Vi bob. Bolalar va о‘smirlarning ratsional ovqatlanishi


Download 1.92 Mb.
bet1/84
Sana30.01.2024
Hajmi1.92 Mb.
#1809090
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   84
Bog'liq
BO\'G 6-9- boblar




VI BOB. BOLALAR VA О‘SMIRLARNING RATSIONAL OVQATLANISHI

Bolalar va о‘smirlarning oqilona ovqatlanishi ularning yaxshi о‘sishi, turli a’zolari va tо‘qimalarining morfologik tuzilishi va funksiyasining о‘z vaqtida yetilishi, psixomotor va aqliy rivojlanishining maqbul kо‘rsatkichlari, organizmning infeksiyalar va boshqa yomon tashqi omillar ta’siriga chidamliligi oshishini ta’minlovchi eng muhim shartlardan biridir. Bolalarning oqilona ovqatlanishi , xuddi ularning sog‘lig‘i kabi, davlatning alohida diqqat e’tiborida turmog‘i lozim.


Davlat siyosati aholining sog‘lom ovqatlanishi sohasida quyidagilarga qaratilmog‘i lozim:

  • inson salomatligi – hukumatning eng muhim prinsipidir;

  • oziq-ovqatlar inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligi kerak;

  • ovqatlanish insonning oziq moddalari va quvvatga bо‘lgan ehtiyojini qondiribgina qolmay, balki kasalliklardan asrovchi va davolovchi vazifalarni о‘tashi kerak;

  • ovqatlanish inson organizmini tevarak-atrofning yomon illatlaridan himoyalashga kо‘maklashmog‘i kerak.

Bolalar ovqatlanishini oqilona tashkil etishda kо‘krak suti bilan boqishni qо‘llab-quvvatlash, kichik yoshdagi bolalarni maxsus oziq-ovqatlar bilan , kasal bolalarni shifobaxsh oziq-ovqat bilan ta’minlash, umumiy ta’lim muassasalarida bolalarga belgilangan tartibda issiq ovqat berilishini tashkil etish dasturlari amalga oshiriladi.
Ovqatlanish ham miqdori bо‘yicha, ham tarkibiy sifatiga kо‘ra yetarli bо‘lsa, shuningdek, quvvat sarflanishini qoplasa, tо‘la qonli deb tan olinadi. Bolalarning bir kunlik ovqati ularning yoshi, jinsi, yashash muhitining jug‘rofiy-iqlimiy xususiyatlari, faoliyat turlari va jismoniy yuklamalarning katta-kichikligiga qarab muvozanatlashtiriladi.


6.1. О‘sayotgan organizmda moddalar almashinuvi
Bolalar organizmining fiziologik me’yorlari

Turli yosh davrlarida moddalar almashinuvi о‘zgarib turadi. Bu о‘sish va rivojlanish davri katta tezlikda yuz berib, plastik va strukturaviy jarayonlarni ta’minlaydi. О‘sish davrida oqsillarga bо‘lgan ehtiyoj tana og‘irligining о‘lchoviga qiyosan olganda, kattalarnikiga nisbatan ancha yuqoridir.


Bolalardagi asosiy almashinuv qiymati katta odamlardagi asosiy almashinuvga nisbatan 1,5-2 marta yuqoridir. Asosiy almashinuvning qiyosiy о‘lchami ( 1 kg.tana vazniga kilokaloriyalar hisobida) yosh о‘tgani sayin kichraya boradi: 2-3 yoshli bolalarda – 55, 6-7 yoshlilarda – 42, 10 – 11 yoshlilarda – 33; 12-13 yoshlilarda – 34, kattalarda – 24.
Bolalik va о‘smirlik davri quvvatni nisbatan kо‘proq sarflash bilan ifodalanadi. Katta odamning quvvat sarflashida о‘rtacha 1 kg tana vazniga 45 kkal. tо‘g‘ri kelsa, bu kо‘rsatgich 1-5 yoshli bolalarda – 80-100 kkal, 13-16 yoshli о‘smirlarda 50-65 kkal.ni tashkil etadi.
Bolalar va о‘smirlardagi kuchaygan asosiy almashinuv va quvvat sarflanishi ularning ovqatlanishi tashkil etilishiga alohida yondoshish zarurligini taqoza etadi.
Shunday qilib, turli faoliyat turlariga quvvat sarflanishi sezilarli oshadigan о‘quvchilik va о‘smirlik davrida, ularning ta’minlanishi kundalik oziq-ovqatlar tarkibida oqsillar (14 foizga yaqin), yog‘lar (3foizga yaqin) va uglevodlar (55 foizga yaqin) hisobidan ta’minlanishini nazarda tutmoq lozim.
Muvozanatlashtirilgan ovqatlanish konsepsiyasi oziq-ovqat omillaridan har birining mutloq miqdori va muayyan yoshning о‘ziga xos fiziologik xususiyatlarini hisoblashda ularning nisbatini aniqlashga asoslangan.
Asosiy ovqat tarkibiy qismlarining muvozanatlashtirilmaganligi о‘sishga salbiy ta’sir kо‘rsatib, almashinuv jarayonlarida noxush asorat qoldiradi. Bu, ayniqsa, oqsilli va yog‘li tarkibiy qismlar nisbatining buzilishida namoyon bо‘ladi.
Bolalar ovqatlanishida oqsillar va yog‘larning oqilona nisbati 1: 1 dir. Oqsillar, yog‘lar va uglevodlarning ovqatdagi nisbati kichik yoshdagi bolalar uchun 1:1:3 ni va katta yoshdagi bolalar uchun 1:1:4 ni tashkil etadi.
О‘sish va rivojlanish davrida organizm hujayralari va tо‘qimalarining tarkibiy qismi bо‘lgan, shuningdek, almashinuv jarayonida biokatalizator vazifasini о‘tovchi mineral moddalar plastik funksiyasi juda muhimdir. Suyak tо‘qimalarining yasovchi moddasi bо‘lgan kalsiy alohida e’tiborga sazovordir. Kalsiyning organizmda о‘zlashtirilishi fosfor va magniy miqdoriga bog‘liqligi aniqlangan. Bu moddalar oshiqcha bо‘lsa, kalsiyning о‘zlashtiriluvchi kо‘rinishlari vujudga kelishi cheklanadi va u organizmdan chiqarib tashlanadi. Oziq-ovqat tarkibidagi о‘zlashtirish uchun maqbul bо‘lgan kalsiy va fosfor miqdori emizikli bolalar uchun 1,2:1, 1 yoshdan 3 yoshgacha bо‘lganlar uchun 1:1, 4 yoshdan kattalar uchun 1:1,2 yoki 1:1,5 ga teng. Kalsiy va magniyning maqbul nisbati – 1:0,7 dir.
Singuvchi kalsiyning eng yaxshi manbalari sut va sut maxsulotlaridir. Yaxshi о‘zlashtirilishi va boshqa mineral moddalar bilan yaxshi nisbatda bо‘lishi meva va sabzavotlar tarkibiga kiruvchi kalsiy birikmalariga xos xususiyatdir. Bu ularning ham sut mahsulotlariga teng ravishda bolalar ovqatlanishidagi muhim kalsiy manbaiga aylantiradi.
Bolalarning mis moddasiga bо‘lgan ehtiyoji ham kattadir. Kо‘krak yoshidagi bolalar uchun bu ehtiyoj 1 kg. tana vazniga nisbatan 0,1 mg.ni tashkil etsa, 3-6 yoshdagi bolalar uchun 0,6-0,85 mg/kg.ga teng.
Bolalarning ovqatlanishida suvning roli juda katta. Bu, eng avvalo, suv hujayra va tо‘qimalarning asosiy qismi ekanligi tufaylidir va uning hissasiga inson tanasining 65 foizi tо‘g‘ri keladi. Suv - organizmdagi almashinuvning chiqindi mahsulotlarini chiqarib tashlash uchun zarur. Bolalar bir kecha kunduzda 1,5-2 l suv yо‘qotishadi. Bolalar hayotining 1-chi yilida ichimlik va oziq-ovqat bilan birga tana vaznining 1 kg.ga teng qiyosan 150 ml., 1 – 3 yoshli bolalar – 100 ml., 3 – 7 yoshlilar -60 ml. va bundan katta bolalar – 50 ml. suv iste’mol qilishlari kerak.
Tо‘laqonli ovqatlanish organizmni yetarli miqdorda asosiy oziq moddalari, vitaminlar, mineral moddalar va suv bilan ta’minlamog‘i lozim. U almashtirib bо‘lmaydigan, organizmda sintezlanmaydigan moddalarni qamrab olmog‘i kerakki, bular – juda kerakli aminokislotalar, ba’zi yarim tо‘yinmagan yog‘ kislotalari (YaTYoK), kо‘pgina vitaminlar va mineral moddalardir. Ovqatlanish organizmning sarflaydigan quvvatini tо‘liq qoplashi lozim.
Kundalik taomlar tarkibida barcha moddalar uyg‘unlashgan nisbatda bо‘lishi lozim, bunga esa bola organizmi yaxshi о‘zlashtiradigan maxsulotlar hisobidan erishiladi.
Ovqatlanish organizmning yosh imkoniyatlariga, qisman ovqat xazm qilish apparatining rivojlanganligiga munosib bо‘lmog‘i kerak.
О‘sish va rivojlanish davridagi ovqatlanish bir necha marta о‘zgaradi (og‘iz suti, kо‘krak suti bilan boqish, qо‘shimcha ovqatlantirish, sekin-astalik bilan maxsulot turlari va ularga ishlov berish usullarini oshirgan tarzda aralash ovqatga о‘tqazish). Bunday о‘tish sekin-asta amalga oshiriladi. Bu usul, bola hayotining birinchi yilida amalga oshiriladi, ammo uning maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun ahamiyati saqlanib qoladi.
Turli yosh guruhiga mansub bolalardagi oqsilli, lipidli, vtaminli va mineralli moddalar almashinuvini о‘rganish asosida oziq moddalar va quvvatga bо‘lgan fiziologik ehtiyoj miqdori, turli aholi guruhlari, shu jumladan, tashkillashtirilgan bolalar va о‘smirlar muassasalari majmui uchun ovqatlanishni tashkil etishga asos bо‘luvchi ovqatlanishning fiziologik meyorlari ishlab chiqilgan.
Ovqatlanishdagi fiziologik ehtiyojlar turli yosh guruhlari va jinslarga bog‘liq holda (1 – 4 jadvallar) namoyon bо‘ladi.
6.1-jadval



Download 1.92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   84




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling