1. Islom huquqi manbalari tushunchasi va turlarig’ Islom huquqining asosiy manbalari
Islom huquqining qo‘shimcha manbalari
Download 73.73 Kb.
|
Islom huquqi 2.1.-10-Mavzu
3. Islom huquqining qo‘shimcha manbalariIslom oila huquqining qo‘shimcha manbalari bu – urf-odat, istehson, masolihul mursala, “shar’u man qoblana” – “bizdan oldingilarning shariati”, sahobalarning so‘zlari, istishob, “sadduz-zaroi’”lar islom huquqi birlamchi manbalarining hosilasi, ularni to‘ldiruvchi manbalar bo‘lib, ularga birlamchi manbalarda masalaning echimiga oid qoida bo‘lmaganda ehtiyoj tug‘iladi. Qo‘shimcha manbalar yordamida masalani hal etish echimi qoidasi birlamchi manbalar echimiga zid bo‘lmasligi, ularning umumiy qoidalari, printsiplari doirasida amalga oshirilgan bo‘lishi lozim. Aks holda bunday echim, masalani hal etish yo‘li noqonuniy bo‘lib, yuridik kuchga ega emas. Ko‘shimcha manbalardan huquq manbai sifatida to‘liq hammasidan foydalanishda huquq mazhablari o‘rtasida yakdillik yo‘q. Birlamchi manbalarda masalani hal etish qoidasi bo‘lmaganda uni hal etishning yo‘llaridan biri sifatida istehsondan foydalaniladi. Fiqhiy masalalarni istehsondan foydalanish yo‘li bilan hal etish ilk bor Abu Hanifa tomonidan qo‘llanilgan. Istehson hanafiylar mazhabi vakillari tomonidan qiyosdan foydalanish yo‘li bilan qabul qilingan qaror maqsadga muvofiq bo‘lmasa yoki musulmon jamoasi manfaatiga zid bo‘lsa, masalani hal etishning bir yo‘li sifatida qaralgan. Istehson so‘zi arab tilida bir narsani boshqasidan yaxshi deb bilish, yaxshilash, ma’qullash ma’nolarini anglatadi. Fiqhda istehson “Usuliylar istilohida esa, dalil asosida xafiy qiyosni, jaliy qiyosdan ustun qo‘yish yoki juziy hukmni kulliy asldan yohud umumiy qoidadan ushbuni taqozo qilgan xos dalilga asosan istisno qilishdir”1. Oddiyroq tushuntiriladigan bo‘lsa, istehson – bu masalani hal qilishning ikki yo‘lidan qaysi biri musulmon jamoasi manfaatiga foydaliroq bo‘lsa o‘shanisini tanlab masalani hal etish. Masalan: islom huquqi bo‘yicha go‘shti harom bo‘lgan jonzotlarning so‘lagi tekkan narsa harom. Lekin bu umumiy qoidadan go‘shti harom qushlar (qirg‘iy, kalxat va boshqa) istisno qilingan. Chunki ular narsalarga tili bilan emas, balki tumshug‘i bilan tegadi, suvni tumshug‘i bilan ichadi. Ushbu qushlarning tumshug‘i suyakdan iborat, unda so‘lak yo‘q. Shuning uchun mazkur qushlarning tumshug‘i tekkan narsalar – suv, meva-cheva, va boshqalar halol hisoblanadi. Yana boshqa bir misol, umumiy qoida bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi uni tuzish paytida mavjud bo‘lgan tovar, mahsulot borasida tuzilishi mumkin. Lekin ayrim hollarda hali mavjud bo‘lmagan dehqonchilik mahsulotlari, zargarlik va duradgorlik buyumlari bo‘yicha shartnoma tuzib, buyum, yoki tovar yohud mahsulotning pulini oldindan to‘lashga ruxsat etiladi. Istehsondan huquqiy masalalarni hal etishda foydalanish borasida huquq mazhablari vakillarining fikri bir xil emas. Hanafiy mazhabi vakillari istehsondan foydalanishni ma’qullaydi. Shofe’iy mazhabi vakillari istehsondan foydalanishga qarshi. Islom huquqining qo‘shimcha manbalaridan biri Maslahatul mursaladir. “Maslahat” arab tilidagi so‘z bo‘lib, ”Manfaat”, ”Foyda”, “Naf” ma’nolarini anglatadi. “Mursala” so‘zi “qo‘yib yuborilgan” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni “qilish yoki qilinmaslik xaqida qayd kelmagan”, “tek qo‘yilgan” degan ma’no bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, “Maslahatul mursala”ning lug‘aviy ma’nosi “qaydlanmagan”, “erkin manfaat” degani ekanini bilib olamiz2. “Maslahatul mursala” usul ulamolari nazdida, shunday bir maslahatki, shori’ unga asosan hukm ham mashru’ qilmagan, biror shar’iy dalil kelib, uni e’tiborga olganini ham, e’tiborga olishni bekor qilganini ham isbotlamagan3. Fiqh ulamolarining fikricha, “Maslahatul mursala” shariatning tasarrufotlari va maqsadlariga muvofiq kelgan bir sifat bo‘lib, uni qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida shariatda muayyan bir dalil kelmagan narsadir4. Yuqoridagilardan kelib chiqib – bu fiqhning birlamchi manbalarida amalga oshirish mumkin yoki mumkin emasligi aniq belgilangan harakat yoki harakatsizlikni sodir etish, faoliyatni amalga oshirish, shuni qilish haqida kelishish, qarorga kelishdir. Bu fiqh manbalari qoidalariga zid bo‘lmasligi, undan musulmon jamoasi manfaatdor bo‘lishi kerak. Masalan Qur’oni karimni kitob holatiga keltirish haqida uning o‘zida hech nima deyilmagan, bu haqda Muhammad (s.a.v) payg‘ambarimiz hech nima demaganlar, uni kitob holatiga keltirish taqiqlanmagan ham. Payg‘ambarimiz Muhammad(s.a.v) vafotlaridan so‘ng sahobalar Qur’oni karimni kitob holatiga keltirish maqsadga muvofiqligini yoqlab chiqishgan. Bu taklif inobatga olinib, Qur’oni karim xalifa Abu Bakr ko‘rsatmasiga binoan kitob holatiga keltirilgan. Shuningdek qamoqxonalar va (alohida sohalarni boshqaruvchi organlar)ni tashkil qilish va ularning vazifalarni, faoliyatini amalga oshirish yo‘llari va tartibi, oltin va kumush tangalar zarb etish, bosib olingan dehqonchilikka yaroqli erlarni egasida qoldirib, ulardan soliq undirish haqida islom huquqi manbalarida hech qanday qoida yo‘q edi, bunday ishlarni amalga oshirish taqiqlanmagan ham edi, keyinchalik hayot taqazosi tufayli mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar ishlab chiqildi. “Maslahatul mursala”ni fiqhning manbai sifatida e’tirof etish uchun u quyidagi talablarga javob berishi kerak: “Maslahatul mursala” yo‘li bilan qabul qilingan qarorning bekor qilinmaganligi haqida aniq dalil bo‘lishi; Echim jamiyat uchun foydali bo‘lishi; “Maslahatul mursala” yo‘li bilan qabul qilingan qaror nufuzli, soha bilimdonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi; Qur’oni karim oyatlariga, hadislarga va qat’iy dalillarga zid bo‘lmasligi shart. Urf – bu an’ana sifatida umumxalq tomonidan qabul qilingan tartib - qoida; odat, rasm, tamoyil. Islom ulamolari fikriga ko‘ra, “urf” deb kishilar o‘rganib, odatlanib qolgan ishlarga, so‘zlarga aytiladi. Urf odat deb ham yuritiladi. Boshqa bir fikr bo‘yicha, “urf” odamlar o‘rganib qolgan ya’ni odamlarga tanish bo‘lib qolgan ish yoki so‘z bo‘lib jamiyatda mashhur bo‘lgan narsadir. Shariatda urfning ikki turi bor: sahih urf va fosid urf. Sahih urf – bu fiqhning asosiy manbalariga zid bo‘lmagan musulmon jamoasi uchun foydali bo‘lgan, yaxshilikka olib keluvchi, haromni halol, halolni harom qilmaydigan urfdir. Masalan mahrning bir qismini olmagan ayolning erining uyiga bormasligi mumkinligi, unashtirilgan kelinga hayitlik berish. Fosid urf – bu shariatga zid, musulmon jamoasi manfaatlariga mos kelmaydigan halolni harom, haromni halol qiladigan, oqibati yaxshilik bilan tugamaydigan urf. Masalan, dabdabali to‘ylar qilish. Umumiy qoidaga ko‘ra urf o‘zi mustaqil manba hisoblanmaydi. Odatda urf maslahatul mursala yordamida masalani hal etishda yordamchi manba sifatida xizmat qiladi. Download 73.73 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling