1. Davlat qarzi tushunchasi va mohiyati


Davlat qarzi tushunchasi va mohiyati


Download 0.87 Mb.
bet3/12
Sana05.10.2023
Hajmi0.87 Mb.
#1692836
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
1. Davlat qarzi tushunchasi va mohiyati

1. Davlat qarzi tushunchasi va mohiyati.


Davlat qarzidavlatning aholi, firma, tashkilot, banklar, xorijiy moliya-kredit muassasalari oldidagi qarz majburiyatlari. Davlat oʻz daromadlari bilan xarajatlarini qoplay olmay qolganda byudjet taqchilligi paydo boʻladi va u qarz koʻtarish yoʻli bilan qoplanadi. Davlat qarzni turli qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar, zayomlar chiqarib sotish, moliya muassasasi (bank)dan ssuda olish va boshqa. usullar bilan oladi. Davlat qarzining toʻlov davriga koʻra qisqa muddatli va uzoq muddatli, tarkibiga koʻra ichki qarz (davlat mamlakatning oʻzidagi iqtisodiy subyektlardan qarzdor boʻladi) va tashqi qarz (xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqalardan qarzdorlik) kabi turlari bor. Ichki qarz va uning foizlari milliy pulda, tashki qarz va uning foizlari esa erkin almashtiriladigan valyutada toʻlanadi. Davlat qarzining darajasi, yaʼni qarz yuki qarz va uning foiz summasi yigʻindisini davlat byudjeti summasiga nisbati bilan oʻlchanadi, yaʼni toʻlov majburiyati byudjetning qancha qismiga teng ekanligi bilan belgilanadi. Davlat qarzining haddan tashqari ortib ketishi iqtisodiyotni izdan chiqaradi, xalq turmush darajasini pasaytiradi (chunki qarzni toʻlash uchun zarur pul byudjetda soliqlarni oshirish orqali toʻplanadi), mamlakatdagi iqtisodiy faollikni susaytiradi. Tashqi qarzning koʻpayib ketishi milliy mustaqillikka tahdid soladi, undan qutulishi uchun milliy iqtisodiyotni yuksaltirishga ketadigan investitsiyalarni qisqartirish va hatto milliy boylikning bir qismini xorijga sotishga ham toʻgʻri keladi. Vaqtida toʻlanmagan tashqi qarzga qoʻshimcha foiz toʻlanadi, undiriladigan foiz qarzga qoʻshilib, uning miqdori yanada oshadi.
Davlat qarzining boʻlishi uni boshqarishni taqozo etadi, yaʼni qarzni olish va toʻlash bilan bogʻliq muayyan chora tadbirlarni amalga oshirish lozim boʻladi. Qarz va uning foizlarini toʻlash uchun byudjetdan pul ajratish Davlat qarziga xizmat qilish deyiladi. Davlat qarzini toʻlashdagi shart sharoitlarning oʻzgarishi Davlat qarzi restrukturizatsiyasi deyiladi. Restrukturizatsiya yuz berganda qarz haqining oʻzgarishi konversiya deyiladi. Qarz toʻlash muddati choʻzilganda Davlat qarzi prolongatsiyasi yuz beradi. Qarzning bir turi boshqasiga aylanganda, qisqa muddatli qarz uzoq muddatli qarzga aylanadi va Davlat qarzining konsolidatsiyasi yuz beradi. Davlat qarziga oʻrin boʻlmasligi uchun davlat xarajatlari davlat daromadlari darajasida boʻlishi lozim. Bunda taqchillikka yoʻl berilmaydi yoki minimal darajaga keltiriladi
Ta’kidlash lozimki, ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarz olish masalasi muhim. Chunki jalb qilinayotgan davlat tashqi qarzlari energetika, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, kimyo, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yo‘naltiriladi. Agar chetdan mablag‘ jalb etilmasa, islohotlarni davlat byudjetidan amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.
Shu nuqtai nazardan, tashqi qarzni, birinchi navbatda, davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tashqi qarzdan maqsadli hamda samarali foydalanishda shaffoflik ta’minlash, bu boradagi axborotlar keng jamoatchilikka ma’lum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur.
Umuman olganda, tashqi qarzlarni nufuzli xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi, deb baholashimiz joiz. Takror bo‘lsa-da ta’kidlash o‘rinliki, qarz har qanday davlatga ham berilavermaydi. Avvalo, qarz oluvchining ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari obdon o‘rganiladi. Mavjud tahlillar, mamlakatimizning ichki resurs hamda imkoniyatlarini, qolaversa, yangi islohotlar samarasidan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, davlat tashqi qarzi borasida tushkunlikka yoki xavotirga tushishga hech qanday asos yo‘q. Jarayon aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda olib borilyapti.
Darhaqiqat, tashqi qarz mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir fuqaroni mulohazaga chorlaydigan masala. Hozirgi kunga kelib ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda inqiroz paytida milliy qarz yalpi ichki mahsulot hajmidan sezilarli darajada oshib ketdi. Odatda muvaffaqiyatli rivojlanish uchun davlat qarzi YaIMning 60 foizidan oshmasligi kerak, deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, byudjetni boshqarish muvaffaqiyatini baholash uchun rasmiy ravishda qabul qilingan mezon mavjud. Mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli istiqbolda o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun byudjet kamomadi YaIMning 3 foizidan, davlat qarzi esa 60 foizidan oshmasligiga doir mezonlar Yevropa Ittifoqi tomonidan Maastrixt kelishuviga kiritilgan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, jahon iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida tashqi qarzi bo‘lmagan mamlakatlar deyarli qolmagan. Tashqi qarzlarning moliyaviy ta’sir kuchi iqtisodiyotning eng istiqbolli tarmoqlarini moliyalashtirishga, yirik iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga va dunyodagi mavjud vaziyat o‘zgarganda iqtisodiyotni tezda tiklashga yordam beradi. Demak, qarz qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatga bo‘lgan ishonch shuncha yuqori bo‘ladi. Aksincha, mamlakatga bo‘lgan ishonch qancha yuqori bo‘lsa, u shuncha ko‘p pul jalb qilishi mumkin.
Dastavval umumiy tashqi qarz tarkibi haqida biroz aniqlik kiritib olish zarur. Xususiy sektor qancha qarz oladi, uni qanday qaytaradi — bu alohida masala. Ushbu qarzlarni qaytarish xususiy sektorning zimmasida bo‘lar ekan, uning zamirida bozor kon’yunkturasi va turli xatarlarni hisobga olib qo‘shilgan qiymat yaratadigan, saralangan loyihalar yotibdi. Demak, xususiy sektor tashqi qarzini qaytarishi uchun yetarli asoslar mavjud. Xususiy tashqi qarz qaytmagan taqdirda ham biz, soliq to‘lovchilar uchun katta fojia emas.
Biroq davlat tashqi qarzi va uning aynan davlat byudjeti kamomadini qoplash maqsadida jalb qilinadigan qismi haqiqatda ancha jiddiy masala. Chunki davlat tashqi qarzi, xoh qisqa, xoh uzoq muddatli bo‘lsin, bugungi soliq to‘lovchilarni ham, kelajak soliq to‘lovchilarini ham birdek o‘ylantiradi. Zero, bu yerda moliyani kreditdan farqlaydigan jihatlardan biri — qaytarish tamoyili amal qilmaydi. Ya’ni byudjetdan sarflangan mablag‘larni oluvchi tomon qaytarmaydi. U kelgusi byudjet daromadlaridan, xususan, asosan, soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.
Davlat investitsiya dasturi asosida loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilinayotgan tashqi qarz uni moliyalashtirish tarmog‘i yoki ob’yekti xususiyatlaridan kelib chiqib, imtiyozli shartlarda ajratiladi. Bunday loyihalarni tanlab olishda ham aniq mezonlar, bosqichlar, bir so‘z bilan aytganda, sinalgan mexanizm amal qiladi.
Tashqi qarzning hajmi hattoki rivojlangan mamlakatlar aholisini katta tashvishga soladi hamda soliqlar ko‘payishi bilan xavotirlar paydo bo‘ladi. Bunga o‘xshash hadiklar mamlakat tashqi qarzini byudjet defitsitini qoplashga yo‘naltirgan vaqtlarda keskinlashadi. To‘g‘ri, jahondagi umumiy vaziyat koronavirus pandemiyasi oqibatida og‘irlashdi. Tabiiyki, pandemiya nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda davlat qarzi ko‘payishiga olib keldi.
Biroq restrukturizatsiya ham bunday mamlakatlarga uzoq muddatli istiqbolda doimo foyda keltiravermaydi. Pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan xarajatlarni oshirish va shu maqsadda tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish shartlarini yengillashtirish pirovardida pandemiyadan so‘ng kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga ko‘proq qarz to‘lashga ham olib kelishi mumkin.
Qiyin vaziyatda ham mamlakatimiz tashqi manbalardan qarzlarning aksariyat qismini, asosan, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega strategik loyihalarni moliyalashtirish, jumladan, infratuzil mani rivojlantirishga yo‘naltirgan.
Hozirgi davr murakkabliklari insoniyatni shoshirib qo‘ymoqda. Pandemiya oqibatlarini yumshatish, insonlar hayotini saqlab qolish barcha mamlakatlarda eng ustuvor yo‘nalishga aylandi. Shubhasiz, yuqori davlat qarzi, xususan, xorijiy valyutada olingan tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish pandemiya bois yanada murakkablashdi. YaIMning pasayishi, milliy valyuta qadri tushishi oqibatida davlat qarzining YaIMga nisbati keskin oshib bormoqda.
Fiskal makoni keng mamlakatlar davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish, pandemiya sababli sharoitlari og‘irlashgan sohalarni ustuvor ravishda qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayotgan bo‘lsa, bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan davlatlarda tashqi qarz miqdori ortishi yoki unga xizmat ko‘rsatish shartlari yomonlashishi tendensiyalari kuzatilmoqda.
O‘zbekistonda esa pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyatga qaramay, xalqaro likvidlikka putur yetkazmagan, ya’ni, xalqaro zaxiralarni sarflamagan holda tashqi qarz islohotlarni davom ettirish, ustuvor ravishda ijtimoiy soha loyihalarini moliyalashtirishga jalb etilmoqda. Bu esa ayni sharoitda mavjud tahdidlarga tezkor javob berish yo‘lidir.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, odatda tashqi qarz jalb qilinishidan avval yetarlicha asoslantirilgan loyiha va dasturlar ishlab chiqilishi, ular mamlakat uchun ayni paytda ortga surib bo‘lmaydigan, strategik ahamiyatga ega, dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan bo‘lishi, davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan ustuvor yo‘nalishlarga mos kelishi shart. Masalan, 2020-2021 yillar uchun inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha qabul qilingan keng ko‘lamli dasturda tashqi qarzlardan samarali foydalanish, ularni ustuvor ravishda infratuzilma loyihalarini, iqtisodiy o‘sishga bevosita va ikkinchi darajali ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy ob’yektlarni moliyalashtirishga qaratish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, kambag‘allikni qisqa va o‘rta muddatda qisqartirishga yo‘naltirish belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi ma’qullangan. Mazkur dastur tarkibidan o‘rin olgan loyihalar mazmunidan ko‘rinib turibdiki, davlat tashqi qarzining asosiy qismi neft-gaz, kimyo sanoati sohalarida yangi ishlab chiqarishni tashkil etish, issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimini rivojlantirish va boshqa sanoat tarmoqlaridagi yangi loyi halarni moliyalashtirishga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari ham demakdir.
Binobarin, infratuzilmani rivojlantirish, qurilish sohasiga investitsiyalar, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga jalb qilingan mablag‘lar pirovardida aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi muqarrardir.
So‘nggi paytlarda mamlakatimizning davlat tashqi qarzi to‘g‘risidagi mavzu ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda faol muhokama etilayotganini ijobiy baholayman. Mazkur holat, avvalo, xalqimizning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tafakkuri oshayotganini, qolaversa, vatanimiz taqdiriga befarq emasligimizni namoyon etadi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning nafaqat kelajakda, balki bugun ham yaxshi yashashi uchun sharoit yaratish tamoyili asosida barcha jabhalarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Albatta, aholining xayot darajasi, turmush sifatini oshirish, salomatligini saqlash, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, sanoat korxonalarini ishga tushirish uchun katta miqdordagi sarmoya talab etiladi.
2020 yilning yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollar davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga, 12,4 foizi yoki 2,6 milliard dollar energetika sohasiga, 13,7 foizi yoki 2,9 milliard dollar elektr energetikasi sohasiga, 11,5 foizi yoki 2,4 milliard dollar transport va transport infratuzilmasiga, 11 foizi yoki 2,3 milliard dollar uyjoy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgani fikrimizning tasdig‘idir.
Tashqi qarzning barcha mamlakatlar uchun umumiy xatarli bo‘lgan maksimal ko‘rsatkichini belgilashning imkoniyati mavjud emas. Ushbu ko‘rsatkich har bir davlatga nisbatan xususiy yondashuvlar asosida mamlakatning eksportidan tushadigan valyuta mablag‘lari miqdori, mamlakatning oltin va boshqa valyutalardagi zaxiralari kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qilgan holda tavsiyaviy xarakterda ishlab chiqiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi”, deb qayd etdi. Ushbu fikrlar zamirida qarz mablag‘larini samarali boshqarish uchun yangi qiymat zanjirini yaratishga yo‘naltirish maqsadi mujassam.
Odatda davlat qarzi bir nechta qismlarga ajratilib, unda mamlakatning jamiyat va iqtisodiyot sohalaridagi davlat siyosati, makroiqtisodiy holat muhim o‘rin tutadi.
Oqilona qarz siyosati davlat va jamiyat uchun xatarli bo‘lmaydi. To‘g‘ri, qarz miqdori mamlakatning turli salbiy ta’sirlarga moslashuvchanligini kamaytirishi mumkin. Shu sabab, barcha mamlakatlar tashqi va ichki qarzlarining barqarorligini baholashga alohida e’tibor qaratadi. Qarzlarning barqarorligini ta’minlashda YaIMga nisbatan ulushi muhim ahamiyatga ega, chunki qarzlarning hajmi kelgusida davlatning o‘z qarziga xizmat ko‘rsatish va iqtisodiyotni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini aks ettiradi.
Shu bilan birga, davlatning iqtisodiy siyosatida qarzlar hajmi o‘sishi doimiy muhokamalarga sabab bo‘ladigan jarayondir. Davlat qarzining o‘sishida yirik strategik loyihalarni amalga oshirish, jumladan, tibbiyot va ta’lim sohasidagi islohotlarni moliyalashtirishga oid islohotlar alohida ahamiyatga ega. Uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarni hisobga olgan holda infratuzilma va inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar o‘rta, uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantiradi.


Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling