III. Jamoaga umumiy tavsif
Hozir mavjud psixologik-pedagogik adabiyotlarda jamoa tushunchasiga ma’no jihatdan ikki xil yondashiladi.
1.Jamoa deganda, tashkilot, umummanfaat yo‘lida faoliyat ko‘rsatayotgan kishilar guruhi tushuniladi (zavod, sex,
brigada, maktab, litsey, kollej, oliy o‘quv yurti va b.q.)
2.Jamoa deganda, guruhning yuqori bosqichda rivojlanganligi tushuniladi. SHu nuqtai nazardan ushbu tushuncha zamirida jamoa a’zolarining maqsadga intilishi, uyushqoqligi, ma’naviy birligi va boshqa sifatlari yotadi.
Biz yuqorida talqin etgan jamoalar, xoh u ishlab chiqarish korxonasi bo‘lsin, xoh u ta’lim muassasasi bo‘lsin, o‘z sharoitlarida jamiyat qo‘ygan maqsaddan kelib chiqib, ma’lum tarbiyaviy vazifalarni maqsadga muvofiq, izchil va rejali tarzda amalga oshirishga kirishadilar.
Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib, jamoa masalasi ikki asosiy yo‘nalishda, ya’ni moddiy manfaat va ma’naviy jihatdan, ya’ni tarbiyaviy nuqtai nazardan qarab chiqilishi kerak. Bu o‘rinda shaxs ehtiyoji (ko‘proq moddiy)ni qondirish orqali undan ma’naviy qoniqish hosil qilishga qarab etaklash tarbiyachi oldida turgan muhim vazifaga aylanishi kerak. Xuddi shu g‘oya, yo‘nalish oldingi avtoritar pedagogikada aksincha talqin etilganini ko‘ramiz, ya’ni ma’naviy qoniqish birinchi o‘ringa chiqarilganining guvohi bo‘lamiz. Chunki, bu o‘rinda, inson psixologiyasi, uning biologik tuzilishi, ong faoliyatining asosi, barchasi moddiy asosga qurilganligi esdan chiqarib qo‘yilgan.
Jamoaning hayotiyligi doimiy rivojlanib boruvchi ijtimoiy organizm sifatida uning ichki jarayonining ixcham - o‘zgaruvchanligi va yo‘naltirilganligi bilan belgilanadi. Lekin bu jihatlarni ta’minlash, turg‘un holatda saqlashga intilish esa jamoa rivojlanishining tormozlanishiga olib keladi. Bu jamoa a’zolarida salbiy tomonlarga og‘ishlar, faoliyatdagi sustkashlik, qiziqish, intilishning yo‘qolishi, tor doira atrofida chegaralanib qolish hollarining yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi.
Shuni hisobga olish kerakki, xar bir jamoa, ayrim guruhlar, birlashmalar qiziqish va qarashlardagi yaqinlik, o‘xshashlik tufayli paydo bo‘ladi. Oqibatda bunday guruhlar o‘rtasida, avvalo, shu soha bo‘yicha yaqinlik yuzaga kelsa, keyinchalik bu yaqinlik iqtisodiy, ma’naviy yaqinlikka aylanib boradi, shaxslararo yaqin munosabatlar yuzaga keladi. Jamoa taraqqiyotida xuddi shunday aloqalardan unumli foydalanish bilan shunday guruhlarni, shaxslararo yaqinlikni rag‘batlantirishni yanada rivojlantirish zarur. Bu esa nafaqat shu jamoa ichida, balki boshqa jamoalar bilan yaqin hamkorlikning yuzaga kelishiga, ularning yanada taraqqiyotiga, pirovard natijada uning mustahkamlanishiga olib keladi.
Pedagog yoki rahbarning vazifasi jamoadagi yoki jamoalar o‘rtasidagi shunday o‘zgarish, og‘ishlar, munosabatlardagi keskin pasayishlar yoki ko‘tarilishlarni vaqtida sezib, qayd etish va maqsad sari to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |