Reja inson huquqlari va erkinliklari – oliy qadriyat inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashda mustaqillik omili inson huquqlari va erkinliklari – oliy qadriyat


Download 143.5 Kb.
Sana09.06.2023
Hajmi143.5 Kb.
#1467775
Bog'liq
huquq va siyosat 2


Huquq va Siyosat


REJA
1.INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARI – OLIY QADRIYAT
2. INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI KAFOLATLASHDA MUSTAQILLIK OMILI
3. INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARI – OLIY QADRIYAT

Huquq – yuridik ma’noda davlat hokimiyati tomonidan belgilanadigan va qо‘riqlanadigan, jamiyatda kishilarning о‘zaro munosabatlarini tartibga soladigan qonun-qoidalar, normalar majmuini ifodalaydi. Shuningdek, huquq kishilarning, mamlakat fuqarolarining biror ish-harakat qilish uchun berilgan, davlat qonunlari yoki boshqa xil qonun-qoidalar bilan mustahkamlangan, garantiyalangan imkoniyatlari, erklari, ixtiyorlarini bildiruvchi keng ma’noli tushuncha.Chunonchi, saylash va saylanish huquqi, mehnat qilish huquqi, bilim olish huquqi, dam olish huquqi va boshqalar.


Ma’naviyat iqtisod, siyosat qatori huquq bilan ham bog‘liqdir. Chunonchi, huquq va ma’naviyat ikki yondosh soha bо‘lib, bir-biriga ta’sir kо‘rsatib turadi. Ularning tutashuv о‘rinlari benihoya kо‘p. Huquq va ma’naviyatning eng umumiy tomoni har ikkisining jamiyatda muvozanat va uyg‘unlikni saqlashga xizmat qilishidadir. Jumladan, huquqiy jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlar, fuqarolar, millarlararo muvozanat va uyg‘unlikni, ma’naviyat esa inson ruhidagi uyg‘unlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ular о‘rtasidagi farq shundaki, huquq qonun yо‘li bilan mustahkamlanadi. Qonunning yana bir xususiyati uning jamiyatda adolat tarozusi vazifasini bajarishda namoyon bо‘ladi. Shu xususiyati bilan jamiyatda mо‘tadillikni saqlashga xizmat qiladi.
Huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati bir qator о‘ziga xos ma’naviy xislat va fazilatlari bilan ajralib turadi. Fuqarolik jamiyatida inson, uning hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy – ma’naviy va siyosiy manfaatlari, ya’ni, qadr-qimmati, qadriyatlari, huquqlari va erkinliklari muqaddas sanalib, ular davlat tomonidan qonun orqali kafolatlanadi. Huquqiy davlatning, shuningdek erkin fuqarolik jamiyatining о‘ziga xos xususiyatlardan biri huquqning oliy hukumronligidir. Huquqiy davlatda hamma narsa, har qanday masala qonunlar, huquqiy meyorlar asosida adolatli yо‘l bilan hal etiladi. Huquqiy davlatda birinchi navbatda davlatning о‘zi, uning barcha tuzilmalari, mansabdor shaxslar ham qonunga itoat etishlari majburiyligi Asosiy qonunimizdir belgilab qо‘yilgan. Uning 15-moddasida «О‘zbekiston Respublikasida О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlarining ustunligi sо‘zsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitusiya va qonunlarga muvofiq ish kо‘radilar» deyilgan.
Qonun huquqiy davlatning poydevori bо‘lsa, qonuniylik uning asosiy tamoyili, sharti ekanligi haqidagi masalaga Prezidentimiz asarlarida, nutqlarida katta e’tibor berilgan. Uning «О‘zbekiston –bozor munosabatlariga о‘tishining о‘ziga xos yо‘li” asarida bu haqda shunday deyilgan:-“Qonunning ustuvorligi – huquqiy davlatning asosiy prinsipidir. U hayotning barcha sohalarida qonuning qat’iyan hukmronligini nazarda tutadi. Hech bir xо‘jalik yurituvchi va ijtimoiy – siyosiy tashkilot, hech bir mansabdor shaxs, hech bir kishi qonunga bо‘ysunish majburiyatidan xalos bо‘lishi mumkin emas. Qonun oldida hamma barobardir. Qonuning ustivorligi shuni bildiradiki, asosiy ijtimoiy, eng avvalo, iqtisodiy munosabatlar faqat qonun bilan tartibga solinadi, uning barcha qatnashchilari hech bir istisnosiz huquq normalarini buzganligi uchun javobgar bо‘ladi”.
Qonun ustuvorligi fuqarolarning haq-huquqlarini, qadr-qimmati, erkinligini, sha’ni, g‘ururini himoya qilishga, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va mustahkamlashga qaratilgandir. Qonuning kuch-qudrati, ta’siri, amaliy ahamiyati hayotda uning halol, odilona tatbiq etilishiga bog‘liq.
Qonun ustuvorligiga asoslangan davlatda chiqariladigan har bir hukm tо‘g‘ri va adolatli bо‘lmog‘i lozim. Shunday qilinsa, g‘irromlik, ijtimoiy adolatsizlik, poraxо‘rlik, davlat mulkini talash, tanish-bilishlik, urug‘-aymoqchilik qilishlar, mansab lavozimlaridan shaxsiy boylik orttirish yо‘lda foydalanishga urinish kabi salbiy illatlarning oldi olinadi. Bu esa xalqning ruhini kо‘taradi, davlatimiz va qonunlarimizga bо‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Qonunga bо‘ysunish hamma uchun majburiyligini, qonun oldida barchaning tengligini, qonunlarimizni nazar-pisand qilmagan, ularni oyoq osti qilgan kishilar millati, jinsi, katta – kichikligi, e’tiqodi va mansabidan qat’i nazar jazo olishi, qonun oldida javob berishini har bir shaxsning ongiga chuqur singdirish hamda e’tiqodiga aylantirish о‘ta muhimdir.

Buyuk saltanat sohibi bо‘lgan Amir Temurning davlat ishini tо‘g‘ri odilona boshqarishiga asos bо‘lgan ma’naviy – ahloqiy fazilatlari quydagilardan iborat bо‘lgan: aqli raso, xushyor kishilar bilan bamaslahat ish yuritishi; ishbilarmon, tadbirkor, mard, shijoatli, xushyor kishilarni qadrlash; odamlarga rahm – shafqatli bо‘lish; odamlarni rozi qilish; yomonlik qilib, keyin tavba qilganlarni kechirish;gina va adovat saqlamaslik; jasur, shijoatli kishilarni dо‘st tutish; hech kimga g‘azab bilan qattiq muomala qilmaslik; ulug‘larni og‘a qatorida, kichiklarni farzand qatorida kо‘rish; xalqqa zulm qilgan kishilarni kechirmay jazolash; olim-u fozillar ijodiga yо‘l ochish; sarmoyasiz qolgan savdogarlarga, dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan kishilarga yordam berish; har kimning sо‘ziga quloq solish va о‘z aqli bilan xulosa chiqarish; ig‘vogar va tuxmatchilarning sо‘zlariga quloq solmaslik; zarur bо‘lib qolsa, qat’iy choralar kо‘rish; mehnatsevar, hayr – ehsonli kishilarni qо‘llab – quvvatlash va boshqalar. U hatto о‘z farzandlariga qoldirgan vasiyatida ham xalqning, davlatning, jamiyatning ma’naviy – axloqiy kamolotini davlat barqarorligi va rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb qaragan. Bu uning о‘z farzandlariga qarata aytgan quydagi sо‘zlarida kо‘rinadi: «Millatning dardlariga darmon bо‘lmoq vazifangizdir. Zaiflarni qо‘ring, yо‘qsillarni boylar zulmiga tashlamang. Adolat va ozodlik dasturingiz, rahbaringiz о‘lsin».


Buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy «Fozil kishilar shahri» nomli asarida davlatni boshqaruvchi rahbar shaxsning о‘n ikki fazilatini sanab о‘tadi. Uning fikriga kо‘ra, rahbar avvalo sog‘lom, aqlli, xushyor, zakovatli odam bо‘lishi, qalbida adolat tuyg‘usi jо‘sh urib turishi, dо‘stu dushmanni, rost va yolg‘onni ajratadigan bо‘lishi kerak. Davlatni fozil kishilar boshqarishi lozim. Fozil kishilar kо‘paygan shaharlarda osoyishtalik, farovonlik ham bо‘ladi, deb kо‘rsatadi.
Buyuk bobokalonlarimizning yuqorida keltirilgan fikrlarida mansabdor inson faoliyatiga asos bо‘ladigan mukammal ma’naviy – ahloqiy qadriyatlar tizimi bayon etilgandir.
Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bо‘lsak, hozirgi mustaqillik davrida davlat rahbaridan, hokimiyat tizimida ishlayotganlardan juda katta mas’uliyat va fidoyilik hamda ma’naviylik talab etiladi. Hokimiyat tizimidagi har bir rahbar shaxs butun hayot zavqini mashaqqatga almashtirgan, о‘z hayoti va jonini mamlakat va xalq hayoti yо‘liga tikkan vatanparvar, xalqparvar, halol, pok, tо‘g‘ri, adolatli – qо‘yingchi har tomonlama yuksak ma’naviyatli, barkamol inson bо‘lishi kerak.
Siyosat – yunoncha sо‘z bо‘lib, mazmuni davlat yoki jamoat ishlarini bildiradi. Siyosat katta ijtimoiy guruhlar, millatlar, davlatlar ichki va tashqi munosabatlari sohasidagi faoliyatini anglatadi.
Keng ma’noda siyosat muayyan davlatlar, siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar, jamoat tashkilotlarining jamiyat hayotining turli jabhalarida paydo bо‘ladigan ziddiyatlarni bartaraf etish, murakkab vazifalarni hal etishga, aniq maqsadlarga erishishga qaratilgan mamlakat ichki hayotida va tashqi xalqaro maydonda, millatlar, ijtimoiy guruhlarning maqsad va manfaatlarini amalga oshirish va himoya qilishga qaratilgan faoliyatidir.
Siyosat har qanday jamiyatda ham davlat faoliyatini ifoda etadi. Chunki jamiyatdagi barcha jarayonlar va muammolarning qо‘yilishi hamda ularning qanday hal etilishi davlat olib boradigan siyosat bilan bog‘liq bо‘ladi. Siyosatni olib borish, hayotga tatbiq etish о‘ta murakkab jarayondir. U yuksak ma’naviyatni talab etadi. Bu haqda Prezidentimiz Islom Karimov mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq: «Davlatimiz olib borayotgan siyosatning mazmuni shuki, yurtimizda yashayotgan barcha millat vakillarining manfaatlari va huquqlarini himoya qilib, ularning madaniyati, tili, milliy urf-odatlari va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga, ularning davlat tuzilmalari ishida va jamoat turmushida faol qatnashishiga kafolat beriladi», - deb ta’kidlagan edi.
Demak, ma’naviyat taraqqiyotida davlat tomonidan olib boriladigan siyosatning roli nihoyatda kattadir. Qaysi mamlakatda ma’naviyat va ma’rifatni yuksak darajaga kо‘tarish, u haqida g‘amxо‘rlik qilish davlat siyosati darajasiga kо‘tarilgan bо‘lsa, о‘sha mamlakatda tinchlik, barqarorlik vujudga keladi, ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat rivojlanadi. Bu о‘z navbatida mamlakat oldida turgan turli eng murakkab muammolarni ham hal etish imkonini yaratadi. Bu holatni tо‘g‘ri anglagan mamlakatimiz rahbariyati, xususan Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirishga alohida ahamiyat berib, unga rahnamolik qilib kelayotirlar. Yurtboshimizning biror nutqi, asari yо‘qki ularda u yoki bu jihatdan ma’naviyat va ma’rifat masalalariga yondoshmagan bо‘lsinlar.
1994 yil 23 aprelda «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazini tashkil etish tо‘g‘risidagi; 1996 yil 9 sentabrdagi «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish tо‘g‘risidagi Prezidentimiz farmonlarini; О‘zbekiston Respubliyekasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 25 iyuldagi «Ma’naviy – ma’rifiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va uning samaradorligini oshirish chora tadbirlari tо‘g‘risida» qarori; Respublika Oliy Majlisi birinchi chaqiriq tо‘qqizinchi sessiyasida qabul qilingan «Kadrlar tayyorlashning milliy dasturi va umumiy о‘rta ta’limni isloh qilish tо‘g‘risida» qabul qilingan qonunni va boshqalarni kо‘rsatishimiz mumkin. Keyingi о‘tgan davr mobaynida yuqorida qabul qilingan farmon va qarorlarni, jumladan qonunlarni bajarish yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Xalqimizning azaliy qadriyati, sevimli bayrami «Navrо‘z» 1991 yildan boshlab Prezidentimiz Farmoniga kо‘ra, 21-mart umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bо‘ladi. 1993 yil buyuk mutasavvuf Baxouddin Naqshband xazratlari tavalludining 675 yilligi nishonlandi. 1994yil Ulug‘bek yili deb e’lon qilinib tavalludining 600 yilligi nishonlandi, asarlari nashr etilib, u barpo etgan rasadxona ta’mirlandi. 1996 yil mamlakatimizda va jahon miqyosida Amir Temur yili sifatida nishonlandi. Muxtasham “Temuriylar tarixi davlat muzeyi” tashkil etildi. 1997 yil esa musulmon dunyosida «Islom dining gumbazi»deb tan olingan qadimiy Buxoro; ochiq osmon ostidagi muzey shahar bо‘lmish Xiva shaharlarining 2500 yilligi; 1998 yil buyuk muxaddis Imom al-Buxoriy tavalludining 1225; ulug‘ astranom Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yilliklari tantana qilindi. 1999 yilda esa «Alpomish» xalq eposining 1000; buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi nishonlangan bо‘lsa, 2000 yilda Abu Mansur Moturudiyning 1130; islom huquqshunosligining peshvosi Burxoniddin Marig‘iloniyning 910 yilligi nishonlandi. 2001 yilda esa о‘lkamizda buyuk davlat, buyuk madaniyat, buyuk ma’naviyat bо‘lganidan guvohlik beruvchi, ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy-tarixiy merosi «Avesto»ning 2700 yilligi nishonlandi. 2003 yilda Naqshbandiya tariqatining asoschisi Aduxoliq G‘ijduvoniyning 900 yilligiga, 2004 yilda Xо‘ja Axror Valiyning 600 yilligi nishonlandi. Mustaqillik yillari ulug‘ ajdodlarimiz abadiy qо‘nim topgan joylar obodonlashtirilib, maqbaralar ta’mirlanib xalqimizning ziyoratgohiga aylantirildi. Bunday ezgu ishlarga davlatimiz rahbari Islom Karimov boshchilik qilib kelmoqda.
Yuqorida keltirilgan misollar mustaqil О‘zbekiston davlatimiz ma’naviyatimizni tiklash va rivojlantirish borasida olib borayotgan siyosati borasidagi yutuqlarimizdan bir nishona xalos.
Siyosat eng yirik ikki yо‘nalishga – tashqi va ichki siyosatga bо‘linadi. О‘z navbatida ular ham о‘zining bir necha tarmoqlariga bо‘linadilar. Bu yerda gap uning tarmoqlari haqida emas, balki siyosatning ma’naviyat bilan munosabatlari haqida bormoqda.
Siyosat mamlakat ichki hayotida ikki yо‘nalishda olib borilishi mumkin. Ularning biri taraqqiyparvar, insonparvar, adolatli siyosat bо‘lsa, ikkinchisi adolatsiz, reaksion siyosatdir.
Yaqin о‘tmishda sobiq shо‘ro davlatining mahalliy xalqlarga, jumladan о‘zbek xalqining milliy ma’naviyatiga nisbatan olib borgan adolatsiz siyosati uning ma’naviyatiga salbiy ta’sir kо‘rsatadi. Natijada ma’naviy merosimiz butunlay kamsitildi. «Proletar madaniyati», «madaniyat va ma’naviyatga partiya rahbarligi», «shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat», «milliy madaniyatlarning bir-biriga yaqinlashuvi va kelajakda qо‘shilib ketishi» kabi kelajagi yо‘q, sohta g‘oyalar xalqlar ongiga majburlab singdira boshlandi. Bu xalqlar, millatlar ma’naviyatiga nisbatan yuritilgan adolatsizlikka asoslangan zо‘ravonlik, siyosatidir. Bu siyosat milliy urf-odatlarga qarshi qaratilgan bо‘lib, u mahalliy xalqlar ma’naviyati va ma’naviy merosini, milliyligini kamsitish va yо‘q qilishga qaratilgan edi. Siyosatni ma’naviyat bilan bog‘lanishi tо‘g‘risida hatto sо‘z yuritilmasdi.
Mamlakatda olib boriladigan bunday adolatsiz, reaksion siyosat nafaqat uning ichdan yemirilishiga, balki xalqaro munosabatlarda ham obrо‘-e’tiborning tushishiga olib keladi. Xullas, bunday siyosatning olib borilishi mamlakatni tanazzuli va halokatiga olib keladi.
Adolatsiz, reaksion siyosatga qarama-qarshi о‘laroq taraqqiyparvar, insonparvar, ma’rifatparvar siyosat mamlakat va uning xalqi manfaatlariga xizmat qiladi. Bunday siyosat eng avvalo inson zotini ulug‘lashni, uning moddiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilishni, mamlaktda tinchlik, barqarorlikni ta’minlashni maqsad qilib oladi.
Davlat taraqqiyotparvar, insonparvar, ma’rifatparvar siyosat olib borishni maqsad qilib olgan va unga amal qilgan bо‘lsa, u albatta tashqi siyosatda ham о‘zga xalqlarning yerlarini tortib olish, ularni asoratga solish, talonchilik qilish kabi tajovuzkor siyosatni emas, balki barcha davlatlar bilan tinch-totuv yashash, о‘zaro hamkorlik qilish siyosatni olib boradi. Tashqi siyosatda bunday yо‘lni tutgan davlatlar qurollanish uchun ketadigan xarajatlarni mamlakatning ma’naviy va ma’rifiy rivojlanishiga sarflaydi. Mustaqil О‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahnamoligida ham ichki ham tashqi siyosatda taraqqiyotparvar, insonparvar va ma’rifatparvar siyosat olib borilmoqda. Buning natijasida О‘zbekistonning xalqaro maydonda obrо‘-e’tibori tobora oshib bormoqda. U tanlagan yо‘l jahondagi mamlakatlar tomonidan tan olinmoqda. 1997 yil mamlakatimizda «Inson manfaatlari» yili, 1998 -«Oila» yili, 1999- «Ayollar yili», 2000 - «Sog‘lom avlod» yili, 2001-“Onalar va bolalar yili”, 2002- “Qariyalarni qadrlash” yili, 2003-“Obod mahalla” yili, 2004- “Mehr-muruvvat” yili, 2005-“Sihat-salomatlik” yili, 2006-“Xomiylar va shifokorlar” yili, 2007-“Ijtimoiy himoya” 2008-yil “Yoshlar yili”, 2009-yil “Qishloq taraqqiyoti va faravonligi” yili, 2010-yil “Barkamol avlod ”yillari sifatida iz qoldirdi. 2011-yil esa “ Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik” yili sifatida о‘tmoqda.
О‘z navbatida fuqarolarning yuksak ma’naviyatga va ma’rifatga ega bо‘lishlari mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga о‘zining ijobiy ta’sirini kо‘rsatadi.
Ma’naviyat va ma’rifatga tayangan mamlakatda tinchlik, barqarorlik xukmron bо‘ladi va u taraqqiy qilib boraveradi. Ma’naviyat о‘zining salohiyati bilan xalq va mamlakat hayotida siyosatni tо‘g‘ri, adolatli, insonparvarlik yо‘nalishida olib borishda katta ahamiyatga egadir. Davlatning kuch-qudrati, uning yuksakligini ta’minlashning muhim omillaridan biri siyosatni ana shu yо‘nalishda olib borish sanaladi. Ayni vaqtda ma’naviyat va ma’naviy tadbirlar davlat siyosatini ommaga yetkazib turishga yaqindan yordam beradi.
Davlat va jamiyat doirasida huquq meyorlarining belgilanishi odamlarning qay darajada ma’naviyatga ega bо‘lishlariga bog‘liqdir. Mamlakat miqyosida qabul qilinadigan konstitutsion va boshqa normativ hujjatlarning darajalari shu mamlakat fuqarolarining ma’naviyati va siyosiy madaniyatini ifoda etadi. Bu masalaning bir tomoni.
Ikkinchidan, konstitutsion qonunlar va boshqa normativ hujjatlar fuqarolarning huquq va erkinliklari, burchlarini va davlat siyosatining yо‘nalishlarini fuqarolarning ma’naviyati rivojlanishi darajalariga mos ravishda rasman belgilab beradi. Ammo shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqoridan turib qonun qabul qilish har qanday yuksak darajadagi qonun va normativ hujjatlar faqat fuqarolarning ma’naviy salohiyati va siyosiy ongi darajasidagina amal qiladi, undan nariga о‘ta olmaydi. Aslini olganda, odamlarning ma’naviyati va siyosiy ongi qabul qilinadigan qonunlar va boshqa hujjatlarda belgilanadigan rasman normalardan yuqori bо‘lishi kerak. Ana shundagina fuqarolar jamiyatning taraqqiy qilishida faol ishtirok etadilar.
Mustaqil О‘zbekiston davlati Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida fuqarolarning ma’naviyati, siyosiy va huquqiy ongini о‘stirish sohasida doimiy g‘amxо‘rlik qilib kelmoqda. Buni mustaqil Vatanimizning asosiy qonuni hisoblangan Konstitusiyamizda yaqqol kо‘rishimiz mumkin.
Bu Konstitusiyamizda mamlakatimizda qurilmoqchi bо‘lgan adolatli, demokratik, huquq ustivorligiga asoslangan jamiyat qurishning yо‘nalishlari belgilab berilgan. Mustaqilligimizning mohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari, burchlarining normalari belgilab qо‘yilgan.
Mazkur hujjatda milliy xususiyatlarimiz va qadriyatlarimizdan kelib chiqib, bir qator huquqiy normalar belgilanganki, u xalqimiz ma’naviyati, qalbi va ruhiyati qirralarini о‘zida ifoda etgan. Jumladan, «Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir»(45-modda), «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar»(46-modda), «Oila jamiyatning asosiy bо‘g‘inidir, hamda jamiyat va davlat muhofazasida bо‘lish huquqiga ega»(63-modda), «Davlat va jamiyat yetim bolalarni boqish, tarbiyalash va о‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi»(64-moddaning 2-qismi), «Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi»(65-moddaning ikkinchi qismi).
Kо‘rinib turibdiki, Konstitusiyadan keltirilgan har bir moddada davlatimizning fuqarolar huquqlari, erkinliklarini ta’minlash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash tо‘g‘risida kо‘rsatayotgan g‘amxо‘rligi о‘z ifodasini topgan. Mamlakatimizda fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish tо‘g‘risida izchil siyosat olib borilmoqda. Jumladan, 1996 yil 11-13 sentabrda Toshkentda inson huquqlarini ta’minlovchi milliy muassasalarning faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro seminar о‘tkazildi. Bu seminarda inson huquqlarini ta’minlashdek eng dolzarob masala muhokama etildi. Prezidentimiz farmoni bilan inson huquqlari bо‘yicha О‘zbekiston Respublikasi milliy Markazi tashkil etildi. Bu davlatimizning umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarni ta’minlash yо‘lidagi dadil qadamidir.
Mamlakatimizda ma’naviyatimizning muhim omili sifatida milliy tilimizning yoshlarimiz tomonidan chuqur о‘zlashtirilishi, uning chinakam davlat maqomini olishi zarurligi muntazam ta’kidlanib kelinmoqda. Haqiqatda bu borada juda katta ishlar amalga oshirildi.
Davlat tili tо‘g‘risida qonun qabul qilinganligiga (1989yil 21oktabr’) 19 yil bо‘layapti. Tilimizga beriladigan bunday imkoniyat uchun qanchadan-qancha millatparvar odamlarimiz kurash olib bordilar. Lekin vaqt о‘tishi bilan «his – hayajonlarimiz» sо‘nib bormoqda. Bir qator joylarda davlat tilini joriy qilish qoniqarsiz ahvolda ekaniga achinasan kishi. Xususan, hujjatlar rus tilida tо‘ldiriladi, hisobotlar rus tilida talab qilinadi, majlis bayonlari rus tilida olib boriladi, kо‘chalardagi reklamalarda g‘aliz jumlalar kо‘zga tashlanadi.
Demokratik, huquqiy va fuqarolik jamiyati qurish jarayonida huquqiy madaniyatning roli ortib boradi. Binobarin, jamiyatda qabul qilingan qonunlarga nisbatan hurmat bilan qarash har bir fuqaroning shaxsiy e’tiqodiga, ma’naviy burchiga aylanishi kerak. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Huquqiy madaniyatning yuqori darajada bо‘lishi huquqiy davlatning о‘ziga xos xususiyatidir. Bozor iqtisodiyotini shakllantirish sharoitida huquqiy madaniyatni oshirishi muhim ish hisoblanadi. Shu bilan birga huquqiy madaniyat saviyasi qabul qilingan qonunlar soni bilan emas, balki ushbu qonunlarning barcha darajalarda ijro etilishi bilan belgilanadi. Ushbu muhim ishda odamlarda qonunlarga va normativ huquqiy hujjatlarga nisbatan chuqur hurmat hissini tarbiyalash alohida ahamiyatga egadir”
Kо‘rinib turibdiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohot va uning huquqiy talablari har bir fuqaroning ongiga yetib borishiga, etiqodiga aylanishiga, eng muhimi kundalik turmushdagi amaliy faoliyati mezoni bо‘lib qolishiga, ya’ni turmush tarziga aylanishiga xizmat qilishi zarur. Bu nafaqat siyosiy-huquqiy, ayni vaqtda ma’naviy taraqqiyot ehtiyoji ifodasi hamdir.
Yurtboshimiz Islom Karimov siyosiy-huquqiy munosabatlarda, inson va davlat о‘rtasidagi о‘zaro aloqalarda inson manfaatlari ustivor bо‘lishiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish lozimligini ta’kidlab: «Huquqiy madaniyat darajasi faqatgina qonunlarni bilish, huquqiy ma’lumotlardan xabardor bо‘lishdangina iborat emas. U- qonunlarga amal qilish va ularga bо‘ysunish madaniyatidir. U-odil sudni hurmat qilish, о‘z haq-huquqini himoya qilish uchun sudga murojaat etish ehtiyoji demakdir. Huquqiy madaniyat degani – turli mojarolarni hal qilishda qonunga hilof kuchlardan foydalanishni rad etish demakdir», - degan edi.
Hullas, huquqiy madaniyat, uning mohiyati va mazmunini ma’naviyatsiz tushunib bо‘lmaydi.
Qonunlarni bilish, ularga itoat etish, о‘z huquqlarini, erkinliklarini va burchlarini tushunib yetish har bir fuqaroning yuksak ma’naviy fazilati. Bu adolatli, demokratik, huquq ustivorligiga asoslangan yangi jamiyat qurishning ham kafolatidir. Xuddi shu ma’noda yoshlarimiz, talabalarimiz huquqiy bilimlarni chuqur о‘zlashtirishlari va siyosiy onglarini rivojlantirishlari bugungi kunimizning eng dolzarb muammosi hisoblanadi.
4.3. Hokimiyat о‘z mohiyati va maqomiga kо‘ra rahbarlik va xukumronlik qilish munosabatlarini ifoda etuvchi tushunchadir. Hokimiyat alohida shaxs, guruh, odamlar, tashkilot, siyosiy partiya, davlatning ijtimoiy hamkorlikning boshqa ishtirokchilariga kuch ishlatish yoki kuch ishlatmaslik vositalari va uslublari yordamida о‘z irodasini о‘tkazish va ularning harakatlarini boshqarishni anglatadi.
О‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarini yangidan tashkil etdi. Natijada yangi davlat organi-viloyat, shahar va tuman hokimligi boshqaruvi vujudga keltirildi. Hokimlar о‘z faoliyat doirasida О‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining huquqiy hujjatlarini amalga oshiradilar, respublika va mahalliy ahamiyatiga molik masalalarni muhokama etish, hayotga joriy etishda bevosita ishtirok etadilar. Shu jumladan, hokimliklar davlatning ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi siyosatini amalga oshirishga ham mas’uldir.
Ma’naviyat hokimiyat tizimida turli tabaqa, turli toifadagi aholining umumiy manfaatlarini о‘zida mujassam etib, ularning bir mamlakat fuqarosi sifatida umumiy ehtiyojlarini qondirishning muhim omili sanaladi.
Mustaqil О‘zbekiston xalqi о‘z oldiga huquqiy demokratik davlatni qurishni maqsad qilib qо‘ygan. Bu maqsadning samarali amalga oshishi davlat boshlig‘i va joylardagi hokimlarning dunyoqarashi, og‘ir vaqtlarda eng maqbul va eng tо‘g‘ri yо‘nalishni tez anglab olish qobiliyati bilan bog‘liq. Rahbar shaxsning ma’naviy, ijtimoiy – siyosiy barkamolligi, qanday maqsad va g‘oyalar bilan yashayotganligi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Sharq donishmandlari hokimiyat tepasida turgan kishi qanchalik dono, aqlli va sezgir bо‘lsa, bu о‘sha davlat, uning xalqi uchun ham shunchalik katta baxt deyishgan.
Biz bu о‘rinda buyuk mutafakkir va davlat arboblarining rahbar kishilar, mansabdorlarning hokimiyatni boshqarishda о‘zlari amal qilgan ma’naviy – axloqiy meyorlari va bu borada qoldirgan ba’zi meroslari haqida batafsilroq sо‘z yuritishni lozim topdik. Zero, bu bugungi kunimiz uchun nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanligini anglab olishimizga hech bir shubhasiz yaqindan yordam beradi.
Amir Temur ham о‘zi barpo etgan buyuk davlatni milliy, islomiy, axloqiy qadriyatlariga tayanib idora qildi. Bu esa jamiyatni adolat, insonparvarlik mezonlari asosida boshqarishga, mamlakatda osoyishtalik, tinchlik, totuvlik saqlanib turishiga olib keldi. Temurning yuksak axloqiy fazilatlari ham ulkan imperiyani yaratish, uni rivojlantirish, jahondagi eng qudratli davlatlardan biriga aylanishiga asos bо‘lgan ma’naviy omildir. Temur о‘z qо‘li ostidagi rahbarlardan, sarkardalardan ham axloqli, odobli, adolatli bо‘lishni talab qildi. U о‘zining «Tuzik»larida rahbarlarning axloqli, adolatli bо‘lishi jamiyat, davlat va millat uchun qanday katta ahamiyatga ega ekanini kо‘rsatib, amaldor-mansabdorlarning quyidagi vazifalarini belgilagan: «Sulton har narsada adolatpesha bо‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlarni saqlasin, toki podsho zulm qilgudek bо‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bо‘lsa, kо‘p vaqt о‘tmay saltanat uyi qulaydi».
Rahbar xodimlar о‘z hayot faoliyatlarida davlatchilik, el-ulusni boshqarishda adolat, vatan, xalq manfaatini har narsadan ustun qо‘yish tamoyillariga amal qilishlari yuksak ma’naviylik mezonlariga mos tushadi. Agar rahbar xodim ayshu-ishratga berilib, о‘zining talabchanlik, tashkilotchilik va rahbarlik burchini unutib qо‘ysa, о‘sha joyda qonunga rioya qilish, tartib-intizom masalalari qolipdan chiqib ketishi tabiiy hol. Rahbar о‘z faoliyatida mahalliychilik, oshna-og‘aynigarchilik, qarindosh-urug‘chilik kabilarga yо‘l qо‘ysa, bu taraqqiyotimiz va tinch-farovon hayotimizga xavf soladigan tahdidga aylanadi. Hokimiyat tizimidagi rahbar xodimlarning ma’naviy qiyofasidagi bunday salbiy illatlar jamiyatimiz, mustaqilligimiz uchun katta xavf ekanligi Islom Karimovning «О‘zbekist on XXI asr bо‘sag‘asida: xafsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida keng, atroflicha bayon qilib berilgan. Gap shundaki, hokimiyatning boshqaruv tizimida ishlayotgan rahbar xodimlar amaldan mag‘rurlanib, boshi aylanib, о‘z faoliyatida mahalliychilik, oshna og‘aynichilik, urug‘-aymoqchilik illatiga yо‘l qо‘ysa, bunday rahbar xudbinlik kasaliga duchor bо‘lib, oyog‘i yerdan uziladi. El-ulus nazaridan qoladi. Prezidentimiz aytganidek, rahbarlar kelib ketadi, el, xalq qoladi. Lekin ana shu rahbar xalq kо‘nglidan о‘ziga joy topa oladimi? Esda qoladigan biror hayrli ish qila oldimi?
Kimdan bog‘ qoldiyu, yaxshi nom, yaxshi xotira qolayaptiyu, kimdan yomon nom, dog‘, isnod qolyapti, buni odamlarning о‘zlari ajratib oladi.
Davlat mustaqilligiga erishish O’zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot, siyosiy, madaniy va ma'naviy yangilanishning ulkan istiqbollarini ochib berdi. O’zbekiston Respublikasida rivojlangan fuqarolik jamiyatini shakillantirish, huquqiy davlat qurishning asosini respublikaning o’ziga hos xususiyatlari, xalq an'analarini hisobga olish va o’z rivojlanish yo’liga qat'iy va izchil amal qilish tashkil etadi. Inson huquqlarini himoya qilish mustaqillikning asosiy qomusi bo’lmish Konstitutsiyaning bosh g’oyasi, O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy-siyosiy tizimini tubdan isloh qilishning asosiy yo’nalishi va yakuniy maqsadidir. Inson huquqlari va erkinliklari himoya qilishda yangi davr boshlandi.
O’zbekiston Respublikasida Inson huquqlari boyicha hozirgi kunda faol ish olib borayotgan milliy institutlardan biri bu - Inson huquqlari boyicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazidir. Davlat idoralararo tahlil, tushuntirish va muvofiqlashtirish organi bo’lmish Inson huquqlari boyicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasida davlat boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirib bordi, inson huquqlari sohasidagi ishlar milliy rejasini ishlab chiqadi, O’zbekistonda inson huquqlari himoyasi boyicha milliy ma'ruzalar tayyorlaydi, davlat xizmatchilari uchun esa inson huquqlari muhofazasi sohasida axborot bazasini yaratadi, ularni o’qitadi, maslahatlar beradi va tashviqot ishlarini olib boradi.
Markazning asosiy maqsadi ustuvor vazifalarni har tomonlama hal etish yo’li bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy faoliyat dasturini — huquq va erkinliklarni himoya etishning ko’p qirrali tizimini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish bilan bog’liq quyidagi vazifalarni amalga oshirishdan iborat:

  1. inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish;

  2. huquqiy yordam ko’rsatish va inson huquqlarini sud yo’li bilan himoya qilish;

  3. inson huquqlarini suddan tashqari himoya qilish tizimini yaratish;

  4. quyidagilar: aholining ijtimoiy kam ta'minlangan qatlamlari, ekologik ofat mintaqalarida yashovchi aholi, dindorlar, turli din vakillari, ozodlikdan mahrum etilgan shahslar va harbiy hizmatchilar huquqini himoya qilish strategiyasini ishlab chiqish;

  5. huquqni himoya etish boyicha nohukumat tashkilotlari faoliyatlarining samarali shakllarini rivojlantirish;

Milliy о‘zlikni anglash har bir inson uchun ma’naviy barkamollikning muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. Chunki, u avvalo, о‘zining kimligini bilib olsa, qaysi millatga mansubligini tushunib yetsa, avlod, ajdodlari, ulardan qoldirilgan moddiy va ma’naviy merosni о‘zlashtirsagina tо‘laqonli shaxs darajasiga yetishi mumkin. Bunday shaxslar millatning aksariyat kо‘pchilik qismini tashkil qilsagina unday millatning istiqboli buyuk bо‘ladi. Shuning bilan birga о‘zini chuqur anglab yetgan, kо‘zi ochilgan, aqli raso, g‘oyaviy-siyosiy jihatdan uyg‘ongan va jipslashgan xalq va millatni, о‘tmishda bо‘lganidek, mustamlakachilik kishanlarida ushlab turish, tili, madaniyati, qadriyatlarini oyoq osti qilish, boyliklarini talab ketish, huquqlarini poymol etish, davlat mustaqilligidan judo qilish aslo mumkin emas.
О‘z-о‘zini anglash bu:
- xalqning, millatning о‘tmish tarixiy taraqqiyot yо‘lini, ota-bobolari, nasl-nasabi, avlodu-ajdodlarining kim bо‘lganligi va ularning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qо‘shgan buyuk hissalarini bilib olishdir.
-Milliy о‘zlikni anglash – millat yashayotgan Vatanning porloq istiqbolini ta’minlash uchun qanday imkoniyatlar va qulayliklarga ega ekanligini chuqur anglab yetish, ular bilan cheksiz faxrlanish, mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, real voqelikka aylantirish uchun о‘zini safarbar etish, barcha imkoniyatlari, kuch g‘ayratini ishga solish demakdir. Millat mavjud bо‘lishi uchun til, hudud va ma’naviyat asosiy shart bо‘lgani kabi milliy о‘zlikni anglash ham asosiy zaruriy shart hisoblanadi. О‘zlikni anglash о‘z mohiyatiga kо‘ra millat va elatlar uchun xos bо‘lgan ma’naviyat xususiyatlarini ifoda etib, о‘z funksiyasiga kо‘ra milliy manfaatlarni himoya qiladi.
Shunday qilib, har millat va elatning о‘zini real mavjud subekt, muayyan moddiy va ma’naviy boyliklarini ifodalovchi etnik birlik, til, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlarga mansubligini, manfaatlar va ehtiyojlar umumiyligini tushunib yetishga milliy о‘zlikni anglash, - deb ataladi. Milliy о‘zlikni anglash millat birligining mustahkamligini, millat manfaatlarining, shaxs, mahalliychilik manfaatlaridan ustun turishini anglash darajasi bilan bog‘liqdir.
Milliy о‘zlikni anglash real hayotda millat sha’ni, qadr-qimmati, obrо‘-e’tibori poymol etilganda yoki millatning manfaatlariga nisbatan ikkinchi bir tomondan zо‘ravonlik harakatlari boshlanib ketgan holatlarda yanada kuchli va yaqqol namoyon bо‘ladi. Bunday holatda, millatning barcha vakillari qaysi lavozimda xizmat qilishi, qaysi darajada boy yoki kambag‘al bо‘lishidan qat’iy nazar о‘zaro birlashib ketadilar va millatning manfaatlarini himoya qiladilar.
Milliy о‘zlikni anglash, millatning til, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar, hudud yagonaligi, ma’naviyatdagi о‘ziga xosligidan iborat belgilari kabi millatning mustaqil belgisi hisoblanadi. Milliy о‘zlikni anglash millatning mustaqil belgisi ekanligi – milliy manfaatlar, ehtiyojlar umumiyligini himoya qilish va milliy taraqqiyotga erishish va uning jahon taraqqiyotidagi о‘rnini mustahkamlash zaruriyatini anglash bilan belgilanadi.
Milliy о‘zlikni anglash omilining qudrati quyidagi sharoitlarda kо‘proq namoyon bо‘ladi:
Birinchidan, agar milliy о‘zlikni anglash rivojlangan bо‘lsa, yuqorida qayd etganimizdek, millatning manfaatlariga, ayniqsa, sha’ni, qadr-qimmati, obrо‘-e’tibori, g‘ururi poymol etilishiga qaratilgan harakatlar yuzaga kelgan sharoitlarda, millatning barcha vakillari birlashib ketadilar, hatto millatning ichida о‘zaro muxolifatda bо‘lgan tomonlar ham millatning sha’ni, g‘ururi, obrо‘-e’tiborini himoya qilish manfaati yо‘lida birlashadilar.
Ikkinchidan, milliy о‘zlikni anglash ruhiy, his-hayajon, ehtiros omilidir. Mazkur holat tashqaridan qaraganda sezilmaydi. Uni millatning hatti-harkatlarida, intilishlarida va maqsadlarini amalga oshirishlaridagi salohiyati orqali bilib olish mumkin bо‘ladi.
Ruhiy his-hayajon va ehtiroslarning “portlashi” millatning xarakteri, xususiyatlari, milliy g‘oyalarni yaratuvchi, uning taraqqiyotida oldingi safda turuvchi ziyolilarning salohiyatiga bog‘liq.
Uchinchidan, milliy о‘zlikni anglash omili faqat milliy manfaatlarni himoya qilish bilan cheklanmaydi, balki milliy taraqqiyot jarayonida, uning oldida yuzaga keladigan ichki muammolarni hal qilish hamda millatni birlashtiruvchi va harakatga keltiruvchi vazifani ham bajaradi. Bu muammolar mamlakatda iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda sodir bо‘lishi mumkin.
Tо‘rtinchidan, milliy о‘zlikni anglash millatning muhim belgisi sifatida, faqat uning manfaatlarini ifodalab yoki himoya qilish bilan cheklanmaydi, balki shular bilan birga uning abadiyligini ta’minlab turuvchi mustahkam qо‘rg‘on hamdir. “Milliy о‘zligini anglash... о‘zining katta salohiyati bilan millat uchun zarur bо‘lgan asosiy tizimida yetakchi о‘rinni egallaydi. U millatning yuragi, qalbi, tomirlarida oqadigan qoni va gavdasini tik ushlab turuvchi jonidir.
Mustaqillik uchun kurash, garchand chorizmning mustamlakachilik siyosati davridan boshlangan bо‘lsa ham, u shо‘rolar tuzumi davrida yanada keskin tus oldi.Ammo о‘zbek xalqining kо‘zga kо‘ringan millatparvar farzandlarining izchillik bilan bosqichma-bosqich qirib yuborilishi milliy о‘zlikni anglash jarayonining ommaviy ravishda yuksalish imkonini bermagan edi. 80-yillarga kelib sobiq SSSR iqtisodiyotidagi inqiroz, uning siyosatda xalqaro jandarmga aylanishga intilishi, ma’naviyat va ma’rifatdagi qashshoqlashuvi, bu tuzumning millatlarni taraqqiy ettirishga noqobilligini yana bir bor tasdiqlagan edi. Bu jarayon sobiq SSSR tarkibiga kirgan millatlarning mustaqillikka intilishini, о‘zlikni anglashning zimdan о‘sib borishini tezlashtirib yubordi.
80-yillarning oxiri 90-yillarning boshlarida millatlararo munosabatlarda turli nizolar hamda fojialarning kelib chiqishi milliy о‘zlikni anglashning yashirin qudrati yuzaga qalqib chiqqanligini bildirar edi. Xususan, mustaqillik yillari bosib о‘tilgan tarixan qisqa davr mobaynida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda katta ishlarni amalga oshirdi. Bu yillarda millatimizning о‘zligini anglashi jadal rivojlanib bordi. Bu milliy о‘zlikni anglash jarayonining yuksalib borish xususiyatlari quyidagilarda namoyon bо‘ldi:
Birinchidan, sobiq tuzum sharoitida ma’naviy-ma’rifiy sohalarda bu tuzumni madh etuvchi ishlar zо‘ravonlik va makkorlik bilan qaysi shaklda va usulda amalga oshirilmasin, millatimizning dunyoqarashini butunlay о‘zgartira olmadi.Xalqimiz har qanday sharoitda ham о‘zligiga qaytish kayfiyati va ruhiyati bilan yashab keldi. Chunki shо‘rolar tuzumi bermoqchi bо‘lgan ma’naviyat va ma’rifat, uni shakllantirish milliy madaniyatlar rivojlanishining obektiv qonunlariga asoslanmay, balki subektiv kuchning, ya’ni kommunistik mafkuraning zо‘ravonligiga tayangan edi. Bundan tashaqari, sobiq tuzum bermoqchi bо‘lgan ma’naviyat va ma’rifat milliy madaniyatlarning о‘zaro ta’siri va shu asosda boyishga emas, balki rus millati madaniyati va ma’rifatini boshqa “yirik” millatga singdirishga qaratilgan edi.
Mustaqillikka erishishimiz bilan bunday holatlarga Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barham berildi.
Ikkinchidan, mustaqillikning dastlabki bosqichlarida milliy о‘zlikni anglashning xarakterli xususiyati shunda bо‘ldiki, milliy qadriyatlardan kо‘ra diniy qadriyatlarni kо‘tarish ustivorlikni tashkil qildi. Buning obektiv sababi bor edi. Xususan, о‘zbek xalqi ma’naviyati va ma’rifati rivojlanishining shо‘rolar tuzumi о‘rnatilgunicha bо‘lgan davri islom ma’naviyati va ma’rifati bilan chambarchas bog‘langan bо‘lib, u millatimiz ongi va ruhiyatining muhim qismini tashkil qilib kelgan. Xuddi shuning uchun ham bolsheviklar islomga qarshi kurash yо‘li bilan millatni ham yо‘q qilish mumkin, deb hisoblaganlar va shu siyosatni izchillik bilan amalga oshirishga intilganlar. Ularning bu harakatlari bejiz emas edi Chunki, prezident I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Tarixdan ma’lumki bir xalqni о‘ziga tobe qilishni istagan kuchlar, avvalo uni о‘zligidan, tarixidan, madaniyatidan judo qilishga intiladi”.
Mustaqillikni qо‘lga kiritgandan keyin tarixiy xotirani va diniy qadriyatlarni tiklash milliy tiklanishning, о‘zlikni anglashning muhim omili sifatida ustivor bо‘lib keldi. U milliy birlikni mustahkamlashda va milliy taraqqiyotni yangi bosqichga kо‘tarishda amaliy ahamiyat kasb etdi.
Mustaqillikni mustahkamlash yillarida milliy о‘zligimizni anglashning о‘sishi ikki yо‘nalishda: a) milliy va diniy qadriyatlarimizning uyg‘unligi milliy о‘zligimizni anglashning asosiy manbai sifatida yetakchi ahamiyatga ega bо‘ldi. Ana shu qadriyatlarning о‘zlashtirilishi millatdoshlarimizning qaddini kо‘tardi, о‘zini ular ichida munosib о‘ringa ega ekanligini bilib olishiga keng imkoniyatlar yaratdi.Buyuk tarix, ulkan ma’naviy meros va ajdodlardan meros bо‘lib kelayotgan diniy qadriyatlar mustaqillik sharofati bilan millatimizga о‘zining “men”ligini namoyon etishi uchun zamin bо‘ldi. b) Har qanday millatning о‘zligini anglashi, faqat о‘z doirasi bilan cheklanib qolishi unga taraqqiyot uchun imkon bermaydi. Shu ma’noda milliy о‘zlikni anglashning ikkinchi omili, har bir millatning dunyo xalqlari erishgan yutuqlar va tajribalarni qaysi darajada samarali foydalana bilish bilan bog‘liq bо‘ladi.
Mamlakatimizning mustaqilligi millatimizning о‘zligini anglashida ana shu imkoniyatdan foydalanishga ham katta e’tibor berildi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz yoshlari о‘zlarining yuksak intellektual salohiyatlari bilan dunyo xalqlarining erishgan yutuqlari va ilg‘or tajribalaridan foydalangan holda О‘zbekistonni rivojlantirishda faoliyat kо‘rsata boshladilar. Yoshlarimiz jahonning rivojlangan mamlakatlarida fan, texnika va texnologiya sohasida qо‘lga kiritilgan eng sо‘nggi yutuqlardan samarali tarzda foydalanish darajasida о‘zlarining intellektual salohiyatini rivojlantirishga harakat qidilar va ular bu о‘ta murakkab vazifani bajarishga erishdilar.
Mamlakatimiz yoshlari ana shunday salbiy holatning yuzaga kelishini oldini olishda millatning vakillari sifatida о‘zligini namoyish etdilar. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari nafaqat jahonda qо‘lga kiritilgan fan, texnika va texnolgiyalardan samarali foydalanishda jahondagi yuksak darajada rivojlangan mamlakatlarning mutaxassislari darajasida faoliyat kо‘rsatmoqdalar, shuning bilan birga о‘z qobiliyatlari va intellektual salohiyatlari bilan О‘zbekistonning dovrug‘ini jahonga yoyishga erishmoqdalar. Bu milliy о‘zlikni anglash rivojlanishning mustaqil taraqqiyotimiz davridagi kо‘rsatkichlardan birini tashkil qiladi. Prezident aytganidek, “toki yoshlarimiz milliy о‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan baravar qadam tashlaydigan insonlar bо‘lib yetishsin”.
Demak, milliy о‘zlikni anglash, nafaqat о‘z zaminlari asosida rivojlanish, о‘z millatining manfaatlarini himoya qilish ruhiyatining mustahkamligi, shuning bilan birga millatning jahonning taraqqiy qilgan mamlakatlari darajasida rivojlanish yо‘lida fidoyilik kо‘rsatishga intilishga harakat qiluvchi vakillarining salmog‘ining oshib borishida ham о‘z ifodasini topadi. Millatimiz ana shu yо‘nalishda ham о‘zining munosib о‘rniga ega bо‘layotganligi milliy о‘zligimizni anglashning rivojlanayotganligini kо‘rsatib turidi. Bu о‘z navbatida ma’naviyatimiz rivojiga о‘zining ijobiy ta’sirini о‘tkazib bormoqda.
Bugun dunyoda mavjud bо‘lgan mamlakatlarning deyarli barchasida о‘zining “titul” millati bilan birga, boshqa turli millatlar yashamoqdalar. Bir mamlakat miqyosida turli millatlarning yashashi bir qator murakkab vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Chunki, turli millatlarning mavjudligi ularning manfaatlarining turli-tumanliligini bildiradi. Turli obektiv sabablar va subektiv omillarning mavjudligi ayrim olingan kо‘p millatlar yashayotgan mamlakatlarda har doim ham barcha millatlarning manfaatlarini tо‘laligicha amalga oshirish imkonini bermaydi. Ana shunday vaziyat mamlakatlarda mamlakatlararo ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bu о‘z navbatida mamlakatning barqaror taraqqiyotiga salbiy ta’sir о‘tkazadi. Bu salbiy jarayonning oldini olish har bir kо‘p millatlar yashaydigan mamlakatlarda taraqqiyot uchun amaliy ahamiyatga ega bо‘ladi.
О‘z istiqbolini har bir ma’naviyati yuksak mamlakat о‘z hududida yashayotgan turli millatlarning barqaror rivojlanishi va ularning manfaatlarini uyg‘unlashtirishni о‘z siyosatining ustivor vazifasi sifatida qaraydi va faoliyat olib boradi. Bunday faoliyat millatlararo totuvlikni ta’minlaydi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir kо‘rsatadi.
Millatlararo totuvlik deganda kо‘p millatlar yashayotgan mamlakat hududidagi turli millat va elat vakillarining hamjihatlik va о‘zaro hamkorlikda yashashlari, ularning ongi va qalbida yagona Vatan va tuyg‘ularining mustahkamligi, uning istiqboli yо‘lida sidqidildan mehnat qilish va fidoyilik kо‘rsatish ruhiyatining amal qilishini tushunish mumkin.
Millatlararo totuvlikni ta’minlashning asosiy omili mamlakat hududida yashayotgan barcha millat va elat vakillarining ehtiyojlarini hisobga olish, manfaatlarni uyg‘unlashtirish va yagona maqsad sari va Vatanni taraqqiy qildirishga yо‘naltirish hisoblanadi. Shuni bugun mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, milliy о‘zlikni anglash jadal sur’atlar bilan о‘sib ketishiga qaramasdan, О‘zbekistonda millatlararo va fuqarolararo nizolarning bо‘lmaganligi, ularning oldi olinganligi о‘zbek millati uchun vazminlik, bag‘rikenglik va boshqa millat vakillariga nisbatan hurmat kabilar xos bо‘lgan xususiyatlardan sanaladi. Aslida, 1990 yillarda sobiq SSSR tizimida bо‘lgan ittifoqdosh respublikalarda bо‘lgani kabi parokandalik,taraqqiyot yо‘lining noaniqligi О‘zbekistonda ham bо‘lgan edi. Ammo о‘zbek xalqining о‘ziga xos teran aql-zakovati, bosiqlik, vazminlik xususiyatlari, uning rahbari Islom Karimovning vaziyatni tо‘g‘ri anglab, shunga mos ravishda siyosat olib borishi parokandalik yо‘liga tо‘siq qо‘ydi.
О‘zbeklar о‘z atrofida yashayotgan boshqa millat va elat vakillariga nisbatan dо‘stlik, birodarlik, hamkorlik, о‘zbek xalqiga xos mehr-oqibat tuyg‘ularini saqlab qola olganligi milliy о‘zlikni anglashdagi yana bir xususiyat hisoblanadi. Vaholanki, mustaqillikka erishgan ayrim respublikalarda mustaqillik sharofati oldida dovdirab, о‘z atroflarida yashayotgan, yaqindagina qardoshmiz deb yurgan millat vakillariga hurmatsizlik bilan qarash yuz berganligi sir emas. О‘zbekistonda bunday hol yuz bermaganligi, xalqimizning yuksak ma’naviyatini kо‘rsatadi. “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” konsepsiyasida ta’kidlanganidek, “millatlararo hamjihatlikka rahna soluvchi illat bu- tajovuzkor millatchilik va shovinizmdir. Bunday zararli g‘oyalar ta’siriga tushgan jamiyat halokatga yuz tutishi muqarrar. XX asrda Yevropa xalqlarini asoratga solgan va ayrim davlatlarning tanazzuliga sabab bо‘lgan fashizm g‘oyasi bunga yaqqol misol bо‘ladi. О‘zbekiston hududida qadim-qadimdan kо‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib keladi. Ular о‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bо‘lmagani xalqimizning azaliy bag‘rikengligini kо‘rsatadi”.
Yurtboshimiz I.A.Karimov aytganidek: «Bizning keyingi yillarda erishgan eng katta yutug‘imiz – bu umumiy xonadonimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikdir».
Mustaqil О‘zbekistonning yuksalishi, о‘zbek millati gullab-yashnashining tarafdori bо‘lgan har bir о‘zbekistonlik fuqaro millatlararo totuvlik, dо‘stlik qoidalariga sodiq bо‘lishi kerak. Chunki, mustaqil davlatimizning kelajagi birinchi navbatda, о‘zbek xalqining о‘zligini qanchalik anglab yetganligiga hamda mamlakatimiz hududida о‘zbeklar va boshqa millat, xalq vakillari bilan yonma-yon istiqomat qilib turgan har bir kishining millati, dini, tili va e’tiqodlaridan qat’iy nazar, bir-birining kо‘nglini ola bilishiga, ular о‘rtasida dо‘stona munosabatlarning о‘rnatilishiga bog‘liq. Hozir О‘zbekistonda 136 millat va elat vakillari tinch-farovon hayot kechirmoqda. Ular о‘zbeklar bilan bir qatorda bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanmoqdalar. Mamlakatimizda har bir millatning tili, madaniyati, urf-odatlari, rasm-rusumlari tiklash, tarixiy vatan bilan aloqa va munosabatlarni bog‘lashga, milliy his-tuyg‘ularning namoyon bо‘lishiga keng yо‘l ochib berilgan. Bu esa mamlakatimiz barqaror rivojlanishining kafolatidir.
Xullas, milliy о‘zlikni anglashni о‘stirish yо‘lida mustaqillik mustahkamlashga fidoyi bо‘la oladigan jonkuyar – Islom Karimov sо‘zi bilan aytganda, “Biz fidoyi vatanparvarlarni tarbiyalashimiz”, “Elim deb, yurtim deb yashovchi, shu yо‘lda hatto jonini ham ayamaydigan”, “о‘zidan sо‘ng ozod va obod Vatan qoldiradigan” farzandlarni tarbiyalashimiz zamon va mustaqillik talabi. Bunga yurtimizda yashayotgan har bir kishi millatidan qat’iy nazar mas’ul bо‘lmog‘i lozim. Yoshlarimiz tafakkurida о‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qariyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatlarini qaror toptirish, ularning, men о‘zbek farzandiman, deb g‘urur va iftixor bilan yashashiga erishish ma’naviy tarbiya ishimizning markazida turmog‘i lozim.
Agar biz bugungi milliy о‘zligimizni anglash va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi vazifalarini talab darajasida amalga oshira olsak:
Birinchidan, mustaqilligimizni abadiylashtirishga, ozod va obod Vatan, farovon hayotni qurishga, mamlakatimizning jahondagi nufuzini mustahkamlashga, о‘zimizning jahon sivilizatsiyasidagi adolatli va munosib о‘rnimizni qayta tiklashga erishamiz.
Ikkinchidan, milliy о‘zligimizni anglashimiz, avlod ajdodlarimizdan qoldirilgan boy merosimizni о‘zlashtirishimizga olib keladi. Bu faqat mustaqilligimizni mustahkamlash vazifalari darajasi bilan chegaralanib qolmasdan, balki millatimiz avlodining vorisligini ta’minlashga imkon beradi. Demakki, bu vazifalarni amalga oshirib biz keyingi avlodlarimiz oldidagi vazifamizni ham ado etgan bо‘lamiz.

Adabiyotlar.
1. Karimov I.A. O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqiyot yo’li. T: O’zbekiston, 1992yil

  • 2. Karimov I.A. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura T: O’zbekiston, 1993 yil.

  • 3. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. T: Sharq, 1998 yil.

  • 4. Karimov I.A. Istiqlol va ma’naviyat. T: O’zbekiston, 1994 yil.

Download 143.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling