61-modda. Davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat organlarining investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan yoki cheklaydigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
62-modda. Investitsiya faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash
Investitsiya faoliyati subyektiga investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish munosabati bilan yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash qonunda belgilanadi.
Davlat boshqaruvi organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini cheklaydigan qarorlar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ushbu organlar tomonidan investitsiya faoliyati subyektlarining xoʻjalik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashilgan hollarda yetkazilgan zararlarning oʻrni qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Davlat organining (mansabdor shaxsning) gʻayriqonuniy maʼmuriy hujjat chiqarishi natijasida investitsiya faoliyati subyektlariga yetkazilgan zararlarning oʻrni sudning qarori asosida davlat tomonidan, birinchi navbatda tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olgan holda qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |