MINGDEVONA BARGI – FOLIA HYOSCYAMI
O‘simlikning nomi. Qora mingdevona - Hyoscyamus nigeg L.; ituzumdoshlar - Solanaceae oilasiga kiradi.
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Ishqor eritmasi bilan yoritilgan bargning tashqi tuzilishi mikroskop ostida ko‘riladi. (3- rasm). Mahsulotda har xil yoshdagi barglar bo‘ladi. SHu sababli ulardagi tuklar va kristallar miqdori turlicha. Epidermis hujayra devori egri-bugri, ustitsalar bargning har ikki tomoniga joylashgan. Tuklar yupqa devorli, uzun, ko‘p hujayrali, oddiy yoki bezli boshchali bo‘lib, yosh barglarda juda ko‘p. Barg chetida mingdevona o‘simligiga xos ko‘p hujayrali, cho‘zinchoq yoki yumaloq boshli, uzun, ko‘p hujayrali oyoqli tuklarni ko‘rish mumkin. Barg o‘sgan sari tuklar qurib, yo‘qola boradi. Kristallari tiniq, kalta prizma va kub shaklida bo‘lib, yakka xolda uchraydi. Juda yosh barglarda esa yaltiroq sferokristallar yumaloq shaklda ko‘rinadi. Barg o‘sishi bilan avval tomirlarga yaqin joyda, so‘ngra uning hamma qismida kubik va prizma shaklidagi kristallar vujudga keladi. Juda yirik va qari barglarda esa 2-3 tasi birlashgan kristallarni, druzlarni (ba’zan tomirida turli shakldagi kristall qumlarni) uchratish mumkin. Kukunda (poroshokda) yuqorida ko‘rsatilgan elementlardan (bargdagi tuklar va kalsiy oksalat kristallaridan) tashqari doimo rangsiz, yirik qum yoki turli shakldagi sariq kristallarning yirik bo‘lakchalari bo‘ladi. Bular kalsiyga reaksiya bermaydi.
BANGIDEVONA BARGI – FOLIA STRAMONII
O‘simlikning nomi. Oddiy bangidevona - Datura stramonium L.;
ituzumdoshlar - Solanaceae oilasiga kiradi.
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Ishqor eritmasi bilan yoritilgan bargning tashqi tuzilishi mikroskop ostida ko‘riladi (4-rasm).
Barg epidermisining devori egri-bugri bo‘ladi. Bargning har ikkala tomonida ustitsalar bor. Tuklar siyrak bo‘lib, barg tomiri bo‘ylab joylashgan. Tuklar ikki xil tuzilgan: oddiy – juda yirik (ikki-besh hujayrali), so‘galli va oyoqchasi bir hujayrali, boshchasi esa ko‘p hujayrali mayda tuklar. Bargda kristallar juda ko‘p bo‘lib, ular burchaklari aniq bo‘lmagan druz shakliga ega. Ba’zan bargda yakka kristallar birlashgan holda uchrashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |