Yerdan foyadalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi


Download 0.93 Mb.
bet1/2
Sana29.07.2020
Hajmi0.93 Mb.
#125077
  1   2
Bog'liq
БМИ



‎‎O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI

‎‎TOSHKENT DAVLAT YURIDIK UNIVERSITETI

‎‎



‎‎


EKOLOGIYA VA AGRAR HUQUQI” KAFEDRASI

‎‎OMONTOSHEV FERUZ NORMAMATOVICHNING




YERDAN FOYADALANISH VA MUHOFAZA QILISHNING IQTISODIY MEXANIZMI

mavzusida yozilgan



BITIRUV MALAKAVIY ISHI

Bajardi:“Fuqarolik-huquqiy faoliyati” soha mutaxasisligi 4-kurs talabasi Omontoshev Feruz Normamatovich



‎‎

Ilmiy rahbar: Ekologiya va agrar huquqi” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi, Kenjayev Rustam Haydarovich



TOSHKENT – 2020
MUNDARIJA

KIRISH…………………………………………………………………….3

I-BOB. YERDAN FOYDALANISH VA MUHOFAZA QILISHNING IQTISODIY MEXANIZMINI TASNIFI .............................................................9


    1. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash tushunchasi va xususiyatlari……………………………....9-18

    2. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy-huquqiy chora-tadbirlarini asosiy maqsadi va yo‘nalishlari…………………………....19-31


II-BOB. YERDAN FOYDALANISH VA MUHOFAZA QILISHNING IQTISODIY MEXANIZMINI TIZIMI...............................................................32

2.1. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini rejalashtirish va moliyalashtirish……………………………………………...32-45

2.2. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy asoslari ……………………………………………………………....46-56
XULOSA……………………………………………………………….57-59
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI..........................60-65
KIRISH

Bitiruv malakaviy ish mavzusining dolzarbligi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach yerdan foydalanish va uni muhafaza qilish ustidan davlat boshqaruvining huquqiy asoslari yaratilib, erdan foydalanishning tashkiliy-huquqiy shakllari, uni boshqarish tartibi, xo‘jalik yuritish va mehnatni tashkil qilishning bozor iqtisodiyoti qonunlariga javob beradigan tizimi vujudga kelmoqda.

Mamlakatimizda mazkur masalaga katta e’tibor berilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida,“Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir”1,-deb ko‘rsatilganligi ham e’tiborga molikdir. Yer jamiyat boyligining manbai, insoniyat uchun moddiy boyliklar yaratish va ishlab chiqarishni xom ashyo bilan ta’minlashning tabiiy negizidir. Moddiy boyliklarni ishlab chiqarish jarayonida esa, yer asos (bazis) va ishlab chiqarish vositasi sifatida qatnashadi.

Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi2.

Umuman olganda, ishlab chiqarish jarayoni va insoniyatning hayoti yer va undan foydalanish bilan chambarchas bog’liq. Shuning uchun ham yerni asrash va undan oqilona foydalanish insoniyat oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha jami yerlar 44892,4 ming gektarni tashkil etib, yerlardan foydalanish maqsadi va tartibiga ko‘ra 8 ta toifaga bo‘linadi, jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar; aholi punktlarining yerlari; sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar; tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar; tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar; o‘rmon fondi yerlari; suv fondi yerlari; zaxira yerlar1. Ushbu toifadagi yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqisodiy mexanizmlarini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish ustuvor o’rin tutmoqda.

Xususan, birgina qishloq xo’jaligi sohasini misol qilib oladigan bo’lsak, O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiningO‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash” to‘g‘risidagi 2019 yil 23 oktyabrdagi PF-5853-son Farmonida qishloq xo‘jaligi sohasida soliqqa tortish tizimini chuqur tahlil qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish belgilangan va bu borada qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda2.

Ma’lumki, iqtisodiy-huquqiy chora-tadbirlar tizimining yetarli darajada shakllanmaganligi o‘z navbatida yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmining tarkibiy qismlari hisoblangan boshqaruv, nazorat, yuridik javobgarlik kabi institutlarning zaiflashuviga, bu esa yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlariga oid normalarning amalda ishlamasligiga olib keladi. Shu jihatdan yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash muammosi iqtisodiy kafolat tizimining tarkibiy qismi sifatida alohida ahamiyatga egaki, bu holat mavzuning dolzarbligini asoslovchi muhim holatlardan bo‘lib hisoblanadi. Zero, yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini rivojlantirish hamda takomillashtirish dolzarb ahamiyatga egadir.

Mazkur tadqiqotda o‘rganilayotgan yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi o‘z tarkibiga ko‘ra murakkab va xilma-xil bo‘lib, turli shakl va usullarda amalga oshiriladi. Uning eng asosiy tarkibiy qismlaridan bo‘lgan soliq va to‘lovlar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi.

Binobarin, tabiiy resurslarning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushining beqiyos ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini maqbul shakllarini yaratish va ularni huquqiy ta’minlsh masalasiga alohida e’tibor qaratilishi hamda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi tabiiydir.

Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi mavzusining dolzarbligi, uning bugungi kunda soliq va byudjet qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan o‘zaro uzviy aloqadorligi bilan ham izohlanadi. Bundan tashqari, ushbu sohadagi iqtisodiy-huquqiy chora-tadbirlarning nazariy-amaliy jihatdan yetarli tadqiq etilmaganligi, yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini yanada rivojlantirish va takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, mazkur masalaning nazariy va amaliy jihatlarini kompleks tadqiq etish dolzarb ahamiyatga egadir.



Bitiruv malakaviy ishi mavzusining o’rganilganlik darajasi. Ta’kidlash lozimki, yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishning nazariy-amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar nafaqat respublikamizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham kam tadqiq etilgan masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Ushbu mavzuning ayrim nazariy tomonlari mustaqillik yillarida respublikamiz huquqshunos olimlari, U.B.Bozorov, Y.O.Jo‘raev, M.B.Usmonov, SH.X.Fayziyev, J.T.Xolmo‘minov, D.M.Umarov, D.N.Mahkamov, M.R.Mirzaabdullaeva, R.H.Kenjayev, M.M.Nurmatov, G.SH.Uzakova, SH.O.Boboqulov va boshqalar tomonidan qisman tadqiq etilganligini guvohi bo‘lamiz. Mualliflar jamoasi tomonidan e’lon qilingan Yer huquqi darsligi va “O‘zbekiston yer huquqining nazariy muammolari” nomli monografiyada yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tushunchasi, mohiyati, huquqiy tabiati, boshqarish usullari tadqiq etilgan1. Shuningdek, M.M. Nurmatov tomonidan ushbu mavzuga oid yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozagan dessirtatsiyasida ham yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tushunchasi, mohiyati, huquqiy tabiati, boshqarish usullari tadqiq etilgan.

Mavzuga oid nazariy-huquqiy masalalarning ayrim jihatlari MDH va xorijiy davlatlarda M.M. Brinchuk (tashkilotni xususiylashtirish va bankrotligi bilan bog‘liq jihatlarini), G.A. Volkov (chiqindilarni joylashtirganlik uchun haq undirish muammolari), B.G. Rozovskiy (tabiatni muhofaza qilish faoliyatini rag‘batlantirish bilan bog‘liq qismini), A.A. Tranin (xorijiy tajribani qiyosiy tahlil qilish asosida) kabi huquqshunos olimlar tomonidan tadqiq etilgan2.

Fikrimizcha,yuqorida keltirilgan manbalarda yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi muammolari hamda bu boradagi qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish masalalari zamon talabi asosida o‘rganilgan deb bo‘lmaydi.



Bitiruv malakaviy ishining maqsadi. O‘zbekiston Respublikasida yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish va yanada takomillashtirish borasida tegishli nazariy-amaliy takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Bitiruv malakaviy ishining asosiy vazifalari. Bitiruv malakaviy ishda ko‘zlangan maqsad asosida ilmiy-tadqiqot oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:

  • yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi, uning mohiyati, huquqiy asoslari, elementlari va yuridik tabiatini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish hamda o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash;

  • yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini mazmunini ochib berish;

  • yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tizimini tadqiq etish hamda uning hozirgi zamon talablariga javob berish darajasini aniqlash;

  • ushbu sohadagi milliy qonunchilik qoida-talablarini xalqaro-huquqiy hujjatlar hamda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi asosida qiyosiy tahlil qilish;

  • yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik holatini tahlil etish hamda mazkur qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir ilmiy asoslantirilgan takliflar berish;

  • yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini qonunchiligini buzganlik uchun yuridik javobgarlik turlarining o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qilish va javobgarlik bilan bog‘liq qoida-talablarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqish.

Bitiruv malakaviy ishining obyekti. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar hisoblanadi

Bitiruv malakaviy ishining predmeti. Yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lash, yerdan foydalanish va muhofaza qilish bilan bog’liq chora-tadbirlarini moliyalashtirish va rejalashtirish, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatidagi jamg‘armalar, iqtisodiy rag‘batlantirish, ekologik sug‘urta va tabiiy resurslar kadastrining shakllanishi, mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik holati hamda mazkur qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir masalalar mazkur Bitiruv malakaviy ishining predmetini tashkil etadi.

Tadqiqot metodlari. Qiyosiy-huquqiy, tizimlilik, mantiqiy tahlil, statistik, tasmiy-yuridik, amaliyot natijalarini umumlashtirish va shu kabi ilmiy bilish usullaridan iborat.

Bitiruv malakaviy ishining ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalari va unda ilgari surilgan g‘oyalardan yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi bilan bog‘liq muammolarni yanada chuqurroq o‘rganishda, bu boradagi qonun hujjatlarini takomillashtirishda, “Yer huquqi”, “Ekologiya huquqi”, “Soliq huquqi” “Moliya huquqi” va kabi fanlardan mashg‘ulotlar olib borishda hamda amaldagi yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi bilan bog’liq qonunchilikni va soliq qonunchiligini takomillashtirishda qo‘llanilishida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, tadqiqot natijalaridan ilmiy-tadqiqot ishlarida hamda, yer ekologiya, soliq, moliya huquqi fanlari bo‘yicha darsliklar, o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlashda foydalanish mumkin.



Bitiruv malakaviy ishi natijalarining joriy etilishi. Malakaviy ishi materiallaridan huquqshunoslik yo‘nalishidagi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida,“Yer huquqi”, “Ekologiya huquqi”, “Agrar huquqi”, “Tabiiy resurslar huquqi”, fanlaridan ma’ruzalar o‘qish, amaliy mashg‘ulotlar va seminar darslarini olib borishda foydalanish mumkin. Bitiruv malakaviy ishining amaliy ahamiyati shundaki, tadqiqotning ilmiy xulosa va takliflaridan qonunchilikni takomillashtirishda va ularga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilishida qo’llanishi mumkin.

Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi va hajmi. Malakaviy ish kirish, 4 paragrafni qamrab olgan 2-bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan tashkil topgan. Bitiruv malakaviy ishining hajmi 65 betdan iborat.

I-BOB. YERDAN FOYDALANISH VA MUHOFAZA QILISHNING IQTISODIY MEXANIZMINI TASNIFI
1.1. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash tushunchasi va xususiyatlari

Yer umummilliy boylikdir, O‘zbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi

Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmining mohiyati va ahamiyati yerlarning holatiga ta’sir qiluvchi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkasi mulkdorlariga ijtimoiy-iqtisodiy usullarni qo‘llashda namoyon bo‘ladi.

Atrof tabiiy muhitni saqlab qolishni ta’minlovchi iqtisodiy mexanizmning mohiyati, faoliyati tabiat holatiga ta’sir qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslarga ijtimoiy-iqtisodiy usullarni qo‘llashda namoyon bo‘ladi hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik talablarini bajarishga undaydi1.

Iqtisodiy usullar, ma’muriy usullardan farqli ravishda tabiatdan foydalanuvchining hamda xo‘jalik faoliyati yurituvchi boshqa shaxslarning mulkiy, iqtisodiy manfaatlariga ta’sir etadiki, ushbu holat bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘ta dolzarbdir. Agar ma’muriy-huquqiy ta’sir usuli hokimiyat va buysunuv munosabatlaridan kelib chiqsa, iqtisodiy mexanizm shaxsning real maqsadlariga erishishdagi moddiy manfaatdorligiga tayanadi. Ya’ni, ma’muriy usullardan farqli o‘laroq, iqtisodiy usullar yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdorining mulkiy va iqtisodiy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatib, ularning moddiy manfaatdorligiga tayanadi.

Iqtisodiy vositalar o‘z mohiyatiga ko‘ra, mo‘tadil, o‘z funksiyalarini me’yorida bajara oladigan bozor iqtisodiyoti sharoitidagina samarali harakat qilishi mumkin. Mazkur holat esa, mamlakatimizda ham yerga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash zaruriyatini taqozo etadi.

Iqtisodiy usullarni qo‘llash oqilona bo‘lishi lozim, binobarin, yerdan foydalanishda to‘lovlar doirasini haddan ziyod oshirish yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishga oid vazifalarni hal etishda tadbirkorlar tashabbuskorligini soddalashtirish o‘rniga iqtisodiyotni bo‘g‘ib qo‘yishi, tabdirkorlar tomonidan qarshiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Iqtisodiy vositalar o‘z mohiyatiga ko‘ra, mo‘tadil, o‘z funksiyalarini me’yorida bajara oladigan bozor iqtisodiyoti sharoitidagina samarali harakat qilishi mumkin. T.V. Petrova ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda tegishli sub’ektlarda real iqtisodiy manfaatdorlik yo‘qligi tufayli, islohotlar o‘zining asosiy – moddiy manfaat orqali nazorat qilish funksiyasini bajarmayapti”1.

Mazkur holat esa, mamlakatimizda ham ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish zaruriyatini taqozo etadi. Ayniqsa, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida, xususan, ekologik munosabatlarda iqtisodiy–huquqiy mexanizmni rivojlantirish, ushbu mexanizmda qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. SH.X. Fayziyev bu haqda quyidagilarni ta’kidlaydi: “Tabiatdan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda ularni yanada rivojlantirish masalalari mustaqillik yillarida, bosqichma-bosqich bozor munosabatlariga o‘tish sharoitda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topmoqda”2.

Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi haqida gapirar ekanmiz, uning tushunchasi, ahamiyati hamda o‘ziga xos xususiyatlariga alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmining huquqiy jihatlari bugungi kunda keng ravishda o’rganib kelinmoqda.

Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tushunchasining ta’rifiga to‘xtalar ekanmiz, ta’kidlash joizki, yuridik adabiyotlarda uning bir qator ta’riflari keltirib o‘tilgan. Masalan, yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash – bu yerlardan foydalanish va muhofaza qilish chora-tadbirlarini rejalashtirish, moliyalashtirish, yer uchun haq to‘lash va unga zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun to‘lovlar undirish, iqtisodiy rag‘batlantirish, iqtisodiy jazo choralarini qo‘llash bilan bog‘liq qoida-talablarning qonun hujjatlarida mustahkamlanishidir1. Bu tarif barcha yer toifalariga, yani qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar; aholi punktlarining yerlari; sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar; tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar; tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar; o‘rmon fondi yerlari; suv fondi yerlari; zaxira yerlarga taalluqlidir

Xususan tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi borasida bir qancha olimlarning qarashlari mavjuddir. Bu borada V.V. Guchkova ham o‘z fikrini bayon etar ekan, u shunday deb yozadi: “Tabiatdan foydalanish hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmi – ekologik talablarga rioya etuvchi subyektlarning xo‘jalik faoliyatini rag‘batlantirish, shuningdek, ekologik qonunchilikda tabiatdan foydalanish hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mustahkamlangan iqtisodiy choralar majmuidir”2. Bu yerda fikrimizcha, V.V. Guchkova o‘z mulohazasini bayon etishda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmi nafaqat, ekologik balki fuqarolik, soliq va boshqa huquq sohalariga doir qonunchilik hujjatlariga ham asoslanishiga e’tibor qaratmagan. Shuningdek, ekologik talablarga rioya etuvchi subyektlarning faqatgina xo‘jalik faoliyatini rag‘batlantirish bilan chegaralanmoqda. Vaholanki, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi ushbu sohaga taalluqli barcha ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni qamrab olishi lozimdir.

Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tavsifiga to‘xtalib, O.I. Krassov shunday yozadi: “Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi – atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va boshqa zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun to‘lovlardan iborat pul mablag‘larini to‘plash tartibi va shartlarini, xo‘jalik sub’ektlarini soliq yoki boshqa imtiyozlar yordamida ekologik rag‘batlantirishni hamda tabiatni muhofaza qiluvchi chora-tadbirlarni moliyalashtirishni tartibga soluvchi huquq normalaridan iborat bo‘lgan huquqiy institut”1.

O.V. Dubovik esa, “Yerdan foydalanish va muhofaza qilish hamda tabiatdan foydalanishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmi o‘zida yerlardan foydalanish va tabiatni muhofaza qiluvchi choralarni moliyalashtirish, xo‘jalik sub’ektlari faoliyatini soliq va boshqa imtiyozlar orqali rag‘batlantirish, atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik hamda unga boshqacha zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan pul vositalari sarflanishi shartlari va usullarini tartibga soluvchi huquqiy me’yorlar majmuini qamrab olgan huquqiy institutni ifodalaydi” 2, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 79-moddasida yerlarni muhofaza qilish tushunchasi quyidagi mazmunda berilgan: yerlarni muhofaza qilish ulardan belgilangan maqsadda, oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini, o‘rmon fondi yerlarining samaradorligini tiklash va oshirish, qishloq xo‘jalik oborotidan va tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerla va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar tarkibidan yerlarning asossiz ravishda olib qo‘yilishi oldin iolish, ularni zararli antropogen ta’sirdan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy, texnologik va boshqa tadbirlar tizimini qamrab oladi.

Yerlarni muhofaza qilish erlarga murakkab tabiiy hosilalar (ekotizimlar) tariqasida, ularning zona va mintaqa xususiyatlarini e’tiborga olgan holda atroflicha yondashish asosida amalga oshiriladi.

Yerlardan oqilona foydalanish tizimi tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash tarzida bo‘lishi hamda tuproqning saqlanishini, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, geologiya jinslariga va atrof muhitning boshqa tarkibiy qismlariga ta’sir o‘tkazishni cheklashni nazarda tutishi kerak1.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yerni muhofaza qilish va yerni huquqiy muhofaza qilish tushunchalari qat’iy ajratilmagan va farqlanmagan. Ularda yerni muhofaza qilish kengroq tushuncha sifatida qaralib, bu tizimga nafaqat huquqiy, balki boshqa huquq bilan bog‘liq bo‘lmagan tashkiliy, iqtisodiy, texnologik tadbirlar va vositalar ham kiritilgan.

Bizningcha, yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tushunchasiga quyidagicha ta’rif berish maqsadga muvofiqdir: Yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi yerni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlarini rejalashtirish va moliyalashtirish; yerga zarar keltirganlik uchun iqtisodiy jazo choralarini qo’llash hamda yerga salbiy ta’sir qiladigan omillarni oldini olganlik yoki kamaytirganlik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanganlik uchun iqtisodiy rag‘batlantirish choralarini qo‘llash, bilan bog‘liq chora-tadbirlar tizimi tushuniladi.

Biz yuqorida yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmi tushunchasi mohiyatini ochib berishga harakat qildik, bevosita yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, unga quyidagicha ta’rif berish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz: yerdan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash bu yerlardan foydalanish va muhofaza qilish chora-tadbirlarini, iqtisodiy mexanizmiga oid masalalarning, ya’ni atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlarini rejalashtirish, moliyalashtirish, yer uchun haq to‘lash va unga zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun to‘lovlar undirish, iqtisodiy rag‘batlantirish, iqtisodiy jazo choralarini qo‘llash bilan bog‘liq qoida-talablarning qonun hujjatlarida mustahkamlanishidir.

Umuman yerlarni huquqiy muhofaza qilish deganda – huquq normalarida yerdan foydalanish huquqi va shartlarini va ularni buzganlik uchun javobgarlikni belgilab qo‘yish, yer munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va yerdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni hamda atrof tabiiy muhit va tabiatning boshqa unsurlari bilan yerning o‘zaro bog‘liqligini hisobga olib, undan oqilona va samarali foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralar tizimini tushunmoq lozim.

Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda iqtisodiy mexanizmning ikki asosiy jihatiga e’tibor qaratish lozim. Iqtisodiy mexanizmning shakllanishi birinchidan, yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish va pulmablag‘lari jamg‘arilish manbai bo‘lib xizmat qilsa, ikkinchidan, yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdoriga real ta’sir ko‘rsatib, ularni qonunchilikda mavjud talablarni bajarishga undaydi1.

Bu borada fikr yuritib shuni aytishimiz mumkinki, ekologiya huquqi sohasida O.I. Krassov shunday ta’kidlaydi, “Tabiatni muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining ideal andazasi shundan iboratki, qonunlarda soliq, yig‘im va to‘lovlarni undirish kabi shartlarni mustahkamlash kerakki, bunda tadbirkor uchun qonunchilikning atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha barcha talablarni bajarish, ularni inkor etishdan ko‘ra manfaatli bo‘ladi. Buning uchun atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilishning real mexanizmi bo‘lishi kerak”2.

Yuqoridagilarga asoslanib, yerdan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining bir qator o‘ziga xos xususiyatlarini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.


  1. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdori uchun iqtisodiy rag‘batlantirish vositasi sifatida baholanishi;

  2. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining ayrim turlarida davlat majburlov choralaridan foydalanilishi (masalan, yerlardan nooqilona foydlanganlik hamda qonunlarda belgilangan talablarni buzganlik uchun iqtisodiy jazo choralari qo‘llashda, yerlardan foydalanganlik uchun soliq undirishda);

  3. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmida ma’muriy-huquqiy vositalarning iqtisodiy rag‘batlantirish usullari bilan o‘zaro uyg‘unlashganligi;

  4. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlashda yer qonunchiligi tamoyillarning ustuvor mavqe kasb etishi;

  5. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilishda iqtisodiy manfaatdorlik yer qonunchiligi talablariga asoslangan holda ta’minlanishi;

  6. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining yerlardan oqilona, ilmiy asoslangan tarzda hamda samarali foydalanishni ta’minlovchi vosita sifatida namoyon bo‘lishi;

  7. Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining huquqiy institut sifatida bir qator vosita va usullar majmuidan (yerlardan foydalanganlik uchun to‘lov, iqtisodiy rag‘batlantirish, iqtisodiy jazo choralarini qo‘llash, sug‘urta va jamg‘armalar) tashkil topishi.

Yerlardan foydalanish va muhofaza qilish iqtisodiy mexanizmining ayrim turlarida davlat majburlov choralaridan foydalanilishi xususiyatiga to’xtaladigan bo’lsak, bu asosan yerdan nooqilona foydalanganlik, yerga zarar keltirgalikda va provardida yer uchun haq to’lashda namoyon bo’ladi.

Yer uchun haq to‘lash tushunchasi o‘z ichiga yerga nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarga ega bo‘lish natijasida kelib chiquvchi barcha majburiy to‘lovlarni qamrab oladi1. “Yer uchun haq to‘lash” tushunchasi zamirida yer solig‘i va ijara to‘lovi tushuniladi. Ijara to‘lovi shartnoma asosida belgilansa, yer solig‘i davlat tomonidan yerdan foydalanuvchiga nisbatan belgilangan majburiy ko‘rsatma bo‘lib, o‘zgartirilishi mumkin emas2. Yer uchun haq to‘lashning huquqiy asoslari bevosita O‘zbekiston Respublikasining Yer va Soliq kodekslariga borib taqaladi.

Xususan, yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lash yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplaridan hisoblanishi Yer kodeksining 2-moddasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlangan. Mazkur kodeksning 28-moddasida belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasida yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lanadi. O‘z egaligida va foydalanishida hamda mulkida yer uchastkalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchun haq to‘laydilar. Yer uchun haq har yili to‘lanadigan yer solig‘i shaklida olinadi, uning miqdori tuproqning boniteti, suv bilan ta’minlanish darajasi, avtomobil yo‘llariga yaqin-uzoqligi, shahar yoki tuman markazigacha bo‘lgan masofa kabi mezonlarga qarab, turli koeffitsientlarda belgilanadi

Yer uchun haq to‘lash shu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishni ta’minlashi bilan ham ahamiyatlidir. Bu borada, dastavval, yer solig‘iga to‘xtaladigan bo‘lsak, u yer egalari, mulkdorlari va foydalanuvchilardan undiriladigan eng asosiy haq shakllaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq, yer solig‘ining uch asosiy shakli sanab o‘tilgan:

1) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i (O‘zRSK 49-bobi);

2) jismoniy shaxslarda nolinadigan yer solig‘i (O‘zRSK 50-bobi);

3)yagona yer solig‘i (O‘zRSK 57-bobi).

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilanishicha, yuridik shaxslar uchun yer solig‘ini solish obyekti ularga mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari bo‘lsa, Soliq kodeksi 288-moddasiga binoan, jismoniy shaxslar uchun yer uchastkalari soliq solish obyekti quyidagilar bo‘ladi: 1) dehqon xo‘jaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari; 2) yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun meros qilib qoldiriladigan, umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalari; 3) jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan, shuningdek yakka tartibdagi garajlar egallagan yer uchastkalari; 4) xizmat yuzasidan berilgan chek yerlar; 5) meros bo‘yicha, hadya qilinishi yoki olinishi natijasida uy-joy va imoratlar bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi ham o‘tgan yer uchastkalari; 6) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulk qilib olingan yer uchastkalari; 7) tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari.

Yer huquqiga oid adabiyotlarda yer solig‘ini belgilash mezoni bo‘lib xizmat qiluvchi uch jihati ajratib ko‘rsatiladi, bular: 1) yerning asosiy foydalanishga mo‘ljallangan maqsadi, ya’ni yer uchastkasining qaysi yer fondi toifasiga mansubligi; 2) yer sifati, ya’ni yer uchastkasining muayyan xo‘jalik ehtiyojlari uchun yaroqliligi darajasi; 3) yer uchastkasining aniq joylashgan manzili (iqtisodiy samaradorlikning yuqoriligi, yo‘l xarajatlarining arzonligiga ta’sir etadi)1.

Umuman olganda, mamlakatimizda yer uchun haq to‘lashning joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – yerlardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, yerlarni o‘zlashtirish, muhofaza qilish hamda unumdorligini oshirish, turli sifatli yerlarda xo‘jalik yuritishning ijtimoiy-iqtisodiy shartlarini belgilash, aholi punktlarida infratuzilma rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, ko‘rsatilgan tadbirlarni moliyalashtirishni kafolatlashdir.

Yer uchun haq to‘lashning navbatdagi shakli ijara haqi bo‘lib hisoblanadi. Ijara haqi ham yer solig‘i kabi yer uchun haq to‘lash shakli bo‘lib, ular bir-biridan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi: birinchidan, ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuviga asosan belgilanadi, yer solig‘i miqdori esa, davlat tomonidan o‘rnatiladi; ikkinchidan, ijara haqining miqdori yer solig‘iga nisbatan bir necha barobar ko‘p belgilanishi mumkin; uchinchidan, ijara haqi turli xil shakllarda (pul, natura, aralash) to‘lanishi mumkin, yer solig‘i esa faqat pul ko‘rinishida to‘lanadi

Yuridik adabiyotlarda ijara haqi pul, natura yoki boshqa xizmatlar, yohud aralash shaklda undirilishi mumkinligi haqida fikrlar mavjud. Bunda ularning har birining miqdori va turi aniq belgilanishi lozim.

Yer uchun haq to‘lashning navbatdagi shakli bu yagona yer solig‘i bo‘lib, qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining tajriba-eksperimental xo‘jaliklari va ta’lim muassasalarining o‘quv-tajriba xo‘jaliklari ushbu soliqni to‘lovchilardir. Bunda qishloq xo‘jaligini yuritish uchun egalik qilishga, foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkasi soliq solish ob’ekti hisoblanadi.

Ushbu xususiyatlarning yuridik tabiatini tahlil qilgan holda ta’kidlash joizki, yerlardan foydalanish va muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmini huquqiy ta’minlash Respublikamizni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va taraqqiy etishini belgilab beruvchi omil bo‘lib xizmat qilib, yerlardan oqilona va samarali foydalanishning iqtisodiy-huquqiy asoslarini belgilab beradi hamda inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar uyg‘un muvozanatda rivojlanishiga ko‘maklashadi.


Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling