3. Metallar olishning asosiy usullari.
Metallar tabiatda erkin holatda (yombi metallar) va asosan kimyoviy birikmalar holida uchraydi. Faolligi kam metallar (Au, Pt) yombi holida, Ag, Cu, Hg, Sn yombi holida ham, birikmalar holida ham, qolgan barcha metallar-faqat birikmalar holida uchraydi.
Tarkibida metallar va ularning birikmalari bor, sanoatda metallar olish uchun yaroqli bo`lgan minerallar va tog` jinslari rudalar deyiladi. Metallarning eng muhim rudalari–oksidlari, tuzlari (sulfidlari, karbonatlari, sulfatlari va xloridlari) hisoblanadi. Agar ruda tarkibida ikkita va undan ko`p metallarning birikmalari bo`lsa, bunday rudalar polimetall rudalar deyiladi.
Metallurgiya–bu tabiiy xomashyodan sanoatda metallar olish usuli haqidagi fan. Metallurgiya sanoati ham metallurgiya deyiladi. Hozirgi kunda metallurgiyada 75 xildan ko`p metallar va qotishmalar olinadi. Metallar olishning usullariga qarab piro-, gidro- va elektrometallurgiyaga bo`linadi.
Pirometallurgiya rudalardan metallarni yuqori haroratlarda qaytarish reaksiyalari olish usullarini o`z ichiga oladi. Qaytaruvchilar sifatida ko`mir, uglerod (II)-oksidi, faol metallar (Al, Mg, Ca, Na), kremniy va vodorod ishlatiladi.
Cu2O + C = 2Cu + CO Cu2O + CO = 2Cu + CO2
2ZnS + 3O2 = 2ZnO + 2SO2 2ZnO + C = 2Zn + CO2
Cr2O3 + 2Al = 2Cr + Al2O3 TiCl4 + 2Mg = Ti + 2MgCl2
MoO3 + 3H2 = Mo + 3H2O WO3 + 3H2 = W + 3H2O
Gidrometallurgiyaga metallarni tuzlarining eritmalaridan olish usullari kiradi. Bunda ruda tarkibiga kiradigan metall dastlab mos reagentlar yordamida eritmaga o`tkaziladi, so`ngra shu eritmadan ajratib olinadi.
CuO + H2SO4 = CuSO4 + H2O SrCO3 + 2HCl = SrCl2 + H2O + CO2↑
CuSO4 + Fe = Cu + FeSO4 SrCl2 + Ca = Sr + CaCl2
Do'stlaringiz bilan baham: |