1-mavzu: siyosat ob’yektiv voqeilik sifatida. Siyosat ijtimoiy hodisa. Siyosat tushunchasi
Siyosiy partiyalarning kelib chiqishi, vazifalari va turlari
Download 249.54 Kb.
|
3. Siyosiy partiyalarning kelib chiqishi, vazifalari va turlari.
Partiyaviy tizimlar Hozirgi zamon jamiyatlarining siyosiy hayoti murakkab, ziddiyatli va serqirrali bo‘lib, unda ko‘p sonli ishtirokchilar ya’ni, siyosat subyektlari ishtirok etadi. Bu ishtirokchilar orasida eng ko‘zga ko‘rinarli o‘rinlardan birini siyosiy partiyalar egallaydi. Bugungi rivojlangan dunyoda siyosiy partiya mavjud bo‘lmagan davlat borligini tasavvur qilish mushkul, deyarli barcha davlatlarda ikki yoki ko‘ppartiyaviy tizim mavjud. Sivilizatsiyaning eng muhim yutuqlaridan bo‘lmish siyosiy partiya ijtimoiy hayotdagi demokratiya va barqarorlikni ta’minlashda asosiy omillardan biri bo‘lib, u ijtimoiy tashkilotlar orasidagi eng siyosiylashgan tashkilotdir. Siyosiy partiya tushunchasining lug‘aviy ma’nosi nima, uning paydo bo‘lishi va keyingi tarixi qaysi zamonlarga borib taqaladi degan savol tug‘ilishi tabiiy. «Partiya» atamasi lotincha «parts» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «qism», «bo‘lak» degan ma’nolarni anglatadi. Siyosiy partiya deganda fuqarolarning muayyan siyosiy maqsadlar atrofida birlashgan va muayyan siyosiy tashkilotlarga uyushgan qismi, bo‘lagi tushuniladi. Dastlabki partiyalar Qadimgi Gretsiyada eramizdan avvalgi zamonlarda vujudga kelgan edi. Hududiy bo‘linish asosida tashil topgan bunday partiyalar Platon, Aristotel va boshqalar tomonidan salbiy baholangan edi. Xususan, Aristotel Qadimgi Gretsiyadagi uch asosiy siyosiy partiya – dengiz sohilida, tekislikda va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘rtasidagi mavjud kurash, o‘zaro raqobat haqida yozib, bu partiyalar ijtimoiy yaxlitlik va davlat birligiga rahna solishi mumkin, deya qayd etgan edi. Qadimgi Rimda «partiya» tushunchasi asosan u yoki bu imperator (masalan, Sezar yoki Sula) siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi guruhni ifodalash uchun ishlatilganligi tarixdan ma’lum. O‘rta asrlardagi siyosiy partiyalar jamiyatda ziddiyatlar kuchayganda, feodallar va boshqa sinflar o‘rtasida yuzaga kelgan ijtimoiy kelishmovchiliklar sharoitida vujudga kelgan. Zamonaviy ma’nodagi siyosiy partiyalar ma’lum bir ijtimoiy guruhning manfaatlarini uyushgan va izchil tarzda ifoda eta oladigan vakillik sifatida XVII-XVIII asrlardagi ingliz va fransuz burjua inqiloblar davrida shakllandi. Sanoat inqilobi natijasi o‘laroq, kapitalistik bozor munosabatlarining tezkor rivoji Yevropa jamiyatlarining kuchli tabaqalanishiga olib keldi. Ijtimoiy muammolarni siyosiy yo‘l bilan, ya’ni hokimiyat orqali hal etish hayotiy masalaga aylandi. Shu tarzda siyosiy partiyalarning roli ham ortib bordi. M. Veber taklif etgan siyosiy partiyalarning shakllanish tarixiga oid klassifikatsiyaga ko‘ra siyosiy partiyalar dastlab zodagonlarning siyosiy to‘garaklari tarzida paydo bo‘lib, keyinchalik siyosiy klublarga so‘ngra esa ommaviy partiyalarga aylanganlar. (Biroq, hamma partiyalar ham o‘z tarixlarida bu uch bosqichni bosib o‘tmaganlar. Odatda, ko‘pincha siyosiy klub yoki ijtimoiy-siyosiy harakatlardan siyosiy partiyalar kelib chiqqan.) Masalan, Angliyada 1831- yilda tuzilgan «Charlton klab» konservatorlar partiyasiga, 1836-yilda tuzilgan «Reform klab» klubi esa liberal partiyaga asos bo‘lgan. Shakllanayotgan ayrim siyosiy klublar parlamentlar bilan uzviy bog‘liq edi. Jumladan, Fransiya milliy majlisi deputatlarining bir qismi bo‘lgan yakobinchilar 1791-yilda butun Fransiya bo‘yicha 448 ta provinsial guruhlarga ega edilar. Shu tariqa Fransiyada XVIII asrga kelib siyosiy partiyalar uzil-kesil shakllandi. Bu paytda Fransiya ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan yakobinchilar, jirondistlar, eberistlar, anarxistlar hozirgi zamonda keng tarqalgan o‘ng, so‘l va markaz partiyalarga asos soldilar. Ular keyinchalik utopik (xayoliy) kommunistik va sotsialistik partiyalarga asos bo‘lishdi. (SH. Furs, Sen-Simon va boshqalar). AQSHda siyosiy partiyalar XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida kongress (ya’ni, parlament) fraksiyalari (federalchilar va respublikachilar) shaklida paydo bo‘lib, ikki partiyaviylik asosidagi partiyaviy tizimni vujudga keltirdi. Bu tizim keyinchalik AQSHda burjua demokratiyasining asosini tashkil qildi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, siyosiy partiyalarga birlashish jamiyatning faqat zodagon qatlamlarigagina xos xususiyat bo‘lmay qoldi. Chunki bu davrda ko‘p sonli oddiy fuqarolarni o‘z saflariga birlashtira olgan ommaviy partiyalar ham tashkil topdiki, bunday ommaviy partiyalarning dastlabkilariga 1861-yilda tashkil topgan Angliya liberal partiyasini hamda 1863-yilda tuzilgan birinchi ommaviy ishchi partiyasi bo‘lgan Umumgerman Ishchilar Soyuzini kiritishimiz mumkin. Paydo bo‘layotgan siyosiy partiyalarning faoliyatida siyosiy hokimiyat bilan aloqadorlik, unga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari kuchayib bordi. Xo‘sh, buning sabablari nimada edi? Ommaviy siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va siyosiy mavqeining kuchayib borishida XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa mamlakatlarida umumiy saylov huquqining fuqarolar tomonidan siyosiy huquq sifatida qo‘lga kiritilishi siyosat subyektlari sonining keskin oshuvini ta’minladi. Quyidagi dalillarga e’tibor beraylik: Angliyada 1830-yilda saylov huquqidan 200 ming, 1832-yilda 600 ming, 1883-yilga kelib esa 9 million fuqaro foydalanadigan bo‘ldi. XX asrda Xitoy kommunistik partiyasi eng ko‘p a’zolari bo‘lgan (50 mingdan ortiq) ommaviy siyosiy partiyaga aylandi. Xullas, siyosiy partiyalar bugunga kelib, dunyoning rivojlangan davlatlarida xalq bilan hokimiyat o‘rtasida asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lgan demokratik institutga aylandilar. Bundan xulosa shuki, siyosiy partiya jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lib, u muayyan guruh yoki qatlamning maqsad va manfaatlarini ifoda etuvchi, uni umumdavlat va umummillat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirgan holda faoliyat ko‘rsatadigan, rivojlanishning siyosiy yo‘nalishlarini aniqlab beradigan siyosiy tashkilotdir. Siyosiy partiya odatda muayyan siyosiy dastur asosida faoliyat ko‘rsatadi. Buning boisi – siyosiy partiya atrofida jamiyatning muayyan guruhlari, tabaqalari, sinflari ma’lum bir maslak, g‘oya asosida birlashadilar. Davlat hokimiyatini qo‘lga kiritish maqsadi har bir siyosiy partiyaning g‘oyaviy-siyosiy hujjatlarida, xususan uning dasturida ifodalanadi. G‘oyaviy-siyosiy dasturda partiya nima uchun va kim uchun siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritmoqchi ekanligi, qanday aniq maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yganligi masalasi aks etgan bo‘ladi. Biroq, barcha siyosiy partiyalar ham bu maqsadlarini ochiq-ravshan ifoda etishmaydi. Ko‘pincha partiyalar «barcha fuqarolarning» yoki «mehnatkashlarning manfaatlarini ifoda etamiz» degan shiorlarni ilgari surishadi. Aslida esa jamiyat a’zolari manfaatlari turlicha bo‘lib, hech qachon bir-biriga to‘liq mos kelmaydi. Siyosiy partiyalar odatda butun jamiyatning emas, balki jamiyatdagi muayyan bir ijtimoiy guruhning, gohida esa aholi qatlamlari katta bir qismining manfaatlarini ifoda etadilar. Buning uchun siyosiy partiyalar jamiyatdagi muayyan guruhlar manfaatlaridan kelib chiqib, harakat qiladilar. Bu manfaatlar ular uchun ijtimoiy baza, manba bo‘lib xizmat qiladi, partiyalar bu manfaatlarni himoya qiladilar va ularni qondirish uchun hokimiyatga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadilar. Siyosiy partiyalar hamisha ham o‘z tub maqsadlarini ochiq bayon etmasliklarining sababi jamoatchilik xayrixohligini yo‘qotishni istamasliklaridadir. Chunki keng jamoatchilikning, butun jamiyatning xayrixohligiga, qo‘llab-quvvatlashiga erishish yo‘llarini qidirish – siyosiy partiyaning muhim xususiyatlaridan biridir. Siyosiy partiyaning vazifalari: 1. Muayyan siyosiy maqsadning ishlab chiqilish, o‘z mafkurasi va dasturini yaratib, uni ma’qullovchi jamoatchilik fikrini shakllantirish. 2. Siyosiy faoliyatda ishtirok etish. Bunda, muayyan manfaatlar himoya etiladi. 3. Fuqarolarning siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish. Bunda, fuqaro ruhiyati partiya maqsadlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi va jamoatchilikning fikrini shakllantirishda OAV dan foydalaniladi. 4. Partiyaning hukmron elitasini shakllantirish, hokimiyatning vakillik organlari va jamiyat o‘rtasidagi aloqani ta’minlash, boshqa siyosiy institutlar bilan birgalikda davlat va ijtimoiy boshqaruvning mexanizmini shakllantirish, hokimiyat tuzilmalari va mexanizmlarining barqarorligini ta’minlash. 5. Siyosiy madaniyatni oshirish. 6. Parlament va hukumat faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish. 7. Siyosiy yetakchilarni tarbiyalash. 8. Davlat oldida turgan maqsadlarning shakllanishi va amalga oshirilishida faol ishtirok etish. Siyosiy partiya faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlardan biri – partiyaning dasturini, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy strategiyasini ishlab chiqishdir. Bunda malakali mafkurashunos xodimlardan foydalaniladi. Partiyalar o‘z g‘oyaviy funksiyalarini bajarishda bir tomondan g‘oyalar ishlab chiqishga, ikkinchi tomondan, bu g‘oyalar tarafdorlarining odamlar orasida ko‘payishiga harakat qiladilar. Bunda ular umuman jamiyatni taraqqiy ettirishning modellarini jamoatchilik va davlat e’tiboriga havola etadilar, garchi bu modellar aslida, muayyan ijtimoiy birliklarning manfaatlarini himoya etadigan modellar bo‘lsa ham. Xulosa qilib aytganda, siyosiy partiyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir: 1) muayyan ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aniqlash va asoslash; 2) siyosiy doktrina va dasturlarni yaratish; 3) hokimiyat uchun kurashda ishtirok etish va davlat hokimiyatini amalga oshirishda davlat faoliyati dasturini yaratish; 4) jamiyatni yoki uning muayyan qismini siyosiy tarbiyalash, jamoatchilik fikrini shakllantirish; 5) davlat apparati uchun xodimlarni tayyorlash va tavsiya etish; O‘zbekiston sharoitida esa yuqoridagilardan tashqari siyosiy partiyalar yangi bir demokratik tuzum qurishda jamiyat oldida turgan eng dolzarb muammolarni ilgari surishda, ularni hal etishning yo‘llarini ko‘rsatishda, davlat va jamiyat qurilishida amaliy takliflar bilan chiqishda tashabbuskor bo‘lishlari zarur. Siyosiy partiyalar turlari. Siyosatshunoslikdada siyosiy partiyalarni turlarga ajratishda turli xil yondashuvlar mavjud. Bu yondashuvlarning har birida muayyan bir mezonga (kriteriyga), masalan partiyaning sinfiy tabiati, siyosiy faoliyat vositalari, mavjud ijtimoiy tuzumga munosabati, tarkibiy tuzilishi, siyosiy tizimdagi o‘rni va roli, mafkuraga munosabatiga ko‘ra partiyalar u yoki bu turlarga ajratiladi. Siyosiy partiyalar sinfiy tabiatiga ko‘ra: – ishchi partiyalarga (sotsial-demokratik, kommunistik); – burjua partiyalariga (mayda burjua partiyalari, milliy burjuaziya partiyalari); – o‘rta tabaqalar partiyalariga (demokratik partiyalar); – sinflararo partiyalarga (ishchi-dehqon, ziyolilar, millatchilar partiyalari); – dehqonlar partiyalariga bo‘linadi. Siyosiy faoliyat vositalariga ko‘ra: – parlament va noparlament partiyalarga; Mavjud ijtimoiy tuzumga nisbatan munosabatlariga ko‘ra: – inqilobiy, reformistik, liberal, konservativ partiyalarga bo‘linadi. Tarkibiy tuzilishiga ko‘ra: – kadrlar partiyalariga va ommaviy partiyalarga; J amiyatning siyosiy tizimida egallagan o‘rinlari va rollariga ko‘ra: – hukmron va kam ta’sirli partiyalarga, so‘l, markaz, o‘ng partiyalarga hamda muxolif partiyalarga bo‘linadi. Mafkuraga munosabatiga ko‘ra esa siyosiy partiyalar: – o‘ta mafkuralashtirilgan partiyalarga va pragmatik partiyalarga bo‘linadi. Endi yuqorida qayd etilgan mezonlar bo‘yicha partiyalarni turlarga ajratishni batafsilroq tahlil qilamiz. Partiyalarni tarkibiy tuzilishiga ko‘ra kadrlar partiyalari va ommaviy partiyalarga bo‘lish 1950-yillarda mashhur fransuz siyosatshunosi va sotsiologi M. Dyuverje tomonidan ishlab chiqilgan. Kadrlar partiyalari XIX asrning o‘rtalarida siyosatdagi elektoral qo‘mita va parlament guruhlarining evolyutsion rivojlanishi natijasida paydo bo‘lgan. Shuning uchun kadrlar partiyalari o‘z a’zolarining kam sonliligi, a’zolik majburiyatlarining oddiyligi bilan ajralib turadilar. Bunday partiyalar avvalo, professional siyosatchilarga, moliya elitasiga suyanadilar. Chunki, professional siyosatchi va moliya elitasi partiyani moddiy jihatdan ta’minlay oladi. Kadrlar partiyalarida parlament a’zolari, ya’ni deputatlar hukmron mavqeni egallaydilar. O‘z yuksak va hukmron mavqei bois bunday partiyalar siyosiy kuchlar maydonida markazdan o‘ng qanotda turadilar hamda liberal va konservativ partiyalar sifatida faoliyat yuritadilar. Saylovlarda g‘alaba qilish uchun kadrlar partiyalari o‘z saflaridagi a’zolarni ko‘paytirishni emas, balki jamiyat elitasi vakillarini, faollarni jipslashtirishga harakat qiladilar. «Nima uchun?» degan haqli savol tug‘iladi. Chunki siyosiy elita birinchidan, saylovchilar orasida obro‘-e’tiborga ega, ikkinchidan, u saylov kampaniyasidagi xarajatlarni qoplashga yordam beradi. Demak, kadrlar partiyalarida a’zolar soniga emas, balki sifatiga asosiy e’tibor beriladi. Ommaviy partiyalar esa a’zolari soni ko‘pligi va a’zolikning doimiyligi bilan ajralib turadilar.Ular umumiy saylov huquqi joriy etilishi munosabati bilan asosan ishchilar harakati to‘lqinida paydo bo‘lgan. Ommaviy partiyalarga kommunistik, sotsial-demokratik, populistik va XX asrda bir necha yillar ayrim davlatlarda hukmronlik qilgan fashistik partiyalar mansubdirlar. Demokratik mamlakatlarda har bir siyosiy partiya imkoni boricha kengroq aholi qatlamlarini qamrab olishga harakat qiladi. Shu munosabat bilan so‘nggi 20 yil ichida G‘arb jamiyatida aralash sotsial bazaga ega bo‘lgan, eklektik g‘oyaga tayanuvchi partiyalar paydo bo‘ldi. Eklektizm – yunonchada eklektikos – ya’ni, tanlab oluvchi degan ma’noni anglatadi. Bunday partiyalarda siyosiy qarashlarda hamisha ham birlik, yaxlitlik, tadrijiylik mavjud bo‘lmaydi. Eklektik partiyalarda turli qarash, g‘oya, prinsip va nazariyalarning o‘zaro chatishib, birlashib ketganligi kuzatiladi. Eklektizmga moyil partiyalar o‘z a’zolaridan ko‘ra saylovchilarga ko‘proq e’tibor beradilar, ular unchalik mafkuralashtirilmaganlar, tez-tez zo‘rlikdan xoli ommaviy aksiyalar (tadbirlar) tashkil etadilar, keng auditoriyaga murojaat etadilar va saylov kampaniyasiga katta e’tibor bilan yondashadilar. Parlament partiyalari XVI–XIX asrlarda hali mehnatkashlar saylov huquqi va parlamentda o‘z vakillariga ega bo‘lmagan davrlarda burjua partiyalari sifatida paydo bo‘lgan. Noparlament yoki avangard partiyalar esa parlament va saylovlarsiz ishchi partiyalari sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan edi. Biroq, hozirgi zamonda har qanday partiya, jumladan noparlament partiyalar ham o‘z kelib chiqishidan qat’iy nazar parlament partiyasiga aylanishga harakat qilmoqda, ya’ni hokimiyatga parlament orqali kelishga intilmoqda. Siyosiy partiyalar jamiyatning siyosiy tizimida tutgan o‘rniga ko‘ra «so‘l», «markaz» va «o‘ng» partiyalarga bo‘linishi Buyuk Fransuz inqilobi davrida ro‘y berdi. 1789-yilda Fratsiyada Ta’sis majlisi deputatlari majlisida zalda qirol hokimiyatini tiklash tarafdorlari – o‘ngda, respublikachi-inqilobchilar esa – majlis raisining chap tomonida o‘rin egalladilar. Shundan buyon «so‘l» qarash tarafdorlari aholining kambag‘al qatlamlari manfaatlarini ifoda etuvchi qat’iyatli, inqilobiy, radikal kayfiyatli kuchlar hisoblanadi. Jamiyatning o‘ziga ancha to‘q qatlamlari manfaatlarini ifoda etuvchi reformistik, konservativ qarash va faoliyat tarafdorlari esa «o‘ng» kuchlar yoki «o‘ng partiyalar»ga kiritiladi. Masalan: – kommunistik va sotsialistik partiyalar – «so‘l» partiyalar; – sotsial-demokratik partiyalar – «so‘l-markaz» partiyalar; – dehqonlar, mayda burjua, ekologik partiyalar – «markaz» partiyalar; – o‘rta burjuaziya va milliy burjuaziyaning partiyalari – «o‘ngmarkaz» partiyalar; – konservativ partiyalar esa – «o‘ng» partiyalar deb hisoblanadi. Shuningdek, millatchi, fashistik, ekstremistik partiya va tashkilotlar «ultra o‘ng» partiyalarga mansubdirlar. Tabiiyki, siyosiy partiyalar turlariga oid har qanday mezonlar shartlidir, biroq bu mezonlar jamiyatning siyosiy va partiyaviy hayotidagi murakkab va ko‘p qirrali jarayonlarni o‘rganishga yordam beradi. Partiyalarni turlarga bo‘lishning eng ommabop, oddiyroq mezoni ham bor. Bu mezonga ular avtoritar, demokratik, konservativ, liberal, klerikal, neofashistik va hokazo partiyalarga bo‘linadilar. Partiyaviy tizimlarni turlarga bo‘lishda ularni uch guruhga ajratish keng tarqalgan. Bunday tasniflashga ko‘ra bir partiyali, ikki partiyali va ko‘p partiyali tizimlar o‘zaro farqlanadi. Bir qutbli yoki bir partiyali tizimda yakka partiya hukmronligi amal qiladi. Muxolif va yo‘ldosh partiyalarning mavjud emasligi bu partiyaning mutlaqlashuviga va ijtimoiy hayotning mafkuralashuviga sabab bo‘ladi. Bu esa mamlakat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotining turg‘unlashuviga va hatto tahlika ostida qolishiga ham olib keladi. Sobiq totalitar tuzumda hukmronlik qilgan kommunistik partiya taqdiri bunga yaqqol misoldir. Mamlakat siyosiy hayotida ustuvor rol o‘ynaydigan ikki partiyali tizimga Buyuk Britaniya va AQSHni misol tariqasida qayd etish mumkin. Buyuk Britaniyada hokimiyat amalda konservatorlar (an’anaviy qarashlar tarafdorlari) va leyboristlar (mehnat) partiyalari, AQSHda esa respublikachilar va demokratlar partiyalari orasida kechadi. U qadar katta ta’sirga ega bo‘lmagan kichik partiyalar shu ikki partiya atrofida birlashishlari mumkin. Ikki partiyali tizim muayyan darajada hukumat barqarorligini ta’minlaydi. Prezidentlik boshqaruvidagi respublikalarda, masalan, AQSHda prezidentning bevosita rahbarligidagi hukumat faoliyati parlamentdagi prezident partiyasining mavqei va ta’siri bilan belgilanadi. Bundan tashqari modifikatsiya qilingan ikki partiyali tizim ham mavjudki, uni «Ikki yarim partiyali tizim» deyishadi. Saylovlarda ikki asosiy partiyadan biri yutib chiqishi imkoniyatini kuchaytirish uchun shu ikki partiyaning har biri maqsad jihatdan o‘ziga yaqin, lekin mavqei pastroq bo‘lgan partiya bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi. Ko‘p qutbli yoki ko‘p partiyali tizimning o‘zagini ko‘ppartiyalilik tamoyili asosida faoliyat yuritadigan uch yoki undan ortiq partiyalar orasidagi raqobat tashkil etadi. Bunday partiyaviy tizimning shakllanishiga turli omillar: tarixiy, milliy, ijtimoiy, g‘oyaviy omillar sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘p sinfli, ko‘p tabaqali, mulkchilikning turli shakllari, barqaror demokratik an’analar mavjud jamiyatlarga ikki partiyali yoki ko‘p partiyali tizim mos keladi. Biroq ko‘ppartiyali tizim ustuvor afzalliklarga (masalan, plyuralizm) qaramay, muayyan kamchiliklarga ham ega. Ma’lumki, ikki partiyali tizimda ikki raqib partiya o‘z elektoratini (saylovchilarini) maksimal darajada kengaytirishga harakat qiladi. Natijada, siyosiy tizim samaradorligi kuchayadi. Ko‘ppartiyaviylik tizimida ko‘p sonli mayda partiyalar mavjudligi va ularning har biri nisbatan ko‘p sonli bo‘lmagan saylovchilar manfaatlarini ifoda etish bois, hokimiyat siyosat subyektlarining ko‘plab ziddiyatli harakatlariga duch kelishi mumkin. Nihoyat, ko‘ppartiyaviylik tizimi ayrim hollarda parlamentda barqaror ko‘pchilikni ta’minlash imkoniyatini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Natijada, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan koalitsion hukumat esa barqarorlikni ta’minlay olmasligi mumkin. Biroq ko‘ppartiyaviy tizimning bunday ehtimolli kamchiliklarini partiya koalitsiyalarini tuzish orqali bartaraf etish mumkin. Chunki, bunday yo‘l tufayli siyosiy partiyalar fraksiyalaridan iborat partiyaviy koalitsiyalar hech bo‘lmaganda parlamentda o‘z siyosiy harakat va yo‘llarini o‘zaro muvofiqlashtirib oladilar. Download 249.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling