1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022
«Kuntug‘mish» dostonining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari
Download 1.09 Mb.
|
o\'zbek folklori majmuasi yangisi
3. «Kuntug‘mish» dostonining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari. Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan yozib olingan «Kuntug‘mish» dostoni syujeti, kompozitsion qurilishi jihatidan o‘zbek xalq dostonchiligida favqulodda o‘rin tutadi. Doston Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Nurman Abduvoy o‘g‘li, Islom Nazar o‘g‘li, Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li, Egamberdi Ollomurod o‘g‘li kabi baxshilardan yozib olingan. Umumiy epik rivoyat, syujet va motivlari jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lgan bu variantlar orasida Ergash shoir nusxasi53 badiiy go‘zalligi, kompozitsion pishiqligi bilan ajralib turadi. Zulm va zo‘rlik bilan bir-biridan ajratilgan oshiq-ma’shuqlar taqdiri, adolatsiz zamon to‘fonida ota-onasidan va bir-biridan ajralib qolgan egizaklar sarguzashti Ergash shoir variantida turli-tuman ijtimoiy hodisalar fonida nihoyatda konkret va real tasvirlangan. Bu variant dastlab Buyuk Karimov tomonidan nashrga tayyorlanib, Hodi Zarifning so‘z boshisi bilan chop etildi54, so‘ng Hodi Zarif tomonidan nisbatan to‘la nashri amalga oshirildi55. Dostonning boshqa variantlaridan Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li nusxasi Z.Husainova tomonidan nashrga tayyorlanib, M.Saidov so‘z boshisi bilan bosilgan56. Dostonning Ergash shoir va Nurman Abduvoy o‘g‘li nusxalari asosida Hodi Zarif tomonidan tuzilgan yig‘ma (сводный) varianti ham bor.
Doston «No‘g‘oy podsholaridan Avliyoyi Qoraxon degan bor ekan, laqablari Qilichxon ekan, shu vaqtining odamlari Avliyo ota deydi», degan muhim bir xabar bilan boshlanadi57. Bu faktning o‘ziyoq dostonning tadqiq etuvchi mutaxassislarni X asrdan boshlab Sharqiy Turkiston va Movarounnahrda ikki asrdan ko‘proq hukmronlik qilgan qoraxoniylar davri bilan bog‘lab o‘rganishga, dostonda uchrovchi avliyo ota, Qoraxon, Buvraxon ismlari ham ayrim tarixiy joy va shaxs nomlarning turkiy tilda yaratilgan ilk yozma doston, XI asrning ulkan yodgorligi bo‘lmish Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida Kuntug‘di obrazi nomiga hamda qoraxoniylar hukmdori Tavg‘ach Ulug‘ Bug‘ra Qoraxon Abo Ali Hasan binni Arslonxon ismlarining doston qahramonlari nomiga uyg‘unligi58, Akademik V.V.Bartoldning qadimiy Talas yaqinidagi xarobalaridan biri Kutumish atalishini xabar qilishi faktlari59 doston genezisini ushbu davr voqealari bilan bog‘lab talqin etilishiga asos bo‘ldi. Tekshiruvchilarning ta’kidlashicha, bunday afsona va rivoyatlar Avliyo ota (hozirga Jambul) atroflarida ancha keng tarqalgan60. Shunday bir rivoyatga ko‘ra, Qoraxon 95 yil umr ko‘rgan, 40 yil podsholik qilib, umrining so‘nggi 15 yilini toat-ibodat bilan o‘tkazgan. «Kuntug‘mish» dostonining oxirida ayni fikr sal o‘zgargan holda qaytariladi: «Qoraxon podsho necha yillardan beri o‘zining o‘rniga qushbegisini qo‘yib, Kuntug‘mishning o‘tiga kuyib, tagizaminga kirib, toat-ibodatga mashg‘ul bo‘lib yotgan edi»61. Yana shunisi muhimki, afsonada aytilishicha, Qoraxon Talasda ko‘milgan, unga avliyo deb ehtirom ko‘rsatganlar, keyinchalik esa, Talas Avliyo ota, deb atalgan. «Qadimdan mashhur Talas, – deb yozadi Hodi Zarif, – VI asrdan boshlab Sharqiy Turkiston bilan G‘arb orasidagi savdo munosabatlarida muhim markaziy o‘rinlaridan biri edi. Sharq va G‘arb orasida qatnovchi karvon to‘dalari Talas orqali o‘tar, tizma tog‘larning etaklari bilan yurar edilarki, dostonda ham buning izlari ko‘rinib turadi»62. «Kuntug‘mish» dostonidagi markaziy epizodlardan biri, ya’ni qahramonning karvon yo‘lidagi chashmaning ko‘zini egallab, unga hech kimni yo‘latmay, yaqinlashganni yutib yuborgan ajdarga qarshi kurashi va uni o‘ldirishi tasviri ham bir qancha afsona va naqllar bilan o‘xshashdir. Bunday afsona va rivoyatlar yana Talas atroflari va unga yaqin joylar bilan bog‘lanadi. Akademik V.V.Bartoldga 1890-yilda Tulkiboshda (hozirgi Chimkent viloyat, Tulkibosh tumani) shunday bir naqlni so‘zlab beradilar: qishloqdan besh chaqirim narida bir g‘or bo‘lib, uning ichidagi bir toshga odamni yutib turgan ilon surati o‘yilgan emish, g‘ordan doim tutun chiqib turarmish63. Lekin bu g‘orni hech kim tekshirmagan va o‘sha toshni hech kim ko‘rgan emas. Hozirgi paytda bunday naql o‘sha yerda yashovchi kishilarning yodidan ko‘tarilib ketgan. Har holda bu haqiqatdan ko‘ra, ajdarga qarshi kurashuvchi qahramon obrazini yaratish to‘qilgan afsonalardan biri bo‘lishi kerak. Zero, xalq o‘rtasida bunday afsona va rivoyatlar anchaginadir. «Kuntug‘mish» dostonining birinchi tadqiqotchisi H.T.Zarifov bu va shunga o‘xshash bir qator tarixiy fakt va afsonalarni qiyosiy tahlil etib, shunday xulosaga kelgan edi: «Ba’zi tarixiy va jug‘rofiy faktlar, qadim naqllar bilan «Kuntug‘mish» dostoni ma’lum darajada yaqinlashdi va ayrim detallarda birlashdi. Lekin bu hol dostonning qoraxoniylar davrida yaratilganligiga dalil bo‘la olmasa ham, dastlab qadim Talas tevaragida mahalliy naqllar, afsonalar yaratilgani, ajdar bilan kurashuvchi qahramon (Kuntug‘mish) obrazi ishlangani, keyinchalik tarixiy faktlardan material olib, «Kuntug‘mish» dostoniga asos solinganidan darak beradi»64. Bunday xulosa uchun muayyan asos bor. Chunki muntazam og‘zaki epik an’anada xalq dostonlari doimo harakatda bo‘lib, o‘zlarining dastlabki asoslarini saqlaganlari holda epiklashtirish tomon rivojlanishda davom etganlar. Bu narsa folklor jarayoni uchun g‘oyat xarakterli bir holatdir. Ayni holni «Kuntug‘mish» dostonining ijodiy tarixida ham kuzatish mumkin. «Kuntug‘mish» dostonining dastlabki asosi mo‘g‘ullar istilosidan ancha keyin, xalqning mo‘g‘ullar zulmiga qarshi noroziligi kuchaygan va ularga qarshi avj olgan davrlarda qadimiy Talas atrofida yaratilgan. «Kuntug‘mish» dostoni qoraxoniylar davridagi tarixiy voqealarning aynan aksi ekan, degan xulosaga kelish to‘g‘ri emas. Uning yaratilish asoslaridagina juda oz miqdorda bo‘lgan tarixiy voqealar kuylanish va qayta ijod davomida doimiy ravishda epiklashib borgan. XVI asr oxirlaridan boshlab doston romanik planda jiddiy ravishda qayta ishlangan. Bunda Qo‘rg‘on dostonchilik maktabiga mansub baxshilarning xizmatlari nihoyatda katta bo‘lgan. «Kuntug‘mish» dostoni bizga yetib kelgan holida badiiy barkamol, kompozitsion pishiq, ishqiy-romanik dostonlarning eng yetugi hisoblanadi. Unda ishq, muhabbat, vafo va oila masalalari ijtimoiy hayot hodisalari bilan bog‘liq holda tasvirlanadi. Kuntug‘mish Zangarga kirib keladi. Qahramonning darvozabon, bozorda kalava sotuvchi kampir, Xolbekaning kanizi Zamongul bilan uchrashuvi epizodlarida uning mardligi, ahdiga vafodorligi ta’kidlanadi. Kuntug‘mish aql-farosati bilan nard o‘yinida ko‘plab talabgorlarni yenggan mag‘rur Xolbekani mot qiladi va shu mardligi tufayli ham u bilan qovusha oladi. Lekin ularni Buvraxon jallodlari band etishadi. Kuntug‘mish va Xolbekani xom teri ichiga solib, asov baytalning dumiga taqib, cho‘l jaziraga haydash jazosi tayinlanadi. Kuntug‘mish va Xolbeka teridan omon-eson chiqib, Mo‘g‘ol tog‘ida makon tutib egizak farzand ko‘rishadi. Lekin karvonboshi Azbarxo‘ja hiyla bilan Kuntug‘mishni mast qilib, Xolbekani go‘daklardan ajratib olib ketishi epizodida ona tilidan aytilgan uchta monolog ona qalbi va muhabbatini butun to‘laligi bilan namoyon etadi. Dostondagi barcha motiv va epizodlarda uning yaxlit kompozitsion birligi ta’minlagan. Undagi har bir detal muhim vazifa o‘taydi. Bu jihatdan dostonga Kuntug‘mishni ko‘rgan cho‘pon hikoyasining kiritilishi xarakterlidir. Xuddi shu hikoya to‘rt tomonga tarqab ketgan egizaklar va ota-onalar taqdirini ko‘rsatishda muhim rol o‘ynaydi, asarning kompozitsion izchilligini ta’minlaydi. Cho‘pon hikoyasi orqali o‘z boshlariga tushgan fojiani bilib olgan Gurkiboy avval Mohi bilan, so‘ng onalari va otalari bilan topishadilar. «Kuntug‘mish» dostonida Ergash shoir va Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi baxshi-shoirlarining poetik iqtidori, iste’dodi, mumtoz adabiyot an’analari bilan uyg‘un yo‘llar yanada yorqin namoyon bo‘lgan. Download 1.09 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling