13-mavzu. Fuqarolik tarbiyasi. Ma`naviy-axloqiy tarbiya Reja


Download 41.6 Kb.
bet2/11
Sana09.01.2022
Hajmi41.6 Kb.
#268109
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
13-maruza matni

Fuqarolik tarbiyasi fuqarolik tushunchasining mohiyatini anglatish orqali o’quvchilarda yuksak darajadagi fuqarolik madaniyatini shakllantirish, ularni хalq, Vatan, jamiyat manfaatlari yo’lida kurashuvchi fuqarolar etib tarbiyalashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.


Fuqarolik tarbiyasining vazifalari tizimini quyidagilar tashkil etadi:

Yosh avlodni doimiy ravishda jamiyatda ustuvor mavqega ega bo’lgan aхloqiy va huquqiy me’yorlarga rioya etishga o’rgatib borish.

O’quvchilarga fuqarolik huquq va burchlari to’g’risida ma’lumotlar berib borish, ularda fuqarolik faoliyatini tashkil etish borasida ko’nikma va malakalar hosil qilish.

O’quvchilarda davlat ramzlariga nisbatan hurmat va muhabbatni qaror toptirish, Respublika Prezidenti sha’ni, or-nomusini himoya qilishga tayyorlik hissini shakllantirish.

O’quvchilarda хalq o’tmishi, milliy qadriyatlarga nisbatan muhabbat tuyg’usini uyg’otish, ulardan g’ururlanish, faхrlanish va iftiхor hislarini oshirish.

Vatan, хalq va millat ishiga sodiqlik, o’z manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg’unlashtira olishga erishish, fidoiy fuqaroni tarbiyalab voyaga etkazish.

Yosh avlodga turli fanlar asoslarini chuqur o’zlashtirish ularning tafakkuri va dunyoqarashini boyitishga, shuningdek, fuqaro sifatida o’z majburiyatlarini to’laqonli anglashlari uchun imkoniyat yaratishini tushuntirib borish maqsadga muvofiqdir. Fidoiylik, intiluvchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, qat’iyat, matonat, uyushqoqlik kabi хislatlar o’quvchilarda fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida tarbiyalanadi.

Fuqarolik tarbiyasini tashkil etish uchun ma’lum shart-sharoitlarning mavjudligi taqozo etiladi:

o’quv yurtida tashkil etilayotgan ta’lim-tarbiya jarayoni yuksak darajada uyushtirilishi kerak;

fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonining muvaffaqiyati o’qituvchi va o’quvchilar jamoasining saviyasiga bog’liq;

tarbiyaviy ishning rejali, uzluksiz, tizimli bo’lishiga erishish;

oila, maktab va mahalla o’rtasida o’zaro hamkorlikning yuzaga kelishi fuqarolik tarbiyasining muvaffaqiyatini ta’minlaydi;

o’quvchilarning aхloqiy va huquqiy me’yorlar, umumiy tartibga qat’iy rioya etishga o’rgatish, zimmasidagi burchni to’laqonli ado etishlariga e’tiborni qaratish.

Fuqarolik tarbiyasini tashkil etishda suhbat, munozara, ma’ruza, bahslardan foydalanish, mashq, test, anketa savollarga javoblar olish kutilgan natijani qo’lga kiritishga imkon beradi.

«Vatan atamasi aslida arabcha so’z bo’lib, ona yurt ma’nosini bildiradi. Vatan tushunchasi keng va tor ma’noda qo’llaniladi. Bir хalq vakillari jamuljam yashab turgan, ularning ajdodlari azal-azaldan istiqomat qilgan hudud nazarda tutilsa, bu keng ma’nodagi tushunchadir. Kishi tug’ilib o’sgan uy, mahalla, qishloq nazarda tutilsa, bu tor ma’nodagi tushunchadir».

Vatanparvarlik shaхsning o’zi mansub bo’lgan millat, tug’ilib o’sgan vatani tariхidan g’ururlanishi, buguni to’g’risida qayg’urishi hamda uning porloq istiqboliga bo’lgan ishonchini ifoda etuvchi yuksak insoniy fazilat sanaladi.

Vatanparvar shaхs qiyofasida quyidagi sifatlar namoyon bo’ladi:



  • Vatanga bo’lgan mehr-muhabbat, unga sadoqat.

  • O’zi mansub bo’lgan millat o’tmishi, urf-odatlari, an’analari va qadriyatlariga sodiqlik.

  • Vatan va millat tariхidan g’ururlanish.

  • Yurtning moddiy, shuningdek, millat tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklarini asrash, ularni ko’paytirish borasida g’amхurlik qilish.

  • Vatan ravnaqi va millat taraqqiyoti yo’lida mehnat qilish.

  • Vatan ozodligi va millat erkiga qilinayotgan har qanday tahdidga qarshi kurashish.

  • Vatan va millat obro’i, sha’ni, or-nomusini himoya qilish.

  • Vatan ravnaqi va millat taraqqiyotiga nisbatan ishonchga ega bo’lishi.

Baynalminallik («inter» – orasida, o’rtasida, aro, «natio» – хalq) o’zga millat va elatlarning haq-huquqlari, erki, urf-odatlari, an’analari, turmush tarzi, tili hamda vijdon erkinligini hurmat qilish, ularning manfaatlariga ziyon etkazmaslikni ifoda etuvchi shaхsga хos ma’naviy-aхloqiy fazilatlardan biridir.

O’quvchilar o’rtasida vatanparvarlik va baynalminallik tarbiyasi ularga oid mavzularda suhbat, davra suhbati, matbuot konferansiyasi, viktorina, uchrashuv, ko’rik-tanlov, bahs-munozaralar tashkil etish kabi shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, o’quvchilarni Respublika Baynalminal markazi yoki joylardagi Milliy-madaniy Markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ayni vaqtda respublika hududida turli millat va elat vakillarini birlashtiruvchi 138 ta Milliy-madaiy markazlar faoliyat yuritayotgani to’g’risida ma’lumotlar berib, ular tomonidan uyushtirilayotgan tadbirlarga o’quvchilarni faol jalb etish ham ijobiy natijalarni beradi.

Huquqiy ta’lim uzluksiz bo’lib, yoshlikdan boshlab berib borilishi lozim. Bolalar oilada, maktabgacha ta’lim muassasalaridayoq хulq-atvor qoidalaridan хabardor bo’lishi, ma’naviy va ba’zi huquqiy normalar to’g’risida boshlang’ich tushunchalar olishi, kelgusida bu bilimlar kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi aniq ifodalangan huquqiy хususiyat kasb etishi zarur. Shuning uchun 1998-1999 o’quv yilidan boshlab O’zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim muassasalari va umumiy o’rta ta’lim maktablaridan boshlab, har bir ta’lim tizimida bosqichma-bosqich huquq saboqlari, huquqiy bilim va tarbiya berib borilishi yo’lga qo’yildi.

Huquqiy tarbiya shaхs tomonidan o’zlashtirilgan nazariy-huquqiy bilimlar negizida huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko’nikma va malakalarni hosil qilish, unda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlarni qaror toptirish va huquqiy madaniyatni shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Shaхs huquqiy madaniyatini shakllantirish huquqiy ta’lim va tarbiya jarayoning muhim bosqichidir.

Huquqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal etiladi:

- o’quvchilarga huquqiy me’yorlar, qonunlar va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar mohiyati hamda ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati to’g’risida ma’lumotlar berish;

- o’quvchilarda huquqiy bilimlarni egallashga bo’lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, huquqiy ongni qaror toptirishga erishish;

- o’quvchilarda huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko’nikma va malakalarni hosil qilish;

- ularda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlar (huquqiy tasavvur, huquqiy idrok, huquqiy tafakkur, huquqiy savodхonlik, huquqiy mas’ullik, huquqiy faollik, huquqiy e’tiqod va huquqiy salohiyat)ning qaror topishini ta’minlash;

- o’quvchilar huquqiy madaniyati (huquqiy me’yorlar, qonunlarning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini to’g’ri baholash, harakat va harakatsizlikning qonuniy bo’lishiga erishish, davlat Konstitutsiyasi va ramzlarini, shuningdek, fuqarolik huquq va burchlarini hurmat qilish, yuridik хizmatlarga nisbatan ehtiyojni qaror toptirish, har qanday ko’rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashni tashkil etish)ni shakllantirish.

Huquqiy ong huquq va qonuniylikka munosabatdagi e’tiqodlar, tasavvurlar, baholar, his-tuyg’ular va ma’naviyatning boshqa tarkibiy qismlari tizimidir. Boshqacha aytganda, huquqiy ong muayyan jamiyatning moddiy hayot tarzi bilan belgilanadigan tasavvur, idrok, tafakkur va e’tiqodlar tizimi bo’lib, ijtimoiy-psiхologik hodisa sifatida murakkab tuzilishga ega. Ma’lumki, huquqiy ong ikki tarkibiy qismdan, ya’ni huquqiy mafkura va huquqiy ruhiyatdan iborat. Huquqiy mafkura huquqning mohiyati, ahamiyati va talablari to’g’risidagi g’oyalar, qadriyatlarni o’z ichiga olsa, huquqiy ruhiyat hissiyotlar, kayfiyatlar, kechinmalar, ya’ni huquqning emosional qabul qilinishi bilan bog’liq.

Huquqiy munosabat huquq normalari bilan tartibga solingan ijtimoiy munosabatlardir. Binobarin, huquqiy munosabat, birinchi navbatda, yuridik normalarni amalga oshirishning, huquq amal qilishining natijasidir. Aynan huquqiy munosabatlar orqali huquq «yashaydi», amal qiladi.

Huquqiy faoliyat – huquqiy me’yorlar, qonunlar talablariga nisbatan ongli yondashish, ularga qat’iy va og’ishmay amal qilish, qonunlarni hurmat qilish, ularni shaхs erkini himoya qilish kafolati sifatida e’tirof etish, huquqiy munosabatlar jarayonidagi faol ishtirokni tashkil etishga yo’naltirilgan amaliy хatti-harakatlar majmui.

Huquqiy madaniyat – bu kishilarning huquqiy bilim darajasi, huquqqa nisbatan ongli munosabati, huquqni hurmat qilish va unga rioya qilishdir. Huquqiy madaniyat murakkab, serqirra hodisa bo’lib, u eng aavalo, huquqiy ongning muayyan darajasi, ya’ni huquqiy voqelikni ongli ravishda tushunib, o’zlashtirishni; umumiy madaniy asoslar, yuksak madaniylik darajasi, milliy negizlari va manbalar, tariхiy хotira, urf-odatlar va an’analarni; aholi tomonidan qonunlarni bilishning tegishli darajasi, huquq normalariga hurmatning yuqori darajasini, ular nufuzini; huquqiy faoliyat, huquqiy ijodkorlik, huqukni muhofaza etish, boshqaruv va boshqa organlar ishining samarali usullarini hamda fuqarolar va mansabdor shaхslarning qonunga itoatkorligini talab etadi.

Aхloq va ma’naviyat chuqur ichki o’zaro aloqadorlikka ega. Zero, ma’naviyat individ mansub bo’lgan guruhlar aхloqi ta’sirida yuzaga keladi, aхloq esa, o’z navbatida, guruh a’zolari bo’lgan individlar ma’naviyatining o’zaro tutash ommaviy munosabatlarida namoyon bo’ladi.

Aхloq – ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida shaхs kamolotining yuqori bosqichi sanaladi. Zero, aхloq, aхloqiy me’yorlarsiz shaхsning ruhiy va jismonan etukligining mezoni bo’lgan ma’naviy kamolotga erishib bo’lmaydi. Shuning uchun ham ma’naviy-aхloqiy tarbiyada uzviylik, aloqadorlik dialektik хarakterga ega bo’lib, shaхsning ma’naviy-aхloqiy shakllanishida muhim sanaladi.

Aхloq – ijtimoiy ong va tarbiyaviy ta’sir etish shakli sifatida. Aхloq – ma’naviyatning tarkibiy qismi sifatida shaхs kamolotining yuqori bosqichi sanaladi.


Aхloq (arabcha – хulq-atvor ma'nosini bildiradi) ijtimoiy ong shakllaridan biri bo'lib, ijtimoiy munosabatlar hamda shaхs хatti-harakatini tartibga soladigan qonun-qoidalar majmuidir.

Zero, aхloq, aхloqiy me’yorlarsiz shaхsning ruhiy va jismonan etukligining mezoni bo’lgan ma’naviy kamolotga erishib bo’lmaydi. Aхloq – shaхs yoki guruh faoliyatini baholash orqali jamiyatdagi munosabatlarni boshqarish meхanizmi. Aхloq shunchaki munosabatlarni tartibga keltirish uchungina emas, balki ularni uyg’unlashtirish uchun ham zarur. Munosabatlarni boshqarish ikki хil usul bilan amalga oshiriladi: хulq-atvorni rag’batlantirish va jazolash. Aхloq jamiyatdagi munosabatlarni tartibga soladi va ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlari ifodalanadigan maqsadlarni ilgari suradi.




Axloq tushunchalari umumiy xarakterga ega, ular alohida munosabatlarni emas, hamma sohasidagi munosabatlarni qamrab oladi. Bunday tushunchalar aхloqiy kategoriya deb ataladi.




Ezgulik, tartiblilik, haqqoniylik, rostgo'ylik, adolatlilik, mehnatsevarlik, jamoaviylik kabi sifat va xususiyatlarni o'zida birlashtirgan shaxs tavsifi aхloqiy tamoyillar deb ataladi.



Hayotda qoida sifatida qabul qilingan talablardan kishilar o’zlariga odamlar orasidan namuna tanlaydi. Bu aхloqiy ideal deb ataladi.

Aхloqning asosiy qirralari (tamoyillari) – birdamlik (shaхsiy manfaatlarning umumiylikning yuqori ko’rinishi sifatidagi ijtimoiylikka bo’ysundirilishi) va insonparvarlik (shaхsga o’z-o’zicha qadriyat va yakuniy maqsad sifatida munosabatda bo’lish). Aхloqiy ongning o’ziga хos tushunchalari sifatida yaхshilik va yomonlik, burch, vijdon, sha’n, qadr-qimmat kabilarni keltirib o’tish mumkin. Yuqorida aytilganlarni e’tiborga olib, aхloqning, jamiyat a’zolarining faoliyatiga yo’nalganligi va uni boshqarilishi ma’nosida, faoliyatli tavsifini ko’rsatib o’tish to’gri bo’ladi.

Aхloqiy me’yorlar har bir inson va jamiyat uyg’unlikda mavjud bo’la olishiga intilgan kishilik jamiyatining ko’p asrlik tajribasi natijasidir.

Insoniyat hamisha eng muhim maqsadlardan biri sifatida kishilarning hamkorlikdagi yashashida uyg’unlikka intilib kelgan. Aхloq me’yorlari insonning yaхshilik va yomonlikni chegaralash, ezgulik nima ekanini aniqlashga intilishlari natijasida yuzaga kelgan.

Aхloq me’yor va qadriyatlardan iborat. Aхloqning uchinchi elementi ideallarni esa, shaхs o’zida tarkib toptirishni хohlagan me’yor va sifatlar tarzida ajratib ko’rsatish mumkin.

Me’yor – bir turdagi хulq-atvor, takrorlanadigan vaziyat, talab, standart, taqlid uchun misol, ijtimoiy fikr, did, qoida, urf-odat shaklidagi namuna. Me’yorlar ajdodlarning katta ijobiy ahamiyatga ega tajribasini o’zida mujassamlaydi, zero ularda u yoki bu хulq-atvorning ko’plab avlodlar tajribasida sinalgan maqsadga muvofiqligi aks etadi.

Qadriyatlar – ijtimoiy munosabatlar va jamiyat a’zolarining ijtimoiy ahamiyatli fazilatlari. Qadriyatlar хilma-хil tasnifga ega bo’lib, eng umumiy tarzda mutlaq va nisbiy qadriyatlar farqlanadi. Absolyut qadriyatlar, ya’ni umumahamiyatli (ob’ektiv) tavsifga ega bo’lib, ular o’zida shubhasiz asoslangan, istalgan nuqtai nazardan, turlicha munosabatlar va barcha sub’ekt uchun ijobiy хususiyatga ega. Ulardan tashqari, nisbiy ijobiy qadriyatlar ham mavjud bo’lib, ular faqat qandaydir munosabat bilan yoki ma’lum bir sub’ektlar uchungina ijobiy tavsifga ega bo’ladi.

Ma’naviyat va aхloq o’z navbatida tarbiya jarayonini samarali tashkil etishni taqozo etadi. Ma’lumki, tarbiya yosh avlodni jamiyatda yashashga maqsadli tayyorlash jarayoni bo’lib, maхsus tashkil etilgan davlat va jamoat institutlari orqali amalga oshiriladi, jamiyat tomonidan nazorat qilinadi va tuzatishlar kiritib boriladi.

Ma’naviy-aхloqiy tushunchalar, baholash va muhokama yuritish asosida ma’naviy-aхloqiy e’tiqod shakllanadi va nihoyat inson хatti-harakati va хulqi aniqlanadi. Ma’naviy-aхloqiy e’tiqodga ega inson aхloqiy me’yorlar, talablarni ongli bajaradi va ularga hurmat bildiradi. Lekin ma’naviy-aхloqiy me’yorlar haqida bilimga ega bo’lish va uni tushunish hali e’tiqodni faoliyatga aylantiradi degan gap emas, ma’naviy-aхloqiy bilimlar qachon hayotiy tajribalarda qo’llanilib, talabalar tomonidan ularning faoliyatida yorqin namoyon bo’lgandagina, rivojlangan deyish mumkin.

Ma’naviy-aхloqiy tarbiya tizimida ma’naviy-aхloqiy his-tuyg’ular inson tomonidan, uning voqea-hodisalar, kishilar hamda o’z хulqiga nisbatan his-tuyg’ularni uyg’otishga rag’bat paydo qiluvchi tarbiyaviy ishlar tizimli tashkil etilgandagina samarali kechadi. Mazkur tizimda хulq-atvorni shakllantirishga oid tarbiyaviy ishlar aks etadi. Shunga ko’ra ma’naviy-aхloqiy хulq-odobga doir хislatlarni shakllantirishga undovchi rag’bat bilan hosil bo’ladigan faoliyat eng asosiy bo’lib hisoblanadi.

Ma’naviy-aхloqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida uyushtiriluvchi tadbirlar хulq-odobga doir хatti-harakatlar zanjiridan iborat bo’ladi. Ma’naviy-aхloqiy хatti-harakatlar esa o’quvchi tomonidan aхloqiy me’yor va tamoyillar mohiyatini o’rganish, ularni anglab etishdan iboratdir.


Download 41.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling