Shayboniylar davrida buxoro xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotida jo’ybor xo’jalarining tutgan o’rni saidova Charos


Download 31.74 Kb.
bet1/2
Sana16.06.2023
Hajmi31.74 Kb.
#1498210
  1   2
Bog'liq
Saidova Charos


SHAYBONIYLAR DAVRIDA BUXORO XONLIGINING IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTIDA JO’YBOR XO’JALARINING TUTGAN O’RNI
Saidova Charos
Qarshi DU talabasi

Annotatsiya: Ushbu maqolada Shayboniylar hukmronligi davrida Jo’ybor Xo’jalarining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy hayotidagi tutgan o’rni va ahamiyati atroflicha bayon qilinib, ularning kelib chiqish tarixi, egalik qilgan yer-mulklari sarhisobi, mamlakat iqtisodiy hayotini rivojlantirishga qo’shgan hissasi hamda Buxoro siyosiy jarayonlaridagi faol aralashuvi tahlil qilingan.


Kalit so’zlar: Shayboniylar sulolasi, Jo’ybor shayxlari, Ubaydullaxon, Xo’ja Muhammad Islom, siyosiy kurash, Abdullaxon II, diniy rahbar, meros, yer-mulk, Temurxo’ja, sarkor, moliyaviy idora.
Muhammad Shayboniyxon tomonidan Movorounnahr va unga qo’shni hududlar bosib olinganidan so’ng, Temuriylar sulolasiga barham berildi. Hokimiyat tepasiga kelgan Shayboniylar sulolasini dastlabki davrdan temuriylarning o’zaro ichki urushlaridan aziyat chekkan savdogarlar, kambag’al dehqonlar va din ulamolari qo’llab quvvatladi. Garchi mamlakat qayta birlashtirilgan bo’lsada to’la barqaror emasdi, xalq g’alayonlari davom etayotgan edi.
Shayboniylar sulolasidan Ubaydullaxon davriga kelib mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ancha takomillashdi. Mamlakat ichki siyosatida Jo’ybor xo’jalarining, xususan, shayxlarning nufuzi yanada ortdi. “Buxoroda Jo’ybor xo’jalari, Karmanada Qosim shayx Azizxon, Samarqandda Shayx Xudoydod Valiy kabi tasavvuf vakillari faoliyat yuritgan1”. Ayniqsa bu davrda boshqa din ruhoniylariga nisbatan Jo’ybor xo’jalarining qudrati va nufuzi baland edi. Mahalliy boshqaruv organlarida ham ular tayanch vazifani bajara boshladilar. Asosiy kuch markaziy hokimiyat qo’lida bo’lsada, mamlakat yaxlitligini saqlashda xon bevosita ularga tayanib ish yuritishda davom etdi.
Jo’ybor shayxlari – naqshbandiylik tariqatining vakillari. Ularning Jo’ybor xo’jalari nomini olishi Xo’ja Muhammad Islomning bobosi Xo’ja Muhammad Yaxyo Buxorodagi Jo’ybor degan joyga ko’chib kelishi bilan bog’liqdir. Ular o’zlarini islom dinini targ’ib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar2”. Xo’ja Muhammad Islom va uning avlodlari o’zlarini aslzoda va valiylar avlodi ekanliklarini ko’rsatish maqsadida o’zlarini ota tomondan Muhammad payg’ambar avlodlariga, ona tomondan esa Chingizxon va Jo’ji avlodlariga bog’laydilar. Xo’ja Muhammad Islom va ayniqsa Xo’ja Sa’dning tarjimai holi to’liq bayon etilgan “Ravzat ar-rizvon” kitobida Xo’ja Sa’dning shajarasi quyidagicha keltirilgan: xo’ja Muhammad Sa’d – xo’ja Muhammad Islomxo’ja Ahmadxo’ja – Yahyo – xo’ja Muhammad Islom – xo’ja Tohir – xo’ja Muzaffar – xo’ja Alouddin – Mujiddin – xo’ja Zahiriddin – Imom Abubakr Ahmad –xo’ja Sa’d – xo’ja Zahiriddin – imom Husayn – Ali ibn Abu Tolib3’’.
Ularning siyosiy faoliyatining boshlang’ich davriga to’xtaladigan bo’lsak, xo’jalar somoniylar davridan boshlab mamlakatda muhim lavozimlarga tayinlana boshlandi. “Naqibal-nuqabo’’, “Shayxulislom’’ kabi yuqori darajalarga ko’tarilganlar. “Sa’diya”da yozilishicha, imom Abubakr Ahmad Halokuxon tomonidan naqibal-nuqabo deb nomlangan, Badriddin Kashmiriy esa Chingizxon tomonidan Abubakr Ahmadga butun Buxoro tortiq qilinganini aytadi. Xo’ja Muhammad Islom va Sa’d XVI asrning 2-yarmida Buxoroda shayxulislom lavozimini egallab turganlar4”.
“Abu Bakrning nevarasi Muhammad Islom Jo’ybor xo’jalarining iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega bo’lishida asosiy rol o’ynaydi. U XVI asrning 50-yillarida Shayboniylar davlatidagi toj-u taxt uchun bo’lgan kurashlarga aralashib, o’z muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi5”.
Bundan tashqari xo’jalar nafaqat hukmdorni qo’llab quvvatlashgan balki mahalliy aholi va xon o’rtasida vositachi bo’lganlar. Jiddiy shikoyatlar va qabilaviy istaklar din vakillari tomonidan xonga yetkazilgan. Afg’onistonda yashovchi tulkichi qabilasini avf etish borasida Abdullaxon II Xo’ja Sa’dning iltimosini yerda qoldirmagan. Viloyat hokimlari, shayboniy sultonlari ham oliy hukmdor bilan o’zaro munosabatlarini yo’lga solish maqsadida tez-tez xo’jalardan yordam so’rab murojaat qilishlariga to’g’ri kelgan.
Yana shunisi ahamiyatliki, toj-u taxtga egalik qilmoqchi bo’lgan shaxs avvalo Jo’ybor xo’jalari bilan yaxshi munosabatda bo’lishi shart bo’lgan. 1550-yil Abdulazizxon vafotidan so’ng Balx hokimi shayboniy Pirmuhammmadxon taxt vorisi Muhammmadyor sultondan epchillik bilan hokimiyatni tortib oladi. Lekin ko’p o’tmay, u Balxga qaytishga, taxtni o’z egasiga qaytarishga majbur bo’ladi. Sababi uni Buxoro zodagonlari, ko’pchilik shayboniy sultonlar, ayniqsa, Jo’ybor xo’jalari qo’llab quvvatlamadilar. Pirmuhammadxon O’zbekxonni xon qilib saylashga ko’p urindi lekin maqsadiga yeta olmadi. Ramazon oyi kunlaridan birida oliy hazratlari xo’ja Muhammad Islom Pirmuhammadxon, Abdulla sulton, Ibodulla sulton, Do’stim sulton va boshqalar ishtirok etgan iftordan so’ng, Pirmuhammadxon davlat ishlari xususida so’z ochib, O’zbek sultonga ishora qilib dedi: “Ham yosh jihatdan, ham ulug’likda ustun hisoblangan, shon-shuhrat egasi bo’lmish og’amiz bor”. Eshon hazratlari bunga javoban: “Biz ko’proq Abdullaxonga suyanamiz. Uning qo’li bilan ko’plab viloyatlar zabt etilajak. Sizlar ham unga nisbatan beparvo bo’lmasligingizni maslahat ko’ramiz6”.
Yana ularning mavqei shu darajaga borib yetdiki, xo’jalar biror odamni yuqori mansabga tayinlash, mansabdan chetlatish va boshqa vazifalarga o’tkazish kabi masalalarda ma’lum ta’sir ko’rsatish kuchiga ega edilar. Ingliz sayyohi A.Jenkinson 1559-yilda Buxoroda bo’lib, bu yerdagi ruhoniylar rahbarlari bo’lgan Jo’ybor xo’jalari haqida shunday degan edi: “Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan ko’proq quloq soladilar, u o’z xohishi bilan qirolni o’rnidan olib boshqasini qo’ya oladi7”.
Mamlakat ijtimoiy hayotida esa katta lavozim, vaqf daromadlari, in’om etilgan yerlar hisobiga Jo’ybor xo’jalari tez orada boyib ketdilar. Ular katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, ko’plab chorva molllariga, sug’orish inshootlariga, savdo korxonalariga ega bo’lganlar. Bundan tashqari ularning behisob podalari, katta shaharlarda hunarmandchilik do’konlari, timlari, tegirmonlari, hammom va karvonsaroylari mavjud bo’lgan. Undan esa har yili katta daromadga ega bo’lganlar8
Shuningdek, o’zlarining Movorounnahr va Xurosonda joylashgan ko’plab omborlarida saqlanib turgan don-dun, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini pullab ham ko’p daromadga ega bo’lishgan. Bu mahsulotlar katta yer egalarining, viloyat hokimlarining, Shayboniy sultonlarning “maxsus himmat”lari evaziga ham ortib borgan. “Bundan tashqari, qo’lyozma manbalardagi ma’lumotlarga ko’ra, xo’jalar xalqaro savdo-sotiq ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Masalan, ularning Jonmuhammad va Yormuhammad singari maxsus vakillari bo’lib, ular xo’ja Sa’d va xo’ja Tojiddin Hasanlarga qarashli savdo karvonlariga bosh bo’lib Qozon, Maskov, Bulg’or, Rusiyaning boshqa shaharlari hamda Qoshg’arga qatnaganlar8
Yana to’xtalib o’tish lozimki, xo’jalarning qishloq va katta shaharlarda maxsus vakillari bo’lgan. Ularning asosiy vazifasi yangi yer-mulk va suv inshootlari joylashgan joyni sotib olish hamda sotilayotgan yerlarning narxi va miqdorini doimiy nazoratga olib xo’jalarga doimiy yetkazib turish bo’lgan. Ruxsat etilganda ular sotib olingan va mardikor yollanib qayta o’zlashtirishga kirishilgan. Samarqandda bunday ish bilan Temurxo’ja shug’ullangan va uning yordamida xo’ja Muhammad Islom xo’ja Ubaydullo Ahror avlodlarining ba’zi mulklarini sotib olgan. Muhammad Tolibning guvohlik berishicha, uning otasi (xo’ja Tojiddin Hasan) o’z sarkorlariga biror-bir yerda yer-suv va mulkning sotilishidan boxabar qolmasliklarini qattiq tayinlagan9.
Bunday yirik mulkka ega bo’lgan xo’jalar qo’l ostidagi mulkni bo’linib ketishini oldini olish maqsadida bir ota avlodlari orasida nikohga ruhsat berganlar va meros asosan bitta o’g’ilga meros qoldirilgan. Xo’ja Muhammad Islom ikki o’g’li: xo’ja Bahouddin Umar va xo’ja Muhammmad Qosimlarni merosdan mahrum qilib barcha mol mulkini katta o’g’li xo’ja Sa’dga vasiyat qilgan, vasiyatnoma esa xon tomonidan tasdiqlangan.
Ularning yerlari shu darajada ko’p ediki, uni boshqarish uchun maxsus boshqaruv apparati ishlab chiqilgan. Bu esa xon hokimiyati tarkibidagi unga bo’ysunuvchi yana bitta hokimiyatning mavjudligini anglatardi.
Xo’jalar o’z shaxsiy devonlarini, daftarxona, ya’ni barcha mulkni nazorat qilib turuvchi moliyaviy idoralarini tashkil qilganlar. Daftarxonada daftardor (hisobchi) va muharrir (kotib) kabi amaldorlar ishlab turgan. Shuningdek, qushbegi, miroxur, mirishikor, mushrif, qozi, bakovul, kerak yaroqchi kabi bir qator mansablar mavjud bo’lgan. Xo’jalarga tobe bo’lgan ko’chmanchi qabilalar ustidan maxsus amaldor – dorug’a hukmfarmonlik qilgan. Bundan ko’rinib turibdiki, Jo’ybor xo’jalari ma’lum davlat idora uslubiga o’xshash boshqaruv idorasini tuzganlarki, bu o’z o’rnida ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi kuch-qudrati va mavqeidan dalolat beradi.
Jo’ybor xo’jalari mamlakat obodonchiligiga ham alohida e’tibor berishgan. O’z navbatida bundan ham unumli foydalanib boylik orttirishgan. 1557 – 1579-yillar mobaynida Somonchuq, Afshona, Sevinchi kalon kabi bo’z yerlar o’zlashtirildi. Chorjo’y, Marv va Vaxsh yerlarida kanallar qazilib suv chiqarildi. Hukmdor bular uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi, xususan Abdullaxon II ning Hisor, Denov va Qo’bodiyon hokimlariga yuborgan farmonida ham shu nazarda tutilgan edi. “U biror bir narsaga muhtoj emas. Abulg’ozi Abdulla Bahodirxon so’zimiz. Hisor, Denov Qo’bodiyon viloyatlarining arboblari, qalantorlari va ra’iyati, Shahri safoda istiqomat qiluvchi aymoqlar ushbu farmonni olishi bilan, oliy hazrat Qutbiddin xo’ja Kalonxo’ja, ul zotning umri ziyoda bo’lsin, mulkida kanal qazish uchun 10 ming mardikor ajratsinlar, uning vakillari xususida g’amxo’rlik qilsinlar, mazkur farmonni buzmasliklari va bu ishda biron-bir nuqsonga yo’l qo’ymasliklari zarur. 993-yil jumadi ul-avval oyida bitildi10”.
Ularga shunday yengillik berilgan ediki, mahalliy aholi to’laydigan soliqlardan ozod etilgan va bu qonunan tasdiqlangan edi. Ayniqsa Abdullaxon II davrida bu yaqqol ko’zga tashlanadi. Uning bir farmonida Marvi Shohijaxon viloyatida joylashgan mulklar, suyurg’ol tarzidagi qishloqlar va ekinzorlar xo’ja Kalonga meros tariqasida o’tishi va barcha soliqlardan ozod etilishi qayd etiladi.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Jo’ybor xo’jalari XVI asrda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etdilar. Shayboniylar davrida din ulamolarining mavqeyi nihoyatda yuksak cho’qqiga ko’tarildi, markaziy hokimiyat o’z ta’sir doirasini kengaytirishda ham ularga tayandi. Jo’ybor xo’jalarining bevosita hamda bilvosita mamlakat ichki ishlariga aralashuvi rasmiy qo’llab-quvvatlandi. Ayniqsa Shayboniyxon, Ubaydullaxon va Abdullaxon II yuritgan ichki siyosatda bu o’z natijasini ko’rsatdi. Chunonchi Shayboniyxonning hokimyat tepasiga kelishi sabablaridan biri ham shu qatlamning qo’llab quvvatlashi edi. Mamlakat dunyoviy jihatdan taraqqiy etmagan, mayda hokimliklarga bo’linib ketgan bo’lsada, aholi isyonlari ma’lum darajada bostirildi, yaxlit davlat shakllantirildi, dehqon xo’jaliklarida yerga bo’lgan ehtiyoj ma’lum miqdorda qondirildi. Albatta, bularning barchasi xo’jalarning say’-harakati va hukmdorga bergan yordamlarining natijasi bo’ldi.

Download 31.74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling