Hujjatlarni e’lon qilishga tayyorlash. Arxiv hujjatlarini e’lon qilish uchun ularni tanlab olingandan keyin kompyuter yoki mashinkada ularning nusxasi tayyorlanadi. Uni chop etishga tayyorlash jarayonida arxiv hujjatida mavjud bo’lgan imlo xatolari to’g’rilanadi, qisqartirib yozilgan so’zlar kvadrat qavs ichida to’la yoziladi. Bu ishdagi asosiy talab arxiv hujjati mazmunini o’zgarmasligidir. Hujjatlarda rezolyutsiya va har xil belgilar bo’lsa, ular tushirib qoldirilmaydi, hujjatning asosiy matnidan keyin beriladi.
Hujjatning oxirida imzo bo’ladi. Imzoni o’qib, uning egasi ism-sharifini aniqlab yozib qo’yish lozim. Mabodo uni o’qishning iloji bo’lmasa «imzo» so’zi yozilib, imzoning ismi-sharifini o’qib bo’lmaganligi haqida izoh berib o’tiladi.
Hujjatlarni arxeografik jihatdan rasmiylashtirish. Hujjatga sarlavha yoziladi va hujjatning arxiv shifri, manzili ko’rsatiladi. Hujjat sarlavhasida uning sanasi, turi, nomi, muallifi, kimga qarata yoki kimga nisbatan yozilgani (adresati), mazmuni ko’rsatiladi.
Hujjatning oxirida «legenda», ya’ni nazorat-ma’lumotnoma yoziladi. Bu qismda arxivning nomi, shifri, ya’ni fond nomi, tartib raqami, ro’yxat raqami, yig’majild tartib raqami, yig’majild varaqlari, shuningdek hujjatning asl nusxa, ko’chirma ekanligi ko’rsatiladi. Hujjatning «legenda»si quyidagicha ko’rinishga ega bo’ladi: O’zR MDA, 837-fond, 2-ro’yxat, 24-yig’majild, 10-12- varaqlar. Asl nusxa.
Hujjatlarni to’plam ichida joylashtirish. Hujjatlar to’plam ichida davriylik, mavzular bo’yicha yoki boshqa belgilar asosida joylashtiriladi. Odatda to’plam mavzularga bo’lingan bo’ladi. Hujjatlar mavzular ichida davriylik tartibida joylashtiriladi.
Hujjatlar to’plamining ilmiy-ma’lumotnoma apparati. To’plam ilmiy-ma’lumotnoma apparatida kirish. izohlar, har xil ko’rsatgichlar -ismlar, geografik, predmet va boshqalar mundarija bo’ladi.
Tayanch tushunchalar:
1. Arxeografiya - arxiv hujjatlarini nashr qilishga tayyorlashning qoida va usullarini o’rgatadigan fan.
Do'stlaringiz bilan baham: |