1-mavzu: siyosat ob’yektiv voqeilik sifatida. Siyosat ijtimoiy hodisa. Siyosat tushunchasi
Mavzu: Siyosat va siyosiy hokimiyat
Download 249.54 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari
Mavzu: Siyosat va siyosiy hokimiyat.
Reja: Siyosiy hokimiyat, uni amalga oshirish mexanizmi. Legitimlik tushunchasi O‘zbekistonda shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirish Siyosiy partiyalarning kelib chiqishi, vazifalari va turlari. O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari Siyosat kategoriyalari orasida markaziy o‘rinni egallovchi hokimiyat tushunchasi jamiyat va siyosatning negizlaridan biridir. Hokimiyat boy va xilma-xil shakllarda, darajalarda namoyon bo‘ladigan ijtimoiy hodisa bo‘lib, u odamlarning barqaror uyushmalari: oilada, ishlab chiqarishda, turli tashkilot va muassasalarda, shuningdek, davlatda mavjud. Hokimiyatning eng asosiy va o‘ziga xos ko‘rinishlaridan biri – siyosiy hokimiyatdir. Siyosiy hokimiyat – siyosat subyektlarining siyosatda ifodalangan irodasini turli yo‘llar, usullar va vositalar yordamida amalga oshirish faoliyatining o‘ziga xos shaklidir. U jamiyat hayotida alohida o‘rinni egallaydi. Bu shu bilan belgilanadiki, siyosiy hokimiyat jamiyat va davlat hayotini bir butunligicha va yaxlitligicha qamrab oladi, uni yo‘naltiradi hamda tartibga soladi, hokimiyatning boshqa ko‘rinishlarini birlashtiradi, ularni xalq manfaatlariga bo‘ysundiradi. Jamiyat hayotini siyosiy hokimiyatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki usiz jamiyatda tartibsizlik, bosh-boshdoqlik, o‘zboshimchalik boshlanadi. Shuning uchun ham siyosiy hokimiyatning asosiy maqsadi – jamiyat va davlat hayotini tartibga solish hamda boshqarishdir. Demak, siyosiy hokimiyat u yoki bu vosita: obro‘, huquq, zo‘rlik yordamida o‘z irodasini amalga oshirish, jamiyat xulq-atvoriga belgilovchi ta’sir ko‘rsatishning usul va imkoniyatlaridir. Siyosiy hokimiyat bir qator belgilarga ega bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilardir: – legalligi, ya’ni davlat miqyosida oshkora, ochiq ravishda kuch ishlata olishi; – qarorlarining har qanday boshqa hokimiyat uchun majburiyligi, istagan ijtimoiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsata olishi. Siyosiy hokimiyatning qudratli korporatsiyalar, OAV va boshqa muassasalarning ta’sirini, agar bu ta’sir qonunga zid bo‘lsa, cheklashi yoki ularni umuman tugatishi mumkinligi; – ommaviyligi, ya’ni umumiyligi va shaxssizligi. Buning ma’nosi shuki, siyosiy hokimiyat kichik, kontakt guruhlarda bo‘ladigan shaxsiy hokimiyatdan farqli o‘laroq, huquq yordamida barcha fuqarolarga butun jamiyat nomidan murojaat qila oladi; – bir markazliligi, ya’ni qarorlar qabul qilishda monotsentrik, yagona markazning mavjudligi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik jamiyatda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy-axborot hokimiyatlari politsentrik, ya’ni ko‘p markazlidir. Bunda ko‘plab mustaqil mulkdorlar, OAV, ijtimoiy fondlar va boshqalar mavjud bo‘ladi; – siyosiy hokimiyat imkoniyatlarining (resurslari) xilma-xilligi. Keng ma’noda hokimiyat imkoniyatlari individ yoki guruh boshqalarga ta’sir etish uchun foydalanadigan barcha narsani anglatadi. Tor ma’noda esa subyektning hokimiyat obyektiga ta’sir etishini ta’minlashda qo‘llaniladigan barcha vositalar tushuniladi. «Ijtimoiy ayirboshlash» nazariyasiga (P.Blou va boshqalar) ko‘ra hokimiyat asosida noyob imkoniyatlarning tengsiz taqsimoti yotadi. Imkoniyatlarga ega bo‘lmagan shaxslar ularni bunga ega bo‘lgan kishilarning farmoyishlarini (buyruqlarini) bajarishga almashtirishdan oladilar. Bu bilan ayrimlar boshqalarga bog‘liq holga tushib qoladilar, ularga bo‘ysunadilar. Siyosiy hokimiyat o‘z faoliyatida nafaqat majburlovchi, balki iqtisodiy, madaniy-axborot imkoniyatlari kabi hokimiyat manbalaridan ham foydalanadi. Jumladan: iqtisodiy imkoniyatlar – ijtimoiy va shaxsiy ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlar, ularning umumiy ekvivalenti bo‘lgan pul, texnika, unumdor yerlar, foydali qazilmalar ustidan nazorat qilish, turli-tuman moddiy boyliklarga egalik qilishni anglatadi. Jamiyat taraqqiyotining nisbatan tinch davrlarida hokimiyatning bu imkoniyatlari uning boshqa imkoniyatlariga nisbatan ustuvorlik kasb etadi. Sababi, iqtisodiy nazorat – bu inson hayotining biror sohasini shunchaki nazorat qilish emas, balki jamiyatning barcha maqsadlariga erishish vositalari ustidan nazorat qilishdir. Ijtimoiy imkoniyatlar – ijtimoiy zinapoyadagi o‘rinlar, vakolatlar, darajalar, lavozimlar, imtiyozlarni taqsimlash qobiliyatini anglatadi. Albatta, bu taqsimotda iqtisodiy imkoniyatlarning ham muayyan ta’siri bor. Masalan, daromad yoki boylik iqtisodiy imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, ijtimoiy maqomni (status) ham tavsiflaydi. Biroq ijtimoiy imkoniyatlar amal, obro‘-e’tibor, ma’lumot, tibbiy xizmat, ijtimoiy ta’minot kabi ko‘rsatkichlarni ham o‘z ichiga oladi. Jamoatchilik fikri hokimiyati (ijtimoiy hokimiyat) demokratik siyosiy tizimda katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun hozirgi zamon rivojlangan davlatlari kuchli ijtimoiy imkoniyatlarga egadirlar. Ular bunday imkoniyatlar yordamida aholi keng qatlamlarining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladilar. Madaniy axborot (informatsion) imkoniyatlari – bilim va axborotlar, ularni olish va tarqatish vositalari: fan va ta’lim muassasalari, OAV va boshqalardir. Hozirgi kunda ilg‘or mamlakatlarda ma’naviy ta’sir etishning barcha ko‘rinishlari orasida ilmiy axborot imkoniyatlari birinchi o‘ringa chiqmoqda. Bilimdan hokimiyat qarorlarini tayyorlashda, kishilarning ongiga bevosita ta’sir etihda keng foydalanilmoqda. Bunday ta’sir ijtimoiylashuv muassasalari (ta’lim, OAV) orqali amalga oshirilmoqda. Majburlash (kuch ishlatish) imkoniyatlari – qurol, jismoniy majburlash va buning uchun maxsus tayyorlangan kishilar institutlaridir. Davlatda uning negizini armiya, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ularning imkoniyatlari tashkil etadi. Shu narsa diqqatga sazovorki, hozirgi zamonga xos siyosatning demokratlashuvi jarayonida an’anaviy kuch va boylik o‘zining ilgarigi ta’sirini yo‘qotmoqda. Demografik imkoniyatlar – bu odamlar. Chunki ular orqali iqtisodiy, siyosiy, madaniy-axborot imkoniyatlari ishlab chiqiladi. Hokimiyat turlari yuqorida qayd etilgan imkoniyatlardan kelib chiqqan holda turkumlanadi. Boshqacha aytganda, siyosiy hokimiyat jamiyatda yakka holda emas, balki hokimiyatning quyidagi turlariga tayangan holda harakat qiladi: – iqtisodiy hokimiyat iqtisodiy imkoniyatlar ustidan nazoratni, turli moddiy ne’matlarga egalikni; – ijtimoiy hokimiyat ijtimoiy zinapoyadagi mavqe (maqom, amal, imtiyozlar)ni; – madaniy axborot hokimiyati bilimlar, axborotlar va ularni tarqatish vositalari yordamida kishilar ustidan hukmronlik qilishni; – majburlash hokimiyati esa jismoniy kuch ishlatish yoki qo‘llash tahdidi asosida odamlarni nazorat qilishni bildiradi. Hokimiyat turlari yuqorida qayd etilganlar bilan cheklanmaydi. U subyektiga ko‘ra – davlat, partiya, kasaba uyushmasi, armiya, oila va boshqalar hokimiyatiga; qanday funksiyalarni bajarishiga ko‘ra – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga; hokimiyat subyekti va obyekti o‘zaro harakatining uslubiga ko‘ra – demokratik, avtoritar va totalitar hokimiyatlarga ham bo‘linadi. Shuningdek, hokimiyat tarqalish kengligi bo‘yicha – xalqaro tashkilotlarga; makrodarajada – davlatning markaziy organlariga; mezodarajada (o‘rta darajada) – viloyat, tuman tashkilotlariga; mikrodarajada – boshlang‘ich tashkilotlar hokimiyatlariga ajraladi. Siyosiy hokimiyat hokimiyatning boshqa turlaridan quyidagi asosiy xususiyatlari bilan farq qiladi. 1. Suverenitet – hokimiyatning mustaqilligi va bo‘linmasligidir. Masalan, mamlakatda koalitsion hukumat va ko‘p partiyali parlament bo‘lgan taqdirda ham siyosiy hokimiyat turli siyosiy kuchlarning kelishilgan siyosati orqali amalga oshiriladi. 2. Iroda – muayyan siyosiy maqsad va dasturning mavjudligi va uni amalga oshirishga qaratilgan tayyorgarlik. 3. Avtoritet – siyosiy hokimiyat subyektining ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi ta’sirining mamlakat va uning tashqarisidagi umum e’tirofi. 4. Majburlash – o‘z irodasini jismoniy kuch ishlatib bo‘lsa-da amalga oshirish. (Bu xususiyatni diktatura bilan aynanlashtirmaslik kerak.) Siyosiy hokimiyat yuqorida qayd etilgan xususiyatlarga to‘la ega bo‘lsagina, u siyosiy hokimiyat maqomiga ega bo‘ladi. Shunday qilib, siyosiy hokimiyatning maqsadi jamiyat va davlat hayotini tartibga solish hamda boshqarishdir. Biroq, siyosiy hokimiyat tomonidan amalga oshiriladigan tartibga solish va boshqarish fuqarolar erkinligini, qonun ustuvorligini ham ta’minlashi zarur. Shu bois, demokratik davlatda hokimiyatni tashkil etishning negizi, siyosiy huquqiy, konstitutsiyaviy prinsip sifatida hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga rioya qilinishi lozim. Zero, A. Gamilton aytganidek, «odamlar hokimiyatni yaxshi ko‘radilar, hokimiyatni ko‘pchilikka bering, ular ozchilikni eza boshlaydilar, hokimiyatni ozchilikka bering, ular ko‘pchilikni eza boshlaydilar. Shuning uchun ham hokimiyat ular o‘rtasida teng bo‘linishi va shunday bo‘linishi kerakki, toki har ikki tomon o‘zini boshqasidan himoya qila olsin». Hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini nazariy jihatdan asoslab bergan mutafakkirlar Djon Lokk va Sharl Lui Monteskyolar qayd etganidek, buning uchun davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi kerak. Hokimiyatni suiiste’mol qilish imkoniyati bo‘lmasligi uchun shunday tartib o‘rnatilishi kerakki, unda turli hokimiyatlar o‘zaro bir-birini tutib turishlari kerak. Hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining qoidalari 1787-yilgi AQSH Konstitutsiyasida, keyinchalik fransuzlar qabul qilgan «Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi»da, bugungi demokratik davlatlar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham aks etgan. Siyosiy hokimiyat yaxlit va bir butun ijtimoiy hodisa bo‘lib, subyekt va obyekt uning tarkibiy qismlari hisoblanadi. Subyekt – hokimiyatning faol yo‘naltiruvchi qismi. U alohida inson, ijtimoiy guruh, kishilarning birligi, masalan, xalq yoki hatto BMTga birlashgan jahon hamjamiyati, davlat institutlari va siyosiy partiyalar bo‘lishi mumkin. Hokimiyat subyektlari ko‘p pog‘onalidir. Masalan: 1) individlar va ijtimoiy guruhlar – boshlang‘ich pog‘onadagi subyektlar; 2) siyosiy tashkilotlar – o‘rta pog‘onadagi subyektlar; 3) siyosiy elita va liderlar – yuqori pog‘onadagi subyektlar. Biroq har qanday inson hokimiyatning subyekti bo‘lavermaydi. Avvalo, hokimlikka nisbatan xohish-istak zarur. Ko‘pchilik kishilar hokimiyatga egalik qilishdan ruhiy qoniqish his etmaydilar. Agar hokimiyat turli imtiyozlarni olish uchun keng imkoniyatlar ochib bermaganida edi, umuman rahbarlik lavozimlaridan va ular bilan bog‘liq bo‘lgan mas’uliyatdan ko‘plar o‘zlarini olib qochgan bo‘lur edilar. Ular uchun hokimiyatga intilish instrumental xarakterga ega, ya’ni, boshqa bir maqsadlarga erishish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Obyekt – hokimiyatning ikkinchi muhim elementi. Chunki hokimiyat obyektning tobeligisiz mavjud bo‘la olmaydi. Agar bunday tobelik bo‘lmasa, subyekt hukmdorlik irodasiga va hatto majbur qilishning kuchli vositalariga ega bo‘lishiga qaramasdan, hokimiyat ham bo‘lmaydi. Shuning uchun ham obyekt hokimiyat subyekti qarorlarining bevosita bajaruvchisi bo‘lib, usiz hokimiyatni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Obyektga individ, ijtimoiy guruh, sinf, jamiyat kiradi. Nazardan soqit qilmaslik kerakki, jamiyatda, siyosiy hokimiyat tarkibida kishilarning subyekt va obyekt, boshliq va ijrochiga bo‘linishi nisbiy va o‘zgaruvchandir. Ayrim munosabatda shaxs boshliq bo‘lib, boshqasida – ijrochi bo‘lib chiqishi, vaqti-vaqti bilan individlar rollarini almashtirishlari ham mumkin. Xullas, hokimiyat obyektining sifati, faolligi jamiyatning siyosiy madaniyati bilan belgilanadi. Bu madaniyat qanchalik yuqori bo‘lsa, mustabid tuzumga ehtiyoj shunchalik kam bo‘ladi. Siyosiy hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi murakkab jarayon bo‘lib, u to‘rt tarkibiy qism rahbarlik, boshqarish, tashkilotchilik va nazoratni o‘z ichiga qamrab oladi. Rahbarlik – jamiyat hayotidagi prinsipial ahamiyatli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish, qarorlarning maqsadi, vazifalarini, natijalarini aniqlashdir. Boshqarish – amaliy faoliyat bo‘lib, uni odatda ma’muriy apparat bajaradi. Tashkilotchilik – qabul qilingan qarorlarni amaliy faoliyatda bajarishda alohida odamlar, guruhlar, muassasa va tashkilotlarning kelishuvini, o‘zaro aloqasini tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Nazorat – odamlar, ijtimoiy guruhlar o‘rtasida ijtimoiy normalarga rioya qilinishini amalga oshiradi. Hokimiyatni o‘z vazifasini bajarishga qobiliyatli qilish uni muassasalashtirishni, siyosiy hukmronlik shakli sifatida mustahkamlashni taqozo etadi. Hukmronlik – bu siyosiy tartibot bo‘lib, bunda ayrimlar buyruq beradi, boshqalari esa bo‘ysunadi, buyruq beruvchilar bo‘ysunuvchilarning demokratik nazorati ostida ham bo‘lishi mumkin. Siyosiy hukmronlikning muqobili – jamiyatni o‘z-o‘zini boshqarish asosida tashkil etish hisoblanadi. Lekin, bunday boshqarishning yaqin kelajakda amalga oshishi gumondir. Siyosiy hokimiyatning hukmronligi fuqarolar tomonidan turlicha baholanishi mumkin. Aholining hokimiyatga ijobiy baho berishi, uning qonunga muvofiqligini, boshqarish huquqini tan olishi va ixtiyoriy tarzda bo‘ysunishga roziligi hokimiyatning legitimligini bildiradi. «Legitimlik» atamasi (lot. leg, legitimus – «qonun») «qonuniylik», «qonunlashtirilganlik» ko‘rinishida tarjima qilingan. Bunday tarjima unchalik aniq emas. Chunki bunday tarjima ko‘proq «legallik» atamasi mazmuniga mos keladi. Shuning uchun legitimlik va legallik aynan bir xil tushunchalar emas. Legallik hokimiyatning huquqiy asoslanishini, uning huquqiy me’yorlarga mos kelishini, qonunga mos ravishda faoliyat ko‘rsatishini anglatadi. Shu ma’noda legallik nolegitim hokimiyatlarga ham xosdir. Legitimlik esa – bu ishonch, hokimiyatni oqlash va qo‘llab-quvvatlashdir. Fuqarolar tomonidan bunday tan olinishga hamma siyosiy hokimiyatlar ham erisha olmaydi. Maks Veber fikricha1 , siyosiy hokimiyat, o‘z legitimligiga ko‘ra uch turga bo‘linadi: 1. An’anaviy legitimlik azaldan o‘rnatilgan tartiblarning buzilmasligi va muqaddasligiga bo‘lgan ishonchga, hokimiyatga bo‘ysunishlik urfodatlariga binoan qaror topadi. Uning negizini siyosiy an’analarga, urfodatlarga ishonch tashkil etadi. Bunday hukmronlikning sof ko‘rinishi patriarxal hukmronlikdir. Veber uni tuzilishiga ko‘ra oilaga o‘xshatadi. Hokimiyatning ushbu turida lavozimga tayinlashda intizom yoki o‘z sohasidan yaxshi xabardorlikdan ko‘ra shaxsiy sadoqat muhim xislat hisoblanadi. An’anaviy legitimlik monarxiyalarga xos xususiyatdir. Bunda ko‘p asrlik an’analarga, hokimiyatning meros tariqasida o‘tishiga, fuqarolarning hukmdorlarga so‘zsiz bo‘ysunishlariga asoslaniladi. 2. Xarizmatik legitimlik (yunon tilida «charisma» – xudo tomonidan in’om etilgan ilohiy qobiliyat) shaxsning haddan tashqari ilohiy qobiliyatiga, favqulodda iste’dodiga, ya’ni xarizmasiga ishonishga asoslanadi. Uning negizini tarixiy an’analar emas, balki xalqning muayyan shaxsga nisbatan cheksiz ishonchi tashkil etadi. Xalq liderni o‘z dohiysi sifatida qabul qiladi. Dohiy esa gunohsiz va xatosiz deb his qilinadi. O‘tish davri siyosiy tizimlarida hokimiyatning xarizmatik legitimligi tez-tez kuzatiladi. Har bir tarixiy davr muayyan xarizmatik turdagi legitimlikni ilgari suradi. Bundan hozirgi davr ham istisno emas. 3. Oqilona-huquqiy legitimlik legitimlikning mustaqil turi. U fuqarolarning alohida shaxslarga emas, balki davlat tuzilishiga bo‘lgan ishonchiga asoslanadi. Uning asosini oqilona anglangan manfaatlar tashkil etadi. Bu manfaat kishilarda umumjahon tomonidan e’tirof etilgan qoidalar bo‘yicha shakllangan hukumat qarorlariga ixtiyoriy bo‘ysunish hissini, istagini uyg‘otadi. Legitimlikning bu turi liberal hokimiyat mavjud bo‘lgan jamiyatlarda qaror topadi, chunki liberal hokimiyat ijtimoiy tashkilotlar va kuchlar o‘rtasida konsensusga sharoit yaratadi. Oqilona huquqiy legitimlik ilg‘or, demokratik davlatlarga xos xususiyatdir. Bunday davlatlarda odamlar rahbar shaxsga emas, balki qonunlarga bo‘ysunadilar, hokimiyat vakillari demokratik prinsiplar asosida saylanadilar va faoliyat yuritadilar. Ularda konstitusiya asosiy huquqiy hujjat hisoblanib, ijtimoiy xulq-atvorning muayyan qoidalarini belgilab beradi. Bu qoidalarga barcha fuqarolar, shu jumladan siyosiy rahbarlar ham amal qilishlari urfga aylanadi. Ayrim hollarda, ayniqsa shakllanayotgan demokratiyalarda hokimiyatning legitimligi saylanuvchi tashkilotlarga bo‘lgan hurmat emas, balki davlatning aniq rahbar shaxsiga nisbatan bo‘lgan hurmatga asoslanishi ham mumkin. Hozirgi zamon siyosiy amaliyotida oqilona-huquqiy legitimlikni sof, mukammal tarzda uchratish qiyin, uni ko‘pincha boshqa turlar bilan bog‘langan, oqilonalikning an’anaviylik bilan to‘ldirilgan va boyitilgan holida uchratish mumkin. Xulosa qilib aytganda, hokimiyat legitimligi aholining siyosiy madaniyatiga asoslanadi va tuzumning fuqarolarning qadriyatli tasavvurlariga mos kelishini anglatadi. Ammo, legitimlikka, ya’ni fuqarolar ma’qullashi va quvvatlashiga ega bo‘lmasdan turib, hokimiyatning samaradorligiga erishish murakkabdir. Bu esa siyosiy hokimiyatdan jamiyatdagi o‘tkir iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechish qobiliyatini amalda namoyish etishni talab qiladi. Download 249.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling