1-mavzu: siyosat ob’yektiv voqeilik sifatida. Siyosat ijtimoiy hodisa. Siyosat tushunchasi
Markaziy Osiyoda XVII–XIX asrlarda ro‘y bergan siyosiy inqiroz sabablari
Download 249.54 Kb.
|
Markaziy Osiyoda XVII–XIX asrlarda ro‘y bergan siyosiy inqiroz sabablari
Xalqimizning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari tarixiga doir ma’lumotlar, dalillar hamda tahlillar Sharq, xususan, Markaziy Osiyo IX– XII, XIV–XV asrlarda kuchli ijtimoiy-siyosiy yuksalishni boshidan kechirganligini ko‘rsatadi. Biroq, shu qadar yuksak sivilizatsiyani boshdan kechirgan mintaqamiz va millatimiz XVII–XIX asrlar mobaynida tanazzulga yuz tutgani va Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylangani ijtimoiy fanlar, jumladan siyosatshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganilishi zarur bo‘lgan masalalardandir. O‘zbek milliy mustaqil davlatchiligini yanada mustahkamlashda siyosiy tariximizdan bunday murakkab savollarga javob topish katta nazariy hamda amaliy ahamiyat kasb etadi. Chunki xalq, millat va davlatning taqdirida faqatgina moddiy boyliklar emas, balki ma’naviy kuch-qudrat va salohiyat ham ko‘p narsani hal qiladi. Chingizxonning to‘rasi nassi qoti’ emasdurkim, albatta kishi aning bila amal qilmog‘i kerak, agar ota yomon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bila badal qilmog‘ kerak, – deb yozadi Bobur “Boburnoma”da. 70 XVII–XIX asrlar mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida bir-biriga zid omillar, jarayonlar o‘rtasidagi nomutanosiblikning keskinlashganini, kuchayganligini kuzatish mumkin. Ularni tizimni tuzuvchi va buzuvchi jarayonlar deb nomlash mumkin. Jumladan, Amir Temur va temuriylar hukmronligidan so‘ng tinchlik, barqarorlik, fuqaroviy hamjihatlikka intilish, jamiyatni boshqarishda taraqqiyotni ta’minlovchi qadriyatlar, davlatchilik tajribasi, Vatan shon-shuhrati uchun qayg‘ura olish kabi tizimni barqarorlashtiruvchi jarayonlar birin-ketin barbod bo‘lgan. Sekinasta ular o‘rnini vayron qiluvchi quyidagi omillar egalladi: 1) mahalliy xalq o‘rtasidagi parokandalik; 2) qabilachilik va urug‘chilik kayfiyatining kuchayishi bois yagona xalqning bir-biriga yovlashishi; 3) birodarkushlik mojarolari (o‘zbek xonliklari, qolaversa, markaz hamda bekliklar o‘rtasida ro‘y bergan qonli to‘qnashuvlar); 4) siyosiy, hududiy-madaniy yaxlitlikni saqlab qolishga qodir kuchlarning mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgani (Bobur va uning maslakdoshlari, Abdumalik to‘ra1 va boshqalarning qismati) va hokazolar. Natijada mamlakatimiz tarixidagi so‘nggi 400 yil mobaynida yo‘qotilgan ko‘pgina qadriyatlarimiz oqibatlari xalqimiz mentalitetida jiddiy asoratlar qoldirdi. So‘z va ish birligi buzildi. Milliy birlikka, milliy vijdon va vataniy axloqqa da’vat etish borasida jiddiy amaliy harakatlar izchil olib borilmaganligi, faqat etnik, sulolaviy va hududiy birlashish bilan qanoat qilish, Vatan va millat manfaatlarini tor shaxsiy manfaatlarga almashtirib yuborish kabi noxush jarayonlar kuchaydi. Hokimiyatga kelgan yangi, ammo taraqqiyot uchun yaroqsiz kuchlar – xonlar sulolalari xalq ehtiyojlari, fuqarolarning hayotiy manfaatlarini his etish va ifodalashga zaiflik qilganlar. Mahalliychilik va mintaqaviy mojarolar girdobiga tushib qolgan mamlakat Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklariga bo‘linib ketgan. Shaxsiy va urug‘chilik manfaatlarining ustuvor ahamiyat kasb etishi mamlakatda boshboshdoqlikni keltirib chiqardi. Siyosatshunoslik ilmi nuqtai nazaridan baholaganda, mamlakatda tizim buzuvchi jarayonlar batamom ustun bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, amalda ijtimoiy tizimni, u qanchalik mustahkam bo‘lmasin, uzoq muddat avaylab ushlab turish qiyin. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy jarayonlardagi noxushlikning oldini olish, bunyodkorlikka erishish Sharq dunyosi sharoitida ko‘pgina hollarda xalq va Vatan taqdiri uchun butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan fidoyi yetakchining hokimiyat tepasiga kelishiga, uning kuchli irodasiga bog‘liq bo‘lgan. Biroq, mahalliychilikka berilgan har uchala xonlik davrida Markaziy Osiyoda bunday yetakchi hokimiyat shakllanmadi. Aksincha, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari ham tashqi, ham ichki manfaatlarga erishish uchun bir-biriga qarama-qarshi davlatlar va davlatlararo guruhlar bilan til biriktirdilar. Masalan, Buxoro amirligi tashqi siyosatida Eronga moyillik, Xiva xonligi siyosatida esa ko‘proq Rossiyaga suyanish tamoyili sezildi. Buning oqibatida ichki parokandalik, ittifoqchilikni mustahkamlash o‘rniga najotni chetdan izlash istagi ustun keldi. Bu hol esa mustamlakachi davlatlarning bosqinchilik istaklariga qo‘l keldi. Ma’naviy hushyorlik sezgisi zaiflashib, oxir-oqibatda millatimiz tarixida uch asrdan ziyodroq davom etgan inqirozga olib keldi. Markaziy Osiyoda ro‘y bergan bu tanazzul G‘arb davlatlari tashqi siyosatida XVII asr boshlaridan kuchayib borgan istilochilik yurishlari bois yanada chuqurlashdi. G‘arbda Sharq mamlakatlariga nisbatan ustuvor yevropatsentrizm, buyuk davlatchilik shovinizmi, mustamlakachilik va umumbashariy hakamlik sari intilish bilan bog‘liq bo‘lgan g‘oyaviysiyosiy amaliyot shakllandi. Pirovardida har ikki sivilizasiyaga mansub xalqlar, mamlakatlar o‘rtasidagi ma’rifiy munosabat zaiflashdi. Oxir oqibatda Markaziy Osiyo hududi jahon siyosatining chekka, ikkinchi darajali obyektiga aylandi, siyosiy-ma’muriy tizim sifatida o‘z nufuzini yo‘qotdi. Qariyb uch asr davom etgan siyosiy inqiroz va o‘zaro nizolar oqibatida mintaqamiz xalqlari bir yuz o‘ttiz yillik siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy qaramlikka duchor bo‘lishdi. Bu davrda Markaziy Osiyo xalqlari siyosiy tafakkuri, iqtisodiy ijtimoiy va madaniy hayoti qanday jarayonlar ta’sirida kechganini o‘rganishda o‘sha zamonlarning bevosita shohidi bo‘lgan olim-u fuzalolar merosini o‘rganish katta ahamiyat kasb etadi. Shunday olimlardan biri tabiiy va aniq fanlardagi yuksak salohiyati tufayli muhandis nomini olgan, ulug‘ ma’rifatparvar va shoir Ahmad Donishdir (1827–1897). U madrasa ta’limini olgach tarix, adabiyot, astronomiya, geometriya, tibbiyot, hattotlik, musiqiy san’at sohalarini mustaqil o‘rgangan. XIX asrning 50-yillari o‘rtalarida amir Nasrulloh saroyida bosh hattot va rassom sifatida ish boshlagan Donish Buxoro amirlari topshirig‘i bilan Rossiyaga yuborilgan elchilar safida uch marta – 1856, 1869, 1873–1874- yillarda Peterburgda bo‘lgan edi. Ahmad Donish Buxoro va Rossiya taraqqiyotidagi tafovutni amalda ko‘rib, taqqoslaydi va unda mahalliy hukmdorlar ichki va tashqi siyosatiga nisbatan tanqidiy munosabat yanada chuqurlashadi. O‘z safari taassurotlari hamda qozilik faoliyatida to‘plagan tajribalari asosida olim Buxoro ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishida sotsialiqtisodiy o‘zgarishlar zarur, degan qat’iy xulosaga keladi. Uning ijtimoiysiyosiy va huquqiy qarashlari aks etgan «Navodirul-vaqoye» («Nodir voqealar») va «Risolai tarixi amiron mang‘it» («Mang‘it amirlari tarixi haqida risola») kabi mashhur asarlari yuqoridagi sabablarga ko‘ra yaratiladi. Bu asarlarda amirlikning boshqaruv tizimi, undagi xalqlarning ahvoli, Rossiya bilan bo‘lib o‘tgan urush masalalari yoritilgan. Ahmad Donish davlat boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartirish haqidagi mulohazalarida mang‘it amirlari hamda amaldorlari xattiharakatlarini qattiq tanqid qilib, «xalq axloqining tuzalishidan ilgari podshoh va hukumat amaldorlari axloqining tuzalishi zarurroq. Chunki podshoh axloqli bo‘lsa, bir shaharga emas, balki viloyatga, hattoki butun bir iqlimga ta’siri o‘tadi. Shuningdek, podshohning ma’nan buzuqligi ham butun mamlakat xalqining buzilishiga sabab bo‘ladi» qabilidagi fikrlarni yozadi. Masalan, Buxoro vazoratini (Bosh vazir) egallagan Muhammad qushbegi shunchalik ojiz, besavod va aqlsiz bo‘lganki, u butun «iqtidori»ni davlatning ayanchli ahvoli haqidagi zarracha to‘g‘ri fikrni ham amirga yetkazmaslikka sarflagan. Chunki adolat, diyonat, insof talabidagi har qanday gap amirning kayfiyatiga yomon ta’sir o‘tkazib, uni g‘azablantirgan. Donishning iqroriga ko‘ra, «quruq xushomad, bema’ni maqtovlar bilan davlatning ishlari o‘nglanmaganidek, xalqning ahvoli ham yaxshilanmaydi» . Umuman, Ahmad Donish o‘z «Risola»sida amir Doniyoldan (1758– 1785) to amir Abdulahadgacha (1885–1910) bo‘lgan (amir Shohmuroddan tashqari) barcha Buxoro amirlarini davlat va uning fuqarolari farovonligi yo‘lida emas, balki faqat o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida qayg‘urgan no‘noq hukmdorlar sifatida ta’riflaydi. Shu o‘rinda Ahmad Donishning quyidagi fikrlari e’tiborni tortadi: «Ular, – deb yozadi Donish, – nimani topishsa o‘shani olib qo‘yishar, beva-bechoralar shamchirog‘idagi olovdan tortib, vaqf omboridagi g‘allagacha o‘g‘irlashar, qorin g‘ami va quvonchu xursandliklariga xizmat qilsa bo‘ldi edi. Hech kim qarshilik ko‘rsatishga jur’at etmasdi. Amirlar va hokimlar orasida qimorbozlik, mayxo‘rlik va buzuqchilik avj oldi, dehqon va hunarmandlarda esa shafqatsizlik, ezish, soliqlar va aminona, vakilona kabi yig‘imlar serobligidan na turish, na yurishga hol qoldi». Mamlakat amaldorlarining suiiste’molchiliklari, hokimlar va amirlarning ochko‘zligi, o‘z xatti-harakatlarini oqlash uchun diniy qonunqoidalardan foydalanishi, sxolastik xususiyat kasb etuvchi ta’limning ayanchli ahvoli, davlat mustaqilligini saqlashga qaratilgan aniq tashqi iqtisodiy harakatlarning yo‘qligi, mintaqada yangi yerlarni bosib olishga yo‘naltirilgan ancha tor intilishlar, xalqning qashshoq ahvoli o‘sha zamonning umumiy ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy manzarasini tashkil etardi. Rost so‘z, to‘g‘ri fikrning bir chaqalik qiymati bo‘lmagan ana shunday qaltis sharoit va og‘ir muhitda saroy xizmatida bo‘lgan Ahmad Donish islohotchilikning aniq takliflarini, jiddiy, lekin mutlaq to‘g‘ri tanqidiy mulohazalarini ayta oldi. Uning fikricha, «hasadgo‘ylik, takabburlik, ko‘rolmaslik, ittifoqsizlik kabi chirkin illatlar «boshqalarga qaraganda musulmonlarda ko‘proqdir» . Aslida yetilib kelayotgan jadidchilikning tamal toshini Ahmad Donish qo‘ygan edi. YE. Bertelsning «Donish – O‘rta Osiyo jadidlarining otasi» deb bergan ta’rifi ayni haqiqat. Shuning uchun ham bunday ulug‘ zotning hayoti va faoliyatini o‘rganmasdan turib jadidchilikning vujudga kelishini hamda ahamiyatini to‘liq tushunish qiyin. Ulkan salohiyat, tahlil va baholash qobiliyatiga ega bo‘lgan o‘sha davr mahalliy mualliflari tarix g‘ildiragining aylanishida mahalliy hukmdorlar fe’l-atvoridagi illatlar oqibatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar hamda mamlakatni inqirozga olib kelgan siyosatning guvohi bo‘lganlar, to‘g‘ri va xolis xulosa chiqarganlar. Shu tariqa tanazzuli kuchayib borayotgan ijtimoiy boshqaruv tizimining bag‘rida inqirozli ahvoldan chiqishni ko‘zlagan izlanishlar yuzaga kelgan. Bu izlanishlarning samarasi sifatida Buxoro va Turkiston jadidchiligi paydo bo‘ldi. Download 249.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling