157. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi.


Download 52.39 Kb.
bet1/8
Sana10.04.2023
Hajmi52.39 Kb.
#1348220
  1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
157 -163


157. O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi. (BMT, EXHT, MDH ShHT, Rossiya, AQSh, Evropa Ittifoqi)
Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida qo‘llanadigan atamalarda davlatlararo tashkilotlar “Xalqaro hukumatlararo tashkilotlar” deb yuritiladi. Xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning davlatlararo tashkilotlardan farqi shundan iboratki, ular doimiy qarorgohiga, xalqaro fuqaroviy xizmatiga, o‘z byudjetiga ega bo‘lib, unga a’zo davlatlar xalqaro huquq subyektlari hisoblanadi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar o‘z vakolatlari doirasida xalqaro shartnomalar tuzishi, turli majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Hozirgi kunda dunyoda har xil mazmun va maqsadga bo‘ysundirilgan 2,5 mingdan ortiq xalqaro tashkilot mavjud. Jahonda 350 dan ortiq hukumatlararo tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xalqaro tashkilotlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda maqsad va manfaatlari, harakat yo‘nalishlariga, jahon siyosatida tutgan o‘rni va roliga qarab turlicha ahamiyat kasb etadi. Ular turli tarixiy sharoitlarda vujudga kelgan bo‘lib, siyosiy faoliyat subyektlari sifatida bir-biridan farq qiladi va xalqaro siyosatda turlicha mavqeni egallaydi.
Xalqaro tashkilotlar maqsad va vazifalariga, ularning xalqaro munosabatlarda va jahon siyosatidagi tutgan o‘rniga qarab bir necha guruhlarga bo‘linadi.
O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o‘z xalqi manfaatlarini ko‘zlab, dunyodagi deyarlik barcha tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga kirishdi.
O‘zbekiston bilan YEXHT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) bilan hamkorligi ham o‘z samarasini bera boshladi. 1992 yil 26 fevralda O‘zbekiston YEXHT kengashining yakunlovchi hujjatiga imzo chekib, ikki o‘rtadagi hamkorliklar boshlandi. Mazkur hujjat imzolangan vaqtdan beri O‘zbekistonning Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bo‘linmalaridagi ishtiroki tobora kengayib bormoqda. YEXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalari bo‘yicha Byurosi mintaqada barqarorlikni ta’minlash maqsadida mintaqadagi respublikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olgani quvonarli holdir. Ushbu byuroning tashabbusi bilan Toshkentda YEXHTning “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar”, “Ommaviy axborot vositalari demokratlashtirish sharoitida” mavzusidagi bir qator anjumanlari o‘tkazildi. Seminarlar Markaziy va Sharqiy Yevropada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini rivojlantirish, xalq ta’limi va ommaviy axborot vositalarining inson huquqlari sohasidagi roli masalasini ko‘rib chiqdi. Bunday yig‘ilishlarda O‘zbekistonning ishtiroki tinchilikparvar tashqi siyosat yuritishida asosiy omil bo‘lib qoldi.
1996 yilda Lissabon shahrida YEXHTning sammiti bo‘lib, O‘zbekiston rahbariyati xavfsizlik doirasiga kiruvchi qarashlarini bayon etdi.
Mazkur anjumanda Prezidentimiz yig‘ilish ishtirokchilariga Markaziy Osiyo mintaqasini yadrosiz zona, deb yana bir bor e’lon qildi. O‘zbekiston rahbariyatining mojarolar kuchayib borayotgan yerlarga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi fikri Lissabon uchrashuvining yakunlovchi hujjatiga kiritildi.
O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida mamlakatning barqarorligi, jadal taraqqiyoti va milliy xavfsizligini, uning jahon xo‘jalik aloqalarga kirishuvini ta’minlashga imkon beruvchi davlatlararo tashkilotlarning tuzilishiga va bu tashkilotlarda faol ishtirok etishga ustuvor ahamiyat qaratdi. Ana shunday tuzilmalardan biri SHHT (Shanxay hamkorlik tashkiloti)dir.
1996 yilda Shanxayda, 1997 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining sammitida harbiy sohada hamda chegara hududlarida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qurolli kuchlarni qisqartirish to‘g‘risida shartnoma imzolanib, shu tariqa “Shanxay forumi” yoki “Shanxay beshligi” tashkiloti tuzilgan edi.
2001 yil 14-15 iyun kunlari Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi va O‘zbekistonning “Shanxay forumi”ga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi to‘g‘risida bayonot imzolandi. O‘zbekiston Prezidentining taklifi bilan “Shanxay forumi” nomi “Shanxay hamkorlik tashkiloti” – SHHT deb o‘zgartirildi. O‘zbekiston uning asoschilaridan biri bo‘ldi.
Ushbu sammit yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotini tuzish to‘g‘risida Deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash borasida “Shanxay konvensiya”si ham imzolandi.
Sammit qabul qilgan Deklaratsiyada Shanxay hamkorlik tashkilotining maqsadi, a’zo mamlakatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi, do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, ular o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, ta’lim, energetika, taransport, ekologiya va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni rag‘batlantirishdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston, Pokiston – tashkilotning kuzatuvchi maqomidagi, Belarus Respublikasi va Shri-Lanka muloqotlar bo‘yicha hamkor davlatlar sanaladi.
SHHT doirasida a’zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirliklari kengashi, Mudofaa vazirliklari kengashi tuzilgan va faoliyat yuritmoqda. Davlat va hukumat, tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari, huquq tartibot, xavfsizlik organlari rahbarlari va ekspertlarning uchrashuvlari va maslahatlashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda.
2002 yil 6-7 iyun kunlari SHHTga a’zo mamlakatlar davlat boshliqlarining Sankt-Peterburg shahrida navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Deklaratsiyasi, Tashkilotning ta’sis hujjati-SHHT Hartiyasi, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi haqidagi bitim imzolandi. 2003 yil 29 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitda SHHTning doimiy amal qiluvchi idoralari-Pekinda, Toshkentda kotibiyat Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) ijroiya qo‘mitasini ishga tushirishga qaror qilindi.
2003 yil sentyabrda Pekinda SHHT davlatlari hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) Kengashi bo‘lib o‘tdi, uning qarori bilan ko‘p tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. SHHT doirasida a’zo mamlakatlarning tashqi ishlar vazirliklari, iqtisodiy va savdo vazirliklari, xavfsizlik kengashlari o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
2004 yilning 17 iyunida Toshkentda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ikki asosiy masala xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Sammitda 2004 yil mart oyida O‘zbekistonda sodir etilgan terrorchilik harakati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida vaziyatni izdan chiqarishga qaratilganligi qayd etildi. Butun dunyoda terrorchilik kuchayib, yadroviy, kimyoviy, biologik, elektron terrorchilik xavfi paydo bo‘lganligi, terrorchilarning bazalarini yo‘qotish, odamlarning ongini zaharlaydigan, terrorchilikni moliyalashtiradigan markazlarga qarshi keskin kurash olib borish zarurligi ta’kidlandi.
SHHTning ushbu sammitida savdo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi va shu sabab, SHHTni xavfsizilik orqali hamkorlik sari boshlaydigan tashkilotdir, deb ta’kidlandi.
Sammit yakunida Toshkent Deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar imzolandi.
2003 yil sentyabr oyida SHHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari 20 yilga mo‘ljallangan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini imzolashdi. Uzoq muddatli maqsad sifatida SHHT makonida erkin savdo hududini tashkil etish, qisqa muddatli istiqbolga – savdo va investitsiya sohasida qulay sharoit yaratish jarayonini faollashtirish masalasi qo‘yildi.
Bugungi kunda SHHT doirasi energetika, tarnsport, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya va ilmiy-taxnikaviy, madaniy, ta’lim, sayyohlik va gumanitar sohalarni qamrab olmoqda.
A’zo davlatlar Tashkilotga navbat bilan bir yil muddatga raislik qilishadi, muddatning tugatilishi sammit vakolatiga kiradi.
SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2009 yil 15-16 iyun kunlari Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Tashkilotga raislik qilish navbati O‘zbekiston Respublikasiga keldi.
O‘zbekiston raisligi doirasida SHHTning shartnomaviy-huquqiy bazasini tashkilot faoliyati va boshqa xalqaro tashkilotlar tajribasi asosida yanada takomillashtirish hamda mustahkamlashga yo‘naltirilgan faol tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, SHHT tadbirlarini o‘tkazish jarayonnini tashkil etishning aniq tizimini yaratish, shuningdek, tayyorlanayotgan hujjatlarning samaradorligi va sifatini oshirish muhim sanaladi. Shu o‘rinda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot doirasida me’yoriy-huquqiy hujjat bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish, ishlab chiqish, kelishuv olib borish va qabul qilish tartibini qat’iy belgilab beradigan SHHT ish tartibi qoidalari loyihasi ustida ish olib borildi.
O‘zbekistonning ichki rivoji va jahonda o‘zining munosib o‘rnini topishida Yevropa Ittifoqi (YEI) bilan hamkorliklar ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
O‘zbekiston bilan YEI o‘rtasidagi bitim 1996 yil 21-22 iyun kunlari Italiyaning Florensiya shahrida YEI davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov tomonidan imzolandi. Florensiyaning “Fortezza de basso” qal’asida Yevropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlar va hukumat boshliqlarining navbatdagi uchrashuvi – sammitida imzolangan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bu hujjat O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga dadil kirib borishida, o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lishida katta ahamiyat kasb etdi.
Prezident I.A.Karimov ushbu bitimni “O‘zbekiston bilan YEI o‘rtasidagi munosabatlarda “Yangi turmush nuqtasi”, deb atagan edi.
Mazkur bitim O‘zbekistonni Yevropaning rivojlangan davlatlari bilan har tomonlama aloqalari respublika salohiyatini yuzaga chiqarishda, demokratiya va bozor islohotlarini amalga oshirish yo‘lida muvaffaqiyatli harakat qilish uchun katta imkoniyat yaratdi. Xususan, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi ilg‘or davlatlar bilan bo‘layotgan hamkorliklar davlatlarning iqtisodiy, madaniy aloqalarida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamda olib borilishi ham respublika taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2011 yil 24 yanvarda Bryusselga amalga oshirgan taklifi Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikda yana bir yangi davr ochdi. Yevropa Ittifoqi Komissiyasi Prezidenti Joze Manuyel Barozzo bilan uchrashuv va ikki o‘rtada moliyaviy va texnikaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi muhim ahamiyat kasb etdi. J.M.Barozzo Yevropa Ittifoqining 2007 yilda qabul qilingan “Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi”ni amalga oshirilishida O‘zbekiston hissasini yuqori baholadi.
Shuningdek, tashrif jarayonida O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonasini ta’sis etishga kelishildi. Bu bundan buyongi ikki tomonlama muloqotning samaradorligi va sifatini oshirishga imkon beradi.
Tashrif chog‘ida amalga oshirilgan ishlar O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi aloqalarning ulkan salohiyatini ochishda keng imkoniyat yaratib, ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yuqori texnologiyalarni yetkazib berish, infratuzilmani rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ilmiy-texnikaviy aloqalarni kengaytirish orqali YEIning mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va tizimli o‘zgarishlar jarayonida ishtirok etishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston YEI bilan ikki tomonlama hujjatlar bilan bir qatorda Sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi hamda Atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni ham tuzdi.
Prezident I.A.Karimovning dunyoning turli mamlakatlariga tashrifi davlatimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu tashriflar davomida O‘zbekistonning ushbu davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari hal etiladi. Bu o‘rinda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi bo‘layotgan o‘zaro aloqalar ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning AQSH bilan o‘zaro manfaatli aloqalari 1991 yildayoq boshlangan edi. Keyingi hamkorlik aloqalari ikki o‘rtadagi munosabatlarni yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston rahbarining AQSHga bir necha tashriflari amalga oshirildi. Ushbu tashrifning siyosiy ahamiyati shunda ediki, Yurtboshimiz AQSHda kam qo‘llaniladigan udum – mukammal askariy tashrifot bilan kutib olindi.
O‘zbekiston rahbariyatining 1995 yil AQSH vitse-prezidenti Alberg Gor bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida teng huquqli va o‘zaro manfaatli aloqalar rivojiga hamda MDHdagi xavfsizlikka daxldor masalalar hal etildi. Ayni paytda AQSH O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi yetakchilik rolini tan olib, respublikamiz bilan terrorizm, narkobiznesga qarshi kurash, mintaqaviy xavfsizlik va I.Karimovning AQSHga tashrifi chog‘ida muhokama etilgan boshqa masalalar sohasida teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston rahbarining 1996 yil AQSHga qilgan yetti kunlik tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Mazkur tashrif davomida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish, Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlik masalalarida fikr yuritildi.
2001 yil 11 sentyabr kuni xalqaro terroristlarning AQSHda sodir etgan fojeali voqealar paytida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib AQSH hukumatining xalqaro terrorizmga qarshi aksilterror komissiya tuzish haqidagi taklifi tarafdori bo‘lib chiqdi. O‘zbekiston AQSH bilan birgalikda xalqaro aksilterror koalitsiyada faol qatnashmoqda.
2002 yil 11-14 mart kunlari O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov boshliq davlat delegatsiyasi Prezident Jorj Bush (kichik) taklifiga binoan rasmiy davlat tashrifi bilan AQSHda bo‘ldi. Tomonlar xalqaro ahvol, Markaziy Osiyodagi jarayonlar, xalqaro terrorizmga qarshi kurash, harbiy va harbiy-texnikaviy, iqtisodiy va hamkorlik masalalarida fikr almashdilar. Tashrif yakunida “O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risida deklaratsiya”, ilmiy texnikaviy tadqiqotlar, yadroviy materiallar va texnologiyalar tarqalishining oldini olishda hamkorlik, moliya, qishloq xo‘jaligiga oid qator hujjatlar imzolandi.
AQSHni sinovli damlarda qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Amerika jamoatchiligi tomonidan Xalqaro miqyosdagi “lider” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu Amerika xalqining O‘zbekiston xalqiga hurmat-e’tibori ramzidir.
O‘zbekiston va AQSH hamkorlik aloqalari rivojida I.A.Karimov boshchiligidagi davlat delegatsiyasining 2010 yil sentyabrda AQSHga tashrifi ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Umuman, O‘zbekistonning AQSH bilan hamkorlik munosabatlari yildan-yilga kengayib, mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi ilmiy-texnik sohadagi hamkorliklar jadal rivojlanmoqda. Bunda ikki o‘rtada 2010 yilning dekabrida imzolangan Ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ushbu sohadagi munosabatlar samarasiga muhim yo‘l ochdi. Bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy tadqiqot muassasalari AQSHning ko‘plab yetakchi ilmiy-texnik tashkilotlari, universitetlari, jamg‘arma va kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ulardan biri Amerika fuqarolar tadqiqotlari va rivojlanish jamg‘armasi – CRDFdir. O‘zbekistonning CRDF bilan hamkorligi 2006 yil 15 noyabrda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida rivojlanib bormoqda. Mamlakatimiz ilmiy tashkilotlari va olimlarining bu jamg‘arma dasturlaridagi ishtiroki davomida 1996 yildan buyon umumiy qiymati 8.1 million AQSH dollariga teng miqdorda 154 ta grant ajratilgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik rivojida AQSH xalqaro rivojlanish dasturi (YUSAID)ning ham hissasi katta bo‘lmoqda. Uning “Global” rivojlanish uchun xalqaro ta’lim loyihasi” dasturi doirasida 2000 yilning aprelida ushbu tashkilotning yurtimizdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi hamkorligida “Intellektual mulk” mavzusida xalqaro seminar ham o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston ilmiy tashkilotlari, olimlari bilan YUSAID o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlik bugun ham izchil davom etmoqda.

Download 52.39 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling