Semema va uning tarkibi
Download 97.5 Kb.
|
1 2
Bog'liqSEMEMA VA UNING TARKIBI
- Bu sahifa navigatsiya:
- XULOSA . FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.
SEMEMA VA UNING TARKIBI Reja: KIRISH . ASOSIY QISM. 1. Nomema va semema haqida. 2. Sememaning tarkibi. 3. Ifoda semalari. 4. Vazifa semalari. 5. Semema semalarining munosabati. 6. Semalarning darajasiga ko’ra turlari. XULOSA . FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR. Leksema ikki tomonga ega til birligidir. Aniqrog’i, u shakl va mazmun tomonlaridan iborat ramzdir. Shuni alohida qayd qilamizki, til ramzlarining (leksemalarning) shakl va mazmun tomoni xususiy atamalar bilan ataladi. Sistem tilshunoslikda leksemaning shakl tomoni nomema deyiladi. Nomema faqat leksemaning shakliga (moddiy qobig’i, tashqi tomoniga) nisbatan ishlatiladi. Leksemaning mazmun tomoni (ma’nosi, ichki tomoni, signifikati va h. k.) esa semema nomi bilan yuritiladi. Demak, leksema = nomema + sememadir. Nomema tilga xos tomondir. U ongimizda muayyan fonemalar tizmasi sifatida mavjud. Nomemaning fonemalar tizmasidan iboratligi ichki nutq jarayonida (kishi fikr yuritganda, she’r yoki matnni ichda, tovush chiqarmay o’qiganda) aniq ma’lum bo’ladi. Chunki odam ichki nutq jarayonida so’zlarni, qo’shimchalarni ketma-ket tizib, xuddi gapirayotganday ularni bir-biriga biriktiradi, grammatik jihatdan shakllantiradi. Shu asosda fikr yuritadi. Demak, inson faqat ovoz chiqargandagina emas, balki ovoz chiqarmaganida ham fonemalarga moddiy shakl beradi. Odamning ichki nutqi o’zidan boshqa hech kimga ayon bo’lmaydi. Tashqi nutqda esa nomema tovushlar (yoki harflar) tizmasi, imo-ishoralar, turli xil signallar ko’rinishida muayyan tus oladi, voqelashadi. Avvalgi boblarda ko’rib o’tganimizdek, tashqi nutqning aniq moddiy shakli nutq vaziyati bilan, so’zlovchi (nutq muallifi) ning maqsad va imkoniyatlari bilan belgilanadi. Sistem tilshunoslik leksemalarning moddiy tomoniga — nomemalarga ko’p ahamiyat bermaydi. Chunki ko’rib o’tganimizdek, nomemaning aniq shakli nutq sharoiti bilan belgilanadi va u leksemaning mohiyatiga ta’sir etmaydi. Leksemaning mohiyati uning ichki tomoni — semema orqali va shunga ko’ra leksemaning boshqa til birliklari bilan munosabatga, aloqaga kirishuvi orqali belgilanadi. Ammo nutqda, ayniqsa, nazmiy, nutqda nomema katta ahamiyatga ega bo’ladi. Nazarimizda behad katta ahamiyatga ega: qofiya, radif, tajnisning o’nlab turlari, qalb, saj’, tasrit’, tasmit, taattuf, harfiy va lafziy san’atlar nomemaning xususiyatlariga tayanadi. Shu sababli nazmiy nutqda nomema va uning voqelanishiga katta e’tibor beriladi. Lekin til leksemalarining ilmiy tadqiqidagi asosiy tayanch nuqta bo’lib, leksemalarning ichki tomoni semema hisoblanadi. Semema leksemaning ichki tomoni uning mazmuni; ma’nosi nmani ifodalab kelishidir. Semema ko’pincha ongimizda ma’lum bir tushuncha va tushunchalar bilan borliq bo’ladi. Tushuncha — ong, mantiq birligi, Semema esa tilga, leksemaga xos birlikdir. Juda ko’p hollarda bir semema bir necha tushunchani o’z ichiga oladi. Jumladan, [o’rik] leksemasining sememasi quyidagi tushunchalarda namoyon bo’ladi: 1) toza, tar mevaning bir turi (toj. zardolu); 2) shu mevaning quritilgani (toj. G’ulung); 3) shu mevani beradigan daraxt. Bir sememaning bir necha tushunchani o’z ichiga olishini juda ko’p meva nomlarida ko’rish mumkin, qiyoslang [olma; anor; shaftoli; olcha; bodom; pista va h. k.) Ammo [uzum], [mayiz], [tok] leksemalarida tar meva, uning quritilgani, daraxti boshqa-boshqa leksemalar orqali ifodalanadi. Demak, [o’rik] leksemasi uch tushunchaga, voqealikdagi uch xil narsa — predmetga (atalmishga) aloqador bo’lsa, [uzum], asosan, bir tushunchaga — tar mevaning ma’lum turiga, bitta atalmishga aloqadordir. Shunga ko’ra tushuncha va semema o’zaro hamma vaqt ham mos kelmaydi. Bu hodisani, ayniqsa, sinonimlarda (ma’nodosh leksemalarda) yaqqol ko’rish mumkin. [yuz], [bet], [aft], [bashara], [turq], [chehra], [jamol] leksemalarining sememalari, asosan, bitta tushuncha bilan - odam boshi old tomonining atalmishi bilan bog’lanadi. Ammo ayni vaqtda har bir leksema ushbu ma’noni o’ziga xos xususiyati, qo’shimcha ma’no munosabati bilan anglatib, ifodalab keladi. Leksema o’zining eng muhim vazifasi bo’lgan voqealikdagi, inson ongidagi narsa-buyum, belgi, xususiyat va mohiyatlarni atashni semema orqali bajaradi. Sememaning ongimizdagi tushunchalar bilan bog’liqligi leksemaning atash, nomlash vazifasini bajarishga imkon beradi. Semema ongimizda mavjud bo’lgan turlicha tushunchalar bilan bog’lanadi. Mantiq fanidan ma’lumki, ongi(mizdagi tushunchalarning hammasi ham voqelikdagi narsa-buyum, belgi-xususiyat, munosabat asosida hosil bo’lmagan. Aniqrog’i, faqat ongimiz mahsuli bo’lgan tushunchalar ham mavjuddir. Chunonchi «dev», «pari», «jin», «ajina», «arvoh» kabi xayoliy tushunchalar, «qizillik», «go’zallik», «adolat» kabi mavhum tushunchalar shular jumlasidandir. Binobarin, sememalar shunday tushunchalar bilan ham bog’lana oladi. Leksema sememalar nafaqat tushunchalar bilan, balki tasavvur va obrazlar (tasvirlar) bilan ham bog’lanadi. Undov va taqlidiy leksemalarda shunday xususiyatni ko’rish mumkin. Aniqrog’i, bu leksemalar atash vazifasini emas, balki tasvirlash vazifasini o’taydi. Masalan, [yilt-yilt], [milt-milt], [taq-tuq] kabi taqlidiy, [oh], uh], [vah-vah] kabi undov so’zlar shunday tasviriy ifoda vositalaridir. Shuni ham aytish kerakki, yordamchi leksema sememalarida ham tushuncha bilan bog’lanish yo’q. Chunki yordamchi leksemalar, aytilganidek, qo’shimchalar va leksemalar -ziddiyatida oraliq uchinchi vazifasini o’taydi. Ular shaklan (nomemasiga ko’ra) leksema, mazmuni (vazifasi), sememasiga ko’ra esa qo’shimchadir (qiyos.: kitobni akamga/akam uchun oldim). Sememaning, tushunchalar bilan bog’liqligi faqat mustaqil leksemalardagina yuz beradi. Undov, taqlidiy so’zlarda, yordamchi leksemalarda, olmoshlarda esa bunday bog’lanishni ko’rmaymiz. Aytilganlardan shunday xulosa qilish -mumkin, semema — nomema bilan bog’langan ma’no, mazmun va vazifa. U leksemaning ichki tomonidir. Semema juda murakkab tarkibga egaligi sababli, bu haqda alohida fikr yuritamiz. Sememaning tarkibi. Leksema nomemasi fonemalar tizmasidan iboratligi haqida gapirib o’tdik. Fonemalar tizmasi bir necha fonemaning oldinma-keyin kelishi demakdir. Binobarin, har bir nomema tarkibiy qismlarga — alohida-alohida fonemalarga ajraladi. Masalan, quyidagi leksemalarning nomemalarini solishtirsak, buning guvohi bo’lamiz: [ber; bir; bo’r; bur; bor; ter; ber; sher; bez; bek; bel; bet]. Tilimizdagi fonemalarning tarkibiy qismlarga, muayyan farqlovchi belgilarga ajralishini ko’rib o’tgan edik. Nomema va fonemalarda bo’lgani kabi sememada ham tarkibiy qismlar, sememani tashkil etuvchi mantiqiy bo’laklar mavjud va ular ham ajratiladi. Tilshunoslikda sememani hosil qiluvchi ma’no bo’laklari (sememaning tarkibiy qismlari) sema deb aytiladi. Masalan, [daraxt] leksemasining sememasini olsak, bu semema taxminan quyidagi ma’no bo’laklaridan, tarkibiy qismlardan — sememalardan iboratdir: 1) «predmet», 2) «o’simlik», 3) «yerda o’suvchi», 4) «tanali», 5) «ildizli», 6) «shoxli», 7) «bargli». Binobarin, bu o’rinda [daraxt] leksema sememasining yettita ma’no bo’lakchalari — semalari ma’lum bo’ldi, xolos. Semalar sanog’ini yana davom ettirish mumkin. Ayni vaqtda ushbu semalarning o’ziyoq [daraxt] leksemasi haqida muayyan tasavvur bera oladi. Shuni ham aytish kerakki, semema tarkibidagi semalar tabiati bir xil emas. Semalar ma’no xususiyatiga, umumiylik darajasiga ko’ra o’zaro farqlanadi. Ma’no xususiyatiga ko’ra semema tarkibidagi semalar uch xil bo’ladi: Atash semalari (denotativ semalar). Ifoda tasvir, qo’shimcha ma’no semalari (konnotativ semalar). Vazifa semalari (funksional semalar). Har bir semema tarkibida shunday semalar mavjuddir. Ammo ularning (har bir semaning) muayyan semema tarkibidagi o’rni, ahamiyati, mavqei turlicha bo’ladi. Atash semalari ob’ektiv borliqdagi narsa-buyum, belgi-xususiyat, miqdor kabilarni atovchi, nomlovchi semalardir. Ular ongimizdagi tushunchalar bilan sememalarning aloqasini belgilab beradi. Masalan, yuqorida keltirilgan [daraxt] leksema sememasining barcha semalari atash semalaridir. Avval ko’rib o’tilgan [tuzuk], [durust], [yaxshi], [ajoyib] leksema sememalarining belgining darajasiga ko’ra ajratiluvchi ziddiyat belgilari ham atash semalaridir. Bu qatordagi so’zlarining atash semalarini quyidagicha ko’rsatish mumkin: 1) «belgi», 2) «barqaror belgi», 3) «sifat belgi», 4) «shaxsiy baho», «ijobiy», 5) «ichki-tashqi». Ushbu atash semalari qayd etilgan so’zlarning barchasi uchun umumiydir. Ayni semalar orasidagi farq esa belgining me’yordan ikki pog’ona («tuzuk»da), bir pog’ona («durust»da) pastligi, me’yordaligi («yaxshi»da), me’yordan bir pog’ona yuqori («ajoyib»da) ekanligidadir. [ota], [ona], [aka], [ona] leksema sememalaridagi atash semalarini quyidagicha ajratish mumkin: 1) «qarindosh», 2) «qon-qarindosh», 3) «bevosita mendan katta». Bu uch sema har to’rtala leksema sememalari uchun umumiydir. «I avlod» semasi. [ota], [ona], ni [aka], [opa] dan ajratadi. Chunki keyingi ikki leksema sememasi uchun 6) «men» bilan bir avlodga mansublik» semasi xosdir. [ota] va [ona], [aka] va [opa] leksema sememalari 7) «erkak jinsiga mansub»; 8) «ayol jinsiga mansub» semalariga ko’ra o’zaro farqlanadi. Demak: [ota] = qarindosh, qon = qarindosh, bevosita «men» dan katta; «I avlod», erkak. [ona] = qarindosh, qon = qarindosh, bevosita «men» dan katta; «I avlod», ayol. [aka] = qarindosh, qon-qarindosh, bevosita «men»-dan katta; bir avlod, erkak. [opa] = qarindosh, qon-qarindosh, bevosita «men» dan katta, bir avlod, ayol. Sememalarni semalarga ajratishda, semalarning o’ziga xosliklarini aniqlashda sememalar, albatta, leksemalar qatori (paradigmasi)da ko’rib chiqilishi va tahlil etilishi lozim. Aks holda, qaysi xil sememalar ahamiyatli (relevant), qaysi xillari esa ahamiyatsiz (irrelevant) ekanligini aniqlolmay qolamiz. Chunonchi, rus tilida «sestra» leksema sememasida «qarindosh», «qon-qarindosh», «bevosita», «bir avlod», «ayol» kabi semalar mavjud. Ammo «mendan katta // kichik» semasi yo’q. Chunki rus tili qon-qarindoshlik leksemalari paradigmasida [sestra] leksemasi shu belgi asosida biror leksemaga zid quyilmaydi. O’zbek tilida esa bunday ziddiyat bor. Qiyoslang: [opa], [singil] ; [aka] : [uka]; [baytal] : [biya] va b. O’zbek tilidagi oxirgi har ikkala leksema, ham «urg’ochi» semasiga ega. Ammo bu leksemalar orasidagi ziddiyat «urg’ochi» semasi asosida emas, balki — «qulunli» semasi asosida voqelashdi. Ushbu ziddiyat noto’liq bo’lib, [biya] kuchli, [baytal] esa zaif a’zodir. Rus tilida esa [kobыla] leksema sememasida «qulunli // qulunsiz» semasi yo’q. Chunki leksemalar paradigmasida ham leksemalarning ayni belgiga ko’ra ziddiyati yo’q. Demak, sememaning semalar tarkibini aniqlashda leksik paradigma hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Sememaning semalar tarkibidagi atash semashari sememaning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Chunki muayyan leksema mana shu semalar orqali ongimizdagi tushunchalar bilan bog’lanadi. Shuning uchun an’anaviy tilshunoslikda ma’nodoshlik (sinonimiya) munosabatlarini aniqlashda, asosan, atash semalariga tayaniladi. Atash semalari sememani muayyan tushuncha bilangina bog’lab qolmay, balki voqelikdagi leksema ifodalanmishining xususiyatlarini ham o’z ichiga oladi. Ammo ifodalanmish xususiyatlarini ifodalovchi atash semalari semema tarkibida hamma vaqt ham markaziy o’rinni egallamaydi, bo’rttirilmaydi. Masalan, [ota] sememasining atash semalari qatorida «g’amxur», «ta’minotchi», «yo’l ko’rsatuvchi» kabi, ona sememasida esa «g’amxur», «mushfiq», «hamdard» kabi atash-xususiyat semalarini ham ko’rish mumkin. Ifodalanmish xususiyatlarini ifodalaydigan atash semalarini shartli ravishda yo’ldosh-atash semalari deb nomlaymiz. Tilshunoslikda bunday semalar periferiya (chekka) semalari, yo’ldosh semalar (periferiynыe i sopustvuyuщiye semы) deb ataladi. Yo’ldosh semalar deyarli har bir semema tarkibida mavjud. Masalan, [bo’ri] sememasi «hayvon», «sut emizuvchi hayvon», «yovvoyi hayvon», «yirtqich hayvon», «itlar oilasndan» kabi atash semalari bilan birga «qonxo’r», «rahmsiz», «o’z manfaatidan boshqa narsani ko’zlamaydigan» kabi yo’ldosh semalarga ham ega. [arslon]) sememasi esa «qo’rqmas», «mo’ljalidan qaytmas», «ochiq hujum qiladigan» kabi yo’ldosh-atash semalariga egadir. Yo’ldosh-atash semalari ko’p hollarda ifoda semalari bilan bog’lanib, ifoda hamda atash semalari orasida oraliq uchinchi vazifasini o’taydi. Ifoda semalari deganda semema tarkibidagi, atash semasidan tashqari, turli qo’shimcha ma’nolarni (uslubiy buyoqni, shaxsiy munosabatni, qo’llanish doirasini) anglatuvchi semalar tushuniladi. Atash semalari kabi ifoda semalari ham leksemalar paradigmasida aniqlanadi. Chunonchi, [yuz], -[aft], [bet], [bashara], [turq], [chehra], [jamol] leksik paradigmasini olaylik. Ushbu qatordagi atash semalari bir xil. Ular bir ifodalanmishni (anglatmishni) ifoda etadi. Ammo bu qatordagi [yuz], [bet], [aft], [bashara], [turq] leksemalari so’zlovchi salbiy munosabatining darajasiga ko’ra o’zaro darajali ziddiyatga ega. Bu o’rinda salbiy munosabat [aft] dan [turq]qa tomon o’sib boradi. [yuz] : [chehra] : [jamol] so’zlarida esa aksincha. Ya’ni bu leksemalarda ijobiy munosabat semalari mavjud. Bu so’zlar ham o’zaro darajali ziddiyatni tashkil etadi. Aniqrogi, [yuz] sememasida shaxsiy munosabat aniq belgilanmagan (ya’ni u ziddiyatning zaif a’zosi). Boshqa leksemalarda esa shaxsiy munosabat aniq ifodalangan (ya’ni ular noto’liq ziddiyatning kuchli a’zosi). Ayni leksemalar o’z navbatida «salbiy», «ijobiy» belgisi (semasi) asosida teng qiymatli ziddiyatni- hosil qiladi. Bular o’z navbatida belgining I, II, III, VI va h. k. darajasiga ko’ra o’zaro mutanosib darajali ziddiyatlarni hosil etadi. Ifoda semalari semema tarkibida, albatta, berilgan bo’ladi. Ular leksemalarni farqlashga xizmat qiladigan yoki oddiy, ifodalanmagan, neytral bo’lishi mumkin. Shuning uchun tilshunoslikda leksemalarni farqlovchi semema tarkibidagi ifoda semalari (ingerent konnotadiya va muayyan sharoitdagina (matnda, ko’pincha ko’chma ma’noda ishlatilganda) hosil bo’ladigan ifoda semalari (adgerent konnotatsiya) farqlanadi. [yuz] : [bet] ... paradigmasidagi ifoda semalari semema tarkibiga kiruvchi semalardir. [daraxt] sememasida ifoda semasi oddiy, belgilanmagandir. [chinor] leksemasida esa ifoda semalari semema tarkibiga kirmaydi. Ammo muayyan matnda, nutq sharoitida bu so’z ifoda semalariga (umrboqiy», «sershox», «mustahkam» va h. k.) ega bo’lishi mumkin. Ifoda semalari nafaqat shaxsiy munosabatni, balki boshqa uslubiy buyoqlarni, uslubiy xususiyatlarni ham o’z ichiga oladi. Masalan, [turq], [bashara], leksemalari [aft], [aft-angor] leksemalariga «jonli tilga xos» semasiga ko’ra, [ajib] leksemasi [ajoyib] leksemasiga «kitobiylik», [g’alati] leksemasi esa [ajoyib] leksemasiga «jonli so’zlashuv tiliga xos» semasiga ko’ra ziddir. Bu semalar ham ifoda semalari sirasiga kiradi. Hozirgi kunda —«yangilik» semasi bilan ajralib to’rgan juda ko’p leksemalar 1930—88 yillarda qo’llanilgan leksemalar o’rnida ishlatilmoqda. Masalan, [samolyot] : [tayyora], [aeroport] : [tayyoragoh], [oppozitsiya] : [ziddiyat], [assimilyatsiya] : [singish] va h. k. Badiiy adabiyotda o’tmish davri nutqini, ruhini to’g’ri aks ettirish uchun mualliflar maxsus eskirgan so’zlardan ham keng foydalanadilar. Arxaizm va istorizm deb ataluvchi bunday leksemalar «eskirgan» semaga ega bo’ladi, [aeroplan] : [samolyot] va h. k. Ifoda semalari undov va taqlidiy so’zlarda benihoya kuchli bo’lib, semema tarkibida asosiysanaladi. [oh], [uh], [voybu] kabi undovlarda ma’lum bir holat yoki his-hayajonni atashdan, nomlashdan ko’ra uni ifodalash, tasvirlash kuchli bo’ladi. Xuddi shunga o’xshash hodisani [tiq-tiq], [taq-taq] kabi leksemalarda ham ko’rish mumkin. An’anaviy tilshunoslikda so’zlarning uslubiy buyog’i (ya’ni ifoda semalari) asosida so’zlarning uslubiy tasnifi keng o’rganilgan. Bu tasnifda so’zlar, asosan, umumiste’mol so’zlari, qo’llanishi cheklangan so’zlar, uslubiy buyoqda ega so’zlar, kitobiy so’zlar va so’zlashuv tiliga xos so’zlar kabi guruhlarga bo’linib, maktab va oliygoh darsliklarida, ilmiy tadqiqotlarda keng izohlangan. Vazifa semalari semema tarkibiga kiruvchi va leksemaning nutqda qanday vazifalarda kela olishini (sintaktik qurilish qoliplarida qanday o’rinni egallay olishini) bildiruvchi semalardir. Vazifa semalari leksemaning birikuvchanligini (sintaktik valentligini) ham belgilab keladi. Masalan, [kitob], [maktab], [adolat], [yoz] kabi leksemalar ganda turlicha gap bo’laklari vazifasida kela oladi. Shuning uchun ularda vazifa semalari oddiy [neytral] va o’ta keng bo’ladi. [endi], [birdan], [shaxdam] kabi leksemalarda vazifa semasi belgining belgisini ifodalash; [qat’iy], [keskin], [moviy] va [qizg’ish] kabi leksemalarda esa narsa - buyum va belgining belgisini ifodalash vazifasi bilan cheklanadi. Vazifa semalari yordamchi leksemalarda alohida rang-baranglik kashf etadi, xilma-xil ko’rinish va xususiyatlarga ega bo’ladi. Masalan, [qo’y] leksemasi yordamchi fe’l vazifasida kelganda, u «harakatning to’satdan, beixtiyor sodir bo’lishi» vazifa semasini qabul qiladi va [qo’y-] yordamchi fe’lini [yubor], [qol-], [ber] yordamchi fe’llari bilan o’xshashlik munosabatiga kiritadi: (Bu gapni aytib qo’ydi//aytib qoldi | aytib yubordi / aytib berdi). bog’lovchi, ko’makchi, yuklama kabi yordamchi leksema sememalarida vazifa semalari yetakchilik qiladi. Chunonchi, [va] yordamchi leksema sememasida «nutqda so’z va gaplarni bog’lash» semasi asosiy tarkibiy qism sanaladi. Leksema sememalarining vazifa semalari o’zbek tilshunosligida eng kam o’rganilgan soha bo’lib, qo’llanmada bu haqda tor doirada fikr yuritdik, xolos. Aniqrog’i, ushbu ishda ayni hodisani masala sifatida qo’yish bilan cheklandik. Semema semalarining munosabati. Leksema sememalarining tarkibidagi atash, ifoda va vazifa semalari o’zaro dialektik bog’lanishda va teskari mutanosiblikda (teskari proporsional) bo’ladi. Aniqrogi, har bir sememada ushbu uch xil semalar (mavjuddir. Ammo ba’zi semalarning kuchayishi, aniqlashishi, bo’rttirilishi boshqa semalarning zaiflashishiga, kuchsizlanishiga olib keladi. Jumladan, mustaqil leksema sememalarida atash semalari kuchayganda, ifoda va vazifa semalari zaiflashadi. Aksincha, undov va taqlidiy leksema sememalarida atash semalari zaiflashganda, ifoda semalari kuchayadi. Yordamchi leksemalarda esa ifoda va atash semalari-zaiflashganda, vazifa semalari kuchayadi. Mustatsil ma’noli so’zlarda ham juda ko’p hollarda buni ko’rishimiz mumkin. Masalan, [yuz], [bet] ... leksik paradigmasidagi leksemalar atash semalari jihatidan batamom o’xshashligi va faqat ifoda semalari bilangina farqlanishini oldingi bo’limda ko’rib o’tdik. Juda ko’p hollarda shakldoshlik (sinonimiya) qatorida, oddiy—eskirgan—yangi leksemalar qatorida sememalarni va leksemalarni farqlashda ifoda semalari yetakchilik qiladi. Sememalar tarkibidagi turlicha semalarning o’zaro munosabati masalasi o’zbek semasiologiyasi fanining o’rganishi zarur bo’lgan dolzarb masalalaridandir. Semalarning darajasiga ko’ra turlari. Semema tarkibidagi semalar darajasiga ko’ra ham tasnif qilinadi. Darajasiga ko’ra semema semalari birlashtiruvchi semalarga (integral semalar) va farqlovchi semalarga (differensial semalarga) ajratiladi. Birlashtiruvchi, semalar deb ikki va undan ortiq leksemalarni bir guruhga birlashtiruvchi, bir necha sememalar uchun umumiy sanaluvchi semalarga aytiladi. Jumladan, [ota], [ona], [aka], [ona] leksema sememalari uchun 1) qarindosh, 2) qon-qarindosh, 3) bevosita sarindosh, 4) mendan katta kabi birlashtiruvchi, umumiy semalar hisoblanadi. Chunki bu semalar ushbu leksemalarining tarkibida mavjuddir. Farqlovchi semalar deb ikki leksemani (yoki leksemalarning ikki guruhini) bir-biridan farqlovchi semalarga aytiladi. Chunonchi [ota] va [ona] leksemalari «erkak» va «ayol» semalariga ko’ra o’zaro farqlanib turadi. Aynan shu semalar [aka] va [opa] leksema sememalarida ham ko’zatiladi. yoki [ota] va [ona] leksemalari «I avlod» semasi asosida birlashib, «bir avlod» semasiga ega [aka] va [opa] leksemalari bilan teng qiymatli ziddiyat hosil qiladi. Farqlovchi sema vazifasini nafatsat atash semalari, balki ifoda va vazifa semalari ham o’tayveradi. Jumladan, [ajoyib] va [ralati], [ajoyib] va [ajib] leksema sememalaridagi «so’zlashuv nutqiga xoslik», «kitobiy nutqqa xoslik» semalari farqlovchi sema vaszifasini bajaradi. Shuni aytish kerakki, semalarni birlashtiruvchi va farqlovchi semalarga ajratish o’ta shartlidir. Chunki ko’p hollarda, ayniqsa, leksemalarning katta guruhlaridan pog’onali usulda kichik, undan va yana ham kichik guruhlar ajratilganda, ayni bir sema kichikroq guruhni kattaroq guruhning boshqa ma’no turlaridan farqlaydi (ya’ni farqlovchi sema vazifasini o’taydi). Ayni vaqtda u ajratilgan guruhdagi leksemalarni o’zaro birlashtiradi. Masalan, [tuzuk] , [durust], [yaxshi] va [ajoyib] kabi leksemalar qatorida 1) «belgi», 2) «barqaror belgi», 3) «sifat belgi», 4) «baholash», 5) «umumiy baho», 6) «ijobiylik» kabi oltita sema umumlashtiruvchi, birlashtiruvchi semalar hisoblanadi. Lekin bu qatorda tom ma’nodagi birlashtiruvchi sema «ijobiylik» semasidir. Chunki «belgi» semasi sifat, qisman ravish va fe’l turkumlarini birlashtirib, ot va sonlardan farqlaydi. “Barqaror belgi» semasi esa sifatlarni fe’llardan ajratadi va ularni alohida guruhga birlashtiradi. «Sifat belgi» semasi asliy sifatlarni (-roq qo’shimchasi bilan birika oladigan sifatlarni) sifatning boshqa ma’no turlaridan ajratadi va ularni shu sema asosida birlashgan guruhga kiritadi. «Baholash» semasi shaxsiy baho va munosabatni ifodalovchi sifatlarni (yaxshi, yomon, dono, zukko, sezgir, ahmok.. . .) asliy sifatlarning boshqa turlaridan farqlaydi va alohida guruhga birlashtiradi. «Umumiy baho» semasi shu ma’no xususiyatiga ega bo’lgan baholash sifatlarini [yaxshi], [yomon] boshqa xususiy baho [dono], [chaqqon], [ahmoq] . . . sifatlaridan ajratadi. «Ijobiylik” semasi esa [yaxshi] qatorini «salbiylik» semasiga ega [yomon] qatoridan ajratadi va bu qatorni alohida guruhga birlashtiradi. Ko’rinib turibdiki, birlashtiruvchi va farqlovchi semalar tushunchasi o’ta nisbiy bo’lib, ayni bir sema bir jihatdan farqlovchi, ikkinchi jihatdan esa birlashtiruvchi sema vazifasini o’taydi (ma’lum bir kichik guruhni birlashtirib, shu guruhni u kiradigan kattaroq guruhning boshqa guruhchalaridan farqlaydi). Shu bo’linishda [tuzuk], [durust], [yaxshi)], [ajoyib] leksik paradigmasida «belgining I, II, III, IV darajasi» semasi farqlovchi sema vazifasini o’taydi. Birlashtiruvchi va farqlovchi semalarning nisbiyligi boshqa bir hodisada ham namoyon bo’ladi. Jumladan, [ota], [ona] leksemalarida «erkak» va «ayol» farqlovchi sema vazifasini o’taydi. Ammo [bobo], [ota], [aka], [tog’a], [amaki], [o’g’il] leksemalari qatorida «erkak», [buvi], [ona], [opa], [xola], [amma], [qiz] qatorida esa «ayol» semasi birlashtiruvchi sema vazifasini o’taydi. Birlashtiruvchi va farqlovchi semalarning ajratilishi shartli va nisbiy bo’lganligi uchun semema tarkibidagi semalarni joylashtirishda alohida qoidaga rioya qilinadi. Kattaroq guruhlarni birlashtiruvchi semalar kichikroq guruhlarni farqlovchi va birlashtiruvchi semalardan oldin beriladi. Ulardan keyin mutanosib ziddi1yat hosil qiladigan semalar beriladi. So’ng belgining darajasi semalari va oxirida esa ifoda semalari beriladi. Masalan, [padar] leksema sememasining ma’no tarkibi quyidagicha berilishi mumkin: [padar] =1) predmet; 2) shaxs; 3) qarindoshlik; 4) qon-qarindoshlik; 5) bevosita; 6) 1- avlod; 7) «men» dan katta; 8) erkak; 9) kitobiy; 10) ko’tarinki. Bu sememadagi I—IV semalar maxsus guruhlarni farqlaydi va birlashtiradi. V—VIII semalar qarindoshlik nomlari ichida mutanosib ziddiyatlar hosil qiladi. Ya’ni, ayni shu belgi bir necha ziddiyatda takrorlanadi. Chunonchi, «erkak», «ayol», semasi nafaqat [ota] : [ona], balki [bobo] : [buva], [kuyov] : [kelin], [amaki] : [amma] ziddiyatlarida ham, «1-avlod» semasi [ota] : [ona]; [tog’a] : [amaki]; [xola] : [amma] va [o’g’il] : [qiz] ziddiyatlarida ham takrorlanadi+. IX, X semalar ifoda semalari sifatida [padar] leksemasini [ota] leksemasidan tom ma’noda farqlaydi. Ular farqlovchi sema vazifasini o’taydi. Leksema sememasini tarkibiy qismlarga, semalarga ajratib taxlil qilish komponent tahlil usuli deb aytiladi. Bu usul sistem tilshunoslikda til birliklarining ma’no (mazmun) tomonini o’rganishda asosiy hisoblanadi. So’z ma’nosini tarkibiy qismlarga ajratib o’rganish usuli nafaqat leksik ma’noni, balki grammatik, ma’noni o’rganishda ham keng qo’llaniladi. Aniqrog’i, ushbu usul so’z ma’nosini o’rganishda eng qulay usullardan sanaladi. Chunki bu usul sanoqli semalar yordamida son-sanoqsiz sememalarning va so’zlarning ma’no tarkibini aniqlash, izohlash va tasvirlash imkonini beradi. Shu jihatdan u mohiyat e’tiboriga ko’ra moddiy dunyoda D. I. Mendeleev davriy jadvalidagi elementlarni eslatadi. 100 dan ortiqroq turlicha elementlarning turli usulda birikishi butun moddiy olamni yuzaga keltirganidek, 100—150 semaning birikishi ham tillardagi mikdoran cheksiz leksema va so’z ma’nolarini tasvirlash imkonini beradi. Shuning uchun ayni tahlil usulining kelajagi nihoyatda porloqdir. Biz tolibi ilmlarimizga A. M. Ko’znetsovning yakunlovchi asari bilan chuqur tanishib chiqishlarini, komponent tahlil usulini to’liq o’zlashtirib olishlarini maslahat beramiz. Sememaning xususiyatlari, tushuncha bilan aloqasi, tarkibi kabilar bilan tanishib chiqqanimizdan so’ng sememaga ta’rif berish imkoniga egamiz. Semema leksemaning ichki, ma’no tomoni bo’lib, leksemaning o’xshashlik va qo’shnichilik munosabatlari orqali aniqlanadigan atash, ifoda va vazifa semalarining bir butunligidir. Bu ta’rifdagi juda muhim bo’lgan bir tomonga e’tibor berishimiz lozim. Bu ham bo’lsa sememaning leksemaning o’zidan emas, balki leksemaning o’xshashlik va qo’shnichilik munosabatlari orqali aniqlanishidir. Jumladan, [ona] leksemasini olaylik. Uning ma’nosi quyidagicha: «Bir ota-onadan tug’ilgan farzandlar ichida o’zidan kichiklarga (ukalariga, singillariga) nisbatan katta qiz». Demak [ona] leksemasining sememasi bevosita shu leksemaning o’zidan emas, balki uning [ota], [ona], [farzand], [uka], [singil] kabi leksemalar orasida mavjud bo’lgan, bevosita kuzatishda berilmagan, ammo ayni vaqtda ongimizda yashovchi munosabatlarning jami orqali aniqlanadi. Yoki [ol] fe’l leksemasining sememasi shu leksemaning [ber-], [sot-], [uzat-] kabi leksemalar bilan bo’lgan ma’no va vazifa munosabatlari orqali aniqlanadi. Leksemalar orasidagi yuqorida qayd etilgan munosabatlar aslida ongimizda mavjuddir. Ya’ni, bunday, (Munosabatlar hahiqiy bo’lib, ular leksemalarning ziddiyatlarida, o’xshashlik va qo’shnichilik munosabatlarida aks etadi. Semema til birligiga xos tomon bo’lganligi uchun bevosita kuzatishda berilmaydi. U leksemalarning o’zaro munosabatlari, leksemalarning tahlili orqali ochiladi. Barcha til birliklari kabi semema ham nutqda voqelashadi, yuzaga chiqadi, aniqlashadi. Quyida shu masalaga to’xtalamiz. Bir sememali va ko’p sememali leksemalar. An’anaviy tilshunoslik bir (Ma’noli (monosemantik) va ko’p ma’noli (polisemantik) so’zlarni farqlaydi. Bu jarayonda u, asosan, nutqiy ma’nolarga tayanadi. Nutqiy birliklar, jumladan, nutqiy ma’nolar turlicha bo’lganligi sababli bir ma’nolilik, asosan, ilmiy va xususiy atamalarga (terminlarga), sanoqli so’zlarga xos deb tan olinadi. Ko’p ma’nolilik esa ko’plab so’zlarga xos deb hisoblanadi. Bir ma’noli so’zlar sirasiga ilmiy atamalardan boshqa ko’pincha yangi so’zlar, qo’llanish doirasi (qo’shnichilik munosabatlari) o’ta tor bo’lgan so’zlar kiritiladi. Masalan, (darz ketmoq), (cho’rt kesmoq), (tarq yorilmoq) va h. k. Jamiyat taraqqiyoti natijasida yangi so’zlar ham asta-sekin qo’shimcha ma’nolarga ega bo’lib, qo’llanish doiraysini kengaytirib, ko’p ma’nolilik hosil qiladi. Til va nutq hodisalarini izchillik bilan farqlovchi sistem tilshunoslik (sistem tahlil) bu masalaga boshqacha yondashadi. U til va nutq birliklari orasidagi asosiy xususiyatlarni ochishga intiladi. Sistem tahlilning eng asosiy tushunchalari: barqaror butunlik barqaror til birligi (invariant) va o’zgaruvchan nutqiy ko’rinish (variant) tushunchalaridir. Barqaror birliklar va nutqiy ma’no. Til birliklari bevosita kuzatishda berilmaganligi, muayyan moddiy shaklga ega bo’lmaganligi sababli ular barqaror birliklar hisoblanadi. Til birliklari ma’lum bir butunliklarning tizimlarning tarkibiy qismi, elementi sifatida ayni butunlik qurilishida barqaror o’ringa ega bo’ladi. Chunonchi, tor, lablangan unli bo’lgan [u] o’zbek tili unlilar tizimida shu ikki barqaror belgisiga ko’ra o’zining aniq o’rniga egadir. U unlilar sistemasida torlik belgisiga ko’ra o’rta keng, [u] va lablanganlik belgisiga ko’ra esa tor, lablanmagan [i] ga ziddir. Binobarin, [tor, lablangan unli] barqaror til birligi (butunlik) sanaladi. Bu barqaror butunlik nutqda, nutq shakli, nutqdagi o’z qurshovi ta’siri ostida turlicha ko’rinishlarda voqelashadi. Jumladan (u) tovushi (burun, butun, tutun) kabi so’zlarda oraliq va o’ta qisqa (qur, qul, qush, quruq...) so’zlarida qattiq va qisqa, (ko’rak, tun, tushkun, surgun...) so’zlarida yumshoq va qisqa, (bu, unli, u, undosh...) so’zlarida esa oraliq va cho’ziq kabi ko’rinishlarda namoyon bo’ladi. Bulardan tashqari, har bir shaxsning nutq a’zolari, ovozi (yozuvda esa dastxati) o’ziga xosliklarga egadir. Har bir shaxs u unlisini o’ziga xos talaffuz etadi (yozadi). Bularning barchasi tilda barqaror butunlik bo’lgan [-tor, lablangan] u unlisining nutqiy ko’rinishlaridir. Bunday ko’rinishlar moddiy xususiyatlari bilan bir-biridan ancha farq qilishi mumkin. Masalan, eski turkiy tilda –g’un (turg’un so’zida) va -kin (keskin so’zida) orasida anchagina jiddiy farq bo’lishiga qaramay, ular aslida morfemaning (qo’shimchaning) turlicha nutqiy ko’rinishlaridir. yoki hozirgi o’zbek tilining (ishlat) so’zidagi (t) va (yozdir) so’zidagi (-dir) ayni bir qo’ushimcha (orttirma nisbat morfemasi)ning ikki nutqiy ko’rinishidir. Sistem tahlil nutqiy ko’rinishlarni va barqaror til birliklarini farqlash uchun bog’likq (noo’xshash) qurshov (qo’shimcha distributsiya, dopolnitelnaya distributsiya) va erkin (o’xshash) qurshov (kontrast, zid, qarama-qarshi distributsiya) tushunchalaridan foydalanadi. Erkin (o’xshash) qurshov barqaror, mustaqil til birliklariga xosdir. Masalan, (ber, bir, bor, bo’r, bur) unlilarining nutqiy qurshovi bir xil, ammo so’zlarning ma’nosi boshqa-boshqa. Shuning uchun bu so’zlardagi unli tovushlar tildagi mustatsil fonemalarning in’ikosi hisoblanadi. (qul, kul) so’zlarida ham (u) tovushlari talaffuzda farqlanadi. aniqrog’i, [u] ning qattiq shakli hamisha (q, g’, x, o va h. k.) tovushlari bilan, yumshoq shakli esa (k, g, e va h. k.) tovushlari bilan yonma-yon kelganda yuzaga chiqadi. Demak, yumshoq (u) va qattiq. (u) bog’liq, belgilangan, noo’xshash qurshovlarda voqelashadi, namoyon bo’ladi. borliq qurshovlardagina yuzaga chiqadigan nutq birliklari tildagi bir barqaror birlikning nutqiy ko’rinishlaridir. Shuning uchun (qul va kul ) so’zlarida ham bitta birlikning [tor, lablanmagan unli] ikki nutqiy ko’rinishi, voqelashgan. Leksema sememasi va nutqdagi so’z ma’nolari orasidagi munosabatni aniqlashda sistem tahlil yuqorida qayd etilgan barqaror birliklar va nutqiy ko’rinish erkin (o’xshash) va bog’liq (noo’xshash) qurshov tushunchalaridan foydalanadi. Leksema sememasi va uning tarkibidagi semalar, yuqorida ko’rsatganimizdek, leksemalarning o’xshashlik va qo’shnichilik munosabatlari asosida, ma’no, ifoda va vazifa semalarining jami sifatida aniqlanadi. Semema til birligi bo’lgan leksemaning mazmunini tashkil etadi, barqaror birlik sanaladi. U nutqda turlicha ko’rinishlarda namoyon bo’lib, o’ziga, shu matnga, sharoitga xos qo’shimcha ma’no bo’yoqlari, jilvalari, qirralari (ottenkalari) bilan voqelashadi. Chunonchi, [yaxshi] leksema sememasining tarkibi «belgi»,; «barqaror belgi», «sifat belgi», «baho belgisi», «ijobiy», «umumiy baho», «ichki va tashqi», «me’yorda», «oddiy» (neytral) kabilar sifatida yuqorida qayd etilgan edi. Ushbu aytilganlarni nazarda tutib, [yaxshi] leksemasiga quyidagicha ta’rif berish mumkin: «Umumiy ichki va tashqi xususiyatni, so’zlovchining ijobiy munosabatini, me’yorda deb sanalgan ijobiy shaxsiy bahoni uslubiy bo’yoq jihatidan oddiy sifatida ifodalovchi asliy sifat». Binobarin, ayni semema [yaxshi] leksemasining barqaror, til birligi sifatidagi tomoni sanaladi. Nutqda esa bu mazmun yuzlab ma’no ko’rinishlarida voqelashadi. Masalan, (yaxshi qiz), (yaxshi xotin), (yaxshi kishi), (yaxshi usta), (yaxshi san’atkor),. (yaxshi o’qituvchi), (yaxshi bastakor), (yaxshi yozmoq), (yaxshi yugurmoq) va b. so’z birkimalarida (yaxshi) so’zi o’ziga xos qator ma’nolarga ega bo’ladi. Aniqrog’i (yaxshi qiz) birikmasida (yaxshi) «chiroyli, kelishgan, odobli, aqlli...» kabi so’zlar bilan, (yaxshi xotin) birikmasida esa saranjom-sarishta, matonatli, halol, mehribon» kabi so’zlar bilan ma’nodosh bo’ladi. (yaxshi) so’zining qanday qo’shimcha ma’nolarga ega, uning nutqda qaysi so’z bilan bog’lanib, birikib kelishiga bog’liq (yaxshi) so’zining har bir ma’nosi bog’liq (noo’xshash) qurshovlarda voqelashadi. Shuning uchun bu birikmalarda (yaxshi) sememasi turli nutqiy ko’rinishlarda yuzaga chiqadi, namoyon bo’ladi. Ayni vaqtda ushbu birikmalar orasida qurshov bilan bog’liq bo’lgan ma’no farqlari mavjuddir. (Yaxshi, hozir yetib boraman. Yaxshi. Va’da ham berayin.. gaplarida (yaxshi) so’zi butunlay boshqacha qurshovda, boshqa gap bo’laklaridan ajratilgan holda kelib, (xo’p), (xo’p bo’ladi), (ma’qullayman) kabi, ma’no munosabatlarini ifodalamoqda. Shunga ko’ra [yaxshi) so’zining ushbu qurshovi avvalgi qurshovga mutlaq o’xshamaydi. Demak, bu qurshovda [yaxshi] leksemasi avvalgi, ya’ni yuqorida ko’rsatilgan ijobiy shaxsiy baho sememasini emas, balki boshqa bir sememasini yuzaga chiqargan. Binobarin, [yaxshi] leksemasida kamida ikki semema, ikki xil qurshovda voqelanuvchi mazmun, ma’no ko’rinishlari mavjuddir. Bu holda [yaxshi] ikki sememali bitta leksemami yoki shakldosh (omonim) ikki leksimami degan savol tug’iladi. Ushbu masala an’anaviy tilshunoslikda sistem tilshunoslikka nisbatan chuqurroq va ilmiy jihatdan to’laroq o’rganilgan. Buning sababi shundaki, an’anaviy tilshunoslik ayni sememalar orasidagi tarixiy bog’lanishlarga tayanadi. Sistem tilshnoslik esa sememalar orasidagi tarixiy bog’lanishlarga tayana olmaydi. An’anaviy tilshunoslik ma’no turlari (sememalar) orasidagi bog’lanish zanjiriga tayanadi. Agar ikki semema orasida bog’lanish zanjiri, uzluksizlik, birin-ketinlik, birining ikkinchisidan kelib chiqishi mavjud bo’lsa, bunday sememalar bir leksemadagi ikki va undan ortiq sememalar sifatida talqin etiladi [yaxshi] leksemasining yuqorida ko’rsatilgan har ikki sememasida ham «ijobiy baho» semasi mavjuddir. Shu asosda bu ikki semema bir leksemaga birlashishi mumkin. Yuqorida aytilganlarga ko’ra sistem tahlil bir sememali va ko’p sememali leksemalarni farqlaydi. Nutqda bir sememali leksema ham, ko’p sememali leksema ham ko’p ma’noli so’zlar sifatida voqelanishi mumkin. Ya’ni turli qurshovlarda muayyan leksema muayyan sememasini (yoki yagona sememasini) turli ko’rinishlar orqali, ma’no buyoqdorligi orqali namoyon qilishi mumkin. Leksema ko’p sememali bo’lsa, har bir sememaning nutqda voqelanishidagi qurshovi o’ziga xos, erkin bo’lganligi uchun leksema nutqda, matnda faqat bitta sememasining nutqiy ko’rinishini yuzaga chiqara oladi. [Dona] leksemasini olib ko’raylik. Lug’atda bu leksemaning 6 ma’nosi qayd etilgan. Misollari quyidagilar: 1) besh dona tuxum; 2) anor donasi; 3) qum donalari; 4) materiya alohida donalar yig’indisidan tuziladi; 5) satranj taxtasidagi dona; 6) cho’p donalari. Bu ma’nolarni osonlikcha ikkita alohida qurshovda yuzaga chiqadigan sememalarga birlashtirish mumkin. Ko’rsatilgan ma’nolardan birinchisi [sanoq son + dona] qolipi orqali voqelashadi. Bu qolipda (dona) alohida ma’noga ega. U [-ta] qo’shimchasiga ma’nodosh: (o’ttiz dona tuxum — o’ttizta tuxum). Ikkinchi qolip esa quyidagicha: [murakkab tuzilishga ega bo’lgan narsa-buyum nomi+dona]. Bu qolipda (dona) 2—6— ma’nolarini yuzaga chiqaradi. U o’zi bog’lanib kelgan so’zning ma’nosiga, atalmishiga mos ravishda uning tarkibiy qismlarini ifodalab keladi. Shuning uchun (qum donalari) bilan (satranj donalari) kabi so’z birikmalarida (dona) turlicha ma’nolarga ega bo’lsa ham, bu ma’nolar bitta sememaning (murakkab tuzilishga ega bo’lgan muayyan narsa-buyumning) eng kichik tarkibiy qismi yoki turli nutqiy ko’rinishidir. Demak, [dona] leksemasida kamida ikki sememani ajratish mumkin. 2—6- ma’nolarning nomustaqilligini, ularning maxsus matnda, borliq qurshovda yuzaga chiqishini quyidagi tajriba ham osongina isbotlaydi. Demak, (dona) so’zini matndan ajratgan holda, alohida olsak, bu holda yuqorida qayd etilgan ikki mazmunnigina eslaymiz, xolos. «Figura» LMK— satranj bilan aloqador matnda, «zarra» ma’nosi qum va shunga o’xshash narsalar bilan bog’liq matnlarda yuzaga chiqadi, voqelashadi, ya’ni u bir sememamaning turli ko’rinishi bo’ladi. Ko’p sememali leksema o’zining har bir sememasi orqali turlicha leksemalar bilan o’xshashlik va qo’shnichilik munosabatlariga kirishadi. Masalan, [tana] leksemasini olaylik. Lug’atda bu leksemaning to’rtta umumiste’moldagi va bitta ixtisoslashgan ma’no turi beriladi. Misollari quyidagilar: 1) tanasi yo’g’on odam; 2) tanamning jarohati... tuzalar; 3) tanasi boshqa dard bilmas; 4) ... yo’g’on qayrag’ochlar, tanalari qulochga sig’maydi. 1—3- misollarda bir sememaning (gavdaning bosh bilan son oralig’i) turlicha ko’rinishlari voqelashadi. Chunki bu misollarning barchasida [tana] leksemasi [bosh], [bo’yin], [oyoq.], [qo’l] leksemalari bilan o’xshashlik munosabatida ko’zatiladi. Ammo to’rtinchi misolda esa [tana] leksemasi [shox], [ildiz], [barg] leksemalari bilan o’xshashlik munosabatiga kirishadi. Bu esa [tana] leksemasidagi ayni sememaning alohida, ikkinchi semema ekanligidan dalolat beradi. Ruhiy tajriba ham buni tasdiqlaydi. Ya’ni [tana] leksemasini esga olsak, xotiramizda 1) inson gavdasi va 2) daraht asosi gavdalanadi. Ushbu ikki semamaning o’zaro bog’liq, ammo alohida-alohida sememalar ekanligini bu sememalarning bir xil qurshovda voqelana olishi ham tasdiqlaydi. Masalan, (tanasini kesdi] so’z biriikmasda har ikkala semema yuzaga chiqishi va boshqa - boshqa ma’nolarni anglatishi mumkin. Bir xil qurshovda voqelashishi, shu qurshovda qat’iy mazmuni va vazifasini saqlashi til birliklarining mustaqilligini isbotlovchi eng muhim dalil ekanligini ta’kidlash ortiqchadir. Bir sememali leksema ham nutqda ko’p ma’noli bo’lishi mumkin. Masalan, asosan, bir sememaga ega»(bo’lgan [tan] leksemasi insonning jismoniy moddiy tomonini ifodalovchi sifatida uning ruhiy tomoni, mohiyatini ifodalovchi [jon] leksemasiga ziddir. Ammo nutqda u ikki-to’rt ma’noga ega bo’lishi mumkin. Lug’atda shu ma’nolardan ikkitasi qayd etilgan. Misollari quyidagilar: 1) bunda qolar sening taning; 2) sog’ tanda, sog’ aql. Ayni vaqtda [tan] leksemasining yana boshqa nutqiy ma’nolari ham bor (masalan: Oilamiz kichik, to’rt tandan iborat edi). Shunday qilib, tilda bir sememali va ko’p sememali leksemalarni farqlash lozim. Nutqda esa ushbu leksemalar ko’p ma’noli so’zlar sifatida yuzaga chiqishi, voqelanishi mumkin. Chunki nutqda faqat leksema sememasining ko’rinishlari beriladi. Barqaror butunliklarning nutqiy ko’rinishlari, xillari esa cheksizdir. Download 97.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling