1-amaliy mashg‘ulot Minerallarning shaffofligi, rangi va chizig‘ining rangini o‘rganish Ishning maqsadi
Download 162.92 Kb.
|
mineralogiya amaliy
- Bu sahifa navigatsiya:
- Minerallarning morfologik xususiyatlarini o’rganish. Ishning maqsadi: Talabalarni minerallarning morfologik xususiyatlari bilan tanishish.
Nazorat savollari:
Barit va gipsning o‘xshash va bir — biridan farqlanuvchi xossalarini ayting. Sulfatlar nima? Sulfatlar qanday hosil bo‘ladi? Qanday sulfatlar xalq xo‘jaligida ishlatiladi? Minerallarning morfologik xususiyatlarini o’rganish. Ishning maqsadi: Talabalarni minerallarning morfologik xususiyatlari bilan tanishish. Minerallar morfologiyasi. Hozirgi paytda minerallar strukturasi to‘g‘risida juda ko‘p nazariy va amaliy ma’lumotlar to‘planganligi sababli minerallarni mohiyati ularni tarkibi va strukturasi bilan bog‘liq ravishda o‘rganiladi. Bizga ma’lumki minerallarni tashkil qilgan atomlar bir-biri bilan ma’lum bog‘lanish turi bilan birikib turadi. Bunda minerallarni hosil bo‘lishidagi atomlarni joylashishi aniq bir strukturaga ega. Minerallarni morfologik xossalari va xususiyatlarini aniqlashda, struktura tiplari va atomlar orasidagi bog‘lanishlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Faqatgina minerallar strukturasini, fazodagi bog‘lanish turlari va ularni mustahkamligini o‘rganibgina, minerallarni asosiy xususiyatlari to‘g‘risida aniq fikr yuritishimiz mumkin. Minerallarni hamma asosiy xususiyatlari, ularni qonuniy ravishda joylashib, ma’lum strukturani tashkil qilgan atomlari va ular orasidagi har xil bog‘lanishlar asosida kelib chiqadi. Shuning uchun minerallarni xususiyatlarini o‘rgansak, shunga asoslanib ichki tuzilishini aytib berishimiz mumkin. Mineral individlarni morfologik xususiyatlari va ichki tuzilishi orasidagi bog‘lanishni mineral hosil qilgan tashqi ko‘rinish asosida ham aniqlashimiz mumkin. Mineral individlarni tashqi ko‘rinishiga ularni strukturasidan tashqari hosil bo‘lish sharoitlari ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari tashqi ko‘rinishga, tabiiy sharoitda mineral hosil bo‘lish jarayonidagi joylar ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Minerallar tabiatda yakka monokristallar, qonuniy o‘sishgan qo‘shaloq kristallar va asosan ichki tuzilish qonuniy ravishda joylashgan noto‘g‘ri shaklli donalar holida tarqalgan. Monokristallarning morfologik xususiyatlari Kristallanish sharoitiga bog‘liq ravishda bir xil tarkibli moddadan, ichki tuzilish bir xil bo‘lgan, lekin tashqi ko‘rinishi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladigan kristallar yuzaga kelishi mumkin. Tabiatda bir xil mineralni turli shakldagi kristallari uchraydi. Mineralni kristall individida tomonlarini har xil tezlikda o‘sishi natijasida har xil qiyofa yuzaga keladi yoki ular hamma yo‘nalish bo‘yicha bir xil tezlikda o‘sadi (izometrik shakllar) yoki tabletkasimon, qavat-qavat, varaq-varaq, ignasimon, tolasimon, skelet, dendrit tarzidagi va boshqa shakllar yuzaga keladi. Mineral kristallarining tashqi tomonlari turli ko‘rinishlarga ega bo‘lishi mumkin: oynasimon-silliq, har xil o‘nqir-cho‘nqir, yumaloqlashgan, ignachasimon yuzalar va chiziqchalar shaklida. Ayrim paytlarda kristall tomonlarida ma’lum yo‘nalishga ega bo‘lgan chiziqchalar yuzaga keladi, bu chiziqchalar bir xil yo‘nalishda (parallel) yoki bir-birini kesib o‘tgan holda har xil yo‘nalishda bo‘lishi mumkin. Kristall tomonlarida chiziqchalar uchraydigan minerallarga quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: kvars (SiO2) – prizma tomonlari bo‘yicha ko‘ndalang chiziqchalar, berill – Be3Al2[Si6O18] va turmalin – Na(Fe,Mg)3Al3[B3Al2Si6O27(OH)3] – prizma tomonlari bo‘yicha vertikal chiziqchalar, pirit – (FeS2) - qo‘shni tomonga perpendikulyar yo‘nalgan, kub tomonlari bo‘yicha parallel chiziqchalar. O‘zining hosil bo‘lishiga bog‘liq ravishda chiziqchalar qo‘shaloq, (qo‘shaloqlanish vaqtida hosil bo‘lgan sfalerit – ZnS, xalkopirit – CuFeS2) yoki kombinatsion (qisqa vitsinal tomonlarni qaytadan bir necha marta o‘sish natijasida vujudga kelgan, kvars – SiO2, olmos – C) bo‘lishi mumkin. Kristallanish davomida minerallar tashqaridan gaz pufakchalari, suyuqlik tomchilari, qattiq zarrachalar kabi har xil aralashmalarni qo‘shib olishi mumkin. Bu aralashmalar mineralda asosan tartibsiz joylashib, ayrim paytlarda ma’lum zonalar, to‘g‘ri yo‘nalgan qavatlar va bo‘laklar hosil qiladi (kvars). Kristallardagi suyuq aralashmalarni suv va tuz eritmalari hosil qiladi. Juda ko‘p suyuq eritmalar kvarsda uchraydi. Gaz aralashmalari bo‘lgan mineralni qizdirganda, u tartibsiz shaklda yorilib ketadi. Kristallarni o‘sishidagi skelet va dendrit shakli, har xil kristallografik o‘qlar bo‘yicha o‘sish davomida yuzaga keladi. Masalan, muzning tez o‘sishi natijasida, oyna yuzasidagi qor va muzning hosil qilgan shakllari yoki marganets oksidining tog‘ jinsi darzliklaridagi hosil qilgan kristallari. Tabiatda turli minerallarni kristallanish va o‘sish jarayoni har xil bo‘ladi. Ayrimlari yirik kristallar tarzida uchrab, juda chiroyli individlar hosil qilib, o‘lchamlari o‘n va yuz santimetrgacha etadi: kvars (SiO2), barit (BaSO4), osh tuzi (NaCl), kalsit (CaCO3), flyuorit (CaF2) gips (CaSO4∙2H2O) va boshqalar. 1958 yil Birlashgan Hamdo‘stlik davlatlarida uzunligi 7,5 m, kengligi 1,6 m, og‘irligi deyarli 70 tonna bo‘lgan kvars kristali topilgan. Gipsni (CaSO4∙2H2O) bir necha metr uzunlikdagi kristali ma’lum. Sankt-Peterburgning tog‘ instituti muzeyida uzunligi 1,5 metrcha bo‘lgan berillning (Be3Al2[Si6O18]) juda qimmatbaho bo‘lgan kristali qo‘yilgan. Shuni uqtirib o‘tish kerakki, tabiatdagi ko‘pgina minerallar, juda mayda kristallar tarzida uchrab, ularni mikroskop yordamida juda kattalashtirilgan holda ko‘rishimiz mumkin. Masalan: kaolin – Al4[Si4O10](OH)8, byomit - Al(OH) va boshqalar. Opal (SiO2∙nH2O) va allofan (mAl2O3∙nSiO2∙pH2O) kabi minerallar kristall holatda butunlay uchramaydi. Yakka kristallar juda kam uchraydi, odatda ular har xil o‘simtalar hosil qiladi: qonuniy o‘sishgan qo‘shaloq kristallar, tartibsiz joylashgan agregatlar. Mineral agregatlari. Eritma yoki erib turgan qotishmaning kristallanishi va qotishi natijasida, bir-biri bilan tutashib o‘sgan kristallangan donalar aralashmasi hosil bo‘lib, bular mineral agregatlari degan nom bilan yuritiladi. Agregatlar monomineral, ya’ni bir mineralning kristallangan donalaridan tashkil topgan va polimineral, tarkibi hamda xususiyatlariga ko‘ra xilma-xil bo‘lgan bir necha minerallardan iborat bo‘ladi. Mineral agregatlari o‘zining tuzilishiga va morfologik belgilariga ko‘ra juda xilma-xildir. Ularning ko‘pchiligi shunchalik o‘ziga xoski, shunga ko‘ra ularning alohida nomlari bor. Mineral agregatlarning ko‘proq o‘zi uchun xos bo‘lgan xususiyatlari shu moddalarning kristallanganlik darajasiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, avvalo quyidagi ikkita katta gruppa: 1) aniq kristallangan agregatlar va 2) yashirin kristallangan va kolloid massalar bir-biridan ancha farq qiladi. Mineral agregatlarining asosiy tiplari quyidagilardan iborat: Donador agregatlar kristallangan donalardan tashkil topgan. Mineral agregatlarining bu tipi er qobig‘ida eng ko‘p tarqalgandir. To‘liq kristallangan magmatik va metamorfik tog‘ jinslari, foydali qazilma konlarining juda ko‘p sulfid va boshqa tipdagi rudalari bunga misol bo‘ladi. Agregat tashkil qiluvchi donalarning katta-kichikligiga qarab quyidagicha bo‘linadi: 6. Juda yirik donali agregatlar – donalarning kattaligi ko‘ndalangiga 10 mm dan ortiq; 7. Donali – donalarning kattaligi 5 mm dan 10 mm gacha; 8. O‘rtacha donali – donalarni o‘lchami ko‘ndalangiga 1 mm dan 5 mm gacha, donalarni oddiy ko‘z bilan osonlikcha ajratish mumkin; 9. Mayda donali – donalarning kattaligi 1 mm dan kichik, donalarni lupa yordamida yoki mikroskopda, shliflarda ajratish mumkin; 10. Jjuda mayda donador yoki zich joylashgan, yashirin kristallangan, ayrim donalarini lupa yordamida ham ajratib bo‘lmaydi, ko‘z bilan qaraganda bir xilday tuyuladi, donalarni faqat mikroskop yordamida ajratish mumkin. Zich massalar holida uchraydigan minerallarga magnetit – Fe3O4, kvars – SiO2, dolomit – CaMg(CO3)2 misol bo‘lishi mumkin. Agregat tashkil etuvchi donalarning shakliga bog‘liq ravishda quyidagicha bo‘linadi: Qisman va asosan izometrik shakllardan tashkil topgan donador agregatlar. Masalan: apatit – Ca5(PO4)3F, korund – Al2O3. Donalari yupqa varaq qiyofasida bo‘lgan, agregat tashkil qilgan donalarning shakliga bog‘liq ravishda varaqsimon yoki tangachasimon deyiladigan agregatlar. Masalan: muskovit – KAl2[AlSi3O10](OH)2. Ayrim donalarining shakli bir yo‘nalish bo‘yicha cho‘ziq bo‘lgan ba’zan radial nur kabi joylashgan agregatlar (3-rasm). Bularni nayzasimon, ignasimon, tolasimon agregatlar deyiladi. Fazoning to‘ldirish darajasiga qarab agregatlar – zich va bo‘sh donador agregatlarga bo‘linadi. Qurib borayotgan sho‘r suvli ko‘llar tubida kristallangan bo‘sh jinslar ikkinchi agregat holat uchun misol bo‘lishi mumkin. Druzalar (jo‘ra kristallar) asosi bilan qandaydir bo‘shliq devorlariga yopishib yonma-yon o‘sgan to‘g‘ri tuzilgan kristallardan iborat. Ko‘p topiladigan kvars kristallarining druzasi bunga misol bo‘ladi. Druzalar faqat kristallografik nuqtai nazardangina emas, balki ular ko‘pincha eritmaning eng so‘nggi qismida kristallanayotgan turli minerallarning oldinma-keyin ajralish tartibini o‘rganishga imkon berganliklari uchun ham diqqatga sazovordir. Druzalarda to‘g‘ri tuzilgan kristallar bo‘lishining o‘zi ularning bo‘sh fazoda, ya’ni qandaydir birlamchi bo‘shliqlarda, orasi kovak bo‘lib qolgan darzlar, maydalanib ketgan jinslar va h.k. sharoitlarda yuzaga kelganligidan dalolat beradi. Bo‘shliqlarning katta-kichikligi juda turlicha bo‘lib, mayda kovakchalardan boshlab, ba’zan «xrustalli yerto‘lalar» deb aytiladigan devorlari kvars va boshqa minerallarning shaffof kristallari bilan qoplangan g‘orlar kattaligidan keladi. Bir-biriga zich yondoshib ko‘pmi-ozmi parallel ravishda o‘sgan yakka-yakka kristallardan tuzilgan mineral jinslar taroqsimon yoki cho‘tkasimon agregatlar deyiladi. Bo‘shliq devorlarida yuzaga kela boshlagan kristallar boshlang‘ich o‘sish davridayoq bir-biriga tegib qolib, balki bundan keyingi torlik qilib qolgan sharoitlarda faqat bitta o‘sha devorlarga tik bo‘lgan yo‘nalish bo‘yicha taraqqiy eta olgandir. Mayda zich yondoshib o‘sgan kristallchalardan tashkil topgan kristallangan qobiqlar bilan kristallar cho‘tkasi ham shunday hosil bo‘lgan agregatlar qatoriga kiradi. Tekshirishlarning ko‘rsatishicha, bunday hollarda yuzaga kelgan juda ko‘p sonli kristall kurtakchalari avval hamma yo‘nalishlar bo‘yicha o‘sib taraqqiy eta beradi. Biroq keyingi o‘sish jarayonida bo‘shliq fazo uchun kristallchalar orasida borgan kurash natijasida yakka-yakka kristallarning soni kamaya borib, o‘sha kristallarning o‘zi yuzaga kela boshlagan tekislikka tik yo‘nalish bo‘yicha juda ko‘p o‘saoladiganlarigina bundan keyin ham taraqqiy etaveradi. Agar shu tekislik botiq bo‘lsa, radial nur kabi uchlari tutashuvchi mineral agregatlari, qabariq bo‘lsa-radial nur kabi tarqaluvchi ignasimon yoki ustunsimon kristallar massasi vujudga keladi. Druzalar modda eritmalarini bo‘shliqda kristallanishi natijasida yuzaga kelgan o‘sish druzalari va tog‘ jinslarini ustki qismida modda eritmalaridan qayta kristallanish natijasida hosil bo‘lgan, qayta kristallanish druzalariga bo‘linadi. Druzalarni erkin o‘sishi uchun bo‘shliq tektonik harakatlar natijasidan yoki tog‘ jinslarini erishi natijasida yuzaga kelishi mumkin. Druzalarni hosil bo‘lishini o‘rganish faqat nazariy ahamiyatga ega bo‘lmasdan, balki katta amaliy ahamiyatga ham egadir, chunki druzalar sifatida sanoat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan minerallar kvars – SiO2 (pezokvars, ametist, tog‘ xrustali), barit – BaSO¬4, flyuorit – CaF2, berill – Be3Al2[Si6O18] uchraydi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, sanoat uchun asosan, hosil bo‘lish sharoitiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan kristallarni bosh qismi qiziqish uyg‘otadi. Druzalarni tuzilishi ko‘p jihatdan keyingi metamorfizm jarayonlarida kristallarni bosh qismi qanday saqlanganligi bilan bog‘liq. Sekretsiyalar – bu tog‘ jinslaridagi bo‘shliqlarni to‘ldiruvchi noto‘g‘ri yoki dumaloqroq shaklli kolloid yoki kristall moddadir. Devorlarda chekkadan markazga qarab sekin-asta bo‘sh qismlarini konsentrik, qavat-qavat yotqiziqlar bilan to‘lishi natijasida yuzaga keladi. Bu qavatlar bir-biridan tarkibi va rangi bilan farq qiladi. Kichkina o‘lchamli sekretsiyalar (ko‘ndalangiga 10 mm gacha), odatda mineral modda bilan butunlay to‘ldirilgan bo‘ladi. Bularni bodomtoshlar deyiladi. Yirik sekretsiyalarni ichki qismida ayrim paytlarda bo‘shliq qavatlar saqlanib, ularni devorlari, jeodalar deb ataluvchi, kristall druzalari va quyilma jinslar bilan qoplangan bo‘ladi. Jeodalar, kvars – SiO2 (ametist, tog‘ xrustali), Xalsedon bilan kvars jeodasi, kvars bilan kalsit minerallar uchun xarakterlidir. Konkretsiyalar – yumaloq (sharsimon va tuxumsimon) yoki noto‘g‘ri shaklli radial nursimon yoki sferik tuzilishga ega. Moddalarni yotqizilishi, sekretsiyalardan farqli ravishda, markazdan boshlanib, tashqi tomonga qarab davom etadi. Konkretsiyalar, asosan cho‘kindi tog‘ jinslarida, moddalarni ma’lum markaz atrofida yotqizilishi natijasida vujudga keladi: qumtoshlarda, gillarda, fosforitlarda. Konkretsiya shaklida markazit (FeS2), siderit (FeCO3), gips (CaSO4∙2H2O) ham uchraydi. Konkretsiyalarning katta kichikligi keng miqyosda o‘zgaruvchan bo‘lib, bir necha millimetrdan, o‘nlab santimetrgacha, ba’zan ko‘ndalangiga bir metrgacha etadi. Oolitlar (tuxumsimon toshlar) – sferik holga ega bo‘lib, kichik o‘lchamli konsentrik qavat-qavat tuzulishga ega. Ayrim bo‘laklarini ko‘ndalang kesimini o‘lchami millimetrni bir necha bo‘lagidan 5 mm gacha bo‘lishi mumkin. Oolitlar odatda bir-biri bilan yopishgan holda tog‘ jinslarini hosil qiladi (oolitli ohaktoshlar). Cho‘kindi tog‘ jinslarini hosil qiluvchi ayrim oolitlarni o‘lchamiga bog‘liq ravishda ularni ikrali va no‘xotli oolitlar deyiladi. Oolitlar tarzida ko‘pincha kalsit (CaSO3), aragonit (CaSO3), pirolyuzit (MnO2) uchraydi. Shakliga ko‘ra oolitlarga o‘xshab ketadigan lekin konsentrik qavat-qavat bo‘lib tuzilganligi ko‘rinmaydigan jinslar psevdoolitlar (loviya toshlar) deyiladi. Bular qo‘ng‘ir temirtoshlar uchun xarakterlidir. Sferolitlar – oolitlardan farqli ravishda radial nursimon tuzilishga ega. Sferolitning har bir tolasi kristallni cho‘zilgan qismiga to‘g‘ri keladi. Kristallarni uchlari sferolit markaziga to‘planadi. Sferolit tarzida gidroboratsit (MgCa[B6O11]∙6H2O) uchraydi. Oqiq toma shakllar – asosan kolloidlar va gellar hisobiga vujudga keladi. Ular kristall druzalari kabi bo‘shliqlarda topiladi. Sekinlik bilan singib borayotgan kolloid eritmalar bo‘shliqqa etib borganidan keyin bo‘shliq devorini qoplab oladi. Bo‘shliq bug‘lanib chiqayotgan suvini (dispersion muhitni) sekin-asta yo‘qotib, ular quyuqlashadi va og‘irlik kuchi ta’siirida bo‘shliqning ustki qismidan pastga qarab stalaktit, buyraksimon, shingilsimon va boshqa shakllarda qotadi. Bo‘shliqning pastki qismida tushayotgan eritma tomchilari hisobiga konussimon stalagmitlar ko‘tarilib paydo bo‘ladi, lekin hamma minerallar ham shunday shaklda bo‘lavermaydi. Bularning o‘lchami juda turlicha bo‘lib, mikroskopda ko‘rish mumkin bo‘lganlaridan boshlab, katta-katta g‘orlarda uchraydigan aragonit bilan kalsitning (CaSO3) yo‘g‘on ustunsiomn stalaktitlari va stalagmitlari kabi kattalikda bo‘lishi mumkin. Turli mineralar: temir gidrooksidlari (limonit, getit), marganets gidrooksidlari (psilomelan), opal, malaxit, gips, aragonit, kalsit va boshqa minerallar oqiq tomma shaklida uchrashi mumkin. Buyraksimon shaklga ega bo‘lib, shishasimon yaltirab, radial nursimon va konsentrik qavat-qavat tuzilishga ega bo‘lsa «shishasimon bosh» deyiladi. Bunga qo‘ng‘ir temirtoshlar misol bo‘lishi mumkin Tuproqsimon massalar – yumshoq jinslar bo‘lib, tashqi ko‘rinishi jihatidan tuproq kukuniga o‘xshash bo‘ladi. Ularni qo‘l bilan uqalaganda osongina burdalanib ketadi. Ular tarkibida kristallangan biron bir modda borligini lupa yordamida ham ajratish juda qiyin. Odatda ularni ruda va tog‘ jinslarining kimyoviy nurashi natijasida yuzaga kelgan uyumlar orasida ko‘ramiz. Bunday massalar rangiga qarab ba’zan qurumsiomon qora rangli (marganets gidrooksidlari) yoki oxrasimon sariq va qo‘ng‘ir rangli (temir gidroooksidlari) bo‘ladi. Gardlar va surkalmalar – mineral kristallarini va tog‘ jinslarini ustki qismida uchraydigan boshqa minerallarning yupqa qavatlari. Misol tariqasida kvars kristali yuzasidagi temir gidroooksidini yupqa qavatlarini yoki tog‘ jinslaridagi (qumtosh va ohaktoshlar) mis yashili va ko‘kining (malaxit, azurit), tuyamunitning surkab qo‘yilgandek ko‘rinadigan qavatlarini ko‘rsatish mumkin. Mineral gullari deb, odatda rudalar, tog‘ jinslari, quruq tuproqlar yuzasida va darzlarda vaqt-vaqti bilan yuzaga kelib turadigan gardlardan iborat po‘st va qobiqlarga aytiladi. Bular qandaydir tuzlardan, ko‘proq oson eruvchan suvli sulfatlardan tashkil topadi. Tog‘ jinslari darzlari yuzasida dendrit shaklida ko‘proq uchraydigan marganets gidrooksidlarini ham shunday jinslar qatoriga kiritish kerak bo‘ladi. Dendritlar, shakli jihatidan daraxt shoxlariga o‘xshash bo‘lib, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha kristallarni tez o‘sishi natijasida hosil bo‘ladi. Dendritlar shaklida sof tug‘ma elementlardan mis, kumush uchraydi. «Lizegang xalqasi va spirali». Bu termin orqali qandaydir moddalarning gelli muhitda diffuziyalanishi va vaqt-vaqti bilan cho‘kishi natijasida yuzaga kelgan ma’lum bir ritm bilan birin-ketin almashinuvchi yo‘l-yo‘l bo‘lib tuzilgan jinslar anglashiladi. Bu R.Lizegang hosil qilgan o‘sha konsentrik xalqalar bilan spirallarga juda ham o‘xshab ketadi. R.Lizegang tajribasining mohiyati shundan iboratki, bunda K2Cr2O7 shimdirilgan jelatinadagi AgNO3 tomchisi atrofida, eritmaning diffuzillanishi va reaksiyaga kirishishi natijasida Ag2Cr2O7 mikroskopik kristalchalari yuzaga kelib, ular boshlang‘ich davrda eritma bilan birga harakatlanadi va kattalasha borgan sari harakatlanish qobiliyatini yo‘qotib jelatina kovakchalarida ushlanib qoladi, shuning uchun ham u vaqt-vaqti bilan konsentrik xalqalar shaklida cho‘kadi. Masalan, ba’zi bir agatlar bilan yashmalarda shunday struktura ko‘rinadi. Juda o‘xshash mahsulotlar mayda g‘ovakli jinslarda nurash jarayonida yuzaga keladi. Masalan, temir gidrooksidlari bilan qo‘ng‘ir rangga bo‘yalgan ohaktoshlardagi qo‘mtoshlar va boshqa jinslardagi ritmik xalqalar, yo‘llar, giperbolalar shu jumladandir. Bu erda moddalarning vaqt-vaqti bilan gellar shaklida cho‘kishi, balki, zollardan dispers fazaning yoki elektrolitning kritik konsentratsiyasi paytida yuz bersa kerak. Agar shu paytning o‘zida janslarning suvda erishi yuz bersa, u holda tuzilishi konsentrik, po‘choqsimon mahsulotlarga ega bo‘lamiz, bunda zich geldan iborat yo‘llar tuproqsimon yo‘llar bilan birin-ketin almashinadi. Sfalerit va ankerit yoki magnetit, kalsit va boshqalar kabi yo‘l-yo‘l bo‘lib ritm bilan almashinadigan «burunduq rudalari» deb yuritiluvchi rudalar ham shunday jinslar qatoriga kirishi aniqdir. Bular ba’zi kon rudalarida uchraydi. Ba’zan shu xalqa yoki spirallar o‘rniga daraxt shaklli jinslar yuzaga keladi. Masalan, temir yoki marganets gidrooksidlarining opalda hosil bo‘lishi («moxsimon» agatlar) shular qatoriga kiradi. Ularni jelatinali muhitda sun’iy ravishda ham hosil qilish mumkin. Topshiriq - Talabalarni minerallarning morfologik xususiyatlarini bilan tanishtirish. Buning uchun: l.Ish daftari; 2.Qalam, ruchka, chjizg'ich; 3.Minerallar ro'yhat jadvali zarur bo'ladi. Hisobot turi: Mashg'ulot yakunida talabalar hisobot topshiradilar. Download 162.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling