10-mavzu: Nutqning usluban xoslanishi va madaniy nutqni shakllantirish hamda rivojlantirish usullari
Download 113.46 Kb.
|
10-mavzu Nutqning usluban xoslanishi va madaniy nutqni shakllantirish hamda rivojlantirish usullari. (Lotincha) — копия
- Bu sahifa navigatsiya:
- SO‘ZLASHUV, KITOBIY (ILMIY, RASMIY-IDORAVIY, OMMABOP) VA BADIIY USLUBLARDA LEKSIK QATLAM, GRAMMATIK SHAKLLAR VA GAP QOLIPLARINI O‘RINLI QO‘LLASH KO‘NIKMASINI O‘QUVCHILARDA SHAKLLANTIRISH.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston vatanim manim. Badiiy nutq uslubida so‘z turkumlarini qo‘llashda ham o‘ziga xosliklar mavjud. Masalan, sifatlarning ishlatilishi badiiy nutqda ot va olmosh kabi faoldir. Olmoshlardan kishilik va ko‘rsatish olmoshlarining qo‘llanishi mahsuldordir. Sonlar odatda aniq ma’nolarni anglatishi bilan birga ma’nosi kengaygan holda ham qo‘llanadi. Undov va taqlid so‘zlar ham badiiy uslubda uchrashi xarakterlidir. Badiiy uslub sintaktik xususiyatlari bilan ham boshqa uslublardan farqlanadi. Badiiy nutq uslubida darak, so‘roq, buyruq gaplar matn sintaksisining ajralmas qismini tashkil qiladi. Undov gaplar ham badiiy nutq uslubi uchun xarakterlidir. Ular kitobxonga estetik ta’sir o‘tkazishda yozuvchi qo‘lida kuchli qurol hisoblanadi. Badiiy nutq uslubida qo‘shma gapning barcha turlari aralash ishlatilaveriladi. Nutq ham diologik, ham monologik bo‘lishi mumkin. Badiiy uslubni tilimizning boyligi sanalmish tasviriy vositalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Xulosa qilganimizda, til vositalarining vazifaviy chegaralanishi ularni nutq jarayonida ham farqlash zaruriyatini keltirib chikaradi. Demak, nutqda — yozish va so‘zlash jarayonida masalaga nutq mavzusi va xususiyati nuqtai nazaridan yondoshilib, nazifaviy uslublarning amal qilish qonuniyatlari va talablarini e’tiborga olish lozim bo‘ladi.
SO‘ZLASHUV, KITOBIY (ILMIY, RASMIY-IDORAVIY, OMMABOP) VA BADIIY USLUBLARDA LEKSIK QATLAM, GRAMMATIK SHAKLLAR VA GAP QOLIPLARINI O‘RINLI QO‘LLASH KO‘NIKMASINI O‘QUVCHILARDA SHAKLLANTIRISH. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so’zlashuv va rasmiy uslubning qo‘llanish ko‘lami O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilingandan keyin va davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilgandan so‘ng g‘oyatda kengaydi va yangicha mazmun kasb etdi. Xalqaro doiralarda olib boriladigan diplomatik munosabatlar, davlatni boshqarishning zamonaviy usullari, ijtimoiy-siyosiy va gumanitar sohalarda jahonning ilg‘or andozalari va texnologiyalarining mamlakatimiz hayoti va xalq xo‘jaligiga tatbiq etilishi, respublikamiz hududidagi barcha ma’muriy idoralar va korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda muomala vositasi sifatida o‘zbek tilining amal qilishi qonuniy asosga qo‘yilib, ish yuritish shu tilda olib borilishi natijasida o‘zbek tilini bilishga va o‘rganishga bo‘lgan talab yanada kuchaydi. U s l u b i ya t tilshunoslik fanining bir bo‘limi bo‘lib, nutq jarayonida til hodisalarining maqsadga, sharoitga va muhitga mos ravishda foydalanish qonuniyatlari bilan tanishtiradi. Uslubiyatda uslublar, til vositalarining nutqda qo‘llanish yo‘llari, fonetik, lug‘aviy, frazeologik va grammatik birliklarning qo‘llanish xususiyatlari o‘rganiladi. Adabiy tilning ijtimoiy hayotdagi ma’lum bir sohada qo‘llanadigan, bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan ko‘rinishi adabiy til uslubi deyiladi. Uslub orqali so‘zlovchi shaxs narsalarga, voqealarga shaxsiy munosabatini aks ettiradi. O‘zbek adabiy tilida quyidagi asosiy nutq uslublari bor: so‘zlashuv uslubi, badiiy uslub, rasmiy uslub, ommabop uslub, ilmiy uslub (Ayrim darsliklarda so‘zlashuv uslubidan boshqa barcha uslublar kitobiy uslub degan umumiy nom ostida beriladi): durust, metro, ko‘k, tuzuk (so‘zlashuv uslubi); moviy, metropoliten (kitobiy). Har bir uslubni yaratuvchi vositalar mavjud. Bularni quyidagi turlarga bo‘lish mumkin: 1. Leksik vositalar: Sinonim, omonim, antonim, paronim, ko‘p ma’nolilik, tag ma’no (gapning tagida yashiringan ma’no), sifatlash, o‘xshatishlar, frazeologik birlik, sheva, noadabiy so‘zlar (jargon, argo, so‘kish, qarg‘ish kabilar) kasb-hunar so‘zlari, mubolag‘a (giperbola), arxaik va tarixiy so‘zlar, atamalar. 2. Fonetik vositalar: nutq tovushlari, ohang, urg‘u. 3. Grammatik vositalar: a) morfologik vositalar: har bir so‘z turkumi; b) sintaktik vositalar: gap bo‘laklari, ritorik so‘roq gaplar, undalma, kirish so‘z, kirish birikma, sodda va qo‘shma gaplar, ko‘chirma va o‘zlashtirma gaplar. Ma’lum bir uslubga tegishli bo‘lgan so‘zlar uslubiy xoslangan so‘zlar deb yuritiladi: yanglig‘ so‘zi badiiy uslubga, omonim, sinonim so‘zlari ilmiy uslubga, balli, ketvorgan kabi so‘zlar so‘zlashuv uslubiga, faollar yig‘ilishi, siyosiy maydon kabi so‘z birikmalari ommabop uslubga xosdir. So‘zlashuv uslubida ham, kitobiy uslubda ham ishlatilaveradigan so‘zlar uslubiy betaraf so‘zlar hisoblanadi: suv, tog‘, bola, xat. Bu so‘zlar ko‘chma ma’noda qo‘llansa, ma’lum bir uslubga tegishli bo‘lishi mumkin. So’zlashuv va rasmiy uslubning morfologik, sintaktik xususiyatlari Kundalik hayotda uyda, ko’cha-kuyda, ish joylarida va boshqa joylarda kishilarning bir-biri bilan erkin muloqotga kirishuvi so’zlashuv uslubi orqali yuzaga chiqadi. Oddiy so’zlashuv uslubida so’zlovchi nutq vaziyatidan kelib chiqib, axborot uchun eng kerakli so’zlarnigina ishlatadi. Qolganlari nutqiy vaziyatdan bilinib turadi yoki imo-ishira va mimikalar bilan to’ldiriladi. Masalan, kinoteatr chiptaxonasidan chipta olish uchun so’raysiz: -Beshinchidan ikkita (Menga beshinchi qatordan ikkita chipta bering deb o’tirmaysiz). -Ettinchidan uchta (Menga yettinchi qatordan uchta chipta bering deb o’tirmaysiz). -O’ninchidan oltita (Menga beshinchi qatordan oltita chipta bering deb o’tirmaysiz). Ko’rinib turibdiki so’zlashuv uslubida ham so’z, gap va matnlarning belgilari morfologiya va sintaksisda yakkol ko’zga tashlanadi. Rasmiy matnlarning uslubiy alomatlari uning morfologiyasi va sintaksisida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, har bir so‘z turkumiga oid so‘zlarning qo‘llanishida o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi. Otlarni olaylik. Umumlashtiruvchi ma’nodagi otlar faol: bolalar, ota-onalar, qo‘shin, qurol, aholi, xalq, ishchilar, xizmatchilar, shaxslar, tomonlar, saylovchilar, partiyalar, vakillar va hokazo. Otlarning ma’lum bir qismi rasmiy uslub ichidagi janr ko‘rinishlariga mos tarzda qo‘llaniladi. Idoraviy uslubdagi ma’lumotnoma, dalolatnoma, ariza, tilxat, tavsifnoma, bayonnoma singari otlar bunga misol bo‘la oladi. Noaniqliklarga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi: O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini aniqlaydi, o‘z davlat ramzlarini: gerbi, bayrog’i, madhiyasini ta’sis etadi, o‘z davlat tilini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir (1991 yil 31 avgustda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘grisida»gi Qonunning 16-moddasidan). Rasmiy uslubning noemotsionallik tabiatidan kelib chiqib, asliy sifatlarning qo‘llanishi xos emas. Nisbiy sifatlar esa faol qo‘llaniladi: konstitutsiyaviy, qonuniy, noqonuniy, huquqiy, ma’muriy, tashkiliy, idoraviy, qat’iy, amaliy, majburiy, meyoriy, shaxsiy, mahalliy, xorijiy, hududiy, jinoiy, tarkibiy, ijtimoiy, siyosiy, doimiy, ommaviy, ma’rifiy, ma’naviy, mintaqaviy, jismoniy, tarkibiy, moddiy, joriy, namunaviy; raqamli, tegishli, vakolatli, malakali, maqsadli, istiqbolli, sonli, razryadli, tizimli, darajali, ishonchli, samarali, imtiyozli, manfaatli kabi. Shu o‘rinda rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik vositalar va kategoriyalarning qo‘llanilishi bir xil darajada emasligini ta’kidlash ham maqsadga muvofiq. Masalan, sonlar va olmoshlar bu uslubda boshqa so‘z turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi. Ular rasmiy uslubning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib bera olmaydi. Bu xususiyatlarni fe’l turkumi doirasidagi grammatik ko‘rsatkichlar belgilashi mumkin. rasmiy uslubga oid matnlarda fe’l so‘z turkumidagi so‘z shakllari alohida mavqega ega. Masalan, uning o‘timli va o‘timsiz shakllarini olib ko‘raylik. Konstitutsiya matnida quyidagi o‘timli fe’llar uchraydi: amalga oshirmoq, afv etmoq, bekor qilmoq, belgilamoq, vakolatlarini saqlab qolmoq, vakolatlarni amalga oshirmoq, joriy qilmoq, jazolamoq, kafolatlamoq, rag’batlantirmoq, saylamoq, tayinlamoq, taqdim etmoq, tartibga solmoq, tasdig’iga kiritmoq, tasdiqlamoq, ta’minlamoq, ta’sis etmoq, tuzmoq, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritmoq, qabul qilmoq, hal qilmoq kabi. O‘timsiz fe’llar esa nihoyatda faol qo‘llaniladi. Bu holat, ayniqsa, buyruq, farmoyish, bayonnoma, qaror, dalolatnoma, shartnoma singari hujjatlar matnida yaqqol namoyon bo‘ladi: saylanmoq, amalga oshirmoq, belgilanmoq, tasdiqlanmoq, taqdim etmoq, ilova qilinmoq, rasmiylashtirmoq, taqdim etilmoq, qabul qilmoq kabi. L.G.Barlas fikricha, fe’lning infinitiv shaklining hissasi boshqa uslublarga qaraganda birmuncha yuqori, taxminan 38%, boshqacha aytganda, ilmiy uslubga nisbatan ikki baravar, badiiy uslubga nisbatan uch baravar ko‘p. Fe’lning hozirgi zamon shakllari 79 % ni tashkil etadi (ilmiy uslubda 69%, badiiy uslubda 11%). Bu uslubda fe’lning harakat nomi shakli faol qo‘llaniladi, gapning kesimi ko‘pincha hozirgi zamonning majhul nisbatida ifodalanadi, hujjatning xarakteriga qarab shart mayli shakliga tez-tez murojaat etiladi. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mutloq vakolatlari» haqidagi 78- moddasida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, qabul qilish, belgilash, tasdiqlash, tartibga solish, o‘zgartirish, joriy qilish, komissiyasini tuzish, saylov kunini tayinlash, saylash, ozod etish, ratifikatsiya qilish, ta’sis etish, amalga oshirish singari fe’lli birikmalar ishlatilgan. Ushbu hujjatda amalga oshirilmoq, asos bo‘lmoq, tashkil etmoq, belgilanmoq, asoslanmoq, hisoblanmoq, himoya qilinmoq, amalga oshirmoq, tan olinmoq, ish ko‘rmoq, ado etmoq, kafolatlanmoq, taqiqlanmoq. tavsiya etilmoq singari fe’llarning faol ishlatilishi ham yuqoridagi fikrning tasdig’idir. Rasmiy matnlardagi to‘lov, oqlov, boshqaruv, hal qiluv, surishtiruv kabi so‘zlar ham harakat nomidir. Mana shu tarzdagi imperativ shakllar rasmiy uslub uchun xos xususiyat sanaladi. Fe’lning yana quyidagi shakllari mazkur uslub uchun xarakterli: -majhul nisbat shakli: musodara qilinmoq, saylanmoq, hal etilmoq, qo‘llanilmoq singari: O’sha harakatlar: b) boshqacha og’ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, mol-mulk musodara qilinib, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (Jinoyat kodeksi). O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud besh yil muddatga saylanadi («O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida» Qonun). Advokatura manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari tomonidan respublika advokatlar jamoat birlashmasi ishtirokida belgilangan tartibda hal etiladi («Advokatlik faoliyati... to‘grisida» Qonun). -buyruq mayli: topshirilsin, tasdiqlansin, amalga oshirilsin, belgilansin, tayinlansin, ta’minlansin kabi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning ... dasturiy xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar faoliyati uchun asos qilib olinsin. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ... mustaqillik va demokratiya qo‘lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish tavsiya etilsin. (O‘zR Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy majlisining oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan O‘zR Oliy majlisining 2001 yil 29 avgust qaroridan). Harbiy hujjatlarda, jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining umumharbiy Nizomlari»da (Toshkent: «Sharq», 2004) aks etgan komandalar ham fe’lning shu maylida shakllangan: bayroqdor, ortimdan qadam bos; Vzvod, bayroqqa qarab qaddingni rostla; qorovulga moslan; To‘griga yur; Vzvod, qurollarni oyoq yoniga qo‘y kabi. Ammo shu mayldagi fe’l shakllari badiiy uslubda boshqacha ma’no kasb etadi, ya’ni istak mazmuni kuchli bo‘ladi: Balki o‘shalar «Tezroq o‘la qolsin» deb duo qilishayotgandir... Men... Jalildan qarzman. Ha... qarzim bor undan. Hovlijoy olib berishim kerak edi. Mahmudga tayinlab qo‘yishim kerak, mendan keyin olib bersin (T.Malik). -hozirgi-kelasi zamon shakli: ko‘rib chiqiladi, belgilanadi, taqiqlanadi, amalga oshiriladi, tasdiqlanadi kabi: Hokimning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlariga zid, prokuror protest bildirgan qarorlari shu hokimning o‘zi tomonidan yoki yuqori turuvchi hokim yoinki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, zaruratiga qarab esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek deputatlarning mas’uliyati va sessiya ishini tashkil etishga doir boshqa masalalar xalq deputatlari Kengashining ish tartibiga muvofiq belgilanadi. («Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida» Qonun). Tarixiymadaniy ekspertiza O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etiladi va amalga oshiriladi («Madaniy meros... to‘g‘risida» Qonun), O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi («Davlat tili haqida» Qonun). Ammo fe’lning 1,2-shaxs ko‘rsatkichlari xos emas. Shuningdek, rasmiy uslubda modal xarakterdagi so‘zlar chastotasi ham sezilarli darajada: majbur, shart, mas’ul, javobgar, haqchi kabi: Davlat hokimlari va boshqaruv organlari...foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir... masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda ta’minlashga majburdirlar. Maxfiy axborot mulkdori, egasi axborot so‘rayotgan shaxslarni bu axborotni olishning amaldagi cheklovlari to‘grisida xabardor etishi shart («Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida» Qonun). Harbiy buyurtmalarni bajaruvchi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar mudofaa ehtiyojlariga zarur bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berilishi, tarmoqning safarbarlik tayyorgarligi uchun mas’uldirlar («Mudofaa to‘grisida» Qonun). Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir («O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘grisida» Qonun). So‘zning analitik shakllari ko‘p uchraydi: qonun bilan, sud hukmi bilan, advokatlik faoliyati bilan, prokurorlarning sanksiyasi bilan, himoyasidagi shaxs bilan, jinoyatchilar uchun, himoya qilish uchun, maslahat olish uchun, huquqini ta’minlash uchun kabi. So’zlashuv va rasmiy uslubning sintaktik xususiyatlari So’zlashuv uslubining o’zi ikki turga bo’linadi: 1) adabiy so’zlashuv uslubi; 2) oddiy so’zlashuv uslubi; Ma’lum adabiy til me’yorlariga bo’ysungan, tartibga solingan so’zlashuv uslubiga adabiy so’zlashuv uslubi deyiladi. Adabiy tilning og’zaki shakli adabiy so’zlashuv orqali amal qiladi. Radioeshittirishlari, televideniye ko’rsatuvlari shunday uslubda olib boriladi. Adabiy til me’yorlariga doimo amal qilavermaydigan erkin muloqot shakli oddiy so’zlashuv uslubi sanaladi. Oddiy so’zlashuv uslubida nutqiy vositalarni tejashga intilish bilan birga, bunga teskari bo’lgan nutqiy ortiqchalikka ham yo’l qo’yiladi. Oddiy so’zlashuv uslubida gap bo’laklarining tartibi ham ancha erkin bo’ladi. Ba’zan shevaga xos so’zlar, qqo’pol dag’al so’zlar ham kuzatiladi, lekin bularni qo’llash so’zlovchining madaniy nutq sohibi emasligini ko’rsatadi. Shuning uchun siz oddiy so’zlashuv nutqingizda ham o’zingizning yuksak madaniyatingizni nomoyish eting. Shunday so’zlardan gaplar tuzingki, uning egasi, kesimi va ikkinchi darajali bo’laklari ham o’z o’rnida ishlatilsin. (keyingi bo’limda faol misollardan namunalar keltiriladi) Rasmiy uslub doirasida shakllanadigan matnlarning sintaktik qurilishi ham o‘ziga xos. Darak gaplar, ayniqsa, uning qo‘shma gap shakli ko‘p ishlatiladi. Yoyiq va murakkab so‘z birikmalari mahsuldor hisoblanadi, murakkab tipdagi nomlar keng qo‘llaniladi. Gap tuzilishida o‘zbek tilidagi odatdagi meyorga amal qilinadi va yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o‘xshab ketadi. Rasmiy uslubda shakllantirilgan barcha meyoriy hujjatlar uchun izchillik xos xususiyat. Matndagi har bir gap, har bir xatboshi, har bir modda yoki paragraf mantiqiy ketma-ketlikda joylashtiriladi, keyingi fikr oldingi fikrdan kelib chiqadi yoki unga chambarchas bog’langan bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi matni bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Muqaddimadan keyingi oltita bo‘limda qonunning mohiyati izchil va qat’iy tartibda joylashtirilgan: qonunda ko‘zda tutilgan asosiy prinsiplar, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlari, jamiyat va shaxs, ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish tartibi tarzida. Boshqa qonunlar, ayniqsa, hajmi birmuncha yirik bo‘lgan qonunlar avval umumiy qoidalar, qonunda ko‘zda tutilgan asosiy holatlar va yakuniy qoidalar tartibida muayyan izchillikda shakllantirilgan. Rasmiy hujjatlarda bayonning izchil bo‘lishi har bir matnning o‘ziga xos tarzdagi shablonlarni, standart jumlalarni ham keltirib chiqaradi. Ish yuritishda keng tarqalgan hujjat-ariza misolida fikrni tasdiqlash mumkin. Ariza bir kishi tomonidan tashkilot, korxona yoki muassasa rahbari nomiga yozilishi, ariza yo‘llangan tashkilot, korxona, muassasa va uning rahbari nomining aniq ko‘rsatilishi, arizachining turar joyi yoki ish joyi, vazifasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatilishi; undan so‘ng Ariza degan yozuv, arizaning mazmuni, agar lozim bo’lsa, arizaga ilova qilinishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati, arizachining imzosi, ismi-familiyasi, ariza yozilgan vaqtining yozilishi shablonlikning yaqqol namunasidir. Arizaning meni, vazifasiga (lavozimiga) qabul qilishingizni so‘rayman, hujjatlarni (ma’lumotnomani) ilova qilaman singari jumlalar esa barcha arizalarda uchraydigan standart elementlar sanaladi. Matnlarda izchillikka mos ravishda qat’iylik ham hukmron bo‘ladi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning ... dasturiy xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar faoliyati uchun asos qilib olinsin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ... mustaqillik va demokratiya qo‘lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish tavsiya etilsin (O’zR Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy majlisining oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan O’zR Oliy majlisining 2001 yil 29 avgust qarori). Misoldagi inobatga olinsin, asos qilib olinsin, tavsiya etilsin kabi jumlalar ana shu qat’iyatni ta’min etuvchi lisoniy vositalardir. Shuningdek, ta’kidlash ottenkasini yuzaga keltiruvchi grammatik vositalar ham shu uslubga xos matnlarda faol uchraydi: birinchidan, ikkinchidan, maqsadida: I), 2), 3)...; maqsadida... belgilansin, amalga oshirilsin, ta’minlansin; belgilab qo‘yilsinki, belgilansinki, tomonidan... amal qilinsin, qonuniga muvofiq... kiritilsin, yuklansin, almashtirilsin, hisoblansin kabi. Prezident Farmonlari, qarorlar kabi hujjatlar preambulasida gap oxiri rag’batlashtirish maqsadida, yaratish maqsadida, mustahkamlash maqsadida, kuchaytirish maqsadida, qonuniga muvofiq, qaroriga muvofiq, quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin, belgilab qo‘yilsinki, belgilansinki kabi jumlalardan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi va hujjatning moddalari yoki birinchidan, ikkinchidan... tarzida, yoki raqamlar, nuqtali vergullardan so‘ng kichik harflar bilan davom ettiriladi va gap buyruq mayli shaklidagi belgilansin, amalga oshirilsin, ta’minlansin, amal qilinsin, kiritilsin. yuklansin, almashtirilsin, hisoblansin fe’llari bilan yakunlanadi. Ayrim gap bo‘laklari takrori ham shu o‘ziga xosliklarning bir ko‘rinishidir. Konstitutsiyaning muqaddimasida shu holat mavjud: O’zbekiston xalqi: inson huquqlariga va davlat suvereniteti g’oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida, o‘zining muxtor vakillari siymosida O‘zbekiston Respublikasining, mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi. Ushbu gaplardan rasmiy uslubda ravishdosh va sifatdosh oborotlarning faolligini ham kuzatish mumkin. Rasmiy uslub uchun shaxssiz gaplar xos: O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi (Konstitutsiya). Mazkur Farmonni bajarish bilan bog’liq sarf-xarajatlar respublika budjeti hisobidan amalga oshirilsin (Prezident Farmoni). Ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi texnologik jihozlar besh yil muddatga mulk solig’idan ozod etilsin (Prezident Farmoni) kabi. Prezident va hukumat farmonlari va qarorlarini so‘zsiz hayotga tatbiq etilishiga da’vat ohangi mana shu so‘z shakllari va jumlalar orqali ro‘yobga chiqariladi. Bu kabi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumat rahbari tomonidan imzolanadi va ko‘pincha bajaruvchisi, bajarish muddati va nazorat qiluvchisi aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. Har bir hujjat o‘ziga xos kompleksga - preambula, asosiy qism va xulosa singari tarkibiy qismlarning qat’iy tartibiga ega bo‘lishi, birinchi qismda hujjat nima asosda tuzilayotgani ko‘rsatilishi, ikkinchi qismida xulosalar, takliflar, iltimoslar, qarorlarning bayon etilishi ham ularning sintaktik xususiyatlari sanaladi. Rasmiy uslubga xos bayonning og’zaki shakli bo‘lishi ham mumkin. Aytaylik, ushbu uslubda yozilgan matnlar radio yoki televideniye orqali o‘qib beriladi. Matn so‘zma-so‘z o‘qilgani tufayli bunda rasmiylik ottenkasi, asosan, saqlanib qoladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining turli bayramlar munosabati bilan xalqqa qilgan murojaati, tabriklari va ularning diktorlar tomonidan o‘qib berilishi bunga yaqqol misoldir. Ba’zan esa rasmiy doiralarda, turli xarakterdagi yig‘ilishlarda ham uning ishtirokchilari tomonidan chiqishlar amalga oshiriladi. Bu chiqishlar avvaldan tayyorlangan yoki tayyorlanmagan bo‘lishi ham mumkin. Shunga qarab uning rasmiy ottenkasi ham o‘zgaradi. Rasmiylik va norasmiylik aralash holda namoyon bo‘ladi. Binobarin, so‘z va jumlalar ham ana shu vaziyatga mos ravishda tanlanadi. Bu vaziyatdan kelib chiqadigan majburiylikdir. Lekin rasmiy uslub meyorlarini bila turib, unga xos til elementlarini boshqa uslublarda qo‘llash maqsadga muvofiq emas. Ammo ma’lum stilistik maqsadlarni ko‘zda tutib, masalan, badiiy uslub va so‘zlashuv uslublarda atayin qo‘llash boshqa gap. Rasmiy uslubga xos bo‘lgan leksik-grammatik xususiyatlarni ko‘zdan kechirib shunday xulosaga kelish mumkinki, mazkur uslubda kitobiylik ottenkasi kuchli. Rasmiy uslubga xos bo‘lmagan xususiyatlar quyidagilar: subyektiv munosabat, stilistik jihatdan ma’no ottenkalari kuchsiz yoki kuchli bo‘lgan so‘zlar. Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so‘zlashuvga xos so‘zlar, emotsional-ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlarning ishlatilishi meyor sanalmaydi va shu jihati bilan boshqa uslublardan keskin farq qiladi. Ko‘chirma gaplar yoki o‘zlashtirma gaplar, kiritma gaplar, modal ma’nodagi gaplar qo‘llanilmaydi. Rasmiy uslub doirasida qaraladigan har bir janr yoki hujjat nafaqat mazmunan, balki shaklan ham sezilarli darajada bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun o‘rganishni osonlashtirish maqsadida L.G.Barlas ularni ikki katta janrga: qonunchilikka oid (zakonodatelniy) va idoraviy (kanselyarskiy) janrlarga bo‘lib, bu bilan rasmiy uslub janrlari tahlilini angchagina osonlashtirgan edi. Darhaqiqat, qonunchilik va uning ijrosi bilan bog’liq hujjatlar ham, idoraviy hujjatlar ham lisoniy xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan jiddiy farqlanib turadi. Idoraviy shtamplarni L.G.Barlas quyidagi tiplarga ajratgan edi: rasmiy munosabatlarga daxldor bo‘lgan shaxslar nomlari (arizachi, javobgar, davogar), hujjatlar nomlari (farmon, farmoyish, qaror, buyruq), hujjatlarning tarkibiy qismlari (kun tartibi, qatnashdi, eshitildi, qaror qildi), rasmiy uslubda ixtisoslashgan umumxalq tili elementlari (shaxs-jismoniy shaxs, yuridik shaxs; tomonlar - axdlashuvchi tomonlar) kabi. Bu standart va ixtisoslashgan jumlalar, boshqa uslublarda, masalan, so’zlashuv yoki badiiy uslubda ham qo‘llanishi mumkin. Ammo ularning bu uslublarda faollashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday qilib, o‘zbek tili funksional uslublari orasida rasmiy uslub alohida mavqega ega va bu alohidalik unda lisoniy va nolisoniy omillarning uyg’unligida, leksik-grammatik elementlarning mazkur uslubda xoslanishida namoyon bo‘ladi. II.2. SO’ZLASHUV VA RASMIY NUTQNING FAOL NAMUNALARI So’zlashuv uslubining namunalari nihoyatda ko’p. 1. Abdulhamid Cho’lponning “Kecha va kunduz” romanidan olingan og’zaki so’zlashuv uslubiga xos quyidagi parchani keltiramiz. So’fi yana past toifa oldida muborak og’zini ochib, aziz tilini qaldiratmoqqa majbur bo’ldi: - Badbaxt fitna! Qo’yasanmi – qo’ymaysanmi, axir?! “Hubbuli vatani minal imon” deganlar – “Vatanni sevish imondan”, axir! Bilmasang, bekor – da! Vatani yo’q – dunyoda lo’li xolos. Mani bevatan deb bildingmi? So’fi biroz qizib ham ketdi. -Bu hovli – joy otangdan qolgani uchun o’zimniki deysanmi yo? Unday desang, boshput olib, o’risvoyning religa tushib, “hayt” deb... Makkatilloga jo’nab qolaman. Hovling boshingdan qolsin, fitna! Bu safar Qurvonbibi yalinib – yolvorib zo’rg’a tinchitdi. 2. Mirza Karimning ”Mohlar oyim” romanidan olingan og’zaki so’zlashuv uslubiga xos parchani keltiramiz. Darvoza zulfini tushib, eshik qiya ochildi, oppoq ro’molga o’ralgan kampirning mushtdekkina boshi ko’rindi. -Voy – oy, o’lay, kimsan, yo’lovchimisan yoki... Kir, kir, bo’yginangdan tasaduq... Adolat yurishga holi qolmay, o’zini kampir bag’riga otdi. -Hay, hay, yiqitvoray deding-ku... Oyog’ingdan oyoq qolmabdi-ya? Kel, qo’lingni ber, jonim. Ko’taray desam jonim yarimta... -Onajon... - Voy – oy, ona degan tillaringdan o’rgilay. Nima bo’ldi, jonim? Kampir darvozani yopayotib, ko’cha tarafga nazar tashladi. Shu mahal uch otliq otlarini niqtagancha Quva tomon choptirib o’tishdi. Kampirning yuragi shuv etdi. Darrov ko’ngliga kelgan o’yni quvib chiqarmoqchiday, ko’ylagi yoqasini ko’tarib,”puf-puf” ladi. Adolatni suyab uyiga olib kirdi. Uni yonboshlatib, sekin o’rnidan turdi. - Bolam, kechagi ko’mochim bor. Oqshomda chavati qilgandim, tatigin, xo’pmi, o’zingga kelasan... Rasmiy nutqning namunalari nihoyatda ko‘p. Hukumat qarorlari, farmonlar, farmoyishlar, chaqiriqlar, qonunlar, buyruqlar, nizomlar, yo‘riqnomalar, diplomatik hujjatlar, xalqaro shartnomalar, kelishuvlar, rasmiy xabarlar, notalar, ultimatumlar, elchilik konvensiyalari, sudprotsessual hujjatlari, kodekslar, chaqiriq qog‘ozlari, ishonch qog‘ozlari, ijro varaqalari, ajrimlar, sud varaqalari, yuridik dalolatnomalar, raddiyalar, tavsiyanomalar, tashqariga chiqmaslik haqida tilxat, ayblov, ayblov nutqi, sudning alternativ qarori, hukm, davlat tashkilotlari o‘rtasidagi yozishmalar, dalolatnoma, bayonnoma, tushuntirish xati, ma’lumotnoma, tarjimai hol, tavsifnoma, ariza kabi yozma nutq namunalarining ayrimlari hammaning ish faoliyati uchun zarur hisoblanmaydi. Shunday rasmiy nutq namunalari borki, ular har qanday o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli kishilarning ish faoliyatida hamisha kerak bo‘ladi. Ish qog‘ozlari deb ataluvchi rasmiy nutq namunalari ma’lum bir an’anaga, qolipga, tartibga asosan yoziladi. Lekin hammaning bir xil yozishi mumkin emas. Har kimning shart-sharoiti boshqacha bo‘lganligi sababli har kim o‘ziga xos bo‘lgan mazmunni, shaklni kiritadi. Ish qog‘ozini yozuvchi kishi rasmiy nutq namunalarining mazmuniy, shakliy, ifodaviy va boshqa tur xususiyatlarini bilish talab qilinadi. Ish yuritishning bevosita asosini hujjatlar tashkil qiladi. Biron-bir korxona, muassasa yoki tashkilotning faoliyatini bugungi kunda ana shu hujjatlarsiz mutlaqo tasavvur qilish mumkin emas. Mazmunan, hajman va shaklan xilma-xil bo‘lgan hujjatlar katta-yu kichik mehnat kollektivlarining, umuman kishilik jamiyatining uzluksiz faoliyatini tartibga solib turadi. Zero, hujjatlar kechagina paydo bo‘lgan narsa emas, kishilik jamiyati shakllanishi bilanoq bu jamiyat a’zolari o‘zaro munosabatlaridagi muayyan muhim holatlarni muntazam va qat’iy qayd etib borishga ehtiyoj sezganlar. Ana shu ehtiyojga javob sifatida, tabiiyki, ilk, ibtidoiy hujjatlar yuzaga kelgan. Bobilning miloddan avvalgi 1792—1750 yillardagi shohi Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui (kodeksi), undan ham qadimroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112—2094 yillar)ning qonunlari va boshqa manbalarning mavjudligi «hujjatlar» deb ataladigan tartibot vositalarining nechog‘lik olis va murakkab tarixga ega ekanligini ko‘rsatadi. Albatta, kishilik jamiyatining taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning almashina borishi, aniqrog‘i, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning takomillasha borishi barobarida hujjatlar ham takomil topib borgan. Bugungi kunda fanga tariximizning turli davrlarida o‘rxun-yenisey, sug‘d, eski uyg‘ur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan juda ko‘plab hujjatlar, umuman yozma manbalar ma’lum. Sharqda X–XIX asrlarda yorliq, farmon, noma, bitimlar, arznoma, qarznomalar, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar nisbatan keng tarqalgan. Yorliqlar mazmunan xilma-xil bo‘lgan: xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash va h. k. Bu o‘rinda To‘xtamishxonning 1393-yilda polyak qiroli Yagayloga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397yildagi yorlig‘i, Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmad ismli shaxsga 1469-yilda bergan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxo‘janing 1797-yil 2-iyunda Peterburgga – Rossiya podshosiga o‘z elchilari orqali yuborgan yorlig‘i va boshqalarni eslab o‘tish mumkin. Mazkur davr yorliqlarida o‘ziga xos lisoniy qolip shakllangan, yorliqlar matn jihatidan an’anaviy tarkibiy qismlarga ega bo‘lgan. Masalan, eslab o‘tilgan yorliqlarning birinchisi – «To‘xtamish so‘zim Yag‘aylag‘a» deb, ikkinchisi — «Temur Qutlug‘ so‘zum» deb, uchinchisi esa — «Sulton Umarshayx Bahodur so‘zim» deb boshlangan. Bayonda ham muayyan qolip bor, shuningdek, albatta, yorliq raqam qilingan sana va joy ko‘rsatilgan. XIX asrda Qo‘qon xonligida keng tarqalgan hujjatlardan biri «patta» lardir. Pattada ma’lum kishiga muayyan miqdordagi pul, mahsulot, urug‘ (don) yoki boshqa narsalarni berish lozimligi haqidagi ma’lumot aks ettirilgan. Patta matnlarida ham o‘ziga xos doimiy tarkib va muayyan nutqiy qolip turg‘unlashgan. Umuman, o‘tmish hujjatlaridagi muayyan turg‘un tarkib va nutqiy qolip o‘zbek (turkiy) hujjatchiligi uzoq tarixiy tajriba va tadrijiy takomil mahsuli ekanligining dalilidir. Oktabr inqilobidan keyin yangi ijtimoiy-siyosiy voqelik yuzaga keldi, bu voqelik, tabiiyki, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hech bir istisnosiz barcha sohalarida o‘z aksini topa boshladi. Ma’lumki, hujjatchilik ham mohiyatan ijtimoiy hodisa sifatida ana shu yangi voqelik ruhiyatida qayta qurildi, rivojlantirildi. O‘sha yillardayoq V.I.Lenin va Sovet hukumati hujjatchilikka, idoraviy ish yuritish asnolarini takomillashtirishga alohida e’tibor berdi. Mehnatni ilmiy tashkil qilish muammolariga bag‘ishlab, 1921-yilda o‘tkazilgan I Butun Rossiya konferensiyasi kun tartibiga boshqarish mehnatini ilmiy tashkil qilish va hujjatlar bilan ishlash masalasi, shuningdek, mamlakatda bu ishlarni muvofiqlashtiruvchi va yo‘lga solib turuvchi maxsus tashkilot tuzish masalasi ham kiritilgan edi. Ana shunday e’tibor va munosabat oqibatida bu sohada juda ko‘p tashkiliytadbiriy ishlar amalga oshirildi. Respublikamizda ham ana shu sohani yo‘lga qo‘yish uchun ilk harakatlar qilindi. O‘zbekiston Respublikasining inqilobiy komiteti 1924yilning 31-dekabrida 48-raqamli muhim bir qaror qabul qildi. Bu qarorning nomini aynan keltiramiz: «Ishlarni o‘zbek tilida yurgizish ham O‘zbekiston Respublikasining inqilobiy komiteti huzurida markaziy yerlashtirish hay’ati va mahallalarda muzofot yerlashtirish hay’atlari tuzilish(i) to‘g‘risida». Ushbu qaror, unda ta’kidlanishicha, sho‘ro idoralarining ishlarini yerli xalqqa yaqinlashtirish va ishchi-dehqonlarni sho‘ro tuzulish ishiga aralashtirish maqsadi bilan qabul qilingan. Qarorda hukumat, kooperativ, xo‘jalik idoralari va boshqa muassasa, tashkilot va korxonalar respublikaning bulist (volost) ham uyaz (uyezd) doiralarida butun yozuv ishlarini faqat o‘zbek tilidagina yurgizishga majbur etish vazifasi qo‘yiladi. Buning uchun korxona, tashkilot va muassasalarda «ishlarni o‘zbek tilida yurguzish bo‘lmalari(ni) tashkil qilmoq», yo‘riqnomalar nashr qilish, «yerlik xalqdan amaliy ishchilar (ish yuritish bo‘yicha) tayyorlamoq» va boshqa tashkiliy ishlarni amalga oshirish lozimligi mazkur qarorda maxsus ko‘rsatib o‘tilgan. Bu qarorni joriy qilish yuzasidan, tabiiyki, muayyan ishlar amalga oshirila boshladi, xususan maxsus ish qog‘ozlari tayyorlandi. Lekin 30-yillarning 2-yarmidan boshlab o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor rasman susayib borgan. O‘sha murakkab tarixiy jatuman, xalqlarning milliy o‘zliklarini anglashlaridan hokimiyatning dahshatli darajadagi qo‘rquvi, bu qo‘rquv hukmron bo‘lgan qatag‘on davrining achchiq samarasi hech kimga sir emas. Aytish lozimki, yaqin o‘tmishimizda barmoq bilan sanarli miqdordagi hujjatlar o‘zbek tilida yozilgan. Ammo bu hujjatlarning tilini sof o‘zbekcha deb aytish ancha qiyin. Yaqin-yaqinlargacha «Berildi ushbu ma’lumotnomani falonchiyevga shul haqdakim, haqiqatan ham bu o‘rtoq shul joyda yashab turadi» qabilidagi 20-yillarda rus tilidan andoza olish tufayli shamoyil topgan ma’lumotnomalar yozib kelindi. Rus tilida mazkur matnning asli «Дана настоящая справка Иванову в том, что товарищ Иванов действително проживает по такому-то адресу» tarzida, bu matn (o‘zicha) til nuqtai nazaridan benihoya tugal, lo‘nda va benuqson. Ammo o‘zbek tilida ayni so‘z tartibini saqlashning o‘ziyoq o‘zbek tilining tabiatiga mutlaqo zid. Rus tilidan bunday andoza olish (aytish kerakki, bunday hol boshqa tillarda, masalan, tatar tilida ham kuzatiladi), biron-bir darajada bo‘lsin, o‘zini oqlay olmaydi. Umuman, o‘zbek hujjatchiligining boy va uzoq tariximizning ilk bosqichlaridan ibtido olgan an’anasi mavjud bo‘lsa-da, Oktabr inqilobidan keyin respublikamizda hujjatchilik bevosita o‘zbek tili negizida rivojlantirilmadi. Bu sohadagi asosiy yo‘nalish nusxa ko‘chirishdan iborat bo‘lib qoldi. Ana shuning va boshqa bir qancha omillarning oqibati natijasida o‘zbek tilining rasmiy ish uslubi deyarli takomil topmadi. Muassasa, tashkilot, korxona va birlashmalardagi ishni ishlab chiqarish taraqqiyotiga muvofiq tashkil etishda, umuman, boshqaruv sohasida hujjatlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Boshqaruv sohasidagi kamchiliklarning asosiy sabablaridan biri ayni soha xodimlarining ko‘pchiligida nazariy va amaliy tayyorgarlikning bo‘shligidir, ular muassasa, tashkilot va korxonalarda qabul qilingan hujjatlar bilan ishlash yo‘riqlari, usullari va yo‘llari majmuini yetarli darajada bilmaydilar. Ba’zan hujjatlarga jiddiy munosabatda bo‘linmaydi, unga shunchaki bir qog‘ozbozlik, nokerak va ortiqcha bir ish sifatida qaraladi. Bu albatta, nomaqbul munosabatdir. Mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik har qanday idoradagi ish yuritishning asosi ekanligini bugungi kunda isbotlab o‘tirishning mutlaqo hojati yo‘q. Barchaga ma’lumki, har qanday hujjat muayyan axborotni u yoki bu tarzda ifodalash uchun xizmat qiladi, demak, har qanday hujjatdagi birlamchi va asosiy unsur, bu tildir. Albatta, bunda til qonun-qoidalariga rioya qilish kerak. Kichkinagina bir misol: bizda o‘zbek tilida bitilgan hujjatlarda sana raqam qilinar ekan, masalan, «12-oktabr 1989-yil» tarzida yozish rus tilidan ko‘chirish oqibatida odat bo‘lib qolgan. Rus tilida «12 октября 1989 года» tarzida yoziladi va bu rus tilining tabiati va qonuniyatlariga to‘la muvofiq keladi. Ayni iboraning o‘zbek tilidagi ma’nosi ham aslida «1989-yilning 12-oktabri» demakdir. Shunday ekan, o‘zbek tilining o‘z tabiati va qonun-qoidalari asosida «1989-yilning 12oktabri» yoki, juda bo‘lmaganda, «1989-yil 12-oktabr» tarzida yozish kerak. Bu-ku bir misol. Hujjatlarda so‘z va gap tartibi bilan aloqador, so‘z qo’llash bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar borki, ularni faqat ayni til tabiatidan kelib chiqib hal etmoq lozim. Aksincha yo‘l tutish, biron-bir darajada bo‘lsin, o‘zini oqlay olmaydi. Tom ma’nodagi o‘zbek hujjatchiligini bugungi kun talablari asosida shakllantirish va rivojlantirish uchun ham markazlashtirilgan holda katta ishlarni amalga oshirish, aniq tashkiliy tadbirlar belgilash kerak. Rus hujjatchiligida bugun tarkib topgan anchayin mukammal sistemaga qanday tashkiliy ishlar, aniq chora-tadbirlar oqibatida erishilgan bo‘lsa, ana shu tashkiliy-tadorikiy ishlarni bizda ham tezlik bilan boshlab yubormoq lozim Download 113.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling