90-modda. Sudlarni moliyalashtirish
Sudlarni moliyalashtirish, ularning binolarini qo‘riqlash va saqlab turish respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ajratiladigan mablag‘lar miqdori O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun bilan tasdiqlanadi.
Ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tumanlararo, tuman, shahar sudlari va harbiy sudlar uchun — Departament tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir sud alohida bino, qo‘riqlash va avtotransport bilan ta’minlanadi.
91-modda. Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash
Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash Departament tomonidan amalga oshiriladi.
Departamentning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashga doir ishlarni tashkil etish, shuningdek bu ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
sudlar binolarini qurish va ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar samarali sarflanishini ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
sudyalar va sud apparati xodimlarining mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashning joriy holatini tizimli tahlil qilish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlashni rivojlantirishga doir uzoq muddatli kompleks dasturlar tayyorlash;
sudyalarning va sud protsesslarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni tashkil etish.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti vakolatlari va uning faoliyatini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |