1. Temur va uning sulolasi davrida O’rta asr haqiqiy me’morchiligi O’rta Osiyo san’atining yangi bosqichi


Download 20.6 Kb.
bet2/4
Sana02.02.2023
Hajmi20.6 Kb.
#1147878
1   2   3   4
Bog'liq
Amir Temur davri me’morchiligi.

2. O’rta asr haqiqiy me’morchiligi

O’rta asr me’morchiligining haqiqiy durdonasi bu Temuriylar maqbarasidir. Temur farmoniga binoan qurila boshlangan bu bino O’rta Sharq me’morchiligida muhim o’rinni egallaydi. Bino tantanavor monumentalligi va dekorativ qurilganligi bilan ajralib turadi. Bino sodda me’morchilik hajmlardan sakkiz qirrali asos, silindirik baraban va qirrali ko’k-moviy gumbazdan tashkil topgan. Binoning ichki qismi ham juda serjilo. Uning ichki devorlari marmar bilan pardozlangan o’yma naqsh hamda rangli va oltin suvi yuritilgan naqshlar bino ichki qismiga alohida fayz kiritgan.


Temur davri me’morchiligini “Shohi zinda” me’morchilik kompleksisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Afsonaviy Afrosiyob yon bag’riga joylashgan bu ansanbl XI-XII asrlarda bu yerda qurila boshlagan maqbaralar o’rnida barpo etilgan. Bu yer musulmonlarga qadar ham muqaddas sig’inish joyi bo’lgan. Afsonalarga ko’ra, shu yerda musulmonlar avliyosi bo’lgan Qusam ibn Abbos maqbarasi bo’lib, go’yo u shu yerda tirilib yer ostiga kirib ketgan va oxiratgacha shu yerda yashashga qaror qilgan. “Shohi zinda” – “tirik podsho”, “tirik shoh” degan ma’noni bildiradi. Hozirgi Shohi zinda maqbara majmuasi XIV-XV asrlarning birinchi yarmida qurilgan yodgorliklardan tashkil topgan bo’lib, 1434-1435 yillarda Ulug’bek tomonidan qurdirilgan peshtoq bilan boshlanadi. Ichkarida kirishga yaqin joyda XV asrning qo’sh maqbarasi bo’lib, unda gumbaz baland baraban ustiga joylashgan. So’ngra zinadan boshlanib, qator maqbaralar bir-biriga yaqin qurilgan. Bular Temur tomonidan XIV asrning 70-80 yillarida qurdirilgan. Majmua so’ngida esa XIV asr o’rtalarida qurilgan Xo’ja Ahmad maqbarasi o’rin olgan. Tuman Og’a majmuasi (1372) peshtoqi o’simliksimon naqshlar bilan bezatilgan. Devorlarida mayda manzarali pannolar ishlangan. Shirinbeka Og’a (1385-1386 yillar) xonalarida ilk bor o’yma naqsh ishlatila boshlagan.
Shohi zinda me’moriy majmuasidagi maqbaralar turli davrlarda qurilgan bo’lsa-da, hammasi yagona me’morchilik kompozisiyasi sifatida idrok etiladi. Me’morlar har safar yangi maqbara qurganlarida relefni, ya’ni yer sathi xarakteri va qiyaligi, hamda avvalgi qurilgan maqbaralarni xarakterini hisobga olgan holda me’morchilik hajm va bezagini tanlaganlar. Temur davrida qurilgan maqbaralar o’zining badiiy yechimining yuksakligi va yorqin rangdorligi bilan ajralib turadi. Sirli koshin va naqqoshlik san’ati butun ansamblga ajoyib fayz kiritib davr kishilarning go’zallik tushunchalarini ifodalaydi. “Bu yer jannat bog’i, bu yerda baxt yulduzlari ko’milgan” deb maqbara peshtoqlarining biriga yozilgan so’zlarda butun ansamblning g’oyaviy-badiiy va falsafiy mazmuni yechiladi.
Temur davrida O’rta Osiyoning ko’pgina yerlarida ham me’morchilik kompozisiyasi va majmualari vujudga keldi. Shahrisabzdagi Oqsaroy (1380), Turkistonda Ahmad Yassaviy maqbarasi, Toshkent viloyatida Zangi ota me’moriy obidalari shular jumlasidandir. Amir Temur farmoni bilan barpo etilgan Zangi ota majmuasi maqbara peshtoq, gumbazli ziyoratxona va go’rxonadan iborat bo’lib, naqshlar bilan bezatilgan. Bino me’moriy bezaklarida kufiy va suls xatida yozuvlar bilan birga tosh o’ymakorligi, rangli naqsh keng ishlatilgan.
Temur va temuriylar davrida tasviriy va amaliy bezak san’ati o’zining haqiqiy gullash davrini boshidan kechirdi. Miniatyura va devoriy rassomlik san’atida nodir asarlar yaratildi. Haykaltaroshlik esa asosan bo’rtma tasvir tarzida namoyon bo’ldi.
Amir Temur davrda monumental rangtasvir nihoyatda rivojlandi. Bu davrda qurilgan saroy, qasr, machit va maqbaralar, zodagonlarning xonadonlari turli mavzudagi rasmlar bilan bezatilganligi haqida tarixchilarning yozma bayonlari saqlanib qolgan. Afsuski, bu binolar bizgacha yetib kelmagan yoki ayrim parcha va ko’chirmalarda saqlanib qolgan, xolos. Shularning o’zi ham davr san’ati to’g’risida tasavvur beradi. Jumladan, Shirinbeka Og’a maqbarasi devorlarida tabiat ko’rinishi tasvirlangan bo’lib, daraxtlarda qushlar aks ettirilgan. Bibixonim machiti devorlariga naqshli bezaklar bilan birga tabiat manzarasi rasmlari ishlangan.
Bu davrda devoriy rassomlik saroy va qasrlarni bezatishda keng ishlatilgan. Saroy devorlari murakkab syujetli kompozisiyalardan tashkil topgan. Ularda Temurning olib borgan janglari, o’tkazgan bazmlari, o’zi va yaqinlarining portretlari tasviri, ov manzaralari aks ettirilgan. Tarixchi ibn Arabshohning so’zlariga qaraganda, Temurning jasoratini ko’rmaganlar rasmlar orqali bilib olishlari kerak bo’lgan. Bog’i Shamol saroyi devorlariga ham rassomlik asarlari bilan bezatilgan. Dilkusho saroyi devoriy rasmlarida esa Temurning Hindistonga yurishi tasvirlangan. 1400 yili Hirotda qurilgan bino devorlari ham bezakka boy bo’lib, u yerda Temurning jangu jadallari aks ettirilgan.
O’rta Osiyo, umuman, O’rta Sharq madaniyatida kitobni bezash, xattotlik va miniatyura san’ati tarixida o’ziga xos qaytarilmas jozibasi bilan tengi yo’qdir. Bu san’at turlarida nodir yodgorliklar yaratiladi. Ayniqsa, kitoblarga illyustrasiya tarzida ishlangan miniatyura san’atida yutuqlar kattadir. Movarounnahr san’atida mahalliy madaniy an’analar unga kirgan ko’pgina xalqlar an’analari silsilasi kuchaya bordi. Natijada yangi, ilg’or ijodiy jarayon shakllana bordi. San’atkorlar mavjud va o’tmish san’ati yutuqlarini inkor etmagan holda an’anaviy shakl va yo’nalishlarga yangi badiiy ruh kirita boshladilar. Eng muhimi, ijodkorlar yangi ijodiy yechimlarga erishib zamon talabiga mos asarlar yaratishga muyassar bo’ldilar.
Amir Temur saroyining yirik musavviri Xo’ja Abdulxay rassomlar ustaxonasining boshlig’i lavozimida ishlagan. Uning ishlash uslubi Samarqand rassomlik maktabining asosini tashkil etdi. Rassomning bir qator asarlari bizgacha ko’chirmalarda yetib kelgan. “Sher”, “Suvdagi o’rdak”, “Urushayotgan ikki jangchi” rasmlari shu san’atkor ijodining namunalaridan bo’lib, u ishlanishi, nafisligi va rangi bilan ajralib turadi.
Sa’diyning “Guliston” asariga ishlangan rasmda darvish haqida hikoya tasvirlangan. Unda cho’l-sahrodan o’z eshagida qo’shiq va hazil bilan og’ir yo’l qiyinchiliklarni yenggan darvish, uni yo’l davomida kalaka qilib kelgan, o’ziga zeb bergan boy yo’lovchi tasvirlanib, boyning oxir oqibatda ovullardan birida yiqilib o’lganligi hikoya qilinadi. Asarga xos xususiyat hikoyanavislik bo’lib ko’pgina hayotiy lavhalar asar mazmunini boyitadi. Rassomning “Suvdagi o’rdak” asari ham e’tiborga loyiq. Bu rasmda Xo’ja Abdulxay o’zini kuzatuvchan ekanligini, real borliq ko’rinishlarini o’ziga o’xshatib ishlashga intilishi shu rasmlarda ham o’z ifodasini topgan.
Temur saroyida xizmat qilgan musavvirlardan yana biri Pir Ahmad Bog’i Shamoliy bo’lgan. U Abdulxayning zamondoshi va shogirdlardan bo’lib, uni “o’z davrning eng yuksak, tengi yo’q musavviri” deb ta’riflashadi. Bog’I Shamoliy rassomning taxallusi bo’lib, ushbu nomdagi bog’ saroylari bosh bezakchisi bo’lganligi va ishlagani uchun berilgan deb taxmin qilinadi.
Temur vafotidan keyingi Xuroson va Mavorounnahrni uning o’g’li Shoxruh va nabirasi Ulug’bek boshqardi. Deyarli 40 yildan ortiq vaqt mobaynida bu yerlarda Temur boshlab bergan an’analar davom etdi. Me’morchilikda mahobatli me’moriy majmualar barpo etildi. Samarqand, Buxoro va Vobkentda qurilgan madrasalar shu davr me’morchiligining an’analari asosida vujudga kelgan.
1420-1428 yillarda Ulug’bek farmoni bilan barpo etilgan dunyoviy ilm maskani rasadxona ham davrning nodir inshooti bo’lgan. Uch qavatli bu bino devorlari turli-tuman rasmlar bilan bezatilgan. Ularda tog’, daryo va ajoyib tabiat ko’rinishlari tasvirlangan.
1447 yili Shohruh vafotidan keyin, Hirot Ulug’bek qo’liga o’tdi. Shu davrda bir qator xattot va musavvirlar Samarqandga ko’chib o’tishdi, ayrimlari taklif etildi. Jumladan, davrning mashhur musavvirlari Mavlono Zahriddin Abdulla, Mavlono Zahriddin Azhar va boshqa yirik san’atkorlar Samarqandga, Ulug’bek davlati poytaxtiga taklif qilindi. Ularga bu yerda Ulug’bek hukmronlik yillari haqidagi bayonnomani rasmlar bilan bezatish topshirildi. Afsuski, bu bayonnoma va rasmlar bizgacha saqlanmagan.

Download 20.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling