Mantiq ilmini o‘rganishning ahamiyati
Mantiq ilmini o‘rganish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega. Mantiqni bilish,
ayniqsa, ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ko‘payib borayotgan
ilmiy axborotlarni tartibli ravishda o‘zlashtirish, ilmiy masalalarning tuzilishini tez bilib olish
uchun ham muhim rol o‘ynaydi.
Mantiq inson tafakkuri madaniyatini ko‘tarish va insoniyatning uzoq tajribasi natijasida
takomillashgan tafakkur shakllari, qonun va qoidalarini bilish uchun xizmat qiladi. U inson
fikrining ketma-ket, ziddiyatsiz va asosli bo‘lishini ta’minlaydi. Mantiq fani mazmunini
chuqurroq o‘rganish kishilarning o‘z tafakkuri va o‘zgalar tafakkuri natijalariga tanqidiy qarash
xislatlarini rivojlantiradi. Tafakkurning bu sifatlari esa insonning turli ilmiy va amaliy faoliyati
uchun katta ahamiyatga ega. Mantiqiy usullardan to‘g‘ri foydalana olish, ta’lim-tarbiya
jarayonida isbot va raddiyaning mantiqiy tomonlarini bilish inson nutqining asosli bo‘lishini
ta’minlab, fikrdagi ziddiyatlarni ochishga yordam beradi.
Mantiq ishonch-e’tiqodning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.Faktlar va boshqa
dalillarga tayanuvchi fikr yuksak ishontirish kuchiga ega bo‘ladi, kishilarda ishonch-e’tiqodni
mustahkamlaydi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega bo‘lgan e’tiqodni yaratishdan iborat. Ana
shuning uchun ham yoshlarda ilmiy asosga ega ishonch-e’tiqodni yaratish muhim ahamiyat kasb
etadi. Mantiqan asoslangan to‘g‘ri fikr ishonch-etiqodni shakllantirish vositasidir. Ishonch-
e’tiqod esa, insonning komillik mezonlaridan biri hisoblanadi.Chuqur tahlilga, mantiqqa
asoslanmagan bir yoqlama fikr odamlarni chalg‘itadi. Faqat bahs-munozara, tahlilga asoslangan
to‘g‘ri xulosalargina haqiqatni bilishga yo‘l ochadi.
Mantiq insonlar o‘rtasidagi turli daraja va mazmundagi munosabatlarni
uyg‘unlashtirishda, o‘zaro muloqotning samaradorligini oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat
qiladi.