11.3. Yalpi taklif tushunchasi, yalpi taklif egri chizig‘i (klassik, oraliq - keynsian kesmalar) va uning hajmiga ta’sir qiluvchi omillar.
Yalpi taklif (AS) - deganda iqtisodiyot ishlab chiqaradigan yoki turli narx darajalarida ishlab chiqarishning real hajmi tushuniladi. Yuqori narxlar qo‘shimcha tovarlar ishlab chiqarish uchun rag‘bat yaratadi va mahsulot hajmini oshiradi. Narxlarning past darajasi esa tovar ishlab chiqarishning qisqarishiga olib keladi bunda ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi kamayadi. Bu holat narxlar va milliy ishlab chiqarish hajmi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bevosita bog‘liqlik mavjud ekanligini ko‘rsatadi.
.
11.3 - rasm. AS egri chizig‘i
Bu bog‘liqlik (AS) taklif egri chizig‘ida aniq aks etadi. Yalpi taklif egri chizig‘i shakliga kelsak, turli xil iqtisodiy maktablar (Keynscha va neoklassiklar) uning konfiguratsiyasini turlicha talqin qilishadi, shuning uchun egri chiziq barcha qarashlarning sintezini aks ettiradi va uchta qismdan iborat. Buning sababi iqtisodiyotda uchta vaziyat yuzaga kelishi mumkin:
1) to‘liq bandlikka yerishilmagan holat;
2) to‘liq bandlikka yaqin holat;
3) to‘liq bandlik holati.
Bu holatlarga mos yalpi taklif egri chizig‘i uch kesimdan iborat bo‘ladi: gorizontal, oraliq, vertikal
Gorizontal kesma Keynscha deyiladi, vertikal esa klassik. Bu holat narxlar va ishlab chiqarish hajmining o‘zaro bog‘liqligi masalasini keynscha va klassik maktablar namoyondalari tomonidan turlicha talqin qilinishi bilan bog‘liq.
Gorizontal kesma milliy ishlab chiqarish potensial hajmidan ancha kam bo‘lgan ishlab chiqarishning real hajmini aks ettiradi. Bu kesma iqtisodiyot chuqur tanazzul yoki depressiya holatida ekanligini, ko‘plab mashina, uskuna va ishchi kuchi foydalanilmayotganligidan dalolat beradi. Foydalanilmayotgan resurslar harakatga kelishi mumkin, lekin bu narx darajasiga hech kanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Keyns nazariyasiga ko‘ra, turg‘unlikka tushgan iqtisodiyot narxlar oshmasdan o‘sishi mumkin. Bu kesma yana ishlab chiqarish real hajmi qisqarganda ham tovarlar va resurslarga narx eski darajada qolishini bildiradi. Bu tushunarli, chunki birinchi navbatda bo‘shatilgan quvvatlar ishga tushiriladi. Keyns nazariyasi ilgari surilgan Buyuk depressiya yillarida bo‘lgani kabi ishchi kuchi ham jalb qilinadi. Shunday qilib, yotiq kesma milliy ishlab chiqarish hajmi o‘zgarganda ham narx darajasi doimiy qolishini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |