Uch oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin


Download 0.52 Mb.
bet1/2
Sana28.12.2022
Hajmi0.52 Mb.
#1023779
  1   2
Bog'liq
PQ-4447 12.09.2019


[OKOZ:1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.02.00 Harbiy xizmatni o‘tash tartibi va mohiyati. Shartnoma (kontrakt) asosida harbiy xizmatga kirish]
[TSZ:1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini Vataniga sodiq, harbiy xizmatga har tomonlama tayyor bo‘lgan fuqarolar bilan butlash, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va sharoitlarini, qo‘shinlarning davlatning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishga doimiy jangovar shayligini ta’minlash, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:


1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi yangilangan nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizligi xizmati Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda:
uch oy muddatda qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-sentabr,
PQ-4447-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qaroriga


1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar


1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (keyingi o‘rinlarda — fuqarolar) harbiy xizmatni o‘tash tartibini belgilaydi;
fuqarolar tomonidan davlatning hududiy yaxlitligini, mustaqilligini va xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida (keyingi o‘rinlarda — Qurolli Kuchlar), shuningdek xizmat faoliyati oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlaridagi harbiy xizmatga tenglashtirilgan davlat qo‘mitalari, vazirliklar va idoralarda (keyingi o‘rinlarda — vazirliklar) chaqiruv va kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tashlari, shuningdek Qurolli Kuchlar rezervidagi fuqarolar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi;
Qurolli Kuchlarni shaxsiy tarkib bilan butlash tartibi, turli toifadagi harbiy xizmatchilar tomonidan xizmat vazifalari sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi;
harbiy xizmatni o‘tashning shaffofligi va har bir harbiy xizmatchining professional o‘sish istiqbolini ta’minlaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
harbiy xizmat— fuqarolar tomonidan Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turi;
haqiqiy harbiy xizmat— chaqiruv yoki kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi lavozimlarida Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmat;
harbiy xizmatchi— haqiqiy harbiy xizmatdagi fuqaro;
muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisi— Qurolli Kuchlar safida oddiy askarlar tarkibi lavozimlarida majburiy xizmatni o‘tayotgan chaqiruv yoshidagi fuqaro, shuningdek zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan ofitser;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi— harbiy xizmatni kasb sifatida tanlagan va harbiy xizmat majburiyatlarini kontrakt asosida bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
rezervdagi ofitser— ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tagan va rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;
zaxiradagi ofitser— ofitserlik unvoniga ega bo‘lgan, muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan va bevosita ofitserlik unvoni berilganidan so‘ng zaxiraga o‘tkazilgan harbiy xizmatga majbur fuqaro;
kursant (tinglovchi)— haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan va harbiy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
harbiy unvon— har bir harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majburga uning xizmat mavqeyi, harbiy yoki maxsus tayyorgarligi, xizmat muddati, Qurolli Kuchlar yoki qo‘shin turi yoxud maxsus qo‘shinlarga mansubligiga muvofiq beriladigan unvon;
kontrakt — vazirliklar tomonidan davlat va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘rtasida tuziladigan hamda uning o‘z ixtiyori bilan haqiqiy harbiy xizmatga kirishi va uni o‘tashini (haqiqiy harbiy xizmatni davom ettirishini) belgilab beruvchi bitim bo‘lib, unda xizmat muddati, o‘zaro huquqlar, majburiyatlar va tomonlarning javobgarligi hamda harbiy xizmatni o‘tashning boshqa shartlari tartibga solinadi;
harbiy-kasbiy saralash— fuqarolarni (nomzodlarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qo‘yilgan talablarga mos kelishini aniqlashga qaratilgan tadbirlar kompleksi (intellektual rivojlanganlik va psixoemotsional barqarorlik darajasini psixologik o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, jismoniy imkoniyatlarni baholash, shuningdek harbiy xizmat uchun kasbiy jihatdan muhim bo‘lgan boshqa sifatlar);
attestatsiya— harbiy xizmatchining kasbiy malakasini (tayyorgarligini) tizimli asosda aniqlash jarayoni (usuli);
tashkiliy-shtat tadbirlari— shtat birligi, harbiy unvon, egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy hisobdagi ixtisoslik, tarif razryadining o‘zgarishi, bo‘linmani tugatish, yangi shtatga o‘tish, shuningdek davlat boshqaruvi organlarining qarori bo‘yicha shaxsning boshqa ishga o‘tishini nazarda tutuvchi tadbirlar kompleksi;
harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakat— xizmatda va turmushda harbiy xizmatchilar xulqining ma’naviy-axloqiy normalarini, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy nizomlari va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar hamda idoraviy ichki hujjatlarda belgilangan qoidalarni qo‘pol ravishda buzuvchi, harbiy intizom talablariga zid, harbiy xizmatchining or-nomusi va qadr-qimmatini, harbiy bo‘linma yoki butun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini obro‘sizlantiruvchi qasddan sodir etilgan qilmish (harakat yoki harakatsizlik).
2-bob. Harbiy xizmatni o‘tash
1-§. Harbiy xizmatni o‘tash mazmun-mohiyati va harbiy xizmatchilarga qo‘yilgan talablar
3. Harbiy xizmatni o‘tash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
muddatli harbiy xizmatga chaqirish yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish;
harbiy lavozimga tayinlash va uni bajarish;
harbiy unvon berish;
haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish;
rezervdagi xizmatga olish;
harbiy xizmatga majburlarni iste’foga chiqarish;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va mazkur Nizomga, shuningdek mazkur sohadagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq harbiy xizmatchilarning xizmat va ijtimoiy-huquqiy mavqeyini belgilab beruvchi boshqa holatlar (vaziyatlar).
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga quyidagi talablar qo‘yiladi:
muddatli harbiy xizmatchilar egallab turgan lavozimi bo‘yicha harbiy ixtisoslikni sifatli o‘zlashtirishi, ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani ishlata bilish ko‘nikmalarini egallashi, mustahkam hayotiy pozitsiya, vatanparvarona dunyoqarash, yuksak ma’naviy-axloqiy va jismoniy sifatlarga ega bo‘lishi, harbiy burchni bajarishga tayyor turishi zarur;
oddiy askarlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar muddatli harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lgan sifatlarni egallash bilan bir qatorda, harbiy kasbni chuqur o‘zlashtirishi, o‘zaro bog‘liq mutaxassisliklarni o‘rganishi, vaziyatning turli sharoitlarida jangovar va xizmat vazifalarini bajarish vaqtida ishonib topshirilgan qurol va harbiy texnikani qo‘llashning mustahkam ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim;
serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ma’nan yetuk, harbiy burchni bajarishga ruhan tayyor bo‘lishi, harbiy kasbni mukammal bilishi, qurol-aslaha va harbiy texnikani mohirona qo‘llay olishi hamda uni saqlash va undan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Ularga bo‘linmalarda yuksak jangovar ruh, sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit yaratish, bo‘ysunuvchilarda Vatanga sodiqlik va vatanparvarlik hislarini doimiy ravishda tarbiyalab borish, ularni harbiy ixtisosliklar va zaruriy ko‘nikmalarni hosil qilish vazifalari yuklatiladi;
ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar professional tayyorgarlikka ega komandir (rahbar), harbiy bo‘linmalarga komandirlik (rahbarlik) qilish, murakkab vaziyatlarda tezkor moslashish va mustaqil harakat qilish, nostandart qarorlarni qabul qilish hamda shaxsiy namunasi bilan bo‘ysunuvchilarni jangovar va xizmat vazifalarini hal etishga yo‘naltira olishga qodir, harbiy ishga oid chuqur bilimlar, yuksak ma’naviy-ruhiy sifatlar, keng dunyoqarash, intellekt, yaxshi tashkilotchilik qobiliyatiga ega, ishonib topshirilgan qurol-aslaha va harbiy texnikadan to‘g‘ri foydalanish va uni saqlashni biladigan mutaxassis bo‘lishlari zarur.
Yuqorida sanab o‘tilgan sifatlar o‘zini harbiy xizmatga, Vatanga xizmat qilishga bag‘ishlagan har bir fuqaro uchun hayotiy maqsad bo‘lib qolishi va mashaqqatli mehnat asosida shakllana borishi, nafaqat ekstremal sharoitlarda, balki tinchlik davrida kundalik xizmat davomida ham singdirilib, namoyish etilib borilishi lozim.
Ishlar tajribasi vorisiyligini ta’minlash, yosh harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatga moslashuvi, kasbiy shakllanish va yuklatilgan xizmat vazifalarini mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirish jarayoni tezlashishini ta’minlash maqsadida harbiy xizmatchilarga yuqori darajali kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan, tayyorgarligi eng yaxshi harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari orasidan murabbiylar biriktiriladi.
Murabbiylik tartibi vazirliklarning idoraviy ichki hujjatlari bilan belgilanadi.
5. Qurolli Kuchlardagi harbiy xizmatga vatanparvarona dunyoqarash, yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlar, zaruriy intellektual saviya, bilim doirasi keng, shuningdek jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiradi.
6. Qurolli Kuchlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan butlash nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash yo‘li bilan amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan shaxslar bundan mustasno.
7. Qurolli Kuchlarni butlash territorial va eksterritorial tamoyillari asosida amalga oshirilishi mumkin.
Territorial (eksterritorial) tamoyil bo‘yicha butlanadigan bo‘linmalar va/yoki mutaxassisliklar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
2-§. Harbiy xizmat turlari
8. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonungamuvofiq O‘zbekiston Respublikasida quyidagi harbiy xizmat turlari joriy etilgan:
muddatli harbiy xizmat;
safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;
Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.
9. Muddatli harbiy xizmat — chaqiruv yoshidagi fuqarolarning oddiy askarlar lavozimlaridagi, shuningdek muqaddam harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Qurolli Kuchlar safidagi majburiy xizmatidir.
10. Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat — muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar o‘taydigan harbiy xizmat turidir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini safarbarlik chaqiruvi rezerviga olish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat — davlat bilan harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik o‘rtasida tuziladigan kontraktga binoan ixtiyoriy ravishda Qurolli Kuchlar safidagi haqiqiy harbiy xizmatga kirgan fuqarolar o‘taydigan harbiy xizmat turidir.
12. Rezervchilar xizmati — Qurolli Kuchlarning qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarini urush davri shtatlariga qadar butlash, shuningdek urush davri tuzilmalarini kengaytirish maqsadida haqiqiy harbiy xizmatni hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlardan bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar uchun umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir.
13. Harbiy xizmatga birinchi marta yoki ixtiyoriy ravishda (kontrakt bo‘yicha) kirgan fuqarolar Vataniga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik to‘g‘risida qasamyod qabul qiladilar.
3-§. Haqiqiy harbiy xizmatning boshlanishi, muddati va tugashi
14. Haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning boshlanishi deb:
a) muddatli xizmatga chaqirilgan chaqiriluvchilar va zaxiradagi ofitserlar uchun — harbiy qismga jo‘nash maqsadida mudofaa ishlari organida hozir bo‘lgan kun;
b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirganlar harbiy xizmatchilar uchun — harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt kuchga kirgan kun;
v) vazirliklarning oliy harbiy ta’lim muassasalariga kursant lavozimiga hamda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlar uchun — tegishli ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kun;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — tegishli farmon, qaror yoki farmoyish imzolangan kun hisoblanadi.
15. Haqiqiy harbiy xizmat muddatlari kalendar hisobida:
a) muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar va ofitserlar lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun — o‘n ikki oy;
b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun — kontraktda ko‘rsatilgan muddat;
v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan harbiy lavozimga tayinlangan shaxslar uchun — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror yoki farmoyishiga muvofiq vazifalarni bajarish davri etib belgilanadi.
Harbiy xizmat muddati haqiqiy harbiy xizmat boshlangan kundan hisoblanadi.
Rezervdagi harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan fuqarolar harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda haqiqiy harbiy xizmatni o‘taydilar.
16. Fuqarolarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinganidan so‘ng, shuningdek oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va oliy ta’lim muassasalari harbiy tayyorgarlik kurslarida o‘qishni tugatgan talabalarga oliy ta’lim muassasani bitirganidan so‘ng shaxsiy raqam, belgilangan namunadagi jetonlar va shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar beriladi.
17. Harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirlik, davlat qo‘mitasi va idoralarining harbiy qismi, qo‘shilma, harbiy boshqaruv organi, korxona, muassasa, tashkilot va harbiy tuzilmalari hamda ularda ishlash yoki o‘qish harbiy xizmatga tenglashtirilgan tashkilot va muassasalarda (keyingi o‘rinlarda — harbiy qism) harbiy xizmatchi rezervga bo‘shatilishi yoki iste’foga chiqarilishi munosabati bilan harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kun uning uchun haqiqiy harbiy xizmatning tugashi (oxirgi kuni) deb hisoblanadi.
18. Kalendar hisobida kamida o‘n yil xizmat qilgan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga harbiy xizmatdan bo‘shatilayotganda haqiqiy harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:
oliy ta’lim muassasasining kunduzgi bo‘limidagi bir oy o‘qish muddati bir oy xizmat muddati hisobida;
oliy ta’lim muassasasini tamomlaganidan so‘ng ixtisosligiga mos keladigan lavozimlardagi bir oylik ish staji bir oylik xizmat hisobida.
Oldingi tahrirga qarang.

Harbiy xizmatchilarga xizmat yili uchun foizli ustamalarning miqdorlarini belgilashda hamda pensiyani hisoblash vaqtida harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatlarining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklardagi xizmat davri (ish staji) maxsus unvon (martaba darajasi) berilgan kundan boshlab harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga harbiy xizmatga olishda ularning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish muddatlari va oldingi ish joylaridagi mehnat staji haqiqiy harbiy xizmat muddatiga hamda pensiyani hisoblashda o‘qishning (ishning) bir oyi xizmatning bir oyiga hisoblangan holda qo‘shiladi.
Oliy yuridik ma’lumotga ega harbiy prokuraturaning ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat muddatiga ularning oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish, ichki ishlar vazirligi organlaridagi va Milliy gvardiya organlaridagi xizmat, shuningdek, sudlardagi, prokuratura hamda adliya organlari va muassasalaridagi va boshqa davlat organlaridagi huquqni muhofaza qilish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan uzluksiz ish staji qo‘shib hisoblanadi.
(18-bandning to‘rtinchi — oltinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PF-6230-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.05.2021-y., 06/21/6230/0473-son)
19. Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat muddatiga quyidagilar qo‘shib hisoblanmaydi (ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno):
a) harbiy xizmatchining intizomiy harbiy qismda bo‘lish davri;
b) sudning ayblov hukmi chiqqan harbiy xizmatchiga nisbatan jinoyatning oldini olish chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan davri;
v) xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tash davri, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
g) harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketilgan muddat.
20. Intizomiy qismda jazoni o‘tab, belgilangan muddati tugagandan so‘ng yoki muddatidan ilgari ozod etilgan, harbiy ixtisoslikka ega bo‘lgan harbiy xizmatchiga, shuningdek xizmat bo‘yicha cheklash ko‘rinishidagi jazo muddatini o‘tagan, umumharbiy nizomlar talablarini qat’iy bajarayotgan, xizmatni benuqson o‘tayotgan harbiy xizmatchiga uning intizomiy harbiy qismda bo‘lgan yoki xizmat bo‘yicha cheklov davri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanishi mumkin.
21. Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi, harbiy xizmatchining ham chaqirilishi bo‘yicha va ham kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatning jami vaqtini, shu jumladan haqiqiy harbiy xizmatga qaytadan kirishni o‘z ichiga oladi.
Harbiy xizmatning umumiy davomiyligi kalendar va imtiyozli hisobdagi harbiy xizmatdan iborat bo‘ladi.
Kalendar hisob — bu harbiy xizmatchining yil, oy va sutkalarda ifodalangan haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan rasmiy umumiy davridir.
Pensiya, ijtimoiy imtiyozlar tayinlash yoki to‘lash uchun imtiyozli hisob-kitob O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.
22. Jangovar harakatlarda yoki terroristik tashkilotlarning qurollangan tuzilmalarini aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazish davomida jangovar vazifalarni bajarishda qatnashgan, shu jumladan, yuqorida ko‘rsatilgan harakatlarda qatnashish davrida yarador bo‘lgani, shuningdek ozodlikdan mahrum etilishi ko‘rinishida jazoni o‘tash davri hamda keyinchalik reabilitatsiya qilingan harbiy xizmatchilarga (jarohat va travma olgani, kontuziya bo‘lgani) kasallangani sababli davolash muassasalarida bo‘lgan bir kuni imtiyozli ravishda xizmatning uch kuniga teng hisoblanadi.
3-bob. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi
23. Muddatli harbiy xizmatga o‘n sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, shuningdek muqaddam haqiqiy harbiy xizmatni o‘tamagan ofitserlar chaqiriladi.
Fuqarolarni chaqirish, yig‘ish va ularni muddatli harbiy xizmatga jo‘natish va harbiy qismlarda qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi.
24. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki undan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan chaqiriluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga (keyingi o‘rinlarda — Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom) muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Oldingi tahrirga qarang.

Chaqiriluvchining tibbiy ko‘rik natijalariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi muddatli harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.


(24-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 07/20/4630/0266-son)
25. Muddatli harbiy xizmatni, safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tamagan hamda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonungamuvofiq ularga chaqirish muddatini kechiktirish taqdim qilinishi uchun asoslarga ega bo‘lmagan qirq yoshgacha bo‘lgan zaxiradagi ofitserlar tinchlik davrida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘iga binoan ofitserlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqirilishi mumkin.
26. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish yoki chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan zaxiradagi ofitserlar tibbiy ko‘rik to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlarga shaxsiy yig‘majildlar va boshqa zarur hujjatlar mudofaa ishlari organlari tomonidan rasmiylashtiriladi.
27. Zaxiradagi ofitserni haqiqiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirmaga asosan mudofaa ishlari organi ofitserga harbiy qism va unga kelish muddatlari ko‘rsatilgan yo‘llanmani, zarurat tug‘ilganda harbiy tashish hujjatlarini taqdim etadi.
28. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitser yo‘llanmaga muvofiq harbiy qismga keladi, yetib kelgan kuni harbiy qism komandirining buyrug‘iga binoan shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritiladi va barcha ta’minot turlariga qo‘yiladi.
29. Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan zaxiradagi ofitserlar uni o‘tayotganlarida ushbu Nizomda nazarda tutilgan o‘ziga xos jihatlarni hisobga olgan holda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan teng ravishda majburiyatlarni bajaradilar va barcha huquq, imtiyoz va ta’minot turlaridan foydalanadilar.
4-bob. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash
1-§. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan nomzodlarga qo‘yilgan talablar
30. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar Qurolli Kuchlarning professional asosini tashkil etadi hamda qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini belgilab beradi.
31. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga quyidagi talablarga javob beradigan fuqarolar qabul qilinadi:
a) oddiy askar va serjantlar tarkibi lavozimlariga — o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar va ayollar hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilar;
b) oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlariga — muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan oddiy askar va serjantlar tarkibidagi qirq yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar;
v) oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibi lavozimlariga — muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan va oliy ma’lumotga ega o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majburlar;
g) oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari lavozimlariga — o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan fuqarolar, shuningdek o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek yigirma olti yoshgacha bo‘lgan va oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining talabalari;
d) ofitserlar tarkibi lavozimlariga — qirq yoshgacha bo‘lgan rezervdagi va zaxiradagi ofitserlar.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotgan nomzodlarga qo‘yilgan maxsus antropometrik parametrlar vazirliklar tomonidan belgilanadi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar lavozimlarini butlash uchun yuksak kasbiy tayyorgarlik va faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetmagan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda vazirlik rahbarining qaroriga ko‘ra harbiy xizmatga qabul qilishga ruxsat etiladi.
32. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun harbiy-kasbiy saralash (keyingi o‘rinlarda — saralash) tashkillashtiriladi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi nomzodlarini saralash tanlov asosida o‘tkaziladi va vazirliklar zimmasiga yuklanadi.
Fan, madaniyat va sport arboblari orasidan nomzodlar vazirlik tomonidan belgilangan tartibda saralashdan o‘tmasdan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin.
33. Nomzodlarni saralashni amalga oshirish uchun kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash komissiyalari tuziladi. Saralash komissiyalarini tuzish bo‘yicha vazirlik mansabdor shaxslarining vakolatlari va ularga bo‘ysunuvchi bo‘linmalarda saralashni o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
34. Nomzod Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uning natijalari bo‘yicha nomzodning harbiy xizmatga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
2-§. Rezerv va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar orasidan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibi
35. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro o‘zi yashab turgan joyidagi vazirlikning hududiy vakolatli organiga yoki unga bo‘ysunuvchi harbiy qismga ariza bilan murojaat qiladi.
36. Muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan fuqaro o‘z arizasida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shaganligining sababi va holatlarini ko‘rsatib o‘tadi. Bunda vazirlikning kadrlar organi tomonidan kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shash sabablariga aniqlik kiritilganidan so‘ng nomzodga saralash tadbirlarida qatnashishga ruxsat berish haqida qaror qabul qilinadi.
37. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi.
38. Arizasi ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan fuqaro kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish uchun nomzod hisoblanadi (keyingi o‘rinlarda — nomzod).
Vazirliklar boshqaruv organlarining rasmiy so‘rovnomasi (yozma ko‘rsatmasi)ga binoan nomzodlarning zarur bo‘lgan hujjatlari mudofaa ishlari organlari tomonidan vazirliklarning tegishli bo‘linmalariga yuboriladi.
39. Nomzodga o‘rganish va saralash o‘tkazilishining istalgan bosqichida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirishga quyidagi holatlarda rad javobi berilishi mumkin:
a) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan, shuningdek boshqa davlatning fuqaroligi mavjud bo‘lganda;
b) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish imkonini beruvchi qonunda belgilangan yosh chegarasidan o‘tganda;
v) agarda erkak fuqaro harbiy xizmatga majbur bo‘lmasa;
g) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq kontrakt tuzish huquqi bo‘lmasa;
d) fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, unga nisbatan dastlabki tergov yoki surishtiruv olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa (bu holatlarda nomzodni qayta ko‘rib chiqish jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi);
e) jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat’iy nazar sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi mavjud bo‘lsa;
j) agar fuqaro muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy xizmatchining nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatni sodir etgani yoki xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolganligi sababli bo‘shatilgan bo‘lsa;
z) vazirliklarning maxsus talablariga javob bermasa;
i) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilsa.
40. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism belgilangan muddatlarda nomzodlarni o‘rganish va saralash ishlarini tashkillashtiradi.
3-§. Muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari orasidan kontrakt bo‘yicha xizmatga nomzodlarni ko‘rib chiqish tartibi
41. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatning kalendar hisobi bo‘yicha muddati tugashidan kamida uch oy oldin bevosita komandiri (boshlig‘i) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.
42. Harbiy qismlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchilarning bildirgilarini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladilar.
43. Bildirgisi ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan muddatli harbiy xizmatchi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish uchun nomzod deb hisoblanadi.
44. Muddatli harbiy xizmatchilar orasidan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan nomzodga o‘rganish va saralash o‘tkazilishining istalgan bosqichida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirishga quyidagi holatlarda rad javobi berilishi mumkin:
a) unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov ishlari olib borilayotgan, jinoiy ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa, jinoiy ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganiga qadar;
b) jazo chorasidan va amnistiya qo‘llanilganidan qat’iy nazar sodir etgan jinoyati uchun ayblov hukmi bo‘lsa;
v) harbiy xizmatchini keyingi saralash tadbirlariga taqdim etish maqsadga muvofiq emasligi haqida harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan qaror qabul qilingan bo‘lsa;
g) vazirlikning maxsus talablariga javob bermasa.
45. Harbiy qismning kadr organi qabul qilingan bildirgini belgilangan muddatda ko‘rib chiqadi va nomzodlarni o‘rganish ishlarini tashkillashtiradi.
46. Harbiy xizmatchining keyingi saralash tadbirlarida qatnashishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi qaror harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan bir oy muddatda qabul qilinadi.
47. Harbiy qismning kadr organi harbiy qism qo‘mondonligining qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatchiga oid materiallarini tegishli saralash komissiyalariga taqdim etadi.
4-§. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni harbiy-kasbiy saralash tartibi
48. Saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) nomzodni dastlabki o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);
b) tibbiy ko‘rik;
v) psixologik o‘rganish (intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorligi baholanadi);
g) jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
d) nomzodning kasbiy nuqtai nazardan harbiy xizmat uchun muhim sifatlarini o‘rganish bo‘yicha vazirlik tomonidan belgilanuvchi boshqa turdagi sinov (tekshiruv) turlari.
49. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlar orasidan nomzodlarni saralash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) nomzodni o‘rganish (hujjatlarni yig‘ish va o‘rganish, suhbat);
b) attestatsiya (malaka) komissiyasining majlisida ko‘rib chiqish.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlarni attestatsiya (malaka) komissiyalari majlisida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga mos kelishi haqida xulosa chiqariladi.
50. Saralash natijalari umumlashtirilib, uning yakunlariga ko‘ra nomzodni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga muvofiqligi haqida xulosa chiqariladi va bu to‘g‘risida saralash komissiyasining bayonnomasi tuziladi.
51. Saralash komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangan vaqtidan boshlab kadrlar organlari tomonidan bir yil davomida amalga oshirish uchun haqiqiy hisoblanadi, tibbiy ko‘rik natijalari bundan mustasno.
Saralash natijalari nomzodni saralashning o‘rnatilgan shakldagi kartasida aks ettiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.

52. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar garnizon (hududiy) harbiy-tibbiy komissiyalariga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun (saralash komissiyasi bayonnomasidan ko‘chirma, shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari (pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy guvohnoma) narkologik, sil kasaliga qarshi kurash, teri-tanosil, psixonevrologik dispanserlar va OITSga qarshi kurash markazidan olingan ma’lumotnoma, so‘nggi besh yil ichidagi ambulator bemorning tibbiy kartasidan ko‘chirma, majburiy diagnostika tadqiqotlarining natijalari bilan birga) yuboriladi.


(52-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-112-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2022-y., 06/22/112/0326-son)
53. Saralash komissiyasi tomonidan nomzodning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat talablariga mos emasligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda nomzod ushbu qaror bilan imzo ostida xabardor qilinadi.
54. Vazirlikning hududiy vakolatli organi yoki harbiy qism komandirlari saralash komissiyasi bayonnomasidan ko‘chirmani (nusxani) olgach, nomzodni u bilan tanishtirishni amalga oshiradi.
55. Nomzod ma’lumoti va mutaxassisligi bo‘yicha tayyorgarlik darajasiga ko‘ra saralashni o‘tkazgan vazirlikning talablariga javob berishi kerak.
56. Nomzod kasbiy tayyorgarlik darajasining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirayotganlar uchun belgilangan talablarga mosligini aniqlash saralashni o‘tkazgan vazirlik vakillari zimmasiga yuklanadi.
57. Nomzod vazirlik tomonidan belgilangan tartibda maxsus tekshiruv yoki muvofiqlashtirishdan o‘tadi (maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun belgilangan shakldagi ruxsatnomaga ega nomzodlar bundan mustasno), zarurat tug‘ilganda esa — davlat siri bo‘lgan ma’lumotlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Davlat sirlari bilan ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtiriladigan harbiy xizmatchilar lavozimlarining ro‘yxati va maxsus tekshiruvni o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
58. Nomzod quyidagi hollarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga javob bermaydi deb hisoblanadi:
a) u tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz yoki keyinchalik qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharti bilan davolanishga muhtoj deb topilsa;
b) saralash natijalariga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga mos emas deb topilsa;
v) agarda u vazirlikning maxsus talablariga noloyiq bo‘lsa.
59. Saralash natijalariga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan nomzodga shaxsiy yig‘majild rasmiylashtiriladi.
Yig‘majildlarni rasmiylashtirish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
60. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash yakuniga ko‘ra eng yuqori natijalarga erishgan nomzodlar bo‘sh lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda qabul qilinadi.
61. Saralashdan o‘tgan nomzodning shaxsiy hujjatlari yig‘majildi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish va lavozimga tayinlash to‘g‘risida yakuniy qarorni qabul qilish uchun bo‘ysunuv bo‘yicha yuqori turuvchi kadr organlariga jo‘natiladi.
62. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish va lavozimga tayinlash to‘g‘risida vazirlik rahbarlarining yoki harbiy xizmatga qabul qilish, lavozimga tayinlash, xizmat joyi va lavozimini o‘zgartirish hamda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan bo‘shatish tartibi va mansabdor shaxslarning vakolatlarini belgilovchi nomenklaturaga muvofiq boshqa mansabdor shaxsning buyrug‘i (shaxsiy tarkib bo‘yicha) chiqariladi.
63. Kadr organlarining mansabdor shaxslari buyruq imzolangandan keyingi besh ish kunidan kechikmasdan komandirlar (boshliqlar)ning buyruqlaridan ko‘chirmalar yoki yozma xabarnomalarni mudofaa ishlari organlari (vazirliklarning hududiy vakolatli organlari) va nomzodlar tayinlangan harbiy qismlarga yuboradi.
64. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqlardan ko‘chirmalar yoki yozma xabarnomalar asosida nomzodga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash joyiga jo‘nash uchun yo‘llanma va harbiy tashish hujjatlari (zarurat bo‘lganda) beriladi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruqdan (shaxsiy tarkib bo‘yicha) ko‘chirma asosida harbiy xizmatchi harbiy qismga kelgandan so‘ng, harbiy qism komandiri u bilan uch kunlik muddatda vazirlik nomidan dastlabki (yangi) kontraktni tuzadi va bu haqda harbiy qism komandirining buyrug‘i chiqariladi.
65. Kontraktning qonuniy kuchga kirgani to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma shaxsiy yig‘majildga qo‘shib qo‘yiladi.
66. Nomzodning shaxsiy yig‘majildi yoki kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi yozma xabarnoma uni harbiy hisobdan chiqarish uchun mudofaa ishlari organlariga yuboriladi.
5-§. Fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish munosabati bilan alohida vakolatli organlarning vazifalari
67. Fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish tadbirlarini o‘tkazish vaqtida quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
a) mudofaa ishlari organlariga:
vazirliklar va harbiy qismlarning fuqarolarni saralash uchun talabnomalarini to‘plash va umumlashtirish;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarni vazirliklarning talabnomalariga asosan xizmat joylari va lavozimlar to‘g‘risida xabardor qilish;
zarur nomzodlar mavjudligi haqida vazirliklarni xabardor qilish;
nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish uchun ularning vazirlik vakillari bilan uchrashuvini tashkillashtirish (mudofaa ishlari boshqarmalarida);
nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlarini kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish uchun jo‘natish;
nomzodlarni xizmatni o‘tash uchun kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jo‘natish;
b) vakolatli hududiy organga, harbiy qism qo‘mondonligiga:
harbiy qismda mavjud bo‘sh lavozimlarni butlash uchun harbiy hisobdagi ixtisoslikni ko‘rsatgan holda komandirlik pog‘onasi bo‘yicha talabnomalarni taqdim etish;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilar hamda rezervdagi va zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar orasidan nomzodlar tanlovini tashkillashtirish;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan harbiy xizmatchilarning hujjatlarini qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlari va boshqa materiallarini rasmiylashtirish, ularni harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risida qaror chiqarish va kontraktlar tuzish uchun yuborish ishlarini tashkillashtirish;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatchilar orasidan tanlangan nomzodlar bilan kontraktlar tuzish ishlarini tashkillashtirish;
v) vazirliklar rahbarlariga:
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish;
kadrlar organlarining zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolarni (harbiy xizmatchilarni) saralash tadbirlaridan o‘tish uchun jo‘natish ishlarini tashkillashtirish;
mansabdor shaxslarning vazirlik nomidan fuqarolar (harbiy xizmatchilar)ni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish, ularni lavozimga tayinlash va ular bilan kontraktlar tuzish vakolatlarini belgilash;
fuqarolar (harbiy xizmatchilar)ni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish, ularni lavozimga tayinlash va ularga harbiy unvonlar berish;
alohida toifadagi fuqarolar (harbiy xizmatchilar) bilan kontraktlar tuzish.
68. Bo‘sh lavozimlarning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (harbiy-hisob ixtisosligi ko‘rsatilgan holda) vazirliklarning butlash organlari tomonidan belgilangan tartibda taqdim qilinadi.
69. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi fuqarolarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga saralash va qabul qilish masalalarida vazirliklar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni tashkillashtiradi.
Qonunchilikka muvofiq vazirliklar zimmasiga fuqarolarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish bilan bog‘liq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
5-bob. Kontrakt tuzish va uni bekor qilish
1-§. Kontraktni tuzish va uning amal qilishini to‘xtatish tartibi
70. Qurolli Kuchlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga bo‘linadi.
Oddiy askarlar tarkibi — “oddiy askar” unvoniga ega bo‘lgan harbiy mutaxassislardir.
Serjantlar tarkibi — “kichik serjant”, “III darajadagi serjant”, “II darajadagi serjant”, “I darajadagi serjant”, “katta serjant” (kema tarkibidagi ularga tenglashtirilgan) harbiy unvonlarga ega bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar.
Ofitserlar tarkibi — “leytenant”dan “armiya generali”gacha harbiy unvonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar.
71. Kontrakt yozma shaklda mazkur Nizomning 1-, 2- va 3-ilovalarida keltirilgan harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Namunaviy kontraktga muvofiq tuziladi.
Harbiy xizmat uchun tuzilgan kontraktning kuchga kirgani komandirning (boshliqning) buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
72. Kontrakt shartlari bir tomonlama o‘zgartirilishi mumkin emas, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bo‘lishi shart va tomonlarning bajarishi uchun majburiy hisoblanadi.
73. Kontrakt dastlabki yoki yangi bo‘lishi mumkin.
Dastlabki kontrakt bu ixtiyoriy ravishda birinchi marta harbiy xizmatga kiruvchi fuqaro bilan tuzilgan kontrakt hisoblanadi.
Yangi kontrakt bu joriy kontraktning muddati tugagan harbiy xizmatchi yoki ilgari kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan fuqaro bilan tuzilgan kontrakt hisoblanadi.
74. Kontrakt tuzish, uni bekor qilish, shuningdek u bilan bog‘liq boshqa munosabatlar ushbu Nizom va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
75. Kontrakt quyidagi harbiy xizmatchilar bilan tuzilishi mumkin emas:
haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning chegara yoshidan o‘tgan, shu jumladan ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan xizmat muddatini uzaytirishni hisobga olgan holatlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlangan harbiy xizmatchilar bundan mustasno;
sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan;
muqaddam o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, jazo chorasidan, sudlanganligi olib tashlangan yoki sudlanganlik holati tugallangan va amnistiya qo‘llanganidan qat’iy nazar;
xizmati yuzasidan salbiy tavsiflangan.
76. Quyidagi holatlar ham nomzod bilan dastlabki kontrakt tuzishni rad etishga asos bo‘ladi:
a) nomzodning kasbiy tayyorgarligiga mos keluvchi vakant lavozimlarning yo‘qligi;
b) muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kiruvchilar uchun belgilangan talablarga mos kelmasligi to‘g‘risida attestatsiya (malaka) komissiyasining qarori.
77. Kontrakt tuzishni rad etish to‘g‘risidagi qaror yozma ravishda rasmiylashtiriladi, tegishli komandir (boshliq) tomonidan imzolanadi va harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi. Qaror fuqaroga (harbiy xizmatchiga) imzo ostida yetkaziladi va hisob hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi. Qarorda kontrakt tuzishni rad etish sabablari ko‘rsatiladi.
78. Kontraktda quyidagilar ko‘rsatiladi:
a) kontrakt tuzuvchi nomzodning harbiy unvoni, familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, kuni va oyi;
b) davlat manfaatlarini himoya qiluvchi vazirlikning nomi, mazkur vazirlik nomidan kontraktni imzolovchi mansabdor shaxsning lavozimi, harbiy unvoni, ismi, otasining ismi va familiyasi;
v) nomzod va vazirlik nomidan imzolovchi mansabdor shaxs tomonidan kontrakt imzolangan sana.
Nomzod va mansabdor shaxsning imzolaridan keyin quyidagilar ko‘rsatiladi:
a) kontrakt qonuniy kuchga kirganligi to‘g‘risida e’lon qilingan buyruqning sanasi va raqami;
b) kontrakt bekor qilinishining sababi, buyruqning sanasi va raqami (u bekor qilingandan keyin).
79. Kontrakt shartlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) fuqaro (harbiy xizmatchi)ning majburiyatlari vazirlikning harbiy qismlarida kontraktda belgilangan muddat mobaynida harbiy xizmatni o‘tash, harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan umumiy, lavozim va maxsus majburiyatlarini vijdonan bajarish;
b) davlatning harbiy xizmatchi oldidagi majburiyatlari, harbiy xizmatchi va uning oila a’zolarining huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda saqlash va himoya qilish;
v) kontrakt amal qiladigan muddatda harbiy xizmatchi va vazirlikning (idoraning) huquqlari;
g) kontrakt shartlarini buzganliklari uchun tomonlarning javobgarligi.
80. Tomonlarning kelishuvi asosida va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Qurolli Kuchlar safidagi harbiy xizmatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha qo‘shimcha shartlar belgilanishi mumkin.
81. Vazirlik nomidan kontraktni imzolash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning ro‘yxati uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
82. Kontrakt ikki nusxada, davlat yoki rus tilida (nomzodning xohishiga ko‘ra) tuziladi, har biri uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi. Kontraktni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
83. Kontrakt tomonlar imzolagan kundan boshlab kuchga kiradi, uning qonuniy kuchga kirishi to‘g‘risida komandir (boshliq)ning tegishli buyrug‘i chiqariladi. Buyruqdan ko‘chirma harbiy xizmatchining shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
84. Kontrakt qonuniy kuchga kirgandan so‘ng kontraktlarni qayd etish kitobida ro‘yxatga olinib, birinchi nusxasi harbiy xizmatchining shaxsiy hujjatlari yig‘majildiga qo‘shiladi, ikkinchi nusxasi esa harbiy xizmatchiga beriladi.
85. Kontrakt muddati u qonuniy kuchga kirgan kundan (kalendar sanadan) boshlab hisoblanadi.
86. Kontrakt quyidagi hollarda bekor qilinadi:
a) harbiy xizmatchining kontrakt muddati tugamasdan harbiy xizmatdan bo‘shashi sababli harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan kundan boshlab;
b) harbiy xizmatchining halok bo‘lishi (vafoti), bedarak yo‘qolgan deb tan olingan yoki vafot etgan deb e’lon qilingani sababli harbiy qism shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chirilgan (chiqarilgan) kundan boshlab;
v) kontrakt muddati tugaganligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno;
g) mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollarda harbiy xizmatchi bilan yangi kontrakt tuzilgan kundan boshlab.
87. Mazkur Nizomda belgilangan asoslarda kontrakt tomonlardan birining tashabbusi bilan muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
88. Tabiiy va texnogen xaraktyerga ega favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish va aksilterror tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha vazifalarni bajarishga jalb etilgan harbiy xizmatchi bilan tuzilgan kontrakt ko‘rsatib o‘tilgan holatlar tugaguniga qadar tomonlardan birining tashabbusi bilan muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin emas.
89. Kontraktning muddatidan ilgari bekor qilingani haqida tegishli buyruq chiqariladi, bu to‘g‘rida kontraktda uni bekor qilish sanasi va asoslari to‘g‘risidagi yozuvlar ko‘rsatiladi. Yozuvlar kontraktning ikkala nusxasida ham ko‘rsatiladi va komandir (boshliq)ning imzosi hamda harbiy qismning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
90. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlangan harbiy xizmatchi kontrakt tuzmasdan harbiy xizmatni o‘taydi.
Bunda, ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxsning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining barcha huquqlari saqlanib qoladi. Mansabdor shaxs ko‘rsatib o‘tilgan lavozimdan ozod etilganida, u xizmatni oldingi kontrakt bo‘yicha davom ettiradi, agar lavozimda bo‘lish davrida belgilangan kontraktning muddati tugagan yoxud u yo‘q bo‘lgan taqdirda, u bilan bir oy muddatda yangi kontrakt tuziladi yoki uni bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
2-§. Dastlabki kontraktni tuzish tartibi
91. Dastlabki kontrakt ilgari kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tamagan fuqarolar (harbiy xizmatchilar) bilan tuziladi.
92. Kontrakt oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiruvchi fuqarolar bilan ushbu ta’lim muassasasining shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritilgan kuni tuziladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kunida Vatanga, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Prezidentiga sodiqlik qasamyodini qabul qiladilar.
Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari o‘qish muddati davomida muddatli harbiy xizmatchilar uchun qonunchilikda belgilangan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(92-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PQ-5035-son qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2021-y., 07/21/5035/0228-son)
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar orasidan bo‘lgan oliy harbiy ta’lim muassasalarining oilali yoki qaramog‘idagi shaxslari bo‘lgan kursantlarda, oila a’zolari va qaramog‘idagi shaxslarning ular bilan birgalikda yashash sharti bilan, turarjoy xonalarining ijarasi uchun har oyda to‘lanadigan pul badalini o‘qish joyi bo‘yicha olish huquqi saqlanib qoladi.
93. Ayollar ushbu Nizomning 127-bandi talablarini hisobga olgan holda ayol harbiy xizmatchilar egallashi mumkin bo‘lgan vakant lavozimlar mavjud bo‘lgan taqdirda ushbu lavozimlarga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olinishlari mumkin.
94. Vazirlik nomidan dastlabki kontrakt:
a) vazirlik rahbarining qarori bilan belgilangan mansabdor shaxslar bilan kontrakt bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmat besh yil muddatga tuziladi. Agar shaxsning haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishining chegara yoshigacha besh yildan kam muddat qolgan bo‘lsa, u bilan kontrakt chegara yoshiga yetish muddatigacha tuziladi;
b) oliy harbiy ta’lim muassasalariga kursant lavozimiga besh yil mobaynida ofitserlar tarkibi lavozimlarida majburiy xizmatni o‘tash sharti bilan o‘qish muddati — oliy harbiy ta’lim muassasa boshlig‘i tomonidan tuziladi.
95. Dastlabki kontrakt quyidagilar bilan tuziladi:
a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olingan fuqaro bilan — yo‘llanma bilan harbiy qismga kelgandan so‘ng uch kun mobaynida;
b) oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirgan fuqaro bilan — ushbu ko‘rsatilgan muassasaga kursant lavozimiga olingan kuni;
v) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga olingan muddatli harbiy xizmatchi bilan — muddatli harbiy xizmatning muddati tugashi bilan uch kun mobaynida.
96. Harbiy xizmatning dastlabki kontraktda nazarda tutilgan muddati tugaganidan keyin xizmat muddati yangi kontrakt tuzilishi bilan navbatdagi muddatga uzaytirilishi mumkin.
3-§. Harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majburlar bilan yangi kontrakt tuzish tartibi
97. Harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi bilan quyidagi hollarda yangi kontrakt tuziladi:
a) oldingi kontrakt muddati tugaganda;
b) oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganida (ofitserlar tarkibidan tashqari);
v) oliy harbiy ta’lim muassasasini tugatgandan so‘ng xizmatni o‘tash joyiga kelganda (ofitserlar tarkibi lavozimlarida harbiy xizmatni o‘tayotganda);
g) harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetganida va uni uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda.
Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga o‘qishga yuborilayotganda ular bilan o‘qish shartlari hisobga olingan va o‘qish tugagandan so‘ng belgilangan muddat mobaynida harbiy xizmatni o‘tash majburiyatlari aks ettirilgan 4-ilovaga muvofiq maxsus kontrakt tuziladi.
98. Muqaddam kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish uchun belgilangan talablarga mos keladigan fuqarolar yangi kontrakt tuzadi.
99. Yangi kontrakt quyidagi muddatlarga tuziladi:
a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi (rezervdagi harbiy xizmatga majbur) bilan — besh yilga yoki agar harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetishiga besh yildan kam vaqt qolgan bo‘lsa undan kam muddatga;
b) oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi (harbiy xizmatga majbur) bilan — mazkur ta’lim muassasasida o‘qish vaqtiga va u tugagandan so‘ng besh yil mobaynida harbiy xizmatni o‘tash sharti bilan.
100. Vazirlik nomidan yangi kontraktni vazirlik rahbarining qarori bilan belgilangan mansabdor shaxslar quyidagi muddatlarda imzolaydi:
a) amaldagi kontrakt muddati tugayotgan harbiy xizmatchi bilan — kontrakt muddati tugagan kunning ertasiga;
b) avval kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tagan rezervdagi harbiy xizmatga majbur bilan — yo‘llanma bilan harbiy qismga kelgandan so‘ng uch kunlik muddatda.
101. Oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi yoki harbiy xizmatga majbur bilan kursant sifatida harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontrakt ushbu ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan kuni tuziladi.
102. Kontrakt muddati tugashiga olti oydan kam bo‘lmagan vaqt qolgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bu haqda harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan ogohlantiriladi. Ular bilan harbiy xizmatchining Qurolli Kuchlar saflarida harbiy xizmatni davom ettirish masalalarini kelishish uchun suhbatlar o‘tkaziladi.
103. Yangi kontrakt tuzish istagini bildirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi amaldagi kontraktning amal qilish muddati tugashidan kamida uch oy oldin o‘zining bevosita komandiri (boshlig‘i) nomiga yozma shaklda bildirgi topshiradi. Bildirgida kontrakt qaysi muddatga tuzilishi ko‘rsatiladi. Bildirgilarni o‘z vaqtida topshirish ustidan nazorat tegishli kadrlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
104. Yangi kontraktni tuzish bo‘yicha hujjatlar bir oy mobaynida attestatsiya (malaka) komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, u mazkur harbiy xizmatchi bilan kontrakt tuzishning maqsadga muvofiqligi haqida qaror qabul qiladi.
Attestatsiya (malaka) komissiyasining qarori vakolatli komandir (boshliq) tomonidan kontrakt tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun asos bo‘ladi.
105. Komandirning (boshliqning) qarori amaldagi kontrakt muddati tugashidan kamida ikki oy oldin yozma ravishda harbiy xizmatchiga yetkaziladi.
106. Yangi kontrakt tuzish bo‘yicha qaror qabul qilingan harbiy xizmatchi amaldagi kontrakt muddati tugagan kunning ertasiga kontrakt tuzish huquqiga ega bo‘lgan komandir (boshliq) huzuriga uni imzolash uchun taklif etiladi.
107. Yangi kontrakt tuzishni xohlamagan yoki yangi kontrakt tuzish rad etilgan harbiy xizmatchi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq harbiy xizmatdan bo‘shatishga taqdim etiladi.
108. Yangi kontrakt tuzish rad etilgan harbiy xizmatchi komandir (boshliq) qabul qilgan qaror ustidan yuqori turuvchi instansiya yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqiga ega.
109. Yangi kontrakt tuzish imkoniyatini istisno qiluvchi quyidagi obyektiv holatlarda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi oldingi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat o‘tashni davom ettiradi:
homiladorlik, farzand tug‘ilishi va bola parvarishlash bo‘yicha ta’tilda bo‘lish;
asir yoki garov tariqasida ushlangan holatda bo‘lish;
xizmat safarida bo‘lganda yoki jangovar-xizmat vazifalarni bajarayotganda;
statsionar davolanishda bo‘lish;
qonunchilikda belgilangan va tomonlarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar.
Ko‘rsatib o‘tilgan holatlar tugagandan so‘ng u bir oy mobaynida yangi kontrakt tuzadi yoki harbiy xizmatdan bo‘shaydi.
110. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchiga o‘tagan xizmat muddatidan (kalendar hisobida) kelib chiqqan holda kontrakt bo‘yicha uzluksiz harbiy xizmati uchun birinchi uch yilga pul ta’minotining ikki oylik okladi miqdorida va uzluksiz xizmatning keyingi yillaridagi har ikki yili uchun xuddi shu miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi.
4-§. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi bilan yangi kontrakt tuzish
111. Harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasi quyidagicha belgilanadi:
a) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar (matroslar), serjantlar (starshinalar) uchun — 45 yosh;
b) kichik ofitserlar uchun — 45 yosh;
v) katta ofitserlar uchun — 50 yosh, polkovniklar (I darajadagi kapitanlar) uchun — 55 yosh;
g) “general-mayor”, “general-leytenant” va “general-polkovnik” harbiy unvonidagi ofitserlar uchun — 60 yosh;
“Armiya generali” harbiy unvonidagi ofitserlar uchun harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasi o‘rnatilmaydi.
112. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan, egallab turgan lavozimida yuksak kasbiy tayyorgarlik va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchi bilan, uning komandirlari (boshliqlari) tomonidan yozilgan iltimosnoma asosida vazirlik rahbari yoki shunday vakolatlar berilgan mansabdor shaxsning qaroriga ko‘ra yoshining chegarasidan tashqari harbiy xizmatda bo‘lish muddatini besh yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirish to‘g‘risida kontrakt tuzilishi mumkin.
113. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi yangi kontrakt tuzish uchun o‘rnatilgan tartibda amaldagi kontrakt muddati tugashidan kamida to‘rt oy oldin bildirgi bilan murojaat qiladi.
114. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi harbiy-tibbiy komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilishi kerak. Harbiy-tibbiy komissiya xulosasi ushbu harbiy xizmatchining harbiy xizmat muddati tugamasdan kamida uch oy oldin harbiy qismga kelib tushishi zarur.
115. Harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan harbiy xizmatchi bilan kontrakt tuzish, yangi kontrakt muddati yoki kontrakt tuzishni rad etish to‘g‘risidagi qaror amaldagi kontrakt muddati tugashidan kamida ikki oy oldin qabul qilinishi, bu to‘g‘rida harbiy xizmatchi yozma ravishda xabardor qilinishi lozim.
[OKOZ:1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.03.00 Turli toifadagi xizmatchilar tomonidan va alohida sharoitda harbiy xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari.]
6-bob. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi
1-§. Harbiy lavozimga tayinlash tartibi
116. Harbiy xizmatchilar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlar va ushbu lavozimlarga muvofiq harbiy unvonlar vazirliklarning rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan maxsus ro‘yxatlar bilan belgilanadi va shtatlarda nazarda tutiladi.
117. Generallar tarkibi lavozimlarini egallashi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxati vazirliklar rahbarlari taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tasdiqlashning boshqa tartibi o‘rnatilgan ofitserlar tarkibi lavozimlarining alohida toifasi bo‘yicha ro‘yxatlar bundan mustasno.
118. Alohida toifadagi ofitserlarni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan harbiy rahbarlik lavozimlariga tayinlash (alohida ro‘yxat bilan belgilanadi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori va farmoyishlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi bilan kelishilgan holda vazirliklar rahbarlarining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
119. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan lavozimga tayinlovlar vazirliklar rahbarlarining buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.
120. Boshqa harbiy xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash yakka tartibda vazirliklarning rahbarlari yoxud lavozimga tayinlash bo‘yicha vakolatlarga muvofiq boshqa mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ularni lavozimga tayinlash vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
121. Buyruq chiqarish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar ro‘yxati vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan mansabdor shaxslar o‘zlarining bevosita bo‘ysunuvida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish huquqiga ega.
122. Harbiy xizmatchi yuqori, teng va quyi harbiy lavozimga tayinlanishi mumkin.
Agar lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozimga nisbatan yuqoriroq harbiy unvon nazarda tutilgan, harbiy unvonlar teng bo‘lganda esa egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq ko‘proq lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim yuqori lavozim hisoblanadi.
Lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozim bilan bir xil harbiy unvon va egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq teng lavozim okladi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim teng lavozim hisoblanadi.
Lavozim uchun shtat bo‘yicha oldingi lavozimga nisbatan pastroq harbiy unvon nazarda tutilgan, unvonlar teng bo‘lganda esa egallab turgan harbiy lavozimiga muvofiq kamroq oklad ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu lavozim quyi lavozim hisoblanadi.
Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi sababli shtat bo‘yicha egallagan lavozimidan ozod etilib, kursantlar yoki tinglovchilar, shuningdek o‘qishni tugatganidan so‘ng boshqa lavozimlarga ham tayinlanishlari mumkin.
123. Harbiy xizmatchilarni yuqori harbiy lavozimlarga tayinlash izchillik bilan, ularning kasbiy va axloqiy-ishchanlik qobiliyatlari, jangovar-xizmat faoliyatida erishgan natijalariga muvofiq, qoidaga ko‘ra, egallagan lavozimida kamida ikki yil xizmat qilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchi lavozim majburiyatlarini o‘zlashtirib olishi uchun u tayinlangan kunidan boshlab uch oylik lavozimda shakllanish davri belgilanadi. Bunda komandir va boshliqlar yangi tayinlangan harbiy xizmatchi bilan muayyan lavozimda uning shakllanishini ta’minlovchi alohida ish olib boradi, unga zarur amaliy yordam ko‘rsatadi. Ushbu davr mobaynida xizmat vazifalarini bajarishdagi kamchiliklari uchun unga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
124. Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar teng harbiy lavozimlarga tayinlanadi:
a) xizmat zaruriyati yuzasidan;
b) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) qiziqishlari va xizmat tajribasidan kelib chiqqan holda uning roziligi yoki tashabbusi bilan harbiy xizmatchidan harbiy xizmatda yanada maqsadga muvofiqroq foydalanish uchun;
g) harbiy xizmatchining asoslantirilgan bildirgisiga binoan oilaviy sharoitiga ko‘ra;
d) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra.
125. Quyidagi hollarda harbiy xizmatchilar quyi harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin:
a) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan — harbiy xizmatchini teng yoki yuqori harbiy lavozimga tayinlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda;
b) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra;
v) harbiy xizmatchining asoslantirilgan bildirgisiga binoan oilaviy sharoitiga ko‘ra;
g) harbiy xizmatchining roziligi yoki uning tashabbusi bilan harbiy xizmatchidan harbiy xizmatda yanada maqsadga muvofiqroq foydalanish uchun;
d) attestatsiya komissiyasining qaroriga asosan ishchanlik va axloqiy sifatlariga qarab;
e) “lavozimda pastlatish” intizomiy jazo chorasini qo‘llash tartibida.
126. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini harbiy lavozimga tayinlash, u haqida bevosita boshliqlarning fikri va attestatsiya komissiyasining qarorini hisobga olgan holda, mazkur Nizomning 169-bandiga muvofiq holatlarda tegishli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
127. Harbiy xizmatchilarni harbiy lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga rioya qilinadi:
a) oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibi lavozimlari zarur ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va yetarlicha axloqiy-ishchanlik sifatlarga ega bo‘lgan tegishli tarkib harbiy xizmatchilari bilan butlanadi. Ushbu lavozimlarga boshqa toifadagi harbiy xizmatchilarni tayinlashga vazirlik rahbari tomonidan belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi;
b) harbiy hisob ixtisosligiga ko‘ra asosiy yoki unga yaqin mutaxassislik bo‘yicha yoxud amaliy ish tajribasiga muvofiq lavozimga tayinlash ta’minlanadi, harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun yangi bo‘lgan mutaxassislik bo‘yicha lavozimlarga, qoida tariqasida, ular tegishli kurslarda (yig‘inlar, amaliy stajirovkalar) qayta tayyorlashdan o‘tgandan so‘ng tayinlanadi;
v) jangovar-xizmat faoliyatida yoki O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishdagi harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yuksak darajadagi kasbiy va ma’naviy-axloqiy xususiyatlar va tashkilotchilik qobiliyatlarini ko‘rsatgan hamda xizmatda ko‘tarilishga tavsiya qilingan harbiy xizmatchilar yuqori lavozimlarga birinchi navbatda tayinlanadigan nomzodlar hisoblanadi;
g) tegishli komandirlar (boshliqlar)ning ixtiyorida bo‘lgan harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlash imkoni boricha qisqa muddatda, biroq ular avvalgi lavozimidan bo‘shatilgan kundan boshlab ko‘pi bilan ikki oy ichida amalga oshiriladi;
d) haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lish yoshining chegarasiga yetmagan, harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ular sog‘lig‘ining holati, tayyorgarligi va xizmat tajribasini hisobga olgan holda vazifalarini bajarishi mumkin bo‘lgan boshqa lavozimlarga tayinlashning zaruriyati va muddati bevosita tegishli komandirlar (boshliqlar) tomonidan belgilanadi. Harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan harbiy xizmatga cheklangan yaroqli deb topilgan harbiy xizmatchilarni ushlab turishga ruxsat etilgan harbiy lavozimlar ro‘yxati vazirliklar tomonidan belgilanadi;
e) ayol harbiy xizmatchilar tinchlik vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan vazirliklar rahbarlarining qo‘shma qarori bilan belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ayollar mehnatidan foydalanish taqiqlangan ishlar ro‘yxatini inobatga olgan holda harbiy lavozimlarga tayinlanadi;
j) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlangan va avvalgi lavozimlarga teng lavozimlarni egallash uchun zarur bo‘lgan talablarga javob beruvchi harbiy xizmatchilar xizmat bo‘yicha ko‘tarilishda imtiyozli huquqdan foydalanadi;
z) intizomiy chora qo‘llash tartibida lavozimdan pastlatilgan harbiy xizmatchilar mazkur chora olib tashlangandan keyingina yuqori lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
i) harbiy xizmatchilarni tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, sog‘lig‘ining holati yoki oilaviy sharoitiga ko‘ra quyi harbiy lavozimlarga tayinlash mansabdor shaxslar tomonidan harbiy lavozimga tayinlash bo‘yicha o‘zlariga berilgan huquqlar doirasida, agar ularni tegishli mutaxassislik bo‘yicha avvalgi harbiy lavozimiga teng yoki undan yuqori harbiy lavozimga tayinlashning imkoni yo‘q bo‘lsa, amalga oshiriladi;
k) vakant lavozimni zudlik bilan to‘ldirish zarurati tug‘ilganda alohida harbiy qism komandiri va undan katta lavozimdagi bevosita boshliqqa ushbu harbiy lavozimga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan boshliqning roziligi bilan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishga tayinlashga ruxsat etiladi;
l) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra uchish ishlariga, daryo katerlaridagi xizmatga, maxsus inshootlarda ishlashga yaroqsiz deb topilgan, lekin haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yoshi chegarasiga yetmagan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli yoki harbiy xizmatga cheklangan yaroqli kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar uchish ishlari, daryo katerlaridagi xizmat yoxud maxsus inshootlarda ishlash vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimlarga tayinlanadilar;
m) o‘zaro yaqin qarindoshligi va quda-andaligi bo‘lgan (ota-ona, er-xotin, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlar (shu jumladan asrab olingan farzandlar), shuningdek er-xotinlarning aka-ukalari, opa-singillari va ota-onalari va farzandlari) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni, agar ularning haqiqiy harbiy xizmatni o‘tashi birining ikkinchisi qo‘l ostida yoki nazoratida bo‘lishini taqozo etsa, qo‘shilma darajasidagi va, shu jumladan unga tenglashtirilgan bir harbiy qismga tayinlashga ruxsat etilmaydi;
n) harbiy xizmatchilar tibbiy xulosaga muvofiq va ularning roziligi bilan ish hajmi kamroq bo‘lgan yoki tegishli xizmat sharoitlariga ega lavozimlarga tayinlanishi mumkin.
128. Ofitserlar tarkibini lavozimlarga tayinlashda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
a) oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ushbu muassasalarni tamomlaganlaridan so‘ng tegishli vakant lavozimlarga tayinlanadi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, xorijiy davlatlarning harbiy akademiyalari yoki ularga tenglashtirilgan oliy ta’lim muassasalarini tugatgan ofitserlar tarkibiga mansub shaxslar vazirliklar rahbarlari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida, harbiy akademiyaga kirguniga qadar egallagan lavozimini hisobga olgan holda, asosan oliy harbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar egallashi lozim bo‘lgan harbiy lavozimlarga tayinlanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlarga tayinlashning imkoni bo‘lmaganda bunday harbiy xizmatchilar boshqa, ammo avval egallagan lavozimlardan past bo‘lmagan harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin;
v) zaxiradan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va tegishli komandirlar (boshliqlar) ixtiyoriga yuborilgan ofitserlar mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi yo‘llanmasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatni o‘tash joyiga jo‘nagan kundan boshlab bir oydan kechikmagan muddatda harbiy lavozimlarga tayinlanadi.
129. Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
Oldingi tahrirga qarang.

a) oliy harbiy ta’lim muassasasi, oliy ta’limdan keyingi institutga qabul qilingan harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan bo‘shatiladi (mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno) hamda kursant, tinglovchi, doktorant yoki ta’lim olayotganlar uchun nazarda tutilgan boshqa lavozimga tayinlanadi;


(129-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmonitahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
Oldingi tahrirga qarang.

b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi hamda respublika va xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan oliy ta’lim muassasalari, shuningdek oliy ta’limdan keyingi institutga qabul qilingan ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarda o‘qish muddati mobaynida ular oxirgi egallagan lavozimiga ko‘ra belgilangan ta’minotning barcha turlari va normalari saqlanib qoladi.


(129-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmonitahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)
130. Oliy harbiy ta’lim muassasasiga qabul qilingan fuqaro kursant lavozimiga tayinlanadi.
131. Harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod qilish va komandir (boshliq)ning ixtiyoriga o‘tkazishga taalluqli bo‘lgan hujjatlarning shakli va mazmuni, shuningdek ularni rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
132. Muddatli harbiy xizmatchi yangi xizmat joyiga uning roziligisiz o‘tkaziladi. Muddatli harbiy xizmatchilarni bir joydan boshqa joyga o‘tkazish quyidagi mansabdor shaxslarning buyrug‘i (farmoyishi) bilan amalga oshiriladi:
a) harbiy qism doirasida — harbiy qism komandirining buyrug‘i bilan;
b) qo‘shilma doirasida — qo‘shilma komandirining buyrug‘i bilan;
v) birlashma doirasida — birlashma shtabi boshlig‘ining buyrug‘i bilan;
g) bir birlashmadan boshqasiga va Qurolli Kuchlarning bir turidan boshqasiga (bir vazirlik tizimida) — vazirlik rahbari tegishli o‘rinbosarining buyrug‘i bilan.
133. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini oilaviy sharoitiga ko‘ra yangi xizmat joyiga o‘tkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
a) harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga muvofiq harbiy xizmatchi oila a’zolarining (eri, xotini, farzandlari va harbiy xizmatchining qaramog‘idagilar) ushbu joyda yashash imkoniyati bo‘lmaganda;
b) yashash joylaridagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi organi komissiyasining xulosasiga muvofiq doimiy o‘zgalar parvarishiga (yordamga, nazoratga) muhtoj va harbiy xizmatchining parvarish qilish imkoni bo‘lgan boshqa aka-ukalari bo‘lmagan taqdirda, alohida yashovchi otasi, onasini (shu jumladan eri, xotini) doimiy parvarishlash uchun.
134. Agar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini yangi harbiy xizmat joyiga o‘tkazilayotganda oilasining turar joyi o‘zgarsa hamda xotini (eri) ham kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi bo‘lsa, unda harbiy xizmatchini yangi harbiy xizmat joyiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda xotinini (erini) ham ushbu joyga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi.
135. Xizmat joyini o‘zgartirgan harbiy xizmatchilar ishlari va lavozimini topshirgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi bilan belgilangan muddatdan kechikmay, biroq harbiy qism uning harbiy xizmat joyi o‘zgarganligi to‘g‘risida buyruq yoki yozma xabarnoma olgan kundan boshlab ko‘pi bilan yigirma sutkada yangi xizmat joyiga yuborilishi kerak, harbiy xizmatchi navbatdagi ta’til yoki davolanishda bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
136. Muddatli harbiy xizmatni o‘tamagan, o‘qishning ikkinchi yili boshlanmasdan oliy harbiy ta’lim muassasasidan chetlashtirilgan, o‘qishdan chetlashtirilgan vaqtda chaqiruv yoshiga yetgan va bo‘shash huquqiga ega bo‘lmagan kursantlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun harbiy qismlarga jo‘natiladi. Chaqiruv yoshiga yetmagan shaxslar harbiy hisobga qo‘yish uchun yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limiga yuboriladi.
O‘qishning ikkinchi yilida oliy harbiy ta’lim muassasasidan chetlashtirilgan kursantlar (intizomsizligi va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilganlar bundan mustasno) oddiy askar va serjantlar tarkibi lavozimlarida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinishi mumkin.
137. Oliy harbiy ta’lim muassasalaridan chetlashtirilgan (intizomsizligi va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilganlar bundan mustasno) harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar yangi xizmat joyiga yuboriladi.
138. Harbiy xizmatdan tashqari davlat xizmatining boshqa turlari nazarda tutilgan vazirliklarda maxsus unvonga ega xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin. Ushbu xodimlarning xizmat joyini bir vazirlikdan boshqasiga o‘zgartirish davomida ularni bo‘linmalar tarkibida harbiy lavozimlarga tayinlashda ham aynan shu tartib tatbiq etiladi.
2-§. Harbiy xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish
139. Barcha toifadagi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tashi va ularning xizmat martabasi haqiqiy harbiy xizmatning butun muddati davomida uzluksiz ravishda tahsil olish va malaka oshirish bilan kechishi lozim.
140. Birinchi xizmat yili tugashi bilan oliy harbiy ta’lim muassasa boshlig‘iga komandir va boshliqlar tomonidan oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining barcha ta’lim predmetlari bo‘yicha tayyorgarlik darajasiga bahodan iborat taqrizlar taqdim etiladi.
3-§. Lavozim bo‘yicha majburiyatlarni vaqtincha bajarishni yuklash tartibi
141. Xizmat zaruriyati yuzasidan harbiy xizmatchiga quyidagilar yuklatilishi mumkin:
a) o‘zi egallamagan vakant lavozimni vaqtincha bajarish (lvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etiladi;
b) o‘zi egallamagan lavozim (uni egallagan harbiy xizmatchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa yoki lavozimdan chetlatilgan bo‘lsa) majburiyatlarini vaqtincha bajarish (lmvb). Bu holda harbiy xizmatchi oldingi egallagan lavozimidan ozod etilmaydi.
142. Vakant lavozimni vaqtincha bajarishning (lvb) uzluksiz muddati olti oydan oshmasligi kerak.
Ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan so‘ng lavozimni vaqtincha bajarib turgan harbiy xizmatchini yoki boshqa harbiy xizmatchini ushbu lavozimga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinishi lozim.
143. Harbiy xizmatchiga lavozimni (majburiyatni) vaqtincha bajarishni yuklatish va uni egallagan lavozimni (majburiyatni) bajarishdan ozod etish vakolatli mansabdor shaxsning buyrug‘i (farmoyishi) bilan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan lavozim vazifalarini vaqtincha bajarishni harbiy xizmatchiga yuklatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda vazirlik rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
144. Harbiy qism komandiri (boshlig‘i) o‘zi vaqtincha bo‘lmagan vaqtda lavozimi bo‘yicha vazifalarni vaqtincha bajarishni o‘rinbosarlaridan biriga yuklaydi.
Boshqa hollarda harbiy xizmatchiga uning vazifalarini vaqtincha bajarish harbiy qism komandiri yoki yuqori turuvchi, uning bevosita boshlig‘i bo‘lgan komandir (boshliq) tomonidan yuklatiladi.
4-§. Komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazish tartibi
145. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazilishi mumkin.
Komandir (boshliq) ixtiyoriga o‘tkazish ushbu harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning buyrug‘i (farmoyishi) bilan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.

146. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchini komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazish hamda tegishli to‘lovlarni to‘lash quyidagi holatlarda va muddatlarga amalga oshiriladi:


a) tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi yoki boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan lavozimdan bo‘shatilganda — ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda.
Bunda harbiy xizmatchiga quyidagi to‘lovlar amalga oshiriladi: harbiy unvon maoshi, oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha lavozim maoshi, xizmat yillari uchun ustama, maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan ustama (15 foizgacha), bir yo‘la to‘lanadigan pul ta’minoti, qonunchilikda belgilangan tartibda oziq-ovqat payogi uchun kompensatsiya puli va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi;
b) bir oydan ortiq vaqt davomida bedarak yo‘qolganida — harbiy xizmatchi harbiy qismga qaytgunicha (agarda uning harbiy xizmatni davom ettirishi to‘g‘risida boshqa qaror qabul qilinmagan bo‘lsa) yoki uning bedarak yo‘qolgan deb tan olingani yoki vafot etgan deb e’lon qilingani to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kunga qadar (o‘sha kunni ham qo‘shib hisoblaganda).
Bunda pul ta’minoti harbiy xizmatchining oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha, harbiy xizmatchi harbiy qismga qaytgunicha (agarda uning harbiy xizmatni davom ettirishi to‘g‘risida boshqa qaror qabul qilinmagan bo‘lsa) yoki uning bedarak yo‘qolgan deb tan olingani yoki vafot etgan deb e’lon qilingani to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kunga qadar (o‘sha kunni ham qo‘shib hisoblaganda) harbiy xizmatchiga (uning oila a’zolariga) o‘n ikki oydan oshmagan muddatda to‘liq to‘lanadi;
v) harbiy xizmatchi asirda yoki garov sifatida ushlangan hollarda — asirda bo‘lgan yoki garov tariqasida ushlab turilgan butun davr davomida.
Bunda pul ta’minoti harbiy xizmatchiga (uning oila a’zolariga) oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan davr uchun to‘liq to‘lanadi (o‘z ixtiyoriga ko‘ra asirda bo‘lgan (garov tariqasida ushlab turilgan) yoki O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan jinoyat sodir etgan hollar bundan mustasno);
g) harbiy xizmatchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan kundan boshlab.
Bunda harbiy xizmatchiga nisbatan sudning qarori qabul qilingan kungacha pul ta’minoti to‘lanmaydi;
d) harbiy xizmatchi bola parvarishi ta’tilida bo‘lganligi munosabati bilan — ushbu ta’til tugagunga qadar.
Bunda ko‘rsatilgan davrda harbiy xizmatchiga pul ta’minoti to‘lanmaydi. Turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lanadi;
e) harbiy xizmatchi olti oydan ko‘proq muddatga tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malaka oshirish kurslariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga o‘qishga yuborilganda quyidagi to‘lovlar: harbiy unvon maoshi, oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo‘yicha lavozim maoshi, xizmat yillari uchun ustama, maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan ustama (15 foizgacha), bir yo‘la to‘lanadigan pul ta’minoti, qonunchilikda belgilangan tartibda oziq-ovqat payogi uchun kompensatsiya puli va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi — o‘qishning butun muddati davomida saqlanib qolinadi;
j) sud tomonidan harbiy xizmatchini egallagan lavozimidan chetlatish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan holatda — ko‘rsatilgan ajrim bekor qilingunga yoki jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilingunga qadar.
Bunda pul ta’minotini to‘lash mazkur Nizomning 148-bandidabelgilangan tartibda amalga oshiriladi;
z) harbiy xizmatchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilganda — qamoqqa olingan kundan boshlab ushbu ehtiyot chorasi bekor qilingunga qadar.
Bunda ko‘rsatilgan davrda harbiy xizmatchiga pul ta’minoti to‘lanmaydi.
(146-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PQ-5035-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.03.2021-y., 07/21/5035/0228-son)
147. Sud ajrimi asosida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan harbiy xizmatchilar tergov olib borilayotgan butun davrda tegishli komandirlarning (boshliqlarning) ixtiyoriga o‘tkaziladi va jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilinmagunga qadar haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatilmaydi, mazkur Nizomda belgilangan holatlar bundan mustasno.
148. Sud ajrimi asosida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan harbiy xizmatchi sud ajrimining nusxasi komandirga (boshliqqa) kelib tushgan kundan boshlab uning ixtiyoriga o‘tkaziladi.
Komandir (boshliq) sud ajrimining nusxasini olgan vaqtdan boshlab shaxsiy tarkib bo‘yicha buyruq chiqmagunga qadar harbiy xizmatchini lavozim majburiyatlarini bajarishdan chetlashtiradi.
Sud ajrimiga asosan egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan harbiy xizmatchiga komandirning (boshliqning) ixtiyorida bo‘lish vaqtida qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy unvoni bo‘yicha okladi (harbiy unvon bo‘yicha okladning ustamalarini hisobga olgan holda), oziq-ovqat payogi va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun kompensatsiya puli to‘lanadi.
149. Komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o‘tkazilgan harbiy xizmatchiga nisbatan sud tomonidan oqlov hukmi chiqarilganda yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoyat ishi tugatilgan holatda u oldingi lavozimiga yoki unga teng lavozimga tayinlanadi, pul ta’minoti, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash esa qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.05.00 Harbiy xizmatdan bo‘shatish]
5-§. Harbiy lavozimdan ozod etish tartibi
150. Harbiy xizmatchi yangi lavozimga (shu jumladan tinglovchi va kursant lavozimiga) tayinlanganda, boshqa lavozimga o‘tkazilganda, boshqa joyga yuborilganda, harbiy xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan boshqa holatlarda egallab turgan lavozimidan ozod etiladi.
151. Harbiy xizmatchini lavozimga tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs yoki yuqori turuvchi komandir (boshliq) ushbu Nizomning 118, 119va 120-bandlariga muvofiq uni egallab turgan lavozimidan ozod etish huquqiga ega.
6-§. Rejalashtirilgan almashtirish tartibida boshqa joyga o‘tkazish
152. Iqlim sharoitlari noqulay joylarda harbiy xizmatni o‘tayotgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar reja asosida boshqa joyga o‘tkaziladi.
Ko‘rsatilgan joylarda harbiy xizmatni o‘tash muddati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi (ushbu muddat vakolat muddatlari qonunchilik bilan belgilanadigan mansabdor shaxslar uchun — ularning vakolat muddatiga teng).
Xizmat zaruriyati va o‘zining roziligi bilan harbiy xizmatchi ko‘rsatib o‘tilgan joyda harbiy xizmatini davom ettirishi mumkin.
153. Harbiy xizmatchilarni reja asosida boshqa joyga o‘tkazishni tashkillashtirish va o‘tkazish tartibi vazirlik rahbari tomonidan belgilanadi.
7-§. Harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish tartibi
154. Qurolli Kuchlarda tashkiliy-shtat tadbirlarini o‘tkazishda harbiy xizmatchilar harbiy qism (bo‘linma) tarkibida harbiy xizmatni davom ettirish uchun bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazilishi mumkin. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish faqat ularning yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
155. Lavozimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatining nomenklaturasiga kirmaydigan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazish manfaatdor vazirliklarning rahbarlari bilan kelishilgan holda yakka tartibda amalga oshiriladi.
156. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi o‘tkazishga rozilik bermagan taqdirda, u vaqtincha, bir oygacha bo‘lgan muddatga harbiy qism (bo‘linma) tarkibida bo‘linmaga rahbarlik qilish, ish va lavozimini topshirish uchun boshqa vazirlikka xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda harbiy xizmatchi bilan tuzilgan oldingi kontrakt davom ettiriladi, ammo harbiy xizmatchi u bajarayotgan lavozim uchun belgilangan me’yorlar bo‘yicha xizmat safariga yuborilgan vazirlik tomonidan ta’minotning barcha turlari bilan ta’minlanadi.
Xizmat safari muddati tugagandan so‘ng harbiy xizmatchi xizmatni davom ettirish uchun xizmat safariga yuborgan vazirlikka qaytib keladi. Ushbu harbiy xizmatchi xizmat safariga yuborilgan vaqtgacha egallab turgan lavozimidan past bo‘lmagan lavozimga o‘rnatilgan tartibda tayinlanishi lozim. Tegishli lavozimga tayinlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda harbiy xizmatchi quyi yoki yuqori harbiy lavozimga tayinlanishi yoxud tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan (boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda) Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilishi mumkin.
157. Harbiy xizmatchilar bir vazirlikdan boshqa vazirlikka o‘tkazilganlarida oldingi xizmat joyining shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqariladi va o‘tkazilgan vazirlikning shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritiladilar. Harbiy xizmatchi o‘tkazilgan vazirlik bilan yangi kontrakt tuzilmaydi.
158. Shu bilan birga, ushbu harbiy xizmatchilar yangi xizmat joyi shaxsiy tarkibi ro‘yxatiga kiritilgan kunga qadar o‘zi ketayotgan vazirlikda harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lib hisoblanadilar.
8-§. Harbiy xizmatchilarni davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga xizmat safariga yuborish tartibi, ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlari
159. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatda qoldirilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanishi, shuningdek tegishli organlar va tashkilotlar rahbarlarining so‘rovnomalariga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, boshqa tashkilotlarga (keyingi o‘rinlarda — organlar va tashkilotlar) xizmat safariga yuborilishi mumkin.
160. Harbiy xizmatchilarni tegishli organlar va tashkilotlar rahbarlarining so‘rovnomalari asosida xizmat safariga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda organlar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan harbiy xizmatchilarda xizmat safarigacha egallab turgan lavozimiga mos (tenglashtirilgan) harbiy lavozimlar uchun belgilangan ta’minotning barcha turlari bilan ta’minlanishi, kafolatlari va imtiyozlari saqlanadi.
161. Xizmat safariga yuborilgan harbiy xizmatchi bilan oldin tuzilgan harbiy xizmat uchun kontraktning amal qilish muddati butun xizmat safari davrida to‘xtatib turiladi.
162. Organlar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berilishi, oldin egallagan lavozimidan qat’i nazar, ularni yuborgan vazirliklar rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Harbiy unvonlarni berish va taqdirlash ular xizmat safariga yuborilgan organlar va tashkilotlarning taqdimnomalari bo‘yicha umumiy asosda amalga oshiriladi.
163. Organlar va tashkilotlarga yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ta’tillar harbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda beriladi.
164. Organlar va tashkilotlarga ilgari yuborilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ko‘rsatilgan lavozimlardan ozod etilganidan so‘ng harbiy xizmatni davom ettirish uchun ularni xizmat safariga yuborgan vazirliklarga qaytariladi.
Bunda kontrakt muddati tugagan yoki harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan va harbiy xizmatni davom ettirishni istamagan ushbu harbiy xizmatchilar xizmat safari davrida ular ta’minotda bo‘lgan oxirgi lavozimidan rezervga yoki iste’foga bo‘shatiladilar.
Ushbu harbiy xizmatchilarning harbiy xizmati tugagan kun ularning vazirlik shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqarilgan kun hisoblanadi.
165. Harbiy xizmatchilarni vazirliklarga xizmat safariga yuborish va ular tomonidan harbiy xizmatni o‘tashning boshqa o‘ziga xos xususiyatlari ular harbiy xizmatni o‘tayotgan vazirliklar tomonidan belgilanadi.
9-§. Harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi
166. Harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining samarali boshqaruv tizimini yaratish, qo‘mondonlik lavozimlariga Vataniga sodiq, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash vazifalarini hal etishga qodir malakali yosh mutaxassislarni jalb etish hisobiga eng avvalo, Qurolli Kuchlarning jangovar qobiliyati va jangovar shayligini oshirish, ularning harbiy san’atning zamonaviy yutuqlarini hisobga olgan holda qurilishini tashkillashtirish, nizomga oid tartib va intizomni mustahkamlashga qaratilgan kadrlar bilan ishlashning tarkibiy va ajralmas qismi hisoblanadi.
167. Harbiy xizmatchilarning attestatsiyasi xolisona tarzda quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
ularning xizmat faoliyati va xizmatda erishgan natijalarini baholash;
harbiy xizmatchilarning egallab turgan lavozimiga muvofiqligini belgilash;
harbiy xizmatchilarning kasbiy va axloqiy-ishchanlik sifatlarini baholash.
Harbiy xizmatchilar attestatsiyasi yakunlariga ko‘ra attestatsiyaning maqsadlaridan kelib chiqib tegishli qarorlar qabul qilinadi.
168. Harbiy xizmatchilarning attestatsiyasi haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lishning butun davri mobaynida davriy ravishda amalga oshirilishi kerak.
169. Attestatsiya quyidagicha amalga oshiriladi:
ofitser, serjant va oddiy askar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar — amaldagi kontrakt muddati tugashidan ikki oy oldin;
muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlar — kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish vaqtida.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar yangi kontrakt tuzish, quyi lavozimga tayinlash, davlat mukofoti bilan taqdirlash uchun taqdim etish, shuningdek tomonlardan birining tashabbusi bilan kontraktni muddatidan oldin bekor qilish sababli bo‘shayotganda yoki harbiy xizmatchining nomini obro‘sizlantiruvchi xatti-harakatni sodir etganda majburiy ravishda attestatsiyadan o‘tkaziladilar.
Harbiy prokuratura organlarining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarining attestatsiyasi ushbu idora xodimlari uchun mo‘ljallangan tartibda amalga oshiriladi.
170. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan har qanday toifadagi harbiy xizmatchilar muddatidan ilgari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
171. Attestatsiya o‘tkazish uchun attestatsiya komissiyalari tuzilib, ularning tarkibi, faoliyati va ish tartibi vazirliklar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
Markaziy attestatsiya komissiyasi vazirlikning oliy attestatsiya organi hisoblanadi.
172. Attestatsiya attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tayotgan shaxs ishtirokida o‘tkaziladi. Attestatsiya komissiyasi raisining qaroriga binoan attestatsiya harbiy xizmatchining ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin.
Attestatsiyadan o‘tayotgan shaxs uzrli sabablarsiz attestatsiya komissiyasi majlisiga bir necha marta kelmagan taqdirda, komissiya attestatsiyani uning ishtirokisiz bevosita boshlig‘i (komandiri) tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida o‘tkazishi mumkin bo‘lib, bu haqidagi kelmaslik sabablari ko‘rsatilgan holda bayonnomaga yozuv kiritib qo‘yiladi.
173. Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik asosida o‘tkazilishi kerak.
174. Attestatsiya komissiyalari vazirliklarning belgilangan nomenklaturasiga muvofiq bir xil tipdagi va ularga tenglashtirilgan lavozimlarni egallagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazadi.
175. Harbiy xizmatchini attestatsiyadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha attestatsiya komissiyasi egallab turgan lavozimiga munosib yoki munosib emas degan qarorlardan birini chiqaradi, shuningdek uni harbiy xizmatda keyinchalik qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni beradi.
176. Attestatsiya komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va tegishli komandir (boshliq) tomonidan tasdiqlanadi. Agarda komandir attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lsa, u noroziligining sabablarini ko‘rsatishi va attestatsiya komissiyasining qarorini ko‘rib chiqish uchun yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasiga yuborishi kerak.
177. Attestatsiya komissiyasining tasdiqlangan qarori, attestatsiya bayonnomasidan ko‘chirmalar bo‘linmaga (harbiy qismga) kelib tushgandan so‘ng o‘n kun muddat ichida kadr organlari (komandirlar, boshliqlar) tomonidan harbiy xizmatchilarga imzo ostida yetkaziladi. Xizmat safarida, ta’tilda yoki davolanishda bo‘lgan harbiy xizmatchiga attestatsiya komissiyasining qarori u xizmat joyiga qaytganida yetkaziladi.
178. Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan shaxs attestatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, harbiy xizmatchi qaror unga yetkazilgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida yuqori turuvchi instansiyaga (komissiyaga) shikoyat bilan murojaat etish huquqiga ega.
179. Attestatsiyadan o‘tkazilayotgan shaxsning shikoyatini yuqori turuvchi instansiya (komissiya) ko‘rib chiqishi davrida attestatsiyada aks ettirilgan qaror va tavsiyalarning ijrosi to‘xtatib turiladi.
Yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasining qarori va tavsiyalari komissiya majlisining bayonnomasi tasdiqlangan kundan boshlab ijro qilinishi kerak.
Yuqori turuvchi attestatsiya komissiyasining qarori va tavsiyalari ustidan ularni sud tartibida ko‘rib chiqishni so‘rab sudga shikoyat bilan murojaat qilingan hollarda qabul qilingan qaror va tavsiyalarning ijrosi to‘xtatilmaydi.
180. Attestatsiya komissiyalarining qarorlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat bilan murojaat qilinishi mumkin.
[OKOZ:1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.17.00.00 Harbiy xizmatchilar maqomi. Harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish / 15.17.02.00 Xizmatchilar, xizmatdan bo‘shagan fuqarolar va ular oila a’zolarining huquq va erkinliklari]
7-bob. Harbiy xizmatchilarning huquq va majburiyatlari
181. Harbiy xizmatchilar harbiy xizmat shartlarida belgilangan cheklovlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda shaxsiy huquq va erkinliklardan to‘liq foydalanadilar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining barcha majburiyatlarini bajaradilar.
Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmat shartlaridan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Harbiy xizmatchilarning xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi va o‘zlariga topshirilgan uchastkalarda ularning erishgan natijalari qo‘mondonlik tomonidan intizomiy va moddiy rag‘batlantirish choralari bilan taqdirlanishi mumkin.
Harbiy burchni ado etishdagi mardligi va jasorati, jangovar-xizmat faoliyati, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdagi yuqori ko‘rsatkichlari, yangi, murakkab jangovar texnikani a’lo darajada egallagani, qo‘shinlarga namunali rahbarlik qilgani hamda Vatan va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari oldidagi boshqa mislsiz xizmatlari uchun harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlanishga taqdim qilinishlari mumkin.
182. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra bunday vakolatga ega bo‘lgan shaxslardan tashqari hech kim harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyatiga aralashish huquqiga ega emas.
183. Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda qurolni saqlash, olib yurish va qo‘llash huquqiga egadirlar.
184. Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, uy-joy ta’minoti bilan ta’minlanadilar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya va tibbiy ta’minot hamda boshqa ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanadilar.
Oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga:
yil yakunlariga ko‘ra yanvar oyida qo‘shinlar jangovar shayligini saqlab turgani, xizmat majburiyatlarini vijdonan bajargani uchun mukofot pulini to‘lash to‘g‘risidagi buyruq imzolangan kunda belgilangan me’yorlarga ko‘ra ikkita pul ta’minoti okladiga teng miqdordagi bir marta beriladigan pul mukofoti to‘lanadi;
bir yilda bir marta bitta pul ta’minoti okladiga teng miqdordagi moddiy yordam puli to‘lab beriladi.
Bunda, lavozim okladlari amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan oshirishlarsiz hisobga olinadi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini sanatoriylardagi sanatoriy-kurort davolanishi hamda dam olish uylarida (pansionatlarda) profilaktik dam olishini tashkillashtirish tartibi vazirlik tomonidan belgilanadi.
Harbiy xizmatga majburlar harbiy yig‘inlarni o‘tash davrida oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlanadilar, shuningdek harbiy-tibbiy bo‘linma, harbiy qism va muassasalarda bepul tibbiy ta’minotdan, shu jumladan dori vositalari va boshqa tibbiy mulk bilan bepul ta’minlanish huquqidan foydalanadilar.
185. Erkin harakatlanish huquqi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy qismlarning jangovar shayligini saqlab turish va xizmat joyiga o‘z vaqtida kelishni ta’minlash zaruratini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchilarning harbiy qism tashqarisida harakatlanishi, ularning harbiy xizmatni o‘tayotgan garnizon hududidan tashqariga chiqish qoidalari vazirlik tomonidan belgilanadi.
186. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning bir haftalik harbiy xizmat vaqtining umumiy davomiyligi qonunchilikda belgilangan bir haftalik ish vaqtining normal davomiyligidan oshib ketmasligi kerak, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va Qurolli Kuchlarning Umumharbiy nizomlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
To‘liq sutkalik rejimda xizmatni o‘tash uch mahal ovqatlanish va kamida to‘rt soatgacha dam olish uchun vaqt ajratgan holda yigirma to‘rt soat mobaynida amalga oshiriladi.
Xizmatni o‘tashning to‘liq sutkalik rejimida harbiy xizmatchilarga, ularning xohishiga ko‘ra oziq-ovqat payogi uchun belgilangan me’yorlar bo‘yicha belgilangan tartibda qozon ta’minotiga qo‘yish yo‘li bilan xizmatni o‘tash joyi bo‘yicha tekin uch mahal ovqat taqdim qilinishi mumkin.
187. Dam olish va bayram kunlari harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish uchun jalb etilgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga haftaning boshqa kunlari dam olish vaqti beriladi.
188. Muddatli harbiy xizmatchilar xizmat vaqtining davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlari talablariga muvofiq ravishda harbiy qism kun tartibi bilan belgilanadi.
189. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va ular bilan birga yashovchi oila a’zolariga (eri, xotini, farzandlari, shuningdek ularning qaramog‘idagi shaxslar) yangi harbiy xizmat joyida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib va me’yorlar bo‘yicha yashash uchun turar joy beriladi.
Harbiy xizmatchilar va ular bilan birga yashovchi oila a’zolari (eri, xotini, farzandlari, shuningdek ularning qaramog‘idagi shaxslar) turar joy bilan ta’minlanmagan taqdirda, ularga har oyda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan miqdorda turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun kompensatsiya puli to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.

190. Vazirlik tomonidan uy-joy bilan ta’minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyning hisoblangan qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal pulini Davlat budjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lash yo‘li bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi bo‘yicha turarjoylar berilishi mumkin.


(190-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi PQ-362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2022-y., 07/22/362/0779-son)
191. “Polkovnik”, unga tenglashtirilgan yoxud undan yuqori harbiy unvondagi harbiy xizmatni o‘tayotgan yoki harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yoki tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan harbiy xizmatdan bo‘shatilgan ofitserlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari, ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar belgilangan normadan ortiq bir xona yoki umumiy maydonning kamida o‘n olti kvadrat metr miqdorida qo‘shimcha turar joy maydoni olish huquqiga ega.
192. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari (eri, xotini, farzandlari, shuningdek qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar) boquvchisini yo‘qotgan taqdirda ularga boshqa qulay va shinam turar joy bepul ajratilgunga qadar egallab turgan turar joydan majburan ko‘chirib yuborilishi mumkin emas. Harbiy xizmatchi halok bo‘lgandan (vafot etgandan) so‘ng ularda qonunchilikka muvofiq turar joy sharoitlarini yaxshilash huquqi saqlanib qoladi.
193. Harbiy xizmatchilar harbiy-tibbiy bo‘linma, harbiy qism va muassasalarda bepul tibbiy yordam olish, shu jumladan tish protezlarini yasatish va ta’mirlatish (qimmatbaho metall va boshqa qimmat turuvchi materiallardan tayyorlangan protezlar bundan mustasno), dori vositalari, boshqa tibbiy mulk bilan bepul ta’minlanish huquqiga ega. Harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatni o‘tash, yashash joylarida harbiy-tibbiy muassasalar yoki ularda tegishli bo‘limlar yoxud maxsus tibbiy asbob uskunalar bo‘lmagan hollarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan (shoshilinch) holatlarda tibbiy yordam mulkchilik shaklidan qat’i nazar tibbiy muassasalarda ko‘rsatiladi. Harbiy xizmatchilar va harbiy yig‘inlarga chaqirilgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mazkur sog‘liqni saqlash muassasalariga sarflangan xarajatlar vazirliklar tomonidan qoplanadi.
Xarajatlarni qoplash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda vazirliklar tomonidan belgilanadi.
194. Quyidagi hollarda harbiy-tibbiy muassasalardagi bepul tibbiy ta’minot huquqidan sobiq kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar ham foydalanadilar:
a) katta ofitserlar tarkibi va generallar harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lganda, umumiy davomiyligi yigirma besh yil va undan ortiq bo‘lganda esa bu huquq ularning turmush o‘rtoqlariga ham tatbiq etiladi;
b) kichik ofitser, serjant va oddiy askarlar tarkibi harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lganda;
v) harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida shikastlanish (jarohatlanish, travma olish, kontuziya), kasallanish oqibatida nogiron bo‘lib qolganlar.
195. Muddatli harbiy xizmatchilar va oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra sanatoriya-kurort muassasalarida bepul davolanish bilan ta’minlanadilar.
196. Katta ofitserlarning oila a’zolari (eri, xotini, o‘n sakkiz yoshga to‘lmasidan oldin nogiron bo‘lib qolgan o‘n sakkiz yoshdan oshgan farzandlari, ta’lim muassasalarida ta’limning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari) harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy yordam olish huquqiga egalar.
197. Harbiy xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy xizmatdan (harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yoki tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan) bo‘shatilgandan so‘ng halok bo‘lgan (vafot etgan) hamda harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan ofitser va generallarning boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolarida harbiy xizmatchining hayotligida bo‘lganidek tibbiy yordam ko‘rsatish, sanatoriya-kurortlarda davolanish, ushbu davolanish joyiga borish va qaytishda transportdan imtiyozli foydalanish huquqlari saqlanib qoladi.
198. Harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning ota-onalari, turmush o‘rtoqlari va farzandlariga (yigirma uch yoshgacha) harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy yordam olish huquqi beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.

199. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning farzandlari yashash joyi, shu jumladan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlari va o‘rta ta’lim muassasalari, shuningdek vazirliklarning bolalar sog‘lomlashtirish lagerlariga navbatsiz qabul qilinadi.


(199-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)
200. Vazirliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va tashkilotlar o‘z vakolatlari doirasida harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga qo‘shimcha imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalarni belgilash huquqiga ega.
201. Harbiy xizmatchilar xizmat safariga, harbiy xizmatni o‘tash uchun yangi joyga o‘tkazilganligi munosabati bilan, yiliga bir marta asosiy (kanikulyar) ta’tilni, qo‘shimcha ta’tillarni o‘tkazish joylariga, davolanishga borish va qaytishda, harbiy xizmatdan bo‘shaganda o‘zi tanlagan yashash joyiga borishda temir yo‘l, havo, suv va avtomobil (taksidan tashqari) transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lib, bunda oddiy askarlar tarkibiga mansub muddatli harbiy xizmatchilar, shuningdek oddiy askarlar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar qo‘shimcha ravishda shahar ichi, shahar atrofi va mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi jamoat transportining barcha turlaridan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega.
202. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatni o‘tashning yangi joyiga borishda va harbiy xizmatdan bo‘shatilganda o‘n tonnagacha bo‘lgan shaxsiy mulkni konteynerlarda oldingi turar joyidan yangisiga temir yo‘l transportida, temir yo‘l transporti bo‘lmagan joyda esa transportning boshqa turlari (havo transporti bundan mustasno) bilan bepul tashish huquqiga egalar. Shaxsiy mulkni alohida vagonda, bagaj qilib va kichik holda jo‘natilganda ularning haqiqiy xarajatlari qoplanadi, biroq bu miqdor o‘n tonnali yukni konteynerda tashish qiymatidan oshmasligi kerak.
203. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining u bilan birga yashayotgan oila a’zolari harbiy xizmatchilar uchun belgilangan asoslarda: harbiy xizmatni o‘tashning yangi joyiga o‘tkazilgani munosabati bilan harbiy xizmatchining turar joyidan harbiy xizmat joyigacha; harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga ko‘ra davolash muassasalarida davolanishga borish va u erdan qaytish; harbiy xizmatchi harbiy xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek harbiy xizmatchi halok bo‘lganda (vafot etganda) tanlangan yashash joyiga borishda transportdan bepul foydalanish huquqiga ega.
204. Harbiy xizmatchining oila a’zolari harbiy xizmatchining halok bo‘lganligi (vafoti etganligi) munosabati bilan tanlangan yashash joyiga ko‘chib borishda o‘n tonnagacha bo‘lgan shaxsiy mulkni konteynerlarda temir yo‘l transportida, temir yo‘l transporti bo‘lmagan joyda esa transportning boshqa turlari (havo transporti bundan mustasno) bilan bepul tashish huquqiga ega. Shaxsiy mulkni alohida vagonda, bagaj qilib va kichik holda jo‘natilganda ularning haqiqiy xarajatlar qoplanadi, biroq bu miqdor o‘n tonnali yukni konteynerda tashish qiymatidan oshmasligi kerak.
205. Harbiy yig‘inlarga chaqirilgan, harbiy xizmatni (harbiy yig‘inlarni) o‘tash vaqtida vafot etgan yoki tinchlik davrida shikastlanish (jarohatlanish, travma olish, kontuziya), kasallik natijasida vafot etgan harbiy xizmatchilarni, fuqarolarni, shuningdek harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, kontrakt muddatining tugagani yoki tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan harbiy xizmatdan bo‘shatilgandan so‘ng vafot etgan fuqarolarni dafn etish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Harbiy xizmatchi halok bo‘lganda (vafot etganda) uning oila a’zolari u dafn etiladigan joyga bepul borish va qaytish huquqiga ega. Halok bo‘lgan (vafot etgan) va O‘zbekiston Respublikasi hududida dafn etilgan harbiy xizmatchining oila a’zolari bir yilda bir marta dafn etilgan joyga bepul borish va qaytish huquqiga ega.
206. Harbiy xizmatdan bo‘shatilgan, harbiy xizmatining umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan ofitser va generallar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga muvofiq statsionar davolanishga yoki sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalariga borish va qaytishda (yiliga bir marta) temir yo‘l, havo, suv va avtomobil (taksidan tashqari) transportidan bepul foydalanish huquqiga ega. Ko‘rsatib o‘tilgan ofitserlar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi yigirma besh yil va undan ortiq bo‘lgan taqdirda ularning oila a’zolari ham transportdan foydalanishda shunday huquqqa egadir.
207. Agar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga ko‘ra davolash yoki sanatoriya-kurort muassasasiga, kasalligi sababli ta’tilga, harbiy xizmatdan bo‘shaganda tanlangan yashash joyiga ketayotgan harbiy xizmatchini kuzatib boruvchi shaxs zarur bo‘lsa, kuzatib boruvchi o‘zi kuzatib borayotgan shaxs uchun belgilangan asoslarda transportdan bepul foydalanish huquqiga ega.
208. Muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qismlar tomonidan jo‘natiladigan xatlarni O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab bepul yuborish huquqiga egadirlar.
209. Favqulodda vaziyat sharoitlarida va jangovar harakatlar olib borilayotganda vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolariga (eri, xotini, farzandlari, shuningdek uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga) urush davrida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolariga nisbatan belgilangan imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar tatbiq etiladi.
210. Rezervchilar harbiy yig‘inlarda qatnashish davrida quyidagi huquqlarga ega:
harbiy yig‘inlar o‘tkaziladigan joyga temir yo‘l va avtomobil transportida (taksidan tashqari) bepul borish va qaytish;
harbiy qismlar tomonidan jo‘natiladigan xatlarni bepul yuborish;
harbiy-tibbiy muassasalarda bepul tibbiy xizmat bilan ta’minlanish.
Rezervchilar harbiy yig‘inlarda qatnashayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ularning hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan majburiy ravishda sug‘urtalanadi.
211. Fuqarolarning haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan davri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ularning umumiy ish staji va ixtisoslik bo‘yicha ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
212. Harbiy xizmatchilar quyidagi huquqlarga ega emas:
harbiy qismning mulki va moliyaviy mablag‘lari, shuningdek davlatning boshqa mulkini harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda ishlatish;
harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq chiqishlar (ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar bundan mustasno) va nutqlar uchun gonorar olish;
boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanish, ilmiy, pedagogik va boshqa ijodiy faoliyat olib borish bundan mustasno, agarda u harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilmasa;
shaxsan o‘zi yoki vakolatli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, shu jumladan xususiy tijorat tashkilotlarini boshqarishda ishtirok etish, shuningdek xizmat mavqeyidan foydalanib tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga yordam ko‘rsatish;
harbiy xizmat majburiyatlarini bajarganligi uchun jismoniy va yuridik shaxslardan mukofotlar (sovg‘alar, pul mablag‘lari, ssudalar, xizmatlar, ko‘ngilochar, hordiq, transport xarajatlari uchun haq to‘lash va boshqa mukofotlar) olish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlariga muvofiq harbiy xizmatchilar taqdirlanadigan qimmatbaho (shu jumladan ismi yozilgan) sovg‘alar va pul mablag‘lari bundan mustasno;
jismoniy va yuridik shaxslar hisobidan xorijiy xizmat safarlariga borish, xalqaro shartnomalarga muvofiq yoki davlat hokimiyati organlarining xorijiy davlatlarning tegishli davlat hokimiyati organlari yoki xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro kelishuvlari asosida amalga oshiriladigan xizmat safarlari bundan mustasno;
siyosiy partiyalar hamda ijtimoiy, shu jumladan diniy birlashmalarning manfaatlarida, shuningdek ularning g‘oyalarini targ‘ib qilishda o‘z xizmat mavqeyidan foydalanish.
213. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlari va yetkazilgan zarar uchun harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibda intizomiy, ma’muriy, jinoiy, fuqarolik-huquqiy va moddiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
[OKOZ:1.15.00.00.00 Mudofaa / 15.12.00.00 Harbiy xizmat / 15.12.06.00 Harbiy unvonlar, maxsus unvonlar]
8-bob. Harbiy unvonlar
1-§. Harbiy unvon turlari
214. Harbiy unvon:
a) harbiy xizmatchining xizmatdagi va huquqiy mavqeyini, xizmat burchi bo‘yicha unga yuklatilgan mas’uliyat darajasini belgilaydi hamda uning kasbiy tayyorgarlik darajasi va harbiy burchni bajarish ko‘rsatkichi, shaxsiy tarkib tomonidan harbiy xizmatni o‘tash va kadrlarni joylashtirishni samarali tashkillashtirishning muhim sharti hisoblanadi;
b) harbiy yoki maxsus tayyorgarligi, xizmat muddati, qo‘shin turiga mansubligi, shuningdek harbiy xizmat tajribasiga mos ravishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilariga shaxsan beriladi;
v) harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda mavqening katta-kichikligini belgilaydi.
215. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida qonun bilan harbiy xizmatchilarning (harbiy xizmatga majburlarning) quyidagi tarkiblari va ularga tegishli harbiy unvonlar joriy etilgan:




Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling