1-mavzu. Varvar qabilalari, Franklar davlati va Vizantiya imperiyasi Reja


Download 70.17 Kb.
bet5/6
Sana02.02.2023
Hajmi70.17 Kb.
#1146846
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
1-mavzu. Varvar qabilalari, Franklar davlati va Vizantiya davlati

5. Vizantiya imperiyasi. Vizantiya atamasi Konstantinopolning ilk nomi – Vizantiydan kelib chiqqan. Milodiy 330 yilda Konstantin I Rim imperiyasining boshkentini shu yerga ko’chirib, uni rasman “Yangi Rim” deb atagan. Sharqiy Rim imperiyasi tezda rim tarixchilarining asarlarida Vizantiya deb atalgan. Chunki bu bilan ular uni G’arbiy Rim imperiyasi – Gesperiya imperiyasidan ajratib turmoqchi bo’lishgan. Lekin, 476 yilda Rim qulaganidan so’ng imperiyani sharq va g’arbga ajratish ehtiyoji yo’qoladi. Bundan keyin imperiya yana Rim deyiladigan bo’ldi. Faqat Vizantiya qulaganidan so’ng bir asr o’tgach, 1557 yilda nemis tarixchisi Iyeronim Volf Vizantiya atamasini yana qayta tiklaydi. Bundan ko’zlangan siysiy maqsad, Qadimgi Rim imperiyasining yolg’iz vorisi Vizantiya emas, balki german millatining Muqaddas Rim imperiyasi ekanligiga urg’u berish edi. Bu g’oya ma’lum izdoshlarga ham ega bo’ldi. Biroq, Yevropa tarixchilari tomonidan to’liq qabul qilinmadi11.
Konstantinopol shahri geografik jihatdan qulay yerda o’rnashganligi tufayli Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida madaniy-iqtisodiy aloqalarning kuchayishiga sabab boʻldi, siyosiy va harbiy markazga aylandi. Rim imperiyasi parchalangach, uning iqtisodiy jihatdan rivojlangan sharqiy qismlari – Bolqon yarim orolining katta qismi, Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Misr, Kirenaika, Mesopotamiyaning bir qismi, Gʻarbiy Armaniston va Gurjiston, Xersones, Qibris va Krit orollari Vizantiy tarkibiga kirgan. Aholisi — yunonlar, suryoniylar, qibtiylar, armanlar, gurjilar va boshqalar bo’lgan. Hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanish darajasi, shahar turmushining joʻshqinligi jihatidan oʻsha davrda Vizantiya Gʻarbiy Yevropa mamlakatlaridan ancha ilgarilab ketgan edi. Arabiston, Qora dengiz boʻyi, Eron, Hindiston, Xitoy bilan savdo-sotiq bir oz koʻpaydi.
518 yilda imperator Anastasiya I o’limidan keyin taxtga makedoniyalik dehqonlardan bo'lgan gvardiya boshlig'i Yustin o'tirdi. Yistin savodsiz bo’lganligi uchun yoniga jiyani Yustinianni olib yurdi. Mukammal ta'lim olgan va ajoyib qobiliyatlarga ega bo'lgan Yustinian tez orada o’z qobiliyatini ko’rsata oldi. 527 yilda hokimiyatni qo'lga kiritgan Yustinian imperiyani tiklash va yagona imperator hokimiyatini mustahkamlash rejalarini amalga oshirishga kirishdi. U hukmron cherkov bilan ittifoq tuzdi. Yustinian davrida imperatorning o'zi rasmiy e'tiqodni o'rnatdi. Natijada butparastlar, dahriylar va samariylar (yahudiylarning bir mazhabi) fuqarolik huquqlaridan mahrum qilish, hatto o'lim jazosi tahdidi ostida rasmiy dinga o'tishga majbur bo'ldilar.
Imperator Yustinian I hukmronligi davri (527—565) da ichki isyonlar bostirildi, markaziy davlat mustahkamlandi, kuchli armiya vujudga keltirildi. Bu esa Yustinianga 533—534 yillarda Shimoliy Afrikadagi vandallar davlatini, 555 yilda Italiyadagi ostgotlar qirolligini, Janubi-Sharqiy Ispaniyani bosib olish imkonini berdi. Yurishlar natijasida imperiya yerlari deyarli ikki baravar kengaydi. Ammo bu muvaffaqiyatlar juda ko'p chiqimni talab qildi, bu esa forslar, slavyanlar, avarlar va xunlarga qo’l keldi. Garchi ular muhim hududlarni bosib olmagan bo'lsalar ham, imperiyaning sharqidagi ko'plab yerlarni vayron qilganlar.
Vizantiya diplomatiyasi ham imperiyaning butun tashqi dunyoda obro'-e'tiborini va ta'sirini kengaytirishga intildi. Sovg’alar va pullarni mohirona tarqatish, imperiya dushmanlari o'rtasida nizo qo'yish yo’li bilan chegaralarda aylanib yurgan avarlar, xazarlar, bulg’orlar va boshqa turkiy ko'chmanchi qabilalarni Vizantiya hukmronligiga oldi. Shuningdek, Yustinian nasroniylikni targ'ib qilish orqali ularni Vizantiya ta'sir doirasiga kiritdi. Xristian dinini Qora dengiz sohillaridan Habashiston cho’llari va Sahroi Kabir vohalarigacha tarqatgan missionerlarning faoliyati Vizantiya siyosatining eng xarakterli xususiyatlaridan biri edi.
Harbiy yurishlardan tashqari, Yustinian ma'muriy va moliyaviy islohotlar o’tkazdi. Imperiya iqtisodiyoti og'ir tushkunlikka uchragan edi. Yustinian boshqaruvni qayta tashkil etish maqsadida qonun hujjatlarini kodifikatsiya qildi va bir qator islohotlarni amalga oshirdi. Garchi ular muammoni tubdan hal qilmasa ham, shubhasiz, ijobiy natijalarga olib keldi. Qadimgi Rimdagi antoninlar sulolasining “oltin davri” dan keyin butun imperiya bo'ylab keng ko’lamli qurilishlar boshlandi. Madaniyat yangi bosqichni boshdan kechirdi.
VI asrning soʻnggi oʻn yilligi va VII asr boshlarida ichki tanazzul va tashqi siyosatda muvaffaqiyatsizliklar roʻy berdi. Armiyada gʻalayonlar boshlandi, keng xalq ommasi unga qoʻshildi. VI asr oxiri —VII asr boshlarida Vizantiya hududining anchagina qismini slavyanlar ishgʻol etdi.
610 yilda Karfagen ekzarxining o'g'li Herakliy imperator Fokani ag'darib tashladi va yangi sulolaga asos soldi. Bu Vizantiya tarixidagi eng ogʻir davrlardan biri boʻldi – forslar Misr, Suriya va Kichik Osiyoning bir qismini bosib oldilar va Konstantinopolga tahdid soldilar; avarlar, slavyanlar va langobardlar chegaralarga har tomondan hujum qilishdi.
626 yilda Konstantinopol avarlar, slavyanlar va ularga ittifoqchi forslar tomonidan qamal qilindi. Shaharni egallashga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi, avarlar va slavyanlar o'rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqdi va ular chekinishga majbur bo'ldilar. Herakliy forslar ustidan bir qancha gʻalabalarni qoʻlga kiritdi, urushni ularning hududiga oʻtkazdi. Shundan soʻng shoh Xisrov II ning oʻlimi va bir qator qoʻzgʻolonlar forslarni barcha bosqinchiliklardan voz kechishga, tinchlik oʻrnatishga va oʻzlarini Vizantiyaning vassallari deb tan olishga majbur qildi. Ammo bu urushda har ikki tomonning haddan tashqari holdan toyganligi arab istilolari uchun qulay zamin tayyorladi.
634 yilda xalifa Umar Suriyaga bostirib kirdi. 635 yilda arablar Damashqni egallab oldilar. 636-yilning 20-avgustida Suriyani nazorat qilish uchun Vizantiya va Arab xalifaligi oʻrtasida hal qiluvchi jang boʻlib oʻtdi. Vizantiya armiyasi ko'p millatli edi. Bolqon va yunonlarning lotin tilida so'zlashuvchi xalqlari bilan bir qatorda, imperator bayrog'i ostida armanlar va Yaqin Sharqdagi nasroniylar ham to’plandilar. Jang natijasini Vizantiya qoʻshinidagi kelishmovchiliklar hal qildi. Bundan tashqari, qum boʻroni vizantiyaliklarga halaqit berdi. Arablar qo’shini g‘alaba qozondi. Herakliy Konstantinopolga chekindi12.
Arablarning diniy bag'rikenglik siyosati va soliqlarning sezilarli darajada kamaytirilishi Misr, Shimoliy Afrika, Suriya, Falastin, Yuqori Mesopotamiyaning xristian aholisi tomonidan ularni xaloskor sifatida kutib olinishiga olib keldi. Arablar flot tuzdilar va hatto Konstantinopolni qamal qildilar. Ammo yangi imperator Konstantin IV Pogonat (668-685) ularning hujumini qaytardi. Konstantinopol (673-678) besh yil davomida quruqlik va dengiz orqali qamal qilinganiga qaramay, arablar uni qo'lga kirita olmadilar. “Grek olovi” bilan qurollantirilgan yunon floti musulmon otryadlarini chekinishga majbur qildi va Silleum suvlarida ularni mag'lub etdi. Quruqlikda xalifalik qo'shinlari Osiyoda mag'lubiyatga uchradi.
Vizantiya Rim, yunon va ellinizm anʼanalari taʼsirida vujudga kelgan oʻziga xos madaniyat markazi boʻlgan edi. Vizantiyada antik davr taʼlimi anʼanalari saqlanib qoldi va XII asrgacha maorif Yevropaning boshqa joylariga qaraganda yuqori saviyada edi. Boshlangʻich taʼlim (oʻqish va yozishni oʻrgatish) xususiy maktablarda 2—3 yil davomida amalga oshirilgan. VII asrgacha oʻquv dasturi majusiy dinlar afsonalariga, keyinroq Bibliya kitoblariga asoslangan. Oʻrta maʼlumot grammatika oʻqituvchisi boshchiligida olingan. Dasturga orfografiya (imlo qoidalari), grammatika normalari, talaffuz, sheʼr yozish qoidalari, notiqlik sanʼati, shuningdek hujjatlar tuzish uslubiyati kiritilgan. Falsafa ham oʻquv darslari jumlasiga kirgan. Ayrim maktablar dasturida tarix darsi ham boʻlgan. Vizantiyada monastir maktablari ham bor edi.
Vizantiya meʼmorligining rivojlangan davri VI asrga toʻgʻri keladi. Bu davrda Konstantinopol jahondagi yirik shaharlardan biri hisoblangan. Shahar atrofi mustahkam qalʼa devorlari bilan oʻralib, xandaqlar qazilgan. Shahar markazi Qadimgi Rim meʼmorligi taʼsirida zafar toqi (ark)lari, forumlar, cherkov binolari, imperator saroyi, otchopar, akveduklar qurilgan. Vizantiya meʼmorlik maktabida "plinfa" (yassi keng gʻisht) koʻp qoʻllanilgan. Ibodatxona qurilishida bazilika uslubidan foydalanilgan. Keyinchalik bu uslub qoʻshni mamlakatlar meʼmorligiga taʼsir qilgan. Ibodatxonalar tashqi koʻrinishi qoʻpol va ogʻir boʻlib, ichki koʻrinishi esa, aksincha, oʻta hashamdor boʻlgan. Konstantinopoldagi Ayo Sofiya ibodatxonasi (532— 537) yuksak mahorat bilan qurilgan mahobatli inshoot boʻlib, gumbazining diametri 31,4 metr, balandligi 55 metrdir. Turar joy binolari asosan koʻp qavatli, bosh tarzi ravoqli qilib qurilgan, pastki qavatida savdo rastalari va ustaxonalar joylashgan13.

Download 70.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling