1-Mavzu: Jahon iqtisodiyoti to’g’risida tushuncha va xalqaro iqtisodiy munosabatlar: asosiy ko’rinishlari va xususiyatlari
Jahon iqtisodiyotining vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari
Download 0.81 Mb.
|
1-Mavzu Jahon iqtisodiyoti to’g’risida tushuncha va xalqaro iqt
1.3. Jahon iqtisodiyotining vujudga kelishi va rivojlanish bosqichlari
Jahon xo’jaligining rivojlanish jarayoni xalqaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish evolyutsiyasi bilan uzviy bog’liq. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar jahon xo’jaligining shakllanishi jarayonida alohida o’rin tutadi. Milliy iqtisodiyotning baynalmilallashuvida xalqaro savdo tarixiy ahamiyat kasb etadi. Savdo aloqalari quldorlik tuzumida ham olib borilgan. Misol tariqasida Rim imperiyasi davridayoq yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan xalqaro savdo-sotiqlarning o’tkazilganligini keltirish mumkin. Bu turdagi savdo-sotiqlar feodalizm tuzumida ham mavjud bo’lgan. Biroq mazkur ijtimoiy-iqtisodiy tizimlardagi natural xo’jalik yuritishga xos xususiyatlar tufayli xalqaro ayirboshlashga ishlab chiqarilgan tovarlarning juda kam qismi (qimmatbaho gazlamalar, javohirlar, ziravorlar, mineral ashyolarning ba’zi bir turlari, shirinliklar va x.k.) kelib tushgan. Natural xo’jalik yuritishdan tovar ishlab chiqarishga o’tish asosida kapitalistik munosabatlarning yuzaga kelishi xalqaro savdo va jahon xo’jalik aloqalarining rivojlanishiga katta turtki bo’ldi. Jahon xo’jaligining vujudga kelishidagi birinchi bosqich XV-XVI asrlarni o’z ichiga oladi. Ushbu bosqich buyuk geografik kashfiyotlar, jahon mustamlaka tizimining shakllanishi, jahon kapitalistik bozorining paydo bo’lishi va manufaktura davri xisoblanadi. Bu davr mustamlaka mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlar savdosining jadal rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Jahon xo’jaligi bu bosqichda mamlakatlarning (birinchi navbatda, mustamlaka egalari va mustamlakalar) tashqi savdo sohasidagi o’zaro munosabatlarining yig’indisi sifatida talqin etiladi va ustun darajada savdo kapitalini sarf etish sohasi xisoblanadi. Jahon xo’jaligining rivojlanishidagi ikkinchi bosqich XVII asrning birinchi yarmi - XIX asrni qamrab oladi. Ushbu bosqich jahon kapitalistik bozorining shakllanishi, xalqaro mehnat taqsimotining rivojlanishi (sanoat to’ntarishi, burjuaziya inqilobi, manufakturadan fabrikali ishlab chiqarish tizimiga o’tish), jahon savdosining xalqaro iqtisodiy munosabatlar shakli sifatida rivojlanishi, miliy tovarlar eksportining ko’payishi bilan tavsiflanadi. Mamlakatlar o’rtasidagi savdo integratsiyasining zaiflashuvi xo’jalik hayotining baynalminallashuvi bilan bog’liq quyidagi tamoyillar xisobiga rivojlandi: xalqaro mehnat bozorida baynalminallashuv jarayonini chuqurlashuvi - 1870-1913 yillar davomida Yevropani 36 mln. kishi tark etdi va ularning 2/3 qismi AQSH ga ko’chib o’tdi. Osiyo hududida esa xitoy va hind emigrantlarining soni Yevropa emigrantlaridan ham oshib ketdi; xalqaro kapitallar oqimining ko’payishi — 1914 yilga kelib uzoq muddatli xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 44 mlrd. dollarga yetdi va ushbu jarayonda Buyuk Britaniya, Frantsiya va Germaniya faol ishtirok etdi. Xalqaro kapitallar xarakatida umuman rasmiy cheklovlar bo’lmagan. SHuningdek qimmatbaho qog’ozlar bozorining baynalminallashuvi ham yuqori darajaga yetdi. 1913 yilda London fond bozorlarida sotilayotgan qimmatbaho qog’ozlarda xorijiy qimmatbaho qog’ozlar ulushi 59% ni, Frantsiyada esa ushbu ko’rsatkich 1908 yildayoq 53% ni tashkil etdi; to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar ta’sirida xalqaro ishlab chiqarishning o’sishi - 1914 yilga kelib to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar xalqaro kapital xarakatining asosini tashkil qildi. Bu davrda Buyuk Britaniya -to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning asosiy eksportyori xisoblangan. Jami to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning 45% i Buyuk Britaniya hissasiga, 20% i esa AQSH hissasiga to’g’ri kelgan. Asosiy importyorlar AQSH, Lotin Amerikasining rivojlanayotgan mamlakatlari, Xitoy va Yevropaning rivojlangan mamlakatlari xisoblandi. 1914 yilga kelib to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning asosiy oqimi rivojlangan mamlakatlarga yo’naltirilgan edi. Jahon xo’jaligining bu davri kapital ishlab chiqarish sohasida sanoati rivojlangan mamlakatlarning o’zaro aloqalari va mustamlakalari bilan bo’ladigan iqtisodiy munosabatlari, xalqaro iqtisodiy munosabatlar majmuasini tashkil eta boshladi. Jahon xo’jaligining rivojlanishidagi uchinchi bosqich I va II jahon urushlari davrini o’z ichiga oladi. Ushbu davr jahon mamlakatlari iqtisodiyotining 1920 yildan keyingi jadal rivojlanishiga qaramay xalqaro moliya tizimining yuqori darajada beqarorligi, industrial mamlakatlardan uzoq muddatli kapitallarning chiqib ketishi bilan ajralib turadi. Jahon iqtisodiyotining rivojlanishidagi to’rtinchi bosqich II jahon urushining oxirlaridan boshlanib 90-yillarning birinchi yarmiga qadar davom etdi. Ushbu davr xalqaro iqtisodiy munosabatlarni qaytadan yo’lga qo’yish yoki yangi iqtisodiy tartibni shakllantirish davri sifatida tavsiflanadi. Bu davrda jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga quyidagi omillar tasir ko’rsatdi: barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlari; dunyo mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligi va mehnat unumdorligini oshirish sohasida birlashish tamoyillarining kuchayishi; tashqi savdo siyosatini erkinlashtirish; ilmiy-texnik taraqqiyotning jadal rivojlanishi; mustamlakachilik tizimining parchalanishi. Bundan tashqari, bu davrda jahon xo’jaligi tizimiga rivojlanayotgan mamlakatlarning faol jalb etilishi, jahonning kapitalistik va sobiq sotsialistik xo’jaliklari o’rtasidagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning faollashuvi ro’y berdi. Milliy xo’jaliklarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish jarayoni faollashib, ular o’rtasida o’zaro bog’liqlik sezilarli darajada kuchaydi. Jahon xo’jalik aloqalarini tartibga soluvchi xalqaro tashkilotlar tizimi yaratildi va xalqaro korporatsiyalar faoliyatining faollashuvi kuzatildi. Jahon xo’jaligining beshinchi - zamonaviy rivojlanish bosqichi 90-yillarning boshlaridan boshlandi. O’zaro iqtisodiy yordam kengashi (O’IYOK) va sobiq Sovet Ittifoqining parchalanishi, SHarqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlarining bozor iqtisodiyotiga o’tishi, xalqaro integratsiya jarayonlarining kuchayishi va xalqaro korporatsiyalarning jahon xo’jaligi sub’ekti sifatidagi rolining ortib borishi jahon iqtisodiyotining zamonaviy rivojlanish bosqichidagi asosiy omillar xisoblanadi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar asta-sekin jahon xo’jaligining tarkibiy elementiga aylana bordi. Hozirgi vaqtda xalqaro iqtisodiy munosabatlarni jahon xo’jaligini rivojlanishi natijasida shakllangan mustaqil iqtisodiy tizim sifatida baholash mumkin. Bu kabi tasdiqlar jahon xo’jaliginiig rivojlanishi jarayoni va muhim bosqichlarida ham o’z aksini topgan (1.3.1-rasm). Jahon xo’jaligi XX asr va XXI asr bo’sag’asida global miqyosga ega ekanligi, bozor iqtisodiyoti printsiplariga asoslanishi, xalqaro mehnat taqsimotining ob’ektiv qonuniyatlari asosida faoliyat yuritishi va ishlab chiqarishning baynalminallashuvi bilan ajralib turadi. Zamonaviy jahon iqtisodiyoti uch elementni - milliy iqtisodiyotlar, ularni bog’lab turuvchi xalqaro iqtisodiy munosabatlar va xalqaro korporatsiyalar tomonidan yaratilgan xalqaro iqtisodiyotni o’z ichiga oladi. Demak, zamonaviy jahon xo’jaligi — bu bozor iqtisodiyotining ob’ektiv qonunlariga bo’ysunuvchi xalqaro iqtisodiy munosabatlar orqali o’zaro bog’liq milliy xo’jaliklar yig’indisi sifatidagi global iqtisodiy organizmdir. Jahon xo’jaligining amal qilish jarayoni XX asr oxiri va XXI asr boshlariga kelib zamonaviy jahon iqtisodiyotiga xos qator rivojlanish tamoyillari va qonuniyatlarini ajratib ko’rsatish imkonini beradi. 1. Dunyo mamlakatlari xo’jalik hayotining baynalminallashish jarayonining chuqurlashuvi. Jahon xo’jaligi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida tovar ishlab chiqarish ustuvorlik qilgan bo’lsa, xozirgi davrda jahon xo’jalik aloqalariga birgina milliy ishlab chiqarish natijalarigina jalb etilmasdan, ishlab chiqarish omillari ham jalb etilmoqda. Zamonaviy jahon iqtisodiyotida ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvini intensiv rivojlantirish, texnologiyalarni xalqaro ayirboshlash, xalqaro kapital va ishchi kuchi migratsiyasi jarayonlari takomillashmoqda. 2. Tashqi iqtisodiy aloqalarning erkinlashuvi. Ushbu holat milliy iqtisodiyotning tashqi dunyo uchun ochiqligini bildiradi. Xalqaro tovarlar savdosida bojxona bojlarini pasaytirish, xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi uchun qulay investitsiya muhiti yaratish, davlat tashqi migratsiya siyosatini yanada erkinlashtirish kabi ustuvor yo’nalishlar amalga oshirilmoqda. 3. Hududiy iqtisodiy integratsiyaning kuchayishi - milliy xo’jaliklarning xalqaro mehnat taqsimotiga asoslangan holda iqtisodiy jihatdan birlashish jarayonidir. SHuni ta’kidlash kerakki, jahon iqtisodiyotidagi hududiy integratsiya jarayonlarining xalqaro iqtisodiy munosabatlarga tasiri ziddiyatlidir. Ushbu jarayon, bir tomondan, hududiy integratsiya birlashmalari faoliyatiga ijobiy ta’sir etsa, ikkinchi tomondan, uchinchi dunyo mamlakatlari bilan bo’ladigan iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga to’sqinlik qiladi. Natijada jahon xo’jaligida regionlashish, ya’ni mintaqalashish jarayoni vujudga keldi. 4. Ishlab chiqarish va kapitalning transmilliylashishi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida vujudga kelgan transmilliylashish jarayoni alohida mamlakatlarga yoki bir necha mamlakatlarga tegishli xalqaro kompaniyalar faoliyati bilan bog’liq xalqaro ishlab chiqarishni yuzaga keltirdi. 5. Jahon xo’jalik aloqalarini davlatlararo tartibga solish tizimining barpo etilishi va iqtisodiy qoidalarning birxillashuvi. Zamonaviy jahon iqtisodiyotidagi tartib-qoidalar xalqaro valyuta-kredit, savdo, xisob-kitob munosabatlarinigina qamrab olmay, balki xalqaro ayirboshlashda asosiy bitim bo’lib xizmat qiladi. Dunyo miqyosida XVF, Jahon banki, JSTning ahamiyati juda katta. 6. Jahon xo’jaligining globallashuvi. Ushbu jarayon, bir tomondan, jahon xo’jaligining yuqorida qayd etib o’tilgan rivojlanish tamoyillarini miqdoriy jihatdan mujassamlashtirsa, ikkinchi tomondan, jahon iqtisodiyotida ro’y berayotgan zamonaviy rivojlash tamoyillarini aks ettiradi: dunyodagi barcha mamlakatlarni jahondagi xo’jalik jarayonlariga jalb etish; ishchi kuchi, texnologiya, kapital, tovarlar va xizmatlarning global bozorlarini barpo etish; jahon xo’jalik aloqalarining (transport, axborot bank, aloqa va boshqalar) global infratuzilmasini yaratish; mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish jarayonida yalpi ichki talablarga qaraganda tashqi talabning ustunligi; — milliy xukumat iqtisodiy funktsiyalarining ko’proq xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga vakilligini topshirish; — iqtisodiy rivojlanishning eng maqbul shakli, mamlakatlar tan olishicha, bozor xo’jaligi printsiplaridir; — xalqaro iqtisodiy aloqalar bilan xo’jalik hayotining qoidalarini universallashtirishni (har tomonlama) mukammallashtirish; — xalqaro raqobat va xalqaro hamkorlikning global xususiyatga ega ekanligi; — juda katta ishlab chiqarish kuchlariga asoslangan xalqaro ishlab chiqarishni yuzaga keltirish. Download 0.81 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling