O‘zbekistonda 2021-yilning iyunigacha aholining 60 foizi koronavirusga qarshi emlanadi


Download 37.55 Kb.
Sana19.11.2020
Hajmi37.55 Kb.
#148160
Bog'liq
Yangiliklar


O‘zbekistonda 2021-yilning iyunigacha aholining 60 foizi koronavirusga qarshi emlanadi

O‘zbekistonda 2021-yilning iyuniga qadar 60 foizgacha aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilmoqda. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, bu haqda Sanitariya-epidemiologik farovonlik agentligi birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov “COVID-19 koronavirus infeksiyasi bo‘yicha yangi ilmiy ma’lumotlar” virtual simpoziumida ma’lum qildi.

Agentlik rahbari o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, ayni paytda O‘zbekistonda vaksinatsiyalash ishlarini tashkil etish bo‘yicha bir qancha tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Hozir biz dunyoda kim birinchi bo‘lib ro‘yxatga olishini, ikkinchi navbatda esa kim o‘z vaksinasini sotishini kutyapmiz”, — deb ta’kidlagan Botirjon Qurbonov.

Uning aytishicha, hozirda O‘zbekiston vaksinani sotib olish bo‘yicha xususiy sektorlar bilan ham muzokaralar olib bormoqda. “Vaksinani olishimiz bilan odamlarni emlaymiz”, — deya qo‘shimcha qilgan Botirjon Qurbonov.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida O‘zbekiston JSSTning COVAX (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan edi. Bundan tashqari, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda Xitoy, Rossiya, Yevropa va AQSh vaksinalarini sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan.

Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti Moderna tomonidan yaratilgan COVID-19’ga qarshi vaksina haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanligini aytdi



“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti (MSF) AQShning Moderna kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina haqidagi ma’lumotni umid beruvchi deb atadi. Biroq tashkilot tomonidan qayd etilishicha, kompaniya tomonidan berilgan ma’lumotlar aniq xulosalar qilish uchun yetarli emas. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

“Vaksinaning samaradorligi va foydaliligi haqida xulosa qila olish uchun klinik tadqiqotlar va tahlillar haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha to‘liq shaffoflik talab qilinadi”, — deyiladi MSF xabarida.

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, Moderna tomonidan yaratilgan vaksinaning samaradorligi 94,5 foizni tashkil qilgan va bu boshqa vaksinalarnikiga nisbatan yuqori. AQShning Pfizer kompaniyasi tomonidan yaratilgan vaksinaning samaradorligi 90 foizga, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi esa 92 foizga baholanmoqda.

O‘zbekistonda hafta o‘rtasida havo keskin sovishi kutilmoqda

O‘zbekistonga 18—20-noyabrda G‘arbiy Qozog‘iston orqali Ural (Yekaterinburg) hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

18—19-noyabr kunlari butun respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. 18-noyabrda Buxoro, Navoiy viloyatlarining ba’zi joylarida biroz qor yog‘ishi mumkin. 19-noyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida 18—19-noyabrda qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning ayrim hududlarida shamol 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda.

18—20-noyabrda barcha joylarda harorat kechasi 8-13 daraja, shimolda 10-15 darajagacha sovuq, kunduzi esa 0-5 darajagacha sovuq pasayishi kutilmoqda.

O‘rtacha havo harorati me’yordan 10-15 darajaga kam bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda antiseptik vositalar narxi 18 foizga oshdi



O‘zbekistonda 2020-yil boshidan antiseptik vositalar narxi 18 foizga oshdi, deb xabar bermoqda Spot Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib. Bu pandemiya davrida unga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgani bilan izohlangan.

Tozalash va dezinfeksiyalash vositalari narxi 5,7-11 foizga qimmatlagan bo‘lgan bo‘lsa, dori-darmon vositalari 11,5 foizga oshgan. Qayd etilishicha, ushbu mahsulotlarga talab ortayotganini hisobga olib kelgusida uning narxi yana oshishi mumkin.



Investitsiya uchun g‘oya

Xabarda aytilishicha, bularning barchasi “Korzinka.uz” asoschisi Zafar Hoshimov mart oyida investitsiya kiritishni tavsiya qilgan tovarlardir. O‘shanda u onlayn-biznes, tibbiyot va farmatsevtika aktivlari, gigiyena, tozalash va dezinfeksiyalash industriyasini qayd etgandi.

“Shu ish bilan shug‘ullanayotganlar — tabriklayman! Biznesda kelajakdagi karyerasi borasida bir qarorga kela olmaganlar  — rahmat deyish shart emas. Bo‘sh turgan mablag‘i borlar — hoziroq investitsiya kiriting, yaxshigina daromad olasiz”, — deb yozgandi tadbirkor.

Bayden Tramp hokimiyatni topshirishdan bosh tortsa, yanada ko‘proq o‘lim holatlari sodir bo‘lishini ma’lum qildi



Prezident Donald Tramp hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga to‘sqinlik qilsa, AQShning koronavirus pandemiyasiga qarshi turishi va vaksinalarni qo‘lga kiritishi imkoniyatlariga putur yetishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidentligiga nomzod Jozef Bayden ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

“Agar biz o‘z harakatlarimizni muvofiqlashtirmasak, yanada ko‘proq odamlar o‘lishi mumkin”, — deydi Bayden pandemiyaning iqtisodiy oqibatlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda. Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda hokimiyat tranziti 20-yanvarga qadar kutiladigan bo‘lsa, AQSh yana bir yarim oy yo‘qotadi. “Muvofiqlashtirish hozir bo‘lishi lozim — hozir yoki imkoni boricha tezroq”, — deydi demokrat.

Financial Times’ning yozishicha, bu AQSh prezidentiga bosim o‘tkazish va uning 2020-yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganini tan oldirishga qaratilgan eng keskin urinishlardan biri hisoblanadi. Saylovlarning rasmiy yakuni hali ma’lum qilinmagan: Tramp bir nechta shtatda ovoz berish jarayonlari yakunlari ustidan sudga da’vo arizasini kiritgan va raqibini ovozlarni soxtalashtirishda ayblamoqda.

O‘zbekiston 2 kun ichida Qirg‘izistonga ikkinchi insonparvarlik yordamini jo‘natdi



O‘zbekiston Qirg‘izistonga insonparvarlik yordami sifatida 3 ming tonna bug‘doy jo‘natdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.

Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur insonparvarlik karvoni O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘iziston xalqiga do‘stona yordami yo‘lida tashkil etilgan. 17-noyabr kuni 3 ming tonna bug‘doy ortilgan poyezd Andijon shahrining “Andijon” temiryo‘l bekatiga yetib keldi. Poyezd “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida Qirg‘izistonning O‘sh shahriga yo‘l oladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 15-noyabr kuni maxsus samolyotda Qirg‘izistonga tibbiy anjom va dori-darmonlardan iborat insonparvarlik yordami yuborgandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Sadir Japarov bilan strategik sheriklik munosabatlarini muhokama qilgani xabar qilingandi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qirg‘izistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Qirg‘izistonga 2020-yilning aprel, may, iyul oylarida ham insonparvarlik yordami jo‘natgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyati Qirg‘izistonning Botken viloyatiga insonparvarlik yordami yuborgandi. Avgust oyida esa O‘zbekiston Qirg‘izistonga 560 ming dollarlik insonparvarlik yordami jo‘natgandi.

O‘zbekiston terma jamoasi Iroqqa ham yutqazdi



O‘zbekiston terma jamoasi 17-noyabr, seshanba kuni Iroq terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.

Uchrashuv Vadim Abramov shogirdlarining ustunligi ostida boshlandi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Hojimat Erkinovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan keyin penalti belgilandi. 11 metrlik jarima zarbasini Doston Hamdamov golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘limda iroqliklar faollikni oshirdi, ayniqsa raqibning qarshi hujumlari xavfli tus oldi. Ana shunday qarshi hujumlarning biri samarali yakunlandi. Mohanad Alining uzoq masofadan bergan zarbasini darvozabon qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va hisob tenglashdi.

Goldan keyin ustunlik Iroq tomoniga o‘tdi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida ishlangan penaltini Ali Adnan golga aylantirdi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.

Gollar videosini bu yerda ko‘rish mumkin — video

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi noyabr oyidagi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinini ham boy berdi. Avvalroq Abramov jamoasi Suriya yutqazgandi (0:1).



O‘rtoqlik uchrashuvi

17-noyabr, chorshanba


O‘zbekiston — Iroq 1:2


Gollar: 1:0 – 39, penalti Hamdamov, 1:1 – 63 Mohanad Ali, 1:2 – 85, penalti Ali Adnan.

O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Aziz G‘aniyev, Rustam Ashurmatov, Islom Qobilov, IbrohimHalil Yo‘ldoshev, Abror Ismoilov (Akmal Mozgovoy, 68), Lutfulla To‘rayev (Murod Xolmuhammedov, 74), Sanjar Qodirqulov (Oybek Bozorov, 84), Doston Hamdamov (Jaloliddin Masharipov, 68), Hojimat Erkinov (Aziz Turg‘unboyev, 77), Temurxo‘ja Abduxoliqov (Shahboz Ubaydullayev, 84).

Iroq: Muhammad Hamid, Saad Notiq, Maitham Jabbor, Atiya, Alaa Mhavi (Muhammad Mustafo, 46), Amjad Attvan, Ali Adnan (Muhammad Rayed, 90+2), Humam Tariq (Mazin Fayyad, 46), Bashar Resan, Ibrohim Bayesh (Muhammad Mazhir, 89), Mohanad Ali.

Ogohlantirish: Qobilov (77).


Shavkat Mirziyoyev hokimlarga haftada 2 marta ta’lim va tibbiyot sohasidagi topshiriqlar ijrosi bilan shug‘ullanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha hokimlarga ko‘rsatma berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish hamda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish borasida qator farmon va qarorlar qabul qilindi, ushbu ikki masalada yaqinda alohida videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi.

“Meni mazkur farmon va qarorlarning joylardagi ijrosi, bu borada hokimlar qanday ish tashkil etayotgani tashvishga solyapti. Bugun hokimlar zamonaviy fikrlaydigan va fidoyi, jonkuyar xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlarini o‘z yoniga olib ish ko‘rmas ekan, amaliy natijaga erisha olmaydi”, — deya ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirishda quyi bo‘g‘in rahbarlariga shaxsiy namuna ko‘rsatib, haftada ikki marta maktablar va tibbiyot muassasalari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi.


Obama o‘z memuarlarida Rossiyaning kuchsizligi sabablarini ma’lum qildi



17-noyabr kuni AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning “Orzudagi zamin” (A Promised Land) nomli kitobi sotuvga chiqdi. Obama o‘z kitobida prezidentlik yillariga oid xotiralarini yozgan. Undagi parchalarning birida “Rossiya endilikda kuchli derjava emasligi” va mamlakat qanday sabablarga ko‘ra ushbu maqomdan ayrilgani ma’lum qilingan, deb xabar beradi “RBK”.

“Biznikidan keyingi (Amerikadan) o‘rinda turadigan yadroviy arsenalga ega Rossiyaga Qo‘shma Shtatlardagi kabi o‘zining butun dunyodagi harbiy kuchini namoyon etadigan keng alyans va bazalar tarmog‘i yetishmadi. Rossiya iqtisodiyoti Italiya, Kanada va Braziliya iqtisodiyotlardan ortda qola boshladi, shuningdek, faqatgina neft, gaz, minerallar va qurollanish savdosiga bog‘lanib qoldi”, — deya baho beradi Obama.

Bundan tashqari, Obama o‘z kitobida Rossiyadagi korrupsiya darajasining yuqoriligiga, ijtimoiy tengsizlik va aholining erkaklar qismining umrini davomiyligi pastligiga e’tibor qaratgan.

A Promised Land kitobining birinchi tomi Penguin Random House nashriyoti tomonidan chop etilgan. Birinchi qismi 768 sahifadan iborat va 25 tilga tarjima qilingan. 2017-yilda, Obamaning iste’fosidan bir necha oy o‘tib, Penguin Random House nashriyoti sobiq prezidentning memuarlarini chop etish huquqi uchun 60 million dollar to‘lagan.

AQSh sobiq prezidentining bunga qadar ham bir nechta kitobi chop etilgan — “Otamning orzusi” (1995-yil), “Umidning mardligi” (2006-yil) va “Sen haqingda kuylayman: qizlarimga maktub” (2010-yil).

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Mishel Obamaning “Shakllanish” (Becoming) deb nomli memuarlari 24 tilda chop etilgandi. U kitobda o‘zining ajdodlari va qanday qilib Saut-Sayddan chiqqan kichkina qiz o‘z ovoziga ega bo‘lib, boshqalarni ruhlantirish uchun o‘zida kuch topganligi haqida hikoya qiladi.


Qoraqalpog‘istonda shaxsiy mashinasini xodimiga yuvdirgan poliklinika bo‘lim mudirasi jarimaga tortildi



Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida shaxsiy mashinasini xodimiga yuvdirgan poliklinika bo‘lim mudirasi 1 million 115 ming so‘m jarimaga tortildi.

Ma’lum bo‘lishicha, To‘rtko‘l tumanidagi 2-son poliklinika bo‘lim mudirasi Y.B. ish vaqtida shu poliklinikada farrosh bo‘lib ishlovchi K.G.ga o‘zining Nexia 3 avtomobilini yuvdirgan. Voqea aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, mudira jarimaga tortilgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, mudira Mehnat kodeksining 177-moddasi 2-qismi talablarini buzgan. Unda ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emasligi belgilangan.

Shu sababli tuman Davlat mehnat huquqi inspektori mudirani Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining  5 baravari (1 million 115 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortgan.


Organizmni zararli modda va toksinlardan tozalaydigan mahsulotlar



Zamonaviy turmush va ovqatlanish tarzi sabab inson organizmida ko‘plab toksin va shlaklar to‘planadi, bu esa turli kasalliklar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Tabiiy yo‘l bilan organizmni tozalash uchun esa quyidagi mahsulotlarni ratsionga kiritish tavsiya qilinadi.

Sarimsoq piyoz

Tabiiy antiseptik hisoblangan sarimsoq piyoz turli zararkunanda bakteriya va viruslarni yo‘q qilish xususiyatiga ega. Ayniqsa, ichaklarni tozalashi bilan juda ham samarali hisoblanadi. Bundan tashqari, qon-tomirlarni ham tozalab, immunitetni mustahkamlaydi. Shu bois ham ushbu mahsulot aksari shifokor va parhezshunoslar tomonidan nafaqat organizmni shlaklardan tozalash, balki immunitetni yaxshilash uchun ham tavsiya qilinadi.



Piyoz

Piyozning istalgan turi organizmni shlaklardan tayyorlash xususiyatiga ega. U bakteriya va zamburug‘larga ta’sir ko‘rsatadi, shu sabab ham turli toksinlarni yo‘q qiladi. Bundan tashqari, piyoz teridagi turli toshmalar, husnbuzarlarga ham samarali ta’sir ko‘rsatadi.



Limon

Ushbu mahsulot suvda erimaydigan toksinlarni suvda eriydiganga aylantirishga yordam beradi. Bu esa toksinlarni organizmga ta’sir qilmagan holda yo‘q bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, limonning bunday xususiyati jigar va qonni ham toksinlardan tozalanishiga ko‘maklashadi.



Lavlagi

Organizmni toksinlardan tozalanishiga birinchi navbatda jigar javob beradi. Uning ishdan chiqishi organizmni zaharlanishiga sabab bo‘ladi. Lavlagi iste’moli esa jigarni toksinlardan tozalaydi. Bunda uning tarkibidagi betain ahamiyatli sanaladi va aynan u jigar faoliyatini me’yorlashtiradi. Qolaversa, lavlagi organizm va salomatlik uchun muhim bo‘lgan vitaminlarning koni hamdir.



Karam

Hatto oz miqdordagi gormonlar disbalansi ham organizmni zararlab, toksinlar yo‘q qilinishiga ta’sir ko‘rsatadi. Gormonlar miqdorini me’yorda bo‘lishi uchun esa karam iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Karamda kam uchraydigan U vitamini (metionin) bo‘ladi va boshqa vitaminlar sintezida ishtirok etib, yaralarni bitishiga hissa qo‘shadi. Metionin nafaqat barra karamda, balki tuzlanganida ham bo‘ladi.



Olma

Olma hazm trakti jarayoniga ijobiy ta’sir qilgani sabab toksinlar ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Bunga esa pektinni o‘z ichiga olgani sabab bo‘ladi. Toksindan tashqari, petin boshqa qo‘shimchalar va xolesterinni yo‘q qilishga yordam beradi. Katta miqdordagi pektin uy tabiiy yo‘l bilan yetishtirilgan olmalarda bo‘lishi kerak.


O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronavirus nisbatan kam qayd etilgani, barcha holatlar yengil kechgani aytildi



O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqni koronavirus infeksiyasiga tekshiruv tug‘ilgandan so‘ng 12-24 soat o‘tgach amalga oshiriladi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ma’lum qildi.

Mavzuga doir: Koronavirusga chalingan ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir homiladorlar muddatiga qaramay tug‘dirilishi kerak — Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova

Natijalarni tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-halqum yoki og‘iz-halqumdan surtma olinadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda koronavirus infeksiyasi holatlari nisbatan kam qayd etilgan, barcha holatlar yengil shaklda kechgan.

“Bu gap bilan biz barcha chaqaloqlardan surtma olinadi va koronavirusga tekshiruv o‘tkaziladi, demoqchimasmiz. Koronavirus bilan kasallangan homilador ayollarda bu tekshiruv o‘tkaziladi”, — deydi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq koronavirusga chalingan ahvoli og‘ir yoki o‘ta og‘ir homiladorlar muddatiga qaramay tug‘dirilishi kerakligi, homiladorlarning isitmasi ko‘tarilsa, u COVID-19 bilan kasallangan yoki kasallanmaganidan qat’i nazar, statsionarga yuborilishi shartligi, O‘zbekistonda tug‘ruqxonaga kelayotgan homilador ayollardan test topshirib kelish talab etilmasligi, koronavirusga chalingan homilador ayollar uchun qanday sharoitlar yaratilgani, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Habibullo Oqilov emizikli onalar koronavirusga chalingan bo‘lsa, farzandini qanday emizishi borasida aniqlik kiritib o‘tgani haqidagi xabarlar ham berilgan edi.


Manfaatli birlashuv” – biznes uchun eng yaxshi jamlangan yechim


Ucell aloqa operatori Nano Telecom provayderi bilan hamkorlikda yuridik shaxslar uchun yangi jamlangan yechimni taqdim qildi. Ucell Business’dan “Manfaatli birlashuv” birgina to‘plamda bir vaqtning o‘zida yuqori tezlikdagi internet va mobil aloqa beradi.

16-noyabr kuni O‘zbekistonda ilk marta yuridik shaxslar uchun eng maqbul taklif taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Manfaatli birlashuv” jamlangan yechimi — birgina to‘plamda asosiy xizmatlar, muvaffaqiyatli biznes faoliyatini olib borishda zarur bo‘lgan an’anaviy tezkor internet va mobil aloqa, shuningdek, qo‘shimcha raqamli xizmatlar: shaharlararo qo‘ng‘iroqlar, ma’lumotlarni uzatish (VPN), IPTV, doimiy IP-manzil kabilarni o‘zida jamlagan.

“Manfaatli birlashuv”ning istalgan to‘plamida bir yoki bir necha raqamli xizmatlarga chegirmalar ko‘zda tutilgan. “Manfaatli birlashuv”ga ulanish vaqtida korporativ mijoz FTTx texnologiyali simli internet va imtiyozli tarifdagi mobil aloqani ham o‘z ichiga olgan asosiy xizmatlar to‘plamiga ega bo‘ladi.

Elvira Gimadiyeva, maxsus biznes yechimlarni rivojlantirish departamenti direktori:



Hamkorimiz Nano Telecom bilan birgalikda kichik va o‘rta biznes xamda yirik kompaniyalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda jamlangan yechimni ishlab chiqdik. Biz sekundiga 100 megabit tezlikkacha internetga ega 5 ta to‘plam va mijozning tanloviga qarab yana 4 ta qo‘shimcha xizmatlarni taklif qilamiz.

To‘plamga yangi korporativ mijozlar qatori, Ucell Business’ning amaldagi mijozlari ham ulanishlari mumkin. Mazkur taklif hozircha faqat Toshkent shahri uchun amal qiladi.

Ushbu yechim biznes sohasida keng qo‘llaniladigan xizmatlardan foydalanishda mablag‘ni sezilarli darajada tejab qolish imkonini beradi. Taklifning o‘ziga xosligi shundaki, korporativ mijoz o‘z faoliyati ehtiyojlaridan kelib chiqib, o‘zi uchun eng maqbul to‘plamni tanlaydi.

Nano Telecom — bu optik tolali tizimlar asosidagi o‘z transport tarmog‘iga ega yetakchi aloqa operatorlaridan biri. U yuqori tezlikdagi internet, telefoniya, raqamli televideniye va ma’lumotlarni uzatish kabi barcha telekommunikatsion xizmatlarining to‘liq jamlanmasini taklif qiladi.

Lola Eshchanova, Nano Telecom marketing bo‘limi rahbari:



Nano Telecom tarmog‘iga poytaxtdagi barcha biznes-markazlarning 2/3 qismi, yirik tijorat banklari, savdo-ko‘ngilochar markazlar, savdo va sanoat korxonalari, yirik mehmonxonalar va o‘nlab zamonaviy turar joy majmualari ulangan. O‘zbekistondagi birinchi raqamli aloqa operatori bilan hamkorlikdagi loyiha telekommunikatsiya bozorini yangi bosqichga olib chiqadi va biznes uchun yanada foydaliroq bo‘lgan yechimlarni beradi.

Bugun tadbirkor o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, sarf-xarajatlarini tejagan holda, kerakli xizmatlar to‘plamini tanlashi mumkin. Manfaatli birlashuv — bu kompaniyalar uchun Ucell Business’dan taklif qilinayotgan eng maqbul yechim.

Korporativ mijozlar uchun jamlangan yechim haqida Ucell va Nano Telecom’ning Toshkentdagi ofislarida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Toshkentda O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan festival o‘tkaziladi



O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab, 18-noyabr kuni “Vatanimiz bayrog‘i — faxrimiz, g‘ururimiz!” shiori ostida festival o‘tkaziladi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Festival soat 10:00 da Toshkentdagi “Ashxobod” bog‘i oldidagi ulkan bayroq yonida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaga qarashli harbiy texnikalar, otliq bo‘linmalar mototsikllarda harbiy xizmatchilar hamda faol yoshlar ishtirokidagi tantanali parad bilan boshlanadi.

Festival ishtirokchilari Amir Temur xiyoboni bo‘ylab harakatlanib, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi yonida jam bo‘ladi. Soat 11:00 da Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldida harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari, san’atkorlarning konsert dasturlari bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, shu kuni Mudofaa vazirligi tomonidan “G‘alaba” bog‘i majmuasida katta bayram tadbiri tashkil etiladi. Unda “Vatanga qasamyod” marosimining namoyishi, “Turon” harbiy teatri tomonidan sahna ko‘rinishlari, Markaziy ashula va raqs ansambli hamda harbiy orkestrning konsert dasturlari, Mudofaa vazirligi Faxriy qorovulining chiqishlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi namoyishi, zamonaviy qurol aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etiladi.


Shohjahon Ergashev belaruslik raqibini qay tarzda mag‘lub etdi?



Professional boksda o‘z faoliyatini davom ettirayotgan Shohjahon Ergashev (19-0, 17 KO) 16-noyabr, dushanba kuni belaruslik Dmitriy Milyushaga (9-4-1, 4 KO) qarshi ringga ko‘tarilgani xabar qilingandi.

O‘zbekistonlik sportchi bahsning dastlabki raundlaridayoq ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirishga urindi. O‘z navbatida Milyusha ham himoyada yomon ko‘rinmadi. Biroq ikkinchi raundda Shohjahonning zarbasidan keyin belaruslik bokschi qovurg‘asidan jarohat oldi. Shifokorlar tekshiruvidan keyin jang to‘xtatildi va Ergashevga texnik nokautli g‘alaba yozildi.


Alyaskada yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida ayiqni urib yubordi



Alaska Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-700 samolyoti Yakutat shahridagi aeroportga qo‘nish vaqtida qo‘ng‘ir ayiqni urib yubordi, deb xabar beradi CNN.

Ekipaj qo‘nish vaqtida uchish-qo‘nish yo‘lagini kesib o‘tayotgan ikkita yirtqichni payqagan. Uchuvchilar ayiqlarni samolyot ostidagi yo‘lakni kesib o‘ta oladigan tarzda o‘tkazib yuborgan, biroq shundan so‘ng kapitan havo kemasining chap bortida zarba sezgan. Ayiqning jasadi uchish-qo‘nish yo‘lagi markazidan bir necha metr naridan topilgan.

Samolyot bortida ekipaj a’zolaridan tashqari yana olti yo‘lovchi bo‘lgan, ularning hech biriga jarohat yetmagan. Boeing’ning chap dvigateliga shikast yetgan.

Shtatning transport departamenti matbuot xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu Alyaskada samolyot urib yuborgan birinchi ayiq bo‘lishi mumkin. Bunga qadar havo kemalari qushlar va boshqa hayvonlar bilan to‘qnashgan.

CNN’ning yozishicha, 1987-yilda Boeing 737-200 Alaska Airlines uchish vaqtida baliq bilan to‘qnashib ketgan. U uchuvchilar kabinasi ustidan uchib o‘tgan burgutning changalidan tushib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Moskva—Afina reysidagi yo‘lovchi samolyoti Sheremetyevo aeroportida odam urib yuborgan edi. Keyinroq halok bo‘lgan shaxs Ispaniyadan deport qilingan va Moskva orqali Yerevanga yo‘l olishi lozim bo‘lgan 25 yashar Armaniston fuqarosi bo‘lgani aniqlangan.


O‘zbekistonda banan importi kamaydi. Yil boshida COVID-19 banan orqali yuqishi haqida mish-mishlar tarqalgandi



O‘zbekistonga 2020-yilning dastlabki 9 oyida 15,3 million dollarga teng 23,1 ming tonna banan import qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 3,5 million dollarga kam, deb xabar bermoqda Spot Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib.

2020-yilda O‘zbekistonga banan, asosan, quyidagi davlatlardan import qilingan:



  • Ekvador — 14,8 million dollar;

  • Rossiya — 109,7 ming dollar;

  • Qozog‘iston — 103,1 ming dollar;

  • Qirg‘iziston — 96,5 ming dollar;

  • Xitoy — 91,4 ming dollar;

  • Meksika — 45,2 ming dollar.

Yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda bananning O‘zbekistonga Xitoydan olib kirilishi va ularda koronavirus infeksiyasi borligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Shunday xabarlar fonida uning narxi keskin tushib ketdi. Keyinchalik O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan bananlar, asosan, Rossiyada saralanishi, Sankt-Peterburg orqali Ekvadordan keltirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov koronavirus oziq-ovqat, meva-sabzavot yoki go‘sht mahsulotlari orqali yuqmasligini bildirgan.


O‘zbekiston aholisidan qarzdorlikni undirishda mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib boriladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 10 oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 million 200 mingtasi bajarilmagan. Ya’ni bugungi kun holatiga 17 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ta’minlanmay turibdi. Buning 7,2 trillion so‘mi davlat undiruviga, qolgan 9,7 trillion so‘mi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli. “Ushbu mablag‘larning undirilishi tadbirkorlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, kam ta’minlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘plab ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim omil bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda sud hujjatlarini ijro etish holati tuman va shaharlar misolida ko‘rib chiqildi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib borilishi belgilandi.

Xususan, Majburiy ijro byurosi 20 milliard so‘mdan yuqori qarzlarni undirish bilan shug‘ullanadi. Byuroning viloyat boshqarmalari 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qarzlar undiruvi bilan ishlaydi.

MIBning tuman va shahar bo‘limi boshliqlari hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga og‘ir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli ro‘yxatlarini tuzib, ularga ko‘maklashadi. Buning uchun undiruvchi iltimosiga ko‘ra ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risida murojaat etish huquqi beriladi.

Yig‘ilishda qarzdorning mol-mulki yo‘qligi sababli to‘xtatilgan ijro hujjatlari bilan ishlash masalasi muhokama qilindi. Qarzdorlar to‘g‘risida yagona elektron platforma yaratib, ularni notarius, bank, soliq, davlat xizmatlari, bojxona, kadastr, ichki ishlar va boshqa idoralar bazasiga integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shu paytgacha majburiy ijro ta’minlanishidan hududlarga manfaat yo‘q edi. Endilikda undiriladigan mablag‘larning bir qismi “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” bo‘yicha jamg‘armalarga o‘tkaziladigan tartib joriy qilinishi belgilandi.

Davlat ijrochilarining ish hajmi masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Ko‘p joylarda bitta ijrochiga to‘g‘ri kelayotgan hujjatlar soni me’yorlardan ziyod ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mulkiy huquqlarni ro‘yxatga olish, ishga tiklash va ish haqi undirish, jarima va kommunal to‘lovlarni to‘lash kabi 8 toifadagi hujjatlarni majburlovsiz ham amalga oshirish mumkin. Hozirda MIB zimmasida bunday ijro hujjatlari 1,6 millionta, bu esa jami ishlarning 35 foizi. 400 ming so‘mgacha bo‘lgan mablag‘larni undirishga oid hujjatlar bo‘lsa 60 foizni tashkil etadi.

Shu bois, sud qarorlarini ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, kam miqdordagi mablag‘lar bilan axborot texnologiyalari yordamida ishlaydigan maxsus bo‘limlar tashkil etish topshiriqlari berildi. Davlat ijrochilarini ilg‘or metodikalar asosida qayta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Musodara qilingan mulklarni sotish tizimini qayta ko‘rib chiqish, E-ijro auksion’ga qo‘yilgan buyumlarni boshqa elektron savdo platformalariga ham integratsiya qilish zarurligi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolar shikoyatlarining qariyb 64 foizini aliment masalalari tashkil etmoqda. Bu boradagi ijro ishlari va to‘lovlarning yagona hisobi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois aliment oluvchilar va to‘lovchilarning to‘liq reyestrini shakllantirib, avtomatlashgan nazorat tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 1-avgustdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlikni undirish vakolati shtatlari bilan elektr va gaz ta’minoti korxonalariga o‘tkazildi. Elektr tarmoqlarining 3,5 trillion so‘m, tabiiy gaz yetkazib beruvchilarning 11 trillion so‘m debitor qarzdorligi borligi qayd etilib, ularni qisqartirish bo‘yicha qat’iy ish olib borish kerakligi aytildi.

Sud hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha bosh prokuror rahbarligida Respublika kengashi va viloyat hokimlari boshchiligida hududiy kengashlar tuzilib, ularga viloyat prokurorlari o‘rinbosar etib biriktirilishi belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida joylarda qishga tayyorgarlik ishlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.


O‘zbekistonda COVID-19’ga ajratilgan koykalarning 62 foizi bo‘sh. Prezident “ulkan mablag‘lar bekorga sarf bo‘lmasligi” uchun optimizatsiya haqida topshiriq berdi



Davomi: O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan koykalarda 6 570 bemor yotibdi. Bu SSV statistikasidagi raqamdan uch barobar ko‘p

O‘zbekistonda ayni paytda COVID-19’ga chalingan bemorlarni davolash uchun ajratilgan koyka-o‘rinlarning 38 foizida bemorlar davolanmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 89 ta muassasada 17 500 ta o‘rin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan.

Hozirda ushbu o‘rinlarda 6570 nafar bemor davolanmoqda. Koykalar bandligi Qoraqalpog‘istonda 16 foiz, Xorazmda 10 foiz, Qashqadaryoda 11 foiz, Namanganda 19 foizni, respublika bo‘yicha esa 38 foizni tashkil etmoqda. Shu bois ulkan mablag‘lar bekorga sarf bo‘layotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur o‘rganib, ularni optimizatsiya qilish topshirig‘i berildi.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev: “Koronavirus befarqlikni aslo kechirmaydi”

Qayd etish joizki, Sog‘liqni saqlash vazirligining 17-noyabr soat 19:00 holatiga bergan ma’lumotida “hozirda mamlakatda koronavirusga chalingan 2123 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilayotgani” aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yilning yozida koronavirus tarqalishi tezlashgani sababli hududlarda kasallikka chalingan va gumonlangan bemorlarni saralash va taqsimlash markazlari tashkil qilingandi. Shuningdek, Toshkentda 74 ta ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinika aholiga kun-u tun xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tkazilgandi.

Andijondagi dehqon bozorida yong‘in sodir bo‘ldi



Andijon viloyati Andijon tumanida joylashgan dehqon bozorida 17-noyabr kuni soat 21:34 da yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligining axborot xizmati xabar qilgan.

Xabarda qayd etilishicha, Andijon Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 9 ta o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadalari hodisa joyiga 3 daqiqada yetib kelgan.

Yong‘in soat 22:00 da qurshab olinib, soat 22:12 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida bir-biriga yaqin joylashgan bir nechta do‘konga zarar yetgan. Hodisadan keyin jarohatlanganlar va qurbonlar bo‘lmagan.

FVV axborotida aytilishicha, qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli bir necha yuz kvadrat metr maydon yong‘indan saqlab qolingan.

Avval Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi buyum bozorida, shuningdek Andijon viloyatining boshqa bir tumani Asakadagi kiyim-kechak bozorida yong‘inlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar berilgandi.

Toshkent shahri hokimligining obligatsiya chiqarishga huquqiy asosi bor” — Kapital bozorni rivojlantirish agentligi



Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev Toshkent shahri hokimiga 500 million dollar miqdorida obligatsiyalar chiqarish huquqi berilgan farmon yuzasidan mulohazalarini bildirdi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”.

“Haqiqatan ham davlat rahbarining 2018-yildagi 5515-son farmoni bilan Toshkent shahar hokimiga obligatsiyalar chiqarish huquqi berilgan. Bu kabi huquq boshqa viloyatlarga qaraganda faqat Toshkent shahriga berilgan.

Bu kabi huquq bor, lekin qonunchilikda (nazarda tutilmagan – tahr.) yo‘q, (obligatsiya) chiqarsa bo‘ladimi, degan savol tug‘ilyapti. Bu Toshkent shahri tomonidan pilot sifatida chiqariladigan obligatsiyalar hisoblanadi. O‘ylaymizki, qonunchilikda bunga taqiq yo‘q, chunki bu yerda obligatsiyalar chiqarish huquqi berilmoqda”, — degan boshqarma boshlig‘i 17-noyabr kuni AOKA binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida

“Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yildagi 5515-son farmonining 17-bandiga muvofiq, Toshkent shahar hokimiga rentabelli investitsiya loyihalariga aholining bo‘sh mablag‘larini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruxsat berilgan.

Sherzod Egamberdiyevning aytishicha, davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonda Toshkent shahar hokimligi obligatsiyalarining mahalliy yoki xorijiy aholining bo‘sh mablag‘larini jalb etish bo‘yicha aniq ta’rifi berilmagan.

“Amaldagi qonunchiligimizdan kelib chiqib, taqiqlovchi normalar belgilanmagan bo‘lsa, ruxsat berilgan, deb e’tirof qilsak bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan Toshkent shahar obligatsiyalarining chiqarilishi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishini ko‘rsatib o‘tmoqchiman”, — dedi agentlik boshqarma boshlig‘i.

Matbuot anjumanida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunboy Mahkamov Toshkent shahar hokimiyati tomonidan chiqariladigan 500 million dollar miqdoridagi obligatsiyalarning qanday loyihalarga investitsiya qilinishi haqidagi savolga javob berdi.

“Hokimiyatga obligatsiya chiqarish huquqi berilgan farmonda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahar hokimiga qimmatli qog‘ozlarni chiqarishda ko‘maklashishi haqida yozilgan. Hujjatda yozilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, obligatsiya chiqarishdan kelib tushgan mablag‘lar shahar infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lgan investitsion, o‘zini o‘zi qoplaydigan loyihalarga yo‘naltirilishi kerak”, — deya javob bergan Tursunboy Mahkamov.



Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha nutq qilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yevrobond haqida gapirib o‘tgandi.
Download 37.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling