, Somon yo‘li ham koinotning shunchaki ovloq bir cheti ekani haqidagi fakt 1924-yilda Edvin Xabbl tomonidan isbotlandi. U Maunt-Vilson rasadxonasidagi 100 dyumlik teleskopdan o‘sha Messye obyektlaridan biri – Andromeda tumanligini sinchiklab kuzatdi. Bu tumanliklarning o‘zi nima ekanini hech kim bilolmay yurgan paytda Xabbl Andromeda Somon yo‘liga qo‘shni bo‘lgan yana bir galaktika ekanini ko‘rsatib berdi. Shundan so‘ng koinotdan yana yuzlab, minglab va millionlab galaktikalar kashf etildi.

Hozirgi kunda koinotda bizga ma’lum galaktikalar soni 400 milliarddan 2 trilliontagacha deb baholanadi. Ayrim manbalarda hatto galaktikalar soni 7 trilliontadan ziyod ekani keltiriladi. Biroq bu borada aniq raqamni haliveri hech kim ayta olmasa kerak. Chunki buni aniqlash uchun nafaqat teleskoplarimiz imkoniyati chegaralangan, balki fizika qonunlari ham yo‘l qo‘ymaydi. Masalan, o‘ta favqulodda olisdagi galaktikalarning nuri shunchaki bizga yetib kelmasligi mumkin; qolaversa, koinotda galaktikalar muntazam va beto‘xtov bir-biridan uzoqlashadi, ya’ni koinot kengayib boradi. Ustiga ustak, bu kengayish bir maromda emas, balki tezlanish bilan sodir bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, bizdan eng olisdagi galaktikalarning tezlanishi shu qadar kattaki, ularning nuri bizga yetib kelishdan avval qizilga siljish qonuniga ko‘ra mahv bo‘lib ketadi va biz ularni hech qanday teleskop bilan ko‘ra olmaymiz.

Fridman va Georgiy Gamov: Ulkan portlash

Koinot beto‘xtov va tezlanish bilan kengayayotganini ham Edvin Xabblning o‘zi 1929-yilda isbotlab bergan edi. Bu fakt yuzasidan XX asrning 30-yillarida ilm-fanda juda katta bahslar boshlanib ketdi. Basharti koinot kengayayotgan bo‘lsa, demak, qachonlardir u torroq bo‘lgan! Shu mantiqqa ko‘ra, “kassetani orqaga aylantirsak”, uzoq o‘tmishda koinot juda tor joyni egallagan, kichik hajmli bo‘lgan. Eng boshida esa u hajmi cheksiz kichik va zichligi cheksiz katta bo‘lgan nuqtadan favqulodda Ulkan portlash orqali shakllangan bo‘lib chiqadi!

Borliqning aynan shu mantiqqa asoslangan taraqqiyot manzarasi bugungi kun ilm-fanida tan olingan nazariya hisoblanadi. Uni Ukrainadan AQShga muhojirlikka ketgan olim Georgiy Gamov taklif qilgan “qaynoq koinot” nazariyasi asosida shakllantirilgan.

Adolat yuzasidan aytish joizki, Ulkan portlash nazariyasini Gamovdan avvalroq Aleksandr Fridman ilgari surgan edi. Uning g‘oyalariga ko‘ra, Ulkan portlashdan keyin koinot birdaniga kengayib, undan Quyosh va yulduzlar bir paytning o‘zida paydo bo‘lgan deb yanglish qarash bildirilgan. Gamov va undan keyingilar esa Ulkan portlash darhol biz bilgan koinotni hosil qilmagani, aksincha, koinot boshida juda qaynoq bo‘lib, u asta-sekinlik bilan sovishi oqibatida evolyutsion rivojlanish yuzaga kelgani, yulduz va sayyoralar shakllanishiga milliardlab yillar ketganini ko‘rsatib berdi.

Hozirgi bizning koinot bundan 13,7 milliard yil oldin shunday bir kichik, o‘ta zich va o‘ta qaynoq nuqtaning Ulkan portlashidan hosil bo‘lgan degan qarash bu siz va bizning zamonimiz odamlari tasavvuridagi olam manzarasidir. Borliq haqidagi bugungi kun tasavvuri shu miqyosni egallagan. Hozircha.

Hozircha deyilishiga sabab, yuqoridagi matndan ko‘rib turibsizki, borliq haqidagi bilimlarimiz ham tobora kengayib bormoqda. Ajab emaski, biz yoki bizdan keyingi avlod bundan ham ko‘proq ma’lumotni qo‘lga kiritar va odamzotning olam tuzilishi haqidagi tushunchalari yanada kengayib boraverar.



Koinot 2.0 Multivers?

Inchunun, hozirda ilm-fanda endi-endi shakllanib kelayotgan “multivers nazariyasi” bu borada navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin.



Multivers nazariyasiga ko‘ra, bizning koinot ham yolg‘iz emas va unga qo‘shni boshqa yana ko‘plab koinotlar bor. Xuddi bizning koinot qachonlardir bitta kichik nuqtadan portlab paydo bo‘lgani singari, boshqa shunday nuqtalar qayerdadir portlamayotganiga hech kim kafolat bera olmaydi. Qo‘shni koinotlarda mutlaqo boshqacha fizika qonunlari amal qilishi va u joylarda biz tasavvur ham qila olmaydigan ishlar bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Multivers nazariyasini tekshirish olam manzarasi haqidagi tasavvurlarimizni navbatdagi bosqichga olib chiqadigan jarayon bo‘ladi. Bu keyingi bir necha avlod olimlar uchun mushohada mavzusi bo‘lishi kutilmoqda.
Download 35.52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling