Kassa muomalalarini inventarizatsiya qilish.
Tashkilot kassasida O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan 1999 yil 19-oktabrdagi EG/17-19-2075-son bilan tasdiqlangan, Adliya Vazirligi tomonidan 1999 yil 2-noyabrdagi 833-son bilan ro’yxatga olingan 19-son «Inventarlashni tashkil etish va o’tkazish» to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti» talablari doirasida pul mablag’lari, pul hujjatlari, qiymatliklari va qat’iy hisobdagi blankalar har oyda bir marta birma-bir qayta sanalib, tekshirilishi shart.
Kassada taftish o’tkazish uchun tashkilot rahbarining buyrug’i bilan komissiya tuziladi. Komissiya a’zolari inventarizatsiyani boshlashdan oldin moddiy javobgar shaxsdan pul va unga tenglashtirilgan mablag’larni kassada but saqlanganligi haqida tilxat oladi.
Inventarizatsiya o’tkazish komissiyasi a’zolari kassadagi naqd pullar, qimmatli qog’ozlar va boshqa qimmatliklarni birma-bir to’liq qayta sanash yo’li bilan tekshirib, ularni haqiqiy miqdorlarini ikki nusxada tuziladigan dalolatnoma bilan rasmiylashtiradilar. Dalolatnoma komissiya a’zolari va moddiy javobgar shaxs tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot buxgalteriyasiga topshiriladi, ikkinchi nusxasi moddiy javobgar shaxsda qoladi. Moddiy javobgar shaxslar almashganda, dalolatnoma uch nusxada tuziladi, bir nusxasi naqd pul va boshqa qimmatliklarni topshirgan moddiy javobgar shaxsga, ikkinchi nusxasi naqd pul va boshqa qimmatliklarni qabul qilib olgan moddiy javobgar shaxsga, uchinchi nusxasi tashkilot buxgalteriyasiga topshiriladi.
Kassa operatsiyalarini olib borish avtomatlashtirilgan sharoitida inventarizatsiya komissiyasi a’zolari kassa hujjatlariga ishlov berish dasturlarini to’g’ri tuzilganligini va hisoblash texnikalarini to’g’ri ishlashini tekshirib ko’radi.
Kassir hisobotini tuzish, topshirish, tekshirish va kassa operatsiyalarini sintetik hisobi.
Tashkilotning naqd puldagi barcha tushum va chiqimlari kassa kitobida hisobga olinadi (2.7-jadval).
Har bir tashkilot faqat bitta kassa kitobi yuritadi. Ushbu kitobning varaqlari raqamlangan, tiqilgan va tashkilot muhri bilan muhrlangan (muhr mavjud bo’lgan taqdirda) bo’lishi lozim. Muhr izi tushirilgan qog’ozning ikkala tomoniga yelim surtiladi, kitobga muhr bosilganidan keyin yana bir qavat yelim surtiladi.
Kassa kitobidagi yozuvlar qora qog’oz vositasida sharikli ruchka yoki siyoh bilan 2 nusxada yoziladi. Bunda varaqlarning birinchi nusxasi kassa kitobida qoladi, qirqiladigan ikkinchi nusxasi kassir hisoboti vazifasini bajaradi.
Kassir kassa orderlari bo’yicha naqd pulning olinishi yoki berilishini kassa kitobiga darhol yozib qo’yadi. Ish kuni oxirida kassa kitobining kirim va chiqim ustunlarida amalga oshirilgan yozuvlarning jamini chiqaradi. Hisobot bo’yicha kassa qoldig’ini topadi. Qodiqni kassa kitobining keyingi ish kuni varag’iga ko’chirib yozadi va kassa kitobi varaqlarini imzolaydi. Kassa kitobining kassir hisoboti sifatida ajratib olinadigan ikkinchi varag’ini (kassa kitobidagi bir kunlik yozuvlar nusxasini), ajratib olib, kassa kirim va chiqim orderlarini hamda kassa muomalalarini haqiqatda sodir bo’lganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarini ilova qilgan holda kassir hisoboti sifatida buxgalteriyaga topshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |