Aybsizlik prezumpsiyasi va afv
“O‘g‘irlikka guvohlik berganda, bu kishi falon narsani oldi, deyilur, o‘g‘irladi emas”.
“Muxtasar” kitobidan
Shaxsning jinoyat sodir qilganligi shubha tug‘dirgan hollarda yoki ayblanayotgan shaxsning aybi aniq isbotlanib, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlangunga qadar uning aybsiz deb hisoblanishi aybsizlik prezumpsiyasi deyiladi.
Darhaqiqat, sharoit, vaziyat taqozosi bilan ishi sudga tushgan har bir ayblanuvchiga dabdurustdan, asossiz ravishda jinoyatchi deb qarash xatodir. Binobarin, aybsizlik prezumpsiyasi dastlabki tergov va sud jarayonini ochiq-oydin, oshkora hamda qonunga muvofiq ravishda olib borishni, ayblanuvchining jinoyatini og‘irlashtiruvchi holatlarnigina emas, balki aybni yengillashtiruvchi jihatlarini ham hisobga olishni nazarda tutadi.
Ko‘rinib turibdiki, aybsizlik prezumpsiyasi insonparvarlik, adolatlilik talabi bo‘lib, u odil sudlovni ta’minlashga, insonning sha’ni, mavqei, boshqalar oldidagi obro‘-e’tibori saqlanishiga xizmat qiladi. Mustaqillik yillarida inson, uning haq - huquqi va manfaatlari oliy darajaga ko‘tarilgan ekan, fuqarolarning erkinliklari qonun bilan qo‘riqlanishi mamlakatimizda odil fuqarolik jamiyati barpo etish uchun muhimdir.
(136 so‘z)
Do'stlaringiz bilan baham: |