1-mavzu. Kirish. Geobotanika fanining rivojlanish tarixi. O‘simliklarning hayotiy shakllari. Reja


Download 234 Kb.
bet1/13
Sana08.01.2022
Hajmi234 Kb.
#239369
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
геоботаника маъруза


1-mavzu. Kirish. Geobotanika fanining rivojlanish tarixi.

O‘simliklarning hayotiy shakllari.
Reja:

  1. Geobotanika fani haqida umumiy tushuncha.

  2. Geobotanika fanining rivojlanish tarixi.

  3. Geobotanika fanining o‘simliklar qoplamini o‘rganishdagi roli.

  4. O‘simliklarning hayotiy shakllar bo‘yicha xilma-xilligi.


Tayanch ibora va atamalar: fitotsenologiya, fitotsenoz, o‘simliklar qoplami, formatsiya, fanerofit, hamefit, gemikriptofit, kriptofit, terofit, daraxt, buta, butacha, chala buta, polikarp, monokarp.

Geobotanika (grekcha geo — yer, botanike — o‘simlik) — Yer yuzidagi o‘simliklar jamoasi haqidagi fan. Geobotanika deganda fitotsenologiyaning sinonimi yoki fitotsenologiya bilan botanik geografiyaning majmuasi yoki fitotsenologiya, botanik geografiya va o‘simliklar geografiyasi kabi bo‘limlarning umumiy majmuasi tushuniladi. Fitotsenologiya termini 1918 yilda Daniyalik olim Gams tomonidan taklif etilgan. Shundan buyon bu so‘z geobotanika so‘zining sinonimi sifatida ishlatilib kelinmoqda. U botanika va geografiya fanlarining ajralmas bir qismi bo‘lib, o‘simliklarning yer yuzida tarqalishi va joylashish qonuniyatlarini o‘rganadi. Boshqacha qilib aytganda, Yer sharida tarqalgan o‘simliklar jamoasi va undagi qavmlar (fitotsenozlar) ning tuzilishi, tarkibi va taraqqiyotini tuproq, iqlim, geologik omillarga bog‘lab o‘rganuvchi fan tushuniladi va u alohida o‘simlik yoki florani emas, o‘simliklar guruhini, qoplamini, uyushmasini dunyo floristik oblastlari bo‘yicha o‘rganadi.

Geobotanika fanining asosiy maqsadi tabiiy holda tarqalgan o‘simlik guruhlari qayerlarda qanday ekologik sharoitda uchrashi, ishlab chiqarishda qanday maqsadlarda foydalanishi, sanoatda ishlatilishi va ulardan qanday usullar bilan oqilona foydalanish xususidagi savollarga javob berishdir.

Geobotanikaning o‘ziga xos vazifalari mavjud bo‘lib, o‘simliklar qoplamini tabiatning asosiy resursi ilmiy o‘rganish va tahlil etish, qoplamning zamon talablariga javob beradigan xaritasini tuzish, iqtisodiy samaradorligini aniqlash va bundan to‘g‘ri foydalanish yo‘llarini ko‘rsatib berishdan iborat.

Geobotanik tadqiqotlar qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirishda planlashtirish ishlarini olib borishga asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zlashtirilayotgan maydonning tuproq qatlami, tuprohining tuzilishi, tarkibi, o‘simliklar qoplamini, hattoki yer osti suvlari holatini aniqlashda ham geobotanik ishlar asos bo‘lib xizmat qiladi.

Geobotanika fan sifatida XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida rivojlana boshladi. Bu fanning rivojlanish tarixi o‘simliklar geografiyasi hamda ekologiyasi bilan chambarchas boglangan. “O‘simliklar geografiyasi” fani A.Gumboldtning 1805 yilda nashr etilgai “Идеи географии растений” (O‘simliklar geografiyasi to‘grisida g‘oyalar) asarida to‘liq berilgan. Shu bilan birga, asarda geobotanikaga oid fikrlar ham bayon etilgan edi.

XIX asr boshlarida G‘arbiy Yevropaning o‘simliklar qoplamini geografik yo‘nalishda o‘rganish ishlari boshlandi.

Akademik Frans Ivanovich Ruprext (1833-1878) va uning hamkasbi Kiyev Universiteti professori Ilya Grigoryevich Borshov (1814-1870) 1857-1858 yillarda Orol dengizi qirg‘oqlariga va Sirdaryo havzasiga ekspeditsiya tashkil qiladi. Ushbu ekspeditsiyadan maqsad Orol bo‘yi o‘simliklari qoplamini o‘rganish bo‘lgan. Ushbu ekspeditsiyaning tashkilotchisi Ruprext edi. Borshov ushbu ekspeditsiyada yig‘ilgan materiallar asosida 1865 yil “Материалы для ботанической географии Арало-Каспийского края” nomli yirik asarini nashr etirdi. Ushbu asar geobotanika yo‘nalishdagi dastlabki ishlardan bo‘lsada, ammo bunda geobotanika, o‘simliklar qoplami, o‘simliklar jamoasi, o‘simliklar formatsiyasi kabi so‘zlar qayd etilmagan edi. 1866 yilda Ruprext “Геоботанические исследования о черноземе” nomli yirik asarini nashr ettirdi. Ruprext birinchi marta ushbu asarida geobotanika terminini ishlatdi. Mazkur ikkita yirik asar Rossiyada geobotanika fanining rivojlanishiga va tadqiqot ishlarining jonlanishiga asos bo‘ldiib xizmat qildi.

1849 yilda shved botanigi Turman flora va o‘simliklar qoplamida har xil flora hamda har xil turdagi o‘simliklarni ko‘rish mumkin deb takidladi. XIX asr oxirida o‘simliklar qoplamini o‘rganish tez sur’atlar bilan rivojlandi. 1866 yidda nemis botanigi L.Grizebax birinchi bo‘lib fanga «geobotanika» terminini kiritdi. Geobotanikaning fan sifatida shakllanishida rus akademigi F.Ruprextning hissasini alohida takidlash lozim. O‘simliklar qoplami sistematikasiga oid dastlabki ma’lumotlarni avstriyalik olim Karner o‘zining “Жизнь растений Дунайских стран” nomli asarini yozib, u o‘simliklar qoplamini formatsiyalarga ajratishni fanga kiritdi.

Tuproqshunos olimlardan V.V.Dokuchayev, P.A.Kostuchev, botanik geograf olimlardan A.N.Krasnov, G.I.Tanfilyev, S.I.Korjinskiy, P.N.Krilov, I.K.Pachoskiyning xizmatlarini alohida takidlab o‘tish zarur. Dokuchayev 1880 yillarda bir gruppa mutaxassis olimlar bilan birga (tuproqshunos, geobotanik, meteorolog) dasht cho‘l mintaqasining tuprog‘ini kompleks o‘rgandi.

XIX asrning so‘nggi yillarida geobotanik tadqiqotlar keng miqyosda olib borildi. Iosif Kondratyevich Pachoskiy “Стадии развития флоры” (1891) asarida hozirgi geobotanika termini o‘rniga «florologiya» terminini qo‘lladi. 1896 yilda Pachoskiy o‘zining «fitosotsiologiya» terminini kiritdi. Bu so‘z ham fanda uzoq turmasdan daniyalik olim Gams (1918) taklifi bilan «fitotsenologiya» terminiga aylantirildi. Bu so‘z hozirgi kunda geobotanikaning sinonimi sifatida keng qo‘llanilib kelinmoqda.

V.N.Sukachev o‘zining 1904, 1908 yillarda nashr ettirgan geobotanik yo‘nalishdagi ishlarida, geobotanika yangi yo‘nalish bo‘lib, yangi bilim berishga asoslangandir, deb ta’kidladi. Fitotsenologiyaning alohida fan bo‘lib shakllanishida rus olimi V.N.Sukachevning “Растительные сообщества” (1913) kitobi katta rol o‘ynadi. Geobotanika sohasiga bag‘ishlangan dastlabki, ilk o‘quv qo‘llanmasini 1902 yilda A.Flerov va B.Fedchenkolar yaratdi. Bu darslik uzoq vaqt geobotanikadan asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. 1934 yilda Moskvada Fanlar Akademiyasining Botanika instutida «Что такое фитоценоз» degan mavzuda keng ko‘lamli munozara bo‘lib o‘tadi. Munozara natijasiga ko‘ra V.V.Alyoxin, V.N.Sukachev, A.P.Shennikovlar geobotanika alohida fan va u o‘z rivojlanish bosqichida turibdi deb ko‘rsatdi. Ularning bundan keyingi maqolalarida bu bahsga yakun yasaldi. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘rta Osiyo, Kavkazorti, Uzoq Shimol o‘lkalarini o‘zlashtirish maqsadida yirik hajmli geobotanik yo‘nalishdagi tekshirish ishlari olib borildi. Yirik universitetlarda geobotanika kafedralari tashkil etildi.

Ye.M.Lavrenko boshchiligida “Полевая геоботаника” nomli ko‘p jildli asarning birinchi jildi 1959 yil nashr ettirildi.

O‘zbekistonda ham geobotanika fanining o‘ziga xos bosqichlari bo‘lib, o‘zbekistonlik olimlarning bu sohadagi ilmiy ishlari dunyo geobotanika faniga qo‘shilgan hissadir. O‘zbekiston va O‘rta Osiyoda unga yondosh hududlarda dastlabki botanik-geografik va geobotanik tekshirishlar X1X asrda boshlandi. Aleksandr Leman 1841 yilda Buxoro va Samarqand atroflarida, Zarafshon daryosining yuqori oqimidan ko‘plab botanik materiallar to‘pladi. Ushbu yig‘ilgan materiallanga asoslanib I.G.Borshov 1865 yilda Zarafshon vodiysini alohida botanik geografik rayonga ajratdi. O‘rta Osiyo cho‘llari shimoliy rayonlarining o‘simliklar formatsiyalarini o‘rganish natijasida,o‘simliklar qoplami mustaqil,avtoxton yo‘l bilan paydo bo‘lib rivojlanganligini isbotladi. O.A.Fedchenko Zarafshon vodiysida 1868-1871 yillarda tekshirishlar olib borib, bir yarim mingga yaqin o‘simlik turlarini aniqladi. A.B.Bunakovskiy 1873-1874 yillarda Chirchiq daryosi vodiysida o‘rmon o‘simliklari qoplamini o‘rgandi. Fransiyalik olimlardan G.Kapyu va Bonvola 1881 yilda O‘zbekiston hududlari va G‘arbiy Tyon Shonning o‘simliklarini o‘rgandi. Mashhur olim V.I.Lipskiy 1887-1896 yillarda tekshirish ishlarini olib borib “Горная Бухара” (1902) — (Tog‘li Buxoro), “O‘rta Osiyo florasi”nomli yirik asarlarini yaratdi. O‘zbekiston hududlarining o‘simliklar qoplamini o‘rganishda S.I.Korjinskiyning xizmatlari ancha salmoqli. Uning 1898 yilda yozilgan yirik asari, “Очерк растительности Туркестана”dastlabki geobotanik ish edi. XX asrning 30-60- yillarida O‘zbekistonda geobotanik yo‘nalishdagi ilmiy ishlar akademik Ye.P.Korovin boshchiligida olib borildi va 200 ga yaqin geobotanik mutaxassislar tayyorlandi. Bulardan S.N.Kudryashov, I.I.Granitov, M.M.Orifxonova, A.Y.Butkov, V.K.Paziy, M.M.Nabiyev, T.A.Adilov, P.K.Zokirovlar O‘zbekiston geobotanikasi faniga munosib hissa qo‘shdi. Yirik geobotanik olim Ye.P.Korovin o‘zining «Растительность Средней Азии и Южного Казахстана» (1940) nomli yirik asarida O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning o‘simliklar qoplami haqida to‘liq ma’lumot bergan. I.I.Granitov boshchiligida 1931 yilda birinchi marta O‘zbekiston o‘tloqzorlarini geobotanik jihatdan o‘rganish boshlandi. Natijada 1936 yildan boshlab keng ko‘lamli xaritalash ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston olimlari tomonidan yirik geobotanik ishlar amalga oshirilgan hamda quyidagi asarlar nashr ettirilgan:

I.I.Granitov «Растительност Узбекистана» (1956), «Растительный покров Юга западных Кызылкумов» (1964; 1967), Q.3.Zokirov “Флора и растительность бассейна реки Зеравшан” (1955; 1968), “Опыт типологии растительности земного шара на примере Средней Азии” (1978), P.Q.Zokirov “Растительный покров Нуратинских гор” (1967), M.M.Orifxonova «Растительность Ферганской долины” (1967), A.Y.Butkov “Высокогорная растительность Западного Тянь-Шаня и его хозяйственное значение” (1969), M.M.Nabiyev “Botanika atlas lug‘ati” (1969) kabi yirik geobotanik asarlardir.

O‘simliklarning tashqi qiyofasiga qarab gruppalarga ajratish juda qadimdan Aristotel va uning shogirdi Teofrast tomonidan taklif etilgan edi. Botanik geografiya asoschisi Gumboldtdan keyin ham ko‘plab olimlar bu nazariyani takomillashtirdilar. Raunkier (1918), Pachoskiy (1921), Serebryakov va boshqalar bu sohada ko‘p ishlar qildilar. 1901 yilda Verming birinchi bo‘lib o‘simliklar olamiga hayotiy shakllar terminini taklif etdi. Hayotiy shakllarga doir eng maqbul klassifikatsiya daniyalik botanik K. Raunkier tomonidan (1934) ishlab chiqilgan klassifikatsiyadir. Bu klassifikatsiya yangilanib turuvchi organlarning, ayniqsa, kurtakning yashashi va joylashuviga asoslanganligi bilan juda muhimdir.

1. Fanerofitlar — kurtaklari yer yuzasidan ancha yuqorida joylashgan bo‘lib ko‘zga yaqqol tashlanadi. Faneros — yaqqol ko‘rinib turuvchi demakdir. Bularga, asosan, daraxt va butalar kirib, qishda barglarini to‘kadi. Shox-shabbalari va novdalarini sovuq urmaydi.

2. Hamefitlar — bu guruhga ba’zi bir buta va chala butalar kirib yangilanish kurtaklari yer yuzasiga ancha yaqin joylashadi. Tashqi tomoni tangachalar bilan qoplangan bo‘ladi. Qish mavsumida qor tagida qoladi, ammo novdalari nobud bo‘lmaydi. Heme — past, yer bag‘irlovchi degan ma’noni bildiradi.

3. Gemikriptofitlar — bu guruh vakillarining yangilanish kurtagi yer yuzasi bilan barobar joylashadi. Yer usti poya va novdalari qurib qoladi. Qurigan novda va poyalar qoldig‘i yangilanuvchi kurtaklarni qoplab oladi. Bularga, asosan, ko‘p yillik o‘tlar kiradi. Geme — yarim, kriptos — yashirin degan manoni bildiradi.

4, Kriptofitlar — bu guruhga yer ustki organlari batamom qurib qoladigan, yangilanuvchi organlardagi kurtaklari yer ostida bo‘lgan ildiz poyali, ildiz tugunakli, piyozboshchali o‘simliklar kiradi.

5. Terofitlar — bu guruhga, asosan, bir yillik turlar kirib, ular qishda butunlay qurib qoladi. Ko‘karib chiqish qishda saqlanib qolgan urug‘lari orqali amalga oshadi.

Bundan tashqari suv o‘simliklaridan iborat bo‘lgan, kurtagi suv ostida, vegetativ organi suvdan ko‘tarilib turadigan gelofitlar va kurtagi suv ostida novdalari suvda joylashgan gidrofitlar guruhi ham mavjud.

Geobotanikada Raunkier klassifikatsiyasidan tashqari I.G.Serebryakovning (1962, 1964) klassifikatsiyasi bo‘lib, bu o‘simliklarning tashqi ko‘rinishiga asoslangan.

1. Daraxtlar — bu guruhda ko‘p yillik yer ustki qismlari yog‘ochlangan, bo‘yi ikki metrdan yuqori, bitta asosiy tanaga ega bo‘lgan o‘simliklar — chinor (Platanus orientalis L.), archa, terak, qarag‘ay (Pinus silvestris L), olma (Malus domestica Borkh), yong‘oq (Juglans regia L.) kabi turlar kiradi.

2. Butalar — bu guruhga ko‘p yillik bo‘yi 2-3 metrdan oshmagan, asosiy tanasi yog‘ochlangan, bitta asosiy tanaga ega bo‘lmagan, yer yuzasidan shoxlangan o‘simliklar — anop (Punica granatum L), maymunjon (Rubus caesius L), na’matak (Rosa maracandica. Bde), zirk (Berberis integerrima. Bde), uchqat (Lonisera nummularifolia L. et Sp.) kabi turlar kiradi.

3. Butachalar — bu guruhga esa ko‘p yillik, past bo‘yli, tanasi yog‘ochlangan, 0,5 metrdan baland bo‘lmagan turlar — pochaqirqar kiradi.

4. Yarim buta, chala buta — bu guruhga poyasining faqat pastki qismi yog‘ochlanib, qolgan qismi har yili kuzda qurib qoladigan ko‘p yillik turlar — shuvoq, izen (Kochia prostrata (L) Schrad), isiriq (Peganum harmala L), yantoq (Alhagi sparsifolia. Shap) kabi turlar misol bo‘ladi.

5. O‘t o‘simliklar — bu guruhga poyasi yog‘ochlanmaydigan, yer ustki qismlari har yili qurib ketadigan ko‘p yilik, 2 yillik yoki 1 yilik o‘tlar kiradi.

Bundan tashqari o‘t o‘simliklar bir qancha guruhlarga ajratiladi.

a) polikarp turlar — hayotida bir necha marta gullab, urug‘ va meva beradi.

b) monokarp turlar — ko‘pincha qurg‘oqchil mintaqalarda tarqalib bir necha yil, hatto 10-15 yil umr ko‘rib bir marta gullab, urug‘ va meva beradigan o‘simliklardir. Bularga kovrakning ba’zi turlari, astra va karamdoshlarning ba’zi bir turlari misol bo‘ladi.

O‘rta Osiyo sharoitida bundan tashqari, chirmashib o‘suvchi liana turlar ham mavjud bo‘lib, ular daraxtlarga ilashib o‘sadi. Madaniy o‘simliklardan tok o‘simligi, yovvoyi turlardan chirmovuq, pechak, ilonchirmovuq kabi turlar misol bo‘ladi.

Fitotsenoz grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, fiton — o‘simlik, kainos — umumiy degan manoni bildirib o‘simliklar qavmi, birlashib yashovchi o‘simliklarning tabiiy guruhidir. U o‘ziga xos turlari, strukturasi, ekologik muhiti bilan xarakterlanadi yoki ayrim sharoitda bir to‘da o‘simliklar yoki bir qancha turlarga oid o‘simliklarning qavm bo‘lib yashashidir.

1904 yilda geobotanik olim G.F.Morozov birinchi bo‘lib o‘rmon o‘simliklarining qavm bo‘lib yashashini aniqlagan. Undan keyin 1908 yilda akademik V.N.Sukachev tomonidan fitotsenozdagi barcha turlarning qavmi o‘rganiladi. 1915 yilda I.K.Pachoskiy faqat bitta o‘simlik hukmron bo‘lib o‘sadigan dalalarga qo‘llasa, 1917 yilda Sukachev esa hamma o‘simliklarga qo‘llaydi. 1918 yilda Sukachev nazariyasi G.Gams tomonidan qo‘llab quvvatlanadi. Sukachev tomonidan 1956 yilda fitotsenozga birinchi bo‘lib to‘gri ta’rif berildi. «Fitotsenoz yoki o‘simliklar jamoasi, ma’lum hududda o‘sadigan o‘simliklarning har birining xarakterli xususiyatlarini; o‘simliklarning bo‘y balandligini, tarqarilishini, hayotiy holatini, vegetatsiyasini, gullash va urug‘lashini, qovrashini, o‘simliklarning bir-biriga ta’sirini, o‘sadigan joyini, iqlim va tuprog‘ini, inson va hayvon ta’siri kabi ekologik omillar majmualarini o‘z ichiga oladi» deb tarifladi. Fitotsenozdagi o‘simliklarning majmuasi bu tasodifiy emas, undagi o‘simliklar konkret tarixiy taraqqiyot natijasida yig‘ilgan uyushma – qavm, hisoblanib, unga tuban va yuksak o‘simliklar kiradi. Ular ekologiyasining har xilligi bilan ajralib turadi. Har bir fitotsenozning o‘ziga xos bo‘lgan muhim belgilari mavjuddir. Yani har bir fitotsenoz boshqasidan turlar tarkibi, turlar orasidagi miqdor va sifat munosabatlari, qavatlilik-pogonalik, mo‘llik, hayotiy shakli; gorizontal tuzilishi kabi belgilar bilan farq qiladi. Odatda fitotsenozlarning tuzilishini o‘rganishda quyidagi belgilarni hisobga olish lozim.

1) fitotsenozning floraviy tarkibi;

2) fitotsenozni tashkil etuvchi turlar soni, ularning umumiy massasi, turlar orasidagi miqdoriy nisbatlar;

3) har bir individlarning holati (ahvoli);

4) fitotsenozda turlarning vertikal va gorizontal taqsimlanishi hamda shu asosda strukturaviy qismlarga bo‘linishi.

Sizga ma’lum bo‘ldiki, fitotsenoz o‘simliklar jamoasi bilan bir narsa hisoblanadi va quyidagicha ta’riflanadi. “Tashqi muhit bilan doimiy aloqada bo‘ladigan, ma’lum bir hududda uchraydigan o‘simliklar guruhi fitotsenoz”- deb ataladi. Fitotsenozga o‘rmon, o‘tloq, cho‘l, sahro, tog‘, yaylov, botqoq, to‘qaydagi o‘simliklar jamoasi kiradi. Bular ham o‘z navbatida kichik-kichik bo‘laklarga bo‘linadi. Misol uchun cho‘l fitotsenozi qumli cho‘l, shuvoqli cho‘l, gipsli cho‘l, sho‘rli cho‘llar fitotsenoziga bo‘linadi.

V.N.Sukachev va P.D.Yaroshenkolarning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jalik ekinlari, bug‘doy, arpa, sholi, paxta ekiladigan yerlar ham senozning bir turi, ya’ni agrofitotsenoz deb ataladi. Sababi bu maydonlar inson xo‘jalik faoliyati natijasida sun’iy yaratilgan maydonlardir.Fitotsenoz o‘simliklar qoplamining sifat jihatidan ajralib turuvchi qismidir. Fitotsenoz terminini Sukachev 1954 yilda fanga kiritgan. Fitotsenoz ma’lum sharoitdagi tuban va yuksak o‘simliklar majmuasi bo‘lib, ular doimiy ravishda bir biri bilan aloqada bo‘ladi. Bular hamma vaqt o‘ziga xos muhit hosil qiladi.

Fitotsenozda ko‘plab turlar mavjud bo‘lib, alohida turlarning har xil holatdagi (urug‘, maysa, yetilgan, qari, quriyotgan) individlar yig‘indisi senopopulyatsiya deyiladi.

Jamoadagi o‘simlik turlari bilan muhit o‘rtasida doimiy ravishda bo‘lib turadigan munosabatlar juda muhim va murakkab jarayondir. Buni bir muncha to‘g‘ri tushunish uchun jamoaning tarixiy taraqqiyoti va evolyutsiyasini bilish kerak bo‘ladi. Ma’lumki, jamoa tasodifiy turlardan tashkil topmaydi, balki asrlar, ba’zan minglab yillar davomida shu yerga, shu muhitga moslashgan va ma’lum bir jamoaga birlashgandir. Shuning natijasida yer sharining har bir mintaqasida o‘ziga xos jamoalar tashkil topib, ular bir-birlaridan keskin farq qiladi. Har bir jamoadagi turlar tarkibi jamoa florasining har xil bo‘lishida tuproq, iqlim, relyef omillari bilan birga turlarning kelib chiqish tarixi ham asosiy rol o‘ynaydi. Shunday bo‘lsada jamoadagi turlar doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Ayniqsa, bunday hol mavsumiy o‘zgarishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘t o‘simliklar qoplami va zich o‘rmonzorlarda buni kuzatish mumkin. Cho‘l mintaqasida erta bahorda, ba’zi bir efemer o‘simliklar gullasa, yoz boshlarida boshqa turga mansub o‘simliklar gullaydi.

Jamoadagi efermer turlar deganda qisqa vegetatsiya davriga ega bo‘lgan bahorning dastlabki kunlarida yerda nam tugashi bilan gullaydigan har yili urug‘dan unib chiquvchi bir yillik o‘simlik turlarini tushunamiz. Efermer turlarga jag‘-jag‘ (Capsella bursa-pastoris L. Medik), chitir (Chorispora tenella (Pall) DC), qizgaldoq (Roemera refracta DC), shotora (Fumaria vaillantii. Joisl), achitqi, ismaloq (Spinata turkestanica L.) kabi O‘rta Osiyo florasidagi 400 ga yaqin turlar kiradi. Bundan tashqari jamoada efemeroid turlar ham mavjud bo‘ladi.

Jamoadagi efemeroid turlar deganda qisqa vegetatsiya davrida ega bo‘lgan ko‘p yillik turlar misol bo‘ladi. Iloq (Carex sp),hilol (Cyperus longus L) rang (Carex sp), qo‘ng‘irbosh (Poa bulbosa L.), lola(Tulipa griegii Rgl), chuchmoma (Ixiolirion tataricum(Pall) Herb), boychechak (Crocusalatavicus Rgl & Semen), sapsargul (Iris L.), navruzgullar (Primula Fedtschenkol Rgl) misol bo‘ladi.

Jamoadagi har bir tur o‘z naslini saqlab qolish uchun doimiy ravishda kurashib yashaydi va turli xil moslanishlarga ega bo‘ladi.Shunday turlar borki ituzum(Solatium nidrum L.), sho‘ra (Chenopodium), shumgiya (Orobanche aegyptiaca Pers), qurtena (Sisymbrium loeselii L) kabilar juda ko‘plab urug‘ va meva hosil qiladi. Bunday turlar natijada har qanday sharoitda yashab qolishga moslashgan va yer yuzasida keng tarqalgan. Pupak zamburug‘i esa juda ko‘plab sporalar hosil qilsa, ajriqqa o‘xshash turlar vegetativ ko‘payishga moslashgan. Jamoadagi bunday turlarning ko‘pchiligi kosmopolit turlar deb ataladi. Kosmopolit turlar deganda yer yuzasini deyarli hamma joyida uchraydigan va har qanday sharoitda yashaydigan ajriq (Cynodon dactylon (L) Pasij), jag‘-jag (Capsella bursa-pastoris (L) Medik.), chitir (Chorispora tenilla (Pall) DC), sho‘ra kabi turlarni tushunamiz.

Baland daraxtli qalin o‘rmonlarda butalar, moxlar, o‘ziga xos muhit tashkil qiladi. Asosan tog‘ning o‘ziga xos fito muhiti bo‘lib, u botqoq, cho‘l, o‘tloq muhitidan tubdan farq qiladi. Fitotsenozdagi har bir tur o‘ziga xos ekologik xususiyatga ega bo‘lib, bu turlar o‘rtasida har xil munosabatlar yuzaga keladi.


Download 234 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling