1. Mehnat motivatsiyasi omillarining moddiy va ma’naviy tuzilishi Ehtiyojlar va qiziqish
Download 67.5 Kb.
|
Mexnat faoliyati motivlari
Mexnat faoliyati motivlari Reja: 1. Mehnat motivatsiyasi omillarining moddiy va ma’naviy tuzilishi 2.Ehtiyojlar va qiziqishlar 3.Mehnat motivatsiyasini yanada kuchaytirish yo‘llari Motiv (sabab - frantsuzcha motif - undash ma’nosini bildiradi) - shaxsni, ijtimoiy guruhni, muayyan ehtiyojlarni qondirish istagi bilan bog‘langan kishilarning birligini faollikka va mehnat qilishiga undashdir. Motivatsiya (sababni asoslash) - real mehnat xulq-atvorini tushuntirish, asoslab berish uchun sabablar (mulohazalar) tanlashga qaratilgan og‘zaki xatti-harakatdir. Mehnat motiivatsiyasining ichki undovchi kuchlarini shakllantirish - mehnat faoliyati sababini asoslash jarayonining mohiyatidir. Sabab omillari sifatida sababning asosi yoki shart-sharoitlarini aytish mumkin. Ular sababning mazmunli tomonini, uning asosiy belgilari va ustivor yo‘nalishlarini belgilab beradi. Sabab omillari sifatida ijtimoiy va iqtisodiy muhit omillari (rag‘batlar) yoxud barqaror ehtiyojlar va qiziqishlar maydonga chiqadi. Ehtiyojlar - shaxsning yashashi va o‘zini o‘zi saqlashiga doir zarur vositalar va shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi g‘amxo‘rlik qilishi, yashash muhiti bilan barqaror muvozanatni saqlashga intilishdir. Inson ehtiyojlarining ko‘pgina tasniflari mavjud bo‘lib, ular uchun asos sifatida inson ehtiyojlarining o‘ziga xos ob’ekti, ularning funktsional vazifasi, amalga oshiriladigan faoliyat turi va hokazolar namoyon bo‘ladi. Bizningcha, ehtiyojlar ierarxiyasini (pog‘onasini) amerikalik psiholog A. Maslou ancha to‘liq va muvaffaqiyatli tarzda ishlab chiqqan, u xulq-atvor sabablarining beshta darajasini yoki guruhini u yoki bu paytda ustunlik qiluvchi ehtiyojlarga qarab ajratgan. 1. Odamlarning takror ko‘payishiga, oziq-ovqatga, nafas olishga, jismoniy harakatlarga, kiyim-bosh, uy-joy, dam olish va hokazolarga bo‘lgan fiziologik va jinsiy ehtiyojlari. 2. Ekzistentsial ehtiyojlar - o‘z yashashining xavf-xatarsiz bo‘lishiga ehtiyoj, ertangi kunga ishonch, hayot faoliyatining barqaror shart-sharoitlari, insonni qurshab turgan muhitning muayyan darajada doimiy va muntazam bo‘lishiga ehtiyoj, mehnat sohasida esa, kafolatlangan bandlikka, baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanishga va shu kabilarga bo‘lgan ehtiyojdir. 3. Jamoaga bog‘liqlikka, unga mansublikka, muomalada bo‘lishga, boshqalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga, o‘ziga e’tibor berilishiga, birgalikdagi mehnat faoliyatida ishtirok etishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojlar. 4. O‘z-o‘zining hurmat qilinishiga, obro‘-e’tiborga ega qadr-qimmatning oshishiga, xizmat sohasida o‘sishiga, maqomi, nufuzi ortishiga, tan olinish va yuqori baho olishga bo‘lgan ehtiyojdir. 5. Shaxsiy, ma’naviy ehtiyojlar o‘zining ijod orqali faollashuvi, o‘zini namoyon qila olishida ifodalanadi. A. Maslou ehtiyojlarning dastlabki ikki tipini boshlang‘ich (tug‘ma) ehtiyojlar deb, qolgan uchtasini ikkilamchi (hosil qilingan) ehtiyojlar deb atagan. Shu bilan birga ehtiyojlarning ortish jarayoni birlamchi (quyi) ehtiyojlarni ikkilamchi (yuqori) ehtiyojlar bilan almashtirish sifatida namoyon bo‘ladi. Ierarxiya printsipiga asosan har bir yangi darajadagi ehtiyoj avvalgi ehtiyojlar qondirilgandan keyingina shaxs uchun dolzarb ehtiyojga aylanadi. Ko‘pgina ijtimoiy va axloqiy ehtiyojlar mavjudki, ular sotsiologiyada turli nuqtai nazarlardan o‘rganilmoqda va hisobga olinmoqda. Ularning muayyan qismi mehnat sabablari muammosiga kiradi va konkret mehnat sabab ahamiyatiga ega bo‘ladi. Ular orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin: o‘z-o‘zini hurmat qilishga ehtiyoj (o‘zi haqidagi ijobiy fikr tufayli nazorat va mehnat haqi olishdan qat’iy nazar halol mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish); o‘z-o‘zini qaror toptirishga bo‘lgan ehtiyoj (ma’qo‘llanish va obro‘-e’tibor, o‘ziga nisbatan boshqalarning ijobiy munosabatda bo‘lishi tufayli mehnatda yuqori miqdor va sifat ko‘rsatkichlariga erishish); e’tirof etilishiga ehtiyoj (mehnat xulq-atvorining o‘zi kasbga yaroqli va qobiliyatli ekanligini isbotlashga qaratilishi); o‘z o‘zini namoyon qilishga bo‘lgan ehtiyoj (ishga ijodiy munosabatda bo‘lish asosida ishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish; ish qandaydir g‘oyalar va bilimlarga ega bo‘lish vositasi sifatida, o‘ziga xoslikni namoyon qilish vositasi sifatida); faollikka ehtiyoj (faollik orqali sog‘liq va kayfiyatni yaxshi saqlashga intilish); naslni davom ettirishga va o‘z-o‘zidan ko‘payishga bo‘lgan ehtiyoj (ishda oilasi va qarindosh-urug‘larining, yaqinlarining yaxshi kun kechirishi, ularning jamiyatda martabasi ortishiga ahamiyat berish; mehnat natijalari orqali yaratishga va nimanidir meros qilib berishga intilishni amalga oshirish); dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan ehtiyoj (kamroq ishlab, ko‘proq bo‘sh vaqt bo‘lishini afzal ko‘rish, ishni yashashning asosiy maqsadi emas, balki qadriyat deb bilish); o‘zini o‘zi saqlashga ehtiyoj (kamroq va yaxshiroq sharoitda ishlashga ehtiyoj, o‘z sog‘lig‘ini saqlash maqsadida kamroq haq olishga ham rozi bo‘lish); barqarorlikka ehtiyoj (ishni mavjud turmush tarzini, erishilgan to‘kinlik darajasini saqlab qolish usuli sifatida idrok etish, tavakallchilikni yoqtirmaslik); muomalada bo‘lishga ehtiyoj (mehnat faoliyatini odamlar bilan aloqada bo‘lish sharti va sababi deb bilish); ijtimoiy mavqega ega bo‘lishga ehtiyoj (mehnat faoliyatini mansabga erishish maqsadlariga bo‘ysundirish, mansab boshqalar bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishda xulq-atvorning asosiy hal qiluvchi omili); ijtimoiy birdamlikka ehtiyoj (hamma bilan birdek bo‘lishga istak, halollik ish joyidagi sheriklar, hamkasblar oldida javobgarlik sifatida). Ehtiyojlar mehnat motivatsiyasining sabablari umumiy jarayonida muhim o‘rinlardan birini egallaydi. Ular xodimlar tomonidan anglab etilsa, xulq-atvorni rag‘batlantiradi. Bu jihatdan ular muayyan shaklga - u yoki bu faoliyat turlariga, ob’ektlar va buyumlarga qiziqish shakli sifatida idrok qilinadi. Qiziqish – bu, anglab etilgan ehtiyojlarning aniq ifodasidir. Ehtiyojlardan farqli o‘laroq qiziqish shunday ijtimoiy munosabatlarga qaratilganki, xodim ehtiyojlarining qondirilishi shu munosabatlarga bog‘liqdir. Agar ehtiyojlar insonning normal hayot kechirishi uchun nimalar kerakligini ko‘rsatsa, qiziqish esa mazkur ehtiyojni qondirish uchun qanday harakat qilish kerak, degan savolga javob beradi. Shunday qilib, qiziqish o‘ziga xos bo‘lgan belgi sub’ektining yashashi uchun shart-sharoitlardan foydalanishga faol munosabatda bo‘lishni bildiradi, holbuki ehtiyoj bu shart-sharoitlarni egallashning zarurlik holatini ifodalaydi. Qiziqishlarning mazmuni sifatida predmetlar va ob’ektlar maydonga chiqadi, ularni egallash sub’ektlarning u yoki bu ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi. Turli-tuman birliklar, umuman, jamiyat, sinflar, ijtimoiy guruhlar, mintaqalar, mehnat tashkilotlari, shuningdek, ayrim xodimlar ehtiyojlar va qiziqishlarning egalari bo‘lib maydonga chiqadi. Ehtiyojlar va qiziqishlar sub’ektlari qatoriga barcha xo‘jalik yuritish sub’ektlari kiradi, ular ijtimoiy mehnat taqsimoti tizimida muayyan funktsiyalar va maqsadlarga ega bo‘ladi. Har bir sub’ektga turli qiziqish majmui xosdir. Qiziqishlar moddiy (iqtisodiy) bo‘ladi. Bular ehtiyojlarni qondirishning pul va moddiy buyum vositalariga qiziqishdir. Bundan xodimlarning mehnat haqining tegishi darajasiga, mukofotlash miqdorlariga, noqulay mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyozlar va konpensatsiyalarga, mehnat rejimiga va shu kabilarga bo‘lgan qiziqishi kelib chiqadi. Bundan tashqari, qiziqishlar nomoddiy ham bo‘lishi mumkin: bular bilimlarga, ilmga, san’atga, muomalada bo‘lishga, madaniyatga, ijtimoiy-siyosiy faoliyatga va shu kabilarga bo‘lgan qiziqishlardir. Har qanday ehtiyoj xilma-xil qiziqishlarni vujudga keltirishi mumkin. Masalan, bilimlarga bo‘lgan qiziqish xodimlarda o‘zining kasb mahoratini oshirishga bo‘lgan qiziqishni shakllantirishi mumkin; ijodiy, xilma-xil va mazmunli ishga bo‘lgan qiziqish o‘zining kasbiy bilimlarini doimiy ravishda kengaytirib borishni talab qiladi; maxsus adabiyotlarni, ilg‘or tajribani umumlashtiruvchi va yorituvchi adabiyotlarga qiziqishni oshiradi va hokazo. Shunday qilib, ehtiyojlar va qiziqishlar mehnat xulq-atvorining ichki tomondan bog‘liqligini nazarda tutadi. Xodimlarning turli ijtimoiy demografik, kasb-malaka va boshqa ijtimoiy guruhlaridagi turli faoliyat sharoitlarida ehtiyojlar va qiziqishlar turli-tuman tuzilishga ega bo‘ladi. Ehtiyojlar asosida qadriyatlar va qadriyatli yo‘nalishlar shakllanadi. Ular mehnatning sabab jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Download 67.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling