Interyerning badiiy bezalishida asosiy ahamiyat devoriy naqqoshlikka qaratilgan bo‘lib,
bu o‘zbek xonadonini bezatishda muhim jihatlardan hisoblanadi. Ko‘pincha naqqoshlik
ganch o‘ymakorligi bilan muvofiqlikda bajariladi. Ayniqsa,
Toshkentda keng tarqalgan
o‘simlik naqshlari - majnuntol, anor, xrizantema butalarining yoyilgan shoxlarini ko‘plab
uchratish mumkin. Bu lavhalar faqatgina bezak emas o‘z falsafiy ma’nosiga egadir. Masalan,
majnuntol - sevgi sog‘inchi,
anor - serhosillik, lola - bahor, gulsafsar
- osoyishtalik va uzoq
umrni anglatgan. An’anaviy badiiy hunarmandchilik buyumlari patnislar, ko‘zachalar
har biri
o‘zining betakror xislatlariga ega bo‘lib, ularni xarid qilishgina emas,
balki ulardan
zavqlanish, ularning donoligini tushunish va ularning badiiy qimmatiga baho berish muhim
ahamiyat kasb etadi. Bu yodgorliklar estetik kechinmalar manbayi hamdir.
Hech bir
o‘zbek xonadoni yo‘qki unda kulolchilik,
badiiy kashtachilik, zargarlik buyumlari bilan
bezatilmagan bo‘lsin. O‘rta asr Sharq miniatyuralari rangtasviridan olingan
bezaklar interer
dizayniga ham kirib kelishi milliy turmush estetikasining yuksalishida muhim ahamiyat kasb
etib qolmay, yangi-yangi an’analarni vujudga keltirmoqda.