1. Qadimgi Yunon-Rim falsafasi
Download 141.83 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ekzistentsializm
Pragmatizm ta'limotida haqiqat muammosi asosiy o'rin egallaydi. Haqiqat, kishilar manfaatiga xizmat qiladigan, ularni muayyan maqsadlarga yetaklovchi, undovchi tushunchadir. Boshqacha aytganda, haqiqat muvaffaqiyatga erishish, kishilar maqsadining amalga oshishidir. Haqiqatning mezonini, Dyui fikricha, kishilarga uning nafi, foydasi qay darajada tegishliligi tashkil etadi.
Yerning hosildorligini dehqon kuzda ekinlarni yig'ishtirib olgan daromadga qarab aniqlaydi, — deydi Dьyui. Ekzistentsializm (lotincha «existentia» — yashash, mavjudlik so'zidan olingan) yoki «yashash falsafasi» — hozirgi zamon falsafiy ta'limotlarining eng ko'p tarqalganlaridan biri. Ekzistentsializm falsafa sifatida XX asrning 20-yillarida vujudga kelgan. Uning asosiy vakillari Germaniyada M.Xaydegger, K.Yaspers, Fransiyada P.Marsel, Sh.T.Sartrlardir. Ekzistentsial muammolar ekzistentsialistlar uchun falsafiy qarashlarning barcha sohalarini tashkil qiladi, ya'ni insonning yashashidan kelib chiqadigan muammolar hisoblanadi. Individning yashashi va o'limi, yoxud «yashash usuli»ning barchasidagi tashvishlar va o'lim oldidagi doimiy qo'rquv — mana shularning hammasi ekzistentsialistlarni hayajonlantiradigan masalalaridir. Ekzistentsialist uchun faqat o'zlarining xususiy yashashi va uning yo'qlik harakati ahamiyatlidir. Ekzistentsialistlar falsafaning predmeti — borliq deb e'lon qiladilar. Lekin, ular fikricha, «borliq» tushunchasi aniqlab bo'lmaydigan narsa bo'lib, uni hech qanday mantiqiy tahlil qilish mumkin emas. Shunday ekan borliqqa kirib borish uchun boshqacha, g'ayri ilmiy, irratsional yo'lni izlash kerak emish. Narsalarning borlig'i butunlay anglab bo'lmaydigan bo'lsa ham, ekzistentsialistlarning fikricha, borliqning bitta turi biz uchun yetarli darajada ma'lum: bu faqat o'zimizning mavjudligimizdir. Lekin yashash, ular fikricha qandaydir ichki va ifodalanmaydigan tushunchadir: yashashlik hech qachon ob'ektiv ifodalab bo'lmaydigan narsa, chunki biz o'zimizga chetdan qarashga qodir emasmiz. Uni shuningdek, ratsional bilish ham mumkin emas, uni tushunishning birdan-bir usuli bevosita ichki tuyg'ularimiz bilan boshdan kechirishdan iborat. Ekzistentsializm — bu shunday falsafaki, uning yagona predmeti insonning yashashligi, aniqrog'i yashashlik kechinmasidir. Turli xil yashashlikning borliq usullari ichidan ekzistentsialistlar yashashlikni to'laroq ochib beradiganlarini izlaydilar. Qo'rquv yashashlikni to'laroq ochib beradigan usullardan biridir. Daniyalik S.Kerkegor izidan borib, ekzistentsialistlar qo'rquvni barcha yashashlikning asosida yotadigan kechinmasi deb hisoblaydilar. Qo'rquvning bilish sohasidagi ahamiyati, ekzistentsialistlar ko'rsatib o'tishicha shundan iboratki, u yaxshilikning o'zining poyoniga, nihoyasiga ro'para qilib qo'yadi, uni yo'qlik yoki hech narsa bilan qarama-qarshi qilib taqqoslaydi. Hech narsaga bo'lgan yashashlik munosabatida yashashlikning o'zi oydinlashadi. Qo'rquv sharoitida dunyo qavsga olinganday bo'ladi va inson o'zi bilan tanholikda, o'zining mavjudligida qoladi. K.Yaspersning taxminicha, inson yashashi (hayoti) «chegara vaziyati»da oydinlashadi. Bu o'lim, azob, uqubat, kurash, aybdorlik, diniy jazava, ma'naviy nogironlik va hokazolar. Faqat mana shu paytlarda inson haqiqiy bo'lmagan, kundalik, oddiy sharoitlarda yashiringan o'zining chinakam yashash usulini o'z ixtiyori bilan tanlab oladi. Albatta kishilar hayotida qayg'u ham, kasallik ham, azob ham bo'ladi, ularning borligini inkor qilish mumkin emas. Ammo azob, qo'rquv va o'limni inson yashashining asosi va negizi deb hisoblash uchun, ijtimoiy hayotning tanazzuliga yuz tutgan davri uchun xarakterli bo'lgan aqliy kayfiyat bo'lishi kerak. S.Kerkegorning fikricha, inson yashashining cheklanganligini oshkora etuvchi qo'rquvda inson o'limiga, hech narsaga, o'zining munosabatini tanlash zaruriyatiga ro'baro' keladi, ana shu tanlash imkoniyatiga ega o'z navbatida erkinlikni ko'rsatadi. Ekzistentsialistlar insonning erkinligi uning aktiv faoliyatida emas, uni o'rab olgan muhitni qayta o'zgartirishda ham emas, balki qo'rquvda namoyon bo'ladi, degan bema'ni fikrni qabul qilib oladilar. Ekzistentsialistlarning ta'kidlashicha, inson o'zining mohiyatini o'zi erkin tanlaydi, u o'zini hayotga qanday hozirlasa, shunday bo'lib qolaveradi. Inson — bu qandaydir tugallanmagan narsa, bu doimiy imkoniyat, loyiha. U kelajakka intiladi va o'zini oldindan uzluksiz rejalab boradi, o'z-o'zining chegarasidan chiqadi. U ixtiyoriy tarzda — «o'zini tanlaydi» va o'zini tanlashga to'la ma'suliyat his qiladi. Barcha ekzistentsialistlar erkinlikka alohida tayanadi, chunki ular erkinlik faqat insonga xos bo'libgina qolmasdan, balki uning yashashligini tashkil qiladi. Ular — inson erkinlik deb ta'kidlamoqdalar. Mana shu asosda ekzistentsialistlar o'zlarining erkinlik haqidagi ta'limotini o'z falsafasining gumanistik xarakterini ifodalovchi, insonni ulug'lovchi ta'limot ekanligini ko'rsatmoqchi bo'ladilar. Biroq ular erkinlik individining faqat ichki holati, kayfiyati, kechinmasi, deb tushunadilar. Zaruriyatga qarama-qarshi qo'llangan va jamiyatdan holi bo'lgan bunday erkinlik har qanday mazmunini va ahamiyatini yo'qotib, quruq rasmiy tamoyilga, tuturiqsiz so'zlamoqqa aylanadi. Ekzistentsialistlar inson erkin bo'lsa ham bu erkinlik tanlash jarayoni yuz beradigan muayyan sharoit bilan cheklangan deb hisoblaydilar. Ularcha, inson o'zining hayoti sharoitini o'zi ta'minlaydi. Tashqi olam insondan tashqari mavjud bo'lgan qandaydir narsa emas, balki inson yashashligi va u bilan uzviy bog'liq bo'lgan, uning muhiti, uning tashvishlari dunyosi, deb tasavvur qilinadi. Ekzistentsialistlar fikricha, o'lim dahshatidan qo'rqqan inson o'zicha jamiyatdan joy izlaydi. Unga aralashib ketib, u odamlarning umuman o'limga mahkumligi bilan o'ziga-o'zi dalda beradi va bu bilan o'zining o'limi haqidagi fikrini haydaydi. Lekin jamiyatdagi individning hayoti haqiqiy emas: bu insonning faqat yuzaki, tashqi, kundalik yashashligi. Uning haqiqiyligi tanxo mavjudlikda yashiringan, bu faqat individual ozchilikka ma'lum. Ekzistentsializm falsafasida qayta-qayta bitta g'oya takrorlanadi: inson o'lish uchun yashaydi. M.Xaydegger uchun o'lim bu insonning so'nggi imkoniyati; J.Sartr uchun bu barcha imkoniyatlarning oxiri, barcha ekzistentsialistlar uchun yuqori transtsendent reallik — bu o'lim. Ekzistentsialistlar o'limni inson yashashining maqsadi, mohiyatiga aylantirib, mazmunsiz hayot haqida xulosa keltirib chiqaradi, ijtimoiy hayotni va inson faoliyatini yo'qqa chiqaradi. Hozirgi zamon diniy falsafasining eng ko'p tarqalgan maktablaridan biri neotomizm bo'lib, u o'rta asrda yashagan Foma Akvinskiy ta'limotining tiklanishidadir. Neotomizm katolik cherkovi markazi Vatikanning rasmiy falsafasidir. Uning ko'zga ko'ringan vakillari J.Mariten, E.Jelson, G.Manzer va boshqalar hisoblanadi. Neotomizm falsafasining asosiy g'oyasi shundan iboratki, ularcha din, e'tiqod va bilim o'rtasida to'la garmoniya mavjud, xudo tomonidan berilgan ikki haqiqat manbai sifatida ular bir-birini inkor etmaydi, balki bir-birini to'ldiradi. Neotomistlar bilim bo'lmagan joydagina e'tiqod kerak, deb tan oladi, ularni ko'rko'rona irratsional e'tiqod qoniqtirmaydi. Ular e'tiqod oqilona bo'lishi va mantiqiy asosga suyanishi kerak, degan qat'iy fikrda turadilar. Haqiqiy e'tiqodning manbai ular fikriga ko'ra, muqaddas kitobga o'xshagan ilohiy qudratdir. Uning mazmuni g'ayritabiiy va teologiya sohasiga to'la taalluqli bo'ladi. Inson «muqaddas kitoblar»da yozilgan narsalarga ishonishi uchun u xudoning borligiga shak keltirmagan va unga e'tiqod qo'ygan bo'lishi kerak. Xudoning mavjudligini isbotlash - bu falsafaning ishi va buni u sof mantiqiy vositalar bilan yetkazishi lozim. Hozirgi zamon tomistlari Foma Akvinskiy tomonidan kiritilgan xudo borligining barcha “dalillari”ni qabul qiladilar, shu bilan birga, dunyo xudo ishtirok etishining yangi “guvohlarini” izlaydi, buning uchun u yoki bu muammolarni yechishda fan oldida turgan qiyinchiliklardan foydalanadilar. Xudo mavjudligi va dunyoning yaratilishini asoslash uchun «koinotning issiqlikda halok bo'lish nazariyasi», koinotning «benihoyaligi» haqidagi gipoteza, hayot va psixikani tushuntirishning murakkabligi va hokazolar qo'llaniladi. Neotomistlar ta'limotiga moddiylik va ma'naviylik dualizmi xarakterlidir, ammo bu o'rinda har doim moddiylik ma'naviylikka bo'ysungan bo'lishi kerak. Neotomistlarning asosiy usuli shundan iboratki, yagona ob'ektiv moddiy dunyoning turli xil qarama-qarshi tomonlari xilma-xil dunyoga taalluqli bo'ladi va pirovardida ular xudoning aralashishi bilan tushuntiriladi. Ular abadiylik va benohoyalilikni xudoga, nihoyalik va vaqtinchalikni esa dunyoga bog'laydilar. Neotomistlar dunyoni o'zgaruvchanlikda va nisbiy doimiylikda, harakat va strukturada ko'radilar. Birok, shu bilan birga, bu qarama-qarshiliklar yagona moddiy dunyoda qanday munosabatda bo'lishligini tahlil qilishda harakatni, narsalarning moddiyligini o'tkinchi nihoyali narsalarga, sukunat, turg'unlikni esa xudoga tirkab qo'yadilar. Bu bilan neotomistlar harakatni o'zidan kelib chiqqan holda tushuntirish mumkin emas, balki uni tushuntirish uchun harakat manbai bo'lgan xudo tushunchasini kiritmoq lozim, deb tasdiqlaydilar. Hozirgi zamon tomistlari irratsializmni inkor qiladilar va aqlning afzalliklarini tan oladilar. Ammo tomistlar «ratsionalizm»i soxta ratsionalizm bo'lib, insoniy aql fan oldidagi g'ayri aqliy haqiqat ochilishiga qaratilgan bo'ladi. Aqlni, e'tiqodni himoya qilishga majbur qilib, neotomistlar bilimlar manbai bo'lgan falsafani yo'qqa chiqaradilar. Neotomizmning ijtimoiy-siyosiy ta'limoti xususiy mulkchilikning abadiyligi va jamiyatning sinflarga bo'linishini «tabiiy» deb tan olishga asoslanadi. Neotomistlar jamiyatdagi ziddiyatlar ayrim kishilarning gunohi, diniy oyatlarni esdan chiqarish, xristian aqidalariga rioya qilmaslikning oqibati deb e'lon qiladilar. XX asr falsafasining oqimlaridan birini fenomenologiya tashkil etadi. Mazkur oqimning asoschisi Gusserl (1859-1938 yy.) hisoblanadi. Uning izdoshlari M.Sheler, N.Gartman, M.Xaydegger va boshqalar. Gusserl o'zining «Mantiqiy izlanishlar» nomli ikki jilddan iborat bo'lgan asarida fenomenologiya falsafasining predmetini borliq va real ong emas, balki, «sof ong» tashkil etadi, degan g'oyani ilgari suradi. Uning yozishicha, fenomenologiya har xil kechinmalar orqali namoyon bo'ladigan «sof ong» haqidagi ta'limot. «Sof ong»ning kechinmalari, iztiroblari, tushunchalari, fenomenlar haqiqatni bilishga olib boradigan yagona yo'ldir. «Sof ong» o'zining tushunchalari, fenomenlari yordamida ob'ekt bilan sub'ektni o'zaro bog'lab turuvchi vositadir. Yuqorida aytilganlardan ko'rinib turganidek, Gusserl bilish nazariyasining predmetini fenomenlar oqimi tashkil etadi. Fenomenlar uning fikricha, quyidagi to'rtta qatlamlardan tashkil topadi. 1. Nutq, yozuv ma'nosini ifodalash uchun ishlatiladigan til shakllari; 2. Bilishga intilayotgan sub'ektning ruhiy kechinmalari, iztiroblari; 3. Bilish jarayonida namoyon bo'ladigan kechinmalar, iztiroblarning asl ma'nosi; 4.Ana shular orqali ifodalanadigan «narsa». Mazkur qatlamlar yordamida falsafa «sof ong» mohiyatini bilishga erishadi. Gusserlning fenomenologiyasi Platon tomonidan rivojlantirilgai «g'oyalar dunyosi» haqidagi ta'limotning o'ziga xos ko'rinishidir, xolos. Gusserl fanning rivojlanishi, inqirozga tushish masalalari haqida ham bir qator g'oyalarni ilgari surgan. Yuqorida aytilganlardan ko'rinib turibdiki, XX asr olimlari falsafa fanining mavhum masalalari bilan chegaralanib qolmasdan fan-texnika taraqqiyoti, bozor munosabatlari sharoitida yuzaga kelgan hayotiy muammolar, ya'ni inson mohiyati, uning ichki imkoniyatlari, iztiroblari, kechinmalari, qiziqishlari, yashashi, o'limi, ong va ongsizlik, aql va e'tiqod, ularning o'zaro aloqadorligi kabi masalalar ustida fikr-mulohazalar yuritganlar. Bu esa, falsafa fani o'tmishda ham hozirgi vaqtda ham voqelikda sodir bo'layotgan jarayonlarni chuqur va atroflicha aks ettirishda qudratli ma'naviy kuch vazifasini bajarib kelayotganligidan dalolat beradi. Adabiyotlar: Download 141.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling