1-mavzu: siyosat ob’yektiv voqeilik sifatida. Siyosat ijtimoiy hodisa. Siyosat tushunchasi
O‘zbekistonda shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirish
Download 249.54 Kb.
|
2. O‘zbekistonda shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirish
Mustabid tuzum va ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan sobiq siyosiy tizimning barham topishi, jamiyatning demokratiyaga tomon yuz tutishi mustaqil O‘zbekistonda shaxs va siyosiy hokimiyat munosabatlarini ham demokratlashtirish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Biroq, demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lgan bu vazifani bajarish osonlikcha kechmaydi. Buning boisi – davlat qurilishi va ayniqsa boshqaruvida sobiq sovet tuzumidan voris bo‘lib qolgan eskicha boshqaruv tafakkuri, usullari va vositalarining qoldiqlari chuqur ildiz otganligi, hamon saqlanib qolganligidir. Mustaqillik qo‘lga kiritilgach o‘tish davrida bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarni hayotga tatbiq etishda ko‘pgina ijobiy ishlar qilindi. Biroq, tadqiqotchilarning qayd etishlaricha, bu masalada hali yechimini kutayotgan muammolar to‘la bartaraf etilgani yo‘q. Jumladan, «Demokratiya boshqaruv tizimi bilan xalq o‘rtasida vertikal emas, balki gorizontal munosabatlar bo‘lishini, ma’muriy shaxsning oddiy fuqaro bilan muloqoti konstitutsiyaviy asosda va maqomda bo‘lishini taqozo etadi» . Boshqaruv tizimidagi byurokratiya, ma’muriy-buyruqbozlik o‘zo‘zidan emas, balki muayyan ijtimoiy muhit zaminida shakllanadi. Shuning uchun byurokratiya, ma’muriy buyruqbozlikning saqlanib qolishida faqat boshqaruv tizimi xodimlarini – hokimlar, vazirlar va boshqa ijro hokimiyati namoyandalarinigina qoralash insofdan bo‘lmaydi. Fuqarolar siyosiy ongining nochorligi, huquqiy madaniyat va bilimdonlikning zaifligi ham bunda muayyan rol o‘ynamoqda. Buning real sabablari mavjud. Birinchidan, sobiq tuzum ko‘pchilik ongida davlat xalqdan ustun turuvchi, xalq taqdirini belgilovchi benuqson kuch, degan tushunchani shakllantirgan edi. Ikkinchidan, davlat idoralarida ishlash moddiy va ma’naviy jihatdan imtiyozlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini yaratgandi. Mansabparastlik mutasaddi qatlamlarda tarbiyaning o‘zak prinsiplaridan biriga aylangan edi . Mustaqillik O‘zbekistonda kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqishni, davlat idoralari uchun ma’naviy sog‘lom shaxslarni tarbiyalashni, eskicha andozalardan chiqishni taqozo etdi. Zero, shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirishda ozodlikka chiqqan xalq uchun uni yuksak maqsadlar sari yetaklovchi siyosiy elitani shakllantirish muhim vazifaga aylandi. Mustaqillikni mustahkamlashga, shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirishga xavf soladigan salbiy jarayonlardan biri aynan ma’naviy nosog‘lom ma’muriy apparat, jinoyatchilik va korrupsiya keltiradigan xavf bo‘lganligi uchun ham Prezident I.A. Karimov «Korrupsiya domiga ilingan amaldorlar shaxsiy boylik orttirish maqsadlarini va urug‘-aymoqlarning manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadi. Bu esa, mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yo‘liga hamda aholining aksariyat qismiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi» deb qayd etgan edi. Shuning uchun, nazarimizda, jamiyatni xatosiz boshqarishning eng yuksak tartiblari va qoidalari yaratilganda ham, bu tartib va qoidalarni hayotga tadbiq eta oladigan oqilona ma’muriy apparat (siyosiy elita) bo‘lmas ekan, barcha harakatlar zoye ketishi mumkin. Siyosiy elita o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. U jamiyatda zarur siyosiy shart-sharoitlar vujudga kelgandagina yetakchi kuch sifatida maydonga chiqadi. Uni shakllantiruvchi siyosiy kuch sifatida mamlakatdagi siyosiy partiyalar, siyosiy harakatlar, jamoat tashkilotlari va siyosiy muxolafat kuchlar maydonga chiqadi. «Agar demokratiyaga intilish qog‘ozda emas, amalda bo‘lsa, siyosiy elita jamiyatda hokimiyatning taqsimlanish prinsipiga rioya qiladi, mavjud siyosiy hokimiyatga nisbatan veto va impichment institutlarini qo‘llashni quvvatlaydi, OAV ning chindan ham «to‘rtinchi hokimiyat» ekanligini tan oladi va bu maqomning jamiyatda qaror topishini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi. Oshkoralik, siyosiy munosabat va raqobatda gorizontal holatni ta’minlash – jamiyatning demokratlashuvi talablaridandir. Siyosiy elita OAV yordamida jamiyat siyosiy hayotini oshkora, hech qanday siyosiy cheklashlarsiz (senzurasiz) mas’uliyat bilan ommaga yetkazadi, omma kayfiyatini o‘z faoliyati uchun omil deb biladi». Shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirishda muhim omil bo‘lgan yuqoridagi vazifalarni bajarish uchun Prezident huzurida Davlat qurilishi va boshqaruvi Akademiyasi (1995), Adliya vazirligi qoshida Huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash markazi barpo etildi. Shuningdek, «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» asosida olib borilayotgan milliy kadrlar tizimini yangilash siyosati bu borada kutilgan samarani berishidan umid qilinmoqda. Demokratik davlat boshqaruvi talablari parlamentning roli va ta’sirini kuchaytirishni, hokimiyatning qonunchilik, ijro va sud tarmoqlari o‘rtasida yanada mutanosib va barqaror muvozanatga erishishni, nodavlat tashkilotlari va uyushmalari mavqeining oshib borishini, davlatchiligimiz rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 12-noyabrda parlament palatalari qo‘shma majlisida bayon etgan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslari strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur siyosiy doktrina mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekistonning nafaqat hozirgi davrdagi, balki kelajakdagi ravnaqini ham ta’minlovchi eng maqbul taraqqiyot yo‘nalishini belgilab berdi . Shu asosda 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Masalan, 98-moddaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi tartibi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazir taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi1 bildirish haqidagi masala kiritiladi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi. Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi. Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi. Konstitutsiyaga kiritilgan yuqoridagi o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat hokimiyatining uch subyekti – davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarni yanada mutanosib taqsimlash uchun shart-sharoitlar yaratdi. Shuningdek, saylovlarda yutib chiqqan siyosiy partiya taqdim etgan Bosh vazir nomzodining Parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi haqidagi konstitutsiyaviy tartibning belgilanishi, hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi institutining joriy etilishi va siyosiy tizimni modernizatsiya qilish jarayonida amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan boshqa qator chora-tadbirlar o‘z mazmun-mohiyati bilan mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu yangilik birinchidan, ijro hokimiyatini shakllantirish tartibining yanada demokratik tabiat kasb etayotganini ko‘rsatadi; ikkinchidan, yangi tartib Bosh vazirning parlament oldidagi mas’uliyatini yanada orttiradi; uchinchidan, siyosiy partiyalarning ijro hokimiyatini shakllantirishdagi rolini kuchaytiradi; to‘rtinchidan, Bosh vazir lavozimiga kimning nomzod etib ko‘rsatilishi endilikda parlamentning quyi palatasiga saylovlarning natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa, mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar faoliyati uchun kuchli rag‘bat, ular o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiruvchi asos bo‘lishi tabiiy. Umuman, «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ning hayotga tatbiq etilishi shaxs va siyosiy hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada demokratlashtirishga xizmat qiladi. Yuqorida zikr etilgan maqsad va yo‘nalishlarning barchasi avvalo mamlakatimizni modernizatsiya qilish borasida uzoqni ko‘zlaydigan «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» degan tamoyilni o‘zida ifoda etadi. Xulosa shuki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda shaxs va hokimiyat munosabatlarini demokratlashtirish taraqqiyotimizni ta’minlashning asosiy omiliga aylandi. Bu vazifani bajarishni izchillik bilan davom ettirish esa fuqarolik jamiyatini qurish imkoniyatini yaratadi. Download 249.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling