BMT Bosh assambleyasi tomonidan 2006 yil 8 sentyabrda qabul qilingan “BMTning global aksilterror strategiyasi”da yangi uslublar qatorida bioterrorizm hamda internetdan terror maqsadida foydalanishning oldini olish choralarini kuchaytirish alohida qayd etilgan.
So’nggi yillarda terroristik tashkilotlar g’oyalarini targ’ib-tashviq qilishga qaratilgan veb-saytlarning soni bir necha barobarga oshgan. Xususan, 10 yil avval bunday saytlar soni 20 ta bo’lsa, bugungi kunda dunyoda terroristlar foydalanadigan bir necha o’n ming internet saytlari mavjud, ularga xizmat ko’rsatuvchi portallar soni kundan kunga ortib bormoqda. Bunday internet saytlari to’satdan paydo bo’ladi, vaqt o’tgach yo’qoladi, mazmunini o’zgartirmagan holda, tez-tez nomlanishini o’zgartirib turadi. Internet quyidagilar bilan terroristlar uchun qulay hisoblanadi:
Internetga kirishning osonligi;
Foydalanuvchilar sonining ko’pligi;
Aloqaning anonimligi;
Tashqaridan boshqarish va tahrir qilish cheklanganligi;
Axborotlar qisqa muddatda keng makonda tez tarqalishi;
Faoliyat sarf-xarajatlarining bir necha barobar kamligi.
Terroristlar internetdan quyidagi maqsadlarda foydalanadilar:
Targ’ibot va tashviqot maqsadida ma’lumot tarqatish;
Yangi a’zolarni yollash (verbovka);
A’zolik va xayriya badallarini yig’ish hamda ulardan foydalanish;
Tarmoq va shaxobchalar tashkil etish;
Terroristlarni o’qitish va ko’rsatmalar berish;
Razvedka va ma’lumot qidirish;
Yangi terroristik harakatlarni rejalashtirish va boshqarish.
Google internet qidiruv tarmog’ida “terrorist” va “qo’llanma” so’zlari orqali qidiruv berilganda, taxminan 5,5 mln. materiallar, jumladan, 4 mingdan ortiq qo’llanmalar topish mumkin. Shuningdek, diniy ekstremistlar va terrorchilarning internetdagi saytlarida tashkilotning maqsadi, tarixi hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy mazmundagi ma’lumotlarga ham keng o’rin beriladi. Jumladan, terrorchilar kuch ishlatish yo’liga o’tishga guyoki majbur bo’lganlarini asoslashga, terror va qo’poruvchilik harakatlarini ma’naviy va axloqiy jihatdan oqlashga intilishadi. Bunda o’zlarini “ozodlik kurashchisi”, “partizan”, “qarshilik ko’rsatuvchi” deb atab, tinchlik tarafdori qilib ko’rsatishga va ular bilan kurashda hukumat tinch yo’l bilan harakat qilish lozimligini asoslashga intilish keng tarqalgan.
Tezkor axborotlar, yangiliklarning bir vaqtning o’zida bir necha tilda va terrorchilar uchun foydali bo’lgan yo’nalishda berib borilishi, ularning faoliyatini oqlovchi, “qahramonligini” kuylovchi qo’shiqlar, kliplar berilishi bunday saytlarning mafkuraviy hamda emotsional ta’sir quvvatini oshirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |