2. Mantiqiy bog‘lilik. Bunday bog‘lilik gaplar, abzaslar o‘rtasidagi mantiqiy munosabatlarning funksional-sintaktik vositalar (demak, shunday ekan, shunday qilib, bundan tashqari, xullas kabi kirish so‘zlar, yuqorida, quyida, endi, bundan keyin kabi so‘z va so‘z shakllari, va, hamda, ammo, lekin, biroq kabi bog‘lovchilar va sh. k.) orqali ifodalanishida namoyon bo‘ladi.
3. Kompozitsion bog‘lilik. Bunday bog‘lilik qayd etmoq lozimki, aniqki, ta’kidlamoq joizki, yuqorida aytib o‘tilgani kabi tarzidagi sintaktik qurilmalar yordamida ifodalanadi. Yaxlit matnning mantiqiyligini ta’minlashda matnning kompozitsion tuzilishini to‘g‘ri tashkil etish ham muhimdir. Bayon qilinayotgan fikr, mazmun tarkibida, tabiiyki, muayyan ketma-ketlik, aloqadorlik, bog‘liqlik, umuman, tizim mavjud. Mazmundagi ana shu tizim nutqiy ifodada ham o‘z aksini topmog‘i lozim. Mantig‘i sog‘lom matn „biri tog‘dan, biri bog‘dan“ fikrlar „bo‘tqa“sidan iborat bo‘lmaydi. Shuning uchun matnda fikr rivojini aks ettiradigan aniq kompozitsiya bo‘lishi zarur. Masalan, inshoning kompozitsion tuzilishi uch qismdan iborat bo‘ladi, ya’ni: kirish, asosiy qism va xulosa. Kirishda mavzu, uning ahamiyati, o‘rganilishi kabi masalalar bayon qilinadi, asosiy qismda aytilmoqchi bo‘lgan tegishli mazmun yori tiladi, xulosada esa bayon qilingan fikrlarga yakun yasaladi, „qissadan hissa“ qilinadi. Shu tariqa, fikr mantiqiy ifodalangan yaxlit matn yuzaga keladi. Badiiy asarlarning qurilishidagina emas, balki alohida olingan so‘zlar o‘rtasidagi logik-grammatik munosabatda ham izchillik buzilganday bo‘lishi mumkin: qayg‘uli quvonch, ojiz jasorat, totli azob, buyuk ahmoqlik kabi. Birikma tarkibidagi ma’nosi zid so‘zlarning har birining ma’nosi saqlab qolingan holda yangi bir matniy ma’no kelib chiqadi va ular badiiy san’atlar doirasida oksyumoron deb ataladi. Masalan: Men-chi, u kun, ne so‘z bilan bayon etayki, O‘z qabrimning tepasida o‘zim turardim. Dedim, falak, nega meni shu holga solding, Haddu poyon bormi alam, dard-u sabrimga. O‘zim tirik mozor bo‘lib kelib turibman Menga nasib etmagan shu sovuq qabrimga. (E.Vohidov)
Do'stlaringiz bilan baham: |