27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy darajada mamlakatning tegishli hududiga investitsiya qilish hajmlarini kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan investitsiya siyosatini olib borish, shu jumladan investitsiyalarni jalb qilish, hududda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tegishli hududdagi korxonalarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash;
investitsiya qilishni talab qiladigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini hamda yer uchastkalarini hududlarning ehtiyojlari va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat
va h. k.) kelib chiqqan holda oʻrganish va aniqlash;
investorlarning faoliyati bilan bevosita bogʻliq masalalarni, shuningdek zarur hollarda, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish vositasida istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida
va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishini tahlil qilish asosida tegishli hududning iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
tegishli hududning chet el banklari, fondlar, agentliklar va kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishlarini oʻzaro manfaatli asosda rivojlantirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
investitsiyalarni tegishli hududga jalb etish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni va yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |